Tun farzandi
Jek London, "Tun farzandi"
Amerika yozuvchisi. Yoshligida juda koʻp kasblar bilan shugʻullangan. 1893 yilda ilk bor u Yaponiya sohillariga dengiz safariga oddiy matros boʻlib borgan. 1894 yilda ishsizlarning Vashingtonga koʻchishida qatnashgan, daydilarcha hayot tarzi uchun qamoqqa olingan, siyosiy harakatlarga qoʻshilgan. 1895 yilda AQSh ishchi partiyasi, 1901 yil Sotsalistik partiyaga a’zo boʻlgan. Keyinroq Kaliforniya universitetiga oʻqishga kiradi va koʻp oʻtmay oʻqishni tashlab ketadi.
London 16 yillik ijodiy faoliyati mobaynida 19 roman, 18 toʻplam (152 hikoya), 3 pesa, 8 avtobiografik va publitsistik xarakterdagi kitob yaratgan.
Atrofni qorongʻulik chulgʻagan boʻlsa-da, havo dim edi. Bunaqasi hatto San-Fransiskoda ham kamdan-kam boʻladi. Eski Alta-Ino klubining ochiq derazasidan koʻchaning gʻovur-gʻuvuri shundoqqina quloqqa chalinadi. Ichkarida poraxoʻrlikka qarshi kurashish va agar unga barham berilmasa, shahar jinoyatchilarga toʻlishi toʻgʻrisida bahs ketardi. Bashariyatning tubanliklari, xusumatlari, axloqiy buzuqliklariga har turli misollar keltirildi. Oxirida kimdir oʻtgan kungi voqeani yodga oldi va oʻsha mash’um kunning tunida ringda oʻldirilgan mashhur navqiron bokschi O’Brayen nomini hech kim tildan qoʻymadi. Bu ism ichkaridagilarni jonlantirib yubordi. O’Brayen toʻgʻrisoʻz, xushxulq yigit edi. Ichmas, chekmas, soʻkinmas va yosh ma’budlar singari koʻrkam edi. Hatto ringga ham ibodat kitobchasi bilan koʻtarilardi. Kitobcha kiyimxonadan, paltosining choʻntagidan chiqdi… vafotidan soʻng.
U begʻubor va xushsurat, qaysiki, odamni tark etib, oʻrnida tuyqus keksalik paydo boʻlganda uni beixtiyor oʻziga rom etadigan yoshlikning timsoli edi. Bu kecha biz ushbu umrning bahoriga intildikki, Orzu kela solib, barchamizni deraza ortida gʻazab-la shovqin solayotgan shahardan olislardagi oʻzining saltanatiga olib ketdi. Barduel bizga oʻqib bermoqchi boʻlgan Toroning misralarida bunday kayfiyatning yellari birmuncha esib turardi. Lekin aynan u emas, taqirbosh, xoʻppasemiz Trifden kechamizning xayoliy qahramoni sifatida namoyon boʻldi. Avvaliga uning hikoyasini eshitib oʻzimizdan, ovqatdan soʻng necha stakan viskining boshiga yetdi ekan, deb soʻradik, biroq keyin bu haqida oʻylamay ham qoʻydik.
— Bu voqea ming sakkiz yuz toʻqson sakkizinchi yilda boʻlgandi, oʻshanda oʻttiz beshda edim, — soʻz boshladi Trifden. — Bilib turibman, xayollaringizda chamalab koʻryapsizlar… nimayam derdim, haqiqatdan yuz oʻgirolmaysan — hozir qirqdan oʻtdim, afti-angorimga qarab esa oʻn yil koʻproq berish mumkin. Shifokorlar ham aytishyaptiki… jin ursin, bu oq xalatlilarni!
U tagi chuqurroq stakanni ogʻziga olib kelib, hovurini bosish uchun asta simirdi.
— Ammo men yosh edim… qachonlardir. Ha, oʻn ikki yil avval sochlarim siyqa emas, quyuq, oʻzim esa baquvvat, kelishgan, xipcha edim. Eng uzun kun ham men uchun gʻoyat qisqa tuyulardi. Sen eslaysanku, Milner, biz sen bilan anchadan beri osh-qatiqmiz. O’zing ayt, zap azamat emasmidim?
