tungi.ru

Snayper 7 (kamolov) (4-bet)

nima beryapti? Harom-xarishdan bo'lak hech vaqo berayotgani yo'q. Munday mulohaza qilsam, men tengilar allaqachon uylanishgan. Uylanmaganiniyam hech qursa sevgan, ishongan qizi bor. Ular kun-u tun visolni orzulab yashashadi. Men bo'lsam, hech kimning mehriga sazovor, haqli emasman. Sobir to'g'ri yozgan. Qishloqdagilar azaldan qotilni yomon ko'rishadi. O'zlari ko'rishmasa-da, bir og'iz gap tufayli o'sha qotildan ochiqchasiga yuz o'girishadi. Iloji boricha undan nariroq yurishga intilishadi. Demak, meniyam xuddi shunday sovuq nigohlar bilan qarshi olishadi. Birov o'sha yaqin tevarakda menga qiz bermaydi. Qanday dahshat-a! O'zgalarning nafratini ochiq ko'z bilan ko'rib yashash rostakamiga dahshat! Nima qilay? Qanday yo'l tutay? Nima qilsam, qo'rqinchli, jirkanch o'ylardan nari bo'laman? Yo'q, yetar, bu hayot Shavkat aytganidek, yaxshilikka olib bormaydi. Bir kunmas-bir kun mendanam zo'rrog'i, abjirrog'i chiqsa, biznes ham, obro' ham bir pul bo'ladi. Anavi generalga o'xshaganlar esa boshqaning tovog'ini yalab, meni bir hamla bilan turmaga tiqadi. Ha, undaylar hech qachon do'stlik qilishmaydi. Nima qilsam bo'ladi? Shavkatni chaqirib, muddaomni aytaymi? Albatta xursand bo'ladi. Mening to'g'ri yo'lga qayta boshlaganimni eshitib terisiga sig'mas darajada quvonadi. Xudoyim, mening tavbalarimni qabul qilasanmi? Qabul qilmaysan. Buni vujud-vujudim bilan sezib turibman. Sen yorug' dunyoning o'zida menga jazo tayinlashni ko'zlaysan. Mayli, shunday bo'lsayam o'zingga shukr qilaman. Ammo… Kechir, xudoyim, men kirgan ko'chada ortga qaytib bo'lmaskan. Fikrlab ko'rsam, hech qanday iloj, imkon ko'rinmadi. Chunki o'zimdan o'tganini o'zim bilyapman. Men jonimni jabborga berib yig'gan davlatimni generalga o'xshash tekintomoqlarga topshirib qo'ygim yo'q. To'g'ri, hammasiga ko'z yumib shartta ketvorishim mumkin. Mening yo'limni hech kim to'sa olmaydi. Lekin aeroportgacha ham yetib bora olmasligimni bilaman. Tish qayrab turgan melisalar meni osonlikcha qo'yib yuborishmaydi. Turmaga sudrashadi. Mening esa turmada o'tirgim yo'q. Negaki, u yerda ham dushmanlarimning son-sanog'i yo'q. Bir kun yashatishmaydi kerak bo'lsa. Shunday ekan, o'zingga tavakkal qilaman, xudoyim. Boshga tushganni ko'z ko'radi-da! G'azablaringga bardosh qilishdan bo'lak choram qolmadi…»

— Do'st, mana, kaboblar ham tap-tayyor bo'ldi, — Shavkat Mirsolining xayolini bo'lib xontaxta ustiga bir tovoq o'zidan bug' taratayotgan kabob qo'ydi. — Yigitlar oshxonada o'tirisharkan. Biz Vadim bilan senga sherikchilik qilamiz-da endi! Qarshi emasmisan?

— Xayriyat, — dedi Mirsoli Shavkatga kulib qarab. — Chehrang ochilibdi. Xursandman. Biroq mening ko'nglimga chiroq yoqsa yorishmayapti. Yuragimga qil sig'mayapti.

— Sen kabobdan ol, ko'ngling yoziladi, — dedi Shavkat bir six kabobni Mirsolining qo'liga tutqazib. — Qorning ochgandir. Qani, do'stlar, oldik bo'lmasa!..

