Oshkora qotillik qissasi (qissa)
Gabriel Garsia Markes
Oshkora qotillik qissasi (qissa)
Oʻsha qotillik yuz bergan kuni Sant'yago Nasar, tonggi kemada kelayotgan yepiskop hazratga peshvoz chiqish niyatida, ertalabki soat besh yarimda uygʻondi. Uygʻonishdan avval tush koʻrdi: anjirzordan oʻtib borayotganmish, sevalab ohista yomgʻir yogʻayotganmish, mana shunday xushsaodat roʻyo muddatida u birmuncha oʻzini baxtiyor his qildi, ammo koʻzini ochib, boshiga bexosdan qush axlati sochilganday, ta’bi tirriq boʻldi. Oradan yigirma yetti yil oʻtgach, uning onasi Plasida Linero oʻsha mash’um va musibatli dushanbani batafsil xotirlarkan: «U tushida koʻpincha daraxtlarni koʻrardi», dedi menga. «Oʻlimidan bir hafta oldin ham tush koʻrgandi, aytishicha, yakka oʻzi koʻrgʻoshin qogʻozdan yasalgan samolyotda uchganmish, uchoq bodomzorlar aro parvoz qilarmishu qanotlari birortayam daraxtga urilmasmish», qoʻshib qoʻydi u yana. Plasida Linero oʻzgalar tushiga darrov ta’bir aytguvchi, muabbirlikda ustasi farang ayol edi, lekin u oʻz oʻgʻlining qandaydir daraxtlarga bogʻliq tushlarida ham, oʻldirilgan kuni va undan bir hafta avval koʻrgan tushida xam hech bir yomon alomatni sezmagandi.
Sant'yago Nasarning oʻziyam falokat belgisini tuymagandi. U asli kamuyqu, kiyimlarini yechmay yotar edi, yomon uxlardi; ertalab boshi ogʻrib turardi, ichida it oʻlganday ogʻzidan biram koʻlansa hid kelar ediki, koʻngli aynib, toʻyda yarim kechagacha ichishning jazosi shu-da, deya oʻzini koyib koʻyardi. Uning ertalab oltidan besh daqiqa oʻtganda uyidan chiqqanini va rosa bir soat keyin choʻchqaday chavaqlab tashlagunigacha koʻrgan barcha kishilarning eslashicha, u oʻshanda, yuz-koʻzidan hali uyqusi oʻchmagan esa-da, vaqti chogʻ odimlab borarkan, duch kelganlarga bugungi kun ochiq boʻladi, deya ta’kidlayvergan. Biroq shohidlarning birortasi ham bu gapning ob-havoga nechogʻli aloqadorligini aniq, beishtiboh aytib berolmadi. Ularning ba’zisi, quyoshli kun edi, dengiz tarafdagi bananzorlardan yengil shabada esayotgandi, deyishsa, ba’zilari aksincha osmon tund, past, qorongʻi, rasvo kun edi, havodan achigan suv hidi anqirdi, baxtsizlik roʻy bergan mahalda esa, ayni Sant'yago Nasar tushida koʻrgan yomgʻirga oʻxshab maydalab yomgʻir yogʻardi, deb tasdiqlashdi.
Men ham oʻsha kuni toʻyda tongotar maishatbozlik qilib, mastu mustagʻriq boʻlib, ishqu ishrat ilohasi Mariya Alexandrina Servantes xonadonida koʻzim ilingan ekan, basma-basiga chalingan jom sadolaridan uygʻonarkanman, bu mahobatli sadolar yepiskop hazrat sharafiga yangrayapti, deya oʻyladim.
