tungi.ru

Mardikorning Muhabbati

Muallifdan:

"Barchangizni muborak Ramazon oyi bilan tabriklayman, va odatimga sodiq qolgan tarzda bu oyda erotik janrdagi hikoyalar yozmayman.

Ov haqidagi hikoyalarimni birato'la tugatib, JAVA va APK kitobcha tarzida taqdim etish niyatim bor.

Bularning o'rniga SEVGI, AZOB, AYRILIQ, HAYOT SINOVLARI va hokazolar haqida yozishga qaror qildim.

Ba'zida ko'cha-ko'yda yurganimda qandaydir o'ziga hos g'oya kepqolsa telefonim zametkasiga qisqacha yozib qo'yadigan odatim bor. Zametkalarni aylanib, shu nomdagi matnni o'qidim. O'tgan yilning ramazon oyida yozishni boshlab, davom ettirolmay, yozganimni ham o'chirib yuborgandim. Shu g'oyani qaytadan hikoya qilishga qaror qildim. Hikoya voqealari boshqa seriallarimdek sekinlik bilan boradi va uzoqroq davom etadi deb umid qilaman. Seks hikoya o'qimoqchi bo'lganlar hikoyani tark etishlari mumkin"

Hurmat bilan,

EroMaster (Alpha King)

Mardikorning muhabbati.

-Qahramon! Hooooy Qahramon, uydamisan!

Endigina ko'zi ilingan Qahramon istar-istamas ko'zini ochdi. "Prorab" Jamshid akaning chaqiriqlari quloqni teshib, uxlashga imkon bermasdi. Egniga futbolkasini yo'l-yo'lakay kiyarkan, xonasidan tashqariga chiqdi.

-Assalomu aleykum, Jamshid aka, yaxshimisiz, -dedi, qo'l berib ko'risharkan.

-Va alaykum, uka yaxshi dam olyapsanmi?

-Ha rahmat, tinchlikmi? Yana ishgami? Bugun dam olishimga ruxsat bergandizku?!

-Ha ishga, bugun emas, ertagalik. Zo'r "soqqa"li ish topib qo'ydim senga. Bitta boyni uyidagi bog'ni chopiq qilib, gul ko'chatlari ekib berasan, qo'lingdan keladimi?

-Iye, biz qurilishda ishlardikku?

-Eyy ukam, qayerda ishlashni nima aloqasi bor? Muhimi "soqqa"! Ko'p to'laydi deyapmanku? Mardikor bozorda ko'rib qoldim, avval ham bir-ikki ko'rishgandik u boy bilan. "Yosh, g'ayratli yigitlar bo'lsa topaylik" deb so'raganida hayolimga birinchi sen kelding. Baribir pulga muhtojliging bor.

-Ho'p unda, qayerga boraman?

-Ertaga soat olti yarimda kelaman, olib borib qo'yaman o'zim. Harqalay men ham "dolya" olamanku.

-Ho'p, mayli.

-Bo'pti ukam, buguncha miriqib damingni ol. Ertagacha.

-O'tirsez bo'lardi, aka.

-Bilasanku ozgina vaqt yo'q bo'lsam yigitlar ishlamay pista chaqib o'tirishadi. Bo'pti, men kettim.

-Ho'p, yaxshi boring.

Jamshid akasini kuzatib, darvozani yopib, sudralgancha xonasiga qaytarkan, daromadli ish topilganidan hursand bo'ldi.

