tungi.ru

Keyingi bekat – Ayriliq! 2-qism

Keyingi bekat – Ayriliq! 2-qism

Saidaning otasi Baxtiyorni o`z huzuriga chorlagan kuni ishdan tund kayfiyatda qaytdi.

— Bo`lmaydi, — dedi qizining iltijoli ko`zlariga tik qarashga botinolmay. — Tushun, qizim, hozir yoshsan, bilmaysan. Ammo, ertaga boshingga turli qiyinchiliklar tushib, ko`zing ochilganda kech bo`ladi. Yigitning mavqei ham, oilasi ham, nasl- nasabiyam to`g`ri kelmaydi. Keyin, sen shaharda o`sgansan, qishloqda yasholmaysan. U erning sharoitini tasavvur ham qilolmaysan. U esa bu erda qolmoqchi emasga o`xshaydi.

Qiz shu asnoda hamma umidlari chilparchin bo`lganini sezsa-da, vujudidagi bor jur`atini to`plab, umrida ilk bora otasining yuziga tik qaragisi, yuragida o`t olgan isyonga erk bergisi, «Ota, hali qishloq ekan-ku, jahannamda ham u bilan birga bo`lishga tayyorman» degisi keldi. Ammo otaga nisbatan norozilik hissi ojizlik ko`z-yoshlaridagina ifoda topa oldi.

O`sha oqshom tonggacha uxlolmay chiqdi. To`g`rirog`i, keyingi hayotini Baxtiyorning ishtirokisiz tasavvur etarkan, ko`ziga uyqu, diliga halovat inmadi. Yo`q, bo`lishi mumkin emas. U hayotdagi eng oliy matlabini amalga oshirishi uchun ota-ona rizoligidan voz kechishga ham tayyor. Ertaga fakultetda Baxtiyor bilan ko`rishadilar. U muhabbati uchun har qanday qarshilikni engishga tayyor. Axir bu hayotda ota-onalar roziligisiz bir-biriga etishgan oshiq- ma`shuqalar ozmi? Xo`sh, Baxtiyor va Saida ular safida joy olsalar nima bo`pti?

...Ertasi kuni, fakultet orqasidagi xiyobonda qizning yuragini lipillabgina yoritib turgan so`nggi umid shu`lasi ham so`nib, butun borlig`ini so`ngsiz zulmat chulg`adi. Demak, shu paytga qadar hammadan irodali, hammadan qat`iyatli va kuchli deb bilgani – Baxtiyor taqdir taqozosiga shu qadar oson bo`yin egibdi.

Yo`q, bunday bo`lishi mumkin emas. Boshimga tosh yog`sa ham, jismimni nimtalab tashlasalar ham, jonimni ming bir azobda qiynasalar ham sizni hech kimga bermayman, deya ahdu paymon qilgan Baxtiyor emas, boshqa odammidi? Yoki otasi kecha bechora yigitni qattiq tahqirlab, qalbini vayron qildimikin?

Shu payt ko`ksini ayovsiz tilkalayotgan dard-alamlarni kuchli bir faryod bilan tashqariga otgisi, yigitning bo`yniga osilib, «bir umr cho`ringiz bo`lishga tayyorman, qaerda bo`lsayam siz bilan yashashga tayyorman, sizsiz men uchun hayot to`xtab qoladi» deya dod solib yig`lagisi keldi. Ammo qarshisida ojizlik va taraddud izmida turgan bu yigit nazarida bunday fidoyilikka noloyiqdek ko`rindi.

Aytar gapini aytib, ters burilgan chog`da ham, yigitning ortidan yugurib kelishi, bag`riga bosib erkalashi, ming bor aytgan o`tli, jarangdor dil izhorini bir— da qaytarishini kutdi. Ammo kutgani ro`yobga chiqmadi. Uning qadamlari qizni o`z mahbubidan bir umrga olislatib borardi...

...Endi esa, ro`parasida g`urra bo`lgan peshonasini silab o`tirgan anavi tepakal erkak bir payt qalbiga ega chiqqan ko`rkam yigit ekaniga ishongisi kelmaydi.

