Erofentezi 3 Nazarkarda
Muallif: Ghoul. 3-qism.
“Ichingdagi-ichingdadir!”
Tong. Yengil shabada esmoqda. Musaffo osmon yoritgichlarini o’chirib chiqayotgan quyoshning iliq nurlari Bunyodning yuzini qitiqlab uyg’otdi. O’zini ko’m-ko’k maysalar ustida, irmoqning bo’yida yotganini ko’rib, hali to’liq uyg’onmadim shekilli deb kecha bo’lib o’tgan voqealarni qo’li bilan boshini changallagancha tahlil qila boshladi. Tuyqus ko’zi moshdek ochilib irmoqning yuqorirog’idagi chodirlarga qaradi. Sinfdoshlari bitta-bitta bo’lib o’z chodirlaridan chiqa boshlabdi. Yuz-qo’lini muzdek suvga yuvarkan, endi o’ziga kelgan boshida Akmalning yodi o’tdi.
-Qani bolalar, yaqinroq kelinglarchi. Hamma shu yerdami? Kim o’z chodirida tunamadi?
-Ustoz, Dilafruzning tobi yo’q ekan. Biroz dam olay deb uxlayabdi chodirda.
“Xudoga shukur-deb qo’ydi Bunyod sinfdoshlariga yaqinlashar ekan-demak bu bir qo’rqinchli tush edi”.
-Bunyoood. Sen qayerdan kelyapsan a?
-Assalom-u aleykum ustoz. Maysalar ustida uxlab qolibman.
-Ustoz, Akmal kechqurun chodirga kelmadi, to’shagi ham buzilmagan.
-To’g’risini aytsam men ham Dilafruzning qachon kelib yotganidan xabarim yo’q edi. U haligi Akmal bilan… Bu gapdan so’ng boshiga gurzi kelib tushgandek Bunyodning ko’z oldidan tungi voqealar o’tib o’z-o’zidan ichiga qaltiroq kirdi. Harorati oshib, ko’zlari tinib ketdi. Muvozanatini saqlolmagach oldinga qarab yiqildi.
* * *
4-palata. Derazadan tashqariga qarab tursa ham, aslida chuqur o’yga tolganidan peshonasi tirishib ketgan yigitcha suvsagani uchun o’z o’rniga o’tirib chanqog’ini bosarkan, qo’li bilan peshanasida paydo bo’lgan terlarni sidirib tashladi. “Mana birdan holsizlanganim uchun kasalxonada uch kundan beri yotibman. Akmaldan hali ham darak yo’q ekan. Ichki ishlar xodimlari balki yiqilib tushgandir deb barcha jarliklarni ko’zdan kechirishibdi. Uning faqat bir poy krossovkasi la’nati jarlikda topilgan, ammo o’zi izsiz yo’qolgan. Nahotki meni xalos etganlar uni qutqarib qolisholmadi yoki ular kelgunicha Akmal maxluqlarga yem bo’ldimi?”. Bunday yomon xayollarga borgani uchun boshida og’riq paydo bo’lgan Bunyod to’shagiga cho’zildi. Qanchagacha boshiga qo’lini qo’yib yotdi bilmaydi. Bir mahal derazadan kirayotgan salqin shabada uni uyqusini qochirdi.Telefoniga qarab vaqt yarim tundan oshganini bilgach o’rnidan qo’zg’aldi. Derazaga yaqinlashgan ham ediki, shamol bir lahzada kuchayib xona ichida aylandi-yu Bunyodni ko’tarib derazadan uloqtirdi. Bu hodisadan esankirab qolgan yigitcha 3-qavatdan yiqilib tushayotganiga aqli yetmay baqirib yubordi. Ammo yerga yarim metr qolganda birdan to’xtagani uchun ko’zini ochsa o’zini havoda muallaq turgan holda ko’rdi.
-Xo’sh yigit, nima endi ko’zingga ko’rinmayapmanmi? Shunda Bunyod o’zini havoda emas, balki baquvvat yigit uni qo’ltiqlagancha ko’tarib turganini guvohi bo’ldi. O’rnidan turib lom-lum demay xaloskorini ko’rib dami ichiga tushib ketdi.
-Buncha oqarib ketding? Odam ko’rmaganmisan? Ko’rinishi 4-5 yosh katta ko’rinsa ham bo’yi o’zidan biroz novcha, lekin sport bilan shug’ullangani gavdasidan bilinib turgan, egniga g’aroyib sovut kiyib olgan yigit unga qarab jilmayib turar edi.
