tungi.ru

Bahor simfoniyasi

Sensiz gul ham tikandir menga,

Olismi yaqin bo’lgin yagonam.

Barcha dil izxorlarim atalgan senga,

Bir bora boqishing olamdir menga!…

***

Bugun navbatdagi musoboqaga yo’l olamiz.

- Bolam, oy borib omon qaytgin, - ota-onamning duolarini olib sheriklarim kutub turgan avtobus sari ildam qadamlar bilan yurdim.

- Ja adang bilan oyingni erkasisanda, Temur. – deb yo’l hangomasini boshlab berdi murabbiyimiz yordamchisi Alisher aka.

- Ha nimasini aytasiz, yaxshi ham non tishlatib qolishmadi xuddi urushga ketayotgandek,- askiyani davom ettirishdi jamoadoshlarim.

Hazil hazilga ulandi, avtobus yo’lda bir maromda ketib borar, ikki ko’zim atrofini kuzatish bilan band bo’lsa ham hayol qurg’ur bu yil nima qilib bo’lsa ham shu musobaqada g’olib chiqib terma jamoa a’zoligiga erishaman degan o’y bilan band. Bir necha yillik mashg’ulotlar o’z samarasini bera boshladi: bungacha ham bir nechta turnirlar g’olibiga aylandim, endi shu cho’qqini ham zabt etsam bu yog’iga xalqaro musobaqalar eshigi ham lang ochiladi kamina uchun.

Shu o’ylar bilan manzilga yetib kelganimizni ham bilmay qolibman. Atrofga ancha muncha qorong’u tushgan, shaharcha kiraverishidagi kollej yotoqxonasiga joylashdik. Narsalarni joylab o’zimiz bilan olib kelgan ul bul narsalarni o’rtaga qo’yib dasturxoncha tuzadik. Qorinni to’qlab kravatga cho’zildim-u qani endi uyqu kelsa, hayollar yana olib qochdi: Omadim kelmasa nima qilaman?! Har holda kattagina bellashuv, har yoqdan manaman degan sportchilar kelgan… Shularni o’ylab yotib nima bo’lsa ham ringda ko’ramiz deya o’zimga tasalli berdim va uyquga ketdim.

Anchagina hashamat va qulayliklarga ega sport kompleksida Boks bo’yicha yilning asosiy reyting janglariga start berildi. Birinchi saralash jangidagi raqibim tajribasizroq ekan – uch raund boks grushasini mushtlagandek bo’ldim, oyoqda turib bergan bo’lsada osongina ochkolar hisobiga g’olib bo’ldim.

Haqiqiy sinovlar keyingi bosqichlarda bo’ldi, men bilan kelgan sheriklarim birin ketin mag’lubiyatga uchray boshlashdi. Ikkinchi bosqichdagi raqibim ancha kuchli bo’lsa ham, menga chapaqayligim yordam berdi. Himoyasini yorib o’tish oson bo’lmadi, lekin uchinchi raundga yetib devorni qulatgandek bo’ldim go’yo: uni burchakka taqab olib eng kuchli zarbalarimni bera boshladim. O’rtaga tashlangan oq sochiq raqibimning joniga oro kirdi. Navabatdagi boksyorni ham xuddi avvalgisidek tezkor va kuchli zarbalar hisobiga yer tishlatdim. Hech o’zimga ishonmasdim – men finaldaman! Bor yo’g’i bitta jang meni mutlaq g’oliblikdan ajratib turibdi. Bu paytga kelib atrofimga razm solsam jamoadan faqat o’zim qolibman, qolgan a’zolarning barchasi finalga yetmayoq qo’lqoplarini mixga ilishibdi. Endi mas’uliyat ikki karra oshdi: shuncha yo’l bosib kelib bitta oltin medalsiz orqaga qaytgandan qaytmaganimiz maqul.

Yarim finalda finalchi raqibim bilan kurashgan do’stim Komilning aytishicha uni nakautga uchratgan bola shu yerlik bo’lib jang usuli hayratlanarli darajada kuchli ekan: ikki qo’lda ham birdek zarba bera olarkan, buni ustiga tank toifasidagi boksyor emish yani zarbaga bardoshli.

