Tun farzandi (2-bet)
ayiqqa yoʻliqdik. U hurkib ketib, boʻkirdi va bizga oʻxshab ura qochdi. Gulxan atrofidagi oʻyin-kulgi, bugʻu goʻshtining soʻlagingni oqizadigan hidi! G’aroyib! Nihoyat men oʻz qondoshlarim bilan birga edim, mening joyim ularning orasida edi. O’sha oqshom uyquga ketar ekanman, chodirning bir chetini koʻtarib, viqorli togʻlar ortidan jilmayib qarayotgan yulduzlarga tikildim, tunning shivir-shiviriga quloq soldim va umrimda ilk bora oʻzimni baxtiyor sezdim. Ertaga ham, uning ertasiga ham, umrbod shunday boʻlib qolishini bilib turardim. Ortga qaytmaslikka qaror qildim. Qaytmadim ham.
Xomxayollar! Bularning nima ekanligini ertasi kuni bildim. Biz eniga oʻn ikki-oʻn besh mildan kam boʻlmagan daryoning vahimali irmogʻidan suzib oʻtishimiz kerak edi. Irmoqning oʻrtasiga yetganimizda dovul koʻtarildi. Tunni qirgʻoqda katta boʻribosar bilan yolgʻiz oʻtkazdim, negaki biror kimsa tirik qolmagandi».
— Faraz qiling, — dedi Trifden hikoyasini toʻxtatib, — qayiq agʻdarilib choʻkib ketdi. Ichidagilarning barchasi halok boʻldi. Birgina Lyusi itning dumiga ilakishgancha qirgʻoqqa chiqib jon saqlab qoldi. Koʻzini ochganda jimitdek qumloq sayozlikda edi.
«Hayriyatki, bu orol boʻlib chiqdi, — dedi u. — Men oʻrmon oralab ichkariroqqa yuraverdim. Koʻrgan odam nimanidir axtaryapti, deb oʻylashi tayin edi. Asta qadam sanayverdim. Ichimda qoʻrquvdan asar ham topilmasdi. Axir, men tun farzandi edim. O’rmonning vahimasi meni qoʻrqitolmasdi. Orolga tushganimning ikkinchi kuni izlaganimni topdim. O’rmon ichidagi tor soʻqmoqda yarim vayrona kulbaga koʻzim tushdi. U anchadan beri huvillab yotgan koʻrinardi. Tom oʻpirilib tushgandi. Karavot ustidagi koʻrpa-yostiq chirib bitgan, oʻchoq yonidagi xum va qozonni is bosib ketgnandi. Eng qizigʻi hali oldinda edi. Daraxtlar orasidan nima topganimni xayolingizga ham keltirolmaysiz. U yerda qachonlardir daraxtga bogʻlangan sakkizta ot skeleti yotardi. Otlar, aftidan, ochdan oʻlgan, ulardan bir uyum suyak qolgandi, xolos. Har bir otning beliga xurjun ortilgan ekan, shekilli, suyaklar orasida kanop qopchiqlar ivirsib yotardi, bu qopchiqlarda esa bugʻu terililari, ularning ichida esa… siz oʻzingiz nima bor deb oʻylaysiz?»
Lyusi engashib qoraqaragʻay novdalari tagidan teri xurjunni oldi. Ogʻzini yechib umrimda koʻrmagan bir dunyo oltinni qoʻlimga toʻkdi: bu yerda katta miqdordagi oltin qum zarralari bor edi, rangidan sofligi va biron marta yuvilmaganligi bilinib turardi.
«Sen togʻ muhandisiman deding, — murojaat qildi menga Lyusi, — bu yurtni yaxshi bilarkansan. Mana shu rangdagi oltin olinadigan birorta soy nomini ayta olasanmi?»
Mum tishlab qoldim. Oltinga hech qanaqa kumush aralashtirilmagan, toza edi. Oltin sifatini Lyusiga aytdim.
«Toʻppa-toʻgʻri, — tasdiqladi, — men bir unsiyasini oʻn toʻqqiz dollardan pullayapman. Eldorado oltinlariga oʻn yettidan ortiq berishmaydi, asl bahosi esa oʻn sakkizga yaqin. Suyaklar orasidan sakkiz qop oltin topdim, har birida yuz ellik funtdan !»
