Asira 4 (kamolov)
Momomning ismini manga qo‘yishgan. Boyadan beri o‘zini-o‘zi zo‘rg‘a ushlab turgan onam ho‘ngrab yubordi. Hozir meni yomonlab urdiradi, deb o‘yladim-da adajonim, adajonim, deb chopib borib bo‘yniga osildim.
-Tilla taqinchoqlarni saqlab qoldim. Mana ular, -deb qorovul bergan ko‘ylak etagini yechib to‘ka boshladim. Adamla angrayib qoldi. Hech balodan xabari yo‘q ekan.
-Siz ketgandan keyin Tolmas keldi, -dedi onam.
-Nega keladi u nonko‘r? O‘sha-ku meni sotgan.
-Siz uning xotini bilan yurarmishsiz-ku, -dedim men.
Onam mani jerkib tashladi. Bor voqeani aytdi. Faqat mani toqqa borib qaytganimni sir saqladi. Men sodda va laqma qiz bu gapni o‘zim aytdim.
-Tolmas mani toqqa olib ketdi. Boylikni qayerga yashirganimni ko‘rasan, dedi.
Adamlarning avzoyi o‘zgara boshladi:
-Qayoqqa olib bordi?
-Sizning eng chekkadagi dachangizga. U yerga hali ayamni olib borganingiz yo‘q. Boshqalarni olib borarkansiz. Tolmas mani urdi. Adang xotinimni mana bunday qilib quchoqlab turgan ekan, -deb mani…
Gapimni oxiriga yetkaza olmadim. Adamning ko‘zlari kattarib ketdi. Dum-dumaloq yuzi qizarib ketgandi. «Tolmas, KGBga sotganda ham kechirgandim. Alam ustiga qildi deb. Adam savol nazari bilan ko‘zimga qaradi. Ayni paytda dili tubidagi bu savolning javobini eshitishni ham istamasdi. «O‘ldiraman, Tolmasni o‘ldiraman».
Yuragini changallab nafas olishga ham qiynalayotgan adamlarni yupatib, -Tolmas o‘ldi, qorovul uni o‘ldirdi, -dedim.
Dadam yuragini changallagancha gapirolmay qoldi. Og‘zini katta-katta ochib nafas olishga qiynalardi. U men tomonga qadam tashlayman, deb yiqilib ketdi. Shu-shu qimirlamadi. Hovuz girdiga yarim metrcha ko‘tarilgan sementga boshi qattiq urilgan ekan. Man qo‘rqib qoldim. Qochdim. Onam mani sog‘ qo‘ymaydi, deb darvozaga yo‘naldim. Qo‘limda bir hovuch tillo taqinchoqlar turgan ekan. Avtostansiyaga bordim. Bilet olish uchun pul yo‘q. Avtobuschilardan biriga bitta uzukni berib 100 so‘m pul oldim. O‘zimga zarur narsalarni xarid qildim-da, Toshkentga jo‘nadim. Xullas, katta shahar shu-shu Zoirovning arzandasini yutib yubordi.
Anzirat opa shu yerda to‘xtab, sigaret tutata boshladi. Ajab, uning hayotini qayerlaridir mening boshimdan kechirganlarimga o‘xshashdek tuyuladi. Dadasining o‘lgani, himoyasiz qolgani. O‘xshamagan tomoni esa erta-indin boshimga tushadigandek edi.
-Siz xato qilgansiz, Anzirat opa. Onangiz urib o‘ldirsalar ham uni tashlab ketmasligingiz kerak edi. Boshga tushganni ko‘z ko‘radi, deganlaridek sabr qilsangiz, og‘zingizga kelgan gapni laqillamasangiz, dadangiz tirik qolardi. Har qalay siz bu ahvolga tushmasdingiz?
-O‘shanda man kaltafahm bo‘lganman. Erka o‘stirganlari ta’sir qilgan. Sandek kuchim bo‘lganida edi, Tolmasga qarshilik ko‘rsata olardim.
-Endi menga yordam bering. O‘n yetti yoshli beo‘ylov qiz emassiz-ku. Bugun meni qutqarib savob ish qilishingiz mumkin. Jon, opa yordam qiling, -dedim unga yalinib.