Milner bosh silkidi. U Trifden kabi togʻ muhandisi boʻlib, Klondaykda rizqini terib yurardi.
— Sen haqsan, qariya, — dedi Milner. — O’sha oqshom qandaydir muxbir tannoz toʻpolon koʻtarganida oʻrmon kesuvchilarni boplab ta’zirini berganing sira yodimdan koʻtarilmaydi. U paytda Slevin safarda edi, — batafsilroq tushuntirdi bizga Milner, — uning ish boshqaruvchisi oʻzining gumashtalarini Trifdenga roʻbaroʻ qilgandi.
— Endi esa ahvolimga qaranglar, — dedi alamnok Trifden. — Oltin vasvasasi meni ne koʻylarga soldi. Choʻntagimda necha millionlar borligi yolgʻiz Yaratganga ayon, qalbim esa boʻm-boʻsh, tomirlarimda bir tomchi-da qaynoq qon oqmaydi. Endi men naq meduzaman — bir togʻora sovuq ilviragan xamir… Vuy-y!
Uning ovozi qaltirab ketdi va yana tasalli uchun viskiga talpindi.
— U vaqtlar ayollar mendan koʻz uzishmasdi. Hozirgacha oila qurmaganim gʻalati koʻrinadi… Hammasi oʻsha qizni deb… Aynan oʻsha haqda soʻzlab bermoqchiman. Men uni oq tanlilar istiqomat qiladigan jami maskanlardan ming mil — balki, undanda uzoqroqdir — olislarda uchratdim. U menga hozirgina Barduel oʻqib bergan Toroning misralaridan — ilohlar, yorugʻ kunda dunyoga kelganlar hamda qora tunda tugʻilgan maloikalardan parcha keltirgandi.
Bular Golstedga oʻrnashib olganimdan soʻng yuz berdi. Golsted soyi qanchalik oltin toʻla oʻra ekanligi xayolimga ham kelmagandi. Qoyatogʻdan Katta Bandikoʻl orqali sharqqa «yurish» qildim. Shimolda Qoyatogʻ nafaqat togʻ tizmasi, balki oʻtib boʻlmas chegara, devordir. Qadimda darbadar ovchilar bu togʻdan kamdan-kam oʻtishgan, ammo bunday yuragi butunlarning aksari yoʻldayoq bandalikni bajo keltirishardi. Shuning uchun ham bu mashaqqatli yoʻl hisoblanar va men ushbu yoʻlni bosib oʻtishga bel bogʻladim. Bunday jasurlikdan har kim faxrlansa arziydi. Hozir ham hayotimdagi boshqalardan koʻra shu ishimdan koʻproq gʻururlanaman.
Men oʻzga olamga tushib qolgandim. Uning bepoyon kengliklarini hali birov tekshirmagan, biror oq tanli odam oyogʻi tegmagan, hindu qabilalari esa bu yerlarda oʻn ming yillar ilgarigi ibtidoiy sharoitda kun koʻrishardi… Negaki ular oʻshanda ham hozirgidek oq tanlilar bilan ba’zi-ba’zi hollardagina savdo munosabatlariga kirishishardi. Vaqti-vaqti bilan alohida hindu guruhlari shu maqsadda togʻdan oʻtishardi. Lekin Gudzonov koʻrfazi Kompaniyalariga ham manzilga yetib, bu joylarni egallash nasib etmadi.
Endi qizga qaytaylik. Men agar Kaliforniyada boʻlganida daryo hisoblanadigan, nomsiz, birorta xaritaga kiritilmagan soy boʻylab yuqoriga koʻtarildim. Koʻz oʻngimda goh baland tosh devorlar bilan oʻralgan, goh yalang xushmanzara vodiy namoyon boʻldi. Yaylovlardagi oʻt-oʻlanlar odamboʻyi choʻzilgan, maysazorlar gullarga burkangan, har-har yerdagi qoraqaragʻaylarning shox-shabbalari tarvaqaylab ketgandi. Yelkalariga zalvorli yuklar ortilgan itlarim batamom kuchdan qolishdi, panjalari qontalash boʻlib ketdi. Men qanday boʻlmasin hindular qoʻnalgʻasini izlashga tushdim. Ulardan chana va it haydovchilarni yollab, birinchi qor bilan yoʻlda davom etish umidida edim.
