tungi.ru

Istanbuldagi farax...

Istanbul atrofidagi kichik qishloqchalardan biri. Avgust.

Yozning yana bir kuni oxirlab qolgan qushlar kechki sayroqqa tayyorlanayotgan, kun davomi chumolidek g’irmirsigan zahmatkashlar uyga qarab yo’l olgan payt. Usta Bakir kulolxonasi eshigi oldida hozirgina tuproq tashigan arvachaga “antiqa” kishi suyanib turibdi.

- Juda mehnatkashsanda, ikki arava tuproqni bir tushni o’zida saromjonlading. Mana mehnating haqqi. – ustaxonadan doimgi shang’i ovozini baralla qo’ygancha tugun ko’targan usta Bakir chiqib keldi. Tugunchani qo’ltig’iga qistirib yon cho’ntagini kavlay boshlaydi.

- Afandim, shart emas… - uch soatdan beri uni chiqmagan “antiqavor” tilga kirdi.

- Shart bolam, bu narsa shart. Ertaga ko’rgan bilganlar aytmaydimi tog’dek narsani tashitdi-yu to’rtta chapati non bilan jo ‘natib yubordi. Bu usta diyonatini yeb qo’yibdi deb. Innan keyin o’tin yorishga usta emishsan ertaga yana kel. – usta shunday deya turib non o’ralgan tuguncha va ikkita o’n qurushli tangani uzatdi. – Pulni jamg’araver hali kuz kelsa kir yuvg’ich Narimonni oberamiz senga, rosa bilqillama ofatijonda agar kampirim bo’lmaganda o’zim op qochib ketardim…

Ikkisi baravariga xandon otib kulib yuborishdi.

- Rahmat sizga, afandim. Savobga qoldingiz savobga… - qulluq qilgandek boshini hiyol egib tazim bergancha “antiqovar” ustaxonadan uzoqlasha boshladi.

- Essiz shunday suqsur yigit. Es-xushi joyida bo’lgandami bir mansabdor kursisiga rosa mos odam bo’lardi…. – usta o’ziga o’zi gapirgancha darvozadan kirib ketdi.

Endi asl qaharmonimiz yigitga qaytsak. Tashqi ko’rinishiga qarab bir narsa deyish mumkin – qishloqma qishloq yurib gadoylik qiladigan oddiy devona. Lekin daydi ham deb bo’lmas, chunki doim peshona teri evaziga kun ko’radi. Bu yerlarga kelib qolganiga bir yilcha bo’lib qolgan. Ust boshi abgor holda, yotar joyi ham notayin. Oyoqlaridagi eski askar chorig’i va egnidagi yag’iri chiqqan yirtiq-yamoq soldatcha shineliga qarab u haqda ba’zi xulosalar berish mumkin: kimdirlar uni armiyadan qochgan quvg’indi, yana kimlardir bechora urushda boshidan jarohat olgan shundan esi og’ib qolgan deydi. Yotib turishga joy tanlamaydi, ko’pincha markazdagi xiyobon deyilguvchi kichkina bog’chadagi qayrog’och tagi – suyang’ichli o’rindiq unga uy edi. Yog’ingarchilik bo’lgan kunlarda esa kishilarning himmatiga qarab birovning ayvonida, birovning somonxonasiga joylashadi. Qishloqdagilarning turli yumushlarini bajaradi: yer haydaydi, bog’bonlik qiladi, o’tin yorish agar juda bekor qolsa maktab va shifoxona joylashgan ko’chani supirib sidiradi, ko’chadagi dov daraxtlar-gullarni parvarishlaydi. Maktabdan chiqqan bolalar bilan o’ynab quvonadi, shirinliklar tarqatadi. Uylari uzoqroq bolalarni yomg’irli kunlarda yuk aravasiga joylashtirib uyiga elib qo’yadi. Gohida o’zi ham hamroh bo’lib ularga o’qish yozish va hisob ilmidan yordam beradi. Shundan bilsa bo’ladiki savodi ham joyida. Uning g’alati qilig’i aniqrog’i odati bor: u-bu kimning yumushini qilib bersa mehnat haqini olgach nuqul bir gapni “savob oldingiz, savobga qoldingiz”deb rahmat aytad. Asli nomini hech kim bilmasdi shu sabab Savob jinni deb atashadi uni…

