Snayper 7 (kamolov)
* * *
Soat tungi o'n birlarga yaqin Mirsoli haydovchidan mashina kalitini olib, Vadimni rulga o'tqazdi. Do'kondorni qo'l-oyoqlarini boylab, og'zini skotch bilan mahkamlab, yukxonaga joylashtirishdi. Mirsoli hadeganda shoshar, Zarinaning himoyasizlarcha javdirashi ko'z o'ngida gavdalangani sayin yo'lga oshiqardi.
— Qaerga boramiz? — so'radi Vadim odatiga ko'ra Mirsoliga tik boqib. — O'sha eski joygami?
— Ha, — dedi hafsalasizlarcha qo'l siltab Mirsoli. — Elliginchi kilometrga hayda! Belkurak olvolganmisan?
Shu tobda Shavkat negadir betoqatlana boshladi. Ayniqsa, Mirsolining belkurak haqidagi savolini eshitgach, o'zini tutib tura olmadi.
— Belkurakni nima qilamiz? — so'radi u Mirsolining yelkasiga qo'l tashlab. — Yer kovlaymizmi?
— Shavkat, o'rtoq, — dedi ortga o'girilib Mirsoli. — Xafa bo'lmagin-u, bundan keyin men bilan birga ishlaysan. Bizning ishda ortiqcha savollar berilmaydi. Shuni uqib olsang yaxshi bo'lardi.
— Bilaman, — dedi Shavkat bosh egib. — Baribir tushunmadim-da gapingni!
— Menga qara, do'kondor meni birinchi muhabbatimdan ayirdi. Nomusini poymol qildi. Yo'q, u ablah mening nomusimni yerga ko'mdi. Xo'sh, shunday maraz yer ustida yashashga haqlimi? Ayt, haqlimi?
— Haqlimas-ku-ya, — javob qildi Shavkat. — Ammo… Bunday qilsak…
— Sen qo'rqma! Bugundan boshlab o'ligimizam, tirigimizam bir. Senga jin urmaydi. Chunki yoningda men turibman. Yo haliyam tushunmadingmi?
— Endi tushundim. Ketdik bo'lmasa! Kechikmaylik!..
* * *
Elliginchi kilometr shahardan chetda, ikki yon bag'ri qalin o'rmon bilan qoplangan yo'l edi. Mirsoli bu manzilga ikkinchi bor kelishi. O'tgan gal bir qimorboz sha'nini haqoratlagani uchun Vadimning maslahati bilan shu manzilga kelgandi. Bugun esa ko'ngli ancha bezovta. Bir xayoli qishloqdoshini o'limga mahkum etayotganidan afsuslanmoqda. Bir xayoli esa aksincha shunday qilsa albatta taskin topishidan bashorat qilmoqda. Mirsoli ortiqcha ko'ngilchanlikka erk bermaslik niyatida atayin Zarina haqida o'y surdi. Do'kondorning qachonlardir boloxonador so'kkanlarini yodga oldi. Shunday yo'l bilan o'zini ruhan intiqomga tayyorladi…
Nihoyat manzilga yetishdi. Vadim mashinani o'rmon ichkarisiga haydab, qalin butazorlar qarshisida tormoz berdi.
— Hozir ikkoving anavini olib butalar orasiga kirasan, — ehtiyot shart Vadimga uqtirdi Mirsoli. — Yuragiga bir marta otsang bas. Keyingi o'qni boshiga to'g'rila! Bu «kantrolniy» bo'la qolsin!
— Bilaman, dedi Vadim Shavkatga ko'z qisib. — Siz mashinada o'tira qoling!
Do'kondorni ihlatgancha sudrab ketishayotganda, Mirsoli so'nggi bor uning ko'zlariga boqdi. Nafrati o'tkir nigohlar ta'siridami, yanada oshkor bo'lib, sal qursa, yuzi aralash musht tushirayozdi. Lekin o'zini tiyib, Sodiqning qulog'iga shivirladi:
— Uzr, boyvachcha! Ishqilib, qiyomatda ko'rishib qolmaylik! Alvido!
