tungi.ru

Asira (kamolov)

O‘sha kuni yomg‘ir tinimsiz yog‘ayotgandi. Dadamning tobi yo‘qligidan ko‘nglim g‘ash edi.

-Xolida, chop, Rasul do‘xtirni chaqirib kel, -dedi onam.

Men onamga hayron boqdim. Yarim tun. Qorong‘idan qo‘rqaman. Onam shoshilib, dadamning yoniga kiribketdilar. Telefonimizning puli to‘lanmaganligi uchun uzib qo‘yishgan. Akam paxtada. Noiloj dadam yotgan xonaga kirdim. Rangi dokadek yuragini g‘ijimlab, o‘zini har yon tashlayotgan otajonimni ko‘rib qo‘rquvni unutdim. Rasul do‘xtir bizdan ikki bekat narida turadi. Kunduz kuni bo‘lsa ming marta borib kelishgayam rozi edim. Biroq hozir qorong‘ida, yomg‘irda... Yo‘lakning birinchi qavatida turadigan Shahnozalarning eshigini taqillatdim. Balki birga borib kelar, balki telefonidan foydalanarman. Yo‘q, hech kim javob bermadi. Yakshanba kuni mehmonga ketishgandir, degan xayol bilan soyabonimni ochib yo‘lga tushdim. Har qalay, yo‘l chetida do‘konlar qator-qator bo‘lganligi uchun chiroqlarini yoqib ketishgan ekan. "Sanam” fabrikasidan o‘tib olsam, u yog‘i yaqin. Rasul do‘xtir ham maza qilib uxlab yotgandir. U dadamni 15 yildan beri uyda davolaydi. Xayol bilan chopib ketayotganimda orqa tomondan kelib bir sharpa ikki qo‘llab belimdan aylantirib quchoqladi. Chinqirib yubordim. Biroq atrofda zog‘ yo‘q. Yaxshiroq qarasam, zog‘ yo‘q, deb adashganligimni anglab yetdim. Chunki do‘konga suyangancha turgan yana uch sharpa baravar men tomonga qo‘zg‘aldi.

-Akajon, qo‘yvoring, menda hech narsa yo‘q. Pulim ham yo‘q. Dadam og‘ir kasal. Do‘xtir chaqirishga borayapman, -dedim yalinib.

-Qaranglar, asal qiz ekan, yarim kechada pishirib qo‘yibdimi? O‘z oyog‘i bilan keldi-ya. Seni o‘zing pul, qizaloq, -dedi barzangilardan biri.

Shu payt bo‘ynimda onamning qimmatbaho zanjiri borligi yodimga tushib, jon holatda ushlab turgan nusxaning bilagidan tishlab oldim-da, yugurdim. Yuragim og‘zimga tiqilgudek bo‘lib, Rasul do‘xtirning yo‘lagiga yetib bordim. Yaxshiyamki, birinchi qavatda turadi. Qo‘llarim qaltirab ketayotganligi tufayli eshikni oyog‘im bilan tepdim. Bu orada yigitlar yo‘lakda paydo bo‘lishdi. Endi ulardan qo‘rqmayotgandim. Chunki Rasul do‘xtir sumkasini ko‘tarib chiqayotgan edi.

-Dadamning ahvoli juda og‘ir. Tez-tez yuring, tog‘a, -deb vaziyatni tushuntirdim. Do‘xtir soyabonni ko‘tarib oldi. Ikkimiz bir soyabonda tez yurib ketdik. Ellik qadamlar yurganimizdan so‘ng yigitlar ortimizdan kelayotganini sezdim.

-Bezori bolalar bor. Tog‘a, chopaylik -dedim do‘xtirga. Ular bo‘ynimdagi taqinchoqni olib qo‘yishmoqchi.

-Ey qizim. Sen o‘zing qimmatbahosan. Bular bir temirda. Sen chopqillab ketaver. Men qarib qolganman, - dedi u.