Hozir esa qo’lidagi tugundan ikkita nonni olib qo’yniga solib qo’lidagi ikkita chaqani yig’ib yurgan pullariga qo’shdi va bir narsalarni hirgoyi qilgancha qishloq chekkasiga kun botar tarafga qarab yo’l oldi. Bir soat o’tar o’tmas o’sha yoqdan mamnun qiyofada non kavshagancha qaytib keldi. Doimgi joyi – o’z mulki bo’lib qolgan o’rindig’iga yotgancha pinakka ketdi.

“Daydi”mizning yana bir odati odati bor: har ikki-uch oyda hafta o’n kunga yo’qolib qoladi va yana paydo bo’ladi. Buni kimdir payqaydi kimdir payqamaydi, “Qayerlarda yuribsan, Savob jinni?” deb so’rashsa soqol-mo’ylovi o’sib ketgan yuzlariga kulgu yuguradi “Boshqalarga ham savob ulashib keldim”.

Bu kecha ham shunday bo’ldi - u yana g’oyib bo’lgandi.

-----

Oradan bir hafta o’tdi.

Bugun maktab ochiladi. Darsga birinchi kundan kech qolmaylik deb shoshib kelayotgan bolalarni sovg’a kutib turardi – Savob jinni qaytibdi, bir o’zi emas yelkasida allaqanday qop bilan ularni kutib oldi. Maktab darvozasidan kirgan har bir o’g’il qizga tuhfalar ulasha boshladi: kimgadir rasmlari bor kitob, kimgadir darftar qalam, sochga taqiladigan rangli lentalar…

Ishini tamomlagach xuddi o’zini sog’inib bir quvonch bilan kutib turgandek ko’ringan ko’chani keza boshladi. Hamma hammasi ketgan paytidagidek, o’zgarmaganga o’xshaydi. Lekin baribir nimadir o’zgargan buni kelganidayoq payqagan edi. Bog’ko’chadan qanday ifor taralardi. Shifoxonaning pastdek devorlari oldidagi gulzorga yetganda o’sha “o’zgarish”ni angladi. Devor ortidan ayvonchada kimdir unga qiziqish nigohlari bilan termulib turar – yigitda ham bu qarash qiziqish uyg’otdi sababi qishloqdagi hamma uni taniydi, hech kim bunday qaramaydi unga. Bu nigoh sohibasi – yangi kelgan hamshira edi. Umri bino bo’lib bunday “mahluqot”ni uchratmaganligi uchun ajablanib uni kuzatib turgan edi.

Qarashlar axloq chegarasidan chiqayotganini sezgan qiz tez ortiga burilib ichkariga kirib ketdi. Yigit ham bo’shagan qopini yelkasiga ildiyu eski o’rindiq sari yo’l oldi.

----

Havoda mezon erta uchdi. Demak yog’inli kunlarga yaqin qoldi.

O’tgan bir oyning ko’p vaqtini bog’ko’chada o’tkazgan yigit bugun yana shu tomonga yo’l oldi. Bir oy ichida hamshira bilan oz moz tanishishga muvaffaq bo’ldi. Ba’zida uch to’rt daqiqalik suhbat qurishadi, asosan gullar parvarishi to’g’risida. Qizning o’ychanligi sababini esa bir tasodifgacha hech bilolmadi. Choyxona hovuzini tozalayotgan payti yonida biga yer kovlayotgan ikki hammolning gaplaridan…

- Rashid, yangi hamshira xonimni ko’rdingmi?

- Ko’rish ham gapmi naqd to’rt marta ko’chada ro’para keldim. Husni haqiqiy quyosh ekan chodrasi (paranji) tagidan ham porlab turadi.

- Men ikki marta yara bog’latgani oldiga kirdim… - kim o’zarga maqtana boshladi ikkisi.

- Valdiramasdan ishlaringni qillaring, agar u haqdagi gaplardan xabarlaring bo’lsa bemani mag’zavani qaynatmasdinglar hozir. – hovuz labidan turib do’q urdi choyxona egasi.