* * *
Ertasi kuni ertalabdanoq hayot bir maromda, sokin tus oldi. Mirsoli tiniqib uyg'ondi. Uyg'ondi-yu, qalbiga quloq tutdi. Qalbi xotirjam edi. Lekin do'kondorning javdiragancha tikkan nigohlari ko'z o'ngida namoyon bo'ldi deguncha sergak tortdi. Ehtiyot shart Vadimga qo'ng'iroq qildi. U esa aytarli hech narsa aytmadi. Klubda ham, so'nggi hafta ichida sotib olingan do'konlarda ham ish qizg'inligini qistirib o'tdi.
«Xayriyat, — o'yladi Mirsoli shosha-pisha kiyinarkan. — Tinch ekan hammayoq. Nahotki, haliyam topishmagan bo'lsa do'kondorning murdasini? Topa olmasliklari tayin. Chunki jasad ishonchli joyga ko'milgan. Topgandayam menga hech qanday e'tiroz qila olishmaydi. Faqat podpolkovnik yaramas qo'ng'iroq qilib pul so'rashi mumkin. Pul bermayman. Tanimasam, ko'rmagan bo'lsam, nega pul berishim kerak? Toshini tersin ment…»
Shunday xayollar bilan u mashinada klubga yetib keldi. Yo'l-yo'lakay haydovchiga hech narsa demadi, ortiqcha savol bermay jimgina o'tirdi.
Shavkat ham o'z vaqtida ishga yetib kelgan ekan. Mirsoli unga zimdan tikilib, qiyofasidan o'zgarish qidirdi. Sinfdoshi sir boy bergisi kelmadi, odatdagidek jilmaygancha qarshi oldi. Ammo Vadimning dili xuftondek tuyildi. Nuqul barmoqlarini qisirlatib, bosh chayqab olishidan Mirsoli bir gap borligini payqadi. Vadim qachon asabiylashsa shunday holatga tushib qolardi.
— Nima bo'ldi, Vadim? — so'radi Mirsoli uzoq vaqt sukut saqlashga bardoshi yetmay. — Osmon uzilib yerga tushmadimi ishqilib?
— Undanam battar, — dedi bosh egib Vadim Shavkatga bir qarab olgach. — Kecha siz ketgandan keyin bir mijoz dilimni xufton qildi.
— Qaysi mijoz? Men taniymanmi uni?
— Ha, qaysidir kasalxonada bosh vrach bo'lib ishlaydigan Nikita Alekseevich degan odam.
— Ha, kalbosh, nuqul uf tortaveradiganmi? Xo'sh, nima qildi u?
— Yutqazgan pulini qaytarib berarmishmiz. Rosa xit qildi meni.
— Qancha yutqazgan ekan?
— 25 ming ko'kida.
— Sen unga tushuntir. Kazinoda yutqazilgan pullar qaytarilmaydi. Mabodo to'polon qilsa, mana, Shavkat bor, juda bosiqlik bilan, yumshoq gapirib haydab solsin! Keyin… Yo'q, yaxshisi, uni qora ro'yxatga tirkab qo'y. Eng oson yo'li shu.
— Xo'p bo'ladi?
— Boshqa gap yo'qmi menga? Ochig'i, bir joyga o'tib kelishim kerak edi.
— Hammasi joyida.
— Bo'pti, men kechqurun kelaman. Sen, Vadim Shavkat bilan birga kazinoni ko'zdan qochirmanglar!
— Tushundim.
— Xayr unda!
* * *
Kechqurun qorong'i tushganda, Mirsoli ba'zi ishlarini bitirib, kazinoga keldi. Zalda negadir mijoz kam, ko'pchilik xodim va xodimalar ish yo'qligidanmi, o'zaro suhbatlashishar, faqat Shavkat, Vadim qovoq uygan ko'yi uyoqdan buyoqqa yurib bo'sh qolgan stollarga qarab qo'yishardi.
— Nimaga mijoz kam? — so'radi kabinetga kirishgach, Vadimdan. — To'rtta katta stol bo'sh. Bunaqada bankrot bo'lamiz-ku, oshna!
— Ish chatoq, boss, — gap boshladi Vadim zal tarafga qarab olib. — Mijozlar boshqa kazinoga o'tib keta boshlashibdi.
