Snayper 7 (kamolov) (3-sahifa)
Bundan battari bo'lmasa kerak, — gapni ilib ketdi Shavkat. — Qishloqdan Sodiqning ukasi Sobir kelibdi. Hozir kazino qarshisida turibdi. Binomizning hammayog'ini qandaydir avtomat qo'ltiqlagan barzangilar o'rab olgan. Sobir esa sening oldingga kirmoqchi!
— Sobir dedingmi? — Mirsolining birdan chehrasi tundlashdi. — Eshitibdimi? Nima deyapti o'zi? Sen so'radingmi?
— Ha, so'radim, — dedi Shavkat mushtlarini tugib. — Menga hech narsa demadi. Sen bilan gaplasharmish ablah.
— Barzangilarni qaerdan topibdi?
— Bunisidanam xabarim yo'q. O'zidan so'rarsan…
Mirsoli hech narsa demay zarda bilan telefonini qo'liga oldi-yu, kerakli raqamlarni terdi.
— General, — dedi go'shakdan tanish tovush eshitilgani hamono. — Bu qanaqasi? Turmadan qutqarib oldingiz deb o'ylasam, yana odam yuboribsiz-ku peshonamga! Buni qanday tushunish kerak?
General unga nimalar dedi, ne gaplarni uqtirdi, faqat Mirsoli eshitdi. Faqat suhbat tugagachgina, u yonidagilarga yuzlandi.
— Bular mentmasakan, — dedi Mirsoli. — Baribir general hozir yordam yuboradigan bo'ldi. Demak, avtomatli barzangilardan cho'chimasak ham bo'ladi.
— Hammasini imi-jimida tinchitvorsak-chi? — so'radi Shavkat. — Pusib o'tiradigan ahvoldamasmiz harqalay!
— Yo'q, qon to'kilishi kerakmas hozir. Mayli, mentlarning o'zi hal qilaversin buni. Biz bekorga pul to'lamayapmiz-ku! Sen Vadim o'sha Sobirni buyoqqa olib kir-da, keyin zaldan boxabar bo'l! Shavkat, sen shu yerda qol, do'st! Do'konchining ukasi nima yangi gaplar opkeldiykin, bilvolamiz hozir!..
* * *
Oradan besh daqiqa ham vaqt o'tmay, ichkariga xuddi Sodiq kabi past bo'yli, dumaloq, sochlari g'adir-budurligidanmi tepaga qarab o'sgan Sobir kirib keldi. U shu tobda xafaqon va ikki yuzi tersaygan holatda edi. Salom berishni-da xohlamay, kiriboq, Mirsoliga tik boqib zardali ohangda savollar yog'dira boshladi.
— Ha, akamni o'ldirib harom pullarga cho'milyapsanmi? Erkakcha ish qilsang bo'lardi-ku! Qani mening akam? Topib ber, erkak!..
— Akang, mana, cho'ntagimda, — dedi Mirsoli jahlini arang jilovlab. — Oberaymi?
— Haddingdan oshma! Krutoymishsan. Vey, ko'rpangga qarab oyoq uzatgin!
— Vey, bola, hozir hov anavi yigitlarga aytsam, manavi yog' bosgan jussangni ming bo'lakka bo'lib itlarga yedirishadi. Shuning uchun senam haddingni bil-da, niyatingni ayt!
— Akamni topib ber! Qani u?
— Men akangni ko'rganim yo'q. Ko'rganlar boshqadir. O'shalardan so'ra!
— E, yo'-o'q, — dedi Sobir xezlanib. — Hammasini eshitdim. Sen akamni o'ldirib, jasadini berkitib tashlaganmishsan o'rmonga!
— Nima? O'v, boyvachcha, og'zingga qarab gapir! Jahlimni chiqaryapsan lekin! Meni kim deb o'ylayapsan?
— Ana, «Tarakan» degan bandit aytdi-ku! — yanada balandroq tovushda qichqirdi Sobir. — Sen o'ldirganmishsan, sen! Akamning xunini to'la, nomard!
Mirsolining sabr kosasi to'ldi. Ammo hech narsa demadi. Shavkatga bildirmaygina ko'z qisdi-da, «erto'laga olib tush» degandek imo qildi.
