Snayper 8 (kamolov)
Mirsoli komadan so'ng g'aroyib qobiliyat egasiga aylangani generalning tinchini butkul o'g'irlab qo'ygandi. Tekshirib ko'rish uchun atayin ko'p savollar berib ko'rdi. Oddiy odam bu savollarga hech qachon javob bera olmasdi. Mirsoli esa har bir savolga bir necha o'n soniyagina sukut saqlashlardan keyin to'g'ri javob berdi. Generalning nazdidagi shafqatsiz qotil, o'ta ayyor ishbilarmon, jinoyat ko'chasi egalaridan biri Mirsoli shu tobda adog'siz ruhiy qudrat sohibiga aylanib bo'lgandi. General bunday qudratdan qay maqsadda foydalanishni ham allaqachon o'ylab qo'ygandi.
— Esingdami, senga podpolkovnik rahmatli qachonlardir basharangni o'zgartirish zarurligini aytgan ekan? — so'radi general ehtiyotkorlik bilan. — Yo unutvorganmisan?
— Unutganim yo'q, — dedi Mirsoli jiddiylik bilan. — Shuning uchun ham siz bilan suhbatlashib olishni istadim.
— To'g'ri o'ylabsan, — general Mirsolining yelkasiga qo'l tashladi. — Basharani o'zgartirish fursati yetdi. Nima sababdanliginiyam aytaymi?
— Shartmas. Men zudlik bilan o'zga tusga kirib, hujjatimni yangilashim kerak. Boyagina o'zingiz uchrashib gaplashgan odam bilan tezroq tanishtira qoling. Cho'zib nima qildik.
— Barakalla! Xullas, seni «o'ldi» deb e'lon qilamiz. Televidenie orqali chiqish uyushtiraman. Shunday qilmasak bo'lmaydi. Shaharda dushmanlaring tiqilib yotibdi. Kasalxonadan tirik chiqishingga kafolot yo'q.
— Shu sababli palata eshigi oldiga, kasalxona darvozasiga qo'riqchilar qo'yibsiz-da? Hushyorsiz, general, hushyorsiz!
— Shuniyam bildingmi? Yo birov aytdimi?
— Kim ham aytardi? Hammani jiddiy ogohlantirgansiz-ku, axir! Aytgancha, o'zimning ta'ziyamga boramanmi?
— Shart emas. Xullas, sen yangi hujjatda Marat Morozov bo'lasan. Ruslarga juda o'xshaydi-da basharang! Kamini jarroh to'g'rilaydi. Rozimisan?
— Nima farqi bor? Nima bo'lmasin, menga qanday ism berishmasin, o'zim uchun baribir Krutoyligimcha qolaman. Lekin hech kimga aytmayman. Qalbimda asrayman uni.
— Unda kelishdik. Bu yerdan chiqishing bilan boshqa kasalxonaga yotasan. Men ungacha tadorigimni ko'rvolaman.
— Bir iltimosim bor, — dedi ketishga chog'langan generalning bilagidan tutib. — Klubimni ham nazoratingiz ostiga olsangiz. Mensiz rasvosi chiqib ketmasin!
— Xotiring jam bo'lsin! Hammasi yaxshi bo'ladi. Hozircha xayr! Yaxshi dam ol!
General chiqib ketgach, Mirsoli qayta boshini changallagancha alamli shivirladi.
— Xudoyim, bu odamning ham umri qisqaligini nega ayta olmayman? Axir, buyam gunoh emasmi?!. O'zing kechi-ir!..
