tungi.ru

Oq bulut, oppoq bulut

Samolyot yomg'irdan qorayib yotgan beton yo'lkadan shiddat bilan yugurgilab bordi-da, birdan muallaq to'xtab qolgandek bo'ldi. Yomg'ir tomchilari mutassil chiziq tortayotgan illyuminator oynasidan tashqariga qaradim. Samolyot qiyalab uchib borar, yerdagi ulkan rezervuarlar, aeroportning yo'laklari lipillab ortda qolar, olisda esa qorayib turgan o'rmon ko'zga tashlanar edi.

Zum o'tmay atrofni quyuq tuman o'rab olgandek bo'ldi. Bunaqa paytda samolyot silkinaverib odamni bezor qiladi. O'zimni chalg'itish uchun boya aeroportda olgan gazetani yana ko'zdan kechira boshladim. Ammo uni o'sha yerning o'zidayoq o'qib bo'lgandim. Shuning uchun hafsalasizlik bilan suyanchiqqa boshimni qo'yib, ko'zimni yumdim. Bilmadim, qancha fursat o'tdi, bir mahal yonbosh tomondan ayol kishining ovozi keldi:

- Gazetangizni ko'rib bersam maylimi?

Yonimga kelib o'tirgan ayolga e'tibor bermagan ekanman. Burilib qaradim. Qaradimu esankirab qoldim.

- Dilafro'zmisiz? Nima qilib yuribsiz bu yerda?

U quralay ko'zlarini suzib, qandaydir bosiq, ammo o'ktam ovozda kuldi.

- Nima, samolyotda sizdan boshqa odam uchmasligi kerakmi?

- Yo'g'-e, men... shunchaki, sizni bunaqa vaziyatda uchrataman deb hech o'ylamagandim.

Dilafro'z tag'in o'sha, o'zining go'zalligini biladigan ayollarga xos bosiq, xiyol erkaroq ovozda kulib qo'ydi.

- Durust, tanidingiz... Men qarib qolgan bo'lsam kerak, deb qo'rquvdim... - U bir zum o'yga toldi-da, yana kulimsiradi. - Ko'rishmaganimizga ham o'n sakkiz yil bo'pti.

Men unga yaqindan, sinchiklab qaradim. Dilafro'z chindan ham ancha o'zgargan, to'lishib, qandaydir viqorli ayollarga o'xshab qolgandi. Faqat ko'zlari, kulganida ich-ichidan yonib ketadigan quralay ko'zlariz o'zining malohatiga ishongan ayollarga xos xotirjam kulgusi o'sha-o'sha edi. Hozir unga shuni aytishim ketakligini bilardim. Ammo og'zimdan boshqa gap chiqib ketdi:

- Men sizni tushimda ko'rib turaman. Haliyam...

Ha, men uni hanuz tushlarimda ko'rib turishim rost edi. Men Dilafro'zni har gal bir xil tush ko'raman. U oppoq ko'ylakda birdan paydo bo'lib qoladi. Quralay ko'zlarida o't yonib, allanimalarni gapiradi, kuladi... Keyin to'satdan g'oyib bo'ladi.

O'shanda, o'ninchi sinfda o'qib yurganimizda u kunora tushimga kirib chiqardi. Sochlari chiroyli turmaklangan, oppoq ko'ylakda, ko'zlarida tabassum... Butun maktabda eng chiroyli qiz shu - Dilafro'z edi. U boshqa maktabdan o'tgan "yangi" qiz bo'lgani uchunmi, bir-birini sensirab gaplashadigan sinfdoshlarning hammasi uni sizlab chaqiradi. Dilafro'z darsning birinchi kuni oppoq ko'ylak kiyib, eshikdan kirib kelganidayoq uni sevib qoldim. Kechalari uyquga ketish oldidan Xudodan yolg'iz bir narsani tilar edim. Uni tush ko'rsam, tushimda aqalli bir marta qo'lidan tutsam... Ertalab darsga borganda, o'zini ko'rganda esa undan qochishga urinar, xuddi arazlagan odamdek uzoqroqdan o'tishga harakat qilardim. Nazarimda, Dilafro'z osmonu falakdan, oppoq bulutlar orasida suzib yurgan afsonaviy malakka o'xshar, unga gapirish, tikilib qarash gunoh edi men uchun.

