Agar oʻgʻil boʻlsa (hikoya)
Temirtosh Jayhun - Agar oʻgʻil boʻlsa (hikoya)
Qirqqa kirib qoldingiz, axir,— dedi zarda bilan xotinim.— Bundoq oʻzingiz haqida oʻylab, chekishni tashlasangiz boʻlardi. Bu zararli-ku!..— Shunday deb toʻngʻillagancha yonboshga oʻgirilib oldi.
Qancha vaqt oʻtganiykin? Avval stulga yastanib oʻtirdim-da, oyogʻimni deraza tokchasiga uzatdim. Keyin gazetani ochdim — qachon, qay tarzda mizgʻiy qolibman? YOZNI betoqatlik bilan kuta-kuta toqatimiz toq boʻlgandi, xuddi mazax qilganday ertalab yana havo aynidi-qoldi.
— Yoʻq, jonginam! Shunchaki sovqotibman. Oyogʻimni ushlagin, naq muz-a. Sovqotdim!
Xotinim uxlolmay, u yoqdan-bu yoqqa agʻdarilganidan prujinalar gʻijirlardi. U jahl bilan teskari qarab, devorga oʻgirilib gʻujanak boʻlib yotib olgandi.
— Sovqotdim, muzlab qoldimmish, voy, tavba-ey! Tamakining kasofatimasmi? Hammasi, yer yutkur, chekishdan! Oʻzingizni haliyam yosh, deb oʻylayapsiz, chogʻi... Tortishmay qoʻya qoling!
Uygʻonganimda gazeta tizzamda yotardi, boshim koʻkragimga osilgan, boʻynim nomuvofiq oʻtirganimdan qotib qolgandi. Qancha mizgʻidim ekan? Turganimda tishim-tishimga tegmay takirlardi. Xonani koʻzdan kechirdim, stol usti betartib boʻlib yotardi. Shimim bilan kurtkamni yechdim. Oyoq uchida yurib yotoqxonaga kirdim. Pijamamni qidirib topdimda, chiroqni oʻchirdim. Yana oyoq uchida ehtiyotlik bilan yotoqxonaga kirib, paypaslay-paypaslay karavotni topdim — koshki, oʻngʻaygina boʻl-sa!—oʻringa sekingina yotdim. Pol va toʻshakning gʻi-jirlashidan xotinim uygʻonib ketdi.
— Soat necha boʻldi?
— Oʻn ikki yarim,— deya javob qildim tavakkaliga. Yotgan zahotim yoʻtal tutib qolsa boʻladimi! Tomogʻim qichishganidan, yoʻtalni toʻxtatishga holi qudratim qolmagandi. Koʻksim qisilishidan na nafas , ololaman va na nafas chiqara olaman. Binobarin, oʻpkamdan nolimayman. Nafasimni ichimga yutdim. Koʻksimda hech narsa ogʻrimayapti, shekilli. Yurak urishimga quloq tutdim. Xuddi soatdek urmoqda. Chuqur nafas oldim. Balki, xotinim haqdir. Balki teskarisidir. Har holda, haq boʻlsa kerak. Nafas yoʻllarim nikotin, zaharli qatron bilan zaharlangan shekilli. Nafasimni toʻxtatishga harakat qilib koʻrdim — qayoqda deysiz!— koʻksim yoʻtaldan tilka-pora boʻlayotganga oʻxshardi.