-Iloji yo‘q. Sani shefga atashganmish.
-Siz uni taniysizmi?
-Ha, taniyman. Toshkentga kelgan kunim u menga yordam beraman, deb aldagan. Taqinchoqlarimni olib qo‘yib uyiga olib borgan. Senga uylanaman, deb bir yil ayshu-ishrat qilgan. Meni boshi berk ko‘chaga boshlagan.
-U qo‘rqinchlimi, kuchlimi?
-O‘shanda endigina o‘g‘irlik qilib yurgan edi. Meni ko‘z o‘ngimda u katta jinoyatchiga, mafiyaga aylandi. Hozir u bilan ishlash niyatida nechta Rashidlar yaltoqlanib yuribdi. Hamma o‘g‘rilar unga soliq to‘laydi. U kuchli emas. Jussasi kichik. Ozg‘in. Kasalmandga o‘xshab ko‘rinadi. Biroq mushuknikidek ko‘zlari bilan tikilsa, barzangilar ham dosh berolmaydi. Juda ayyor. Senga o‘xshagan bokira qizlarni yaxshi ko‘radi, katta sovg‘a deb biladi. Rashidni zo‘r lavozimga tayinlashi mumkin.
-Siz ham undan qo‘rqasizmi? O‘zi nima ish qiladi?
-Unga bo‘ysunaman. Chunki o‘ldirib yuborishi hech gap emas. Bir imosi bilan yonidagilar o‘z otasini ham o‘ldirib kelishdan tap tortmaydi. Aslida o‘zi do‘kon qorovuli bo‘lib ishlaydi.
-Uyingizdagilar sizni izlashmadimi?
-Izlashdi. Onam kelib olib ketmoqchi bo‘ldi. Men o‘sha payt "Zargar”ning domiga ilingan edim. Qaytmadim.
-"Zargar” kim?
-SHefning laqabi. U menga yarqiroq hayot va’da qilgan edi. Keyin unga kerak bo‘lmay qoldim. Meni bir qo‘shmachi ayolga topshirdi. Qarindosh-urug‘im mendan voz kechdi. Orqavorotdan eshitishimcha, o‘ldirib yuborishga ham urinishgan.
Borgan sayin hayotim jirkanch tus ola boshladi. Meni "Zargar”dan sotib olgan Mastura opa bo‘ysunmasam tinimsiz kaltaklardi. Shuning uchun eshikdan kirib kelgan mijozlarimni, yuragim qon yig‘lasada, kulib kutib olishimga to‘g‘ri kelardi. Qiz mardumning bitta boyligi bor ekan. U ham bo‘lsa - nomusi. Shuni boy bergandan keyin boshqa yo‘qotadigan narsasi yo‘qdek befarq bo‘lib qolarkan. Endi men fahsh alifbosini to‘liq o‘rganib olgan edim. Mastura opaning o‘zi ham menga xushomad qiladigan bo‘lib qoldi. Yosh edim, husnim ham bor edi. Men tufayli opa katta daromad qilayotgandi. Pulni arra qilishni sira istamasdi. Mijozlarim orasida meni yaxshi ko‘rib qolganlari ham bo‘ldi. Ular ikkinchi xotin bo‘lishga rozi bo‘lishimni so‘rashardi. Men esa aysh-ishrat bandasiga aylanganim uchun hech kimni tan olmasdim. Hayot tasodiflarga to‘la ekan. Bir gal adam rahmatlini qamoqdan chiqargan oshnasi ham bu uyga tashrif buyurdi. Beka ikkilanmasdan bu ulug‘ martabali mehmon huzuriga meni yo‘lladi. Nozu qarashma bilan kirib bordim-u, uni tanib eshik orqasiga suyangancha tek qotdim. Na chiqib ketishga, na yoniga borishga menda mador qolmagan edi.
-Anzirat, shu yerdamisan? La’nati qiz, -u semiz qornini lapanglatib yetib keldi. Men jim edim.
-Sen tufayli adang o‘lib ketdi. Endi uning obro‘sini ham bir tiyin qilib tanfurushlik qilayapsanmi?
Kim olib keldi seni? Tiling tanglayinga yopishib qoldimi? Gapir!