Meni kuzning oxiri boʻlsa-da bu yerlarda gullarning ochilib turgani hayron qoldirdi. Chamasi, men subarktik Amerikaning qayeridadir, Qoyatogʻdan yuqoriroqda turgandim, haqiqatda esa hammayoqda boshdan-oyoq yashil gilam toʻshalgandi. Qachon boʻlmasin bu oʻlkalarda oqlar paydo boʻladi va bu dalalarga bugʻdoy sepishadi.
Nihoyat, gulxan tutuniga koʻzim tushdi, itlarning akillashini eshitdim — hindularniki — va qoʻnoqqa yetib bordim. Bu yerda taxminan, besh yuztacha hindu boʻlib, goʻshtni surlashga moʻljallangan ustunlar sonidan kuzgi ov mavsumi omadli kelganini tushundim. Xuddi shu yerda uni, Lyusini uchratdim. Uni shunday chaqirishardi. Hindular bilan faqat imo-ishora orqali gaplasha oldim. Meni ulkan vigvamlar — gulxan yonib turgan tarafi ochiq chodirga boshladilar. Vigvam olovrang bugʻu terisidan edi. Ichkarida ozodalik va saranjomlik hukm surardi. Bunday sarishtalikni hali bironta hindu chaylasida koʻrmagandim. Yotarjoy yangi kesilgan qoraqaragʻay shoxlariga toʻshalgandi: bir quchoq moʻyna ustidan oppoq parquvdan tayyorlangan adyol solingandi. Bundayin adyolni birinchi koʻrishim edi. Uning ustida oyoqlarini chalishtirgancha Lyusi oʻtirardi. Qorachadan kelgan, yongʻoqrang. Uni qiz deb atadim. Yoʻq, u ayol edi, shukuhli, kamolotga erishgan bugʻdoyrang amazonka. Koʻzlari esa moviy edi. Ha, mana oʻshanda meni nima sehrlagan: uning koʻzlari, koʻm-koʻk — nigohlarida daryo moviyligi-yu, samo koʻkligi qorishib ketgandi, goʻyo. Ayniqsa, ularda quyosh nurlariga choʻmmagan qaynoq xushchaqchaqlik jilvalanar, ularda chuqur insoniylik bilan birga… qanday tushuntirsam ekan… cheksiz nazokat bor edi. Tagʻin nimani aytsam ekan? Bu moviy koʻzlarda donishmand-faylasuf xotirjamligi yangligʻ otashin azobni ham, gʻam-anduhni ham, osudalikni ham oʻqidim.
Birdan Trifden hikoyasini toʻxtatdi.
— Birodarlarim, sizlar, balki, meni ortiqcha ichib qoʻydi, deb oʻylayotgandirsizlar. Aslo. Bu kechlikdan keyin beshinchisi. Men mutlaqo hushyorman va tantanavor ruhdaman. Axir, hozir men bilan oʻtmishdagi baxtiyor yoshligim gaplashyapti. Ayni zamondagi «qariya Trifden» emas, yoshligim tasdiqlamoqdaki, bu koʻzlar bir paytlar men koʻrgan eng ajib koʻzlar edi: shunday xotirjam va shu bilan bir vaqtda ma’yus, dono va sinchkov, koʻhna va joʻshqin, mamnun va iltifotli. Yoʻq, doʻstlarim, ularni tasvirlagani soʻz topolmayman. Kelinglar, yaxshisi, u haqida gapirib bera qolay, oʻzlaring tushunib olaverasizlar…
Lyusi oʻrnidan qoʻzgʻalmay, qoʻl uzatdi. «Yot kishi, — dedi u, — siz uchun xursandman».