Sant'yago Nasar oʻsha kuni saharda oq surpdan tikilgan bayramlik shimini kiydi, koʻylagini egniga ildi, bu liboslar ham kecha toʻyga kiygan ust-boshi kabi ohorlanmagan edi. Illo, yepiskop hazratning tashrifi boʻlmaganda, u odatdagiday haqi guli rangidagi koʻylak-shimini, suvoriy etigini kiyardi. U har dushanbada, shunday qiyofada Divano Rostro — Tangri tal’at makonidagi otameros qoʻrgʻoniga joʻnardi. Qoʻrgʻonda otasidan qolgan molxona bor edi, bu mulkdan aytarli foyda koʻrmasa-da, Sant'yago Nasar mol-holiga yaxshi qarardi. Togʻdagi yaylovga borsa, «magnum-357» toʻpponchasini beliga qistirib olardi, oʻzining aytishicha, agar toʻpponchaning ogʻir poʻlat oʻqi otga tegsa, miyasining qatigʻini chikarib yuborardi. Kaklik ovi mavsumida u lochinotar miltigʻini ham olib yurardi. Bundan tashqari, javonida «malinxer-shyonauer-30.06», «xolland-magnum-300», «xornet-22» kabi nishondori qoʻshdurbinli beshotarlari, koʻpoʻkli «vinchester»i saqlanardi. U, otasiga oʻxshab, yostigʻi ostiga toʻpponchasini qoʻyib uxlardi; oʻsha kuni, uydan chiqishidan avval, toʻpponchadan oʻqlarni sugʻurib olib, qurolni karavoti yonidagi javonchaga tashlab koʻygan. Onasi menga: «U kurolini hech mahal oʻqlangancha qoldirmasdi, dedi. Men buni bilardim. Shu bilan birga uning toʻpponchani alohida bir joyida, oʻqlarni boshqa yerda asrashi, biror falokat bosmasin, deya shunday qilishi ham menga ayon edi. Bu oqilona tadbir ham unga otameros edi: bir kuni xizmatkor xotin oʻrinni yigʻayotib, yostiqni koʻtarganda, toʻpponcha pastga tushib, yerga tegishi bilanoq varanglab otilib ketgan, oʻq xonadagi kiyim-kechak javonini tors yorib, devorni teshib oʻtgan-da, chiyillaganicha qoʻshnining oshxonasi osha borib cherkov maydonidagi sarmehrobda turgan odam boʻyi keladigan avliyoning boʻrdan yasalgan haykaliga tekkan va changini chiqarib yuborgan. Sant'yago Nasar hali u zamonlar yosh bola edi, ammo mana shu voqea unga katta saboq boʻlgan.
Onasining eslashicha, oʻgʻli oʻsha kuni uning yotogʻidan shoshib vannaxonaga oʻtgan va ana shu holat volida yodida soʻnggi xotira kabi muhrlanib qolgan. U vannaxonadagi doriqutichadan boshogʻriq dori qidirib paypaslanarkan, sharpadan onasi uygʻonib ketgan. U chiroqni yoqarkan, bir qoʻlida suvli stakan tutib, dori ichmoqqa taraddudlanib, eshik yonida turgan oʻgʻlini koʻrgan — bu holatni onaizor bir umr soʻzlab-boʻzlab yurdi. Xuddi ana oʻshanda Sant'yago Nasar unga koʻrgan tushini aytgan, biroq onasi daraxtlar xususidagi iboraga e’tibor bermagan.
— Tushda qushlarni koʻrsang, 6u faqat yaxshilik alomatidir, — deya ta’kidladi u menga ham.
Men Sant'yago Nasar fojeasi va unga bogʻliq siniq xotirotning chil-chil parchalarini topib, qaytadan butlash niyatida yana oʻsha matlub va unut goʻshaga kelganim-da, Plasida Linero ancha qarib, umr shami pirpirab qolgan, jigarbandiii soʻng bor koʻrgan toʻrbelanchakda ohista tebranib yotar edi. U kuppa-kunduzi ham odamzot qiyofasini elas-elas ilgʻardi; ensasiga dorivor giyoh barglari hoʻllab yopishtirilgandi — oʻgʻlini oxirgi bor koʻrganiga oid musibatli xotira boshini muttasil ogʻriydigan qilib koʻygandi. Ayol toʻrbelanchak boshidagi arqon tutqichni ushlaganicha yonboshlab yotardi, sharpamni sezgan zahoti oʻrnidan qimirlab, turmoqka urindi; iimqorongʻi xonadan chaqaloq choʻqintiriladigai jomda qolgan oqava suv hidi anqirdi, bu badboʻy oʻsha qotillik roʻy bergan kuni tongda ham menga qattiq ta’sir qilgandi.