U mening yuzimga tarsaki soldi. Men yig‘ladim. Ayni paytda shunday bobro‘ odamning fohishaxonaga kelganidan nafratlana boshlagan edim.
-Nega bu yerga kelding? U mening yoyiq sochlarimni siqimlab boshimni eshikka urdi.
-Siz-chi? Siz nega keldingiz?
Bu savolimdan adamning oshnasi bo‘shashib ketdi. Sochimni qo‘yib yuborib, cho‘ntaklarini titkilab sigaret izlay boshladi.
-Anjelika degan qizning dovrug‘ini eshitib kelgandim. Seni oldingda men ham gunohkorman. Lekin men erkakman. Erkakning yo‘rig‘i boshqa.
-Xuddi ana shu erkakning yo‘rig‘i uchun men qurbon bo‘ldim. Adamni yaxshi ko‘rardim. Lekin u xuddi sizdek buzuq odam bo‘lgan. Shuning uchun shofyori meni badnom qildi. O‘ch oldi. Endi bu boshim qayerga ham sig‘adi. Men adamni emas, adam meni oyoq osti qilgan, -men o‘kinib-o‘kinib yig‘ladim. U kelib otalarcha xo‘rsinib bag‘riga bosdi.
-Bu dunyoda hammamiz gunohkormiz. Yig‘lama. Anjelika kim?
-Men, -dedim unga tik qarab. U menga tikilib qoldi.
-O‘ziyam oydek yetilibsan. Nahot Anjelika sen bo‘lsang - u meni boshimni siladi. Men xuddi adamning og‘ushida turgandek, suyanadigan mehribonimni topgandek unga ishonardim. Lahza o‘tmay uning otalarcha mehri, erkalashlari o‘rnini hirs egallaganini sezdim. U meni o‘pa boshlagandi. Boshimni ko‘tarib yoshli ko‘zlarim bilan unga savolomuz tikildim. -Sen Anzirat emas, Anjelikasan, -dedi va meni dast ko‘tarib to‘shakka olib bordi...
O‘shanda men odamlarning bir-biriga bo‘lgan munosabati vaqtincha ekanligini, amaldorlar bir-biri bilan amali uchungina do‘st bo‘lishini, inson boy va tinch bo‘lganida atrofida oshnalari ko‘payib, boridan ayrilganda esa ulardan ham ayrilishini tushungan edim. Tunni men bilan o‘tkazgan bu pastkash tongga yaqin dasta-dasta pullarni to‘shakka tashlab, menga alohida uy olib berishini va men faqat unga tegishli bo‘lishimni aytib, mamnun holda chiqib ketdi. Men alamzada edim. Beka u ketgandan so‘ng darhol kirdi-yu, ko‘zi o‘ynab pullarga yopishdi:
-Ana pulu, mana pul.
U taxi buzilmagan pullarni dastasi bilan olarkan, menga:
-Shalpayib o‘tirmay darhol o‘zingga qara. Hali zamon yigitlar kelib qoladi. Pulning bari menda turadi. Zaruratga so‘rarsan. Hozir chiqib sartaroshxonaga bor. Sochingni tartibga keltir. Mana, senga pul, -deb ko‘kragiga qo‘l suqib bitta g‘ijimlangan 25 so‘mlikni menga otdi.
O‘sha paytda men o‘zimni ana shu g‘ijimlangan puldek xor his qildim. Bekani yomon ko‘rardim. Unda zarracha insof, ayollarga xos mehribonlikdan asar yo‘q. Harom pullar uni shishirib yuborgan edi. Dum-dumaloq bu ayol juda chaqqon harakat qilardi. Uyatsiz gaplar va latifalarga undan chechani topilmasa kerak. Ayniqsa, barmog‘iga bir tuflab pul sanashini ko‘rsang hayron qolarding.
-Anjelika, -dedi u eshikka yaqinlashgach, -xafa bo‘lmaginu, bugundan boshlab seni mijozlaring kamayadi. Hammasi ortiqcha manmanliging tufayli. Sendan yosh, sendan go‘zal qizni "Zargar” olib keldi. Ozroq qarzim bor edi. Mana bu pullar bilan uzaman. Endi o‘zing yalinasan. "Opajon, bittagina kliyent topib bering”, deb. Aftingga qara, it qaramaydigan holdasan. Sen endi Misha bilan Danilga ermak bo‘lasan.