Ochig'ini aytganda, sinfimizdagi bolalarning ko'pi oshiq edi unga.

Hatto Abjal degan "ataman"imiz ham Dilafro'zning sharpasini sezishi bilan muloyim tortib qolardi. Asli ismi Abdujalil bo'lsa ham fe'li yomonligidan Abjal deb laqab olgan bu bola qo'pol, to'nkamijoz edi. Ammo butun sinf undan hayiqar, allaqanday bezorilar to'dasiga qo'shilib yurishini bilardik. Abjal bilan faqat bitta bola - tulkidek ustomon Umar oshnachilik qilar, ikkovi doim birga yurishar, shuning uchun bolalar unga "Dum" deb laqab qo'yishgan edi.

Muhabbat odamni chalg'itadi, deyishadi. Ishonmayman. Muhabbat odamga mislsiz kuch-qudrat bag'ishlar ekan. O'sha yili shubqadar yaxshi o'qiy boshladimki, avvalari uch olsa ham kuyunmaydigan, besh olsa ham suyunmaydigan mendek beparvoning bunchalik bilag'on bo'lib qolganiga o'qituvchilar ham, uyda akalarim ham hayron edi. Men bo'lsam, darsda qoyilmaqom qilib javob berayotganimda besh olishni emas, Dilafro'zni qoyil qoldirishni o'ylardim.

Bitirish imtihonlari cho'zilgandan cho'zilib, hammamizning sillamizni quritib yubordi. Bolalar miyasi achib ketganidan nolir, bu azoblardan tezroq qutulishni tilar, men bo'lsam, imtihonlar yanayam cho'zilishini ich-ichimdan orzu qilardim. Maktabni bitirsak, Dilafro'z bilan bir umr vidolashadigandek...

Esimda, o'sha kuni kimyo fani imtihonidan bir kun avval yig'ildik. Negadir o'qituvchimiz kelmadi. Ko'pchilik tarqalib ketdi. Saraton issig'idan qizib ketgan, bo'r isi anqib turgan sinfda o'n chog'li bola qoldik.

- Yaqinda imtihonlar tamom! - dedi bolalardan biri orzumandlik bilan. - Keyin hammamiz har qayoqqa "husht!"

Parta ustiga minib o'tirgan Abjal do'rillab kuldi.

- Biz qayoqqa ketsak ham Dilafro'zni obketamiz! - Bu gapni u shunchalik bepisandlik bilan aydiki, o'rnimdan sakrab turib ketdim.

- Nima-a? - dedim cho'zib. - Sen...

"Olib ketasanmi?" deyishga tilim bormadi. Olib ketish u yoqda tursin, Dilafro'z mana shu Abjalning yoniga kelishini tasavvur qilishning o'zi dahshat edi men uchun.

Abjal boyagidan ham bepisandroq ohangda kuldi.

- Iye, sen nega jirillaysan! Eshitib qo'y! Men Dilafro'zxonni...

U yog'i qandoq bo'lganini bilmayman. Bir mahal ikkalamiz polda dumalashib aylana boshladik. Abjal sochimdan changallab turib, boshimni uch-to'rt yerga urgan edi, ko'z o'ngim qorong'ilashdi-yu, hech nima ko'rinmay qoldi. O'zimga kelganimda Nizom degan o'rtog'im suyab o'tirardi. Amallab o'rnimdan turdim. Og'zim negadir sho'rtang edi. Kaftim bilan artgan edim, qo'lim qon bo'ldi. Abjal yo'l-yo'l ko'ylaganing yirtilgan yoqasini g'ijimlaganicha kimyoviy formulalar yozilgan taxta oldida turar, hansirab nafas olardi.

- Agar yana bitta gapirsang, yo sen o'lasan, yo men! - Bu gapni shu qadar ishonch bilan aytdimki, atrofni o'rab turgan bolalarning nafasi ichiga tushib ketdi.

