Snayper 6 (kamolov)
Shu kuni kechga qadar Mirsoli qolgan barzangilarni ham topib o'chini oldi. Qizni esa sira qo'yib yuborgisi kelmasdi. Qaysar qalbi «Zarinang tirilib keldi. Uni endi qo'ldan chiqarma!», deya unsiz faryod chekaverdi. U qalbiga qarshi bora olmadi. Shom mahali qizni Nastya xolaning kvartirasiga boshlab bordi. Uni yotoqxonaga kirgazib, o'zi balkonga chiqdi. Mirsoli buyog'iga qanday yo'l tutishni bilmas, shu haqda o'yladim deguncha, go'yo miyasi ishlashdan to'xtagan kabi karaxtlanib qolaverdi. Ajablanarlisi, shunday kelishgan qizni kvartiraga olib kelgan bo'lsa-da, uning yoniga cho'zilish, erkalash, totli bo'salar olish xayoliga ham kelmasdi. Qizga xuddi Zarinaga qaragandek sof ko'ngil bilan boqardi. Mirsoli shu qiz o'zini sevib qolishiga, Zarinaning muhabbatini hadya etishiga ishonardi.
Vaqt xuftonga yaqinlashganda, Mirsoli balkondagi shkafni ochib, qurolini ko'zdan kechirdi. Joyida ekan. Qurolni qo'liga oldi-da, ko'cha tarafga qaratib nimalarnidir mo'ljalga oldi. Qilayotgan ishidan o'zi ham mamnun bo'lib miyig'ida jilmaydi.
— Masha meniki bo'ladi, — dedi ovoz chiqarib qurolni joyiga qo'yish asnosida. — Uni Mashamas, Zarina deb chaqiraman. Bor bo'yini zar-brilliantga ko'mib tashlayman. Menga birinchi muhabbatimni qaytarib bersa bas!..
Shu tobda tashqariga — ayni Nastya xolaning balkoni ro'parasiga yarqiragan «Mersedes» kelib to'xtadi-yu, eshigi ochilib, podpolkovnik pastga tushdi. Mirsoli uni darrov tanigandi. Ammo berkinishga shoshilmadi. Podpolkovnikdan qo'rqmasligiga, u hech narsa qila olmasligiga ishondi.
— Krutoy, buyoqqa bir chiqib ketmaysanmi? — pastdan turib qichqirdi podpolkovnik. — Juda zaril ish chiqib qoldi!
— Hecham-da, — dedi Mirsoli turgan yeridan qimirlamay. — Sen bilan gaplashadigan gapim qolmadi. Toshingni ter, podpolkovnik!
— Bekor qilasan! Hozir bir qo'ng'iroq qilsam, seni dikonglatib olib chiqishadi! Obro'ying borida o'zing chiq! O'lay agar, senga yomonlik qilmayman!
— Shu yerdan gapiraver! — bo'sh kelmadi Mirsoli ham. — Bilib qo'y, mentlaringdan qo'rqadigan ahmoq yo'q! Kerak bo'lsa-chi, senga saboq berib qo'yaman!
— Haddingni bil, mergan, — deya qichqirdi podpolkovnik. — Bilaman, yolg'iz emassan! Qo'yvor qiz bechorani! Otasi mening hamkasbim. Yosh joningga jabr qilma, bola!
Mirsoli shundagina podpolkovnik nima uchun kelganini angladi. Podpolkovnikning so'nggi gapini eshitib, miyasiga tezkor fikr kelganidan yanada yengil tortib baqirdi:
— Ha-a, endi bildim sen mentlarni! Qizning hayoti qimmat ko'rindimi? Men bir peshkaman-da-a? O'ldirib ketishsayam, bir tuking qilt etmaydi. Qiz aziz bo'libdi-da bizdan!
— Sen ahmoqmisan? Qiz birovning bolasi, axir! Yana bir jinoyatga qo'l urding-ku, anqov! Qo'yvor Mashani! Aks holda otasiga sim qoqishga majbur bo'laman.