Meni ostonada koʻrgani hamon ayol Sant'yagoni yodga oldi. «Bolaginam xuddi shu joyda, shunday holatda turgandi oʻshanda, — dedi. — Egniga yuvilgan, ammo ohorlanmagan oq surp kostyum kiygandi, terisi nozik edi, ohorlangan libosni xush koʻrmasdi». Ayol zanjabil dorisini shimigancha, xayolxonasiga kirib kelgan oʻgʻlining ketib qolishini istamaganday, toʻrbelanchakda uzoq muddat oʻy surib oʻtirdi. Keyin diltang xoʻrsinib: «U hayotimning yolgʻiz shamchirogʻi, birdan-bir tayanchim edi», dedi.
Sant'yago Nasar onasining yodida azobu baxtsizlik suvrati kabi saqlanib qolganini tasavvur etdim. Yanvarning oxirgi haftasida yigirma birga toʻlgan bu xushqad, bir oz rangpar, qosh-qovogʻiyu jingalak sochlari ayni arabiy yigit quyib qoʻyganday otasiga oʻxshar edi. Yolgʻiz oʻgʻil Sant'yago Nasarning otaonasi moliyaviy hisob-kitob rishtalarini mustahkamlash niyatida turmush qurishgan, bu yorugʻ dunyoda badbaxtlik va koribad soyasidan boshlari chiqmagan kimsalar edi; biroq boshida otasi borligidan gʻururlanar, oʻzini xushbaxt sanardi. Otasi uch yil avval toʻsatdan qazo qilgan va onasi bilan soʻppayib qolgach ham mash’um roʻzi dushanbada oʻldirilgunga qadar ham u saodat nashidasini surib yurgan edi. Onasining nozikfahmliligi unga ham yuqqandi; otasi esa, unga bolaligidanoq miltiq otishni, chavandozlikni, shikor qushlari bilan ov qilishni, eng muhimi, mardlik va jasurlikni oʻrgatgandi. Ota-bola oʻzlaricha arab tilida soʻzlashishar, Plasida Linero yonlarida turganda suhbatdan u ham bebahra qolmasin deya ispanchada gapla-shar edilar. Bu atrofda ularning qurol koʻtarib yurganini faqat bir gal lochin bilan ovlangan qushlarni olomonga koʻz-koʻzlash uchun xayriya bozoriga olib kelishganini aytmasa biron jonzot koʻrmagan. Otasining oʻlimi Sant'yago Nasarning oʻrta maktabni tugatib, oʻqishni davom ettirishiga yoʻl qoʻymadi va qoʻrgʻondagi mol-holga qarashga majbur boʻldi. U tabiatan koʻngli ochiq, quvnoq, xushfe’l yigit edi.
Oʻsha mash’um kun onasi oʻgʻlinipg boshdan-oyoq oppoq kiyinganini koʻrib, bugun dushanbamas-ku, bolaginam kunni adashtiribdi-da, deb oʻylagan. «Bugun dushanba emas, deb eslatdim ham», dedi menga. Shunda u bayramlik liboslarini yepiskop tashrifi munosabati bilan kiyganini, xudo xohlasa, hazratga yukunib, uzugini oʻpishga muyassar boʻlish ehtimol borligini aytgan. Bu gap onasining gʻashiga tegib:
— U kemadan pastga tushmaydi, ovora boʻlma, — degan ona oʻgʻliga, — hamishagiday, kema sahnida turgan koʻyi somelarni duo qiladi-da, yana kelgan joyiga joʻnab ketadi. U zot shahrimizni yomon koʻradi.