Mirsoli sinfdoshiga itoat qilgan holda kabobni og'ziga yaqin olib bordi-yu, darhol qaytadan tovoqqa soldi va dast o'rnidan turib quloqlarini ding qildi.

— Mashinalar tovushi eshitildi, — dedi u Shavkatga yuzlanib. — Mentlar xitlandimikan nima balo?

— Be, senga shunday tuyilgandir, — qo'l siltadi Shavkat. — Ko'chada qo'riqchilar turibdi. Bir gap bo'lsa, xabarini yetkazishardi-ku!..

— O'zim qaray-chi! — Mirsoli shunday deb darvoza tomon yurdi. Shu tobda eshik ochilib, ikki qo'riqchi hovliqqancha hovliga kirdi.

— Xo'jayin, mentlar dala hovlini o'rab olishyapti, — dedi qo'riqchilardan biri. — Qochishimiz kerak!

— Nima?.. Mentlar?.. Qani, yig'ishtirlaring hammasini! — Mirsoli bor ovozda baqirib ichkaridagilarni chorlay boshladi. — Hamma mashinalarga o'tirsin! Agar yo'limizga to'g'anoq bo'lishsa, bosib o'tib ketlaring! Qo'lga tushish xayolinggayam kelmasin!..

Baxtga qarshi hech kim mashinaga o'tirishga ulgurmadi. Daf'atan ko'chadan bir guruh niqobli kimsalar chopib kirib, barchalarini yuztuban yerga yotishga majbur etdi. Mirsoli tomorqa tarafdan ham allakimlar baqir-chaqir bilan kirganini payqadi. Boshini ko'tarib kimlar ekanini ilg'ashga urindi. Ammo tepasidagi qurol tutgan askar naq bo'yniga avtomat qo'ndog'ini tirab qo'zg'alishga qo'ymadi.

Oradan bir necha o'n soniya o'tdi yo o'tmadi, Mirsolini kimdir kurtkasi yoqasidan siqimlab o'rnidan turg'azdi.

Bu o'zi bilan yaqindan beri «sherikchilik» qila boshlagan general edi.

— Ha, shovvoz, «buzoqning yugurgani somonxonagacha» degan naqlni eshitganmiding? — deya masxaraomuz so'z qotdi general. — «Generalga pul berdim, endi nima qand yesam yeyaveraman», deb o'ylovmiding?

— Iflos! — shivirladi g'azab aralash Mirsoli. — Kelib-kelib sen marazga ishondimmi?

— Buni tergovda aniqlashadi, — dedi general. — Dumingni qisib to'g'ri, halol yashaganingda shu ko'yga tushmasding. Sen bergan pullarga kelsak… Buni hech qachon hech kimga isbotlay olmaysan! Ana endi turmada dodingni berishadi. Tayyor tur, Krutoy!..

Mirsoli bu gaplarni deyarli eshitmasdi. Afsus, nadomat tuyg'usi borlig'ini egallab, go'yo karaxt kimsa yanglig' qarshisidagilarga hissiz boqardi.

* * *

— Bu mening mashinamga o'tiradi, — dedi general kutilmaganda askarlarga yuzlanib. — Qolganlarni olib borib kameraga qamanglar!

— Sizga… O'rtoq general, balki soqchilarni…

— Kerakmas, — ofitserning so'zini kesdi general. — Bu yigit men uchun xavfli emas! Boringlar, tezroq yetkazinglar hammasini! Qani, Krutoy, mening mashinamga o'tir! Sen bilan o'zim gaplashib qo'ymasam, bo'lmaydiganga o'xshaydi.

Mirsoli hayron bo'lgancha ko'rsatilgan mashinaga chiqdi. Negadir qo'llaridagi kishanlarni ne sababdan yechishganiga tushunmay, hadeganda generalga yer ostidan razm solaverdi. Qalbining bir chetida general insofga kelishiga, uni qo'yib yuborishiga ishona boshladi.

— Xo'sh, qahramon, endi qalaysan? — so'radi general masxaraomuz ohangda. — Mening qudratimga tan berdingmi yo yo'qmi?