— Qo'ng'iroq qila olmasligingni yaxshi bilaman! — dedi Mirsoli masxaraomuz kulib. — Senday quyonyuraklar bu ishni qila olmaydi. Faqat yugurdaklariga arz qilishni bilishadi! Ovora bo'lasan! Qiz endi meniki! Uni nikohimga olaman! Sevib qoldim uni!
Podpolkovnik do'q-po'pisadan ish chiqmasligiga ko'zi yetdimi, sal past tushdi.
— Mayli, nikohingga olsang, bu sening ishing, — dedi balkonga yaqin kelib. — Hozir men umuman boshqa ish bilan kelganman. Gina-kuduratni bir tomonga yig'ishtirib qo'y-da, gapimga quloq sol! Keyin… «Sen»lamasang, yomon bo'lmasdi. Har holda ota-onang kattalarni hurmat qilishga o'rgatishgandir. Yaxshimas bu! Uka, eshigingni och, men ichkariga kiray, gaplashib olaylik! Yosh bola emassan-ku!
Mirsoli ham bu muomaladan so'ng sal shashti pasaygan kabi eshikni ochish uchun yo'lakka chiqdi. Podpolkovnik ichkariga kirarkan, ehtiyot shart Mirsolining qo'liga qaradi. Quroli yo'qligiga amin bo'lgach, xotirjam balkonga yo'l oldi.
— Bilasanmi, — dedi podpolkovnik Mirsoli keltirgan kursiga o'tirib. — Seni o'zimizga agent qilib tayinlamoqchi edik. Qaysarlik qilding. Anavi barzangilar… Aytgancha, bekor o'ch olibsan ulardan. Hammasi ofitserlar, kazo-kazolarning farzandlari. Ulardan men iltimos qiluvdim seni sinovdan o'tkazishlarini. Chakki bo'libdi…
— Men sizga o'shandayoq aytdim, — dedi Mirsoli balkon derazasiga suyangancha iyagiga qo'l tirab. — Birovlarga yugurdak bo'lishni yig'ishtirdim. Ikki dunyoda meni majburlay olmaysiz.
— To'g'ri, buni o'zim ham tushunib yetdim. Ammo, senam tushun, shaharda bir maraz bor Marat Smeshnov degan. Laqabi «Smex». Orqavarotdan menga qarshi g'alati ishlar qilib yuribdi ekan. Agar uning dumni tugmasam, ish rasvo bo'ladi. U iflosning qo'lidan hamma ish keladi. Shu ishni senga ishonib topshirsammi deyman. Yo yordam bermaysanmi qiyomatli akangga? Aytaver, agar yordam berishni xohlamasang, tek ketaveraman qaytib. Zorim bor, zo'rim yo'q. Nima deysan?
Mirsoli zal tomonga qarab, qizdan xabar olgan bo'ldi-da, javob berishga tutindi.
— Men «tvar»masman, oka, — dedi boshini changallab. — Zo'r yo maraz bo'lsa nima qipti? Zo'rdan zo'r chiqadi deb bekorga aytishmagan. Bugungi kun meniki, faqat meniki! Unaqalardan qo'rqsam, bu shaharga kelib o'tirmasdim. Lekin hozir yordam bera olmayman. Men ham shaxsiy biznesimni ochmoqchiman. Ochaman-u, ishlarni yurgizgach, o'sha «Smex» bilan shug'ullanishim mumkin. Basharti shoshayotgan bo'lsangiz, boshqasini yollashingiz mumkin.
— Yo'q, shoshmayapman, — deya o'rnidan turib ketdi podpolkovnik. — Bu ishni sendan boshqasiga ishonmayman. Gap yo'q, kutaman. O'ylaymanki, uzoq kutdirmaysan. Darvoqe, qanaqa biznes ochmoqchisan? Balki mening yordamim kerak bo'lar? Aytaver, sen uchun qo'ldan kelgan yordamni ayamayman.
— Internet klub ochsammi devdim. Ammo…
— Tushundim, — podpolkovnik ovozini hiyla pasaytirib so'z qotdi. — Ammo deganingdayoq hammasini tushundim. Internet klub bu nomigagina bo'ladi. Aslida biror taqiqlangan buyum savdosini yo'lga qo'ymoqchisan, topdimmi?