Sant'yago Nasar onasining gapi toʻgʻriligini bilardi, ammo cherkovning tantanali marosimi, olomonning shov-shuvli taraddudi aqlu hushini oʻgʻirlab qoʻygandi. «Xuddi kinodagiga oʻxshaydi», degan edi u menga oʻshanda. Yepiskopning tashrifi ham, xaloyiqning ommaviy ibodati ham onani qiziqtirmas, faqat oʻgʻlining ertalab yupun kiyinib koʻchaga chiqqaniyu shamollab qolishidan choʻchirdi: oʻgʻli kechasi uxlab yotganda aksa urganday tuyulgandi unga. Bolam, soyaboningni ol, deganda ham beparvo qoʻl siltab, xonadan chiqib ketavergandi. Oʻgʻlini oʻshanda soʻnggi bor koʻrib turishi edi.
Oshpaz xotin Viktoriya Gusmanning tasdiqlashicha, oʻsha kuniyam, butun fevral' oyidayam yomgʻir yogʻmagan. «Aksincha boʻlgandi, — dedi u bir gal, oʻlimidan sal avval yoʻqlab borganimda, — erta tongdanoq — oq quyosh qizdirar, kunlar xuddi avgustdagiday issiq edi». Sant'yago Nasar oshxonaga kirganda, u tushlikka pishirgani uchta quyonning goʻshtini nimtalar, atrofida ochofat itlar soʻlagini oqizganicha aylanishar edi. «Ertalablari uning afti tunda koʻz yummagan kishining yuziday horgʻin boʻlardi», esladi Viktoriya Gusman yigitga hamon nafrati borligini yashirmasdan. Uning qizi Divina Flor — Jannat Guli, endi-endi ochila boshlagan gulgʻunchaday qiz — shakarsiz qahvaga rom qoʻshib, banddor piyolada Sant'yago Nasarga uzatdi. Odatda u har dushanbada bu ishni takrorlar, romli qahva yigitning kechagi ichkilikvozlikdan boʻshashib, kuchsizlayagan jismu joniga mador bagʻishlar edi. Oshxonadagi katta oʻchoqda alanga chirsillab-shivirlar, baland qoʻnoqda tovuqlar hamon mudrashar, qisqasi, odatiy sirli hayot davom etardi. Sant'yago Nasar yana bir dona boshogʻriq dorini yutib, qahvani maydalab icharkan, oʻy surgan koʻyi, toshtaxtada quyonning ichak-chavagʻini tozalayotgan ikkita jonondan koʻz uzmay oʻtirardi. Viktoriya Gusman, yoshi oʻtinqiragan boʻlsa-da, hamon dilbar edi. Qiz bir muncha gʻoʻr va oʻjar koʻrinar, yoshlik ehtirosi va jununi koʻpirib turgan qoni tomirlariga sigʻmay joʻshib, rangiga urib, nafasini siqib qoʻyayotganday tuyulardi. Qahvadan boʻshagan idishni olgani kelganda, Sant'yago Nasar uning qaynoq bilagidan mahkam tutib:
— Seni ayni jilovlab, minadigan payt keldi-da! — dedi qizga zinokor nigohini tikib.
Viktoriya Gusman unga qon yuqi pichoqni oʻqtalib:
— Qoʻyvor uni, yaramas oʻlgur! — dedi xoʻmrayib. — Koʻzim ochiq ekan, bu buloqqa tumshugʻingni tekkizolmaysan!
Ibrohim Nasar, Sant'yagoning otasi, Viktoriya Gusmanni qizlik mahalida avrab, buzib qoʻygandi. Qoʻrgʻondagi otxonada u bilan bir necha yil yashirincha uchrashib, ayshini surib yurdi va ishqi susayib, hovridan tushgach, uyiga xizmatkorlikka oldi. Divina Flor Viktoriyaning soʻnggi jazmanlaridan orttirgan tanho zuryodi edi. Qiz ham Sant'yago Nasar uni bir kunmas-bir kun bagʻriga bosishini, qismati qon yigʻlaydigan koʻrpa aynan shu goʻshada toʻshalajagini oldindan sezib yurar, koʻnglida oʻshanday sirli kechani istovchi mayl uygʻongan edi. Keyinroq uni koʻrganimda, oʻynashlaridan orttirgan bolalari oʻrtasida semizlikdan pishillab, gʻamgin oʻtirardi, u menga: «Vodarigʻ, endi unday yigitni bu dunyo qayta koʻrmaydi!» dedi. Onasi Viktoriya Gusman esa gapini boʻlib: «Yashshamagur otasining quyib qoʻyganday oʻzi edi, rasvoi raddibalo edi!» dedi. U, quyonning hovuri koʻtarilib turgan ichak-chavagʻini shartta sugʻurib olib, itga tagalaganida, Sant'yago Nasarning qattiq qoʻrqqanini eslarkan, ovozi titrab ketdi.