- Xo’jayin, nima gap ekan? Sevda xonim kelgandan beri ismidan boshqa narsani bilmaydi hechkim. – yelka qisishdi hammollar.

- Men ham o’tgan hafta bir savdogarvachchadan eshitdim, bu qiz asli Istanbulning o’zidan ekan. O’sha yoqlarda bir askar yigit bilan unashtirilgan, keyin xizmatga chegaraga jo’natilgan nishonlisining (qaylig’i) yo’lto’sarlarni taqib qilib yurganda halok bo’lganini eshitgach shu yerga bosh olib kelibdi. Senlar bo’lsalaring shalaq og’izlaring bilan nimalar deyaverasanlar….

----

​Hamshira tarixi haqidaku butun qishloq xabar topdi, lekin Savob jinnining kimligi, qayoqdan kelib qolganligi haliham noma’lum. Ko’plar uning qishloq adog’idagi qarovsiz Ruqiya kampirning uzoq qarindoshi – bo’lmasa nega topgan tutganini shu kampirga tashiydi deyishadi.

Har doimgidek ozroq yegulik va ishlagan tangalarini kampirga topshirib qaytayotgan yigitning ko’ngli chog’. Yomg’ir yog’masdan oldin kampir hujrasining tomini tuzatib qo’ydi, endi chakka o’tmaydi. O’z bog’chasiga ketayotib noxush gap eshitdi “Qishloqqa o’g’ri oralabdi, palonchini qishga g’amlagan bug’doyi yo’qolibdi!!!” Hamma biri biridan gumonda axir shuncha vaqtdan beri birovning ninasi ham yo’qolmagandiku?! Odamlar ehtiyot shart qilib itlarini qo’yib yuboradigan, kechalari ko’chada izg’igan begonani ko’rishsa darhol jandarmni – qishloq posbonini chaqiradigan bo’lishdi.

Havo ham sovub qolgan endi biror boshpana topmasa bo’lmasligini sezgan yigit birovdan joy so’rashga iymandi, kel biznikida tur deb iltifot qilguvchi ham topilmadi. Qunishibgina eski joyida yotib qoldi. Ko’zlarini ochganda kechaoqshom tom o’rnida xizmat qilgan qayrag’ochning oltin barglari yerga gilam , usti boshi jiqqa xo’l bo’lganidan kechasi yomg’ir yoqqanini bildi. Shu tariqa ikki kun o’tdi. Oxiri o’rnidan turishga ham holi qolmadi, bir amallab gandiraklagancha tanish bog’ko’cha tomon yura ketdi. Sovuq qotgandek tishlarini taqqillatgancha qadam tashlar, issig’ining ta’siridan fikrlari ham chalkash edi. Yodida qolgani maktabdan yugurib chiqqan ikkita tanish bolaning “Savob amaki, tobingiz yo’qmi?” degan so’zlar bo’ldi.

----

“Jismonan baquvvat ekanu, lekin sovuqda ko’p qolibdida sho’rlik. Shamollashdan qishgacha sog’ayib ketadi inshoolloh” hamshira issiq o’ringa yotqizilgan yigitga qarab diqqat bilan nazar tashlay boshladi. Soch-soqoli o’sib ketgan shu sababmi ko’rinishidan yoshini ulg’aytirib ko’rsatadi, aslida kelishgan bardam qomatidan hali o’ttizga chiqamagan navqiron yigitligini bilsa bo’ladi; yonidan chiqqan buyumlari ham egasiga nisbatan qiziqishlarni oshiradi: allaqanday arabcha yozuvli bir nechta muhr urilgan titilib ketgan hujjat qozog’ozi, xatga o’xshagan qog’ozlar bilan to’lgan bir kichik qopcha bilan ko’hna zamonlarga xos gerbsimon naqshli tamg’ali oltin uzuk – o’g’irlab olgan balki…

Qizning hayollarini yigitning alahlashi bo’ldi. Tuni bilan takrorlagan so’zlari yana lablaridan chiqa boshladi: “Umar to’xta! Granataaaa… nega bunday qilding? Ko’zingni och…” O’z ovozidan cho’chib uyg’ongan yigit ko’zlarini olaytirgancha xonaga nazar tashlay boshladi.