— Mabodo shunday bo'lsa-chi? — ayyorona tirjaydi Mirsoli. — Qarshimisiz?
— Bu juda qaltis ish, — dedi podpolkovnik. — Taqiqlangan buyum sotish juda xavfli. Yuqorida tirgaging bo'lmasa, seni bir kundayoq sindirishadi.
— Siz-chi? Tirgak bo'lmaysizmi?
— Evaziga nima olaman?
— Nima bo'lardi? Anavi «Smex»ingizni shashtidan tushiraman. Kammi?
— U alohida masala. Tirgak bo'lishim uchun sen bilan baravar ulushda bo'lishim kerak. Yo'qsa, sira iloji yo'q. Tushun, meniyam tekshiradiganlar, talab qiladiganlar bor. Ularning og'zi nahang baliqnikiday katta. Ulushning teng yarmi o'shalarga ketadi.
— Demak, ellikka ellik demoqchisiz? Topdimmi?
— Ha, gapning dangali shu. Nimagaki, sen boshlaydigan ish haqiqatan qaltis. Yaxshilab tanangga kengash.
— Roziman, — dedi Mirsoli kaftlarini bir-biriga ishqalab. — Siz tirgaklik qilsangiz bas. Qolganini o'zimga qo'yib beravering! Boplayman.
— Shu shaharda ochasanmi ishni?
— Albatta. Bo'lmasa qaerda? Shu shahardan joy topaman.
— Joyniyam o'zim topib beraman. Bir tanishim aytuvdi kuni kecha. Juda yaxshi, ko'zdan pana yer. Sengayam ma'qul keladi. Faqat sen o'sha atrofda izg'ib yuradiganlarni yo'q qilishing kerak bo'ladi. O'sha «Smex»ning yugurdaklariyam xuddi o'sha tevarakda giyohvand moddalar savdosi bilan shug'ullanadi. Necha marta qo'lga olishgan, foydasi yo'q. Zo'r advokat yo tanish topadi-da, yugurdaklarni qutqarib oladi. Sen juda ehtiyot bo'lishing kerak, uka! Hazilakam ish boshlamayapsan.
— Xavotir olmang, komandani saralab tuzaman. Aytgancha, biror sportchi, og'ziga mahkam, ish qidirib yurgan tanishingiz yo'qmi?
— Bor, juda zo'ri bor, — dedi podpolkovnik. — Jenya degan yigit. «Bolshoy»ning qo'lida ishladi-yu, negadir kelisha olmasdan ketib qolgan ekan. Tunov kuni ko'rib qoluvdim. Ish qidirayotganini aytdi. Juda baquvvat, jiddiy va sergak yigit. Sen til topishib ketasan. Soqqasini vaqtida berib tursang, jon deb xizmatingni qiladi
— O', unda o'sha Jenya bilan uchrashtiring. Gaplashib ko'ray. Zora til topishsam.
— Ertaga uyingga keladi. Bemalol ochiqchasiga gaplashaver. Jenya o'zimizning odam.
— Xo'p bo'ladi, boplaymiz.
— Ellikka ellik ish qilishga kelishdik-a unda?
— Kelishdik.
— Bo'pti, unda men boray. Senga maslahatim, qizni qo'yib yubor. Otasi ja badjahl odam. Juda ko'ngling bo'lmasa, gaplash, uchrashib tur tez-tez. Ammo kuch bilan ushlab turishingga qarshiman. Harqalay sen begona emassan.
— Tushundim. Xotiringiz jam bo'lsin!
— Unda ertaga Jenya bilan gaplash. Indinga yangi joyni ko'rishga boramiz. Yoqsa darhol nomingga rasmiylashtiramiz. Buyog'idan xavotir olma.
Podpolkovnik chiqib ketgach, Mirsoli shosha-pisha Masha o'tirgan xonaga kirdi.
Qizni shu lahzadayoq uyiga kuzatib qo'yishni ko'ngliga tukkandi.