Men qadamimni tezlatdim. Shu payt ortimdan:

-Qizchani tashlab keting, do‘xtir, -degan ovoz keldi.

-Nima qilasan? Boyaqishning yuragini yoribsanlar. Shu yomg‘irda uyda o‘tirsanglar bo‘lmaydimi? Sizlardan xavotir oladigan ota-ona bo‘lmasa, bu qizni ota-onasi ilhaq kutib o‘tiribdi. Boringlar.

-Ezma ekansan, chol. Yarim kecha yo‘limdan chiqqan qizni hech qachon shunchaki qo‘yib yubormayman.

-Badr, qizni ushla.

Badr deganlari shamoldek kelib meni ushladi va qorong‘ida sal-pal yaltirab turgan mashina tomonga sudradi. Uni bir sakrab, ko‘ksiga tepdim. Orqasi bilan yiqildi.Yana qochdim. "Do‘xtir buva, yordam bering!”. Ortimga o‘girilib do‘xtir ham yordamga muhtoj ekanligini ko‘rdim. Uni qolgan yigitlar sasna daraxti yonida tepib, ayamay urishayapti.

-Qo‘yvoringlar, dadam o‘lib qoladi. Mayli, meni o‘ldirsanglar ham do‘xtir tezroq ketsin.Izimga qaytib, ular bilan olisha boshladim.Ammo uch yildan beri «Kiokushinkay»ga qatnaganim zoye ketdi. Ular ko‘pchil va baquvvat edilar.

-Badr, zog‘chaning ovozini o‘chir.

-Do‘xtirni tiriklay tashlab ketaveraylik-da.

-Qizni olib ketganimizga guvoh bo‘lmasligi kerak. Baxtiyor, bu tepkingdan pishak ham o‘lmaydi. Sharfing bilan bo‘g‘.

Bu gaplar xuddi tushimda bo‘layotgandek tuyulardi. Kiyimlarim namiqib ketganligidanmi, qo‘rquvdanmi tishlarim takkillab, bir-biriga urilardi. Nahotki, bir pasda inson hayoti ostin-ustun bo‘lib ketsa? Do‘xtirning ovozi chiqmay qoldi.

-Joni uzildi, -dedi yigitlardan biri. Qorong‘ida yo‘l girdidagi ariqqa Rasul do‘xtirning jonsiz tanasini uloqtirishdi. Men bu ko‘rgulikdan bor ovozim bilan yig‘lashni istardim, biroq og‘zimni mahkam yopgan baquvvat qo‘llar xalaqit berardi. Shu payt miyamga urilgan zarbdan esimni yo‘qotdim. Qancha behush yotganimni bilmayman. Ko‘zimni ochsam, "Neksiya” mashinasining orqa o‘rindig‘ida ikki yigitning tizzasiga yotgancha qayoqqadir olib ketilayapman. Qayoqqa?

-Meni qo‘yvoringlar. Dadam...

Ular gapimni eshitmayotganini angladim-u, o‘yga botdim. Rasul do‘xtir bilan meni kutib onam tong ottirayotgandir. Qorong‘ida yolg‘iz yuborganiga ming bor pushaymon bo‘layotgandir ham. Dadam-chi? Ertaga maktabga borishim kerak. Nimalar bo‘layapti? Mashina chiroqlari yorug‘ida "Chim” degan yozuv ko‘rindi. Hali Qarshidan nariga bormaganim uchun qayerligini anglamadim. O‘n daqiqalardan keyin mashina katta yo‘ldan o‘ng tarafga burildi. Qorong‘ida o‘nqir-cho‘nqir yo‘llardan o‘tayotganimiz sezilib turardi. Yigitlarning biri:

-Rashid aka, kimnikiga haydayapsiz? -deb so‘radi.

-Oshnam bor. Shunikiga kirib ,maslahatlashib olamiz, -dedi u.