- Unaqa bo'lsa bir yoqlik qilish kerak bu masalani. - Boyadan beri oxirgi partada o'tirgan "Dum" sekin-sekin yurib yaqin keldi. Quvlik bilan hammaga bir-bir qarab chiqdi-da, yelkasini uchirib davom etdi. - Dilafro'zni Abjal yaxshi ko'rishidan xabarim bor edi. Endi Ergash yondan chiqqan yonqoziq bo'lib qoldi. - U menga imo qildi. - Yigitchasiga biron chora topish kerak endi.

Nizom rangi o'chib, uning oldiga bostirib bordi.

- Gapni aylantirma, "Dum"! Nima demoqchisan?

- Biron narsadan garov o'ynashsin, ora ochiq bo'ladi-qo'yadi!

- Masalan?

- Masalan... - "Dum" mushkul muammo qarshisida qolgandek peshonasini tirishtirdi. - Masalan, Bo'rijarga kalla tashlashdan. Kim omon chiqsa...

- Dumingni likillatma, "Dum"! - Nizom nafrat bilan undan yuzini o'girdi. - Ergash yaxshi suzolmasligini bilib, jo'rttaga aytyapsan.

Men kaftim bilan og'zimni artgancha, ularning baxsini beparvo eshitib turardim. Go'yo bu gaplarning menga mutlaqo aloqasi yo'qdek. Faqat "Bo'rijar!" deyishganida bultur bir sinfdoshimiz temir yo'l ko'prigidan kalla tashlab, suvdan chiqmagani esimga tushdi. Uning jasadini bir haftadan keyin allaqaysi to'g'ondan topib kelishgan edi.

- Ho'sh, nima bo'pti? Garovni erkak kishi o'ynaydi. - "Dum" ha ehtimolga qarshi Abjalning yaqinrog'iga borib, ovozini balandlatdi. - Yigit degan do'ppi tor kelganida "viyt" deb qochmaydi.

Sekin o'rnimdan turdim.

- Ketdik.

Nizomning rangi qiv o'chib ketdi.

- Jinnimisan! Vey, ahmoq bo'ldingmi?

- Hozirmas, - dedi Abjal hamon ko'ylagining yirtig'ini g'ijimlarkan. - Ertaga soat o'nda ko'prik ustida.

"Dum" qo'li bilan Nizomga imo qildi:

- Nizom sening sekundanting bo'ladi. Men Abjalga sekundantlik qilaman.

O'sha oqshom yarim kechagacha hayolan Dilafro'z bilan gaplashib yotdim. Qani endi bir marta ko'rsam, oxirgi marta ko'rib qolsam... Yo'q, u olisda edi. Oq, oppoq bulutlar ustida edi. Aksiga olib, o'sh kuni aqalli tushimga ham kirmadi.

Ertalab karaxt bo'lib uyg'ondim. Boshim lo'qillab og'rir, negadir xuddi yig'lagan odamdek ko'zim achishardi.

Ko'chaga chiqsam, darvoza oldida Nizom turibdi.

- Borma! - dedi qo'l siltab. - Bilasan-ku, Abjal bandit! Tegirmonga tushsa butun chiqadi. Nima, joningdan to'ydingmi?

Ko'nglim bir chekkasida Nizom to'g'ri aytayotganini bilib turardim. Ammo o'zim ham tushunib yetmagan qandaydir tuyg'u nuqul olg'a itarardi. Qaytaga yaxshi emasmi? Sen o'lib ketasan, Dilafro'z hammasini eshitib, zor-zor yig'laydi... Seni sevmaganiga, qadringga yetmaganiga pushaymon bo'ladi. Abjaldan bir umr nafratlanib yuradi.

- Menga qara, Nizom, - dedim sovuqqonlik bilan. - Qo'rqayotgan bo'lsang bormay qo'ya qol, menga sekundantning keragi yo'q.

Nizom bora-borguncha meni ham, Abjalni ham, "hamma g'alvani boshlagan" o'sha "Dum"ni ham so'kib bordi. Menga bu gaplar ta'sir qilmas, hayolim boshqa yoqda edi. Dilafro'z qayoqdaykin hozir? Nima qilayotganiykin?