Qahramon 23 yoshga to'lgan, bolalar uyida katta bo'lgan. Yoshligida otasi mast holda mashina haydagani uchun avtohalokatga uchrab, halok bo'lgan, keyinchalik oyisi boshqa erkakka turmushga chiqib ketdi. Achinarlisi Qahramonni o'zi bilan olib ketmadi, uni bolalar uyiga topshirdi. O'shanda 6 yosh bo'lgan Qahramon oyisidan nafratlandi. . . Yangi er topgani uchun ham, o'g'lini "detdom"ga topshirgani - undan kechgani uchun ham. . . Bolalar uyida kunlari o'tarkan, boshqa bolalar umrida ko'rmagan ota-onalarini kutib, sog'inib yashasa, Qahramon umuman kutmasdi, sog'inmasdi ham. . . U ancha jiddiy va mehnatsevar yigit bo'lib yetishdi. Bolalar uyidan so'ng kollejda o'qiy boshladi. Jamshid akasi bilan tanishdi. Mana 5 yildirki, Jamshid akasining qo'lida ishlab keladi. Qahramon qizlar havasini keltiradigan darajada kelishgan emasdi. O'ziga unchalik ham e'tibor bermas, faqat va faqat ishni o'ylardi. Avvaliga qurilish bo'ladigan uylarda yotib yurdi. Keyinchalik mana shu hovliga ijarachi sifatida joylashdi.

Qahramon kelishgan yigit bo'lmasa ham, suyagi mehnatda qotgan, mushaklari baquvvat edi. U yigit-qiz munosabatlariga qiziqmasdi. Shu vaqtgacha hech bir qizni sevmagan, yoqtirmagan. Chunki u qizlarga nisbatan sovuqqon edi. Qizlarni ko'rsa "xiyonatkor" onasini eslardi.

Jamshid akasi taklif qilgan ish unga moydek yoqib tushdi. Chunki bir hafta ichida ijara pulini to'lashi kerak, aksiga olib pulini ishlatib bo'lgandi. . .

Shularni hayolidan o'tkazarkan, Qahramon kechagi ish charchoqlarini chiqarish uchun uyquga ketdi. . .

* * * * *

-Qahramooon, Qahramonuu!

-Chiqyapman, Jamshid aka!

Erta tongda nonushta qilib bo'lib, Jamshid akasini kutayotgan Qahramon ishchi kiyimlari solingan sumkasini qo'ltiqlab tashqariga chiqdi. Jamshid akasining "Jiguli" rusumli mashinasiga o'tirisharkan, yo'lga tushishdi.

Bu Jiguli ham Jamshid aka va uning qo'l ostidagi yigitlarga ancha qadrdon edi. Ba'zan yuklarni shunda tashishar, o'zlariga ham transport vazifasini o'tardi. Qop-qop sement, shag'al, qum va hokazolar tashilaverganidan salon ichi ham qum-sement-shag'al aralash oyoqqa yopishardi. Lekin mashina salonini tozalashga hechkim urinmasdi. . . Shaxar markazidan 5-10 kilometr uzoqlikdagi mahallalar oralab, 2 qavatli, hashamatli qurilgan uyga yetib kelishdi.

-Sen shuyerda o'tiratur, men gaplashib kelaychi, -dedi Jamshid aka, uy darvozasidan 15 metrcha berida to'xtab, mashinadan tusharkan.

Qahramonni uyning hashami qiziqtirmas edi. O'zi ham qurilishda ishlab yurgani uchun ham, bunaqa hashamdor hovlilardan bir qanchasini qurilishida qatnashgan, shu tufayli bularga e'tibor qaratmas edi. Jamshid aka darvoza tagida kim bilandir gaplashib, Qahramonga "beri kel" degandek qo'li bilan ishora qildi. Qahramon sumkasini changallagancha mashinadan tushdi. Darvoza tagida Jamshid aka 50 yoshlar atrofidagi, to'ladan kelgan, istarali ayol bilan gaplashib turardi.

-Assalomu alaykum, xolajon, -dedi Qahramon hurmat bilan, qo'lini ko'ksiga qo'yib, biroz bukilib salom berarkan.

-Va alaykum assalom, kel o'g'lim, bog'ni ishlarini eplaysanmi?

-Ha albatta, ijarada turadigan uyimdagi bog'ga doim o'zim qarayman.

-Mayli bo'lmasam opa, men boraqolay, kechga yaqin telefonlasharmiz a? -shunday deb Jamshid aka ketishga chog'landi.

-Mayli, boraqoling Jamshidjon, yaxshi boring, -ayol shunday deya Qahramonga yuzlandi, -kel o'g'lim, yur, kiraqol uyga.