Uyga yaqinlashdik. Tashqarisida yonib turgan chiroq nuri ko‘nglimga qandaydir yorug‘lik berdi. Balki bu uyda yaxshi odamlar turishar, degan o‘y ko‘nglimni yoritardi. Oddiy, suvalmagan, hatto shiferi ham yo‘q edi uyning. Biroq hovlisi juda katta. Shaharda bunday hovlida 4-5 xo‘jalik yashashi mumkin. Buncha ovloq joy ekan.

-Qizcha, joning shirin bo‘lsa o‘z oyog‘ing bilan uyga kir. Baqirma, dodlama. Kak budto, sen o‘z xohishing bilan biz bilan ketayapsan, bundan juda xursandsan. Tushundingmi? Tushunmasang, Rasul do‘xtiringni ketidan borib munkarnakirning savollariga javob berasan. Tushinglar, qorin ham piyozning po‘sti bo‘lib ketdi. Yukxonadagi qo‘yni olib, so‘yinglar, -dedi Rashid.

Men bu guruhning boshlig‘i Rashid ekanligini bilib olgandim. Hushimdan ketgan paytim yo‘lda to‘xtab, bitta qo‘yni o‘marishgan ekan-da. Qo‘yni yerga qo‘yishdi. Mashinada noqulay kelganmi yoki urishganmi bir oyog‘ini yerga qo‘ya olmasdi. Unga rahmim keldi. "Ikkimiz bir hozir, qo‘yjon! Seni ham hozir so‘yib, pishirib yeyishlari mumkin. Meni ham... ey xudo, menga madad ber, bu barzangilar zulmidan qutqar. Dadajonimga umr ber. Rasul do‘xtirning xotiniga, yetti bolasiga chidam ber. Yoshim o‘n oltiga kirayapti. Birinchi marta senga yalinishim. Yosh jonimga jabr qilma”... deya bir joyda qaltirab turardim. Tirsagimdan ushlagan Badr kulimsirab uyga ishora qildi. Ichkaridan bo‘ynini aylantirib, ro‘mol o‘ragan, qalin chopon kiygan, yuzi katta va dumaloq, burni uzun, ko‘zlari qisiq ayol chiqib kelayotgandi.

-Opajon, qandaysiz? Cho‘li aka bormi? Mana, sizga mehmon olib keldik. Yo‘lda mashina buzilib, ozroq ivib qoldi. Kiyimini quritib olsin. Qo‘yni so‘yishsin, "jiz-biz” qilib berasiz-da.

-Hozir akangizni uyg‘otaman, -deb ayol menga o‘qrayib qarab, ortiga burilib ketdi.

Yelkasiga to‘n tashlagan, soch-soqoli o‘sib ketgan qirq yoshlar chamasidagi uy egasi chiqib, Rashid bilan quchoqlashib ko‘rishdi.

-Bormisan, uka? O‘sha-o‘sha g‘oyib bo‘lganingcha hozir "gulboqqa” ketgansanmi, deb o‘ylovdim.

-Tirikmiz, hali "gulboqqa”yam emasmiz. Faqat, bugun juda charchaganmiz.

-Qiz o‘zlaringga tegishlimi yoki uniyam dala-dashtda o‘tlab yurganida ushlab oldingmi?

-O‘zimizdan. Ismi Gulya. Gapni qisqa qilib, mezbonligingizni qiling, aka. Qo‘yning ham tomog‘i taqillab turibdi. Yigitlarga pichoq bering. Qizni alohida uyga olib kiring.

-Bizda alohida uy bormi? Ikki uy, bir dahlizda. Xotinning oldiga qo‘yaman.

-Mayli, Baxti, beri kel, yangani eshigida turasan. Yana qushcha bemahalda uchib ketmasin. Nihoyat uyga kirdik. Zax. Gilamlar yupqaligidan oyoqdan sovuq o‘tadi.