-Siz kimsiz axir-Bunyodning xayoliga boshqa savol kelmadi-mendan sizga nima kerak?
-Bizga faqat o’zing keraksan Bunyod Saidov, gaplarimni diqqat bilan eshit so’ng savollaringga javob beraman.
Avvalo seni qutqarib xavfsiz joyga eltganimizdan keyin esimga tushding. Bundan o’n yil oldin seni qutqarib qolganimdan xabaring bo’lmasa kerak, chunki hushingni yo’qotganding o’shanda yosh bolaliging uchun. Hoynahoy ko’zga ko’rinmas jin, ajina, alvastilar haqida eshitgansan. Ular bu dunyoda yashirin tarzda hayot kechirishadi. Inson ko’ziga tashlangan zamon kalima qaytarilsa yo’q bo’lib ketishini bilasan a? Aslida kimki ularni ko’rgan zahoti xudoga yolvorib kalimasini qaytarsa, biz quyundek paydo bo’lib o’sha odamga xavf tug’dirmasidan alvastilarni halok qilamiz. Har zaminning o’z qo’riqchilari bor. Bizga esa shu qadimiy Turonning musulmon ahlini himoya qilish topshirilgan. Xayolingga farishtalar kelmasin, ular nurdan yaralgan, biz esa xuddi sen kabi odam zotidanmiz. Lekin oddiy odamlardan farqimiz shundaki, jinlarga qarshi kurashishga buyurilganimizni bizga yetkazgan Chilton-u pir avliyolarning ruhlari biz bilan hamroh bo’lib, o’z kuchlaridan bahramand qilishgan edi. Bizni Nazarkardalar ham deb atashadi(ya’ni nazar tushganlar). Endi qanday savoling bo’lsa javob beraman gapir.
-Men bilan Dilafruzni sizlar qutqarganlaringizga aminman. Lekin jinlar chodirida yana bir sinfdoshim bor edi, ismi Akmal. Eshitishimcha izsiz yo’qolgan. Sizlarni bundan xabaringiz bo’lishi kerak
-…
-Nega jimsiz? Nahotki… yo’q uni o’lgan deb o’ylayapsizmi?
-Biz jinlardan keluvchi sovuq quvvatni insonlar tarqatadigan issiqlikdan ajrata olamiz, biroq seni qutqarishga kelayotgan paytimda ham 3 ta tirik insonni his qildim. Men kelgandayoq ayolni o’ldirishga ulgurishdi sinfdosh qizni qutqargunimcha, so’ng seni ularning sardoridan pana qildim. Yana bir sinfdoshing yo’qolganini ertasi kuni bildik, keyin jinlar qarorgohini tekshirganimizda men kelgandayoq chodirda bir-ikkitasi tuynuk ochib dunyoning boshqa chekkasiga qochib ketishganinng izlari qolganini ko’rdik. Ular do’stingni o’zi bilan olib ketishgan bo’lsa kerak yana bilmadim.
-Balki militsiyaga xabar qilish kerakdir bu haqida?
-Seningcha jinlar haqidagi gaplarga ular ishonishadimi? Shundoq ham bir marta psixiatr ko’rigidan o’tgansan. Bu safar aniq jinnixonaga jo’natishadi. Agar do’stingni o’zing qutqarishing mumkinligini ro’yobga chiqaradigan taklifni bersamchi bunga nima deysan?
-Qanaqasiga
-Unda avvaliga seni ular bilan tanishtirishim zarur. Shu payt to’rt tomondan soyadek oqib biroq yeldek tez uchib bir yigit va 3 qiz nazarkardaning atrofida paydo bo’lishdi. Ular ham turli yoshda, turli xil sovutlar kiyib olishgandi.
-Bunyod Saidov tanish bu devqomat yigit Arslon, oybolta va qo’lbola jang san’atlarining ustasi. 7 yildan beri jang qiladi.
-Salom, tanishganimdan xursandman.
-Arslonning yonidagi qizning ismi Go’zal. Qamchi va zaharli moddalar bo’yicha qobiliyati bor, uning safimizga qo’shilganiga 6 yil to’lyapti agar adashmasam. O’sha kuni menga birinchi yordamga kelgan mana bu qiz esingdami, ismi Durdona, o’q-yoy va turli mexanizmlar bo’yicha mutaxassis. Bundan tashqari mening shaxsiy qo’riqchim(bu gap hazil bo’lsa ham qizarib ketgan qiz yigitni tutib qo’ydi). Durdona men bilan 8 yildan beri hamroh.
