Snayper 5 (kamolov)
Nastya xolani bag'riga bosgancha turardi-yu, Mirsoli quvonchdan yorilay derdi. Taqdiriga, bunday kutilmagan baxtga, tasodifga sira ishongisi kelmasdi.
— Ena, men baxtliman! Men juda baxtiyor o'g'ilman! Ishonasizmi shunga? Siz-chi? Sizam baxtlimisiz endi? Ena! Nega indamaysiz?..
Savollariga javob ololmagach, Mirsoli birdan sergaklandi va Nastya xolaning yelkasidan tutib, yuzlariga boqdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, onasining rangi dokadek oqarib ketibdi, eshitilar-eshitilmas harsillar, ko'zlaridan duv-duv yosh to'kardi.
— Ena! Sizga nima bo'ldi, ena? Ko'zingizni oching!..
Shunday deb Mirsoli jonholatda Nastya xolani dast ko'tarib oldi-da, divanga yotqizdi.
— Ena! Nega bunday qilyapsiz? Mazangiz qochdimi? Suv beraymi? Nima qilay, ena?
Nastya xola bazo'r ko'zlarini ochdi-da, yuragiga kaftini bosib, nimagadir ishora qildi.
— Nima?.. Hozir! Hozir «Tez yordam» chaqiraman!..
U anglab yetgandi. Onasining yuragiga nimadir bo'lganini chuqur his etgandi.
Ikkilana-ikkilana, Nastya xolaga tikilib turdi-da, yo'lakka chopdi. Telefon xuddi o'sha yerdagi devorga mahkamlangan edi.
* * *
Ortga qaytganda, harqalay Nastya xola ko'zlarini ochgan ekan. Divanga yopilgan ko'rpa qatini ko'tardi-da, pasportini olib Mirsoliga tutqazdi.
— Mana bu mening hujjatim, — dedi u harsillay harsillay. — Senda tursin! Men… Yo'qotib qo'ymay tag'in, bolam!
Mirsoli pasportni qo'liga oldi-da, birinchi sahifasini ochdi. U yerdagi yozuvlarni o'qib esa hayratdan ag'darilib tushayozdi. Shoshib Nastya xolaga yuzlandi.
— Ena, — dedi ovozini hiyla pasaytirib. — Anastasiya Krutaya deb yozishibdi. Familiyangiz… Shundaymi?
— Ha, — dedi ona jilmayishga urinib. — Familiyam shunday, o'g'lim!.. Senga Aleksandr degan nomniyam o'zim qo'yganman. Sen Aleksandr Krutoysan, jonim!..
— Nima?..
Mirsoli darhol Tatyanani yodga oldi. Chunki unga xuddi o'sha ayol Sasha Krutoy degan taxallus bergandi.
«Nima balo, Tatyana avliyomidi? — o'ylardi u bosh chayqab. — Yo bilganmikan men haqiqatan Krutoylardan ekanimni? Yo'q, bo'lishi mumkinmas. U avliyo ekan, ha! Bilganday shunday nom bergan ekan!.. Qiziq… Sira tushuna olmayapman nimalar bo'layotganiga!..»
Mirsoli xayolga berilib onasini mahtal qilib qo'ymaslik ilinjida o'zini tutib oldi va Nastya xolaning bosh tarafiga o'tirib oldi.
— Ancha yaxshimisiz, ena? — so'radi u Nastya xolaning kaftiga kaftini bosib. — Rangingiz o'ziga kelib qoldi. Hozir do'xtirlar kelishadi. Yaxshi bo'p qolasiz, ena!
— Mendan xavotir olma, — dedi Nastya xola unga g'amgin termilib. — Jin urmaydi! O'zingni ehtiyot qil! Mana shu uyni juda asragin! Bu-chi, Krutoy bobomizdan qolgan, jonim!
— Ena, unaqa vahima qilavermasangiz-chi! Yaxshi bo'lasiz! Bitta ukol qilishsin, o'tib ketadi. Charchagandirsiz-da! Tuzatishmasa, o'sha do'xtirlarining ham abjag'ini chiqaraman!..