Bu ikki yilmi uch yil avval boʻlgandi. Kechqurunlari qahvaxonalar hamda kvartallarni aylana boshladik. Meni, albatta, oʻsha zahotiyoq ishdan kavushimni toʻgʻrilab qoʻyishdi. Men ham boʻsh kelmay, xukumat sovetiga shikoyat qilib ariza berdim. Keyin oʻylanib qoldim, axir, ular haq-ku — ularni qoʻlidan hokimiyatlarini tortib olmoqchi boʻlyapsan-ku, tagʻin ishdan haydamasliklarini talab qilganingga oʻlaymi. Gʻirt bema’nilik! Shunday yoʻlni tanlagan ekansan, jasorat koʻrsatib, temirdek sabr-toqat namunasini koʻrsata bil. Nima sababdan biz shunday qashshoqlikda yashayotganimizni ishchi hamda dehqonlarga tushuntirish lozim. Shunday qilib, kechqurunlari qahvaxonalarni aylanadigan boʻldik. Avvaliga qiyin koʻchdi, odamlar oldida gapirishga uyalardim. Xuddi qoʻzichoqlarga oʻxshab, nutq irod etayotganingda kiprik qoqmay qoʻloq osib oʻtirishadi. Koʻp oʻtmay, oʻrganib ketdim. Hammadan yomoni — gapirmasam turolmaydigan boʻlib qoldim. Mikrofonni qoʻlimga olishim bilan oʻzimni toʻxtatolmay, bulbuligoʻyo boʻlib ketaman. Nima haqda gapirganimni, xudo haqqi, keyin hecham eslolmayman. Nutq irod etayotganingda oʻzingni erkin his qilib, qalbingda shundayin jasurlik uygʻonadiki, oqibat natijasida hech narsadan choʻchimay, xayolingga kelgan narsani gapiraverasan. Bunday daqiqada inson, mening sezishimcha, jamiyat bilan chogʻishib ketganga oʻxshaydi va bu birlikni his qilganday boʻladi va unga hamma kuch, barcha jamiyatning qudrati oʻtayotganga oʻxshaydi.
Kvartal qahvaxonasiga kirib boramiz-da: «Salom alaykum!»—deymiz. «Alaykum salom!» «Biz, quloq-chakkalaringga tegib ketgan anavi siyosatchilardan emasmiz, ogʻayni, bildingmi? Saylovda ovoz beringlar, degan niyatda kelganimiz yoʻq... Siyosat nima ekanligini bilasanmi? Siyosat bilan shugʻullanmaganman deyapsanmi?.. Endi siyosatni kim qilayotganini tushundingmi? Boylar!.. Ularda buning uchun pul-mablagʻ yetarlida!..» Shundan keyin odamlar choʻntaklaridan sigareta chiqarib, chin koʻngildan mehmon qila boshlashadi: «Menikidan chekib koʻrchi, afandi!..»
Tutun bosgan, nikotin bilan zaharlangan qahvaxona devorlarida xoʻrandalarning boshlari uzra albatta tokcha boʻlib, unda materiya bilan .oʻralgan dinamikli «OGʻA» markali radiopriyomnik kattakon yashikda muzayyan turar, shundoqqina oʻchoqning tepasida esa, naq shiftga tiralgancha marshal Chaqmoq, Gʻozi Mustafo Kamol hamda «dunyoning birinchi goʻzali» Keriman Xolisning rangi oʻngib ketgan portretlari osilgan, kiraverishda esa umumdiqqatini jalb qilish maqsadida_ «Sildan qanday ehityot boʻlish lozim» degan plakat yopishtirilgan, bu avom xalqqa mansub qahvaxonalarda odamlar ularga koʻrsatilgan hurmatdan taajjublanishgancha seni oʻtkazib, mehmon qilish harakatiga tushib qolishardi. «Biz bilan choy iching, afandim Hoshim oʻgʻlim, bizga choy olib kel-chi». «Menikidan chekib koʻr-chi, bey. YOKI, balki, bizning «Birinchi» navidan hazar qilasanmi?» Nega endi jirkanarkanmiz? «Birinchi»dan tutatamiz, undan keyin «Bafru», soʻng «Byuyukkyulyub»... Endi «Kelidjik». Yana bitta «Yangi xirmon»dan. Keyin yana «Byuyukkyulyub». Yana «Birinchi». Soʻng «Sipohiodjagʻi». Yana «Ikkinchi...» Faqat ertalabga yaqin itdek charchab oʻringa choʻzilasanu xayolga botasan: necha stakan choy, qancha likob qahva ichib, necha pachka sigareta chekding-a? Nikotin, hamda kofeindan lablaring yorilib ketadi, xuddi ularga zahari olud surtilgandek. Natijada, uyqu ham harom. Xoʻrozlar qichqira boshlaydi, men esa u yonboshdan-bu yonboshga agʻdarilganim-agʻdarilgan...