Qoʻpol shimoli-gʻarb lahjasini bilasizlarmi? Qay ahvolga tushganimni faraz qilaveringlar. Men oq tanli ayol kishini uchratdim, lekin uning lahjasi… Dunyoning narigi burchagida oq tanli ayolga duch kelish ajoyib, biroq, Xudo xayringni bergur, uning lahjasi koʻngilni gʻash qilar, quloqni buzuq ohangdek batang qilardi. Baribir ayol jozibali edi. Quloq soling, oʻzlaring amin boʻlasizlar.
U ishora bergandi shu zahotiyoq hamma chiqib ketishdi. Hindular unga qabila boshligʻiga boʻysunganday soʻzsiz bosh egishardi. U erkak hindularga men uchun chodir tikishni va itlarimga gʻamxoʻrlik qilishni buyurdi. Buyruq bajo keltirildi. Ular hatto mokasinimning bogʻichiga ham qoʻl tekkizishmadi. Ular bu ayolda Itoat Etish Kerak Boʻlgan sardorni koʻrishardi. Bu yerlardan ming mil narida yovvoyilar qabilasini oq tanli ayol boshqarmoqda, degan oʻydan larzaga keldim.
«Yot kishi, — dedi u, — oʻylashimcha, siz bu vodiyga qadami yetgan ilk oq tanlisiz. O’tiring, gurunglashamiz, keyin esa taomga. Qayoqqa yoʻl oldingiz?»
Yana uning talaffuzi gʻashimga tega boshladi. Bunga e’tibor qilmanglar. Ishontirib aytamanki, parquv adyolga choʻkib, bu dilbar ayolga quloq bergancha oʻzim ham buni oʻylamay qoʻydim.
Bu vodiyda bir haftacha boʻldim. U yoqlarda qolishni uning oʻzi taklif etdi. It, chana va haydovchilarni va’da qildi. Uning chodiri boshqalarnikidan alohida, daryoning yuqori qirgʻogʻida boʻlib, bir nechta hindu qizlar uning xizmatida edi. Biz u bilan suhbatlashardik, tinmay suhbatlashardik, bu to birinchi qor tushib, chana yurgizishga imkon boʻlmaguncha davom etdi. Lyusining aytishicha, u chegarada tugʻilgan ekan, qashshoq koʻchmanchilar oilasida. Bilasizlarmi, ularning hayoti qanaqa: mehnat, mehnat, boshi-keti koʻrinmaydigan qora mehnat…
«Men olamning goʻzalligini payqamasdim, — soʻz boshladi Lyusi. — Bunga vaqtim yoʻq edi. Bilardim, u yonimda, kulbamiz atrofida, ammo non pishirishim, supurib-sidirishim, har xil yumushlarni bajarishim kerak edi. Gohida oʻlgudek erkinlikni istardim, ayniqsa, bahorda, qushlar navosi aqldan ozdirayozganda. Yaylovlarda oyoqlarim shabnamdan ivimaguncha yugurgim, oʻrmonga kirib, uzoq-uzoqlarga ketgim, dovonga chiqib, u yerdan olislarga tikilgim kelardi. Daralarda, koʻllar boʻyida sangʻishni, qunduzlar, olachipor gulmohilar bilan doʻstlashishni, olmaxonlar, quyonlar, turli jonivorlar orqasidan pisib borib, ularni kuzatishni, sir-asrorlaridan voqif boʻlishni xohlardim. Menga shunday tuyulardiki, garchi vaqtim boʻlganida ham maysalar ustida yotib, jonzotlar biz odamlar bilmagan narsalar haqida pichirlashayotganiga quloq solgan boʻlardim».
Trifden stakanini toʻldirmagunlaricha kutib turdi.
— Bir safar esa shunday degandi:
«Meni yovvoyi hayvonlardek oy nurida, yulduzlar hamrohligida tunlari daydish istagi qiynardi, zulmatning muzdek bahmali badanimni erkalashi uchun ortimga qaramay yugurgim kelardi. Qaysidir oqshom, ogʻir, jazirama kunduzdan soʻng — shu kuni nimaga qoʻl urmay, ishim yurishmadi — butunlay holdan toydim. Otamga ahyon-ahyonda tunlari sayr qilgim kelayotganini bildirdim. U ajablanib menga baqrayib turdi-da, ikki dona xapdori berdi va joyimga yotib, miriqib uxlab olishimni maslahat berdi. Shundan buyon oʻz istaklarimni birovga ishonmayman».