Mirsoli negadir ko'ngli g'ashlangan kabi beixtiyor yuzi tundlashib, og'ir xo'rsindi.
Shu mahal tashqari eshik qo'ng'irog'i bezovta jiringlagani qulog'iga chalindi.
«Tez yordam»chilar kelishibdi. Mirsoli ularni Nastya xola yotgan xonaga boshlab kirdi.
— Xolani olib ketmasak bo'lmaydi, — dedi vrach Nastya xolani obdon tekshirib ko'rgach. — Yuraklarining ancha mazasi yo'qqa o'xshayapti. EKG qilib aniqlashimiz shart.
— Gap yo'q, — dedi Mirsoli onasiga zimdan qarab olib. — Tuzalib ketadimi enam, do'xtir?
— Men xudomasman, — sovuqqonlik bilan javob qildi vrach asabiy lab tishlab. — Kasalxonaga boraylik, mutaxassislar ko'rigidan o'tsin! Ana undan keyin o'shalar bir nima deyishadi. Xo'sh, sizam birga borasizmi?
— Albatta boraman, — dedi Mirsoli. — Qolarmidim? Boraman-da enam bilan!
— Unda vaqtni cho'zmaylik! Ana, sherigim ikkalangiz ko'tarib mashinaga olib chiqinglar! Xolaga hozir yurish tugul, o'rnidan qo'zg'alish ham mumkin emas!
Mirsoli oq xalatli, bo'ydor yigit olib kirgan zambilga Nastya xolani o'sha yigit bilan birgalikda avaylab yotqizdi.
Ko'z ochib yumguncha «Tez yordam» mashinasi kasalxona hovlisiga kirdi. Qabulxonadagilar Nastya xolani tekshirib ko'rishdi-da, jonlantirish bo'limiga qo'ng'iroq qilishdi. Zum o'tmay, vrach yetagida Nastya xolani bo'limga olib kirib ketishdi.
Oradan qirq daqiqacha vaqt o'tdi. Mirsoli hanuz kasalxonaning jonlantirish bo'limi eshigi yaqinida turar, ichiga chiroq yoqsa yorishmasdi. Bir mahal eshik ochilib, ko'zoynak taqqan, o'rta yashar vrach yo'lakka chiqdi. U atrofga alanglab, Mirsolidan bo'lak hech kim yo'qligiga amin bo'lgach, muloyimlik bilan so'radi:
— Krutaya Anastasiyaning yaqinimisiz?
— H-ha, men o'g'liman, — dedi Mirsoli vrachga umidvor tikilib. — Xo'sh, enamning ahvoli qalay? Tuzukmi?
Vrach bir-ikki bosh qashib oldi-da, Mirsolini bilagidan ohista tutib deraza tomonga boshladi.
— Biz qo'limizdan kelgan hamma ishni qildik, — yer chizgan ko'yi javob qildi vrach. — Nima qilay? Xudoning xohishi bo'ldi. Onangiz olamdan o'tib qoldi, uka!
— Nima?
Bu xunuk xabarni eshitib, bir zumda Mirsolining peshonasini sovuq ter bosdi. Yuragi keragidan tezroq urib, miyasi g'uvilladi.
— Menga qara, — o'zi bilmagan, o'zini idora etmagan holda vrachning yoqasiga chang soldi u. — Nima qilding enamni? Nega o'ladi? Unga nima bo'libdiki, kasalxonaga kelib o'lsa? Gapir! Hozir jag'ingni tushirib qo'yaman!..
— U-uka, o'zingizni bosing, — deya Mirsolining qo'lidan xalos bo'lishga urinardi vrach. — O'tkir infarktga yo'liqqan ekan onangiz, tushuning! Yuragi ko'tara olmadi! Qo'limizdan kelgan hamma ishni qildik, axir!..
Xayriyatki, jonlantirish bo'limidagilar baqir-chaqirni eshitib, ko'plashib yo'lakka chiqishdi. Kimlardir Mirsolini vrachdan ayirib olib, chetga tortdi. Yana kimdir vrachni imi-jimida ichkariga olib kirib ketdi.