Ko'prik ustiga yetib kelganimizda hech kim yo'q edi. Kun ertalabdan qizib ketgan. Yaltirab yotgan temir yo'l izidanmi, qoramoyga belangan shpallardanmi, chuchmal hid anqib, nafasni olgudek bo'lardi. Ko'prik chetiga o'rnatilgan liqildoq panjaraga suyanib, pastga qaradim. Yuqorida yopilib oqayotgan suv shu yerga - temir yo'l ostiga kelganida kesmin torayar, ikki cheti betonlab qo'yilgan o'zandan shiddat bilan oqib o'tib, narigi tomondan otilib chiqib ketar edi. Shuning uchun bo'lsa kerak, yuqoridan sarg'ayib kelayotgan suv narigi tomondan ko'piklanib, oppoq oqarib chiqardi. Jarning u yuzida sap-sariq qamishzor ko'zga tashlanar, yanayam nariroqda botqoqlik qorayib ko'rinardi. Terak bo'yi pastlikda ajdardek vishillayotgan Bo'rijarga qarashim bilan yuragim orqaga tirtib ketdi.

- Qalay, yuraging po'killab qolmadimi?

Do'rilaggan ovoz egasini tanib, burilib qaradim. Abjam bir qo'lida "portveyn" shishasi, bir qo'lini beliga tiragancha kinoyali iljayib turardi. Nariroqda esa Nizom bilan "Dum" yuzma-yuz turishar, Nizom qo'lini paxsa qilib, jahl bilan allanimalarni tushuntirar edi.

- Ketar jafosida otib olasanmi? - Abjal shuday dedi-yu, shishani chaqqon ochdi. Boshi ustida baland ko'targancha qulqillatib icha boshladi. U har yutinganida do'rdoq labining ikki chetidan qip-qizil vino sizib tushar, ko'ylaganing yoqasidan toshib, pastga oqar edi. Turqi ko'zimga shu qadar jirkanch ko'rinib ketdiki, ijirg'anib yuzimni o'girdim.

Dilafro'zni shunga topshirib qo'yamanmi? Shunga-ya! Undam ko'ra bir marta emas, o'n marta cho'kkanim yaxshi emasmi? Abjal vinoni ichib bo'ldi-da, kaftining orqasi bilan labini artdi. Shishani uloqtirib yubordi. Shisha temir yo'l chetidagi qirrador toshlar ustiga tushib, chil-chil sindi.

- Qani, tashla tangani! - Abjal "Dum"ga qarab qichqirdi. - Tashla, toleimizni sinab ko'raylik!

"Dum" darrov jilpanglab yetib keldi.

- Mana bu 20 tiyinlik, - dedi qo'lidagi tangani ko'z-ko'z qilib. - Qayog'ini tanlaysan?

Abjal kayfdan qizargan ko'zlarini suzib, qo'l siltadi.

- Menga bari bir.

- Sen-chi?

- Mengayam!

- Bo'lmasa bunday...

Uzoqdan eshitilgan gudok tovushi "Dum"ning gapini bo'ldi.

- Shoshma, poyezd o'tib ketsin! - dedi u bilag'onlik bilan. - Hammasi qoidasi bilan bo'lishi kerak... Erkakchasiga...

Shiddat bilan kelayotgan teplovoz yaionlashib qolganda yana bir signal berdi-da, vagonlarni sudragancha guldurab o'tib ketdi. Yo'l chetidagi mazut sachragan, qovjirab qolgan o'tlar silkinib-silkinib tag'in qaddini rostladi. Zum o'tmay pastda yana Bo'rijarning guvillashi eshitila boshladi.

- Gap mundoq, 20 tiyin deb yozilgan tomoni tushsa, Ergash bitinchi bo'lib kalla tashlaydi. Orqasi tushsa - Abjal. - "Dum" shunday dedi-da, tangani chirpillatib osmonga otdi.