Ularning xoʻjaligi ogʻir ahvolga tushib, oila kambagʻallikka yuz tutdi va ular Sietlga koʻchib oʻtishdi. U yerda Lyusi ish kuni asrga tatigulik va mehnati ogʻir, tinkani quritadigan fabrikadan ish topdi. Bir yil oʻtib, arzon restoranga ofitsiant sifatida ishga kirdi.
«Azaldan, — dedi bir kuni menga Lyusi, — xayolparastroqman. Lekin qozon-tovogʻu fabrika va arzongarov restoranlarda xayolparastlikka oʻrin bor deb oʻylaysizmi?»
O’n sakkizga toʻlganda Junoda restoran ochmoqchi boʻlgan kishiga turmushga chiqdi. U kishining ozroq jamgʻarmasi boʻlib, Lyusiga boyvachchadek koʻringandi. Lyusi uni sevmasdi — buni doimo ta’kidlardi — ammo qiz charchagandi, mashaqqatli mehnat joniga tekkandi. Buning ustiga Juno Alyaskada joylashgan. Lyusi bu moʻjizaviy oʻlkaga koʻchib oʻtishga jon-dili bilan rozi boʻldi. Biroq umidlari sarobga aylandi. Eri arzon restoran ochdi. Tez orada Lyusi uning nima sababdan uylanganini anglab yetdi: maqsad — tekin xizmatkorga ega boʻlish ekan. Lyusi barcha yumushlarni — mijozlarga xizmat koʻrsatishdan tortib idish-tovoq yuvishgacha bir oʻzi bajarishiga toʻgʻri keldi. Qolaversa, kun boʻyi jiz-biz qilardi. Shu tarzda toʻrt yil yashadi.
Iflos qovoqxonaga bandi qilingan va naqd toʻrt yil mobaynida zahmat chekishga majbur boʻlgan bu yovvoyi, ibtidoiy sezgiga moyil, ozodlikka tashna oʻrmon mavjudotini koʻz oldingizga keltiraveringlar!
«Hammasi shunchalar ma’nisiz ediki, — dedi u. — Kimga kerak bunaqa hayot? Men nima uchun dunyoga keldim? Nahot yashashning ma’nosi ishlash, ishlash va yana ishlash boʻlsa? Yotganingda ham charchagan boʻlsang, uygonganingda ham charchoqni his qilsang, kunlar bir-biriga ikki tomchi suvdek oʻxshash boʻlsa, bundan nima naf?» Ba’zi riyokorlardan mangu hayot haqida eshitgan boʻlsa ham oʻzining yerdagi hayoti boqiylikning garovi boʻlishiga ishonmasdi.
Ideal hayot orzusi uni tinch qoʻymasdi. U bir qancha kitoblarni oʻqib chiqqan boʻlsa-da — aynan qaysilarini, bilmayman — «Dengiz boʻyi kutubxonasi» turkumidagi romanlar boʻlsa kerak, ular ham orzularini oziqlantirardi, xolos.
