Raqqosa 3 (kamolov) copy
Odam bolasi birpasdan keyin boshiga ne kunlar tushishi mumkinligini bilmaskan.
Yarim soat oldin ham Manzuraning orzulari bir dunyo edi. Bugun ham katta pul ishlab Murodni mamnun etmoqchi, o'rtada raqs tushish qanaqa bo'lishini Durdonaga ko'rsatib qo'ymoqchi edi. Baxtga qarshi orzulari sarobga aylandi.
«Men kimga nima yomonlik qilibman endi? — o'ylardi u skotch lablarini uzib-uzib olgudek achishtirsa-da, arang tishni-tishga bosib. — Birovga yomon gapirmagandim. Nahotki, Murod akaning dushmanlari bo'lsa-yu, meni o'g'irlab ketib undan katta pul undirish payida bo'lsa? Nega? To'g'ri o'ziga kelib aytishsa, asakalari ketarmidi?..»
O'ylab o'ylarining oxirigacha yeta olmadi. Mashina qaergadir yetganda to'xtadi. Old o'rindiqda o'tirgan barvasta erkak pastga tushdi-da, atrofga yaxshilab razm soldi. Keyin orqa eshikni ochdi.
— Tushlaring, podvalga olib kirlaring buni!
Barzangilar kuch bilan tortqilay-tortqilay Manzurani pastga tushirishdi.
— Qani, oyog'ingni ishga sol, — buyurdi barzangilarning biri Manzuraning bilagini mahkam siqib. — Jadalla, jonon!..
Harqalay skotchni og'zidan olib tashlashdi. Manzura ancha yengil tortdi. Shu lahzadagina hayot qanchalar shirin ekanini chuqurroq his etdi.
Ha, odamga havo yetarli bo'lmasa, yuragini vahima bosib tipirchilay boshlarkan.
Dunyo shunchalar shirin ekan.
Odamning yashagisi kelarkan…
* * *
Barzangilar Manzurani podvalga sudraklab kirishdi. Orqada kelayotganlardan biri podval eshigiga qaytadan qulf urdi.
Ichkari yorug' edi. Yerga gilam to'shalgan. Har yer, har yerda shkaf, qutiga o'xshagan narsalar turibdi.
To'rda esa gajakdor kursi turar, kursida ingichka mo'ylovli, yupqa lab, sochi olib tashlangan qirq yosh atrofidagi zaxil yuz erkak kerilgancha o'tirardi.
Hali Manzura unga yaqinlashib ulgurmay, qaerdandir o'sha… Raqibasi… Durdona paydo bo'ldi.
Manzura unga ko'zi tushdi deguncha hammasini angladi. Nega olib qochganlari, maqsadlari neligini fahmlab ulgurdi. Faqat bir narsaga tushunmadi.
Durdona ichkarida edi-ku! Qachon yetib keldi bu it oyog'i yetmas yerlarga? Uchib keldimi qanot boylab?..
Afsuski, bunday savollar bilan boshini qotirishga xohishi ham, vaqti ham yo'q. U alamdan, nafratdan, ojizaligidan, yolg'izligidan dod solib yig'lashni, faryod chekib dunyoni titratishni istardi. Shunday kunlarga qolgandan ko'ra o'lib ketishni xohlardi. Qarshisidagi odambashara shayton malaylari tezroq hayotiga nuqta qo'yishlaridan umidvor edi. Og'zini skotchlaganlaridagi holati, dunyoning juda totli tuyilgani, yashashga ishtiyoqi… Barchasi qaergadir zulmat qa'riga g'oyib bo'lgandi. Ular o'rnini yana tushkunlik egallab bo'lgandi.
— O', ja ketvorgan qiz ekan-ku-a? — dedi kursida o'tirgan erkak asta o'rnidan qo'zg'alib. — Durdon, shumidi sening biznesingni o'ldirmoqchi bo'lgan?
— Ha, xuddi shu manjalaqi, — dedi Durdona Manzuraga yaqin kelib. — O'zicha zo'r raqqosaykanmish. Murod akaniyam qo'lga olib ulguribdi bu maraz.