* * *
Hash-pash deguncha internet klub sotib olindi. Podpolkovnik barcha rasmiyatchiliklarni zimmasiga oldi. Mirsoli esa Jenya bilan uchrashib gaplashgach, terisiga sig'mas darajada mamnun bo'lgandi. Jenya o'zidan sal kattaroq bo'lsa-da, odamoxun yigit ekan. Maosh masalasida kelishib olishgach, ikki kun ichida besh yigitni topdi. Mirsoli ularning har birini alohida-alohida tekshirib ko'rdi. Podpolkovnik ham qarab turmadi. O'z kasbi doirasida yigitlarning har birini elakdan o'tkazdi. Sotqinlik, qo'rqoqlik, adolatsizlikka begona ekanliklariga amin bo'lgandan so'ng Mirsoliga ruxsat berdi. Yigitlar belni mahkam boylab ishga kirishishdi.
Bino ichkarisida faqat kunduzlarigina internet klub faoliyat yuritardi. Kechqurun esa diskoteka, shuning panasida taqiqlangan buyumlar savdosi bo'lib o'tardi…
Afsuski, Mirsolining musofirligi bir haftada sezilib qoldi. Oldiniga uch barzangi kunduzi kelib «Smex»ning nomidan gapirdi. Mirsoli ularga tegishli «tochka»larni egallaganidan «Smex» norozi ekanini ma'lum qildi. Quruq gapdan ish chiqmagach, oltinchi kuni kechqurun «Smex»ning o'zi ikkita mashina to'la shotirlarini ergashtirgan ko'yi klubga kirib keldi.
U baland bo'yli, keng yelkali, nigohlari juda sovuqqon erkak edi. Atrofini o'rab turgan shotirlariga qurollarni berkitishni buyurib, atayin tevarakka alanglab go'yo kimnidir qidira boshladi.
— Hoy, bolakay, — dedi «Smex» Mirsoliga mensimas nazar tashlab. — Qani bu kulbaning egasi? Bor, chaqir buyoqqa!
Mirsoli «Smex» o'zini ochiqchasiga yerga ura boshlaganidan ranjib, yelka qisdi.
— Bu kulbaning egasi bino orqasidagi istirohat bog'ida turibdi, — dedi Mirsoli. — Ammo u uzoq kutdirganlarni sira xushlamaydi. Tezroq chiqa qoling, amaki!
— Shunaqami? — «Smex» shotirlariga qarab zaharxandali tirjayish qildi-da, Mirsolini boshdan oyoq kuzatgan bo'ldi. — Unda o'sha xo'jayiningga ayt, agar istirohat bog'iga chiqsam, bo'ynini sndirib qo'yishim mumkin. Shuning uchun yaxshilikcha klubga kira qolsin! Bor dedim! Nega qaqqayib turibsan?
Mirsolining sabr kosasi to'ldi. Bu taxlit munosabatga o'rganmagani sababmi, beixtiyor mushtlari tugildi. Qo'yib berishsa, xuddi shu yerda, klub to'la odamlar qarshisida «Smex»ni boplab kaltaklagisi keldi. Biroq mijozlar oldida shovqin ko'tarish nojoizligi yodiga tushib arang o'zini bosdi.
— Sen o'zingni kim deb o'ylayapsan? — nihoyat ichidagilarni tiliga ko'chirdi Mirsoli. — Bu kulbaning egasi menman. Nima ishing boridi? Tinchlikmi? Nega bu yerga bostirib kirasan? Kim senga huquq berdi? Katta xolangning hovlisimidi bu joy? Agar erkak bo'lsang, mijozlar oldida to'polon uyushtirib o'tirmaylik-da, bog'ga o'taylik! O'sha yerda kim kimning bo'ynini sindirishi ma'lum bo'ladi.
— Sen maraz, nega mening tochkalarimga ega chiqding? — «Smex» asta Mirsoliga yaqin keldi-da, qulog'iga shivirladi. — Qaysi ochiq mozordan kelding o'zi? Qo'rqmaysanmi?
— Kimdan? Sendanmi? — uning ko'zlariga tik boqib so'radi Mirsoli. — Qo'rqaverib pishib ketganman. Yanayam aniqroq aytadigan bo'lsam, men faqat xudodan qo'rqaman.