Yo'q, u aslo Sobirga yomonlik qilmoqchi emasdi. Zaldagilar xitlanmasligi uchun tinchgina yerto'lada suhbatni davom ettirish, yolg'on-yoshiq bilan bo'lsa-da, Sobirni xotirjam torttirishni niyat qilgandi.
* * *
Mirsoli Sobir tiliga ko'chirgan har bir haqoratli so'zdan so'ng yanada ko'proq azoblanardi. Qaysar va hissiz qalbiga o'rnashib olgan iblis Mirsolini tobora oldinga, intiqom sari undardi. Shunday holatda u yerto'laga tushdi. Shavkat oyoqlarini chalishtirgancha oromkursida o'tirar, Vadim esa allaqachon Sobirning aftini «bejab» ulgurgandi.
— Xo'sh, qalaysan, boyvachcha? — deya nuqul harsillayotgan Sobirning tepasiga yaqin bordi Mirsoli. — Boya «Tarakan» degan bandit haqida gap ochganday bo'ldingmi? Kim u? Ishon, agar uning kimligini aytsang, seni o'ldirmayman. Hatto, manavi qontalash yuzlaringni tartibga keltirishing uchun tovon puliyam to'layman.
— Maraz! — Sobir boshini ko'tarib, Mirsoliga nafrat aralash tikilib oldi-da, polga chirt etib tupurib so'z qotdi. — Akamni topib ber!
Mirsoli hech narsa demay, Vadimga bir qarab qo'ydi. U xojasining buyrug'ini so'zsiz tushunib, daf'atan Sobirni ayovsiz tepishga tushdi. Chamasi o'n-o'n beshta tepki tanasining turli nuqtalariga borib tekkach, Sobir yotgan yerida ikki qo'lini baravar ko'tardi va qaytadan Mirsoliga boqdi. Bu galgi boqish rostakamiga ojiz, himoyasiz erkakning iltijosidan darak berib turardi.
— Tavba qildim! — dedi Sobir yig'lab. — Akamniyam topib berma, mayli, roziman! Faqat ayt, urishmasin meni! O'lib qolaman!
Mirsoli sovuq tirjayib oldi-da, Vadimni yelkasidan tutib nari surdi.
— Ukaxonimiz tavba qilyapti! — dedi Mirsoli endi hanuz xotirjamlik bilan ularni kuzatayotgan Shavkat tarafga bosh burib. — Eshitdingmi tavbasini?
— Albatta eshitdim, — dedi Shavkat dast o'rnidan turib. — Tavba qilmay qaergayam borardi? Ichidagini yog' deb yurgan bolalar-da bular! Hayotni ko'rmagan, otasining puliga kerilib yurgan. Mana, endi hayotga boshqacha ko'z bilan qaray boshladi.
— Nima qilamiz? — so'radi Mirsoli oromkursiga o'tirarkan. — Tavbasiga ishonib, kechiramizmi?
— Yo'q, oldin o'sha «Tarakan» haqida hammasini oqizmay-tomizmay gapirib bersin! — dedi Vadim. — Ungacha kechirmaslik kerak. Boss, ko'rdingiz-ku hammasini! Bu iflos peshonamizga qayoqdagi o'ziga o'xshagan haromxo'rlarni yetaklab keldi. Sizni xohlagancha haqorat qildi.
— Xo'sh, Sobir, uka, aytib berasanmi? Yigitlarning gaplarini eshitding. Ular sendan juda xafa bo'lishibdi. Shu aybingni yuvasanmi yo kaltak yeyishda davom etasanmi? Ochig'i, menga baribir. Chunki sen dushmanimning ukasisan. Agar mendan boshqasi bo'lsa, allaqachon seni tiriklay ko'mib tashlardi. Gapir!..
— Yo'q, yo'q, kerakmas! — qontalash yuzlarini yengiga arta-arta jazava aralash qichqirdi Sobir. — Aytaman! Hammasini gapirib beraman!
— Qulog'im senda! Nimani aytmoqchisan?