— Murod akang anavi… Nimaydi… Otarchilarning jo'raboshisimi?
— Ha, o'sha nusxa, — javob qildi Durdona. — O'zicha prodyuser bo'lvolgan akam ham. Osmondan keladi gaplashsangiz.
— Xo'sh, qizaloq, nega mening Durdonimni xapa qilding-a? — erkak Manzuraga yaqinlashdi-da, iyagidan ko'tardi. — Ta'zim qilib, uning rahmatini eshitish o'rniga pul talashganmishsan? Zarda qilganmishsan? Xo'sh, jondan to'ydingmi?
— Balki… — dedi sovuqqonlik bilan Manzura. — O'zlaringcha banditlik qilmoqchimisan? Mafiyamiz deb o'ylaysanlarmi? Hali shoshmay turlaring, militsiya xabar topadi hademay.
— Nima? — erkak uning iyagini qattiqroq siqdi. — Meni melisaminan qo'rqityapsanmi? Sen-a? Vey, o'n yil turmani gullatib kelgan bolaman men! Bilasanmi shuni?
— Menga nima gullatsang? Qo'yvorlaring meni yaxshilikchasiga! Aks holda pushaymon yeysanlar!
— Qo'yvoramiz, — sheriklariga qarab kuldi erkak. — Ammo Durdonni ranjitganingni «atrabo'tka» qib berasan. Bilasanmi «atrabo'tka» nimaligini?..
— Bilmayman, nimaydi?
— Ja osmonlarda yurarkansan-ku-a? Muhabbatda qandaysan? «As»misan?..
— Iflos!..
Bu haqorati, shubhasiz, erkakka yoqib tushmadi. Aftini bujmaytirib turdi-da, daf'atan Manzuraning yuziga shapaloq tushirdi. Keyin esa Durdonaga yuzlandi.
— Kursiga o'tir, — buyurdi u. — Bu oyimcha hozir poyingda tiz cho'kib, oyoqlaringni o'padi. Ana undan keyin yo'lingga ko'ndalang bo'lmaslikka so'z beradi. Shu aytganlarimizni qilmasa, o'ldirvoramiz. O'ligini it ham topa olmaydi. Kollektorga tashlaymiz-ketamiz…
Manzura aniq sezdi. Qarshisidagi sovuqqon bu erkakning muddaosini angladi. Agar qotib turaversa, bu shaytonsifatlar ne ko'ylarga solmaydi. Nimadir qilishi shart. Toki bularning oldida past ketmasin, haqoratlanmasin, masxara bo'lmasin!
«Eh, Murod aka, — o'ylardi Manzura xayolan bo'zlab. — Ne kunlarga solib qo'ydingiz-a! O'g'irlab ketishdi, xo'rlashdi, baribir o'tiribsiz qo'l qovushtirib. To'g'ri-da, oladigan pulingizni olvolgansiz. Bir yetimcha yallachining nima keragi bor endi? O'lib ketgandayam bir tukingiz qilt etmaydi…»
— Qani, tiz cho'k, — buyurdi erkak. — Opangning qarshisida tiz cho'k!
— Hayotda tiz cho'kmayman! — dedi qat'iy ohangda Manzura. — Hali manaman deganining oldidayam tiz cho'kmaganman! Buning kim bo'pti?!.
— Tiz cho'kmay qaerga borarding, — deya Manzurani bo'ynidan mahkam bosib cho'kka tushishga majburlay boshladi boshqa bir barzangi. — Qani, bo'l, aks holda jonchangni og'ritib qo'yamiz!..
Xudo suygan bandasini xo'rlatib qo'ymaydi. Albatta adolat qiladi…
Tuyqusdan kimlardir podval eshigini tepib baqira boshladi.
— Ochlaring! Yo'qsa, buzib kiramiz!..
Qo'rqmaganning joni nechta ekan.
Barzangilar militsiya xodimlari kelganini ilg'ab bo'lishgandi.
Barchalari jon talvasasida uyoqdan buyoqqa chopar, Durdona esa naridagi parda ortiga berkinib olgandi.