* * *
Oradan ikki oy vaqt o'tdi. Mirsoli deyarli tuzalib, yaqindagina ne umidlarda sotib olingan yangi hovlisiga keldi. Ammo ichiga chiroq yoqsa yorishmasdi. Biznesga putur yetishi, oyoqlaridan ayrilishi, bundan buyon o'zi xohlagandek erkin yura olmasligi, hech kimning ilgarigidek soyasiga salom bermasligi tayinligi ham ko'ziga ko'rinmasdi. Vadimning, ketidan Shavkatning avtohalokatga uchrab halok bo'lgani haqidagi xabarni eshitgani alam qilardi. Mirsoli bo'lib o'tgan ishlarda faqat o'zini ayblardi. Shu sababli marhum olib kelib bergan nogironlar aravachasiga o'tirib, har kuni qabristonga qatnashni odat qildi. Shu bahonada Vadimning ruhi bezovta bo'lmasligiga ishondi. Ammo taqdirida keskin o'zgarish yuz berish pallasi yaqinligini qalban his etardi. Qorong'i tunlarda hayhotdek hovlining kattakon xonalaridan biriga kirib allakimlar bilandir g'oyibona tillashganida, bu fursat juda yaqin qolganiga amin bo'lardi. Nihoyat, kunlarning birida, kun choshgohga yaqinlashganda hovliga generalning o'zi kirib keldi. Mirsoli uning ko'zlariga zimdan tikilib qaradi-yu, sal qursa yaqin kunlarning birida ajal ta'qib qilishi muqarrarligini tiliga ko'chirayozdi. Arang o'zini tutib, xunuk xayollarni miyasidan haydashga urindi.
— Bu deyman, aravachang ja zo'ridan ekan-ku, — uning ko'nglini ko'tarish ilinjida general kulib so'z qotdi. — G'ildiraklarini aylantirish ham shartmas ekan. Tugmachani bossang, o'zi yurib ketaverarkan-da! Zamonadan o'rgilay! Nimalarni o'ylab topishmaydi-ya odamlar!..
— Buyam menga o'xshagan qaysar va o'jar chiqib qoldi, — dedi Mirsoli moviy osmonga ko'z tashlab olib. — Zinadanam o'zi chiqib ketadi. «Qo'y, g'ildiragingni aylantira qolay», desam ko'nmaydi.
— Shunaqami? Qara-ya, gapni tushungani-chi-a bu matohning!..
— Androidda ishlaydi-da, general, — dedi aravacha chetiga o'rnatilgan jajji ekranni ko'rsatib Mirsoli. — Bilasiz-ku, android tizimi balo! Hamma ish qo'lidan keladi.
— Ha mayli, — dedi general hovlidagi kursiga cho'karkan. — Mana, bahorning yarmiyam o'tdi hisob. Buyog'iga kunlar isiy boshlaydi. Sen bilan bizning yelkamizga oftob tegadi.
Mirsoli generalning bu gapini eshitgach, yana ruhan ezildi. Hech kimning hayotini asrab qola olmasligini o'ylab ich-etini yeya boshladi. Lekin tirik odamga «sen ikki oydan keyin o'lasan», deyish qanchalar qabihlik ekanini qayta idrok etib, bosh chayqash bilan cheklandi.
«General degan nomi bor, — ko'nglidan o'tkazdi u. — Ammo harom ishlari menikidan yuz chandon ko'p. Qancha begunohlarni qaqshatib pulini oladi. Mana, oxirgi yillarda orttirgan gunohlari boshiga balo bo'lay deb turibdi. Xudoyim, shu haqiqat yolg'onga aylanishini juda-juda istardim. Buniyam bola-chaqasi, ro'zg'ori bor. Jonini olmay tursayding!..»
— Endi gap munday, — dedi general oradagi sukutni buzib. — Hovlidagi ishlaring ko'ngildagiday ekan, ko'rdim. Xizmatchi qiz yollabsan. To'g'ri qilgansan, u issiq-sovug'ingdan xabar olib turadi uylanguningcha! Aytgancha, birontasini topgin endi! Umr birpasda o'tadi-ketadi. Bola-chaqayam orttirib qo'yishi kerak erkak kishi, uka!
— E, — qo'l siltadi Mirsoli hafsalasizlik bilan. — Ikki oyog'i yo'q er kimgayam kerak?!. Bir kunimni ko'rarman.
— Unday dema! Sen oyoqsiz ham manaman degan sportchini yiqita olasan. Ana, ko'zlaring aytib turibdi. Ha, ikkala ko'zing ham yonyapti, yigit! «Bizga muhabbat hadya qil!», deb turibdi. Hadya qilmasang, o'zlari qidirib toparmish.