— Odatda... bunaqa kech yurmasdingiz.

Saida yalt etib gazeta sahifalari osha Baxtiyorga qaradi. Rost, o`sha paytlarda uyga kech qaytishdan qattiq qo`rqar, uchrashib yurganlarida ham qorong`u tushmay xayrlashish tadorigiga tushib qolardi. Esida ekan.

— Ha, nimasini aytasiz, — Biroz jimlikdan so`ng Saidaning yuzlarida o`sha, qadrdon, latif kulgich o`ynadi. — Qizlik paytlarda shunaqa edi. Adam rosa «strogiy» turardilar. Endi... qizlari oilali, uyli-joyli bo`lgandan keyin, hamma mas`uliyatni, javobgarlikni kuyovlariga topshirib qo`yganlar-da!

Poezd navbatdagi stansiyada to`xtab, ularning suhbati ham uzilib qoldi. Suxondonning keyingi bekt haqida e`loni tugagach, Baxtiyor yana Saidaga yuzlandi:

— Agar sir bo`lmasa... bolalar nechta bo`ldi? Pochchamiz nima ish qilyaptilar?

Daf`atan ayolning qiyofasi jiddiylashdi. Uning yuz-ko`zlaridan «nimaga so`rayapsan» qabilidagi ma`noni uqish qiyin emasdi. Saidaning taraddudlanishi Baxtiyorni ham o`ng`aysiz ahvolga solib qo`ydi.

— Xudoga shukur, nolimayman, Bir o`g`il, bir qizimiz bor. Katta o`g`lim ikkinchi sinfga boryapti. Adamiz organda ishlaydilar, yaqinda unvonlari oshdi, mayor bo`ldilar.

— Zo`r-ku, — iljayishga harakat qildi Baxtiyor. — Unvonlari bundan keyin ham oshaversin. O`zingiz ham ishlayapmsizmi?

— Ha, institutda dars beraman. Nomzodlikni ham yoqlash arafasida turibman. Adamiz esa, o`zingni qiynab nima qilasan, deydilar, eganing oldingda, emaganing orqangda bo`lsa, sanga nima etishmayapti? Uyda o`tir, bollaringga qara, o`sha oladigan oyligingni men beraman, deb hol-jonimga qo`ymayaptilar.

— Unda pochchamiz sizni juda qadrlar ekanlar!.. Hozir... uyga qaytyapsizmi?

— Ha! Oyimlarnikiga boruvdim. Xolalarim kep qolishdi. Keyin... qop ketdim. Bolalarni qo`shnimizning qiziga tashlab kelganman. Bo`lmasa, yotib qolardim.

— Pochchamiz uydamasmilar? — Baxtiyorga bu savolning javobi umuman ahamiyatsiz bo`lsa-da, baribir nimadir deyish, nimanidir so`rash kerak edi. Saida esa, bamaylixotir, zavq-shavqqa to`lib gapirardi:

— Qatta? U kishi uch-to`rt kun avval chet elga, komandriovkaga uchib ketganlar. Agar uyda bo`lganlarida metroda yurarmidim. Yo o`zlari borib opkelardilar, yo «slujebniy» mashinani jo`natardilar. O`zimam... mashina haydashni hech o`rganolmadim-da! Bo`lmasa, ana, garajda ikkitasi yotibdi. Qaytayotganimda taksi to`xtatmoqchi bo`ldim, lekin bunaqa bemahalda taksidan ko`ra metro ma`qulroq ko`rindi. Metrodan shundoq chiqishim bilan uyimiz. Besh xonali bankovskiy uylardan olganmiz. O`zingiz nima qip yuribsiz? Manimcha.. ketgandingiz, shekilli?