«Gohida, — derdi Lyusi, — oshxonadagi dim havodan boshim shunday aylanardiki, agar musaffo havodan bir sipqormasam, hushimdan ketayozardim. Derazada boshimni chiqarib, koʻzimni yumardim va tasavvurimda ajib manzaralar paydo boʻlardi. Shunday tuyulardiki, asta yurib ketyapman, atrofimda esa sukunat, ozodalik: na chang, na gʻubor. O’tloqlarda jilgʻalar shildirab oqadi, qoʻzichoqlar chopqillab yurishibdi, sabo gullarning muattar hidini barchaga ulashayapti, borliq quyosh nurlariga choʻmgan. Sigirlar tizzaboʻyi suvga tushib olishgan, soyda qizlar choʻmilishyapti, badanlari oppoq, nafis. Xayolimda Arkadiyadaman. Bu oʻlka haqida qaysidir kitobda oʻqigandim. Balki — orzu qilardim — yoʻlning muyulishida birdan sovutlari quyoshda yaltirayotgan ot mingan ritsar yoki qorday oppoq otda malika peshvoz chiqar. Nariroqda qandaydir qasrning minoralari gavdalanadi. Yoki keyingi burilishda nuqradek oppoq, favvorali afsonaviy saroyni koʻraman deb, oʻy surardim… Koʻzimni ochgach esa oshxonaning boʻgʻiq nafasi tagʻin yuzimga urilar, Jeykning, erimning ovozini eshitishga majbur edim: «Noʻxotni nega suzmayapsan? Kun boʻyi kutib oʻtiramanmi?» Sohir oʻy-orzular! Ehtimol, mast arman-oshpaz janjal koʻtarib, oshxona pichogʻini boʻynimga tiraganda, men esa temir hovoncha bilan boshiga tushirganimda, ammo undan avval qoʻlimni qizib turgan pechda kuydirib olganimda ularga hammadan koʻra yaqinroq turgandirman.
Men behalovat, quvnoq hayotni, chiroyli buyumlarni orzu qilardim… ammo xayolimga tez-tez shunday fikr kelardiki, peshonamga baxt bitilmagan, qismatim faqat pishir-kuydiru qozon-tovoq yuvishdan iborat. Ayni damda Junoda aysh-ishrat avjiga chiqqan. Boshqa ayollar oʻzlarini qanday tutayotganlarini koʻrdim, lekin ularning hayot tarzi zarracha boʻlsada meni oʻziga jalb eta olmadi. Men pok boʻlishni istardim; bilmadim, nima uchun. Idish-tovoq yuvib oʻlasanmi yo anov ayollardekmi — baribir emasmi?»
Trifden bir zumga ogʻziga talqon solib oldi, fikrini bir joyga toʻplamoqchiday edi.
— Ha, mana qanday ayolni uchratgandim: u yovvoyi hindular qabilasining sardori edi, bir necha ming kvadrat mil territoriyaga egalik qilardi. Bu osongina amalga oshgandi, garchi uning oʻziga qozon-tovoqlar ichida yashab, shu yerda rixlatga ketishdek tuyulsa-da.
«Isyon koʻtarish soati yetib kelgandi. O’sha kunlari soʻzlari haligacha yodimda boʻlgan gazeta parchasi qoʻlimga bexos tushib qoldi». U menga Toroning «Inson faryodi» kitobidan parcha keltirdi:
«Yosh qaragʻaylar joʻxorizorda yildan-yilga boʻy choʻzadi, bu men uchun quvonarli hol. Biz hindularni madaniylashtirishimiz lozim, deb aytamiz, lekin bu ularning hayotini oʻnglamaydi. Jangovor hamda mustaqilligicha qolib, oʻrmonda tanholikda kun koʻrayotgan hindu oʻzining Xudosi bilan aloqani yoʻqotmadi. Vaqti-vaqti bilan onda-sonda uchraydigan, oʻziga xos muloqot — tabiat-la tillashish baxti unga nasib etadi. Unga yulduzlar yaqinroq, bizning mayxonalarimiz esa begona. Qalbining oʻchmas nuri xira koʻrinadi, chunki u bizdan olislarda. U koʻzni qamashtiradigan, biroq zararli va uzoqqa bormaydigan sham alangasi bilan raqobatga kirishgan nursiz, ammo himmatli yulduzlar yogʻdusiga monand.
Qardoshlik orollari aholisining kunduz yorugʻida dunyoga kelgan ilohlari boʻlgan. Ammo ular tunda tugʻilgan Xudolarga nisbatan juda qadimiy emas…»
Lyusi bularni soʻzma-soʻz aytdi, jumlalar uning ogʻzidan shukuhli eshitilardi.
«Ana shunaqa. Qolgani yertib olingan ekan, — qoʻshimcha qildi Lyusi achchiq alam bilan. — Bu faqatgina gazeta parchasi edi, xolos. Toro — buyuk donishmand. U haqida koʻproq bilishni istardim».