— Bashoratchi bo'p keting-e, — dedi Mirsoli kulib. — Bu gaplarni qaydan olyapsiz o'zi?
— Nima, bashoratchi bitta senmiding? Bizam kayfiyat durustligida ancha-muncha narsalarni topa olamiz. Mayli, hazilni qo'yib turaylik. Men seni olib ketgani keldim.
— Qaerga? — atayin ijikilab so'radi Mirsoli. — Birontasini o'ldirishga buyurtma bermoqchimisiz? Shu yerdayam aytavering!
— Yo'q, undaymas. — dedi general beixtiyor qovoqlari uyilib. — Bundan keyin odam o'ldirmaysan. Xudo asrasin! Aytgandim-ku basharani o'zgartirish kerak deb! Men hammasini gaplashib qo'ydim. Hozir borasan-u, klinikaga yotasan. Palata lyuks. Hech nimadan kamlik ko'rmaysan. O'zim har kuni xabar olaman sendan. Uzog'i bilan bir oyda butkul boshqa odamga aylanasan-qolasan. Ana undan keyin yangi bashara bilan suratga tushib bersang, biz hujjat tayyorlaymiz. Hamma ish bitgach, o'zim va'da bergan o'sha odam bilan seni yuzlashtiraman.
— Meni o'lgan deb xabar tarqatmoqchiydingiz-ku! — so'radi Mirsoli. — Hali jimjitlikmi?
— Allaqachon xabar berib bo'lganmiz. Nima, televizor ko'rmadingmi? Rasman e'lon qildirdim-ku!
— Televizor tomosha qilish ko'ngilga sig'mayapti-da! Ikki birday do'stlarim juvonmarg bo'p ketishdi. Shularni o'ylab…
— Mana bu ishing ma'qulmas menga, — dedi general xo'rsinib. — Ularni xudo rahmatiga olsin! O'lgan o'lib ketaveradi, ammo tiriklarga qiyin, uka! Siqilganing bilan o'lgan odamni qaytarib bo'lmaydi… Xullas, sen hamma uchun o'lib ketgansan. Zora, shu narsa yosh joningni asrashda yordam bersa! Xo'sh, ketdikmi?
— Ha, — dedi Mirsoli. — Hozir qorovullarga, xizmatchi qizga tayinlab qo'yay. Keyin kiyimlarimni almashtirishim zarur. Besh daqiqada tayyor bo'laman.
— Yaxshi, boraqol, men shu yerda o'tira turaman. Tashqarida mashina kutyapti. Uzoq qolib ketmagin!
* * *
Bir oy deganda Mirsoli haqiqatan o'zga bir qiyofaga kirdi. Ko'zguga boqarkan, o'zini arang taniy oldi. Jarrohlar ancha harakat qilishibdi. Hatto iyagigacha o'zgartirilibdi. Xullas, ilgarigi Mirsolidan asar qolmabdi.
— Barakalla, — dedi general odatiga ko'ra erta tongda palataga kirib kelib, qo'lidagi qaynoq kaboblarni stol ustiga qo'yarkan. — Vey, o'zingmisan? O'sha… O'zimizning Krutoymisan?
— Yo'q, — dedi Mirsoli. — Men Marat Morozovman!
— Qoyilman! Agar ko'chada ko'rib qolsam, tanimay o'tib ketishim tayin edi… Aytgancha, qara, shu ishimizni «yuvish» uchun atayin qo'y go'shtidan kabob pishirtirdim. Paqqos tushiramiz-u, yo'lga chiqamiz. Seni bir odam bilan tanishtiraman…
Mirsoli general kimni nazarda tutayotganini sezib, ko'ngil ko'zlari bilan ko'rib turardi. Ismi-sharifini bilmasa-da, u o'ta abjir, kuchli sportchi, yakkakurashni suv qilib ichib yuborgan maxsus xizmat idorasi polkovniklaridan biri ekaniga shubha qilmasdi.