— Tan bermaganimda nima o'zgarardi? Qamaysizmi, qamayvering! Demak, peshonamda shu ish ham bor ekan.

— Ovora bo'lasan, — dedi general yanada jiddiy tortib. — Bilasan, seni turmaga qamasak, oson o'lim topasan. Anavi dushmanlaring anchadan beri tish qayrab yurganidanam xabaring bor. Ular seni yo bo'g'ib o'ldirishadi, yo otib tashlashadi. Yo'-o'q, sen hali bizga keraksan.

— Tag'in nima baloni o'ylab topdingiz? — so'radi Mirsoli toqati toq bo'lib. — Bilmasangiz bilib oling, men o'limdan qo'rqmayman. Jonimni garovga tikib yo'lga chiqqanman.

— Shuning uchun ham sening o'lishingni istamayapman. Umuman, bilasanmi, nega bugun bosqin uyushtirdim-a? Bilasanmi?

— Siz mentlarning ko'nglingizdan nima kechayotganini yolg'iz xudo biladi. Men qaerdan bilay?

— Mayli, bilmasang o'zim ayta qolaman. Xullas, «glavka»da anchadan beri mening g'iybatimni qilishayotgan ekan. Uzunquloq gaplardan bilib qoldim. Nimaymish, men jinoyatchi bilan kelishib, himoyamga olganmishman, evaziga jinoyatchi menga pul to'layotganmish. Sen shu g'iybatlarga ishonasanmi?

— Bu haqiqat-ku, — dedi Mirsoli. — Jinoyatchi menman. Sizga meni himoya qilayotganingiz uchun pul to'layapman. Yo yolg'onmi?

— Mayli, bu gapni qo'ya turaylik. Qisqasi, bugun o'sha g'iybatchilarga kimligimni ko'rsatib qo'ygim keldi. Jinoyatchi bilan osh-qatiq emasligimni isbotlashga bel bog'ladim. Natijasini o'zing ko'rib turibsan.

— Xo'sh, nima qilay? Gapingiz shu xolosmidi? Unda meni olib boring o'sha turmangizga! Mashinangizda o'tirib toza havodan nafas ololmayapman. Balki o'sha havoni turmada olarman.

— Bekorlarni aytasan, — dedi general. — Operatsiyamning oxirgi bosqichi qoldi. Shuni tugatay, ana undan keyin sening masalangni o'ylab ko'raman.

— Mening nima aloqam bor operatsiyangizga?

— Hozir askarlarni qayta chaqirtiraman. Sen qochasan. Ular ortingdan quvlab seni tutib kelishadi. Agar shu ishda yordam bersang, ishon, hammasi yaxshi bo'ladi. Tarakan masalasiga ko'z yumaman. Kelishdikmi?

— Albatta yo'q, — dedi Mirsoli. — Ahmog'ingiz yo'q. Meni yosh bola qilishga urinmang. Shundog'am sabr kosam to'lib turibdi hozir.

— Yordam bermaysanmi? Generalning yuzi yorug' bo'lishini istamaysanmi?

— Yo'q. Gap tamom!

— Bundan chiqdi, sen bilan kelishuvimizniyam bekor qilmoqchisan, shundaymi? Haligi… Himoya qilishim evaziga pul to'lashniyam xohlamaysan-a? Topdimmi?

— To'g'ri topdingiz. Sizdaqalar bilan ishlagandan o'lgan ma'qul. Xo'sh, himoya qilmasangiz, nima bo'ladi menga? Kazino ochganimni ro'kach qilib qo'lga olasizmi? Qani isboti? Men faqat internet klub ochganman. Ana, ishonmasangiz borib ko'ring!

— Tarakanning, u bilan birga o'n chog'li odamning o'lgani-chi? — tutoqib ketdi general. — Uyam birovning ishimi?

— Isbot qila olasizmi? Buning uchun hech bo'lmasa barmoq izlarini topish kerak. Men esa bir ish qilsam, orqamda iz qoldirmayman. Mana ko'rasiz, yigitlarimniyam ertagayoq qo'yib yuborasiz. Aks holda nima bo'lishingizni faqat xudo biladi, general!