Nima bo’lsa peshonadan, meni ahm ustunligim bor: tezlik. Xuddi Muhammad Ali aytganday: “Kapalakdek uchib – Aridek chaqaman.”

Mana final, kiyinish xonasida butun jamoa omad tiladi, murabbiylarning bor umidi mendan. Final bo’lagani uchun bu jang 6 raunddan iborat bo’ladi.

Ringda meni tana tuzilishi xuddi Taysonni eslatadigan – bo’yi o’rtacha bo’lsada muskullari o’ynab turgan haqiqiy pahlavon kutib turardi.

Gong chalindi. Birinchi raund bir birimizni o’rganish bilan o’tdi. Meni anglaganim shuki unga yo juda yaqin kirib borib zarba berish kerak – klinch holatida, yoki masofadan turib zarbalar berib obdon charchatib keyin o’rta masofadagi jangga o’tsa bo’ladi. Ikkinchi variant ko’proq maqul tushgani uchun navbatdagi raundda shu usulni qo’lladim. Biroq raqibimda men kutmagan yana bir qirra bor ekan, u ham anchagina chaqqon chiqib qoldi. Bir nechta og’ir zarbalarni o’tkazib yubordim, lekin unga ham anchagina aniq mushtlar tushdi.

Uchinchi raundda yana u taqib qildi men ring bo’ylab harakatlandim. Bunisi yanaqa qiyin bo’ldi: qancha zarba bersam ham ta’siri sezilmas, akssado kabi o’zimga yanada kuchliroq bo’lib qayta boshladi.

To’rtinchi raund ancha sokin o’tdi, ammo bu bo’rondan oldingi jimlik edi yani raqibim beshinchi va oltinchi raundga kuchini saqlayabdi.

Beshinchi raund. Men ham faollikka kirishdim, chekinishni yig’ishtirib olg’a harakatlana boshladim, “Tayson” buni kutmagandi shekilli gangib qoldi. Mana bizni davr keldi: zarba ketidan zarbani do’lday yog’dirib burchakka qisib bordim. Yo’q bu gangish emas tuzoq ekan, afsuski juda kech angladim. Ko’zimga kelib urilgan mushtdan chaqmoq chaqqandek uchqunni ko’rdim. Qo’llarimni arang ko’targancha uning zarbalaridan himoyalana boshladim.

Sal o’zimga kelgach chap ko’zim yaxshi ko’rmayotganini sezdim, menimcha shisha boshlagan. Raqibim esa Olovli zarbalarni bergancha bostirib kela boshladi, miyam ham yashin tezligida ishlay boshladi, quloqlarimga murabbiyimning baqirib berayotgan ko’rsatmalari eshitilmas, Komil aytgan eng xavfli zarba ijrosini poylay boshladim, faqat shundagina uning ochiq qolgan joyidan zarbamni o’tkazishim mumkin.

Mana chap qo’lidan bor kuchi bilan jag’im tomonga musht yaqinlasha boshladi darhol o’ng qo’limni ko’tarib blok qo’ydim, bu ayni vaziyat edi uning jag’i chap qo’lim uchun qulay masofaga kela boshladi. Yo ustidan yo ostidan mana senga. Bir vaqtda yangragan qarsni eshitdim: biri shundoqqina quloqlarim ostida – yelkamga xuddi kvaldo kelib tekkandek bo’ldi; ikkinchisi ro’paramdagi sharpaning (qabul qilgan zarbar ta’sirida sog’ qolgan ko’zim ham xiralshib ketgandi) jag’ida yangradi.

Orqaga tisarilib borib arqonlarga tayanib qolib nima bo’larkin deya kuta boshladim. Bir necha soniyalik karaxtlik tuman kabi tarqay boshladi va birinchi ko’rgan narsam oyoqlarim ostidagi kappa bo’ldi. Menikimi? Yo’q joyida ekan. Keyin 3-4 qadam narida devdek yer tishlab yotgan “Tayson”ga ko’zim tushdi. Raferening barmoq bukib sanashidan hisob ochilganligini bildim.

- …7, 8, 9, 10!!! Nakaut, jang tamom.