Qahramon so'zsiz ayolning ortidan ergashdi. Hovlining ichi tashqaridan ko'ringanidan ko'ra anchagina keng edi. Taxminam 15-20 sotix atrofidagi maydonga ega hovli edi. Hovli markazida keng bog' joylashgan bo'lib, ustidan 3-4 yo'lak bog' markazidagi keng so'riga olib borardi. Bog'dagi mevali va mevasiz, manzarali daraxtlarni ko'rib kishining kayfiyati ko'tarilardi. Hovlining bir chetida bassseyn ham joylashgan edi.

-Shu bog'ni oldiniga yaxshilab chopiq qilib chiqasan, o'g'lim, -tushuntira boshladi ayol, - keyin ariqchalar qazib, gul ko'chatlari ekasan.

-Ha yaxshi, eplayman, -dedi Qahramon ishonch bilan.

-Lekin avval oshxonaga yur, nonushta qilib ol.

Qahramon indamay ayolga ergashdi. Keng, zamonaviy jihozlangan oshxona. Qahramon hadeb atrofga alanglayveradiganlardan emasdi, shunchaki ko'z qiri bilan qarab qo'yardi. Ayol Qahramonni stolga taklif qilib, choy damladi. Qahramon choydan ho'plab o'tirganida, kolbasa va tuxum qovurishni boshladi. U Qahramonga uyoq-buyoqdan savollar berardi. Qahramon hayoti haqida qisqacha so'lab berdi. Otasi, onasi haqida gapirib o'tirmadi, "ularni ko'rmaganman" deb qo'ya qoldi. Ayol unga yarim achinish, yarim mehr bilan tikilardi. Shu vaqt "ship-ship" ovozlar bilan xonaga kimdir kirib keldi.

-Mubopa, "zaryadnigim" ishlamayapti, -dedi u mayuslik bilan.

Qahramon istar-istamas ovoz kelgan tarafga nazar tashladiyu ko'z uzolmay qoldi. Oldida huddi parilardek go'zal, yuzlari sutga chayilgandek oppoq, g'unchadek ihcham lablari, beliga tushgan tim qora sochlari. . . Qahramonning yuragi negadir tezlashib, hatto o'z qulog'iga ham "duk-duk" ovozlar eshitilib ketdi. Bu pariga tikilib qolganidan hijolat tortib piyoladagi choyiga qarab oldi.

-Nega ishlamaydi? -dedi ayol.

-Kuyib qolibdi menimcha, -qizni ovozi huddi yig'lash arafasida turgan yosh qizchalarnikidek chiqardi.

-Telefoningda zaryading yo'qmi?

-Yo'q-da! Batareykam o'chyapti. . .

-Ushla qizim, menikini ishlatib turaqol, -ayol cho'ntagidan telefonini chiqarib berarkan, -Xondamirga aytib qo'yaman, tushgacha yangi "zaryadnik" olib kelib beradi.

Qiz shu vaqtdagina xonada yana bir odam borligini faxmladi va begona yigit yonidagi erkaligiga biroz hijolat chekdi:

-Bu yigit. . .?

-Ha, bu yigit bog'imizda ishlashga keldi.

-Ha-a, men xonamga boray.

-Ho'p qizim, kiyimlaringni dazmollab tayyorlab qo'yganman.

-Rahmat.

Qiz ketgach Qahramon savol nazari bilan ayolga tikildi.

-Malika, -dedi ayol, samimiy jilmayib, - Akromjonning qizi.

Keyin bu oila haqida qisqacha gapirib berdi. Uy egasi Akromboy degan odam bo'lganini, uning ayoli 19 yillar avval - Malikani dunyoga keltirish jarayonida olamdan o'tganini, u vaqtda Akromboy boy emas, oddiy oila bo'lgani, marhuma ayolidan bir o'g'il, bir qiz qolgani, shu farzandlari qiynalmasligi uchun ter to'kib mehnat qilgani, o'gaylik bo'lmasin deb boshqa uylanmagani, qilgan ishlari xudoga ma'qul bo'libmi, ishlari yurishib, hozirda shaxarning old boylaridan biriga aylanganini so'zlab berdi. Malikaning akasi esa mana 5 yildirki chet elda ekan.