* * *
Oradan yana bir soatcha vaqt o'tdi. Mirsoli «Morg»dan Nastya xolaning jasadini olib ketish ilinjida hovlidagi o'rindiqlardan birida o'tirar, qayg'udan o'lay derdi. Shu lahzalarda miyasi ham ishlamay qolgandek karaxt edi. Bir mahal o'rindiqqa keksayibroq qolgan bir erkak munkillagan ko'yi kelib o'tirdi-da, kissasidan sigaret chiqarib tutatdi. Erkakdan badbo'y ichkilik hidi anqir, nafas olishi bejo edi.
— Tur bu yerdan, boboy, — dedi Mirsoli unga sovuq boqib. — Men shumqadamman! Agar tirik qolishni xohlasang, tez bu yerdan ket!
— Nima? — erkak unga qattiqroq tikilib angraydi. — Nimaman deding?
Azbaroyi alami kelib turgan Mirsoli endi bor ovozda qichqirdi:
— Men yuqumli kasalga yo'liqqanman! Hozir kasalim yuqib qoladi sengayam! Ket bu yerdan!
— Ie, sh-shunaqami? B-bo'pti! Hozir, hozir!..
Erkak ko'z ochib yumganchalik fursat ichida g'oyib bo'ldi. Mirsoli yolg'iz qolganidan biroz ko'ngli tinchlangandek chuqur xo'rsindi. Biroq bu yolg'izlik uzoq cho'zilmadi. Sal nariga tanish mashina kirib kelib to'xtadi va eshigi ochilib, podpolkovnik u tomonga yurib kela boshladi.
«Shu nusxa yetmay turuvdi hozir, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli majburan o'rnidan qo'zg'alib. — Qaerdan bilib qoldiykin bu yerdaligimni?..»
— Mergan, ta'ziyamni qabul et! — podpolkovnik og'ir qadamlar bilan yaqinlashib, Mirsoliga quchoq ochdi. — Bandalik ekan! Senga sabr bersin! Ul-bul yordam kerak bo'lsa, mana, me turibman! Harqalay, begonamasmiz, uka!
— Rahmat, nachaylik, — dedi Mirsoli qovoq uyib. — Hammasi joyida. Hozir «morg»dan olsam, ta'ziyaga tayyorgarlik ko'raman. Tobutgayam buyurtma berib qo'ydim! Aytgancha, o'zingiz yaxshimisiz? Ishlaringiz joyidami?
Podpolkovnik bu savollarni eshitib beixtiyor yo'taldi. Uch-to'rt karra yo'talib olgandan so'ng ko'kka boqib o'ychan gap boshladi.
— Ochig'i, hozir bu haqda gaplashmasak devdim. Har holda boshingga manavinaqangi ish tushib turibdi. Kel, men haqimda keyin gaplashamiz!
— Aytavering, — dedi Mirsoli. — Ko'rib turibman, negadir xotirjam emassiz. Sezyapman. Aytavering, nima gap?
— Qo'ysang-chi, — qaysarlik bilan Mirsolini tinchlantirishga intilardi podpolkovnik. — Oldin onang rahmatlini joyiga qo'y, marosimlarini o'tkaz. Ishni ana undan keyin bafurja gaplashamiz.
— Bilasizmi, — dedi Mirsoli mushtlarini alam aralash tugib. — Enam o'z ajali bilan o'lmagan. Sezib turibman. Mazasi qochuvdi, do'xtirlar saqlab qolsa bo'lardi hayotini. Bu yerda nimadir bordek tuyilyapti. Kimgadir kerak bo'lgan shu narsa. Lekin kim? Qaysi parazit bu ishga qo'l urdi? Bilmadim… Bilmadim…
— Shu gapni aytmay qo'ya qolay devdim, — «morg» tomonga qarab so'z qotdi podpolkovnik.
— Ammo senga dushman emasman. Menga qara, hozir haqiqatni aytaman. Sen esa o'zingni bosvolasan. Hovliqmaysan, jahl otiga minmaysan. Chunki hozir buning mavridi emas.
— Tushundim, — dedi Mirsoli bosh irg'ab. — Aytavering, yosh bolamasman.