Sobir bir Vadimga, bir Shavkatga javdirab oldi-da, boshini quyi solgan ko'yi tilga kirdi.
— A-akam… O'sha Tarakanov bilan oldi-berdi qilardi…
— Nima olardi-yu, nima sotardi? — so'radi Mirsoli bamaylaxotir. — Tushunmadim!
— Ular… Haligi… Giyohvand moddalar bilan savdo qilishardi. A-akam opkelardi, Tarakanov tekshirib ko'rib sotib olardi.
— Nima?.. — Mirsoli bu gapni eshitdi-yu, battar g'azabga to'lib, beixtiyor Sobirning iyagiga chang soldi. — Nima deding, xunasa? Giyohvand modda? Hali senlar shunaqa iflosmisan?
— I-iflosmasmiz! — o'zini oqlashga o'tdi Sobir. — T-tirikchilik-da, aka!..
— Tupurdim tirikchiligingga, bildingmi!?. Hali sen shu jirkanch oyoqlaringni mening ostonamga qo'ydingmi? Nega-a?..
Vadim Mirsolining achchiqlanganini sezgani hamono Sobirni kaltaklash uchun shaylangandi. Mirsoli uning niyatni sezdimi, dast o'rnidan turdi-da, yelkasiga qo'l qo'ydi.
— Shoshilma, do'st, — dedi u Vadimga. — Eshitamiz! Oxirigacha eshitamiz! Gapir, iflos! Hammasini aytasan hozir!..
— A-akam yo'qolib qolgandan keyin men Tarakanovnikiga bordim. Undan yordam so'radim.
— Kim aytdi senga akangni Mirsoli o'ldirdi deb? Gapir!
— O'-o'sha Tarakanov aytdi. Uning shotirlari ko'rganakan.
— Nima? Kim deding? Shotirlari? Qaerda ko'ribdi?
— Katta trassada ko'ribdi. «Yo'l chetida akangni o'ldirib, keyin jarga uloqtirvorishdi. Bu ishning boshida Mirsoli hamqishlog'ing turdi», dedi.
— Yo'g'-e, to'g'ridan-to'g'ri shunday dedimi? Qiziq, meni qaerdan tanirkan o'sha giyohvand hamtovog'ing? Shuniyam aytgandir-a?
— Bilmadim. Hech narsa demadi bu haqda.
— Demak, sen o'sha itning qo'li bilan mendan o'ch olmoqchi bo'libsan-da! Shuning uchun Tarakanning yugurdaklarini yetaklab kelibsan-da? Shunaqami?
Sobir hech narsa demadi.
— Ha-a, indamaysan, — dedi Mirsoli unga yaqin kelib. — Chunki qo'rqasan. Sen-chi, aslida o'sha hezalak akangdanam battar qo'rqoq va lattachaynarsan. Yo noto'g'rimi?..
Sobir Mirsolining haqoratli so'zlarini tek turib tingladi va kutilmaganda, qaytadan tiz cho'kdi.
— Jon aka, meni o'ldirmang! Ha, gapingiz to'g'ri! Men qo'rqoqman! Men… Yashashni xohlayman! Iltimos, o'ldirmang!..
Mirsolining toqati toq bo'ldi. Ayniqsa, Vadimning — butkul begona millat, yot el vakilining qarshisida hamqishlog'i bu qadar past ketishi, sotqinlik qila turib daf'atan ojizalar kabi ko'z yosh to'kishi unga juda alam qildi. Uni nima qilish zarurligini xayolan chamalab oldi-da, Shavkatga ishora qildi. Shu ondayoq ular Vadim bilan birgalikda Sobirni tashqariga sudraklashdi.
* * *
Vaqt shomdan oshganda, Shavkat va Vadim oldinma-ketin kazinoga kirib kelishdi. Ular har bir qaltis ishdan so'ng Mirsoli ma'lum muddat hech qanday savol bermasligini yaxshi bilishardi. Shuning uchun indamay kirishdi-da, xona to'ridagi divanga cho'kishdi.
Nihoyat Mirsoli asta boshini ko'tardi-yu, ikkovlariga yer ostidan tikilib qaradi. Vadim juda xotirjam, sokin edi. Faqat Shavkatgina ora-sirada bezovtalanar, bu holatni tez-tez bosh qashish orqali oshkor etardi.