Bu ayolning ismi esa Muborak bo'lib, Akromboydan 2-3 yosh kattaroq, 17 yildan beri shu uyda yordamchilik qilarkan. Muborak opaning eri bir necha yil avval hastalikdan vafot etgan, farzandlarining ikkalasi ham qiz bo'lib, allaqachon turmushga uzatgan ekan.

Boy oila bo'lsada, boshqa boylarga xos takabburlik, dimog'dorlik bularga begona edi.

Suxbat yakunlangach, Qahramon kiyimlarini alishtirib, Muborak opa ko'rsatgan joydan ish qurollarini olib, yerni chopiq qilishga kirishdi. Erta bahor bo'lgani uchun oftob chiqsa ham kun unchalik issiqmas, odamga yoquvchi mayin shabboda esardi.

Soat taxminan sakkizdan o'ta boshlaganida Malika o'qishga ketayotgan qizlardek kofta-yubkalarda kiyinib chiqqandi. Qahramon o'zi hohlamagan tarzda unga tikilib qolardi. Malika boy bo'lsa ham ochiq-sochiq, kalta-kulta kiyinmas, kiyimlari o'ziga judayam yarashib, odamni havasini keltirardi. Muborak opa Malikani o'qishiga kuzatib, Qahramonni ishini biroz kuzatdi, choy damlab keldi, o'zi zerikmasligi va Qahramonni zeriktirmaslik uchun hamsuxbat bo'lib turdi.

Yer ancha mayin bo'lgani uchun Qahramon qiynalmay ishlardi. Tushlik vaqtigacha maydonning yarmidan ko'pini chopib bo'lgandi. Muborak opa Qahramonni gapga solib, o'zi sabzi tog'rab, piyoz maydalab, guruch tozalab, oshni harakatini qildi.

-Yer ancha yumshoq ekan, -dedi Qahramon, tushlik vaqtida, palovdan oshamlarkan.

-Ha, bog'bonimiz bor edi, yaxshi qarardi, rahmatlik, -dedi Muborak opa pastroq ovozda.

-Olamdan o'tdilarmi?

-Ha, yaqinda "qirq"i chiqdi, xudoning irodasi shu ekanda bolam.

-Xudo rahmatiga olsin.

-Lekin seni ham bog'bonlikdan xabaring bor, menimcha?

-Unchalikmas-u, xolajon, lekin ertalab aytganimdek ijarada turadigan hovlimni bog'iga o'zim qarayman.

-Ha, shu bog'imizni chiroyli qilib bersang bo'lgani.

Tushlik vaqti tugab, yana ishga sho'ng'igan Qahramon pulini halol topish uchun chin dildan, berilib ishlardi. Soat taxminam ikkilar bo'lganida, darvozadan qora kostyum-shim kiygan, o'ziga qaragan, 30 yoshlar atrofidagi odam kirib keldi.

-Xondamjon, keldingmi bolam.

-Ha Mubopa, erkatoy yana nima qilibdi?

-Voy, nega erkatoy deysan yaramas, hecham unaqa emasda, qani zaryadnikni olib keldingmi?

-Ha, mana oling, -qo'lidagi kichik qutichani Muborak opaga uzatdi.

-Oshxonaga kir, osh suzib beraman, qorningam ochqagandir a?

-Mubopa bilasizku meni, ovora bo'lmang, Akrom akam majlisga kirib ketganidan foydalanib kelgandim, "zarur ishingiz"ni deb.

-Yuraqol, hech bo'lmasa choy-poy ichib ketarsan?

-Yo'q, rahmat, -u shunday deb asta qadamlar bilan bog' maydoniga yaqinlashdi, - xormang ukam!

-Assalomu alaykum, aka, bor bo'ling, rahmat.

-Bizni bog' qinab qo'ymayaptimi?

-Yo'q, hecham qiyin emas.

-Bugun tugatib yuborasizmi endi, ukam?