- Mana, Nizom, sen ham ko'r! - "Dum" shpalga tushgan tanga ustiga engashdi. - Qarasang-chi!

Nizom ikki temir yo'lning qoq o'rtasida karaxt bo'lib turar, chamasi, bu garovning shunchaki o'yin emasligiga haliyam ishonmas edi. Men bo'lsam allaqachon hukm qinlingam odamdek xotirjam edim.

- Mana, o'zing ko'r! - dedi "Dum" negadir quvonib. - "Chuv" tushdi. Birinchi bo'lib Ergash tashlaydi.

- Bekor aytibsanlar! - Nizom jon holatda baqirib yubordi. - Senlar Ergashni o'ldirmoqchisan!

Men qizib yotgan relsga o'tirdim-da, indamay tuflimning bog'ichini yecha boshladim. Paypog'imni yechayotganimda negadir Nizom ham, u bilan g'ijillashayotgan "Dum" ham jimib qolishdi. Tuflimni bir chekkaga qo'yib, o'tirgan joyimda burilib qaradimu behush odamdek angrayib qoldim. O'n qadamcha narida Dilafro'z turardi. Xuddi o'sha - tushlarimda ko'rgandek oppoq ko'ylak kiygan, sochlari chiroyli turmaklangan Dilafro'z turardi. U oq tuflisi bilan shpallarni bitta-bitta bosib, yaqin kela boshladi. Nima bu? Oppoq bulutlarnin menga qilgan so'nggi sahovatimi?

- Tinchlikmi? - dedi u yaqin kelib.

- Tinchlik, - "Dum" noqulay iljaydi. - Cho'milmoqchimiz.

Dilafro'z menga o'girildi.

- Ergash, siz ham cho'milmoqchimisiz?

Men shundagina o'zimga keldim. Uning ro'parasida yalangayoq, be'mani alpozda o'tirganim uchun mulzam bo'lib, sekin o'rnimdan turdim.

- Shunaqa, - dedim iloji boricha sovuqqon ohangda, - cho'milmoqchiman.

Dilafro'z keskin Abjalga burildi.

- Nima, men ko'chada tushib yotgan chaqamanmi, orqamdan garov o'ynaysizlar?!

Dilafro'z Abjalga gapirdi-yu, mening ichim muzlab ketdi. Uning bu qadar shiddatli ohangda gapirganini hech eshitmagan edim. Ko'zimni qayoqqa yashirishni bilolmay qoldim.

- Kim yetkazdi? - Abjal labini bir chekkasi bilan iljaydi. - Hech kim sizni chaqirgani yo'qku!

Abjalning Dilafro'zga kinoya qilishi vujudimni qaqshatib yubordi.

- Menga qara, o'v! - dedim ovozim titrab. - Gapni ko'paytirma. Boshladik!

Abjal oyog'ini rels ustiga qo'yganicha tuflisining bog'ichini yecha boshladi. Shu payt hech kutilmagan voqea bo'ldi. Dilafro'z "Dum" bilan Nizomning orasidan o'tdi-da, Abjalning yelkasiga qo'lini qo'ydi.

- Quloq soling.

Abjal boshini ko'tardi.

- Xo'sh?

- Men... - Dulafro'z Abjalning boshiga xiyol egildi. Ko'zlarida allaqanday o't yonib turardi. - Men sizni yaxshi ko'raman. Shuni bilmoqchimidingiz?

Quloqlarim shang'illab, ko'z o'ngim qop-qorong'i bo'lib ketdi. G'ira-shira tumanlik orasida Abjalning bir zum angrayib qolganini, keyin qaddini rostlaganini ko'rdim. Yuragim gursillab urayotganini, oyoqlarimdan mador ketib borayotganini sezib turardim.

Zum o'tmay qirrador toshlar ustiga cho'kkilab qoldim. Kechalari tushimga kirib chiqadigan Dilafro'z shumi? Xayolimda bulutlar orasida suzib yuradigan Dilafro'z shumi? Hozirgina osmonda uchib yurgan Dilafro'z birdan yerga tushdi. Yo'q, yerdan ham pastroqqa tushib ketdi... Ana, u ketyapti.