Ko’zlarim bilan hammaning olqishlashlarini ko’rsamda ularning nima deyayotganini anglamasdim. Trenerim yugurib kelgancha quchoqlab olganda o’zimga keldim. Yelkamda xuddi qizdirilgan temir bostirilgandek jizzillash bor edi. Yechinish xonasiga arang yetib bordim. Oynaga qarab o’zimni taniy olmadim, taxmin qilganimdek chap ko’zim to’nkarilgan kosadek shishib ketgan.

Qayerdandir oq xalatli kiyib olgan bir odam keldi – musobaqaga tayinlangan vrach bo’lsa kerak. Yonida xamshirasi ham bor. Yelkamdagi og’riqdan ko’nglim ayniy boshladi, ko’zim ham o’z o’zidan yumildi….

***

Hech tungi navbatchilikka bunchalar o’zim xohlab qolmagandim. Birovning ustida kechasi bilan o’tirib chiqasan deyishsa-ku aslo ko’nmasdim, lekin bugun…

Oldimdagi kravatda jimgina pishillab yotgan bu yigitning yuziga endi sinchiklab e’tibor beribman, jang payti shlem kiyib olganiga yaxshi ko’rinmagandi. Sog’ qolgan o’ng yuzidan qosh ko’zlari o’ziga yarashgan chiroyligina bola ekan, buni ustiga ancha kelishgan. Voy uyatsiz ! Nimalar deb hayol suryabsan?! Nima bo’lganda ham shu yigitdan butun umrga minnatdorman: agar bugun finalni boy bergandami….

- Ey qiz, buncha o’zingni olding? Agar men bo’lmasam, hech kim bo’lmaydi seni hayotingda tushundingmi!

- Shunchalar mushtumzo’r – tuman chempioni bo’lsang, ana yaqinda musobaqa boladi. O’shanda yutib kel, keyin sen bilan gaplashamiz!

- Shumi?! Mana ko’rasan – musobaqa ham sen ham meniki bo’lasan!

- Ko’ramiz,- shart burildimda ichimda “Hali eplab qatnashib ko’r keyin bilamiz kim kimnikiligini, ahmoq. Seni popugingni pasaytirib qo’yadigani chiqar.” degancha uyga yo’l oldim…

Voy, bu ketishda yutib qo’yishi hech gapmas! O’zi mushtlashgan zo’ravonliklarga qarashga qo’rqsamda final jangidan ko’zimni uzmasdim. Bechara yigit shuncha zarbalarga qanday chidayapti ekan? Oxirigacha turib bersinda ish qilib, ey hudo o’zing qo’lla.

Ura deb yuborganimni sezmay ham qoldim – mana mushtumzo’rning holi. Boplab ag’darib tashladi. O’zi ham musht yegan shekilli oyoqda zo’rg’a turibdi.

Yechinish xonasiga vrach bilan yetib bordik. Sho’rlik bir ahvolda o’tiribdi. Og’riq qoldiruvchi ukolni sezmadi ham.

- Havotirlanmanglar, klinikamizda hamma sharoit bor: rentgen, yangi labaratoriya, malakali shifokorlar. Hech markazga olib borishning hojati yo’q, shu yerni o’zida otdek qilib yuboramiz. Buni ustiga yo’lda qiynalgani qoladi, - bosh vrachimiz yigitnig murabbiysini bir amallab ko’ndirdi.

- Yelkasi sal shikastlanibdi – ezilibdi. Ikki haftada bilinmay ketadi. Ko’ziga ham hech narsa qilmagan, zarba ta’sirida shishgan. Bu ham bir haftada qaytib ketadi. Siz bemalol qaytib ketavering. Shogirtingizga mana bu go’zal – Oydinxon qarab chiqadi tungi smenada.- degancha Bosh vrachimiz Eldor aka meni ko’rsatsalar bo’ladimi.

Majburlikdan emas o’zim chin dildan xohlab birinchi marta smenada qoldim.

***

Ko’zim bir amallab ochdimu yonimda yuzimga tikilib o’tirgan qizni ko’rdim.

- Qayerdaman? Kasalxonadami? – o’rnimdan turmoqchi bo’lib qimirlaganimni bilaman yana yelkamda sanchiq turdi.