— Koʻpam vaxshiy boʻlma, — degandi u juvonga. — Tanangga bir oʻylab koʻr: shu quyonmas odam boʻlsa, nima qilarding?!
Himoyatsiz darrandayu parrandalarni ovlab, oʻldirib yurgan yigitning noxos hayajonga tushganini anglaguncha Viktoriya Gusmanning umridan yigirma yil oʻtdi. «Yo rab! — dedi oʻshanda vahimadan titrab. — Nahotki, u alomati gʻayb, ajal elchisining daragi boʻlgan edi!» Inchunun, qotillik roʻy bergan oʻsha tongda, oshpaz xotin azbaroyi gʻazablanganidan Sant'yago Nasarning nonushtasini zaharga aylantirish uchun quyonlarning qonli ichak-chavagʻini yulib-yulqib, itlarga basma-bas otavergan. Alalxusus, yepiskop tushgan kemaning bandargoh tomondan quloqni qomatga keltirib ovozi eshitilgach, butun shahar uygʻonguncha ahvol shunday edi.
Nasarlarning uyi avval ikki qavatli omborxona boʻlib, devori randalanmagan taxtalardan tiklangan, tomi ikki tarafi nishob, ruxlanmagan tunuka bilan yopilgan, tom tepasidagi kaptarxonada xudoning yaratgan kuni oʻlimtikxoʻr quzgʻunlar gʻujgʻon oʻynab, bandargohda yigʻnalgan axlatning toʻqilishini kutib yotishar edi. Imorat ancha eski zamonlarda, daryoda kemalar bemalol suzadigan, dengiz qayiqlari ham botqoq oʻzanni bexavotir aylanib oʻtib, shaharchaga kira oladigan paytlarda tiklangan edi. Navbatdagi ichki urushlardan biri tugaganda, arablarning soʻnggi bir guruhi safida bu makonga Ibrohim Nasar ham boshi oqib kelib qolgan, daryo oʻzanini oʻzgartirib, kemalar dengizdan bandargohga yoʻnalmay qoʻyganidan omborxonalar keraksiz makonga aylangan edi. Ibrohim Nasar imoratni suv tekinga xarid qildi, asli bu yerda xorijiy mollar sotiladigan doʻkon ochmoqni oʻylagandi, afsuski, niyati amalga oshmadi. Uylanish taraddudiga tushgach, uyoq-buyogʻini tuzatib-bezatib, omborxonani uy qilib oldi. Pastki qavat mehmonxona boʻldi, uy orqasiga esa, toʻrtta otga moʻljallangan otxona va xizmatkorlar yashaydigan kulba, shuningdek, derazasi doimo koʻlmak suv hidi kelib turadigan bandargoh tarafga qaratib oshxona qurildi. Qaysidir bir halokatga uchragan kemadan yodgor qolgan aylanma zinagina ta’mir etilmadi, imoratning boshqa hamma joyiga Ibrohim Nasar qoʻl urib chiqdi. Avval bojxona mahkamasi boʻlgan ikkinchi qavatni ikkita yotoqxonaga, tugʻilajak bir gala bolalariga moʻljallangan beshta kichik-kichik xonalarga aylantirdi. Bundan tashqari, pastda — maydonda oʻsgan bodom daraxtlarning naq ustida qad kergan yogʻoch peshayvonni ham oʻzi tikladi; eridan ajralib yolgʻiz qolgan Plasida Linero mart oqshomlarida, judolik alamini yengillatish dardida, xuddi shu peshayvonga chiqib oʻtirardi. Ibrohim Nasar binoning kungay tomonidagi koʻcha eshikni tuzatib, ikkita oyna solinadigan koʻz yasattirdi va girdini oʻymagul soldirib bezatdi. U imorat ortidagi yoʻlakni ham avvalgi holicha qoldirgan, faqat