— Sen bilan gap talashib o'tirishga tobim yo'q, — dedi «Smex» bir qadam ortga tislanib. — Yaxshilikchasiga «tochka»larni bo'shatib qo'y. Aks holda o'zingga yomon bo'ladi. Krutoyliginggayam qarab o'tirmayman.
— Nima qilasan? O'ldirasanmi? Qanday qilib? Qara, mening shotirlarim g'azablana boshlashdi. Qon to'kilishini xohlayapsanmi deyman?
— Yo'-o'q, — dedi «Smex» yanada jiddiy tortib. — Men senga o'xshab kelgindi emasman. Qaerda, qachon qon to'kishni o'zim yaxshi bilaman.
— Unda nima qilib turibsan mening klubimda? Bor, toshingni ter! Bilib qo'y, jahlim chiqsa, yoshing kattaligigayam qarab o'tirmayman.
— Shunaqami? — «Smex» darg'azablikni qayira olmay shotirlarga imo qildi. Ular darhol qo'llariga to'pponchalar olib Mirsoli va shotirlariga o'qtalishdi. Shubhasiz, Mirsolining shotirlari ham xuddi shu harakatni sodir etishdi.
— Ko'rdingmi? — davom etdi «Smex» kerilib. — Mening yigitlarim buyruqni so'zsiz tushunishadi. Xo'sh, bo'shatib qo'yasanmi «tochka»larimni?
— Sen yaxshisi hov anavi tarafga, keyin buyoqqa, undan keyin orqangga, o'nging, chapingga boq!
«Smex» darhol to'rt tarafga ko'z yugurtirdi. Mirsoli ko'rsatgan joylarda mergan yigitlar vintovkalardan chaqirilmagan mehmonlarni mo'ljalga olib turishardi.
— Hm-m, chakkimassan, — dedi «Smex» bo'sh kelmay. Shu orada shotirlarga qurollarni yashirishni buyurdi. — Mayli, bu gal sen yutding, tirrancha. Lekin bu bilan «Smex»ni sindirdim deb o'ylama. Indinga shunday «syurpriz» ko'rsatamanki, o'zing turib balli deysan. Ko'rishguncha!..
Mirsoli shu tobda bunday qo'rqitishlarga e'tibor qilmasdi. U shahardagi manaman degan zo'ravonni haydab sola bilganidan mamnun edi.
«Smex»ni ilk uchrashuvdayoq qo'rqitishi Mirsoliga bir dunyo lazzat baxsh etgandi. U musofir bo'lsa-da, bu shaharda o'zidan-da zo'rroq, kuchliroq kimsa qolmaganiga qattiq ishona boshlagandi. «Smex»ning takror kelishi, qanday o'ch olishi Mirsolini umuman qiziqtirmasdi. U har qanday sharoitda ham zo'ravonni sindirib tashlashiga ishonardi. Shunday xayollar bilan ertasi kuni ham internet klubga keldi. Xizmat sifati, hisob-kitoblarni bir-bir ko'zdan o'tkazgach, soqchi yigitlarga hushyor turishni buyurdi. Ishlarni yo'lga qo'ygach, Volodya ismli tansoqchisini yoniga olib qaysidir restoranda tushlik qilib qaytish ilinjida tashqariga chiqdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, klubdan ellik metrcha narida tanish chehra o'ziga tikilib turardi. Bu Mirsolining ko'nglini bezovta qilgan, Zarinani eslatib, to'lg'onishga majbur etgan qiz Masha edi. Mirsoli ko'zlariga ishonmay, taqqa to'xtagancha qizga qarab qoldi. Keyin esa Volodyaga yuzlandi. — Sen ichkarida bo'la tur, — dedi tansoqchiga u. — Meni ko'rishga aziz mehmon kelibdi.
— Sizni yolg'iz qoldira olmayman, — dedi Volodya norozilanib. — Buning uchun menga haq to'laysiz.