Tashqaridan qaraganda, bu sahna mushuk ta'qibidan qochishga urinayotgan sichqonlar to'dasining harakatlarini eslatardi.
«Bu kuningdan battar bo'llaring, — ko'nglidan o'tkazdi Manzura tipirchilagancha qo'llarini arqondan bo'shatishga urinib. — Qo'rqmay bo'psanlar!..»
— Yordam beringla-ar! — qichqirdi u yugurgancha eshik yoniga borib. — O'ldirishmoqchi meni! O'ldirib qo'yishadi!
— Manzura, qo'rqma! — tashqaridan Murodning tovushi yangradi. — Hozir qutqarishadi, qo'rqma!..
Ko'z ochib yumguncha yuzlariga qora niqob tutgan militsionerlar eshikni buzib ichkariga kirishdi.
Bir zumda barzangilar-u Durdona qo'lga olinib, qo'llariga kishan urildi.
Shundan keyingina Manzuraning xo'rligi kelib yig'lab yubordi. Murodning yelkasiga bosh qo'ygancha o'ksib-o'ksib yig'ladi.
Murod uni ovutgan ko'yi tashqariga yetakladi.
* * *
— Sen qo'rqma, — dedi Murod Manzuraning hovlisiga yetib kelishgach. — Bunaqasi endi qaytarilmaydi. Mana bu to'rt yigit seni qo'riqlab turishadi.
— Murod aka, balki mening bu o'yindan chiqqanim ma'quldir? — so'radi Manzura yer chizib. — Ko'rdingiz-ku, meni sig'dirishmayapti. Mahalladagilarni-ku, gapirmasam ham bo'ladi. Tinchgina odamlarning uyida idish-tovoq yuvib, supur-sidir qilib yurganim yaxshiga o'xshaydi.
— Bekorning beshtasini aytibsan, — koyib berdi uni Murod. Murod. — Durdona baribir qamaladi. U ahmoqlik qilib qo'yibdi. Banditlarga qo'shilib olgan ekan. Mana, ahmoqligi uchun endi qamaladi. Sen bu xayollarni miyangdan chiqarib tashla! Shunday iste'dodni yakson qilmoqchimisan? Xo'sh, idish yuvib yurding, keyin-chi? Nima o'zgaradi? Xor bo'lib yashashni xohlayapsanmi?
— Nima qilay unda? Bugun Durdona, ertaga yana boshqasi… Men ko'tara olmayman bunday og'ir yukni.
— Xavotir olma, bugundan boshlab bizning guruhda faqat sen yurasan. Boshqa raqqosa chaqirilmaydi. Qolaversa, biz shu hafta oxirida Surxon vodiysiga jo'nab ketamiz.
— Surxon? Nega? Uyoqda nima qilamiz?
— To'y mavsumi endi boshlandi. Mavsumning fayzini Surxonda olamiz. Shuning uchun yaxshilab tayyorlan. Hovlingdan xavotir olma, maxsus odamlar qo'riqlashadi. Ammang kirmaydi bu uyga.
— Tushundim.
Murod jo'nab ketdi.
To'rt yigit esa Manzuraning hovlisini tashqaridan turib qo'riqlaydigan bo'ldi.
Murod ularga Manzurani kunduz kunlari ham yolg'iz qo'ymaslikni tayinladi.
* * *
Tong ham otdi. Ertalabdayoq Murod qo'ng'iroq qilib tayyorgarlik ko'rib turishni tayinlagandi. Kechqurun nikoh bor ekan. Manzura hali zamon Murod aytgan kun yetib kelishi, olisda uzoq vaqt yashab qolishi muqarrarligini sezib, qadrdon qishlog'i ko'chalarini aylanish, qishloq markazidagi do'konga bir mo'ralab olishni ixtiyor etgandi.
Qo'riqchi yigitlar uni yolg'iz yurishga qo'yishmadi. Ortidan soyadek ergashib katta ko'chaga chiqishdi.