eshik peshburunini sal yuqori koʻtarib, otliq odam oʻta olishiga moslagan, hatto eski langargohdan ham foydalanish yoʻlini topib qoʻygan edi. Xullasi kalom, asosan orqa eshikdan yurilardi: u orqali oshxonagayam, molxonagayam chiqilar, eng muhimi, maydonni kesib oʻtilmasada, yangi bandargohga chiqish mumkin edi. Koʻcha eshik bayram kunlarigina ochilardi, boshqa paytda mudom tambalangan boʻlardi. Shunga qaramay, Sant'yago Nasarni oʻldirmoqqa chogʻlangan qotillar serqatnov orqa eshik yonida emas, aynan shu koʻcha eshik roʻparasida uni poylashgan, ajal yetaklaganmi, bilmadim, u ham yoʻl aylanmaligini bila turib, xuddi shu koʻcha eshikdan yepiskopni kutishga oshiqqan. Shundayin mash’um, ayqash-uyqash voqealar roʻy berganki, eshitgan har qanaqa odamning aqli shoshib qoladi. Rioachidan yetib kelgan tergovchi, aftidan, biror narsani sezgan shekilli, oʻsha falokatli va uyqash hodisalarga rasman e’tibor qilmaganday tuyulsa-da, ularni oʻzicha sharhlashga, tafsir etishga uringani tergovnomadagi ba’zi sahifalardan ochiq-oydin koʻrinib turardi. Guvohlar maydon yoqqa ochiladigan koʻcha eshikni eslagan mahalda tergovchi bu tafsilotga alohida urgʻu berib, xuddi oldi-qochdi asarlardagi kabi «mash’um eshik» degan iborani yozib qoʻygan. Aslida esa, bu ajib tafsilotga oid birdan-bir toʻgʻri va diqqatga molik gapni tergovchining savollariga javob berayotib, Plasida Linero aytgan: «Mening oʻgʻlim bayramlik kiyimini kiyganda, hech qachon koʻchaga orqa eshikdan chiqmagan», degan u chin onalik shahodati bilan. Bu dalolat shu qadar sodda va joʻn ediki, tergovchi uni hoshiyaga yozib qoʻya qolgan, sud ishi hujjatlariga kiritmagan.
Viktoriya Gusman soʻrokda: oʻlaman sattor, hech narsani bilmayman, men ham, qizim ham Sant'yago Nasarni oʻldirish niyatida kimlardir poylayotganidan mutlaqo bexabar edik, deya sarkashlik qildi. Biroq u, yillar oʻtgach, yigit oshxonaga qahva ichgani kirishidan avvalroq uning joniga qasd etilganidan oʻzi ham, qizi ham xabardor boʻlganini tan olib gapirdi. Ertalab soat beshlarda sut soʻrab kirgan bir xotin ularga bor gapni, suiqasd sababini va sallohlar uni qayerda kutib turishganini aytgan. Viktoriya Gusman menga: «Bu shov-shuv mast-alastlarning aljirashidir-da, deya oʻylab, unga aytib oʻtirmagandim», dedi. Divina Flor esa, uni onasi oʻlganidan keyin yoʻqlab borganimda, tong qolarli haqiqatni aytdi: «Onam koʻnglida Sant'yago Nasarning oʻlimini tilaganim uchun ham suiqasdchilar poylayotgani xususida menga ogʻiz ochmagan». Oʻshanda Divina Flor harqalay yosh, diydasi qotmagan bir qiz edi, buning ustiga, azbaroyi qoʻrqib ketganidan oʻzicha biror tadbir koʻrishga aqli yetmagan; yigit qoʻlidan ushalaganda esa, battar vahimaga tushgan va tasavvurida uning qoʻllari murdanikiday sovuq, toshday qattiq tuyulgan.