— Xavotir olma, okasi, — dedi Mirsoli kulib. — Bu qiz sendanam kuchliroq, abjirroq tansoqchi bo'la oladi… Hazillashdim, xafa bo'lma! Bilasanmi, shu qiz bilan birga borib kelaman. Sen telefonni o'chirmay, doim sergak tur! Basharti biror gap bo'lsa, albatta qo'ng'iroq qilaman.
— Xo'p bo'ladi, — dedi tansoqchi qaddini g'oz tutib. — Xohishingiz.
— Ha, aytgancha, — Mirsoli nimadir esiga tushgan kabi boshini qashlab davom etdi. — Kechqurunga sport zalini taxt qilib qo'ylaring! Hammamiz birgalikda mashg'ulot o'tkazamiz!
— Aytganingizday bo'ladi! — dedi Volodya bosh irg'ab. — O'zingizni ehtiyot qiling, brat!
Mirsoli tansoqchining so'nggi so'zlaridan ta'sirlanib unga yer ostidan tikilgancha bir necha soniya o'yga toldi. Yoshi o'zidan ulug' yigitning «Oka» deb murojaat qilishi Mirsoliga juda yoqib tushdi. Shunday martabaga erishgani uchun xayolan xudoga shukr qildi va Masha tomon yurdi.
* * *
— Sizning qabulingizga kirish buncha qiyin bo'lmasa? — Mirsolini battar hayratga solib Masha quvnoq ohangda so'z qotdi salom-alikdan so'ng. — Yarim soatdan beri turibman-a! Insofingiz bormi?
— Yo'g'-e, — Mirsoli atrofga o'g'rincha ko'z tashlab oldi-da, qizning yelkasiga qo'lini qo'ydi. — Nega kiravermading ichkariga? Umuman, meni qanday topding?
— Gerasim Ivanovich aytdilar manzilingizni, — dedi Masha yanada quvnoqroq ohangda. — Xabar olmaganingizdan keyin o'zim qidirishga majbur bo'ldim-da, aldoqchi!
— Menga qara, Masha, — deya Mirsoli qizning ko'zlariga tik boqdi. — Seni tanimayapman. O'sha Mashamisan? Adashmasam, o'sha kuni mendan qattiq ranjiganding, ko'rishga ko'zing yo'q edi. Quyosh qay tarafdan chiqa qoldi?
— Eh, Sasha, qizlarni tushunmas ekansiz. Qiz bolaning ko'ngli juda nozik bo'ladi. O'sha kuni sizning bir og'iz gapingiz ko'nglimni yorishtirgandi. Ishonsangiz, o'sha kundan beri o'zimga kela olmadim. Muhabbatingizga bir shubha qildim, bir ishongim keldi. O'ylay-o'ylay, ishonchim g'olib kelganini anglab yetdim. Tanamga kengashib qarasam, o'zim ham sizga beparvo bo'la olmas ekanman.
— Oh, Zarinamning qiyofadoshi! — deya Mashaga qattiqroq boqdi Mirsoli. — Faqat sen ranjimagin! U birinchi muhabbatim edi. Men ahmoqni kuta-kuta joniga qasd qilibdi. O'shandan beri o'zimni kechira olmasdim. Seni uchratdim-u, Zarina tirilib qaytganday quvonib ketdim. Ayt, birinchi muhabbatimning o'rnini bosa olasanmi? Agar bosa olsang, boshingdan oyog'inggacha brilliantga ko'maman, ishon!
— Harakat qilaman, — dedi Masha yer chizib. — Agar sal o'tib joningizga tegmasam…
— Unday dema, — qizning so'zini kesdi Mirsoli. — Sen hech qachon jonimga tegmaysan. Faqat… Xiyonat qilib qo'ymagin menga! Xiyonatni, sotqinlikni kechira olmayman!
— Sasha, qornim ochdi, — deya mayin jilmaydi Masha. — Biror joyga borib tushlik qilmaymizmi?
— E, qara-ya, yana oldingda xijolatdaman! Hozir seni bir restoranga olib boraman.
— Yo'q, — dedi Masha qovoq uyib. — Restoranga borishni jinimdan yomon ko'raman.
— Unda qahvaxonaga boramizmi?