Yuragimda kechayotgan g‘alayonlar, tungi alam bari bir bo‘lib isyonga aylandi. Menda ham yurak, g‘am-alam borligini o‘ylamaydigan bekaning yo‘lini to‘sdim.
-Pulni joyiga qo‘y. U adamning toptalgan qadri, obro‘si.
U menga mensimay tikildi.
-Hozir Misha bilan Danilni chaqiraman. Burningni yerga ishqalaydi. Ulardan yegan tayoqlaringni unutgan ko‘rinasan,- dedi katta-katta dumaloq ko‘zlarini chaqchaytirib.
Misha bilan Danildan tayoq yeyish o‘limdan battar. Ular bekaning tili bilan aytganda "teloxranitel”lari. Qaysiki ayol bosh ko‘tarsa, badanini ko‘kartirmayin tepadi. Odamni faqat ichini ezadi. Beka hozir xonadan chiqqan zahoti ularga amr qilishini o‘ylab, jon-jahdi bilan uni ichkariga itarib yubordim. Eshikni ichkaridan qulfladim. Ayolga semizligi pand berib, chalqanchasiga yiqildi. O‘zini o‘nglolmay turishga urinardi. O‘zim dag‘-dag‘ titrasam-da, uni bo‘ynidagi ipak sharfi bilan bug‘a boshladim. Bor kuchim bilan sharfni ikki qo‘limga o‘rab tortdim. U baqirmoqchi bo‘lib hirqirar, lekin ovozi chiqmasdi. Odam o‘ldirish oson emas ekan. Ayol jon taslim qilmas, oyoq-qo‘lini bab-baravar harakatlantirib tipirchilardi. Madorim qolmadi. Shunda onamning "ukalaringni bo‘ynini orqasiga urma, shakar tomiri uzilib ketadi”, deb koyiganlari yodimga tushdi. Bo‘yniga ura boshladim. Agar ayol o‘z gavdasini ko‘tarolmay qolmaganda, shu kuni o‘zim o‘lib ketardim. Nihoyat yong‘oq chaqish uchun olib kelingan bolg‘achaga ko‘zim tushdi. Ilkis turib uni oldim-da, ayolning boshiga ayovsiz ura ketdim. Orqa miyasiga 4-5 marta urganimdan so‘ng u avval qayt qildi, keyin og‘zidan ko‘pik keldi. Eng xunuk so‘zni aytdi-yu, jon berdi. Tolmasning majaqlangan boshi yodimga keldi. Men ham ikki kishining o‘limini o‘z ko‘zim bilan ko‘ribman. Bekaning soviy boshlagan qo‘llarini yoniga qo‘yib, boyadan beri bilqillagan qorniga o‘tirganimdan qo‘rqib ketdim. Uning tirigidan qanday qo‘rqsam, o‘ligidan ham shunday qo‘rqar edim. Endi nima qilaman? Ikki yildan beri xo‘rlab kelgan ayolni o‘ldirdim. Mana, pullar sochilib yotibdi. Seyfning kaliti qo‘limda. Nima qilishimni bilmay qoldim. Tezroq xonadan chiqib ketishim kerak. Pullarni oldim, bekaning xonasiga o‘tib seyfdagi bor narsalarni o‘mardim. Tungi ko‘ylakda ekanligim, boz ustiga qon dog‘lari tekkani yodimga tushib, yechindim. Bekaning javonini titkilab o‘zimga mosroq kiyim topdim. Qochishga hozirlanib eshikni ochganimda Mishaga duch keldim. Qaltirab ketdim. Uning qo‘lida igna bor ekan.
-Anjelika, yasanib olibsan? Bekadan so‘radingmi? Yoki mana bu ignani suqib olaymi? -dedi u bilagimga igna sanchib.
-Misha, -dedim o‘zimni bosishga urinib. -Mana bu pul seniki. Bekang endi men bo‘laman. Mening xonamga kirgin-da, tozala.