Abjalning, hamma yomon ko'radigan, hamma jirkanadigan Abjalning qo'lidan tutib ketyapti! Bundan chiqdi, Abjal kecha bekorga gapirmagan, bundan chiqdi ilgariyam...

Abjal uning oppoq bilagidan tutib olar, u esa tasmadek rels ustidan dorbozlarga o'xshab ehtiyotkorlik bilan muvozanat saqlab yurib ketar edi. Go'yo bir umr shunday yuradigandek. Go'yo Abjal bir zum qo'lini qo'yin yuborsa, yiqilib ketadigandek. Bir necha qadam yurishgandan keyin u orqasiga burilib qaradi. Keyin yana... Men yuzimni chirt o'girdimu boshimni changallab qoldim.

Anchadan keyin hushim o'zimga keldi. Ro'paramda Nizom turardi. U aftimga timilib turdi-da, qandaydir quruq ohangda so'radi:

- Qalay, o'lishinga arzirkanmi?

- Senga nima! - dedim jinnilardek baqirib. - Sening nima ishing bor? Yo'qol, toshingni ter!

Ertasiga kimyo imtihonidan uch oldim. Chiqsam, maktab darvozasi oldida yaproqlarini chang bosgan olcha tagida Dilafro'z iljayib turibdi. Ko'zimga shu qadar xunuk ko'rinib ketdiki, yuzimni teskari o'girdim. Shitob bilan o'tib ketayotgan edim, charidi:

- Ergash...

- Nima? - dedim baqirib. - Abjal kamlik qilib qoldimi? Birpas sabr qilsang chiqadi! - shunday dedimu yugurib ketdim.

Keyin... hammasi tamom bo'ldi. Maktab ham. Muhabbat ham. Toshkentdek shahri azimda institutga kirishga ko'zim yetmasdi. Omadim chopdimi, yaxshi tayyorgarlik ko'rdimmi, harqalay Temir yo'l transporti injenerlari institutiga kirdim. Ora-chora Nizomdan xat kelib turardi. Ikki marta Diladro'z seni so'radi, adresingni beraymi, degan mazmunda ham yozdi. Ko'nglimda quvonchga o'xshash bir nima yilt etgandek bo'ldi-yu, o'sha zahoti so'ndi. Uning Abjal bilan yetaklashib ketayotgani, men bo'lsam ahmoqona bir alpozda temir yo'l chetida angrayib o'tirganim ko'z o'ngimga kelib, "aravasini tortsin" degan mazmunda javob yozib yubordim. Shunda ham har gal uni eslasam, yuragimning bir cheti jiz etib qo'yardi... Bora-bora jizillamaydigan bo'ldi... To'rtinchi kursni bitirgan yilim uylandim. Shunda ham qachondir ko'ngil qo'ygan kishingni unutish og'ir bo'larkan, uning qismatiga befarq qaray olmas ekansan. Dilafro'z Andijon Tibbiyot institutiga o'qiyotganidan xabarim bor edi. O'sha yili u ham turmushga chiqqanini eshitdim. Yo'q, yuragimda rashk yoki iztirob emas, o'kinchga o'xshashroq bir narsa uyg'ondi. Uyg'ondi-yu, so'ndi. Faqat bir narsaga hayron qoldim. Dilafro'z Abjalga emas, boshqa yigitga turmushga chiqibdi...

Keyin bular ham unutildi. Faqat onda-sonda tushlarimga oppoq ko'ylak kiygan Dilafro'z kiradigan bo 'ldi.

O'n sakkiz yil oz muddat emas. Dilafro'z chindan ham o'zgargan, ammo o'ktam kulgisi, quralay ko'zlarining kibirona boqishi o'sha-o'sha edi.

- Men sizni tushimda ko'rib turaman, - deb takrorladim uning ko'ziga tikilib.

- Yo'g'-e! - Dilafro'z ko'zlaridan o't chaqnab kuldi. - Nahotki?

- Bu gapni sizga yoqish uchun aytayotganim yo'q. Bor gap shu.