Xotinim haq... Bu yoʻtalim sovuqdan emas, sigaretadan. Chekishni tashlash vaqti yetdi. Nega endi? Nega endi chekishni tashlashim kerak ekan? Agar xotinimga quloq soladigan boʻlsam, darhol chekishni tashlashim kerak: birinchidan, ortiqcha xarajat, ikkinchidan, bunisi muhimroq — u buni ayniqsa ta’kidlashni yaxshi koʻradi!— sigareta umrning egovi. Qon tomirlarini parchalaydi. Yurakni ishdan chiqaradi. U oʻpka rakini keltirib chiqaradi. Oshqozonni kasallantiradi. Lekin men bir qarorga kelolmayman, turmushing oʻngidan kelmagan ekan, yashash kerakmi yoki yoʻqmi? Qirqni ham urib qoʻydik. Ishdan darak yoʻq. Hammasi tasodifga bogʻliq! Faqat muvaqqat ish topishga muvaffaq boʻlaman. Qayoqqa bosh suqma, hammayoqda ham burningni tagida eshikni berkitib olishadi — axir, hammaga otning qashqasidek ma’lumsan-da: «Xalqqa siyosat nimaligini tushuntirishga urinib koʻrdingmi!»
— Voy-voy-ey, rosayam sovqotib ketdim-ku — dedim xotinimga.— Oyogʻimni ushlab koʻrgin, xuddi yaxga oʻxshay-di! Hecham isimayapman. Ochiq deraza oldida uxlab
qopman. Sen boʻlsang nuqul sigareta, sigareta, deb urishganing-urishgan!.. Jin ursin! Barga qatnamasam, qarta oʻynamasam. Yana chekma deysan-a!.. Bunday hayotga tupuraman!..
Xotinim poʻngʻilladi-da, yana menga orqa oʻgirib oldi.
— Chekavering! Chekavering bu zaharni, salomatligingiz uchun to tonggacha yoʻtalib chiqavering!..
Darvoqe, yana qirq yil yashashni xohlash-xohlamasligimning unga necha pullik ogʻirligi tushdi ekan, hayronman!
Kechqurun avtobusdan tushib negaligini oʻzim ham bilmayman, odatdagi yoʻl bilan uyga emas, balki machit tomonga yoʻnaldim. Yana bir kun behuda oʻtdi, mana besh kundirki hech qayerdan ish topolmay sarson boʻlyapman! Machit oldi rastalar bilan tirband. Taksi toʻxtash joyi... Shofyorlar xirillagan ovozda: «Kep qoling, kimni kvartalga olib borib qoʻyay?..»— deb qichqirishardi. Qarasam, deyarli barcha olib sotarlar yangi bodring sotishyapti. Bodringlar hozirgina palagidan uzib olinganday koʻrinsin, deb unga suv sepishyapti. Ba’zilari esa, agar xohlasang, bodringni archib, ustamasiga tuz ham qoʻshib berishadi. Ularda xuddi ustaraga oʻxshash pichoqlar bor. Uni bodring yuzasidan xuddi soqol olayotgakdek avaylab yurgizishadi. Koʻm-koʻk poʻstini yupqa qilib kesishadi. Bodringning hidiga soʻlaklarim oqib ketdi. Bodringlar har holda, ertangi boʻlmasa ham nechukdir donasiga bir yarim lira soʻrab oʻtirishibdi. Bitta rezavorfurushning oldida toʻxtab,bodringni qoʻlimga olib u yoq-bu yogʻini koʻrgan boʻlib, narxini soʻradim. Keyin boshqasining oldiga yoʻnaldim. yoʻq, kesgan joylaridan ushlab, bir qurush ham yon bosishmayapti. Choʻntagimdan uch lira olib, Tunjeli viloyatining Pertek degan joyidan olib kelingan ikkita bodring sotib oldim. Zab gazak-bopda, oʻziyam!
Bodringlarni gazetaga oʻradim-da, rezavorfurush va mashinalar orasidan oʻtib uyga yoʻnaldim. Birdan qalbim shodlikdan yengil tortib ketdi!..