— Hali shunaqami? — general Mirsolining ishonch bilan aytgan gaplarini tinglab turib, beixtiyor titray boshladi. Titroq iskanjasida shoshilinch ratsiyani qo'liga oldi-da, askarlarni chorladi. Mirsoli esa hech narsa bo'lmaganday tek o'tirar, ora-sirada generalga ko'z tashlab sovuq tirjayib olardi.

* * *

Oradan bir soatcha vaqt o'tgach, nihoyat palata eshigi ohista ochilib Vadim kirib keldi. U qo'lidagi mevalar joylangan xaltachani tumbochka ustiga qo'ydi-da, karavotning bir chetiga cho'kdi. Vadimning qiyofasida mahzunlik hukmron edi-yu, Mirsoliga sezdirib qo'ymaslik uchun majburan jilmayardi.

— Qo'yib yuborishdimi hammani? — so'radi Mirsoli yotgan yeridan Vadimga sirli boqib. — Klubda tinchlikmi?

— Hammasi yaxshi, boss, — dedi Vadim Mirsolining yelkasiga qo'lini qo'yib. — Siz kamlik qilyapsiz xolos. Ammo bu vaqtincha. Tuzalib, oyoqqa tursangiz, tez orada qaytasiz safga.

— Yo'q oyoqda qanday tik turaman? — so'radi Mirsoli alami kelib. — Meni tinchlantirmay qo'yaqol. Undan ko'ra haqiqatni gapir! Shavkat nega kelmayapti? Qaerda o'zi?

Vadim bu savolga qanday javob qaytarishni bilmasdi. Shu sababli chaynala-chaynala gapni boshqa yoqqa burmoqchi bo'ldi. Ammo uddalay olmadi. Mirsoli uning bilagini mahkam siqib, do'q aralash savolini takrorladi.

— Shavkat qaerda deb so'radim!?. Gapirsang-chi!..

— U.. Ketib qoldi, — dedi Vadim bosh egib. — Mentlar qo'yib yuborishgandan keyin men to'g'ri shu yerga kelgandim. Keyinroq Shavkat qo'ng'iroq qip qoldi. Ahvolingizni eshitgandan keyin ketishini ochiqchasiga aytdi. Nomardlik qildi hamyurtingiz! O'zi… O'shanda bekor ishga olgan ekansiz-da!

— Ha-a, — deya chuqur xo'rsindi Mirsoli. — Kimning kim ekanini mana shunaqangi paytda bilib olarkan kishi. Demak, sinfdoshim nomardlik qilibdi-da! Afsus, kalta o'ylabdi xumpar. Mening qo'limdan osonlikcha qutula olmasligini unutib qo'ygan ko'rinadi. Ming afsus, yana bir do'stimdan ayriladigan bo'ldim… Mayli, ikki oyog'imni kesib tashlashsayam hali tetikman. Aqldan, kuchdan qolganimcha yo'q, Vadim. Xo'sh, buyog'iga nima reja tuzamiz?

— Siz to'liq tuzalib olavering! Keyin bir yo'li topilib qolar. Xudoga shukr, klub joyida turibdi, ishchi-xizmatchilar, tansoqchilargacha hammasi ishlayapti. O'zim nazorat qilib turibman.

— Yo'q, bunaqasi ketmaydi, — dedi Mirsoli. — Endi gunoh qilishni yig'ishtiramiz shekilli. Mentlar bilan ham aloqa uzildi. Buyog'iga ishimiz qaltis bo'ladi. Mentlar ko'z ochishga qo'yishmaydi. Shunday deyman-u… Bilasanmi, men komada yotganimda narigi dunyoga borib keldim. Aniq esimda. Ajoyibdanam ajoyib vodiyga boribman. U yerda otam, ikki onam kapalak qiyofasida parvoz qilishayotgan ekan. Lekin ular ham meni quvib solishdi. Ollohning qarshisida gunohlarim ko'payib ketibdi. Shularning ajrini to'lamaguncha uyoqqayam keta olmaskanman. Afsus… Afsus… Yo'q, hech kimga kori yo'qlikdan asrasin! Harakat qilishimiz shart. To'xta…

Mirsoli beixtiyor rangi dokadek oqarib, boshini goh o'ngga, goh chapga chayqay boshladi. Vadim hayron bo'lib yelkasiga qo'l tashlagandi, Mirsoli siltab tashladi va ko'zlari chaqnab Vadimga tik boqdi.