Bekor qilgan ekan ko'chaga chiqib. Hatto, mahallaning narigi chetidagi uylarda yashovchi qiz-juvonlar ham do'kon ro'parasida hozir bo'lishibdi. Ular do'konga ul-bul xarid qilishga kelmagani ma'lum. Barchalari Manzurani ko'rish, uni masxaralash, iloj topishsa, haqoratlab xumordan chiqish uchungina shu yerga yig'ilishgandi. Erkaklar ham ulardan qolishmasdi. Qishloqchilik-da, ba'zilari Manzuraning ortidan ergashgan ko'yi beo'xshov qiliqlarni oshkora bir-birlariga ko'z-ko'z qilishar, xuddi shunday beo'xshov kulgi ko'tarishardi. Qishloqchilik-da, ularga tutayotgan ishlari oddiydek tuyilardi. Manzurani qo'riqlab kelayotgan yigitlargina ensalari qotib mushtlarini tugib olishardi. Ammo hech biri bu erkaklarga qarshi so'z aytmasdi.
Manzura do'konga yaqin keldi-yu, taqqa to'xtadi.
Sal naridagi bir guruh ayollar orasida Bozorgul ammasi ikki qo'lini beliga tiragancha turar, ikki ko'zi Manzurada edi. U hozir qandaydir ko'ngilsiz hodisa yuz berishini ko'ngli sezib ortga qaytmoqchi bo'ldi. Biroq endi bir qadam tashlagan ediki, Bozorgul bor ovozda qichqirdi:
— Ha, betingdan buzilgur! To'rtta xo'rozning orasiga kirvolib bizga maqtanish uchun keldingmi? Hozir ko'rsatib qo'yaman senga!
Manzura bu haqoratlarni hazm qila olmadi. Kechagi xo'rliklar, haqoratlar, xavotirlar, qo'rquvlar, alam-u anduhlar to'lib-toshib kelib naq bo'g'ziga tiqildi.
U ilkis ortga o'girildi-da, yugurib borib gezargancha turgan ammasining tomog'iga chang soldi.
Manzura shu tobda o'zini umuman idora eta olmasdi. Ammasining yulqinib, uning qo'llaridan xalos bo'lishga urinishi battar g'ashini keltirar, Bozorgulning tomog'ini tobora qattiqroq siquvga olardi. Atrofdagi ayollar, erkaklar tek qotib turishardi. Hech kim oraga tushishni, amma-jiyanlarni ayirib qo'yishni xohlamasdi. Ular tekin tomosha paydo bo'lganidan mamnun edilar.
Xayriyat, qo'riqchi yigitlar o'rtaga tushishdi. Biri Manzurani chetga olib ketdi, boshqasi Bozorgulni tinchlantirishga urina boshladi. Xotinlar esa bu manzarani ko'rgach, qaytadan g'imirlab qolishdi. Lablar beo'xshov burildi. Erkaklarning mushti tugildi.
— O'l-a, buzuqi, — jon achchig'ida sannardi Bozorgul. — Baravariga to'rtta erkakning o'rtasiga kirdingmi? Bitta erkak kam-da-a sen manjalaqiga?..
— Bu qizni toshbo'ron qip tashlash kerak, — luqma tashladi mahalla ayollaridan biri. — Hoy, erkaklar, nimaga qaqqayib turibsizlar? Anavilarni urib tashlamaysizlarmi? Yallachi yetimchani toshbo'ron qilmaysizlarmi?
— Og'zingizga qarab gapiring, — bir mahal erkaklar orasida turgan mallasoch, uzun bo'yli Botir ismli yigit qichqirgan ayol tomon yuzlandi.
U Manzuraning sinfdoshi edi. Maktabda o'qib yurgan chog'larida bir necha o'n martalab Manzuraga sevgi maktubi bitib ko'rgan. Javob ololmagach, sukut saqlashga majbur bo'lgan.
— Ko'rdingizmi buzuqlik qilganini? Yo sham ushlab turganmidingiz tepasida?
— Vay, — bo'sh kelmadi ayol ham. — Ana, ergashtirib olibdi-ku! O'ziga to'g'ri qiz to'rt erkakni orqasidan ergashtiradimi?
— Ularni Manzuraning ustozi qo'riqchi qilib qoldirgan. Anavi Bozorgul opadan himoya qilgisi kelgan. Nima bo'pti shunga?..