-Salom Bunyod.
-Xo’sh, kim qoldi? Ha manavi chekkada turgan kichkina qizaloq esa…
-Meni kichkina deb chaqirmang o’rtoq boshliq. Shunday degach qiz labini burib xaloskordan arazlab chetga qaradi
- Xo’p, xo’p. Bu puchuq qiz Nigina. Sen bilan tengdosh. 2 yildan beri ensamni qotiradi. Qo’lidan biror tayinli ish kelmaydi-yu nima qilay yuqoridan shunaqa buyruq kelgan.
-Hechamda men unsurlar ustasiman, e’tiboriz uchun tunov kungi jinlardan ikkitasini o’tda kuydirdim xopmi! Bunyod bu yoqimtoy qizning xaloskor bilan xuddi aka-singildek jiqqa musht bo’layotganini, Durdonaning ko’z qiri bilan boshliqqa qarab qo’yayotganining guvohi bo’lib, qanchalik qudratli bo’lishmasin ularning ham avvalo inson ekanligiga amin bo’ldi. Chunki faqat odamlargagina his-tuyg’u in’om etilgan, ularning jamoasida esa o’zgacha ko’tarinki ruh hukmron.
-Boshlig’imizning ismi Rustam. Yoshi 22 da. Dunyoda va oramizda eng yosh jangchi bo’lgan ya’ni o’n yildan beri jinlarga qiron keltiradi. Uni faqat qilichlar ustasi ekanligini bilamiz, lekin guvohi bo’lganingdek badanidan kuch yog’iladi va bizga nisbatan juda tez harakat qiladi. Faqat kamtarlik qilib o’z qobiliyatlari bilan maqtanishni yoqtirmaydi. Buni shu paytgacha hatto mendan ham sir tutib kelgan. Yana u…
-Bo’ldi yetarli. Durdona juda bo’rttirib yubordi. Bunyod Saidov senga o’zimizni shunchaki tanishtirmadik. Biz senga yangi nazarkarda bo’lishing mumkinligini xabar qilgani keldik. Meni ko’rayotganingdayoq hayron bo’lgandim. Chunki egnimizdagi maxsus sovutlar bizni odamlar nazaridan chetda saqlaydi, ko’rinmas mantiya desa ham bo’ladi. Kecha chiltonlar tushimga kirib seni vazifaga tayinlanganingni men orqali ayon etishni buyurishdi. Senga har birimizni bo’ynimizda turgan muhim, xavfli va oliyjanob ish yuklanmoqda. Agar qo’rqoqlik qilib ortga chekinsang, hechqisi yo’q yashashda davom etaverasan, hayoting iziga ham tushib ketar. Lekin o’zing o’ylab ko’r: har gal kimningdir bedarak yo’qolgani, yoki sirli o’lim topganidan xabar topganingda shu insonlarni qutqarishim mumkin ediku deb bir umr vijdon azobida qolasan. Uch kundan beri behol ekanligingni sababiga kelsak bu seni jinlarning qora quvvati bilan hayot kuching to’qnashganida paydo bo’lgan asorat. Chunki ularning sardoriga qarshi oyoqda turishing uchun juda ko’p quvvat sarflagansan. Keyinchalik bu haqida ko’p izohlar keltirishim mumkin ammo vaqtimiz oz. Bizni yordamimizga istalgan soniyada muhtoj bo’lishlari mumkin. Yaratgan insonlar o’zini o’zi himoya qilishi uchun bizga kuch ato etgan. Hammamiz seni qaroringni eshitish uchun yig’ildik. Ko’p o’ylamay yuragingga quloq tut. Chunki hayot quvvati doimo yurakdan toshib chiqadi. Ichingdagi ichingdadir!
Bu so’zlarning salmog’idan esankirab qolgan Bunyod ko’zlarini chirt yumdi. Ko’z oldidan birinchi o’rinda havoda bo’g’ilib, osilib turgan bo’lsada shaxsiy manfaatini o’ylamay o’z sevgilisi uchun jonini tikkan Akmalning siymosi bir soniyada o’tdi va ko’zini ochar ekan vujudida yog’ilayotgan insonparvarlik tuyg’ularidan junbushga keldi. O’n yeti yoshli yigitcha nafaqat Akmalni, balki juda koplab o’ziga o’xshagan insonlarni shayton malaylaridan himoya qilishga ahd qildi va o’z roziligini bildirdi.