- Ko’chada yiqilib qoldingiz. Issig’ingz zo’r edi… Dori darmondan keyin ancha tushdi. O’zingizni qanday his qilyapsiz? – doimiy erkalovchi biroz hasta tovushi bilan yigitni yana ham cho’chitib yuborishdan qo’rqqandek sekingina gap boshladi qiz.

- Men tuzukman, narsalarim qani? – o’ziga xos sergaklik bilan surishtirdi yigit.

- Hozir sut bilan non keltiraman, ovqatlanib olishingiz kerak. – noroziroq ohangda javob berdi qiz.

O’rnidan dast turishga intilgan yigitning ko’zlari tindi, holsizgina o’ringa cho’kkalab qoldi.

- Mana oqibati, siz yota turing.

----

Bir haftalik parvarishdan keyin yigit endi ancha o’ziga kelib qoldi. Dastlabki kunlarda nuqul ketshim kerak deb tixirlik qildi lekin hamshiraning kampirdan o’zim xabar olib turibman degan so’zlaridan so’ng bosilib qoldi. Shu kunlar davomida qizni yana ham ajablantiradigan hodisalar yuz berdi. Xat savodsiz ko’ringan bu yigit bag’oyatda ilmi va farosatli chiqib qoldi: gazeta o’qib turgan doktorbeydan mumkin bo’lsa “Independence” degan fransuzcha gazetani uzatib yuborsangiz deb qolsa bo’ladimi?! Qo’liga tutqazilgan gazetani katta qiziqish va diqqat bilan o’qib chiqdi. Keyin hamshiraning iltimosi bilan soch soqolini ham oldirdi. Eskiroq bo’lsa ham doktor bergan shim va ko’ylakni kiygach u tuqqan onasi ham taniy olmas darajada o’zgardi – xuddik loy orasidan dur topilgandek. Kiyinib bo’lib oynaga qaragan yigit yuzida hech kim tushuna olmagan sukunat balqdi. Xuddiki o’tmish voqealarini eslab quvongan, lekin g’ayrioddiy mahzun chehra.

- Hamshira xonim. - bir kuni tongda hali hech kim uyg’onmagan ovloq paytda qizning xonasi eshigini taqqilatdi yigit.

- Men hozir… Biror yordam kerakmi? Yana tobingiz qochdimi? – eshikni ochgan qiz yigitga xayron qolgancha termulib qoldi. Yigit yana eski tuskularini topib kiyib olgan xuddiki hozir jo’naydiganga o’xshab turardi. – Ketmoqchimisiz?!

- Ha shunday, hamma hammasi uchun rahmat. Men kasalxona haqini hozir to’lay olmayman, shu sabab sizlarning oldingizda juda hijolatdaman. Lekin o’n kunga qolmay qaytaman – barisini to’layman ishoning.

- Hech narsa kerakmas sizdan. Faqat iltimos o’zingiz haqida aytib keting – kimsiz aslida? Ismingiz nima? Umar kim? Deyarli har kecha shularni takrorladingiz…

- Unda sizni bog’chaga taklif qilaman, bu yerda gaplashib turishimiz noqulay. – o’ychangina eshikka qarab yurdi yigit. Ortiqdan qiz ham choodrasini yopingacha hamroh bo’ldi.