«Do'stim hali yangi, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli chuqur xo'rsinib. — Ko'nika olmayapti. Hechqisi yo'q, pishadi, ko'nikadi, bora-bora bezovtalanmaydigan, qo'rqmaydigan bo'ladi…»
— Xo'sh, azamatlar, — deya oradagi sukutni buzib so'radi Mirsoli. — Sobir joyini topdimi?
— Bilasiz-ku, — dedi Vadim jiddiy ohangda. — Juda yumshoq, xavf-xatarsiz yerga joylashtirdik uni.
— Juda soz, unda asosiy masalaga o'tsak ham bo'laveradi. Aytgancha, Shavkat, nega bezovtalanyapsan? Tinchlikmi?
— Y-yo'q, yaxshiman, — Shavkat xuddi nimadandir cho'chigan kabi keskin boshini ko'tardi. — Bezovtalanganim yo'q, do'st. Shunchaki… Xayol opketibdi xolos.
— Bir narsani yaxshilab uqib ol, — dedi Mirsoli deyarli pichirlab. — Bizning ishda shunaqangi qaltisliklar tez-tez uchrab turadi. Ko'nikish kerak bularga. Aks holda mentlarni gumonsiratib qo'yamiz. Yo tushuntira olmadimmi?
— Tushundim, do'st, tushundim. Haligi… Asosiy masalaga o'tmoqchiyding…
— Ha, shunday edi… Og'aynilar, ochig'i, o'sha «Tarakan»ni biroz pasaytirib kelmasak bo'lmaydi. Yo'qsa, u ertaga yotog'imizga qurol o'qtalib kirishdanam toymaydi. Nima deysizlar?
— Haq gap, — dedi Vadim. — Biznesda qattiqqo'lroq bo'lgan ma'qul. Ko'rdik-ku, sira tap tortmasdan binoni o'rab olishdi yugurdaklari! Popugini pasaytirib qo'yishimiz shart!
— U holda hoziroq abjir yigitlarni saralab mashinalarga o'tqaz! O'n besh chog'lisi yetadi. Lekin ehtiyotkorlikni qo'ldan bermasligimiz zarur. Yigitlarga qayta-qayta tayinla! Xitlantirib qo'yganlarini ayab o'tirmayman.
— Tushundim. Chiqaveraymi?
— Ha, Shavkat senga hamrohlik qiladi. Tayyor bo'lishlaring bilan menga xabar ber!
Vadim so'nggi ko'rsatmani eshitiboq, Shavkatni ergashtirgancha kabinetdan chiqib ketdi.
* * *
Bir necha xorij mashinalari orqama-orqa Tarakanov makon tutgan manzil tomon ketib borardi. Mirsoli esa o'ylardi, aqli yetganicha mulohaza qilardi. Ertangi hayoti qanday kechishi mumkinligi haqida bosh qotirardi. Ammo sira o'ylari intihosiga yeta olmasdi.
— Aytgancha, — deya oldingi o'rindiqda o'tirgan Vadimning yelkasiga qo'lini qo'ydi Mirsoli. — Hoziroq qo'ng'iroq qilib, o'sha marazni ogohlantir. Agar qimorxonasiga bostirib borishimizni xohlamasa, xilvat joy tanlasin. Ochig'i, o'zimning ham sira shovqin ko'targim yo'q.
Vadim zum o'tmay kimgadir qo'ng'iroq qildi. Mirsoli tayinlagan gapni yetkazdi. Saldan keyin esa masala hal bo'ldi. Tarakanov ularni o'zi yashaydigan hududdagi suvi qurigan ko'l bo'yida kutadigan bo'libdi.
— Farosati joyidaga o'xshaydi, — dedi Mirsoli kulib. — Hoynahoy o'sha ko'lga hammamizni tiriklay ko'mmoqchi shekilli.
— O'zi bizdan oldin ko'milib ketmasa, — luqma tashladi Shavkat. — Bizning qudratimizni bilmaydi-da xonasalot!..