Misha hayron bo‘lib qoldi. Uzatilgan ikki dasta pulni olib savol bermasdan xonamga qarab ketdi. Shu payt yana ahmoqligim pand berdi. Qochib nima qilaman, yaxshisi bekaning o‘rnini egallab qo‘ya qolay, mana buyrug‘imni bajarayapti-ku, degan xayol ko‘nglimdan o‘tdi. Bekaning jiyani Nozima qo‘limdagi kalitlarni ko‘riboq shubhalangan va militsiyaga telefon qilgan ekan. Yigirma daqiqa ichida militsiya xodimlari kelib meni olib ketishdi.
Nega o‘ldirding, degan savolga "Mening tanamni sotib pul ishlardi. Men fohishalik qilishni xohlamasdim. Qochishning ilojini qilolmasdan o‘ldirdim, -deb javob qaytaraverdim. Meni vaqtincha saqlaydigan hibsxonaga qamashdi. Turmaning azobi qursin. Qiynalgan paytim o‘tib ketgan bo‘lsa-da, Tolmasning go‘riga g‘isht qalardim. Zoirovning qizi bo‘lganimdan o‘kinardim. Mening tarjimai holim bir hafta ichida tergov ishlarini olib borayotganlarga ma’lum bo‘ldi. Sud jarayonida prokuror ham, sudya ham negadir meni ayadi. Ehtimol, fohisha bo‘lishni istamaganim uchun yon berishgandir. Balki jabrlanuvchi tomonidan menga zulm o‘tgani tufaylidir. U uyni islavatxonaligi aniqlangan edi.
Xullas, yetti yilga ozodlikdan mahrum etishdi. Sudda oxirgi marta onamni ko‘rdim. So‘z berilganda mendan voz kechdi, oq qildi. Erimning ham qotili shu, dedi. El orasida yurguligim qolmadi, deb yig‘ladi. Ona dema, onang o‘lgan seni, deb qarg‘adi. Mening shum taqdirimga adam ham aybdorligini onam tan olmas edi. Sud zalidan meni olib ketishayotgan paytda "Anzirat qizim” deb baqirdi. Ona, ona ekan. Yana mendan umid uzolmay mung‘ayib qaradi. Menga bu holati yoqmadi. Qaytaga qarg‘agani ma’qul edi.
-Men Anzirat emas, Anjelikaman, -dedim bir to‘xtab, dadamning oshnasining gapini takrorlab. Noiloj, yetti yil umrim ayollar qamoqxonasida o‘tdi. Mendan "Zargar” xabar olib turdi. U har doim "Anjelika, kelajaging porloq. Chiqqan kuning o‘zim kutib olaman” derdi. Men senga bu yetti yillik tariximni aytib beraman, desam ming bir kechalar kerak bo‘ladi. Jonim toshdan ekan. Jigarimni sovuqqa oldirganimni aytmaganda turmadan sog‘-omon chiqdim. Odam o‘ldirib tushganim uchun ayollar mendan cho‘chishardi. Qamoqdagi ayollarga o‘zimni oyoq osti qildirib qo‘ymadim. Nihoyat ozodlikka chiqdim. Qamoqqa ham odam ko‘nikib qolarkan. Dugonalarimdan ajralgim kelmas edi. Ular bilan bir kecha dardlashay, ertalab ketaman, deganimga qaramay meni kuzatib qo‘yishdi. Muddat tugagandan so‘ng bir lahza ham qololmas ekansan. Boradigan joyimning tayini yo‘q. Xuddi tinchgina boshpanamdan ayrilgandek, ozodlikni hazm qilolmas edim. Shu payt sochlari yelkasiga tushgan rus yigiti kelib: "Anjelikamisan? Mashinaga o‘tir”, -dedi. "Zargar”ning odami ekanligini aytgach, u bilan birga bordim. Uning qasriga kirib gangib qolganimni ko‘rsayding. U yetti yil ichida o‘g‘rilarni, narkomanlarni dog‘da qoldirgan edi. O‘zim tanimagan, bilmagan odamlar meni ozodlikka chiqqanim uchun qadah ko‘tarishdi. "Narko qiroli va qirolichasiga sharaflar bo‘lsin!” Bu "qirolicha” deganlari menga tegishli ekan. "Zargar” va’da qilgan porloq hayot endi boshlanayaptimikan, deb ajablanib o‘tirdim. Bir-biridan lazzatli taomlardan to‘yib yeb, bo‘kib qoldim. Qamoqxonaning yovg‘onidan qutulganimga shukur qilardim.