-Po‘stakka o‘tir, isiysan, -dedi ayol.

Po‘stakni birinchi ko‘rishim. Har qalay qo‘yning juni bo‘lsayam, muloyim, issiq ekan. Jemfirimni yechib qo‘ydim va ayol bergan tivit ro‘molga o‘randim.

-Opajon, dadam og‘ir ahvolda edilar. Menga yo‘l ko‘rsating, bu yerdan chiqib ketishimga yordam bering. Bolalaringizni rohatini ko‘ring. Bular yaxshi odamlarmas, jon opa, -deb yig‘ladim.

Ayol xo’mrayib qaradi:

-Seni kimligingni afti-angoring aytib turibdi. Soching qani, sen qatori qizimning sochi beliga tushadi. Ular qishloqda. Biz dashtga uy solib chiqqanmiz. Yengsiz ko‘ylaging-chi? Buyam beorligingni bildirib turibdi. Moshinga seni birov majburlab o‘tqizmagandir? Shaharda qizlar kechasi sanqiydi-da, yana ko‘z yoshi qilib, o‘zini yaxshi ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Asli ersirab ko‘chaga chiqdingmi, endi chida. Lekin meni uyimda harom ish qilishlaringga yo‘l qo‘ymayman. Ona suti og‘zidan ketmagan go‘daksan-u. Ayol chiqib ketdi. Unga gapirganimdan foyda yo‘qligini bilgach, yig‘lamay qo‘ydim. Eshik oldiga borsam, Baxtiyor degani qorovullik qilayapti. Nazarimda menga rahmi kelayotgandek tuyuldi.

-Tashqariga chiqishim kerak.

-Ichkarida tur. SHefdan so‘ray-chi?

Hojatxonaga borguncha ancha yo‘l ekan. Hovlida, chiroq yorug‘ida qo‘yni saranjomlab olayotgan yigitlarning bir ko‘zi menda. Yaydoq dala. Qayoqqa qarab qochsam? Biror daraxt panasida tong ottirsam ham mayliydi. Men endi taqinchoqdan ham qimmat or-nomusimni o‘ylayotgandim. Qaytishda yo Xudo, -dedim-u Baxtiyorning ko‘zini shamg‘alat qilib, to‘g‘ri kelgan tomonga qochdim. Ayvondagilar ham meni poylab turganday ishlarini tashlab, quvishga tushishdi. Oyoqlarim shalabbo bo‘ldi. Bedami, moshmi bilmadim, nimadir ekilgan ekan. Shaharda o‘sganim uchun buning farqiga bormadim. Makkajo‘xorizor ichiga kirib to‘xtadim. Biroq aksirganimdan ular meni qayerdaligimni darrov bilib olishdi. Yanachopa ketdim. Katta beton ariq bor ekan. Gursillab quladim. Suvi juda kam bo‘lgani uchun meni oqizmadi. Barzangilar yetib kelib ,ko‘tarib olib ketishdi. Hamma joyim og‘rirdi. Chakkam sementga urilib yorilgan. Ayol mening qonagan joylarimga paxta bosdi. Issiq choy ichirdi.

-Men ham ayolman. Hozir senga yordam bersam, sho‘rim quriydi. O‘zi sal ola qarasam, erim tepganitepgan. Ayolning sho‘ri bor-da. Peshonang sho‘r ekan. Senga xudo yordam bermasa, bandaning qo‘lidan hech ish kelmaydi. Qo‘limdan keladigani bu kecha seni hech kimga bermayman. Ertaga xudo poshshodir.

Ayolning bu gapidan keyin ko‘nglim biroz tinchidi. Beo‘xshov kiyimlarini kiyib, qo‘y go‘shtidan tanovul qildim. Og‘riq va charchoq yengib uxlab qoldim.