Shu gapni aytdi-yu, Manzura tomon bir qarab qo'ydi-da, uyi tomon jadalladi.
Manzura ham qo'riqchilar hamrohligida hovlisiga qarab yurdi. Ammo yarim yo'lga yetganda, birdan to'xtab, qo'l telefonini oldi va Murodga qo'ng'iroq qila boshladi.
— Iltimos, anavi qo'riqchilaringizni chaqirvoling, aka, — dedi Manzura yig'lamsirab. — Mahalladagi xotinlar malomat qilishyapti. Betim qolmadi! Ko'z ochirishmayapti. Meni it yemaydi. Jon aka, chaqirvoling!
— Bo'pti, — dedi Murod. — Telefonni ber, o'zim aytaman. Sen o'zingni ehtiyot qil! Bugun kechqurun tayyorlanib tur! To'y bor!
* * *
Taxminan bir daqiqa vaqt o'tdi yo o'tmadi. Qo'riqchi yigitlar Murodning ko'rsatmasiga ko'ra, Manzura bilan xayrlashishdi-yu, jo'nab ketishdi.
Manzura esa uyiga yetay deganda, ilkis ortga o'girildi. Hov narida Bozorgul ammasi shoshilmasdan o'zi tomon kelayotgan ekan.
— Kelma, yaqinlashma! — qichqirdi Manzura telbalarcha. — Qayt dedim orqangga, maraz, jodugar!
Bozorgul taqqa to'xtadi. Shu ko'yi birpas jiyaniga tikilib turdi.
— Bekor qilyapsan shu ishni, — dedi u turgan yerida. — O'zim opichlab katta qilgandim sen ko'rnamakni! Xudo ko'rib turibdi hammasini! Bir kun ajrini to'laysan!
— To'lasam, men to'layman, — yanada qattiqroq qichqirdi Manzura. — Senga nima? O'zing aybdorsan! Meni qishloqqa sharmanda qildingmi, endi o'zingdan ko'r! Yo'qol, seni ko'rishga ko'zim yo'q!..
— Hali shoshmay tur, — deya istar-istamas ortga o'girildi Bozorgul. — Hali mening sovunimga kir yuvmabsan. Shunday qilayki, onadan tug'ilganingga pushaymon bo'lgin! Qiynaliblar, to'lg'oniblar o'lgin iloyim!
* * *
Kechqurun to'ylari bor edi. Asrga yaqin Murod Xursandbek hofiz va Husan usilitelchi bilan birga yetib keldi. Manzura tayyor turgandi. Uzoq kutdirmadi. Mahzun qiyofada bo'lsa-da, orqa o'rindiqqa o'tirib barchalari bilan salomlashdi.
Qishloq ayollari, qiz-juvonlar baribir o'sha atrofda kezishdan, bir-birlariga bildirmaygina Manzurani, Murodni ko'rsatib pichir-pichir qilishdan tiyila olishmayotgandi. Manzura bularni sezdi. Nimalar deb valdirashayotganini taxminan tasavvur qildi. Shuning uchun ataylabdan qattiq-qattiq gapirib, qiziqarli hangomalar so'zlab yonidagilarni kuldirish harakatiga tushdi. O'zi ham qishloq ayollariga tik boqqancha miriqib kuldi. Murod bu holat sabablarini bilgani uchun bosh chayqay-chayqay, Husanga «ketdik» ishorasini qildi.
Mashina ortida talato'p changlar quyunini qoldirgancha yeldek uchib ketdi.
* * *
Bugungi to'yxonaga kirib kelgandan keyin Manzuraning ko'nglidagi g'ashlik tumani tarqab, ancha yengil tortgandi. Chunki to'yda bugun Durdona bo'lmaydi. Murod boshqa raqqosa olib kelishni xohlamadi. Yana janjal chiqishidan cho'chidi.