— Haqiqatan, onang o'z ajali bilan o'lmagan. Bilasanmi-yo'qmi, bizning sohada har bir xodimning o'z agenturasi bor. Boya menga o'shalardan biri xabar yetkazdi. O'g'riboshilar astoydil izingga tushishibdi. Shaharda «Begun» degan bir maraz bor. U «Topor»ning hamtovoqlaridan biri edi. Aynan o'shaning yugurdaklari enangni kasalxonaga olib kelishganda shu yerda o'ralashib qolishganmish. Demak, o'shalar do'xtirlar bilan kelishgan, shu bahonada sendan o'ch olmoqchi bo'lishgan.
— Ablahlar, — deya kasalxona tarafga jahd bilan boqdi Mirsoli. — Birini o'ldirsang, boshqasi chiqib kelaversa. Suvarakka o'xshaydi bular. Yo'q, o'ldiraman ularni, o'ldiraman! Izn bering, meni qo'llab turing, o'ch olaman hammasidan!
— O'zingni bos, oldin marosimlarni o'tkazib olaylik, onangning ruhini bezovta qilishdan nima foyda? O'ch olishga ulgurasan. Yur, jasadni opchiqamiz hoziroq! Rasmi-rusumi bilan qabrga qo'yish lozim. Yur, uka!..
* * *
Hayot davom etaverarkan. Hash-pash deguncha Nastya xolaning «qirq»i ham o'tdi. Ana endi asosiy ishga o'tsa bo'lardi. Mirsoli azbaroyi nafrat olovida kuyib podpolkovnikni qistovga oldi. Shubhasiz, podpolkovnikning ham o'z maqsadi, rejasi, niyati yo'q emasdi. Mirsolining qo'li bilan dushmanlaridan xalos bo'lish ishtiyoqida yonardi.
Ular xavf soya solmasligi uchun shahardan chetroqdagi katta daryo ko'prigida uchrashishdi.
— Meni «glavka»ga yuqori lavozimga tayinlashmoqchiydi, — dedi podpolkovnik. — Lekin Tarasov degan polkovnik yana yo'limga g'ov bo'ldi. Xuddi o'sha iflos «Begun» bilan osh-qatiq. Yuqoridagilarga rosa «sasib»di chog'i, general niyatidan qaytib o'tiribdi.
— Mening ishim nimadan iborat? — so'radi Mirsoli. — Qo'rqitib qo'yishim kerakmi?
— U yaxshilikchasiga qo'rqmaydiganlar xilidan. Tinchitish kerak uni. Keyin esa «Begun»ga chiqsang yarashadi.
— Oldin o'g'riboshini tinchitsam-chi? Harqalay…
— Yo'q, bu noto'g'ri. «Begun»ning odamlari darrov Tarasovga chopadi. Sening taqdiring xavf ostida qolishi mumkin.
— To'g'ri, — dedi Mirsoli bosh chayqab. — Buyog'ini o'ylamabman. Demak…
— Senga qo'ng'iroq qilib, manzilni, aniq vaqtni aytaman. Ungacha uyingda o'tir. Tayyorgarligingni ko'r! Mana ko'rasan, biz albatta yutib chiqamiz.
— Bunga shubham yo'q.
— Mayli unda, ko'rishguncha!..
* * *
Vaqt shomga yaqinlashganda, podpolkovnik aniq manzilni telefon orqali tushuntirdi. Mirsoli qo'liga qurolni oldi-da, taksi tutib juda tez fursatda o'sha joyga yetib bordi. Bu gal ham ilgarigisidek manzil ko'p qavatli uyning chordog'ida edi. Hech qanday to'siqsiz chordoqqa chiqdi-da, yaxshilab joylashib olib podpolkovnikning qo'ng'irog'ini kuta boshladi.