— Mening kvartiramga borsak yaxshiydi. Har holda tinchroq, bemalol gaplashib olsak bo'lardi.
— Uydagilaring…
— Dadam xizmat safariga ketgan. Oyim ikki yil burun olamdan o'tgan. Uyda hozir yolg'izman. Xavotir olmang!
— Shunaqami? — Mirsoli umri bino bo'lib qiz bilan xoli qolmagan, bu taxlit uchrashuvlarni faqat kinolardagina ko'rgandi. Shuning uchunmi, sal xijolat tortib, Mashaning taklifiga ko'ndi. Mirsoli shu qiz yonida bo'lsa, tog'larni tolqon qila olishini qalban his etdi.
* * *
Hash-pash deguncha Mashaning kvartirasiga yetib kelishdi. Kvartira ikki xonali, ichkari zamonaviy uslubda ta'mirlangan, juda shinam ekan. Mirsoli ostona hatlab bu xonadonga kirgandanoq barcha tashvishlar, muammolarni unutgan kabi yengil tortdi. Qalbini o'ziga notanish tuyg'ular chulg'adi. Azbaroyi mehri jo'shganidanmi, tek o'tirishga sabri chidamay, oshxonada yegulik tayyorlay boshlagan Mashani mahkam quchdi.
— Sen meniki bo'lasan degandim, esingdami? — so'radi u qizning malla, silliq va mayin sochlarini silarkan. — Men shunaqa bir so'zli yigitman. Yo shubhang bormi haliyam?
— Hecham-da, — javob qildi Masha erkalanib. — Faqat bir narsaga shubham bor.
— Ie, nimaga? Ayt!
— Brilliantga ko'mib tashlayman deb va'da bergandingiz? Esingizdan chiqdimi?
— Yo'q, albatta, sen nikohimga kir, va'dasini bajarmagan nomard.
— Oldin-chi? Nikohdan oldin bermaysizmi sovg'a?
— Beraman, — dedi Mirsoli kulimsirab. — Bugunoq do'konga boramiz, o'zingga yoqqan taqinchoqni tanlaysan.
— Kelishdik! Endi zalga kirib o'tiring! Men bemalol taom tayyorlab olay. Keyin… Stol tuzashim kerak hali. Siz nima ichasiz?
— Ichasiz? Men umrimda ichkilikni og'zimga olmaganman.
— Unda bugun mening salomatligim uchun ham ichmaysizmi?
— Sening salomatliging uchun zahar bersang ham ichaman, ishon!
— Bo'pti, boraqoling! Televizor tomosha qilib turguningizcha hammasi tayyor bo'ladi.
— Xo'p.
Mirsoli itoatkorona zalga o'tdi. Masha shundoq yaqinida, atigi oshxonada bo'lsa-da, Mirsolining ko'z o'ngida uning chehrasi aylanaverardi. Shu ko'yi yarim soatcha o'tirdi. Masha dasturxon tuzadi. Servantdan xorij konyagini oldi-da, oshxonaga chiqib ikkita qadah to'la ichkilikni ko'tarib kirdi.
— Sen o'sha idishni menga bersang bo'lardi-ku, — dedi Mirsoli xijolat tortib. — O'zim ochardim.
— Siz mehmonsiz, azizim, — deya Mirsoliga ishva bilan boqib kuldi Masha. — Mehmon otangdan ulug' degan gap bekorga aytilmagandir?
— Baribir noqulay-da, — dedi Mirsoli qizning qo'lidan ichkilik to'la qadahni olarkan. — Sen nima bo'lgandayam ayol kishisan.
— Buning ahamiyati yo'q. Qani, shu qadahni men uchun, mening salomatligim uchun olasiz!
— Baxtimiz-chi?
— Mayli, baxtimiz uchun ham ola qoling!
Mirsoli shu tobda yovvoyi muhabbat dengizida sarmast suzar, go'yo ko'zlari Mashadan bo'lakni ko'rmas, quloqlari ham faqat shu qizning so'zlarinigina eshitardi. Ichkilik battar boshini aylantirib, ko'ngli notanish tuyg'ular iskanjasida