Qirq daqaqacha yo'l yurishgach, xuddi o'sha ko'lga yetib borishdi. Shundoq qirg'oqqa yaqin joyda uchta mashina turar, narida esa o'n chog'li yigitlar qo'l qovushtirgancha tosh qotishgandi. Mirsoliga tegishli mashinalar ancha berida to'xtadi. U ochiqdan-ochiq yelkalariga avtomatlar osgan shotirlar qurshovida Tarakanovlarga yaqin bordi. Taxminan ellik metr qolganda shotirlar Mirsolining buyrug'i bilan taqqa to'xtadi. O'zi esa oldinga yurishda davom etdi. Tarakan ham xuddi shunday yo'l tutdi. Ikki raqobatchi oralarida ikki-uch metrlik masofa saqlagan holda yuzma-yuz bo'lishdi. Mirsoli odatiga ko'ra qarshisidagi uzun bo'yli, o'zidan picha yoshi ulug', qirraburun raqibiga zimdan nazar soldi. Shunday qilsa, Tarakan birinchi bo'lib gap boshlashiga ishondi.
— Demak, sen ekansan-da Krutoy!?. — deya haqiqatan birinchi bo'lib gap qistirdi Tarakan. — Yoshing menikidan kichikka o'xshaydi. O'zingdan kattalarni hurmatlashni o'rgatishmaganmi nima balo?
— Men oldingga nasihat eshitish uchun kelmadim, — dedi Mirsoli qaddini g'oz tutib. — Yo sezmadingmi?
— Xo'sh, nega kelding unda? Men bilan jang qilmoqchimisan?
— Sen bilan biz biznesmenlarmiz. Shunday ekan, kelishib ishlasak yomon bo'lmasdi. To'g'ri, men tinchlik tarafdoriman. Ammo sabr kosamni to'ldirsang, majbur bo'laman hamma narsaga.
— Menga qara, Krutoy, — dedi Tarakan norozi bosh chayqab. — Qanaqa biznesmen? Vey, sen-u men jinoyatchilarmiz.
— Qara-ya, bundan bexabar yurgan ekanman. Shuning uchun peshonamga yugurdaklaringni chopqillatibsan-da!?. Adashmasam, jangni o'zing boshlab berding. Men bugun arzirli javob qaytarish uchun keldim. Xo'sh, boshlaymizmi?..
— Qo'ysang-chi, kulgimni qistatma! Bilaman, general himoyachingga ishonyapsan. Vey, ment hech qachon jinoyatchiga do'stlik qilmaydi. Ertami-kechmi, baribir sotadi.
— Meni yaxshi bilmas ekansan. Ishda raqobatchilarni sira xush ko'rmayman. Gapni aylantirma-da, maqsadga o't!
— Na iloj! Yaxshilikchasiga tushunmading. Endi o'zingdan ko'r!
Tarakan shunday dedi-yu, qirg'oqdagi shotirlari tomon o'girilib, o'zi tomon imladi. Ular kissalaridan to'pponchalarni chiqargan holda xojasi tarafga yugurdi. Lekin Mirsolining yigitlari ham anoyi emasdi. Buyruq ham kutib o'tirmay, qarama-qarshi tarafdagilarni o'qqa tutishdi. Bir necha soniya ichida hammayoq to's-to'polon bo'lib ketdi. Avtomatlilar Tarakanga qo'shib shotirlarining barchasini yer tishlatishdi. Mirsoli esa o'qlar yomg'iri tingach, qayta mashinadan tushib, jasadlarga yaqin keldi-da, birpas tikilib turgach, o'z shotirlari tomon o'girilib, bor ovozda qichqirdi:
— Eshitib qo'ylaring, kimda kim mening yo'limga to'g'anoq bo'lsa, xuddi shunday o'lim topadi!
* * *
Mashina qorong'i tunda serqatnov viloyat yo'li bo'ylab ketib borardi. Mirsoli esa sukutga tolgancha o'tirar, negadir bugungi qilib qo'ygan ishidan sira ko'ngli to'lmasdi. Kech bo'lsa-da, shu fojialar aksincha yakun topishini xohlardi. Shunday tushkun kayfiyatda u Shavkatga razm soldi. Do'sti ham o'zidan battar edi. Nuqul uf tortar, nimadir demoqchi bo'lardi-yu, aftidan tiliga ko'chira olmasdi.