-Uy-uyg‘oting, yanga. Yo‘limiz uzoq. Tez chiqsin, -degan buyruqdan seskanib uyg‘onib ketdim. Bir zum qayerda yotganimni unutib kalovlanib qoldim. Ayolni ko‘ribgina men to‘rt barzangi asirasi ekanligim yodimga keldi. Demak oqarib kelayotgan tong menga yaxshilikni va’da qilayotgani yo‘q. Bir necha soatdan so‘ng sinfdoshlarim maktabga borishadi. Men esa...

O‘qituvchim yo‘qlama qiladi... Men yo‘q. Sabablimi, sababsizmi, deydi. Hech kim bilmaydi.

Eshikdan kirgan Rashidga:

-Hademay dars boshlanadi. Uyga qaytaringlar. Men hech kimga hech narsa demayman, jon aka, -dedim.

-Hali maktab o‘quvchisiman, de.

-Ha, bu yil o‘n birinchi sinfda o‘qiyapman.

-Senga ishonolmayman. Guvoh qoldirish - gunoh. Shu bois yo‘limizni Toshkentga buramiz. Toshkentni ko‘rganmisan?

-Yo‘q. Hali shahardan chetga chiqqanim yo‘q edi. Ko‘rmay qo‘ya qolay. Jon aka, dadamning mazalari yo‘q.

Uyni sog‘inib ketdim.

-Afsus, qizaloq, ortga yo‘l yo‘q. Gap tamom. Baxtiyor, uni mashinaga olib bor. Yalinib-yolvorishlarim foyda bermagach, Baxtiyor bilan mashina tomon yurdim. Boshimning yorilgan joyiga sochimni tushirib qo‘yishdi.

-O‘lmay desang, Toshkentgacha "miq” etmay bor. Yo‘lda melisa ko‘rsang, jilpanglab qolma. Bari befoyda. Yosh joningga jabr qilma. Iltijo bilan uy bekasiga qaradim. U og‘ir xo‘rsinib, xayrlashmasdan kirib ketdi. Mashina yana yo‘lga tushdi. Endi men ular aytganday "miq” etmay xayol daryosiga sho‘ng‘igandim. Faqat Baxtiyor o‘qtin-o‘qtin ko‘zimga termuladi. Qo‘lini qo‘limga tekkizishga harakat qiladi. Eng shilqimi shu ekan, degan xayolda surilib o‘tiraman.

Tong bo‘zarib otayotganda biz "Samarqand” degan yozuv oldida to‘xtadik. Ular passportlarini ko‘rsatishdi. Meni hali o‘quvchi ekanligimni aytishdi. Viloyatimiz chegarasidan ham o‘tib ketdik. Yomg‘irdan keyingi havo juda toza va yoqimli edi. Har zamon tuproq hidi dimoqqa uriladi. Shunday lahzalarda asira ekanligimni ham unutib, tevarakni tomosha qilaman. Ha, o‘lim oldidan Olloh shunday go‘zal joylarni ko‘rsin, degan ekan-da.

-Nega qovog‘ing uyulgan, Badr? -dedi Rashid.

-Do‘xtir "jalka” ketdi. Nima uchun o‘ldirdik? Bu do‘ndiqchani nima qilamiz?! Boshimizga og‘ir savdo soldik.

Bu ishimiz fosh bo‘lsa...

-O‘chir, yuragimni siqma,hammasi joyida bo‘ladi. Do‘ndiqcha masalasini ham o‘ylab ko‘ramiz. Bizning jinoyatimizga u ham sherik-ku.

-Yolg‘on, -dedim men. -Men jinoyat qilganim yo‘q. Sizlar qotilsizlar. Do‘xtir buvani yettita bolasi bor. Uvoli uradi. Ko‘r bo‘lasizlar. Axir u begunoh edi. Begunoh bir qizning ham uvoliga qolasizlar. Sizlar chohga qarab ketayapsiz. Hech narsa oshkor bo‘lmay qolmaydi.