— Oshna, — dedi u bosh chayqashdan tiyilmay. — Sening bir hafta umring qolibdi. Ana, farishtalar shunday deyapti! Berkin! Yashirin panaga! Ovloqqa o'zingni ol! O'lma! O'lma, Vadim, o'lma!.. Menga aravacha sotib ol! Ikkovimiz muridlarimizning uyiga boramiz! Sotib ol aravacha, iltimo-os!!!

Vadim bunday bo'lishini sira kutmagandi. Dast o'rnidan turdi-da, vrach chaqirish ilinjida yo'lakka chopdi.

* * *

Zum o'tmay, vrach hamshirani ergashtirgancha palataga kirdi. Oldiniga karavotga yaqinlashib, Mirsoliga zimdan nazar soldi. Tomirini ushlab, yurak urishini tekshirdi. So'ngra hamshiraga imo qildi. U darhol shprisga kerakli dorini torta boshladi.

— Nima bo'ldi, uka? — so'radi vrach muloyimlik bilan. — Bezovta bo'lyapsizmi? Nega o'rtog'ingizni qo'rqityapsiz?..

Mirsoli Vadim yo'lak tomon chopgandayoq sal o'zini tutib olgan, aytgan gaplariga afsus cheka boshlagandi. Boshini eggancha bir muddat sukutga toldi. Keyin ilkis qaddini rostlab, Vadimga yuzlandi.

— Kechir, — dedi u bosh chayqab. — Bilmay gapirvordim shekilli. Parvo qilma, sal… Miyam chayqalganday bo'lib sening ko'nglingga ozor yetkazdim, kechir!

— Xavotir olmang, — dedi Vadim kulimsirab. — Bundan battarlariyam bo'lgan-ku! Mana ko'rasiz, hali shu kunlarni eslashib rosa kulishamiz.

Vadim shunday deb asta vrachning qulog'iga pichirladi:

— Do'xtir, balki haligi… Psixoterapevtni chaqirarmiz-a? Har holda komadan keyin…

— Tushundim, — dedi vrach eshitilar-eshitilmas. — Hozir qo'ng'iroq qilaman. Tashvish chekmang! O'rtog'ingiz otday bo'p ketadi!..

Ammo Mirsoli hanuz xayolot dengizida suzar, nuqul ko'z o'ngida general gavdalanib, hadeganda mushtlarini tugardi.

— Bo'lar ish bo'ldi, — deya Vadimga tik boqdi u vrach va hamshira chiqib ketishgach. — General baribir payimizga tushadi. U itdan hamma narsani kutsa bo'ladi. Bilasanmi, biz uni chuv tushiramiz. Sezib turibman, shunday qilsak, albatta adabini yeydi u bachchag'ar.

— Nima qilmoqchisiz? — so'radi Vadim qiziqsinib. — Tinchitish kerakmi? O'zim…

— E yo'-o'q, — dedi Mirsoli qo'l siltab. — Shu kungacha qilgan gunohlarimiz ham yetib ortadi. U hozir biznesimizning yo'lini to'sgani uchun yuqori lavozimga tayinlangan. Hademay o'zi kelib ham qoladi. Biz esa u bilan ishlamaymiz. Klubni sotamiz. Faqat shahardagi ikkita katta do'konni olib qolamiz. Qolganlarining hammasi sotiladi. Sen hoziroq shu ish bilan shug'ullan. Chunki ikkita do'konning ishiniyam o'zing yuritasan. Sendan boshqa ishonchli do'st qolmadi menda. General masalasida o'zimning rejalarim bor. Vaqt keladi, o'sha rejani amalga oshiraman. Nima deysan?