— Chorak million dollor! — hayqirib yubordim.
— O’zimning xomchoʻtim boʻyicha ham shuncha. Mana sizga xayolot! Shuncha yil moldek ishladim, ozodlikning ta’mini tatib koʻrishim bilanoq — uch kun ichida bir dunyo sarguzasht! Bu oltinlarni qoʻlga kiritgan odamlarga nima boʻlgan ekan? Men tez-tez bu haqida bosh qotirardim. Yuk ortilgan otlarini daraxtga bogʻlab, yer yuzidan izsiz yoʻqolishgan. Ularning qismati nima bilan tugaganini birov bilmaydi, shunday ekan men, tun farzandi, oʻzimni ularning haqqoniy merosxoʻri xisoblayman».
Trifden sigara tutatib oʻyga choʻmdi.
— Bilasizlarmi, keyin u qanday yoʻl tutdi? U hamma boylikni yashirdi, faqatgina oʻttiz funt oltinni choʻntagiga joylab sohilga qarab ketdi. Sohilga yaqinroq joydan suzib oʻtayotgan qayiqni toʻxtatib, Dayidagi Pet Xili faktoriyasiga joʻnadi. Kerakli aslaha-anjom sotib olib, Chilkut dovonini oshib oʻtdi. Bu ming sakkiz yuz sakson sakkizinchi yili, Klondayk oltin koni ochilmasidan sakkiz yil avval, Yukon sohillari oʻlik sahroga evrilmasidan ilgari boʻlgandi. Lyusi hindulardan hayiqardi, shunday boʻlsa-da koʻlni suzib oʻtib, quyi Yukonda birinchi uchragan qoʻnalgʻa tomon daryo boʻylab pastga tushdi. Bir necha yil sargardon yurdi. Keyin esa biz uchrashgan joyga kelib oʻrnashdi. Bu joylar unga yoqib qoldi. O’zi aytganidek, bu maskanda «vodiy yuragida tizza boʻyi alvonrang gulsafsarlar orasida savlat toʻkib turgan erkak bugʻu»ni koʻrgandi. U hindular orasida yashab qoldi, ularga tabiblik qildi, ishonchga kirdi va asta-sekin ularga yoʻlboshchilik qila boshladi. Shundan beri faqat bir marta issiq oʻrnini tark etdi: yosh hindular guruhi bilan Chilkutdan oʻtib, yashirib qoʻygan oltinlarini kovlab oldi-da makoniga qaytdi.
«Mana, shu oʻlkada kunimni koʻryapman, yot kishi, — hikoyasini tamomladi Lyusi, — manavi esa mening eng bebaho xazinam».
Lyusi boʻyniga osib olgan bugʻu terisidan tikilgan nishonsimon xaltachani olib, uni ochdi. Ichidan yogʻ bosgan shoyiga oʻralgan, vaqt oʻtib sargʻaygan, yagʻiri chiqib ketgan, Toroning jumlalari yozilgan gazeta parchasini chiqardi.
— Xoʻsh, baxtlimisiz? Hayotingizdan mamnunmisiz? — soʻradim. — Chorak million dollar bilan Shtatlarda ham ishlamay yashashingiz mumkin. Sizga bu yerda koʻp narsa yetishmasa kerag-ov.
— Unchalik emas, — javob berdi Lyusi. — Men Shtatlardagi bironta ayol bilan oʻrin almashmasdim. Mening joyim shu yerda, oʻzimga oʻxshaganlar orasida. Toʻgʻri, shunday daqiqalar boʻladiki, — uning koʻzlarida yuqorida aytilgan nadomatni koʻrdim, — yonimda Toro boʻlishini astoydil xohlayman.
— Sabab?