-O‘chir. Sen zag‘chaga kim so‘z berdi? Hammasiga sen aybdorsan. Kechasi sanqib nima qilarding?

Uyingda sendan boshqa tirik jon yo‘qmidi? Kechasi yurgan qizni kim sog‘ deb o‘ylaydi? Boshga bitgan balo bo‘lding, zumrasha. Kimsan, Rashid mujik bir jipriqini olib qochibdi, degan gap yaxshi emas. Men katta-katta ishga o‘rganganman. Jilla qursa, otang katta bir amaldor bo‘lsaydiyam, garovga qo‘ysak. Balki boyning qizidirsan?

-Bilmadim, uch xonali uyda turamiz. Otam kasalmand. Ayam o‘qituvchi. Har qalay nonsiz qolmaganmiz. Biroq mashinamiz yo‘q.

-O‘rtaholdan ham past. Ayangni tillo taqinchoqlari ko‘pdir?

-Bo‘ynimdagi taqinchoq ayamniki. Pulini bo‘lib-bo‘lib to‘ladilar.

-Katta ishda ishlaydigan qarindoshlaring yo‘qmi?

O‘ylab ko‘rib, birorta qarindoshimizning amaldorligi yodimga kelmadi. Yo‘q bo‘lsa, nima qilay? Biroq bularni qo‘rqitib qo‘yish uchun yolg‘on gapirdim.

-Vazirlikda bitta tog‘am ishlaydilar. Bittasi SNBda. Bittasi prokuraturada. Militsiyada ham amakim ishlaydilar. Biri Toshkentda.

-Birortasining adresini ayt. Olib borib qo‘yamiz.

-Aytmayman. Ularga tashvish bo‘lib nima qilaman. Ajalim yetgan bo‘lsa, o‘lib ketaveraman-da. O‘limdan qo‘rqmayman. Mana, Rasul do‘xtirni endi hech kim bezovta qilolmaydi, hech kimdan qo‘rqmaydi, tashvishlanmaydi. Hozir mashina o‘qdek uchib avariya bo‘lsa ham mayliydi.

-Niyating yomon emas. O‘lim yaxshi narsa. Biroq tiriklik topilmas ne’mat. Hozircha tirikmiz. Demak, ko‘chaga chopib chiqayotgan manavi go‘zal qizlardan non sotib olamiz. Rashid mashinani to‘xtatdi. Qiz-juvonlar qo‘lida non bilan chopib kelib, tojikcha, o‘zbekcha gapirib Samarqand nonini olishga undashardi.

-Bu bozordan non olmay bo‘lmaydi, -dedi Badr.

Yaltillagan nonlar hidi mashinani to‘ldirdi. Dadam ham shunday nonlardan olib borardilar. "Eh dadajonim, og‘rig‘ingiz qoldimikan? Yo uyga qaytmagan qizingizdan xavotirlanib battar bo‘ldimi? Qaniydi, mana bu barzangilarga kuchim yetsa-da, urib qochib huzuringizga borsam”. Yuzimni yuvayotgan ko‘z yoshlarni ko‘rib, Baxtiyor teskari qaradi. Soat 10 dan 15 minut o‘tganda Toshkentga kirib bordik. Bu payt birinchi darsimiz tugagan bo‘lardi. Atrofga alanglab, borayotgan joyimizni aniqlashga urindim.

-Qoraqamishga haydayman. Do‘ndiqchaga ko‘zoynak kerak, Baxtiyor -dedi Rashid. Baxtiyor meni engashtirib ko‘zimni yopdi. 5 daqiqalardan so‘ng ular mo‘ljallagan joyga yetib keldik. Ko‘p qavatli uylarning biriga olib kirishdi. Zinalardan ko‘tarildik. Ko‘zimni ochishdi. Eshikda 36 nomeri bor, xolos. Ichkaridan soch-soqoli o‘sgan qirq yoshlardagi kishi chiqdi.