— Siz nima desangiz shu, — javob qildi Vadim. — Xaridor topish muammo bo'lmaydi. Lekin…

— Nima demoqchiligingni sezdim, — dedi Mirsoli kulimsirab. — Qo'rqma, hammasi yaxshi bo'ladi. Bor, bugunoq men aytgan ishlarni do'ndir! Pullarning uchdan bir qismini senga hadya qilaman. Boraqol!..

Vadim darhol o'rnidan turdi-da, ketishga chog'landi.

— Xayrlashmayman! Kechqurun natijasini aytaman! Yaxshi qoling!

* * *

Mirsoli endi-endi qay ahvolga tushganini qalban his eta boshlagandi. Agar ilk kunlarda oyoqlaridan butkul ayrilib qolgani yoqimsiz bir tushdek tuyilib, sal o'tgach, ko'ngliga tushgan qorong'ilik tarqagan bo'lsa, ayni pallada buning qay darajada dahshatli ekanini chuqur his etardi. His etgani sayin asab tomirlari taranglashar, qo'yib berishsa, bor ovozda hayqirib dod solgisi kelardi. U kelajakka umuman ishonmay borardi. Ishonch o'rnini faqat tushkunlik, umidsizlik buluti qoplab olgandi. Biroq ko'ngil ko'zi bilan yaqin fursatda qanday voqealar sodir bo'lishi muqarrarligini aniq-tiniq ko'rib turardi.

«Bilaman, Vadim biznesni sotmaydi, — o'ylardi Mirsoli. — Meni xotirjam torttirish uchun ko'ndi. Aslida kechqurun telefon qilib nimalar deyishigacha bilaman. To'xta, bularni qaydan bilyapman? Kim menga shipshityapti? Nimalar bo'lyapti o'zi? Nahotki, rostdanam bashoratchiga aylanib qolgan bo'lsam? Ana, psixiatriyam tekshirib ko'rdi. Hech qanday kasallik topa olmadi. Komadan keyin miyam sal anaqaroq bo'lib qolganmish. Bekorlarni aytibdi. Miyam joyida. Bu yerda bir gap bor. Ko'raman, agar aytayotganlarim to'g'ri chiqa boshlasa… Kim bilsin? Mana, hozir o'tiribman-u, aniq sezib turibman. General mendan xabar olish uchun kelyapti. Darvozadan o'tganiniyam ko'rdim. Ammo qanday qilib? Kim menga bunday qudratni hadya qildi? Xudoyimmi? Qaysi yaxshi ishim uchun? Shu shaharga kelganimdan beri o'ldir-o'ldirdan, harom pul topishdan bo'shamagan bo'lsam…»

Mirsoli xayollarga erk bermaslik ilinjida birdan sergaklanib, palata eshigiga boqdi. Haqiqatan, oradan bir necha daqiqa o'tib, eshik ochildi-yu, ichkariga general kirib keldi. Mirsoli uning yuz tuzilishiga atayin sinchkov tikildi. Generalning kayfiyati yo'q edi. Asta yurib kelib, karavotning bir chetiga cho'kdi-da, Mirsolining o'ng qo'lini kaftlari orasiga oldi.

— Meni kechir, Krutoy, — dedi hazin tovushda general. — Seni balodan asrab qololmadim. Aksincha shunga mubtalo qildim. Oldingda bir umr qarzdorman. Haligi… Tarakan masalasida ko'ngling to'q bo'lsin! Men bir yaramasning bo'yniga qo'yvordim hammasini! Shunday ekan…

— Meni qayg'urganda ko'ra kennoyimni qaytarib uyga opkelsangiz bo'lardi, — generalning so'zini kesdi Mirsoli. — Sho'rlikni ichvolib qattiq xafa qipsiz. Uyoqda boshqa xotiningizdan tug'ilgan qizingiz qo'ng'irog'ingizni kutib qon bo'lgan. Qiz voyaga yetibdi, lekin baribir sizni kutyapti. Siz bo'lsangiz, bir marta xabar olay, bag'rimga bosay, ko'nglini ko'taray demaysiz. Kap-katta odam, buning ustiga militsiya generali bunday ish tutsa, xunuk-da!.. Yana…

General bu gaplarni eshitib, hayratdan og'zini ochgancha Mirsoliga tikilib qolgandi. Beixtiyor o'ziga kelib Mirsolining gapini bo'ldi.