Tong gʻira-shirasida, yepiskop kelayotgan kema gurillab ovoz berayotgan chokda, Sant'yago Nasar katta-katta odimlab uyidan chiqqan. Divina Flor eshikni ochiga niyatida oldinga chopgan; uni yonlab oʻtaman deb, oshxonadagi qush qafaslariga urila-surila, chetandan toʻqilgan jihozlar va qirqquloq butalari oralab koʻcha engak tomon oshiqqan, ammo loʻkidonni tushirishi bilanoq Sant'yago Nasar qizning yoniga yetib kelgan va u qirgʻiy panjasida qolgan. «Badanimni xamirday ezgʻilab tashladi, — dedi menga Divina Flor. — Koʻpincha u meni xilvatda yolgʻiz tutib, bagʻriga bosib, ezgʻilagani-ezgʻilagan edi; lekin oʻsha kuni avvalgiday hadiksiramasdim, bezillamasdim, balki dahshat vahmidan boʻzlagim kelardi». Qiz uning bagʻridan boʻshalib, nari surilib, ochiq eshikdan uni oʻtkazib yubordi va tashqarida, maydonda qorday oppoq gullagan, sahar yogʻdulari aro shaffof porlab turgan bodom daraxtlariga koʻzi tushdi, kamoli hayajonlanganidan boshka yoqqa nazar solishga madori yetmadi. «Oʻshanda kemaning tovushi tinib, xoʻrozlar qichqira boshlagandi, — davom etdi Divina Flor. — Xoʻrozlar ovozi shunday kuchli, quloqni kar qilgudek shovqinli ediki, shahrimizda parranda shunchalik koʻpligini aqlimga sigʻdirolmay, bu xoʻrozlar yepiskop bilan kemada olib kelingandir, deb oʻyladim». Guvoh Plasida Lineroning yozgʻirishicha, oqsoch qiz oʻziga hech qachon nasib etmaydigan bu yigitga qilishi lozim boʻlgan birdan-bir yaxshilik — loʻkidonni solmay, eshikni ochiq qoldirish edi; shunda u, asqotgan taqdirda, darrov uyga kirib, xavfdan qutular edi. Noma’lum kimsa — uning shaxsini aniqlay olishmagan — ostonaga xat tashlab ketgan, unda Sant'yago Nasarni suiqasddan boxabar etilib,uni kimlar, qachon va qayerda oʻldirmoqchiligi batafsil koʻrsatilgan. Sant'yago Nasar uydan chiqayotganda ham maktub yerda yotgan, ammo yigit payqamagan; unga Divina Florning ham koʻzi tushmagan, umuman, xatga hech zot e’tibor bermagan, odamkushlik amalga oshirilgach, anchadan keyingina uni koʻrishgan.
Soat olti, koʻchalarda chiroqlar hamon yoniq. Bodom gaoxlarida, ba’zi uylar peshayvonida toʻy munosabati bilan osilgan, rangin qogʻozlardan yasalgan gulchambarlar sollanadi, dabdurustdan koʻrgan kishi gulchambarlarni yepiskop sharafiga osilibdi, deb oʻylashi mumkin. Ibodatxona ayvoniga tutash, toʻrtburchak tosh yotqizilgan maydon sahnida mashshoqlarga moʻljallab taxtasupa yasalgandi, supa kechagi olomon sayldan keyin boʻsh shishalaru turli nishxoʻrd — chiqindiga toʻla axlatxonaga aylangandi. Sant'yago Nasar koʻchaga chiqqanda, kema ovozini eshitib, bir necha kishi bandargoh tomon chopib ketayotgandi.
Maydondagi barcha mahkamalaru uylarning eshigi berk, faqat cherkov yaqinidagi sut doʻkonigina ochiq, Sant'yago Nasarni soʻyishga qasd