-Oho, mujiklar, qani marhabo!

-Bu qiz asosiy mehmonimiz. Unga alohida xona, alohida e’tibor kerak, -dedi Rashid ichkariga kirgach, buyruq ohangida.

Nazarimda u Rashidni juda hurmat qiladi yoki undan qo‘rqadi.

-Nima desangiz shu.

Uy uchinchi qavatda joylashgan, xonalari beshta ekan. Meni kichikroq xonaga kiritib yuborishdi. Men uzoqlashmasdan eshik orqasiga o‘tirdim. Chunki bo‘ladigan suhbat mening taqdirim haqida bo‘lishini anglardim.

-Qizchani nima qilamiz, Rashid aka, olib yuraveramizmi?

-Nima qil, deysan?

-Menga sovg‘a qilsangiz-chi?

-Ishtahang karnay-ku. Badr. Men turganda sen qizga erishmoqchimisan?

-Ernest, sen nima deysan? Ayt-chi, adolat yuzasidan do‘ndiqchaga kim haqli?

-Hammayam mehnat qildi. Lekin sizning boshchiligingizda.

-Baxtiyor, sen-chi? Do‘xtirni tepayotganingda, oyog‘ing kaltalik qildimi, deyman?

-Men sizlar bilan birinchi marta bo‘layapman. Sizlarni qanday guruh ekanligingizni bilmayman. Men o‘z ixtiyorim bilan odam ham o‘ldirmasdim, qiz ham olib qochmasdim.

-O‘yindan chiqmoqchimisan? Chiqsang, do‘xtirning o‘limini bo‘yningga olibgina chiqasan.

-Ikki o‘n besh - bir o‘ttiz. Biroq qizchani qo‘yib yuborish kerak.

-Buning iloji yo‘q. U sotadi

-Uni menga beringlar. Hech kim topolmaydigan joylarga olib ketaman. Uni yoqtirib qoldim.

-Qancha berasan?

-200 mingga kuchim yetadi.

-Afsus, senga ham, qizga ham ishonmayman. Sen uni qo‘riqlaysan. Agar biror gap bo‘lsa, o‘sha zahoti o‘lasan.

-Qizcha hammamizniki, shef. Biroq sizga bag‘ishladik. Bizniyam ulushimiz bor, sizdan keyin, albatta, -dedi

Ernest deganlari hiringlab.

"Ey, xudo! Ular nimalar deyapti? Meni bo‘lishmoqchi. Endi bu kecha meni xor qilishadimi? Ota-onam umid bilan o‘stirgan. O‘zing madad ber, ulardan asra” deya xudoga iltijo qilardim.

-Qiz masalasini to‘xtatib, Qarshidan xabar olish kerak. Nima gap, nima so‘z? Iz qoldirmadikmi? Ernest, nega "uf” tortayapsan?

-Pravam tushib qolgan. Qayoqqa tushganini bilmayman.

-Qovun tushiribsan-ku. Olishuvda tushgandir.

-Balkim.

-Mabodo sendan gumon qilishsa, bo‘yningga olib ketasan. Yigitchilik, deb shunga aytadilar. Eh, kasofat. «Paxtazor»da yashaydigan ukangga telefon qil, Badr. Razvedka qilsin. Ukangni pishiqla. Seni so‘rashsa, "Ippodrom”da savdo qilayapti, desin. Tushundingmi?

-Xo‘p. Yarim soatdan keyin sizga axborot yetkazaman.

-Yaxshi, mulla akangga ayt, bitta palov yasasin. Qizni eng ichkaridagi xonaga olib kiring. Baxtiyor qorovullikka tursin. Bu kecha bir bazm qilaylik. Ernest, pravangni unut-da, dugonalaringdan taklif qil. Boshga tushganini ko‘z ko‘radi. Davay, ishga kirishinglar.

Davomi bor...

O‘xshash hikoyalar