— Uka-a, agenturang zo'r ishlarkan-ku-a? Vey, qotib qoldim gaplaringni eshitib! Qachon orqamdan odam qo'ya qolding o'zi? Kim ekan menday generalni kuzatib yuradigan? Hoynahoy uyimga bildirmay kirib kamera, ovoz yozadigan uskunalarni joylashtirgandir-a?

— Topdingiz, — dedi Mirsoli sovuq tirjayib. — Agenturam juda zo'r ishlaydi. Lekin u allakim emas. O'zim o'zimga agentman.

— Q-qanaqasiga? Qo'y-e, uka, sen mana bu yerda yotgan bo'lsang… Aytaver, baribir agenturangga yomonlik qilmayman. Shunchaki… Kimligini bilgim keldi, xolos.

— Mening agenturam hov uyoqda, — dedi Mirsoli ko'rsatkich barmog'i bilan shiftni ko'rsatib. — Juda-juda olisda. Unga hatto raketadayam yetib bo'lmaydi.

— Qoyil, — deya kulimsiradi general. — Baribir tan berdim senga. Senga maslahatim, o'sha agenturani ranjitmagin! Vey, oilamda bo'layotgan ishlardan hech kimning xabari yo'q edi. Hozir sendan eshitib, hayron bo'lib qoldim. Barakalla! Mayli, men boray, hali ishlarim juda ko'p. Ha-a, senga quloq tutaman. Hamma ishni yig'ishtirib, kennoyingni uyga opkelaman. Keyin esa qizim Mashaga qo'ng'iroq qilaman. Rostdanam qiz bechorada gunoh yo'q. Bugun bir xursand qilay Mashamni!

— Menga aytadigan gapingiz yo'qmidi mabodo? — so'radi Mirsoli generalning asl maqsadini anglab tursa-da sir boy bermay. — Aytavering!

— Yo'q, — dedi general dast o'rnidan turib. — Keyin gaplashamiz. Tezroq tuzalib ket! Aytgancha… Ko'nglingga kelmasin-u, agar rozi bo'lsang, bir tanishim protez chiqadigan zavodda direktor. Zo'ridan qo'ydirib beraman. Ishon, protez shunaqa zo'rki, o'z oyog'ingda yurganday yayraysan. Juda yaxshi bo'lardi shunday qilsak. Nima deysan?

— Yo'q, bu menga to'g'ri kelmaydi, — dedi Mirsoli qovoq uyib. — Menga rahmingiz kelmay qo'ya qolsin! Nogironlar aravachasida yurishni ma'qul ko'ryapman. Aravachada o'tirib ham ancha-muncha ishni do'ndira olaman.

— Mayli, mayli… Yana kelaman. Zo'r takliflarim bor senga. Bafurja o'tirib gaplashamiz.

— Nasib bo'lsa! Xayr, general!

— Joning omon bo'lsin!..

General qayta-qayta xayrlashib, shoshilmasdan palatani tark etdi.

* * *

General ketgach, Mirsoli beixtiyor o'zini yomon his eta boshladi. Boshi gir-gir aylanib, ko'ngli aynidi. Sal o'tib yuragi siqilib, go'yo yorug' dunyo ko'zlariga tor ko'rinib ketaverdi. Nimalar bo'layotganini tushunmay hamshirani chaqirmoqqa shaylandi. Biroq fikridan qaytdi. Ko'zlarini yumgancha tek qotdi. Taxminan besh daqiqa vaqt o'tgach, qaytadan jonlandi. Boshi aylanishdan, ko'ngli aynishdan to'xtadi. Yuragi ham bir me'yorda urib, ko'zlarini ochdi va o'tirib oldi. Ajablangani, endi miyasidagi allanechuk o'ylar ko'paygandan ko'payib borardi.

O‘xshash hikoyalar