— Tanishtiradigan odamingiz juda injiq ekan-ku, — dedi Mirsoli generalga sirli boqib. — Kelisha olmaymizmi deb qo'rqyapman.
— Qo'rqma! Bizning sohadagilar shunaqa injiq bo'lishadi. Men bilan kelishding-ku! Demak, Leonid Baranovch ham senga ma'qul bo'ladi. Ha, hayron bo'lma, buyog'iga nasib bo'lsa, polkovnik Leonid Baranovich bilan hamkorlikda ishlaysan. Qo'rqma, haqingni to'laydi, himoya qiladi, qo'llaydi, quvvatlaydi. Qani, o'tir, kabob sovimasin!..
* * *
General Mirsolin tushlikka yaqin shahardan chetroqdagi to'rt qavatli binoga olib bordi. Bino u qadar hashamatli emas, ammo sokin edi. Xonalar eshiklari, ta'miri ham odmigina ekan. Mirsoli aravachada o'tirgancha generalning ortidan yo'lak bo'ylab ketib borarkan, bo'layotgan ishlardan nihoyatda hayratlanar, bundan buyon internet klubidagichalik emin-erkin bo'la olmasligini o'ylab siqilardi. Miyasi esa har soniyada turfa axborotlar bilan yangilanar, yoqimli g'oyibona xabarlardan quvonar, mahzun va fojiaga boy o'ylar yuragini ezib, tilka-tilka qilay derdi.
«Ko'nglim shundoq sezib turibdi, — o'ylardi u qizg'ish rangga bo'yalgan eshik ro'parasida to'xtashgach. — Bu polkovnik kirganimdanoq dag'dag'a qilishni boshlaydi. Hozir o'tiribdi-yu, qilgan jinoyatlarimni yuzimga solgisi kelyapti. Ammo men qo'rqmayman. Chunki menga hali ko'-o'p ishlari tushadi. Bu shaharda mendan-da o'tadigan bashoratchi yo'q. Men go'yo osmondagi eng yorug' yulduz kabi kutilmaganda maydonga chiqdim. Ishqilib, erta so'ndirmasin xudoyim!..»
Ha, polkovnik xuddi shunday yo'l tutdi. Generalga sirli ravishda ko'z qisib Mirsolini qamash niyati borligini shipshitdi. Lekin oradan besh daqiqa o'tgach, chehrasi ochildi. Hatto Mirsolini «hurmatli mehmon» deb alqadi.
— Bizning idora maxsus, favqulodda, o'ta og'ir, chalkash jinoyatlarni ochish bilan shug'ullanadi, — dedi nihoyat maqsadga o'tib polkovnik. — Maxsus xizmat tashkiloti deb atalishining ham sababi shu. Xo'sh, o'rtoq bashoratchi, yordam berasanmi bizga?
— Men izquvar bo'lmasam, — dedi Mirsoli sir boy bergisi kelmay. — Buning ustiga ikkala oyoqniyam boy berganman.
— General, bu yigitingiz ja pishiq-puxtaga o'xshaydi-ku-a? — so'radi polkovnik generalga yuzlanib. — Nima qilsayam killerligiga boradi-da! Nima deysiz?
— Marat Morozov bir so'zli yigit, — dedi general oraga tusha boshlagan qorong'ilikni tarqatish maqsadida kulib. — Killer emas, u tijoratchiydi. Qarang, xudo shu yigitga tengsiz qobiliyat berib qo'yibdi. Hurmatini joyiga qo'yib ish bersangiz, keyin… Evaziga pul to'lasangiz ham kamayib qolmaysiz.
— Bilaman, — dedi polkovnik picha past tushib. — Ishqilib hech qaysimizni yo'ldan adashtirmasin!..
Shunday dedi-yu, polkovnik stol tortmasini ochib, bir dona surat chiqardi va Mirsoliga uzatdi.
— Mana shu suratga nima deysan? — so'radi u Mirsoliga yer ostidan boqib. — Basharti tanishing emasmi?
— Bu erkak ikki oy burun o'ldirib ketilgan-ku, — dedi Mirsoli o'ylab ham o'tirmay. — Ammo murdani haliyam topa olmayapsizlar. Shu rostmi?