— Ha, nega yana tumshayib olding? — so'radi Mirsoli. — Birontasi xafa qildimi? Yo uyingni sog'indingmi?
— Ochig'i, bugungi ishimiz to'g'ri bo'lmadi, — dedi Shavkat lab tishlab. — Qara, qancha odamning boshiga yetdik. Axir, bu gunohi azim-ku, do'st! Shuni yaxshilikchasiga hal etsak bo'larkan-da!
— Bizning ishda yaxshilikcha degan jumla tushirib qoldiriladi, — deya nim qorong'ilikda Shavkatning ko'ziga tik boqdi Mirsoli. — Agar sen o'ldirmasang, seni o'ldirishadi. Hadeb afsuslanaverma degandim-ku! Esingdan chiqdimi?
Shu gaplarni aytishga aytdi-yu, Mirsoli battar qayg'uga botdi. U do'stining haqligini bilardi, ammo fikriga qo'shila olmasdi. Agar shunday qilsa, boshqalar ham aql bo'la boshlashidan qo'rqardi.
— Aytgancha, — Shavkat beixtiyor kissasiga qo'l solib, konvert chiqardi. — Manavi xatni Sobir yozib qoldiribdi. Qara, «Shaxsan Krutoyga» deb yozib ham qo'yibdi battol.
— O'zing o'qidingmi?
— Yo'q, senga tegishli bo'lgani uchun o'qimadim. Boshqaniki bo'lsa, allaqachon qiziqib ko'rgan bo'lardim.
— Qani, ol-chi, nima deb yozibdiykan!
Shavkat konvertni qo'liga tutqazgach, Mirsoli ichini ochdi-da, bir parcha qog'oz chiqarib, fonar yordamida yozuvlarga ko'z yugurtirdi.
«Sen o'zingcha krutoyman deb kerilib yuribsan ekan, — deya boshlangandi xat. — Nimangga kerilasan? Xuddi quvg'inga uchragan itday o'zga yurtlarda dumingni qisib yashayapsan-ku! Qolaversa, maqtanishga umuman asosing yo'q. Chunki seni mahalladagi chollar oq qilgan. Ishonmasang, bor, hech kim sen bilan qo'l berib ko'rishmaydi. Mahallada sen bir tiyinga qimmatsan. Akam masalasiga kelsak, seni xudoga topshirdim. Xudoning o'zi hisob-kitobingni qiladi albatta. Endi bo'lsa, quyidagi she'rni sinchiklab o'qi. Yodlab olsangam qarshi emasman. Bu she'rni senga atab yozdim, erkak!..»
— Men marazni hech qachon do'stimsan demiyurman,
— Marazning tovog'idan qirmoch ham yemiyurman.
— Laxta-laxta qon yutib, ezginga evrilsam-da,
— Marazning himmati-yu taftidan toniyurman…
Mirsoli xatni o'qib bo'ldi-yu, bir muddat sukutga toldi. Keyin esa Shavkatga yuzlandi.
— Senam o'qib ko'r, nima deb yozganini bilvolasan.
Shavkat e'tibor bilan xatni o'qidi va kutilmaganda qo'llarini musht qilib so'kindi.
— Bir jihatdan yurtga ketganing durust edi, — dedi u bosh chayqab. — Puling bo'lsa bor, o'sha yoqda katta bir supermarket ochib tinchgina tijorat qilsang, bugungiday ishlar bo'lmasdi.
— Vey, do'st, — dedi Mirsoli tutoqib. — Sen-u biz mentlarning kundalik nishonimiz. Agar bu yerdagi ishlarni yig'ishtirib, yo'lga otlansam, shu kuniyoq qo'limga kishan solishadi. Chunki general tirikchiligining mazasi qochishini xohlamaydi. Mening pullarim evazigagina tilini tiyib yuribdi. Pul bermay-chi, o'-o'-o', kallamni sapchaday uzib tashlashga tayyor bo'ladi. Xullas, bizning ishda yo turma, yo o'limni tanlash zarur. Ikkoviniyam istamasang, kerakli odamlarga pul uzatishing zarur bo'ladi. E, yo'-o'q, yurtga qaytish uchun allaqachon yo'llar bekilib bo'lgan bizga.