Manzura haqiqiy erkinlikni soniya sayin chuqurroq his etib, Xursandbek hofizning nolalariga quloq berdi. Nolalarning mahzun va dardliligidan qalbi mumdek erib, vujudida titroq tuydi. Qo'shiqdagi har bir satr unga bolaligini, yaqin o'tmishini eslataverdi. Ko'z o'ngida ammasidan yetgan zahmatlar gavdalandi. Ilhomi bor bo'yini chulg'ab, tezroq o'rtaga chiqishni, eshilib-eshilib, kuyib-kuyib raqs tushishni ixtiyor eta boshladi. Raqs tushsa, barcha alamlari tarqaydigandek bo'laverdi.
Nihoyat unga navbat yetdi. O'zi sevgan qo'shiq musiqasi yangray boshlagach, odatiga ko'ra o'rtaga chiqdi-da, raqs boshlashdan burun to'rt tomoniga egilib salom qildi. Chiroyli va bejirim salomdan to'yxona larzaga keldi. Olqishlar, qarsaklar, hushtaklar-u, qichqiriqlar sadosi ostida raqs tushishni boshladi…
* * *
Baxtga qarshi bugungi to'yga tashrif buyurgan boyvachchalar insof va tavfiqdan uzoqroq chiqib qoldi.
To'y tugab, kelin-kuyov chimildiqqa kuzatib qo'yilgach, odatda otarchilarga kechki taom tortilardi.
Taom alohida xonada, to'y egasining ikki-uch vakili ishtirokida tanovul qilinardi.
Ammo bu gal vaziyat boshqacharoq kechdi. Hali asbob-uskunalarni yig'ib ulgurmay, Murodni kimdir chetga tortdi.
— Raqqosangizni boy akalar so'rashyapti, — dedi u atrofga alanglab. — Rozi qilishadi. Hofiz ikkovlari yarim soatgina xizmat qilib berishlari lozim ekan.
— Gap bo'lishi mumkinmas, — dedi Murod jilmayib. — Bajonidil xizmatda bo'lishadi. Hozir borishadi.
— Men birga olib ketishim kerak ekan. Ular qo'shninikida o'tirishibdi. Kutishyapti.
Murod ortiq bir so'z demadi. Ildam yurib borib Manzura va Xursandbek hofizni yetaklab keldi.
— Mana, biznikilar tayyor, — dedi vakilga jilmayib. — Faqat… Uzoq qolib ketishmasa bas. Balki… Men ham birga borarman.
— Shart emas, — dedi vakil. — Yo bizga ishonmayapsizmi?
— Yo'g'-e, — dedi Murod bosh qashib. — O'libmanmi sizlarga ishonmay? Shunchaki… Mayli, boraveringlar, fayzini bersin!..
* * *
Ular kirib borgan xona o'rtasiga uzun xontaxta qo'yilib, usti noz-ne'matlarga to'la edi. Xontaxta atrofida o'n chog'li shirakayf erkak o'tirar, hammalari bashang kiyingan, ba'zilarining dimog'i osmonligi ko'z qarashlaridanoq sezilardi.
— O', — deb yuborishdi ular baravariga hofiz va Manzura kirib kelganini ko'rib. — Kelishdi! Kelishdi!..
Poygakda o'tirgan o'rta yashar erkak dast o'rnidan turdi-da, Xursandbek hofizga yuzlandi.
— Hofiz, sen buyoqqa kel, — uning tirsagidan tutib burchakka yetakladi. — Mana shu yerda turib ashulangni aytasan! Mehmonlarimiz qaysi ashulani buyurishsa, o'shani aytasan. Yallaching esa…
U so'zini tugatib ulgurmadi. To'rda o'tirgan gavdali, bo'yinbog' taqqan erkak Manzurani o'tirgan yeridan qoshiga chorladi.
— Qani, qizaloq, buyoqqa kelaqol!
Bo'yin tovlashga, rad etishga hech kim haqli emas. Aks holda pulsiz qoladi va sharmandalarcha haydalishi ham hech gap emas.
Manzura asta boyvachchaning tepasiga yaqin bordi.
Erkak kissasini kovlab bir dasta besh mingtalik chiqardi va yonidagilarga kulib qo'yib Manzuraning tirsagidan tutdi-da, tizzasiga o'tqazib oldi.