-Menimcha yo'q, bog'ingiz anchagina katta ekan, bugun ulgurolmasman. . .

-Ha hech qisi yo'q, ukam, shoshilmay, bemalol qilavering ishni.

-Ho'p, rahmat, -dedi Qahramon, belkurakni yana yerga sanchib.

-Bo'pti, Mubopa, aka majlisdan chiqib meni topolmay qolsa gap eshitib yurmay.

-Ho'p, ehtiyot bo'linglar, -Dedi Muborak opa darvozadan xayrlasharkan, -hay, bugun kechki ovqatga qolasan sen ham, qozon kabob tayyorlayapman!

Qahramon hech nima demasa ham, Muborak opa o'zi gap boshladi:

-Xondamir, Akromjonni haydovchisi va o'ng qo'li. Taxminan sendek vaqtidan beri Akromjonni qo'lida ishlaydi. Erkalab "Xondam" deyman, ular esa "Mubopa" deyishadi, hatto Akromjon ham.

-Bu Akrom akamiz nima ish qiladi, xolajon?

-Biznesmenda, savdo-sotiq degandek, bir qancha korxonalari ham bor.

Darvoza ochilib, ertalabki parivash - Malika kirib keldi:

-Assalom!

Uning hozirgi ovozi ertalabkidek ma'yus emas, aksincha, sho'x-shaddod qizlarnikidek, o'zining ham negadir og'zi qulog'ida edi

-Kel, qizim, yaxshi keldingmi?

-Rahmat, yaxshi o'tiribsizmi, zerikmay? -shunday deya Mubopasining yuzidan "chulp" etib o'pib qo'ydi.

-Zerikish qayoqda deysan, bog'bon bolam bilan vaqt o'tganini ham sezmayapman.

Qahramon o'zi haqidagi gapni eshitib, qizarib ketdi, ularga qaramasa ham, Malika unga qarab qo'yganini yurakdan his etdi va negadir g'ayratlanib, qaysidir ma'noda o'zini ko'rsatib, qattiqroq ishlay boshladi.

-Kiyimlaringni alishtirib chiqaqol, qizim, ovqatlanib olasan.

-Ho'p, hozir.

Qahramon chopiqni tugatib, ariqcha olishni boshlagandi. Malika esa tushlik qilib bo'lgan, Muborak opa bilan oshxonada gaplashib o'tirishardi. Boylarni orasida ham shunday samimiy insonlar borligidan Qahramon hursand edi.

-Meni internetda ishlarim bor edi, -deya oshxonadan chiqdi Malika, va chopqillab uyning bu tarafidagi xonasiga kirib ketdi,

Besh daqiqa o'tar-o'tmas, yana ertalabki yig'i aralash ovoz bilan xonasidan chiqib keldi:

-Mubopa-a! -u shunday deya ma'yusli bilan oshxona tarafga yurdi.

Qahramon ularga qaramayotgan bo'lsa-da, negadir Malikaning gaplari, yosh bolalarcha beg'uborligi unga xush yoqib, zavqini keltirardi. Birozdan keyin oshxonadan Muborak opa va Malika birga chiqib kelishdi.

-Qahramonjon! -chaqirdi Muborak opa.

-Labbay, xolajon? -pshonasidagi terni kaftining orqasi bilan artarkan, ular tarafga yuzlandi.

-Bolam, Malika qizimning xonasidagi chiroq kuyib kuyib qolibdi, alishtirishni eplaysanmi?

-Ha, albatta, hozir.

Qahramon kiyimlarini qoqib, maydondan chiqdi. Qo'llarini yuvib oldi va Malikaning ortida yura boshladi. Muborak opa avvaliga ularni ortidan borib, keyin Qahramonga ishonch bildiribmi, yoki oshxonadagi ovqat tagiga olib ketmasin debmi, ortiga qaytdi. Malika xonasining eshigini ochib, ichkariga kirdi:

-Kiring, marhamat.

Qahramon eshik oldida turib qoldi:

-Axir. . . Kiyimlarim chang-tuproq bo'lib ketganku?

-Hijolat bo'lmang, kiravering, -dedi Malika samimiylik bilan.