««Xudoyim, bu ishda har gal menga hamroh bo'layotganingga shukr qilaman, — o'ylardi Mirsoli. — Biror to'siq, qarshiliksiz ishimni bitiryapman. Demak, men to'g'ri ish tutayotganimga o'zing guvohsan. Qolaversa, o'zing menga shunday qismatni loyiq ko'rding. Keyinchalik ham qo'llashingni istardim. Men begona yurtdaman, onalarimning jonini olding, yolg'iz qoldim, endi o'zing qo'llamasang, ahvolim juda og'ir bo'ladi…
Yarim soatcha chordoqda o'tirgach, kutilgan qo'ng'iroq ham bo'ldi. Tarasov ikki-uch daqiqa ichida ro'paradagi bank binosiga kelarkan. Mashinadan tushganda ulgurishi kerak…
Qarabsizki, bu ish ham xamirdan qil sug'urgandek oson bitdi. Mirsolining baxtiga polkovnik bankka yolg'iz o'zi, qo'riqchilarsiz tashrif buyurgandi. Yerga chalqancha qulab, qonga bo'yalgan Tarasovni faqat o'tkinchilar o'rab olishdi va «Tez yordam» chaqirishdi. Bu orada Mirsoli allaqachon chordoqdan pastga tushgan va taksida podpolkovnik belgilagan manzil tomon ketib borardi.
— Barakalla, — uning yelkasiga qoqdi podpolkovnik. — Boplading. Meni xavfli va yovuz dushmanimdan xalos qilding. Qarzdorman. Xudo xohlasa, yuqori lavozimni egallasam, seniyam oshig'ing olchi bo'ladi. Biz hech qachon mag'lub bo'lmaymiz.
— Men o'zimdan o'zim nafratlanib ketyapman, — dedi Mirsoli yer chizib. — Qaerga borsam, kim bilan gaplashsam, yaqin bo'lsam, o'sha odam o'lib qolyapti. Shumqadamman men, ishonasizmi, shumqadamman! Hozir siz bilan gaplashib turibman-u, qo'rqib ketyapman.
— Qo'ysang-chi, — dedi qo'l siltab podpolkovnik. — Bu eskilik sarqiti. Qanaqa shumqadam? Ajali yetgan odam sen-u mendan so'rab o'tirmaydi. Jonini jimgina topshiraveradi xudoga. Bunaqa bo'lmag'ur xayollarni kallangdan chiqarib tashla! Undan ko'ra «Begun» haqida o'yla! Senga tish qayrab o'tirganini ko'z oldingga keltir!
— Uniyam polkovnik kabi chetdan turib otib tashlaymanmi? Jonga tegdi-ku pusib yashash, aka!
— U holda to'g'ri «Begun»nikiga kirib bor! — dedi podpolkovnik kulib. — Qo'riqchilariga kuching yetadimi o'zi? Ha-ya, sen sportchisan-ku aytgancha! Qara, butkul esimdan chiqibdi-ya!
— Bu maslahatingiz menga ma'qul, — dedi Mirsoli jonlanib. — Rostdanam to'g'ri kirib boraman.
— Kirib borgandan nima naf? Nimani isbotlaysan? O'zingni turmaga tiqishlarini xohlaysanmi?
— Siz borsiz-ku! Nimadan qo'rqaman?
— Yo'q, oshna, bu ishing to'g'ri kelmaydi. Sen u yaramaslarni bilmaysan. Yaxshisi, oldin tayyorgarlik ko'rib olishing kerak.
— Qanaqa tayyorgarlik?
— Mening agenturam ko'-p foydali xabarlarni yetkazgan «Begun» haqida. U iflosning bo'ynida o'nlab qotilliklar osilib turibdi. Qolaversa, uning tungi klublari, «Tochka»larida giyohvand moddalar ochiqchasiga sotiladi. Mana shularni bo'yniga qo'yib, ana undan so'ng tuzoqqa ilintirsang yarashadi. Xo'sh, rejang bormi bironta?
— Ha, bor, — dedi Mirsoli bosh qashib. — Siz menga o'sha «tochka»lar manzilini aniq ayting. Uyog'ini o'zimga qo'yib bering!
— Menga qara, haqiqatan bir o'zing kirib bormoqchimisan? Xavfli bu sen uchun. Yaxshilab o'yladingmi?