— Qoyil! — deya o'rnidan turib ketdi polkovnik. — Tan berdim. Menga qara, isminiyam ayta olasanmi?
— Boris Panfilov. Qirq yoshga to'lgan kuni o'ldirilgan. Qotillar oldin uni obdon qiynashgan, keyin qo'l-oyoqlarini kesishgan. Oxirida to'pponchadan yuragini mo'ljallab bir necha marta o'q uzishgan. Qotillar ozodlikda yuribdi.
— Murda qaerdaligini bilasanmi? — hovliqib so'radi polkovnik. — Iltimos, tezroq gapir!
Mirsoli boshini bir muddat changallab turdi-da, aravachani ortga qarab siljitdi va polkovnikka yuzlandi.
— Yuringlar, fursat ketmasin! Bugun murdani chiqarib olmasangizlar, o'sha qotillar boshqa yerga olib ketib yo'q qilib yuborishadi.
Polkovnik hayratdan og'zi lang ochilgancha hanuz Mirsolidan ko'z uzolmay kiyimini egniga ildi.
* * *
Mashinaga mashinaga o'tirib ulgurmay, Mirsolining fikri o'zgardi. G'oyibona axborot yetkazuvchi tovushlar uni hushyor bo'lishga unday boshladi.
— Sen bu polkovnikning asl niyatini bilasanmi? — so'rashdi ular Mirsolidan. — Agar umring davomida ikkita dushman orttirgan bo'lsang, o'shalarning biri xuddi shu odam. Niyati sendan katta pul undirish. Shuning uchun seni qo'rqitadi, kerak bo'lsa, qamaydi ham. Chunki ular anchadan beri seni «razrabotka»ga olishgan. Sergak turmasang, holingga maymunlar yig'laydi. Qolgan gaplarimizni qulog'ingga quyib ol… Xullas, gap munday…
Mirsoli g'oyibona tovushlarga quloq tutarkan, yuragiga nadomat tig'i sanchilgandek bo'ldi. Yorug' dunyoda yashayotganidan juda afsus chekdi. Ayniqsa, ikki oyog'ini boy bergani alam qildi. Xayolan polkovnik singari tirik yovlarga qarata la'natlar o'qidi. Shunday ahvolda qolsa-da, notanish tovush egalarining ko'rsatmalarini ko'ngliga joylab oldi.
— Biz boshqa tomonga ketyapmiz, — dedi mashina shahardan ancha narilab, adog'siz serqatnov beton yo'lga chiqqach. — Zudlik bilan orqaga qaytib, o'ngdagi ko'chadan yurishimiz kerak.
— Senga nima bo'ldi, qahramon? — norozilanib so'radi polkovnik. — O'zing aytding-ku shu yo'ldan ketishimizni!
— Mo'ljalni sal noto'g'ri olibman. Haliyam kechmas, qayta qolaylik! Vaqt ketyapti!
— Mayli, — dedi polkovnik haydovchining yelkasiga shapatilab. — Viktor, mashinani orqaga qaytar! Adashibmiz!..
Bu Mirsoli uchun juda muhim edi. Oldinda kutilajak manzara, suhbat ayni mana shu ish bilan bog'liqligi uni xavotirga sola boshlagandi. Polkovnik ortiqcha qaysarlik qilmay, gumonsiramay so'ziga quloq tutgani Mirsolining ko'nglini tinchlantirdi…
* * *
Lekin qalin o'rmo ichkarisiga burilishgach, polkovnik bezovtalanib qoldi. Avval ikki tarafga alanglab, goh Mirsoli, goh orqalaridan kelayotgan navbatchi mashinaga boqdi. Nimanidir tushunmagandek bir necha marotaba bosh qashib oldi. So'ngra mashina oynasini ochib yubordi. Havo yetmay, nafas olishga qiynaldi chog'i, entikib-entikib ketaverdi. Sal o'tib, oynani qaytadan yopdi. Bu orada mashina Mirsoli ko'rsatgan manzilga yetib taqqa to'xtagandi.