Qahramon noiloj oyoq kiyimini yechib, xonaga kirdi. Malikaning xonasi haqiqatdan ham malikalar yashaydigan xonadek edi. Ancha keng xona, bir tarafda kiyimlar uchun shkaf, boshqa tarafda kitoblar javoni, yana devorga kattagina televizor ham o'rnatilgan, Malikaning bir o'ziga kattakon krovat, bu tarafda, mehmonlar uchun mo'ljallanganmi, divan-kreslo va katta shisha stol bor edi. Qahramon doimgidek ko'z qiri bilan xonaga qarab qo'ygandi. Shunda ham bu qizning xonasi judayam saranjom ekani uni hayron qoldirdi. Shunday katta xonaning atigi bir burchagida bittagina lampochka o'rnatilgan ekan, kompyuter joylashgan dars stoliga. Xona o'rtasidagi qandil esa har doim ham yoqilavermasdi. Malika uzatgan stulni olib, chiroq ostiga qo'ydi va stulga chiqib, lampochkani burab chiqara boshladi.

-Ehtiyot bo'ling, -dedi Malika qo'rquv bilan, -tok urmasin. . .

-Havotir olmang, -dedi Qahramon, hijolat bo'lganidan ovozi qaltirab.

Eski lampochkani Malika uzatgan qutichadagi yangisiga alishtirib, yoqib, tekshirib ko'rdi.

-Ana, yondi.

-Rahmat sizga, kattakon, -dedi Malika shirin jilmayish bilan.

Qahramon nima deyishni bilmay, kalovlanib, xonadan chiqdi. Ishini davom ettira boshladi. Hayolida Malikaning jilmayishi, qo'rquv aralash gapirgan gapari, Muborak opaga erkalanganlari charx urib aylanardi. Soat 5dan o'tib, Jamshid aka kelib qoldi. Muborak opa bilan biroz gaplashib, Qahramonni ishini kuzatdi, haliyam tugatib ulgurmagani uchun dangasalikda aybladi.

-Buguncha shu yerda qolib tura qolsin, baribir hali ishini tugatmadi, -dedi Muborak opa.

Jamshid aka rozi bo'lib, xayrlashdi:

-Mayli, ertaga kelaman, lekin ertagacha tugatgin sen bola, dangasalik qilma!

Jamshid akasining koyishiga javoban Qahramon shunchaki jilmayib qo'ydi.

Qosh qoraya boshlagach, Xondamir va Akromboy uyga kelishdi. Xondamir Muborak opa bilan gaplashib turarkan, Akromboy Qahramon bilan salomlashdi:

-Hormang endi, usta!

-Bor bo'ling, amaki, assalomu alaykum.

-Va alaykum assalom, qiynalmay ishlayapsizmi? -dedi Akromboy, tuproq tegib kiyimlari iglos bo'lishini o'ylab o'tirmay, bog' maydoniga tushib, Qahramon bilan qo'l berib ko'risharkan.

-Yo'g'ey, lekin bugunga tugata olmadim. . .

-Hech qisi yo'q, bugun bo'lmasa ertaga tugatarsiz.

Muborak opa Akromboy Qahramonning yonida ekanini payqab, gap qo'shdi:

-Akromjon, bugun bog'bon bolam shuyerda qolsin degandim, nima deysiz?

-Juda yaxshida, -dedi Akromboy unga javoban. -Yuqoridagi bironta xonaga joylashaqolsin.

Qorong'u bo'lsa hamki, Qahramon ishini to'xtatavermagach, Muborak opa uni chaqirdi:

-Qahramonjon, bo'ldi endi, ishni to'xtata qol, yuz-qo'llaringni yuvib, kiyimlaringni alishtirib chiq.

Qahramon noiloj ishini to'xtatib, kiyimlarini qoqib tozalagan bo'ldi. Yuvinish xonasiga kirib, yaxshilab yuvinib oldi va toza kiyimlarini kiyib oldi. Oshxonada Muborak opa bilan birga Malika ham borligi uchun Qahramon uerga kirishga hikolat bo'lardi. Va hovlidagi stulga o'tirib, hayollar kemasida suzishni ma'qul ko'rdi. Qahramon hecham uzoq kelajak haqida orzu qilmasdi, u faqat yaqin oraliqdagi kelajak haqida hayol surardi.