— Baribir bir kunmas bir kun qamashadi. Buniyam bilasan. Tavakkal qilaylik. Haliyam kechmas.
— Do'st, men uyoqda supermarket ochib, qanday ish yuritaman. Hisob-kitobda…
— Men o'zim yuritaman, — Mirsolining gapini kesdi Shavkat. — Sen nazorat qilib tursang bas. Qolganini qoyillata olaman, ishon!..
— Menga qara, — atayin gapni boshqa yoqqa burdi Mirsoli. — Sobir shoirmidi?
— Ha, qishloqda is chiqarishsayam shusiz o'tmasdi. O'rtaga chiqib shig'irini reklama qilardi ablah.
— Meni maraz debdi-ya, ko'rdingmi?
— O'zidan xabari yo'q-da! Uy ichi bilan haromxo'r-ku! Birovga kulishni kim qo'yibdi ularga!?.
— Sening gaplaring to'g'ri. Bir jihatdan qishloqqa ketvorsak yaxshi ish bo'lardi. Enalarim rahmatlilarning qabrini har kuni ziyorat qilardim. Birovdan qo'rqmasdim, haqorat eshitmasdim. Asosiysi, tinch uxlardim. Ishonsang, shu ishga qo'l urganimdan beri nuqul yomon tushlar ko'raman. Yarim kechasi uyg'onib ketaman-da, o'tiraveraman. O'ylayman, o'ylayman, qani o'ylarimning oxiri ko'rinsa…
— Ana endi o'zingga kelyapsan, — jonlanib ovozini bir parda ko'tardi Shavkat. — Kel, ertadanoq kazinongni sotish taraddudiga tushamiz. Hech qancha vaqt ketmaydi bunga. Haligiday Tarakanovga o'xshagani chiqsa, darrov sotib oladi. Sen ketsang, erkin nafas ola boshlashini biladi ular.
— Menga qara, shu atrofda bir tanishimning dala hovlisi bo'lardi adashmasam. O'zimizning o'zbeklardan edi. Vey, Grisha, rulni o'ngga bur! Dalalardan o'tsak, dala hovlilar boshlanadi. O'sha dala hovlidagi tok ostida o'tirib biroz dam olmoqchiman. Sizlar ham shu bahonada nafas rostlaysiz. Vadim, rozimisizlar?
— Rozimiz, — dedi Vadim qisqa-qisqa yo'talib. — Bu yerlarning havosiyam boshqacha ekan. To'yib nafas olaylik! Shahar qochmas.
Haydovchi mashinani yeldek uchirgancha bir zumda turnaqator, pana-pastqam dala hovlilarga yaqinlashdi.
— Hov anavi qizg'ish darvoza ro'parasida to'xtat mashinani! — dedi Mirsoli. — Vadim, sen bosh bo'lib kabob pishirasizlar. Ichimliklarniyam olib kiringlar ichkariga! Bir o'tiraylik!..
* * *
«Chamasi boshi berk ko'chaga kirib qolganman shekilli, — o'ylardi Mirsoli tok ostidagi kursida o'tirgancha atrofdagilarni kuzatarkan. — Shavkat ko'zimni ochdi. Topgan pulim aslida harom ekanini payqamadim, birovlarning so'ziga quloq tutmadim. Odam o'ldirdim, o'ldiraverdim. Bu gunohlarni yelkamda qanday ko'tarib yurish, xudoning huzurida qilmishlarimga qanday javob berish haqida sira o'ylab ko'rmadim. Endi-chi? Mana, bugungi kun ham qon to'kish bilan o'tdi. Qanchasini yer tishlatdim. Ularning oila a'zolari hozir qay ko'yga tushishgan ekan? Buniyam yolg'iz xudo biladi… Esiz, nega avvalroq o'ylamadim? Xomcho't qilmadim? Zo'r bo'lish menga nima beryapti?