— Boshqa kazino? Qanaqasiga? Shaharda faqat biz kazino ochgandik shekilli?
— Unaqamaskan. Ural tomonlardan bir maraz kelib, uch yerda «tochka» ochibdi. Aytishlaricha, yuqorida ishonganlari bormish. Sizni ochiqchasiga sindirmoqchi emish.
— Meni? Kim ekan u iflos? Aniqladingmi?
— Ha, Boris Moiseevich Tumanov. Laqabi «Tuman». Shaxsan biz Shavkat bilan borib o'sha «tochka»larini kuzatdik. Qo'riqchini to'kib tashlabdi. Sira qo'rqmasdan tashqaridayam yelkalariga avtomat osvolib turishibdi. Kazinolarga kirish tugul yaqin borishning iloji yo'q.
— «Tuman» dedingmi? Nima balo, tumanda tug'ilganmikan? — qo'l ostidagilarga sir boy bergisi kelmay, majburan kulib so'radi Mirsoli. — Men bilan bellashmoqchimi o'sha?
— Shunaqaga o'xshaydi, boss. Ko'nglim sezyapti, jiddiy raqobatchi yo'limizga ko'ndalang bo'libdi.
Mirsoli indamay, qo'liga telefonini oldi-da, podpolkovnikning raqamini terdi.
— Eshitaman, — go'shakdan podpolkovnikning mahzun tovushi taraldi. — Nima bo'ldi, uka?
— «Tuman»ni bilasizmi? — gapni cho'zib o'tirmay, maqsadga o'tdi Mirsoli. — Kim u? Mening yo'limga ko'ndalang bo'libdi-ku!
— Bu telefon orqali gaplashadigan gapmas, — dedi podpolkovnik. — Hozir o'sha o'zimizning suv bo'yidagi joyimizga bor, bafurja gaplashvolamiz.
— Yaxshi, hozir yetib boraman! Mirsoli telefonini kissasiga soldi-da, Shavkatga yuzlandi.
— Do'st, yur men bilan, bir joyga o'tib kelamiz! Sen, Vadim, shu yerda bo'l, zaldan ko'z-quloq bo'lasan. Ketdik, Shavkat!..
* * *
Suv bo'yiga Mirsoli va Shavkat o'tirgan mashina yarim soatga qolmay yetib keldi. Podpolkovnik odatiga ko'ra ulardan oldinroq yetib kelib anhorga tikilgancha turgan ekan.
— Brat, unaqamas-da endi, — salom-alikdan so'ng norozi ohangda so'z qotdi Mirsoli. — Burnimizning ostida qayoqdagi tuman o'ralashib yursa-yu, biz qo'l qovushtirib o'tiraversak! Yo uyam sizning himoyangizdami?
— Sira undaymas, — dedi podpolkovnik yer chizib. — «Tuman»ni shaxsan «glavka»dagi kattakonlardan biri qo'llayapti. Uning kimligini senga ayta olmayman. Ishon, «Tuman» xuddi o'sha bilan birga katta tovoqdan ovqat yeydi. Men ularning tovog'iga qo'l cho'za olmayman, tushungin!
— Unda nima qilay? — dedi Mirsoli qo'l siltab. — Kazinoda mijoz kamayib ketgan. Shubhasiz, sizning ulushingizam kamayadi.
— Unday qilolmaysan, — deya Mirsoliga sovuq termildi podpolkovnik. — Men nechtalab gunohlaringga ko'z yumib kelyapman, buni bilasan. Hozirgacha o'nlab murdalar gardaningga osilgan. Unday qila ko'rma, «Krutoy»!
— U holda bir yo'lini topish kerak, brat! O'sha maraz mening sha'nimni haqorat qilayotganmish.
— O'zing yo'lini topasan. Faqat bilib qo'y, ish qilsang, ortingda iz qoldirma! Shunda seni himoya qilishim oson kechadi. Ammo… «Tuman»ni qo'llayotgan odam uncha-munchalardanmas. Istasa, meniyam bir yoqli qilvorishi mumkin.
— Yaxshi, tushundim, — Mirsoli gapni kalta qilib, ketishga chog'landi. — Bir gap bo'lsa, qo'ng'iroq qilaman.