---

“Mening asl ismim leytenant Ali Nizomiddin, Sevda xonim. Izmirda qadimdan beri ko’pgina yer-suvlarga egalik qiladigan poshsholardanmiz. Maktabni tamomlab sulolamiz ananasiga aylangan harbiy bilim yurtida o’qidim, keyin shu sohada ish boshladim. Bizning polkimizni urushga safariga jo’natilishi to’g’risida farmoyish berilganda butun yigitlar shodlikdan osmonlarga sakradik. Polk kapitani yordamchisi sifatida barchani yo’l tadorigiga undadim. Hammasi qoni qaynoq, o’t olov shunqorlar edi. Ayniqsa, do’stim Umar. Ko’tarinki kayfiyatda janggohga kirib bordik. Lekin birinchi kunning o’zidayoq biz tuymoqchi bo’lgan zafar nashidasi aslida qon va o’lim hidi ekanligini angladim. Dastlabki haftaning o’zida o’nga yaqin safdoshlarimni tuproqqa qo’ydim. Ularning oilasiga halok bo’lganlari haqidagi xatlarni yozib jo’natish mening vazifam edi. Yangi qurbonlar to’g’risidagi yozishmalarni tamomlab shtab deb atalgan chodirdan chiqdim. Umar tamaki tutib gap boshladi “Bir haftada o’zgardi hammasi, ertaga kimni navbati ekana?” Jimgina men ham o’rab cheka boshladim. “Bilasanmi Ali, armiyadan qahramon bo’lib qaytaman deb uydan chiqib ketganman. Mana endi tirik qaytsam ham mayli edi deb o’tiribman. Sho’rlik onamni bir o’zini qoldirib kelganman…”

Ertasiga ham indiniga ham shu tahlitda kunlar o’tdi. Oldinga siljiganimiz sari safimiz qisqaradi. Razvedkaga chiqish to’g’risida buyruq keldi. Kapitan og’ir yaralanib gospitalga jo’natilgani uchun endi qo’monqonlik o’zimga qolgandi. Umar bilan ikki askarni hamroh qilib dushman istehkomlari tomon pisib bordik. Ularni kuzata turib bizdan yaxshi ahvolda emasliklariga amin bo’ldim. Kerakli ma’lumotlarni to’plab ortga qayta boshladik, birdan hamma yoqdan qarsillagan o’q tovushlari jaranglab ketdi. “Qo’lga tushdik! Hamma ortga” tezlikdan bergan buyrug’imni bir yigit eshitmadi, ko’ksini changallagancha yuz tuban yiqildi. Uch kishi bir amallab dushmandan qochishga tutindik. Ko’p uzoqqa ketmay ikkinchi askar ham yer tishladi. Umar ikkimiz qurshovda qolganimizni angladim. Pana joy qidirib ariq o’zaniga yashrindik. Dushman askarlari orasida tiriklayin qo’lga olinsin degan buyruq yangradi, demak ular orasida ofitser - qo’mondon bor. Yaqinlashib kelayotganlarga qarata dam badam o’q uzamiz. Bir mahal o’ra labida portlash bo’ldi, ular bizni asir olisholmasliklariga ko’zlari yetdi shekilli endi granatalar bilan hujumga o’tishdi. Ustimizga tinmay tuproq sochilar, nima bo’layotganini anglay olmay qoldik. Qandaydir qo’l meni itarib yubordi, yiqila turib Umarning oyoqlari ostidagi granata ustiga o’zini tashlaganini ko’rdim “Umar to’xta, unday qilma!!!” yana bir portlash va jimlik…. Ko’z oldim yorisha boshlagach tuproqqa botgan yarim tanamni bazo’r ko’tardim. Hayolimda bitta savol “Umar qani?”. Tuproq titib uni qidira boshladim, qo’limga bir narsa ilashdi – etik kiygan oyoq faqat tanasi yo’q! Esdan oqqan telba singari yana kavlay boshladim va burdalanib ketgan tanani ham topdim, hali unda jon alomatlari bor. Umid bilan yuzini o’zimga qaratdim, chakkasidan oqqan qon tuproqqa qorishib qotib qolgan ojizgina ixrab nafas olyapti. Gapiraman desam tilim aylanmaydi, qotib qolgan ongim bir narsa deyishga ojiz. Meni o’rnimga ham do’stim gapirdi “Ali…qutichamdagi xatlar.. onamga xizmat… savob!” shu tutilib aytilgan so’zlar bilan qo’shilab joni ham tark etdi uni… Xushimga dala gospitalida keldim. Keyingi voqealar quyidagicha bo’lgan ekan: biz otgan o’qlardan biriga dushman qo’mondoni nishon bo’lgan, shu sabab bizni batamom yo’q qilish uchun granatalar uloqtirilgan. Bizning qurshovda qolganimizdan xabar topgan qo’shin qutqaruv otryadini jo’natishgan va ular dushmanlarni chekinishga majbur qilgan… Sog’aygach istefoni rad etdim va yana jangga qaytdim. Bir yilcha ayovsiz talato’plarda qatnashdim. Uzoq kutilgan muzaffariyatni qo’lga kiritdik. Jasoratlarim uchun taqdirlashdi va endi istefoni qabul qildim. Narsalarimni yig’ishtira turib qutichani topib oldim, ichidan bir xaltacha. Unda esa do’stimning onasiga atab yozgan xatlari. Uyga qaytgach xatlarni berish uchun Umarning onasini qidirib shu yerlarga keldim. Kelib ko’rdimki yakkayu yagona farzandi urushga ketib qarovsiz qolgan kampir bolasining halokati to’g’risidagi xabardan esdan oqqan edi. Birorta harbiyni ko’rsa o’g’limning qahramon bo’lganini aytgani kelyapti deb o’ylaydigan bo’lib qolibdi. Har kuni ertalab uyg’onganda o’tgan kunlarda nima bo’lganini unutadi, xuddi bir necha oy ilgari o’g’lini urushga jo’natgan undan xat-xabar kutayotgan bo’ladi. Shu sabab deyarli har kuni oldiga borib o’g’lining xatlaridan o’qib beraman, bechora ona bolam urushda yuribdi deb o’ylaydi. Qo’limdan kelgancha yordam beraman, har uch oyda uyimga borib xo’jalik yurituvchimga kerakli topshiriqlarni berib yana qaytaman. Umar bir marta agar sog’ salomat uyga qaytsa kerak bo’lsa hammol bo’lib onasini peshona teri bilan boqishini entikib entikib so’zlab bergandi. Shu gaplarini vasiyat deb bilib shu hayotni tanladim.”