- Qimirlamang, kasalxona emas shifoxona!- muloyimgina lekin norozi ovozda javob berdi qizgina. – Hozir navbatchi vrachni chaqiraman.

Ko’zimdagi shish ancha qaytibdi, lekin hali yumuq. Yelkam esa bintga chandib tashlangan. Menimcha yotoqqa bir necha kunga mixlandim. Taxminim to’g’ri chiqdi:

- Endi 3-4 kun yota turasiz, keyin uyga ham ketishingiz mumkin.- vaziyatni tushuntira ketdi doktor.

- Mayli siz nima desangiz shu.

- Bu boshqa gap. Oydin, siz bularga nonushta keltirib bering, toki tuzalib chiqqunlaricha siz shu “bolakay”ning qarovchisi bo’lib turasiz. - degancha palatani tark etdi.

Atrofni kuzata boshladim oddiy shifoxona palatasi, oppoq choyshablar. Lyuks nomer shekilli televizor va muzlatgich bor, buni ustiga bitta o’zim.

- Sizga hozircha choy bermay turamiz, uning o’rniga sut ichasiz. – qo’lida stakanda sut, pecheni va yana allambalolar ko’targancha Oydin kirib keldi. Rostisini aytsam hali bunchalar yuzlari tiniq, istarali.. Xullas ismi jismiga mos qizni uchratmagandim. Juda husn bobida malika bo’lmasada, odobli va farosatli ekanligi harakatlaridan bilinib turardi.

- Tezroq ovqatlanib oling, jamoadoshlaringiz ko’rgani kelishibdi, faqat hammasini birdan kirita olmayman – bozor qilib yuborishadi.

- Aha, bo’ldi hamshira xonim, siz nima desangiz shu, - chap qo’limni ko’ksimga qo’yib tazm qilgan bo’ldim.

Sut ichildi, pecheni yeyildi. O’rtoqlar bilan ham diydorlashdik.

- Ota-onamga yana bir hafta o’n kun shu yerda bo’larkan: taqdirlash ishlari sabab ozroq ushlanib qoladi, keyin yana boshqa bir nimalarni baxona qilib borolmasligimni tushuntirib qo’yinglar. Bu turishda yo’lga yaramayman, sal tuzalgach o’zim qaytaman. Havotirlanib yurmasinlar.

- Bo’ldi bu yog’ini kelishtiramiz.

Sheriklar ham jo’nab ketishdi, faqat yoradamchi murabbiy Alisher aka menga hamrox bo’lib qoldi. Bir kunni arang o’tkazdim, endi ancha o’zimga kelib qoldim: turib bemalol yurishim mumkin – shunisiga ham shukr.

Kelganimdan beri bu shaharcha o’zi qanday joy ekan deb tuzukroq aylanamagan ham edim: Bir tomoni kattagina dengizdan qolishmaydigan ajoyib ko’l, bir tomoni esa qator qator tizmalardan iborat tog’, shaharning ortini esa yarim halqa kabi yam yashil dasht o’ragan. Palatam bino burchagidaligi sabab ikkita derazasi bo’lib biridan bemalol oltin kabi sariq qumli sohilga ega ko’lni, biridan baland cho’qqilarida hali ham qor bo’lgan tog’larni kuzatishim mumkin.

Butun olam bahor nafasida yashilga bo’yalgan – zumrad kabi tovlanadi.

Alisher aka bilan gaplashadigan gap qolmagan, nuqul xurrak otib divanni to’ldirgancha uxlaydi. Menga yagona sherik Oydin bo’ldi. Bir qarashda yoqtirib qolgandim, o’zi uyatchangina bo’lsa ham men bilan ochilib sochilib gaplashar qiziq-qiziq voqealardan aytib berib zeriktirmasdi. Oilasi haqida so’raganimda esa o’ychangina oyim va singlim bor deb qo’ya qoldi. “Bilmasdan yarasini tirnab qo’yding-ku! He o’la ahmoq…” degancha o’zimni koyishga tushdim. Gapni burish uchun:

- Ko’lni qachon aylantirasiz? – deb so’radim.

- Yuring hozir boramiz.