— Bo'pti, omadingni bersin! Aytgancha, «Krutoy», eshitishimcha, giyohvand moddalar savdosiga aralashganmishsan. Rostmi?
— Nimaydi?
— Bu ishni yig'ishtir! Oxiri yaxshilik bilan tugamaydi. Kazino, do'kon, kafelarning o'ziyam yetib ortadi senga. Qaltis yo'ldan qoch! Buni men aytyapman!
— Uqdim. Bugunoq yig'ishtiramiz! Ko'rishguncha!
Mirsoli tez yurib borib mashinaga o'tirdi-da, haydovchining yelkasiga qoqdi.
— Qani, Jeka, o'sha «Tuman»ning kazinosiga hayda!
Mirsoli bilan birga ishlay boshlagandan beri Shavkatning xayoli joyida emasdi. Nimalarnidir so'ragisi, surishtirgisi kelardi-yu, qulay fursat topa olmasdi. Shu tobda o'ylaganlarini tiliga ko'chirishga ahd qildi.
— Do'st, kazinongda ketvorgan qizlar juda ko'p ekan-a? — so'radi u Mirsolining yelkasiga qo'l tashlab. — Qaysi biri seniki?
Mirsoli sinfdoshining kutilmagan savolini eshitib, ensasi qotsa-da, sir boy bermay zo'rma-zo'raki jilmaydi.
— Nima, menikiga gap otishdan qo'rqyapsanmi?
— Topding, — dedi Shavkat jonlanib. — Harqalay do'stmiz-ku! Bilmay senikiga teginib qo'ysam, yaxshimas, do'st.
— Menga qara, — Mirsoli ortga o'girildi-da, Shavkatning ko'zlariga sovuq boqdi. — Mening ishxonam — bu pirxonam. Bilasanmi buning nimaligini?
— Qo'ysang-chi, — bo'sh kelmadi Shavkat. — Pirxona deb tandirxonani aytishadi. Chunki u yerda non yopiladi. Sening kazinongda qimor o'ynaladi, ichkilik ichiladi. Nimasi pirxona?
— Iltimos, achchig'imni keltirma! — tishlarini g'ijirlatib so'z qotdi Mirsoli. — Bilib qo'y, agar o'sha yerda biror iflos ish qilganingni ko'rsam yo payqasam, mendan xafa bo'lib yurma! Unaqa ish qilsang… O'ldiraman seni! Sen bilan biz musofir yurtda yashaymiz, shuni unutma, nodon!
— Seni taniy olmayapman, — dedi Shavkat ilkis ruhi tushib. — Ilgari bunaqamasiyding-ku! Nima jin urdi seni?
— Men iloji boricha unaqangi ishlarni qilmaslikka urinaman. Shunday qilishim shart. Sen shu daqiqadan boshlab hech qachon menga yengiltak ayollar haqida gapirma!
— Bu buyruqmi?
— Ha, buyruq. Yoqmadimi?
— Y-yo'q, nega endi? — Shavkat yelka qisib yuzini ters burdi. — Biz bir qishloqimiz-da! Unaqangi gaplarga aqlimiz yetmaydi…
Mirsoli do'stining ranjiganini darrov sezdi. Ammo tilini tiydi. Shunday yo'l tutsa, Shavkat yanada dilgirroq bo'lishiga, kelgusida aql bilan ish ko'ra boshlashiga ishondi.
* * *
Mashina hashamatli, aylanasiga rang-barang chiroqlar yoqib tashlangan bino ro'parasiga kelib to'xtadi. Bu «Tuman»ning bosh ofisi, aniqrog'i, bosh kazinosi edi. Qolgan shohobchalarda yig'ilgan pullarni ham maxsus odamlar shu yerga keltirib, umumiy g'aznaga tashlashardi.
Mirsoli mashinadan tushishga shoshilmay, binoni obdon ko'zdan kechirdi. Haqiqatan, har qadamda yelkasiga avtomat ilgan barzangilarni qo'yib tashlashibdi. Ularning har biri tevarakka sergak boqishar, hech bir sharpani ko'zdan qochirishmasdi.