— Xo'sh, nega bizni bu changalzorga boshlab kelding? — ochiqchasiga dag'dag'ali ohangda Mirsolini savolga tutdi polkovnik. — Murda shu yerga ko'milgan demoqchimisan? Shu yerga-ya?..
Mirsoli o'tirgan yerida boshini eggan ko'yi polkovnikning dag'dag'asini tek eshitdi. Ortiqcha xijolat, qo'rquvga erk bermay, shoshilmasdan polkovnikka tikilib qaradi.
— Nima, mening sirli qobiliyatimga ishonmayapsizmi? — so'radi u. — Ochig'ini aytavering!
— Mahmadonalik qilmagin, bola, — endi rostakamiga qo'rqitishga tushdi polkovnik. — Mening kimligimni bilasan-a? Jahlimni chiqarsang, nogironliginggayam qarab o'tirmayman.
— Albatta, albatta, — dedi Mirsoli nafratga yo'g'rilgan nigohlarini polkovnikka tikib. — Siz maqsadingiz yo'lida hech narsadan qaytmaysiz. Sizdan qo'rqqulik!.. Aytgancha, bir narsani tushunmadim. Nimaga bezovtalanib qoldingiz? Nima sababdan asablaringiz taranglashdi? Tinchlikmi?
— Jonimga tega boshlading, yigit, — deya mushtlarini tugdi polkovnik. — Biz qidirayotgan odam yuqori lavozim egasi edi. Jinoyati ham shunga yarasha katta. Aks holda maxsus xizmat idorasi ovora bo'lib qidirmasdi murdani. Mentlarning o'ziga tashlab qo'ya qolardik. Generaling esa seni juda maqtovdi. Aniq topa bilishingga kafolot beruvdi. Demak, noto'g'ri gapiribdi-da!..
— Polkovnik, — deya asabiy lab tishladi Mirsoli. — Birinchidan, u mening generalimmas. Ikkinchidan, sizning kimligingiz menga chikora… Mayli, agar yo'q demasangiz, tashqariga chiqsak. Siz bilan gaplashadigan muhim gapim bor.
— Gapiraver! Haydovchi o'zimizning odam. Menday odamga buyruq berishga qanday hadding sig'di? Istasam-chi…
— Yaxshi, — dedi Mirsoli sabr kosasi to'lib. — Unda shu yerning o'zida gaplashaveramiz.
— Gapir! He sendaqangi bashoratchidan o'rgildim! Gapir dedim! Qani jasad? Qay go'rda yotibdi?..
— Jasad hov anavi chakalaklar ostiga ko'milgan, — xotirjamlik bilan so'z boshladi Mirsoli. — Buni o'zingizam juda yaxshi bilasiz.
— Yo'g'-e, men-a?
— Ha-da, o'sha o'zingiz aytgan yuqori lavozimli erkak shu yerga ko'milgan. Ammo uni noma'lum kimsalarmas, sizning o'zingiz o'ldirtirib, ko'mdirib tashlagansiz.
— Nima-a?..
Polkovnik kutilmagan gapni eshitdi-yu, rangi bo'zarib, beixtiyor Mirsolining yoqasiga chang soldi.
— Nima deding, maraz? Qaytar!
— Siz anchadan beri xuddi shu yerda yotgan jasad egasidan ulush olib kelardingiz. Oxiri oralaringda janjal chiqqan. U tinch qo'ymasangiz, tegishli joyga shikoyat qilishini aytgan. Siz bo'lsangiz, darhol harakatga tushib killer yollagansiz. Ajablanarlisi, uni o'ldirishgandan keyin uyini tintuv qildirib, bor boyligini talon-taroj qilgansiz. Agar yolg'on bo'lsa, aytavering!..
* * *
— Sen… Ablah, kim bilan o'ynashayotganingni bilasanmi? — polkovnik bu gaplarni eshitgach, a'zoyi badani titrab, zarda aralash mashina eshigini ochdi-da, pastga tushdi. — Qani, buyoqqa chiq, o'g'ri, battol!