- Qarang-a, men shuncha harakat qilsam ham siz sira tushimga kirmaysiz.

Bu gapni u yarim hazil bilan aytdi. Biroq, mening ko'z o'ngimda yana o'sha sovuq manzara jonlandi. Uning Abjal bilab yetaklashib ketganiyi, men ayanchli qiyofada termilib qolganim. Harchand o'zimni tutishga urinsam ham bunday pallada aytish mumkin bo'lmagam eng ahmoqona gap og'zimdan chiqib ketdi:

- Abjalni hech ko'rasizmi?

U yarq etib qaradi.

- Kimni-i-i? - dedi cho'zib.

Kuldim.

- Abjalni-da! Esingizdan chiqdimi?

Dilafro'z ko'zimga uzoq, sinovchan tikilib turdi-da, negadir istehzoli kuldi.

- Boshimga uramanmi uni?! - dedi qoshini chimirib.

Esankirab qoldim.

- Axir o'shanda...

Dilafro'zning ko'zlarida sezilar-sezilmas iztirob sharpasi soya solib o'tgandek bo'ldi. Biroq, zum o'tmay kulimsirab so'radi:

- Doktorlik ishingiz bitib qoldimi?

- Siz... siz qayoqdan bildingiz? - dedim battar hayratlanib.

- Men shunaqa bilag'onman! - Uning gap ohangida yashirin istehzo bor edi. - Hammasini bilaman! Qachon nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaganingizni, Guli bilan to'yingiz o'n to'rtinchi iyun, shanba kuni bo'lganini. To'ng'ich og'lingiz may oyida tug'ilganini... Xotiningiz xamshira bo'lib ishlashini... Aytaveraymi? - U kuldi. Ammo bu safar kulgusida o'ktamlik yo'q edi. Buni o'zi ham sezdi shekilli, yuzini o'girib, boshini quyi soldi...

Vujudim birdan bo'm-bo'sh bo'lib qoldi. Samolyot gamon guvillab uchib borar, nazarimda mening qalbimda ham allanima guvillab junbushga kelgan edi...

Nimaga u sening hayotingni miridan-sirigacha biladi? Ilmiy ishingniyam, qachon uylanganingniyam... Nimaga? Nega u Abjalning nomini eshitganda ijirg'andi? Demak, Abjaldan nafratlanar ekanda?! Xo'sh, o'shanda ko'prik ustida o'zingni ayanchli qiyofada qolib ketganingni o'ylaysan-u nega Dilafro'zni o'ylamaysan? O'shanda Dilafro'z uchun, maktabning eng go'zal, eng mag'rur qizi uchun o'zi eng yomon ko'rgan, o'zi jirkanadigan odam bilan qo'l ushlashib ketish oson bo'lmagandir? Kim uchun qildi bu ishni? Shoshma... o'shanda rels ustida amallab muvozanat saqlab keyayotganida nima uchun orqasiga qayta-qayta termilib qaradi? Balki o'shanda uning ko'zlarida ingragan iztirobini payqamay qolgandirsan? Balki ertasiga maktab darvozasi oldida seni kutib turganida hammasini tushuntirmoqchi bo'lgandir? Sen bo'lsang, uni haqorat qilib, jo'na qolgansan. U shundayam seni kechirgan. Bo'lmasa, nima uchun Nizomdan qayta-qayta surishtirdi seni? Nimaga sen bilan uchrashishni tiladi? Nimaga? Nimaga xotiningdan tortib bolangning tug'ilgan kunigacha biladi? Nimaga? Nimaga?

Bir-biridan achchiq, bir-biridan armonli savollar ketma-ket yopirilib kelar, samolyot motorining guvillashi, miyamda charx urayotgan savollar - hammasi aralash-quralash bo'lib vujudimni larzaga solar, Dilafro'z bo'lsa hamon nariyoqqa qarab o'tirar edi. Meni uning yuzidagi ifodani aniq ko'rmasdim. Ammo, ko'rmasam ham o'zimning bepisandligim tufayli, o'zimning befahmligim tufayli shuncha paytdan buyon payqamay

Boshqa hikoyalar