— Sen mashinada o'tirib tur, — dedi Shavkatga Mirsoli. — Men bir o'zim kirib chiqaman.
— E, yo'-o'q, — deya mashina orqa eshigini ochdi Shavkat. — Bunisiga kelishmaganmiz. Seni yolg'iz kiritmayman u yerga. Ursangam, so'ksangam, baribir menga, sening yoningda bo'laman.
— Rahmat senga, do'st, — Shavkatning yelkasiga qo'lini qo'yib jilmaydi Mirsoli. — Mendan xafa bo'ldingmi deb qo'rqqandim.
— Be, xafa bo'lib qaergayam boraman. Seni bilmasamakan, boshqa gapiydi. Qani, boshla, do'st! Ko'raylik-chi o'sha «Tuman» deganlarini!
— To'pponchangni tayyor qilib qo'y, — tayinladi Mirsoli. — Har xil gap bo'lishi mumkin. Bizning ish shunaqa qaltis. Ko'nikasan-da endi!..
Kutilganidek, binoga yaqin bormay, uch barzangi yugurib kelib ularning yo'liga ko'ndalang bo'ldi.
— Kimsizlar? — so'radi ulardan biri. — Nega keldingiz?
— Men Krutoyman, — o'zini tanishtirdi Mirsoli qovoq uyib. — «Tuman» kerak bizga. Yo'ldan qoch, yigitcha!
Barzangilar uning nomini eshitgandayoq ancha bo'shashishdi. Indamay yo'l bo'shatishdi.
Mirsoli Shavkatni ergashtirgancha ichkariga kirdi. Kazino mijozlarga liq to'la edi. Yo'l-yo'lakay, stollar qarshisida o'tirganlardan ko'pchiligini tanidi. Ular doimiy ravishda Mirsolining klubiga qatnaydigan boyvachchalar edi. Ko'rsa-da, ichdan zil ketsa-da, miq etmadi. Qo'riqchilar ortidan borib ikkinchi qavatga ko'tarildi. Yuqori qavatda holat butkul boshqacha edi. Atrofni sukunat qoplagan, allakimlarning ahyon-ahyonda allakimlarning shivir-shivirigina quloqqa chalinardi. Qo'riqchilar eshiklardan birini ko'rsatishdi.
— Boss shu xonada o'tiradi, — deyishdi baravariga. — Marhamat, kiravering!..
Xonada «Tuman» yolg'iz emasdi. Yonida ozg'in, o'rta bo'yli, nigohlari burgutniki kabi o'tkir, g'azabnok, o'ttiz besh yosh atrofidagi yigit oyoqlarini chalishtirgancha o'tirardi.
«Tuman»ning o'zi esa gavdali, keng yelkali, soqol qo'ygan, taxminan qirq yoshli jiddiy, sovuqqon erkak edi. Eshik ochilib, ichkariga Mirsoli va Shavkat kirib kelganini ko'rdi-yu, dast o'rnidan turdi. Yonidagi yigit ham istamaygina o'rnidan qo'zg'aldi.
— Ha-a, senmiding hali Krutoy? — birinchi bo'lib savol tashladi «Tuman» yonidagiga ko'z qirini tashlab. — Xo'sh, nega kelding? Seni chaqirtirmagandim shekilli?
Mirsoli javob berishga shoshilmay, unga zimdan tikilib qaradi. Boshdan-oyoq kuzatib olgach, yana bir qadam oldinga tashladi.
— Sening chaqirig'ingga muhtojligim yo'q, — dedi ikki qo'lini jinsi shimi kissalariga solgan ko'yi. — Kim bo'libsanki, meni chaqirtirasan?
— O'v, tirrancha, — dedi «Tuman» Mirsoliga yaqin kelib. — Hozir qaerda turganingni unutib qo'yma! Ichagingni boshingga salla qip qo'yaman xohlasam!
— Ulgurmaysan. Men senlar o'ylaganchalik ahmoqmasman. Undan ko'ra, ayt, nega mening tovog'imga manavi iflos qo'lingni solding? Kimdan ruxsat so'rading?