Hikoyasini tamomlagan yigit gap oxirida qo’shib qo’ydi:

- Qaytgunimcha kampirga qarab turing iltimos.

Lekin shu mahal yorishib kelayotgan ton yorug’ida kimdir bog’ko’chaga baqirgancha kirib keldi:

- Savob jinni!!! Qayerdasan?! Onangning ahvoli og’ir… - bu usta Bakir edi.

---

Kampirni tushdan so’ng yerga qo’yishdi. Qabr boshida allamahalgacha turgan yigit hech narsani anglamas quloqlari tagida kampirning xira ko’zlarini unga tikib qavariq qo’llarini bilan peshonasini silab aytgan gaplari “Umarjon bolam, bilardim qahramon bo’lib qaytishingni…”

Yigitni bu yerda ushlab turguvchi rishta uzilgan edi. Omonat qilib berilgan xatlarni egasiga topshirdi. Shu bilan bu “telba” yigitni boshqa bu yerlarda ko’rishmadi. Kimlardir qochoqligini bilib qolgan jandarmlar tutib olgan desa yana kimlardir uni Istanbul ko’chalarida ko’rganini aytadi.

---

Nizomiddinbey qo’rg’oni, Izmir. Uch oydan so’ng.

Bahor nafasi bo’lgan iliq nasimlar erta esa boshladi. Tabiat mudroqlikdan uyg’onib daraxtlarda kurtak yora boshlagan, kichikroq butasimon gullar esa barg yozib ulgurgan. Ularning tagini yumshatib yurgan bog’bonni bir qarashqayoq tanishingiz aniq – bu o’zimizning Savob Jinni.

Faqat bu yerlarda uni Alibey deb atashadi shu ko’rkam qo’rg’on va atrofdagi kattagina bog’ xojasi. Yana allaqancha mulklar egasi. Kunlar ilibdiki nimadir qidirgandek gulzorlarida timirskilanadi. Lekin hech o’zi qidirgan bo’y-iforni tuya olmaydi, olislarda qolib ketgan faraxli damlarni.

Bugungi tong ham yana shu umid bilan ko’chat o’tqazishga tutindi. Xuddi kutgan narsasi – nechi oylardan beri tushlarida ko’rgani bugun sodir bo’ladigandek rosa berilib ter to’kdi. Ortidan kelib nimadir so’rashga iymanib turgan chodrali ayolni anglab ortiga burildi.

- Kechirasiz, savob tarqatadigan kishini qidirib yurib edim….

Boshqa hikoyalar