— Ha, ketganimga ancha bo`ldi... o`z soham bo`yicha ishlamadim. Hozir kattagina fermer xo`jaligim bor. Ancha-muncha er-suv, mol-hol, degandek... Toshkentga fermerlar qurultoyiga chaqishirigan ekan. Kechroq tugadi. Tasodifni qarang. Men ham ko`pdan beri jamoat transportida yurmay qo`yuvdim. Uch kun oldin mashinamni remontga berganman. Yo`lovchi mashinalardan bittasiga ilashib kelaverdim. Yig`ilishdan chiqqanimizdan keyin sheriklar bir restoranda o`tirib biroz chaqchaqlashdik. Taksilar qo`nalg`asiga oborib tashlashmoqchi bo`lishdi, o`zim ko`nmadim. Yoshlik yillarini qo`msabmi, metroga tushgim keldi. Mana, shu bahona siz bilan uchrashib turibmiz...

— Nimasini aytasiz?... Aytgancha, o`zingiz oilangiz haqida gapirmadingiz.

— Menmi?... Uylanganman. O`zimiz tomondan. Qishloqqa qaytishim bilan xolamning qiziga uylantirib qo`yishdi. Mana, o`n yildirki, bir tomning tagida yashab kelyapmiz. Uch o`g`lim bor. Uchoviyam quyib qo`ygandek bir-biriga o`xshaydi. Kattasi futbolga qiziqadi. Ikkita kichigi qachon qarama, bir-biri bilan boks tushadi. Rosa shumtaka!

— Rostdanmi? Menikilar ancha quyilib qolgan. Katta o`g`lim nuqul besh oladi. Yurist bo`laman deb yuribdi. Qmzim esa, do`xtir bo`laman, deydi.

— Yaxshi. Inson baxtli yashashi uchun bundan ortiq yana nima kerak? Oilangiz tinch, ro`zg`oring but, bolalaringiz sog`-salomat bo`lsa, shuni o`zi etarli-da!

— To`g`ri aytasiz, bandasi sabr qilsa, Yaratganning o`zi bir kuni baxtini to`kis qilib berarkan.

— Haq gap. Xudoga shukur qilishimiz kerak!

— Ha, Xudoga shukur!...

Shundan keyin ovozkuchaytirgichdan navbatdagi bekat e`lon qilingunga qadar jim borishdi. Aytilishi kerak bo`lgan gaplar oxirigacha aytib bo`lingandek edi.

— Baxtiyor aka, men etib keldim. Siz ham yaxshi etib oling. Uydagilarga, kennoyimga salom deng. Bollarani o`pib qo`ying.

Baxtiyor bir zum ayolga hissiz termilib turgach, xiyol jilmaydi. Ohista o`rnidan qo`zg`aldi.

— Bo`pti, siz ham yaxshi dam oling. Biz tomonlarga yo`lingiz tushsa, albatta, kirib o`ting. Pochchani, bolalarni olib boring, xo`p.

— Mayli!

— Xayr!

«Ehtiyot bo`ling, eshiklar yopiladi. Keyingi bekat...»

Eshiklar sharaqlab yopilgach, vagon bir silkinib, ilgariladi. Oynadan umidsiz tashqariga termilarkan, bekatdagi turfa chiroqlar, devoriy suvratlar, Saidaning baxt polrlab turgan qiyofasi ortda qolayotgan edi. Nihoyat, poezd yana qorong`i g`or ichidan o`rmalay boshladi. Qachondir bu tanish bekatni ko`rish yana nasib etar, ammo, Endi Saidani qaytib ko`rolmasligi haqiqatga yaqinroq.

Yuz-ko`zlari aytib turibdi: u hayotidan mamnun. Eri haqida gapirayotganida chehrasi yanayam porlab ketdi. Baxtini topgani rost bo`lsin. O`shanda, qalb amriga quloq tutib, uni o`zi bilan qishloqqa olib ketganida nima bo`lardi?

Umrida ikki og`iz yolg`onni eplab gapirolmaydigan odam shuncha uydirmani qanday to`qib tashladiykin? Fermer xo`jaligimish? Qurultoymish? Restoranda ziyofatdan kelayotganmish... Aslida peshindan beri tuz totgani yo`q. Qiziq, shuncha safsata gaplarni batafsil aytib berishga kim uni majbur qildi?