— Unga turmushga chiqish uchun. Bora-bora oʻzimni yolgʻiz his qilyapman. Men ham ojizaman, oddiy ayolman. Boshqa toifadagi ayollar, xuddi men kabi uydan qochib ketib, hayratlanarli jasurliklar koʻrsatgan, masalan, askar yoki dengizchi boʻlgan ayollar toʻgʻrisidagi mish-mishlar qulogʻimga chalingan. Ular alomat ayollar. Ular erkakshoda ayollar, chin ma’nodagi ayol kishida boʻladigan ehtiyojga muhtoj emaslar. Ular muhabbat oʻtida yonmaydilar, bola koʻrishni xohlamaydilar. Men boʻlsam, aynan ushbu toifadanman. O’zingiz baho berib koʻring, nahot erkakka oʻxshasam?
Mutlaqo. U zigʻircha boʻlsa-da er kishiga oʻxshamasdi. U toʻlachadan kelgan, moviy koʻz, dilbar, qoramagʻiz ayol edi.
— Nahot men ayol kishi boʻlmasam? Ha, men ham boshqa ayollarga oʻxshayman. Shunisi gʻalatiki, tun farzandi boʻla turib, sevgiga kelganda oʻz-oʻzimga oʻxshamay qolyapman. O’ylashimcha, inson doimo oʻzi kabilarni sevadi. Menda ham shunday boʻldi.
— Nahot biron … — ogʻiz ochdim.
— Aslo, — gapimni boʻldi. Nigohlaridan bildimki, haqiqatni gapirayotgandi. — Bir martagina er qildim — endi uni xayollarimda «Hoʻkiz» deb atayman. U hozir ham Junodagi qovoqxonasida boʻlsa kerak. O’sha yoqlarga yoʻlingiz tushsa, yoʻqlab qoʻying. Uning men aytgan laqabga qanchalik loyiq ekanligiga oʻzingiz ishonch hosil qilasiz.
Ikki yil oʻtib «Hoʻkiz»ni izlab topdim. U chindanda Lyusi ta’riflagandek ekan. Boqibegʻam, baqaloq — haqiqiy hoʻkiz. U arang oyoq sudrab, oʻzining yemakxonasida mijozlariga yugirib-elardi.
— Yoningizda suyanch boʻlgani ayol kishining qoʻli yetishmas ekan, — dedim unga.
— Qachonlardir boʻlgan ham edi.
— Vafot etdimi?
— Ha, vafot etdi. U har doim oshxonaning boʻgʻiq havosi sabab aqlidan ozishini takrorlayverardi. Shunday ham boʻldi. Kunlarning birida menga revolver oʻqtaldi-da, sivashlar bilan qayiqda qochib ketdi. Dovul turib, hammasi suvga gʻarq boʻldi.
Trifden yana stakanni toʻlatib, anchagacha sukut saqladi.
— Xoʻsh, ayolga nima boʻldi? — esga soldi Milner. — Eng qiziq joyida toʻxtab qolding-ku. Keyin nima boʻldi?
— Keyinmi, — davom etdi Trifden, — keyin oʻzining aytishicha, boshqa hammasida yovvoyiligicha qolgan boʻlsa-da, turmush oʻrtogʻini oʻz irqidan boʻlishini istardi. U menga rafiqa boʻlishni xohlayotganini muloyimgina, roʻyrost tushuntirdi.
— Yot kishi, — dedi u, — koʻnglimdagi inson boʻlib chiqdingiz. Modomiki, kuzda Qoyatogʻni ishgʻol etib, bu yerlarga qadam ranjida etibsizmi, demak, bizning turmush tarzimiz sizga ma’qul ekan. Qarang, qandlay goʻzal joylar. Bundan yaxshisini topolmaysan. Shu yerlarda qolsangiz boʻlmaydimi? Men sadoqatli xotin boʻlaman.
U javobimni kutardi. Tan olishim kerakki, ichimda jon deb turardim. Men oshiq boʻlib qolgandim. Lek, koʻrib turganingizdek, boʻydoqman. Ortimga oʻgirilib, aytishim mumkinki, Lyusi meni oʻziga rom eta olgan yagona ayol edi. Biroq boʻlib oʻtgan voqealar menga oʻta bema’ni tuyuldi. Suyukli ayolim bor, deya jentlmenlardek qulogʻiga lagʻmon ildim.
— U seni kutayaptimi? — soʻradi Lyusi.