Birga ko’l tomon yo’l oldik. Yaqin ekan.

Qarshimizda bahorning moviy osmonini o’zida akslantirgan moviy dengiz.

- Cho’milsa bo’larmikin?

- Ha bo’ladi, lekin hozir juda suvi sovuq, buni ustiga sizga mumkin emas…

***

Mendan bir yosh kata, ko’rinishidan jiddiy bo’lgani bilan aslida rosa hazilkash-kirishimli yigit ekanlar. Hamma boksyorlar sal anaqaroq – kuchi ko’pu aqli yo’q deb yurardim. Bular esa boshqacha – bilimiga havas qilsa bo’ladi, aytishlaricha o’tgan yili omadlari kelmagan ekan, bu yil agarda Respublika terma jamoasiga qabul qilinsalar institutga ham imtiyoz berisharkan. Omadini bersinda ish qilib.

Juda qiziquvchan ham ekanlar, shahrimiz tarixi, tabiati va joylashishini rosa surishtirdilar. Gaplarimni ko’zlarini uzmasdan tinglaydilar xuddi qo’shiq eshitganday, yoki menga shunday tuyulyaptimikin? O’zi shu kishini uchratganimdan beri qandaydir o’zgarishlar bo’ldi, ancha paytdan qidirib yurgan insonim topgandek bo’ldim go’yo. Bo’lishi mumkin emas, lekin qayeridir…

Bir kuni oila haqida gap ketdi. Ota-onalari haqida, akasi, opasi va ukasi haqida aytib berdilar. Ko’zlaridagi quvonchdan rosa ahil-inoq va baxtiyor oila ekanligini, sog’inganliklarini bilib oldim.

Men esa nima deb ham ayta olardim faqat onam va singilimdan iborat oilam haqida. Lekin topqirliklariga qoil tushundilar shekilli birdan gapni boshqa yoqqa burdilar. Nima bo’lganda ham meni ming balodan qutqardilar – anavi dovdir Malik endi qorasini ham ko’rsata olmayapti. Yo’qolgani rost bo’lsin.

O’sha kuni ko’l bo’yini rosa kezdik, eng baxtiyor kunlarimdan biri bo’ldi. Lekin yonimdagi odamda qanday his-tuyg’ular ekan, bunisi menga qorong’u.

Yomg’ir boshlab yuboribdi, hech qisi yo’q ishxonam yaqinku.

Qo’limdagi yangi yopilgan non o’ralgan dasturxonni quchoqlagancha tong sahardan ishga yo’l oldim. O’sha o’zimga qadrdon bo’lib qolgan inson oldiga. Ikki kundan beri rosa she’rxonlik qilyaptilar: hamkasblarimning barchasini ismiga she’r bitibdilar. Menga esa alohida emish, bugun o’qilsa kerak. Ajoyib odatlari borda.

Voy o’lmasam! Yana anavi turqi sovuq-ku, nima qilib turibdi darvoza oldida?

- Salom, - bo’shashgan ovozda so’rashdi.

- Salom.

- Meni kechir yutqizib qo’ydim. Keyingi safar..

- Nima keying safar? Sizningcha men yutuqmanmi, g’alaba qozonsangiz tortiq qilinadigan. O’zingizni mulkingizday ko’rmasdan meni tinch qo’ying…

- O menga qara aytgandimku meniki bo’lmasang hech kimniki emassan!!! – qo’limni omburdek changaliga oldi.

Og’riqdan ko’zlarimdan yoshlandi, yerga esa dasturxon tushib ketdi.

- Ey, tort qo’lingni undan! – najot hayqirig’i eshitildi darvoza ortidan. Bu Temur akam edilar.

- Ha senmisan? – nopisandlik bilan gap boshladi Malik. – O’sha kuni yelkang uzilgani kamlik qildimi, bugun bo’yningni uzaman. Birovlarni ishiga burningni suqma. Tushungan bo’lsang tort aravangni!

- Hali sen menga buyruq beradigan bo’lib qoldingmi? – Temur akam hezlanib kela boshladi.

- Hozir ko’rasan mendan,- musht tushurmoqchi bo’lib oldinga tashlandi Malik.