-Senga ishonib adashmaganimni isbotlading. Endi seni safimizga qo’shishimiz uchun bir sinovdan o’tishing kerak.
-Qanaqa sinov?
-Qo’rquv va nafsdan ustun kelib ularni bo’ysundirishing zarur bo’ladi, qani birodarlar Bunyodning atrofida himoya qobig’ini yarating.
-Himoya qobig’i nega kerak, menga tushuntiring Rustam aka.
-Bunyod sen hayot quvvatini birinchi marta anavi jinlar sardoridan qutulib qolganingdayoq qabul qila boshlagansan. Biroq u qoningda yashirin sizib yurgan. Ana endi o’n yil mobaynida yig’ilgan bu quvvat seni holdan toydiryapti. Seni potensialingni namoyon qilamiz deb quvvat yo’lingni birdan ochsak, kim bilsin o’zingdan taratadigan kuch qancha masofani zararlashi mumkin. Mana qobiq tayyor endi men aytadigan duoni ortimdan qaytar!
Bunyod uzun so’zlarni ketma-ket qaytara boshladi(hurmatli o’quvchi sizni bu duodan xabardor eta olmayman, axir uni o’zim bilganimda balki nazarkarda bo’larmidim xD). “Yo, Olloh” so’zi bilan yakunlangach Bunyodning tanasi qilt ham etmay qoldi, chunki uning ruhi tanadan chiqib ketmay, yuqoriga o’rmalab botiniy ong ostiga singib ketdi.
Ko’zini ochgan qahramonimiz o’zini bepoyon kenglikda ko’rdi. Bu kenglikni yer-u osmon deb ham bo’lmas, faqat oppoq fonga o’xshab turardi xolos. Biroz atrofni kuzatgach Bunyoddan yigirma qadam narida Dilafruz arqonda osig’ligicha va og’zi bogliq holda namoyon bo’ldi.”Tushimmi o’ngimmi?”- deb o’ziga savol berib buni hali farqiga bormasidan qizning ortida turgan tog’dek ulkan qop-qora bo’rini ko’rib esxonasi chiqib ketdi. Bunday ulkan maxluq mayingina zanjirda saqlanayotgan bo’lib, tumshug’ini cho’zib qizni yemoqchi bo’lar, biroq bunga xalaqit berayotgan zanjir ham uzilish arafasida edi. Nima qilarini bilmay boshi qotgan Bunyod qo’lida tig’idan o’t chaqnayotgan bag’dod shamshirini ko’rdi-yu “O’ylashga vaqt yo’q” deb baqirgancha qiz tomon yugurib emas go’yo uchib bordi. Bor kuchi bilan arqonni kesar ekan, zanjiridan uzilib ketgan bo’rining hamlasiga yem bo’ldi.
* * *
Real hayotda Bunyodning o’ziga kelishini kutib, har narsaga tayyor holda qobiqni to’rt tomonidan mahkam tutib turgan nazarkardalar ro’y berishi mumkin bo’lgan portlashning oldini olish uchun bor quvvatlarini ishga solib qobiqni muvozanatda tutib turishga harakat qilishdi, biroq yuzaga chiqqan quvvat shunchalik ko’p ediki natijada u boshqarilmas nurga aylanib gumbazning tepasini yorib chiqdi-yu ko’kka otildi. Shu soniyalarda bu yorug’likka ko’zi tushgan odamlar aynan mana shu nur Qadr kechasining mo’jizasi bo’lsa kerak deb o’ylashgandir. Hatto o’zlari bilan bunday hodisa ro’y bermagan jangchilar ham nurga hayrat ila qarab qolishdi. Ko’zini ochgan Bunyod o’zini tutib turgan Rustamdan so’radi:
-Nima bo’ldi, imtihondan o’tolmadimmi?
-Aksincha, bahoying “besh”. Davramizga xush kelibsan Nazarkarda!
Davomi bor.
E’tiboringiz uchun rahmat, xato va kamchiliklar uchun uzr. Erotik lavhalar kiritsa bo’ladigan qism bo’lmadi menimcha. Hurmat bilan Xurshid Axadov.