tungi.ru

Mening qismatim 2 (muallif : kamolov)

Meni Barno kutib oldi. Chiroyli tabassum qildi. Yuzi biroz qizardi. Ammo uning ko`zi quvonchdan chaqnab ketmadi. Avvallari chaqnar edi. Meni ko`rishi bilan butun vujudi oldinga intilganday tuyulardi menga. Lekin bu safar bunday bo`lmadi. Uning tabassumi, qizarishi ortida qandaydir gina yashiringan edi.

- uyga kiring, dedi u mayin nozik ovozda.

- Abdukarim akaga ish bilan kelgandim.

- Uyda yo`giydi, shuning uchun istamasangiz ham kirishga majbursiz. Uyda singlim ikkovimiz bormiz. Oyim bilan dadam ukamni olib bozorga ketishgandi. Shuning uchun bemalol kirishingiz mumkin.

Ochig`i uning gaplari meni hayratga sola boshladi. Uning ichidagi ginasi endi tiliga ham ko`chgandi.

- Yoki men bilan birga o`tirishni istamaysizmi?

- Qaytanga yaxshi, dedim men va indamay uning ortidan ergashdim.

Tezda ko`rpacha to`shalib, dasturxon yozildi. Choy damlab kelishni esa Barno ro`paramda o`tirayotib singlisiga buyurdi.

- Ancha bo`ldimi dadangni ketganiga, dedim gapni nimadan boshlashni bilmay.

- Hali zamon kelib qolishsa kerak, nima shoshyabsizmi?

- Nima desamikin... To`g`risi, sening uyda yolg`izliging meni xursand qildi. Dadang bo`lganida bemalol gaplasholmasdik.

- Faqat shumi?

Ochig`i kalovlanib qoldim. Nima deyishga ham hayron edim. barnoning bunaqa o`zgarib qolgani meni taajjubga solayotgan edi. U mendan ko`zini olib:

- Mayli qiynalmang, Saida yaxshi yuribdimi?

- Muammo shunda

- Tinchlikmi?

- Sendan yashiradigan hech narsam yo`q

- Tezroq gapirsangizchi!

- Yana o`sha kasali, Egamqul akaning uyini so`ragani kelgandim.

- Bechora. Shuni ertaroq aytsangiz bo`lmasmidi? U qiynalib ketgandir. Sizni qarangu. Dadamlar hali beri kelmaydi. O`zi yaqindagina ketishdi. To`rtdara qishlog`ida turadi. Men sizni oboraman. Qo`shni rayonga borishga to`g`ri keladi.

- Tashvishga qo`ymaymanmi?

- Sizdan bunaqa gap kutmagandim, dedi va o`rnidan turib tashqariga yo`naldi.

Birozdan so`ng qaytib kelib menga mashinaning kalitini tutqazdi.

- Otam mashinasini tashlab ketgandi. Charchaganmish, mashina xaydab yurish joniga tekganmish. Yanayam aniqrog`i mashina o`g`rilari ko`payib qolibdi. Shundan qo`rqdi.

- Beso`roq minib ketsak qandoq bo`larkan?

- Boshqa odam minib ketganida xafa bo`lishi mumkiin edi. Lekin sizni o`zining o`g`liday ko`rib qolganku.

- Baribir noqulayda...

- Mashina garajda, men tezda kiyinib chiqaman.

Biz hali katta yo`lga yetmasimizdan besh - olti yigit oldimizni to`sdi. Men mashinani to`xtatib, "Bular kim bo`ldi" deb Barnoga qaradim. Uning afti bujmaydi. Qoshlari chimirildi.

- Uff jonimga tegib ketdi shuyam!

Ko`nglim allanimani sezganday bo`ldi. Shu paytgacha Barnoning teskari gapirayotgani sababini tushunganday bo`ldim. Sekin mashinadan tushdim. Shunda yo`lto`sarlarning ikkitasi qo`liga xo`kiz boylaydigan zanjir o`rab olganini ko`rdim (davomi bor)

O‘xshash hikoyalar