— Sen bola yaxshilikchasiga o'chmaysan chog'i, — «Tuman» azbaroyi alami kelganidan atrofga alanglay boshladi. — Vey, bir kelgindi bo'lsang, bu mahallalar esa meniki. Yurt meniki. O'sha sho'rva ichgan yeringga borib chirangin!
— «Tuman», — deya go'yo sal past tushgan kabi gap ohangini yumshatgan bo'ldi Mirsoli. — Agar erkak bo'lsang, mening «tochka»larimga oralama. Aks holda…
— Nima? O'ldirasanmi? Juda haddingdan oshib ketibsan-ku! Qani, ko'rsat hunaringni! Mana, men qarshingda turibman.
— Demak, yaxshilikchasiga kelisha olmaymiz, shundaymi?
I— Albatta kelisha olmaymiz. Buning uchun sen shahardan ketishing kerak bo'ladi. Xo'sh, ko'nasanmi? Ishon, hurmat, tavoze bilan shaxsan o'zim kuzatib qo'yaman! Mayli, chiptangniyam olib beraman, ko'ndirding.
— Hali shunaqami? — Mirsoli Shavkatga bir ko'z tashlab oldi-da, ketishga chog'landi. — Sen juda shakkok ekansan. Jang bo'lsa-jang-da!
— Ko'ramiz hali! — uning ortidan qichqirdi «Tuman». — Hali mening kimligimni bilmas ekansan! Burningni yerga ishqalashganda, tavba qilasan, ha!..
* * *
Mirsoli kazinoga qaytdi-yu, birinchi navbatda Vadimni chaqirtirdi. Shavkatni ham uning yoniga o'tqazib oldi.
— Xullas, Vadim, — dedi u stolni mushtlab. — Biz ishni mana bunday boshlaymiz. Ishonchli, abjir yigitlardan ikki nafarini tanlaysan. Ularga Shavkat ikkalang bosh bo'lib borasan.
— Nima qilish kerak? Tushunmadim.
— «Tuman»ga tegishli «tochka»larga birma-bir borib, ertalabki «kirim»larni tortib olasanlar. Ammo ichkariga bosqinchidek bostirib kirmaysanlar. Ular soqqalarni sumkalarga joylab mashinaga o'tirishgach, picha ortidan kuzatib borib, qulay yerga yetganda bosasanlar. Biz «Tuman»ni mana shu yo'l bilan hushyor torttiramiz. Boshqachasiga ko'nadigan niyati yo'qqa o'xshaydi. Xo'sh, uddalaysanlarmi?
— Albatta uddalaymiz, — Vadimning o'rniga Shavkat javob qildi. — Enasini yettiqo'rg'ondan ko'rsatamiz, do'st!
— Yaxshi, u holda sizlarga ishondim. Ertalab shu ishni boshlaysizlar. Faqat menga xabar berib turish eslaringdan chiqmasin!
— Xo'p bo'ladi!
Shotirlar chiqib ketgach, Mirsoli kelgusi rejalarni kallasida pishitish niyatida oromkursiga cho'kib, boshini orqaga tashlagan ko'yi ko'zlarini yumdi.
* * *
Mirsoli shu kecha uzoq vaqt ko'z yuma olmadi. Vadim va Shavkat qilajak ishlardan s o'ng «Tuman»ning qay holatga tushishini taxminan tasavvur qilib chiqdi. Har o'ylaganda, raqobatchi past tushadigandek, oxir oqibat yolvorib keladigandek tuyulaverdi. Ammo Mirsoli o'z xayollariga-da ishonqiramadi. Ehtiyot shart navbatdagi rejalarni xayoliga marjondek tizib, xotirasiga muhrlab qo'ydi.
Ertalab Vadim bilan telefon orqali gaplashib, vaziyatni bilgach, yo'l-yo'lakay uchrashib olishni tayinlab, yo'lga tushdi. Chamasi, yigirma daqiqa ichida ular shahardagi markaziy xiyobon ro'parasida uchrashishdi. Vadimning gap ohangi xavotiromuz, qiyofasi tund edi.
— Biz «Tuman»ning hamma «tochka»larini shilib chiqdik, — dedi u negadir harsillash aralash. — Lekin baribir «ChP»siz ish bitmadi. Vanya o'qqa uchib qoldi, boss!