Malik o’ziga ishongancha Temur akamga tashlandi: Birinchi zarbasiga chap berdilar.

- Kim bor!!! Yordam beringlar, o’ldirib qo’yadi, - qo’rqqanimdan baqirib yubordim. Rostida sog’ bo’lganlarida ham mayli edi, endigina qo’llari yechilgan bo’lsa.

Bu paytga kelib Temur akam ham yana o’sha finladagiga o’xshagan mushtni tushursalar bo’ladimi. Naqd kekkaygan tumshug’iga borib tushdi. Yerda chalpak bo’lib yotgan Malikka qarab “Bu kuningdan battar bo’l” dedim.

- Yuring ichkariga, hali beri o’ziga kelmasa kerak, - yerdagi dasturxonni bir qo’llariga olib, ikkinchi qo’llari bilan meni yetaklagancha shifoxonaga yo’l oldilar.

***

Ko’ldagi sayrni butun umr yodimda saqlayman, naqadar samimiy va beg’ubor-a bu qiz. “Unga arzirmikinman?!” o’zimdan so’rab qolaman.

Bugun menga o’z qo’li bilan non yopb kelishga vada bergandi, qachon kelarkin. Kuta kuta ichim qizigach tashqariga yo’l oldim. Birdan qulog’imga kimningdir qattiq qattiq gapirgani eshitildi. Yugurgancha tashqariga otildim. Anavi “Tayson” Oydinning qo’lini changalida tutib nimalardir deb o’shqirardi.

Jahlim chiqqancha…

Mana yana o’sha g’ozni patina yulib qo’ydim, endi qaytib oldimga kelolmasa kerak.

Yonimdagi shu malak yagonam bo’lishi uchun bundan katta devlarni yengishga rozi edim. Qo’rqibdi shekilli qo’llari titrab turibdi.

- Sovuq qotdizmi? Qaltirayabsiz,- hazilga burdim gapni.

- Sizga bir narsa qilib qo’ysa nima bo’lardi?

- E shunaqalardan kaltak yeydigan odamga o’xshayabmanmi? – iljayganimni bilaman yuzimga yengil shapati tushdi.

- Ahmoq ekansiz, mana sizga vada qilingan tandir non. Issig’ida yeb oling.

- Mukofot qani menga?

- Sizga mukofot qilib kechgacha palatadan chiqmaslik berildi, kiring joyingizga!

Mana javobi, ha mayli nima desalar shu bekamizning.

Ukolimni qilib chiqib ketayotganda, xonada yolg’iz ekanligimizdan foydalanib bor gapni ochish payti kelganini sezdim:

***/***

Temur: - Oydinxon, siz bilan bir shaxsiy masalada gaplashib olmoqchi edim.- qizarib ketganimni o’zim ham sezdim.

Oydin: - Eshitaman, - quloqlarimga ishonmayman nahotki menga nisbatan ham qandaydir tuyg’ulari bo’lsa.

Temur: – Men sizdan….Nima deyishni ham bilmayapman. Meni qanday inson sifatida ko’rasiz? – bundan boshqa tuzukroq gap tilimga kelmadi.

Oydin: - Siz mard, bir so’zli …- gapimni yo’qotib qo’ydim sababi ko’zlarimga tikilib turgan ekanlar.

Temur: – Men sizni sevaman! – yurak yutib shu so’zlarni aytdim.

Oydin: - Men ham. – nimalar deb qo’yding, uyatsiz qiz! Ikki qo’lim bilan yuzimni to’sgancha tashqariga yugurdim, lekin kech qolibman.

Temur: – Rostdanmi?! – kiyikday chaqqon qizning qo’llaridan tutib qoldim.

Oydin: - Hm. Voy bosh vrach kelyapti ana!

Temur: – Qani?

***

Angraygancha eshikka qaragan yigitning qo’lidan qiz yulqinib chiqdiyu tashqariga otildi.

Tashqarida esa xuddi ikki sevishgan qalbning dil izhorlaridan quvongandek quyosh charaqlay boshladi, Osmon gumzani bezab yerga baxt yomg’irini to’kkancha kamalak paydo bo’ldi….

Boshqa hikoyalar