Lyusi jimib qoldi, ont ichamanki, bir daqiqadan soʻng: «Men unga munosib umr yoʻldosh boʻlardim», — deganida uning yuzi goʻdaknikidek begʻubor edi.
Keyin, soʻzida davom etdi:
«Bu jumlalarni oʻqib boʻldimu menga nima boʻlganini anglab yetdim. Men tun farzandi edim. Umrim boʻyi kunduz bolalari orasida boʻldim, aslida esa zulmatga tegishli edim. Mana, ne bois bunday hayot — qozon kavlash, idish-tovoq orasida ivirsish koʻnglimga oʻtirishmaydi, mana ne bois oy shu’lasi ostida yalangʻoch boʻlib chopgim keladi. Junoning iflos mayxonalari men uchun emasligini tushunib yetgandim. Ana shunda oʻzimga-oʻzim: «Bas, yetar», — dedim, aftodahol ust-boshimni yechib, tashqariga chiqdim. Jeyk toʻxtatishga urindi.
— Nima qilmoqchisan?
— O’rmonga ketaman, oʻz makonimga.
— Hech qayoqqa ketmaysan, — yelkamdan tutib, ushlab qolmoqchi boʻldi. — Oshxonadagi haroratdan aqlingni yoʻqotibsan. Biror kulfatga yoʻliqmasingdan meni eshit.
Meni esa unga revolver oʻqtaldim, kichkina kolt-44 va: «Mana mening javobim», — dedimda joʻnab qoldim».
Trifden stakanni boʻshatib, yana quyishlarini soʻradi.
— Bilasizlarmi, keyin u nima qildi? U paytda yigirma ikki yoshda edi. La’nati toʻrt yilini oshxonada oʻtkazdi, endi esa barcha yoʻllar ochiq edi. Bu safar ishratxonaga borib oʻtirmadi. Toʻgʻridan-toʻgʻri sohilga. Menimcha, Alyaskada suv yoʻli bilan sayohat qilishni afzal koʻrishadi. Ayni shu damda hindular qayigʻi Dayiga joʻnayotgandi — bunday nusxadagi qayiqni koʻrgansizlar, yogʻochni oʻyib yasaladi, ensiz, chuqur, uzunasiga oltmish fut. Lyusi hindularga qoʻlidagi bor chaqani uzatib, qayiqqa oʻtirdi.
«Sohir xayolot? — dedi u. — Sohir xayolot ijobati ilk daqiqalardanoq boshlandi. Qayiqda mendan tashqari uchta oila ham bor edi. Qimirlashning iloji boʻlmasdi. Oyoq tagida it va bolakaylar oʻralashishar, qayiq oldinga siljishi uchun hamma birma-bir eshkak eshishi lozim edi. Ikki tomonimiz esa qorli togʻlar bilan oʻralgan, ulardan ham yuksakroqda bulutlar onda-sonda quyoshni yashirib turishadi. Sukunatni aytmaysizmi! Hayratomuz osoyishtalik! Ora-sira uzoq-uzoqlarga, daraxtlar orasidagi ovchilar qarorgohidan chiqayotgan tutun yuqoriga oʻrlaydi. Bu sayohat bogʻ sayrini eslatar, orzularim haqiqatga aylanishiga koʻz tika boshlagandim. Qandlaydir moʻ‘jiza yuz berishini kutardim va bu chindan-da roʻyobga chiqdi.
Oroldagi ilk qoʻnalgʻamiz, baliq ovlayotgan shumtakalar, hindulardan biri turgan joyidayoq paykon otib qulatgan bahaybat bugʻu! Hamma yoq gulga burkangan, qirgʻoqdan nariroqda oʻtlar odam boʻyi, qalin, dirkillab turibdi. Bir qancha qizlar bilan tepalikka chiqib, maymunjon va turfa xil ildizmevalar terdik, nordon, lekin xushxoʻr. Bir joyda meva bilan qorin toʻygʻazayotgan ulkan ayiqqa yoʻliqdik. U hurkib