— Nima? Anavi Vanyami o'tgan haftada pul o'g'risini tutib bergan? — so'radi Mirsoli asabiylashib. — Nega o'qqa uchadi? Iloji boricha qurol ishlatmalaring degandim-ku!
— Bizga qolsa, shunday qilardik, — dedi Vadim. — Afsuski, «Tuman»ning odamlari birinchi bo'lib boshlashdi. Biz ofisiga kirib o'tirmagandik, yo'lda pul olib ketayotgan mashinalarni tunagandik. Ana shu yerda marazlar otishma boshlab qolishdi. Bilasiz, javob qaytarmasak bo'lmasdi.
— Bo'pti, bo'lar ish bo'ldi, — dedi Mirsoli Vadimning gapini kesib. — Uyiga borib oilasidagilardan ko'ngil so'ra, dafn marosimiga ketadigan hamma xarajatlarni to'la! Baribir ayb bizda.
— Albatta shunday qilaman.
— Xo'sh, Shavkat qalay yordam berdi? Senga ma'qulmi ishi?
— Shavkatga gap yo'q. Qoyil qoldim do'stingizga.
— Yaxshi, unda senga yana bir topshiriq.
— Qulog'im sizda, boss!
— Hoziroq Tuman kun bo'yi qaerga qay mahalda boradi, qo'riqchilari nechta, qaysi mashinaga o'tiradi, xullas, shularni aniqlab qo'y! Keyin menga darhol xabarini yetkaz! Men ofisga yarim soatdan keyin yetib boraman. Shungacha sen ishni pishitib qo'y!
— Xo'p bo'ladi, hoziroq kirishaman!
* * *
Bu galgi rejaga ko'ra, Mirsolining o'zi yolg'iz harakatlanishi lozim edi. U har bir harakatni, holatni oldindan xomcho't qildi. Bu ishning oqibatigacha o'ylab bosh qotirdi. Shundan keyingina klubga jo'nadi.
Manzilga yetgach, klubdagi ishlardan shoshilinch ko'z-quloq bo'ldi-yu, yana Vadim bilan Shavkatni kabinetiga chorladi.
— Senlar o'n shotirni avtomatlar bilan birga «Tuman» borib to'xtaydigan joyga eltasan, — dedi u Vadimga. — Undan oldin anavi «Chig'iriq»qa sim qoq, menga moyi ketmagan vintovka bersin! Faqat yaxshilab tekshir, ishlatilgan bo'lmasin! Aytgancha, to mendan ko'rsatma bo'lmaguncha, bir chetda berkinib turinglar! Ehtiyot chorasi ko'rilgani ma'qul.
— Tinchlikmi? — so'radi bir chetda qimtinibgina turgan Shavkat betoqatlanib. — Otishma uyushtiramizmi?
Mirsoli do'stiga o'ychan termilib turdi-da, norozi bosh chayqadi.
— Yo'q, bugun bir o'zim ishlayman. Senlar xavfsizligimni ta'minlaysan. Ma'qulmi?
— Nima qilmoqchisan o'zi? O'ta maxfiy ishmi?
— Nega endi, — lab burib javob berdi Mirsoli. — Buning sira maxfiyligi yo'q. «Tuman»ni to'xtatmoqchiman, xolos. Bor gap shu.
— Sen-a? Axir, bu xavfli ish-ku, do'st! Kel, o'rningga men qilay shu ishni!
— Yo'q, qarorim qat'iy. Har holda bu shaharga kelgach, ishni killerlikdan boshlaganman. Bugun o'sha kunlarni bir eslab olsam deyman.
— Bekor qilyapsan, — dedi Shavkat qovog'ini uyib. — Kabinetda o'tirib ishni boshqarsang yaxshiydi. Yo bizga ishonmaysanmi?
— Gap ishonishdamas. «Tuman»ning ildizi baquvvat ekan. Shuning uchun u bilan faqat men shug'ullanishim kerak. Sizlarni xavf ostiga qo'ya olmayman. Xullas, gap bitta. Boringlar, men aytgan ishlarni do'ndiringlar!
Shavkat ortiqcha gapirib o'tirmadi. Vadimning imosi bilan asta kabinetdan