— Mening yo'qotadigan hech nimam qolmadi. Ularga nisbatan alamzadaman. Yuragimda qancha alam borligini bilsangiz edi…
— Yo'q, baribir xavfli. Seni xavf ostida qoldira olmayman. Mayli, bir o'zing bor, ammo tashqarida maxsus xizmat askarlari shay turishadi. Qo'lingga diktofon beraman. Kirmasdan oldin yoqib qo'yasan. Shu yo'l bilan tilidan ilintirasan. Qo'ng'iroq qilish ham o'ziga xos bo'lishi kerak. Go'yo telefonni kovlashtirayotgan bo'lasan-u, menga gudok tashlaysan. Shu zahoti askarlar bosishadi ularni.
— Bu taklifingizga rozi bo'lolmayman. Askarlarni ovora qilishning nima keragi bor? Undan ko'ra, bir o'zingiz tashqarida poylab turing. Gudok ketishi bilan kiraverasiz. Xavotir olmang, men anoyi emasman. Ularning qo'lida o'ladigan ahmoq yo'q.
— Uf-f, qaysarsan-da o'taketgan! — xo'rsiniq aralash so'z qotdi podpolkovnik. — Tutgan yeringni kesaman deysan. Axir ular…
— Azroil emasdir? Menga o'xshagan odam-ku! Yo menga ishonmaysizmi?
— Bo'pti, bilganingni qil! Yur, diktofon bilan kerakli ma'lumotlarni beraman. Qani, ko'ray-chi, qanday psixolog ekansan.
— Gap yo'q, ketdik!..
* * *
Mirsoliga baribir edi. Shu kungacha qotillikka qo'l urish oldidan yuragi g'ash tortgan bo'lsa, hozir unday hislar qalbiga o'rlamasdi. Jonini tikkan kimsa kabi dadil yurib borardi. Vujudida qahraton hukmron edi. U endi na podpolkovnik, na boshqasiga ishonardi. Hech kimning ko'magiga ko'nglida ilinj sezmasdi. Xuddi shunday kayfiyatda nihoyat «Begun» degan zo'ravonning dala hovlisiga yetdi. Bu imoratni dala hovli deb atash ham noto'g'ri edi. Chunki uch qavat qilib qurilgan hovli o'ta hashamatli va jozibador edi.
— O'g'ri, kallakesarlar faqat shunday hashamatlarga egalik qilishini ilgari kinolarda ko'rardim, — dedi o'ziga o'zi Mirsoli. — Mana, endi o'z ko'zim bilan ko'rib turibman. Hozir shu hashamat ostonasini hatlab ichkariga kiraman. Bilaman, bu yerda meni yaxshilik kutmayapti. Balki daydi o'q zarbidan yer tishlab ham qolarman. Mayli, nima bo'lsa bo'lar. Nastya enamning alamini olmaguncha tinchlanmayman. Hali o'sha do'xtirlarigayam navbat yetadi. Ular ham o'z nasibasini oladi…
Xuddi shunday chalkash o'ylar girdobida darvozaga yaqinlashdi. Yo'l cheti va darvoza qarshisiga yarqiragan xorij mashinalari qo'yilgan. Kutilganidek ostonada ikki barzangi o'zaro gaplashib turardi.
— Senga kim kerak? — dag'dag'a aralash so'radi ulardan biri Mirsoliga tik boqib. — Nima ish bilan kelding?
— Men «Begun» bilan gaplashishim kerak, — dedi Mirsoli yerga chirt etib tupurib olib. — Qo'yvor meni! Vaqtim ziq.
— O'zing kim bo'lasan?
— Menmi? — Mirsoli barzangi o'zini tanimaganidan ensasi qotgan kabi tusga kirib irshaydi. — Mayli, ko'cha ko'rmaganing shundan ma'lum bo'ldi. Tanib ol, men Sasha Krutoy bo'laman!
Bu nomni eshitgandayoq ikki barzangi baravar sergaklandi. Ularning biri shosha-pisha telefonini qo'liga oldi va nari ketdi.
«Bularning paytavasiga qurt tushdi, — ko'nglidan kechirdi Mirsoli. — Hozir ichkariga olib kirib yerto'laga sudraklash, boplab kaltaklash, shu yo'l bilan pullarni tortib olish harakatiga tushishadi. Ko'ramiz, kim anqov-u, kim aqlli ekan!..»