— Boʻlmasamchi.
— Seni sevadimi?
— Sevganda qandoq.
Shu bilan hammasi tugadi. Lyusi qaytib bu mavzuga toʻxtalmadi… faqat bir safargina… ichidagi toʻfonni ushlab turolmadi.
— Birgina qosh qoqsam boʻlgani, — dedi rahnamo, — sen bir qadamga-da joyingdan jilolmaysan… Ha, bir ogʻiz soʻzim kifoya — bu yerda umrbod qolib ketasan. Yoʻq. Men bunday qilmayman. Agar sen xohlamas ekansan, seni ushlab turolmayman. Mening muhabbatim ham senga kerak emas ekan.
Lyusi chodirdan chiqib, yoʻlga otlanishimga koʻmaklashishlarini amr etdi.
— Joʻnab ketayotganing yuragimga oʻt solyapti, — dedi u vidolashayotib. — Seni sevib qoldim. Agar fikringni oʻzgartirsang, yonimga qayt.
Men uni oʻpgim kelardi, axir, men uning ishqida yonardim, biroq yuragim betlamasdi. Keyin, bunga qanday qaraydi, bilmayman. Uning oʻzi yordamga keldi.
— Mendan boʻsa ol, — dedi u, — boʻsa ol, keyin eslab yurish uchun.
Biz Qoyatogʻ etagidagi qorli vodiy bagʻrida ogʻiz-burun urishtirdik. Lyusini yoʻl chetida qoldirib, itlarim izidan chopib ketdim. Dovonni ishgʻol etib, Katta Bandikoʻldagi ilk uchragan postga yetib kelgunimcha bir yarim oy muddat kerak boʻldi.
Deraza ortidagi shahar olislardagi toʻlqinlardek shovullardi. Ofitsiant naychali stakan keltirdi. Jimjitlikda Trifdenning ovozi dafn qoʻngʻirogʻidek ingradi:
— O’sha yoqlarda qolganimda yaxshi boʻlarmidi. Ahvolimga qaranglar.
Biz uning oq oralagan soqol-moʻyloviga, yaltirboshiga, salqigan koʻzlariga, osilgan lunjlariga, baqbaqalariga nazar tashladik. Bu siyrat qachonlardir kuchli, zuvalasi pishiq, sobitqadam boʻlgan, endilikda esa nihoyatda zerikarli va farovon turmushdan moy bogʻlagan, hayotdan toʻygan, sharti ketib, parti qolgan insonning in’ikosi edi.
— Hali ham kech emas, qariya, — Barduelning tovushi bazoʻr eshitildi.
— Xudo haqqi, qoʻrqoqligimdan afsus chekaman! — Trifdenning nidosi otilib chiqdi. — Uning yoniga qaytsam boʻlardi. Hozir ham oʻsha yerda. Men bel bogʻlab, togʻu-toshlarda u bilan boshqacha hayot kechirishim mumkin edi… Bu maskanlarda qolish — oʻz joniga qasd qilish bilan barobar! Lekin ahvolimga razm solinglar: oʻzim bor-yoʻgʻi qirq yettida boʻlsam-da munkillagan choldan farqim qolmagan. Eng yomoni shundaki, — stakanni qoʻliga olib, unga tikildi, — bunday tarzda oʻz joniga suiqasd qilish jasorat talab qilmaydi. Men oʻzboshimchaligimcha qoldim. Olis safar oʻyidan etim jimirlaydi; tonggi ayoz, muz qoplagan chanalar dahshatidan yuragim orqaga tortadi.
Odatdagidek stakanning peshonasini labiga olib bordi. Keyin birdan gʻazab olovida stakanni polga urib chilparchin qiladigandek taraddudlandi. Ammo gʻazab oʻrnini avvaliga ikkilanish, soʻng oʻychanlik egalladi. Stakan boz koʻtarilib, labga tegar-tegmas tosh qotdi. Trifden xirillab, hasrat-la jilmaydi, biroq soʻzlari tantanavor yangradi:
— Tun Farzandi uchun qadah koʻtaraylik! U chinakamiga benazir ayol edi!