Bu raqqosalik ko'chasiga kirgandan beri birinchi marta o'zini qafasdagi qushdek his etishi edi.
Hali erkak quchog'ini ko'rmagan Manzura beixtiyor titrab ketdi-yu, biroq darrov o'zini tutib boyvachchaga jilmayib boqdi. Erkak esa qo'lidagi g'ijimlangan pullarni sira tap tortmay Manzuraning koftasi ichkarisiga soldi. Keyin belidan yengil quchib hofizga yuzlandi.
— «Munojot»ni boshla! Yaxshilab ayt, hofiz! Bi-ir mazalashayli-ik!..
* * *
Manzura uyiga yetib kelganda soat tungi ikkidan oshayozgandi. Yo'l bo'yi o'zidan o'zi nafratlanib keldi. Bu nafrat hali-veri tarqaydiganga o'xshamasdi.
Hatto, xayolida begona erkak, fahsh, yuzsizlik domiga tushib ko'rmagan qiz bugun to'yda ixtiyoridan chetlashga majbur etilgandi. U og'zidan ko'pik sachratib bo'lar-bo'lmas gaplar, kulgilarga erk bergan ko'zi och erkaklarning barcha xohishlarini so'zsiz ado etdi. Ular xohlagancha raqs ijro etdi. Aynan ular so'ragan muqomlar, qochirimlarga zo'r berdi. Natijasini bo'lsa, Murodning qo'liga topshirilgan katta yelim xaltada ko'rdi. Bu pullarning hammasini o'z hayosi, ori, nomusi va vijdonidan yuz burish evaziga qo'lga kiritgandi.
«Qanchalar razilman-a, — o'ylardi u karavotida chalqancha yotgan ko'yi shiftga hissiz tikilib. — Qishloqdagilarning arz-dod qilganlaricha bor. Mendaylarni osib o'ldirsa kam. Mendaqalar shafqatga, mehrga loyiq emas. O'ldirsinlar, osib o'ldirsinlar!..
Shu xayollar changalida to'lg'ona-to'lg'ona uxlab qoldi…
Tush ko'ribdi. Tushida onasi rahmatli nuqul uni tortqilar, «Qoch! Qoch!» deb baqirgancha achchiq-achchiq yig'larmish.
— Ena, qo'yvoring meni! Qo'yvoring! — Manzura onasining qo'llarini nari surib o'zini chetga olarmish-u, kuchi yeta qolmasmish.
Sal o'tib otasi paydo bo'libdi. Onasining qilayotgan ishini ko'ribdi. Lekin yordamga shoshilmabdi. Aksincha xoxolab kulgancha uni tezlayveribdi.
— Qattiqroq bo'g', qattiqroq, — qichqiribdi xotiniga. — Bu bizni sharmanda qildi! Do'zaxi bu, do'zaxi! Tezroq olovga olib bor! Kuysin, tutablar kuysin!..
Otaning so'zlaridan shijoati ikki hissa oshib, onasi uni hov naridagi olov tomon sudraklab ketibdi.
Olov qa'rida Manzura kabi qizlar juda ko'p emish. Ular har kuyganda ayuhannos solib dodlashar, hech kim ularga e'tibor qilmasmish…
Ona Manzurani sudrab boribdi-da, olov iskanjasiga uloqtiribdi. Shu zahoti moviy alanga qizni zabtiga olibdi.
— Voy-do-od! Yordam beri-ing, yorda-am!..
Bu hayqiriq tushida emas, o'ngida jaranglagandi. Manzura jonholatda ko'zlarini ochdi. Xona qora tutunga to'lgan, bo'g'ilib-bo'g'ilib yo'talardi. Hech narsani ko'rib bo'lmasdi. Xonaning bir burchi yonib, olov tobora Manzura tomon o'rlardi.
Shu payt ustiga qopmi, yo boshqa matomi yopgan kimsa yugurib kirdi-da, Manzurani dast ko'tarib oldi va tashqariga chopdi. Manzura hech narsani idrok eta olmas, tutun borgan sari ko'proq ichiga to'la boshlar, yo'tali