— Yur, seni kutyapti «Begun», — ichkariga ishora qildi xuddi o'sha telefonda gaplashgan barzangi. — Oldin qo'llaringni ko'tar! Biz tekshirib ko'rishimiz kerak!..
— Darvozaxonaga kiraylik, keyin ko'taraman qo'limni, — dedi Mirsoli tap tortmay. — Jinni emasman-ku katta ko'chada senlarga qo'l ko'tarib!
Barzangilar indamay darvozaning kichik eshigini ochishdi. Ichkariga kirganlari hamono Mirsoli epchillik bilan ikkala barzangini ham yerga qulatdi. Bu zarbalardan so'ng ular kamida bir soat behush yotishlari aniq edi.
Mirsoli atrofga o'g'rincha qarab oldi-da, zinalardan yuqoriga ko'tarila boshladi. Shunda ichkaridan yana ikki barzangi qo'llarida to'pponcha tutgan holda chopib chiqishdi. Ammo ular ham hech bir harakat sodir eta olishmadi. Ulgurishmadi. Mirsoli ehtiyot shart ulardan birining qo'lidagi to'pponchani oldi-da, qo'yniga tiqdi. Ana endi xonaga kirsa bo'lardi. U yerda nari borsa ikki-uch qo'riqchi bo'lishini taxminlardi.
Afsuski, unday bo'lib chiqmadi. U ichkariga kirib, ovozlar kelayotgan tarafga yurdi. O'sha xonaga kirdi ham. Qaerdan paydo bo'lishdi, bilmaydi, chamasi sakkiz erkak baravar unga tashlandi. Bu kutilmagan hujumdan Mirsoli biroz esankiradi ham. Lekin birma-bir barchalarini polga ag'anatdi. Sodir etgan harakatlaridan o'zining ham ko'ngli to'ldi. Baxtga qarshi tag'in kattakon xona to'ridagi boshqa bir eshik ochilib, besh nafar barzangi qarshisida paydo bo'ldi. Ularning barchasi qo'lidagi to'pponchalarni Mirsoliga to'g'rilab olgandi. Barzangilar ortidan esa keng yelkali, sersoqol, qirraburun, kalbosh, qirq besh yosh atrofidagi erkak chiqib keldi. Bildiki, «Begun» deganlari xuddi shuning o'zi.
— Tiz cho'k! — buyurdi u Mirsoliga nafrat nazari bilan boqib. — Kimga aytdim? Tiz cho'k, haromi!
Shu orada barzangilar yugura kelib Mirsolini o'rab olishdi. Biri Mirsolining orqa miyasiga to'pponcha tiradi.
— Sen kim bo'psanki, tiz cho'ksam? — javob qildi Mirsoli. — Erkak bo'lsang, qurolsiz gaplash! Aytgancha, meni haromi dedingmi? O'v, shu gaping uchun tilingni sug'urib olaman!..
— Shunaqami? — qornini silkita-silkita kuldi «Begun» qo'riqchilariga bir-bir qarab olib. — Birovlarning haqini o'g'irlab tiling chiqib qoldimi? Zo'r bo'p qoldingmi? Mayli, ko'ramiz! Hali yerto'laga tushsang, to'tiday sayrab menga yolvorsang, esingga solib qo'yaman shu gaplaringni!
Mirsoli nimadir yodiga tushgandek kissasiga qo'l soldi-da, diktofonni tekshirib olib, taxminan kerakli tugmachasini bosdi.
— Oldin bir suhbatingni olsak yomon bo'lmasdi, — dedi u zo'ravonning ko'zlariga tik boqib. — Sen qanday qabih ishlar qilib yurganingni yaxshi bilaman. Hatto cho'ntagimdagi fleshkaga hammasini yozib ham olganman. Adashmasam, o'ntacha begunohni quritgansan. Agar mentlarga shu fleshkani uzatvorsam, kamida bir umrga turmaga qamalasan. Yo ishonmaysanmi?..
Bu gapi «Begun»ning g'azabini qo'zg'adi chog'i, barzangilarga ishora qildi.
Ular Mirsoliga tashlanib, yerto'laga sudrashga tushdi.