-Seni endi yengish qiyin, Anjelika. Sen endi hayotning achchiq-chuchugini totding. Diydang qotdi. Orzularingdan voz kechding. Sen endi zeksan. Bu degani - orqaga yo‘l yo‘q. Senga birov uylanmaydi, birov eshik ochmaydi. Hatto onang ham ishonmaydi. Haqiqiy jinoyat olamiga xush kelibsan. Bundan boshqa yo‘l yo‘q. Shu bois o‘ng qo‘lim bo‘lsang, -dedi "Zargar”.
"Zargar” menga: Masturadek mashhur ayolni yenggansan. Senga ishonaman. Sen chig‘iriqdan o‘tding. Seni sog‘inganman, -dedi. Shu-shu uning a’zolaridan biriga aylandim. Yuzdan ortiq o‘g‘riboshilar uning xizmatida. Ko‘chada daydab yurgan qarovsiz bolalar uning tarbiyasida. Mening vazifam o‘g‘riboshilar o‘rtasidagi gap-so‘zlardan uni xabardor etish, har zamon giyohvand moddalarni sotish bilan shug‘ullanish edi. Bokira qizlarni unga sovg‘a qilish urfga aylandi. Menga alohida uy qilib berdi. Badiga urgan qizlarni xizmatimga yuborar, men ularni tanfurushlik qilishga majbur qilardim. Xuddi Mastura bekadek men ham qo‘shmachiga aylandim-qoldim. O‘zimga yarasha kuch to‘plab olgach, Danil va Mishani toptirib kelib xumorimdan chiqquncha xo‘p kaltaklatdim. Ular hozir mening xizmatimda. Endi "Zargar”ning himoyasida xohlagan ishimni qila boshladim.
-Sizni nega narko qirolichasi, deb olqishlashgan ekan?
-Narkobiznes bilan shug‘ullanamiz. Agar aroq ichmasa, nasha chekmasa, birorta erkak bu eshikdan bo‘ylaydimi? Kelgan mijozlarimizga "oqi”dan tatib ko‘rishni taklif qilamiz. O‘rganib qolishgandan keyin topib bering, deb tovon yalashga tayyor bo‘lishadi. Keyin katta pulga sotamiz. Sotib olishga qurbi yetmay qolganlari azobdan bizni so‘kib ketadilar. Ba’zan militsiyaga ham chaqishadi. Pul topolmay o‘lib ketganlari ham bor.
-Qanday qutulasiz?
-Birortasini qurbon qilamiz-da. Men hech qachon o‘z qo‘lim bilan sotmayman. Biroq tovar keltirib beraman. Katta miqdordagi pullarni landavurlarga berib qo‘yishni istamayman.
-Biror marta savob ish ham qilganmisiz o‘zi?
-Ha. Bir gal Nargiza ismli qizni o‘rinbosarim Olya opa olib keldi. Boradigan joyi, so‘raydigan odami yo‘q, -dedi. Yaxshilik qilib boshpana berdim, bir-ikki so‘m pul topsin, deb mijoz topib bermoqchi bo‘ldim. Hammadan pulni 70 foiz olsam, undan 50 foiz olishga rozi edim. U yalinib "Opajon, men ona bo‘laman. Yaxshi ko‘rgan yigitim armiyaga ketdi. Boshqa birovga beramiz, deganda unamadim. U kelsa, menga uylanadi, meni bu ko‘chaga boshlamang. Yaxshisi farroshlik qilay, ota-onam oq qilib uydan quvmasaydi, yigitimni kutib o‘tirardim. U, "bolangni asra. Asramasang uylanmayman” deb xat yozgan, -dedi. Men ko‘ndim. U supur-sidir qilib yurdi. Biroq ko‘hlikkina bo‘lgani uchun mijozlarimizning nazariga tushdi. Menga ko‘proq pul berishdi. Ular uch kishi edi. Qizni ko‘ndirolmadim. Ovqatlanayotganida "dori”dan tashladim. Keyin ko‘zlari suzilib, kim qayerga yetaklasa, boradigan holga keldi. Erkaklar uni olib chiqib ketishdi. Ertalab yig‘lab-siqtab keldi. "Opa, sizga ishonuvdim, nega shunday qildingiz?” -dedi.