-Qahramonjon, nima qilib o'tiribsan, oshxonaga kir, bolam.

-Haligi. . . -Qahramon hijolatomuz tarzda oshxona tarafga ishora qilib qo'ydi. Gap nimadaligini tushungan Muborak opa jilmayib qo'ydi:

-Qo'rqma, yeb qo'ymaydi, kiraver.

Qahramon kirolmasligining asl sababini tushuntirolmay, noiloj kichik qadamlar bilan oshxonaga kirdi. Malika stulga o'tirib olgancha, salat tayyorlash bilan band edi. Ko'z qiri bilan Qahramonga nazar tashlab qo'ydi. Qahramon nima qilishga hayron, o'tiray desa, begona qizni yonida bezrayib o'tirishga yuzi chidamaydi, birov "o'tir", "ket" demayotgani ham ko'nglini hijil qilardi. Malika buni tushundimi, past ovozda, Qahramon tarafga qaramay:

-Keling, o'tiring, -deb qo'ydi. Malika stolning bir boshida o'tirardi, Qahramon boshqa tarafiga o'tirdi. Malikaga qarasa yuragi dukillab urib ketar, shu go'zal qiz bilan bir xonada yolg'iz ekanidan yuragi hapqirsa, boshqa tarafdan hijolat tortar edi. Muborak opa tashqaridagi so'riga dasturxon yozish bilan band edi.

Shu vaqt xonaga Xondamir kirib keldi.

-E-e, yaxshi o'tiribsizmi ukam, -u shunday deb Qahramonning yelkasiga qoqib qo'ydi.

-Rahmat, assalmu alaykum.

Xondamir stoldan joy olarkan, Malikaga yuzlandi.

-Mali, nimalar qilib yuribsan endi?

-Nimayam qilardim, aka, o'qishim bilan bandmanda.

-Sendek qizlar allaqachon turmush qurib bo'lishyapti, o'qib nima qilasan?

-E-ey, aka, yana boshladizmi? Erga tegmayman hali, -Malika shunday deb Xondamirning yelkasiga ohista mushtlab qo'ydi.

-Mana masalan, kelinoyinga uylangan vaqtimda, u sendan ham yosh edi.

-Ajab bo'pti, jinni!

-Ha Xondam, nima tortishuv? -Muborak opa kirib keldi.

-Erkatoyga aytamanda, o'qimasdan turmushga chiq, deb, -deya xoxoladi Xondamir.

-Sen bola o'zingni ishingni qil, Akromjon ham hali beri qizini turmushga uzatadigan emas, qani, tashqariga, so'riga chiqchi, ovqat suzaman hozir, Akromjonni ham chaqir.

Xondamir o'rnidn turib chiqib ketgach, Malika ham o'rnidan turdi:

-Ana, bo'ldi.

-Yasha, qizim. Boraqol sen ham, so'riga chiq.

-Xolajon, men shuyerda o'tiraveray a? -dedi Qahramon, Malika chiqib ketgach.

-Nega, yur tashqariga sen ham, bolam?

-Yo'g'e, hijolat bo'lamanda, uy egalari bilan o'tirishga.

-Ho'p, unda shuyerda o'tiraqol.

Ovqat mahali tashqaridan shodon kulgi ovozlari eshitilib turdi. Qahramon bu oilaga juda havas qila boshladi. Ovqatdan so'ng Muborak opa idishlarni yig'ishdan avval Qahramonga choyshablar uzatib, xonasini ko'rsatdi.

Kichik bo'lsada yaxshi jihozlangan, ajoyib xona edi. Ertangi kunda bog'da nimalar qilishni o'ylab, qahramon uyquga ketdi. . .

[Davomi Bor]

Одноклассники - Mardikorning Muhabbati

Facebook

O‘xshash hikoyalar