Boshqa nimayam desin? Maktabda maosh kamlik qilib, ishdan bo`shaganini aytsinmi? Dehqonchilikda ham, savdoda ham ishi yurishmaganidan gapirsinmi? Toshkentga fermer qurultoyiga emas, vazirlikda ishlaydigan bir tanishining yoniga tuzukroq ish so`rab kelganini Saidaga qanday aytsin? Rostmi-yolg`onmi, tanishi ish yuzasidan chet elga ketganmish, bir oysiz qaytmasmish.

«Uch o`g`lim bor» deb qaysi til bilan aytdi. Xudo bittasini berganda ham jon derdi. Xotini bilan salkam o`n yil umid bilan bir yostiqqa bosh qo`yib keldi. Do`xtirlar tekshirib, aniq-tiniq xulosani aytgach, ajrashishga majbur bo`lishdi. Farzandsizlik sababi er-xotinning yaqin qarindoshligida ekan...

Bir tomondan shu yolg`onlar bo`lmaganida holi nima kechardi? Saida uning haqiqiy ahvolidan xabar topganida nima qilardi? Rahmi kelarmidi? Ich-ichidan sevinarmidi? Yo`q, Saida unaqa qizlardan emasdi. Yana kim bilsin, shart-sharoit har qanday odamni ham o`zgartirib yuborarmish.

Saidaga uylanganida balki hayoti butunlay o`zgarib ketarmidi? O`shanda Saida hozirgidek o`zini baxtli, saodatli his etarmidi? Kim bilsin, buni taqdir deydilar. Mayli ikkovlari birga baxt nashidasini surishmagan bo`lsa-da, loaqal ulardan biri chindan baxtli ekan, shunisiga ham shukur.

Baxtiyortning parishon yuzlarida xayolchan tabassum indi...

— Oka, bu oxirgi stansiya. Tushmaysizmi? Xizmat kiyimdagi metro xizmatchisining dashnomidan hushini bir joyga to`plagan baxtiyor horg`in qadamlar bilan tashqariga chiqdi.

Metro bekati yaqinidagi maydonchada tizilib turgan avtobuslar orasidan keragini qidirib topdi. Bo`sh o`rindiqlar qolmabdi. Yo`lakda o`tirib ketadigan bo`ldi. Avtobus xuddi uning kelishini kutib turgadek, guvillagancha oldinga siljidi.

...Shuncha yolg`on gapga ishondimikin? Oliftagarchilikka balo bormidi? Uyida qo`sha-qo`sha mashinasi bor odam metroda yuradimi? Eri xorijga, komandirovkaga ketganmish. Yaqinda mayor bo`lganmish. Go`r bularmidi? Milisiyadan quvilganiga etti yil bo`ldi-ku! Tuppa— tuzuk ishlab yuruvdi, balo bormidi «gera»mi, go`rmi-ermi, o`shanaqa narsaning savdosiga aralashib. Bu gaplarni Baxtiyorga qanday aytadi? Boshqa nimayam desin? Qo`lga tushib, qamalib ketganini aytsinmi? Erini chiqarib olish bor budini, hatto uyigacha sotgani-yu, hozir ikkita bolasi bilan birovning uyida ijaraga turganini hasarat qilsinmi?

Institutdan oladigan oyligi yo`lkirasiyu ijara puliga uchma-uch etadi. Repetitorlik qilib topgan besh-to`rt tangasi ro`zg`orni boqishga arang etib turibdi. Yolg`iz ayolga qanchalik qiyinligi boshqalar bilmasayam Saida yaxshi biladi.

Nima bo`lgandayam, to`g`ri qildi. Mayli, baxtsizlik ham kimgadir nasib qilishi kerak-ku! Oradan shuncha yil o`tgan bo`lsa-da, bir zamonlar yuragida ishq undirgan o`sha yigitni yana bir ko`rsam edi, degan mitti bir ilinj lipillab kelardi. Loaqal shu orzusi (agar bu orzu bo`lsa) amalga oshdi-ku! Qiziq, xolasining qizini... sevarmikin? U-chi? Mayli, qo`sha qarishsin!

Saida ana shu xayollar qurshovida eshik tugmasini bosayotganida, Baxtiyor joy olgan avtobus shaharni tark etib ulgurgandi...

O‘xshash hikoyalar