-Sen o‘z ixtiyoring bilan uydan chiqib ketding. Seni shu xonalarga ham kiritib qo‘yaverardim. O‘zing xohlading, deb urishdim.
-Men endi rasvo bo‘ldim. Yaxshi ko‘rganimga tegolmayman. Lekin bolasini asrashim kerak, -dedi. Bu buzuqlik in qurgan joyda uni himoya qilish qiyin edi. Har doim sezdirmay "dori” yedirib, uni erkaklarga qo‘shardim. Bolasi olti oylik bo‘lganda mazasi qochib qoldi. Do‘xtirga ko‘rinib keldi. Vajohati o‘zgargan. Bizga bir og‘iz ham gapirmay, inqillab uyga kirib keldi. Biz Olya opa bilan yuzta-yuzta qilib o‘tirgandik. Uning gapirmagani, siltanib uyga kirgani jahlimni chiqardi. Shundan keyin og‘riqdan to‘lg‘ona boshladi. Boyagina tildan qolgan qiz bizdan yordam so‘rab yonimizga keldi va yig‘lay boshladi. Kayfim zo‘r uchun uni tomosha qilib o‘tiraverdim. U biz o‘tirgan ayvon burchagiga borib tug‘di. Bola o‘lik edi. Qiz inqillab-sinqillab ko‘zimga shunday tikildi-ki, yuragim uvishib ketdi.
-Iloyo do‘xtirlar ichingni kavlab o‘ldirsin. Shuncha azob topdim. Do‘xtir chaqirtirmading.
-Tug‘ish azobini, to‘lg‘oq nimaligini sira ko‘rmagandim, -dedim "qah-qah” urib. Ikki soatlar qarovsizlikdan ko‘p qon yo‘qotdi. So‘ng rangi oqarib hushsizlandi. Bizning kayfimiz taroq bo‘lgani uchun tanish do‘xtirlarni ham chaqirtirmadik. Uning azoblanganidan quvonardim. Chunki ahyon-ahyon farzandsizligim ko‘nglimga armon solardi. Qizning bu azobini ko‘rib yaxshiyamki homilador emasman, yaxshiyamki ona bo‘lolmayman, deb o‘zimni yupatganman. U og‘riqdanmi, kuchsizlikdanmi oyog‘ida zo‘rg‘a turdi. Bir amallab gandiraklab keldi-yu, dasturxon ustidagi pichoqni oldi va menga suqmoqchi bo‘ldi.
-Odamxo‘r, menga nasha ichirgansan. Bolamning o‘limiga sen aybdorsan. Qotilsan. Kelib-kelib sendan najot so‘radimmi? -dedi. Bu uyatsiz so‘zni eshitaverib etim qotgan bo‘lsa-da, yaxshiligimga yomonlik qaytarayotgan qiz asabimni o‘ynatdi. Mening ko‘kragimga sanchmoqchi bo‘lgan pichoqni qo‘limdagi sochiq bilan qaytarib olib qoq yuragiga tiqdim. So‘ng:
-Olya opa, pichoqni sug‘ur. Ko‘nglim behuzur bo‘layapti, -dedim.
-Bekor qilding. Bolasidan qutulib emin-erkin pul ishlardi. Figurasi zo‘r edi-da, -deb Olya mast holda pichoqni sug‘urib oldi. Homilani janda-junda lattaga o‘rab, axlatga tashladik. Qizni Danil bilan Misha gilamga o‘rab mashinaga ortishdi. Anhorga tashlagani olib ketishdi. Pichoqni javonning ustiga qo‘ydim. Yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qolishi mumkin edi. Ro‘paramizdagi "dom”da o‘ris eru xotin yashaydi. Nima balolarni axlatdan terib yurishadi.