Mirsoli o'zgalar ko'magisiz mashinadan tusha olmasdi. Azbaroyi jahl otiga mingan polkovnik bir muddat bu haqiqatni unutib qo'ygandi. Sal o'tib, o'ziga kelgan kabi haydovchisiga buyurdi.
— Tushirib qo'y manavi cho'loqni!..
Mirsoli bunday haqoratni halokatga uchragandan beri ilk bor eshitdi. Eshitdi-yu, yuragi muzlab ketdi. Javob yo'llashga chog'langan tili tanglayiga yopishgandek talmovsirashdan nariga o'ta olmadi. Xayriyatki, qalbi, notanish ovoz sohibi ko'mak berishga oshiqdi.
— Sen bu yaramasning ko'zlariga tikil-da, — dedi u. — Bir necha o'n soniya tosh qot! Polkovnik bo'shashib, tiz cho'kadi. Bunga ishon! Tiz cho'kkandan keyin unga buyur. Nimani buyursang, so'zsiz ado etadi. Sen uchun asosiysi, bu battolning qo'lidan xalos bo'lish. Aks holda seni o'ldirib yuboradi. Shoshil!..
Mirsoli bu maslahatlardan ko'ngli xotirjam tortib, tepasida ko'zini lo'q qilgancha masxaraomuz tirjaya boshlagan polkovnikning ko'zlariga tik boqdi. Va shu holatda tek o'tiraverdi. Haqiqatan, polkovnik soniya sayin bo'shasha boshladi. Tirjayishlar, masxarali boqishlar o'rnini ojizlik egalladi. U daf'atan Mirsolining qarshisida tiz cho'kdi-yu, lablari pulkillagan ko'yi jim qoldi.
— Sen hoziroq meni anavi mashinada kuzatib qo'yasan, — o'ta ehtiyotkorlik bilan so'z boshladi Mirsoli. — Oldin qilmishlaring uchun uzr so'raysan. Oyog'imni o'pishing shart emas. Oyoqlarim shundog'am yarimta. Harom lablaring tegib, bulg'anishini xohlamayman. Xo'sh, tushunarlimi gaplarim?
— H-ha, tushundim, — shivirladi polkovnik titroq aralash. — Meni kechiring, uka! Men ahmoqni kechiring! Bu hech qachon qaytarilmaydi, qasam ichaman!
— Juda soz, — dedi Mirsoli boshini orqaga tashlab, og'ir xo'rsinarkan. — Holing shu ekan-ku, nima qilarding men bilan olishib?
— Bilmay qoldim! Meni shayton yo'ldan urdi, shayton!
— Shaytonni tinch qo'y, — deya ko'rsatkich barmog'ini polkovnikka o'qtaldi Mirsoli. — Shaytonning sensiz ham gunohi ko'p. Qani, endi a-astagina o'rningdan tur!
Polkovnik buyruqni so'zsiz ado etdi.
— Endi meni qaytadan o'z qo'llaring bilan mashinaga o'tqaz! Haydovchingga tayinla! Meni o'zim aytgan yerga eltib qo'ysin! Mabodo orqamdan tezak irg'itishni mo'ljallasang, bilib qo'y, qarg'ishimga qolasan. Men qarg'asam, albatta tegadi qarg'ishim. Uqdingmi, polkovnik?
— Albatta uqdim, uka, — dedi polkovnik Mirsolini avaylab mashinaga o'tqazarkan. — Qaerga desangiz, o'sha joyga eltadi. Eltmay ko'rsin-chi, terisiga somon tiqaman!..
Mashina joyidan jildi deguncha Mirsoli yon ko'zguchadan polkovnikka nazar tashladi. U hanuz tek qotgancha turar, ora-orada bosh chayqab olardi.
* * *
Polkovnik voqeasi Mirsoliga juda alam qilgandi. Agar oyoqsiz qolgandan beri to shu kunga qadar o'tmishga qaytmaslikka ahd qilgan bo'lsa, endi ahdidan qaytishga, hech qursa, oz bo'lsa-da, halol xizmatini qilgan,