...Oʻshanda besh yoki olti yoshda edim, shekilli. Otam qoʻlimdan ushlab olgandi — charchaganimdan oyoqda zoʻrgʻa sudralib kelayotgandim. Darvoqe, yurib emas, uniig qoʻliga osilib kelayotgandim. Biz shaharchadan qaytib kelayotgandik. U yerga nega boruvdik? Nega dadam meni oʻzi bilan olib ketgandi? Esimda yoʻq. Oyogʻimda qoʻy terisidan tikilgan sariq choriq, issiqda uzoq yurganimizdan oyogʻim shishib ketgandi. Biz yoʻlga chiqqanimiz-da soʻfi hali bomdod namoziga azon aytmayotgan edi, qaytayotganimizda esa kechki namoz boshlanay-boshlanay deyayotgandi. Quyosh ufq ortiga bosh qoʻygandi. Avshar bobo kechki salqin tushishi bilanoq polizga suv quya boshlardi. Eski tosh novdan oqib tushayotgan ingichka irmoqchani boʻgʻib polizga oqizgan bobo yoʻl boʻyidagi shiyponning ustuniga suyanib bodring, tarvuz hamda qovunning koʻm-koʻk palak yozgan egatlari aro shildirab oqayotgan suvni zavq bilan tomosha qilib turgan ekan. Shu vaqt biz kelib qoldik. Avshar boboni koʻrgan zaxotim, qoʻlimni otamning kaftidan tortib oldim-da, shiypon oldiga chopib borib, barglar orasiga yashirinib olgancha oʻzining sap-sariq gullari bilan imlayotgan tiqmachoqdek, gʻadir-budir bodringlarga qarab toʻxtab qoldim. «Obbo xoʻtikcha-ey, xudo oʻz panohida saqlasin!»— yaqinlasha turib, men haqimda shunday dedi otam. Bobo oʻchib qolgan papiros qoldigʻini ogʻzidan oldida, nov tomonga chertib yubordi. Keyin tamakidan sargʻayib ketgan tirnoqlari ichiga tuproq kirib qoraygan beoʻxshov dastpanjasi bilan sochini taroqladi va otamning gaplarini qaytardi: «Obbo xoʻtik nabiraginam-ey!» Boboning qoʻli, yuzi, ilma-teshik kamzuli — hammasiga xuddi otamning soqol-moʻyloviga oʻxshab tamaki hidi oʻtirib qolgandi. Bu hidni men yaxshi bilardim. Koʻpincha biznikiga otamning ukasi Xakki kelib turardi. U har gal kelganida meni osmonga irgʻitib oʻynatar, tizzasiga oʻtirgʻizar, keyin yergacha egilib qoʻlimdan ushlagancha boshidan oshib oʻynatardi. Bu oʻyinni bizda «ajal sirtmogʻi» deb atashardi: Keyin quchoqlab, yonogʻimdan oʻpar va: «Akang qaragʻayning xoʻtikchasi!» deb erkalatardi. Amakim ham ashaddiy kashandalardan edi. Onam: «Sen ketganingdan keyin, qaynijon bir haftagacha boladan tamaki hidi gurkirab turadi»,—deb toʻngʻillardi. Esimni tanibmanki, onam tamakini koʻrarga koʻzi yoʻq edi. Amakim indamasdi. Menga qarab fitnachilardek: «Onangga e’tibor berma», deganday koʻzini qisib qoʻyardi. Onamning vaysashlarini eshitmaganday uning tizzasiga chiqib olib, xuddi qoʻyday yuvosh tortib oʻtirib olardim. U boʻlsa: «Qani, bir eshakka oʻxshab hangrab berchi!»—derdi. Har doim shunday nayrangdan keyin Xakki amakim albatta menga biror-bir shirinlik berishini bilardim. Uningʻ choʻntagida doim men uchun mavsumga qarab biror-bir sovgʻa boʻlardi. Agar oʻsha kuni shaharchaga borishga ulgurgan boʻlsa, hatto apelsin ham olib kelardi. YOKI shirin qoʻzoq, ba’zida kashtan. Bir marotaba esa choʻntagidan koʻk-qizgʻish tayoqchalar chiqardi. Men ajablangancha: «Bu nima?»—deb soʻrardim, u: «Shakarqamish»,— deb tushuntirdi.
«Sen oʻzing zap azamat yigitsan-da! Eshitishimizcha, hangrashda hech kim senga bas kelolmas emish-a,— kulgancha derdi Avshar bobo va dagʻallashgan kaftlari bilan gardanimga shapatilab qoʻyardi.— Qani bir hangrab berchi, evaziga kursillama bodring olasan!» Bor kuchim bilan kuchanib eshakka taqlidan qattiq hangray boshlardim. Har kimga ham bunday san’at nasib qilavermasligiga ishonchim komil holda, xuddi xoʻtikchaga oʻxshab qoʻlimni orqaga qilib kekirdagimni choʻzgancha qichqirardim. «Voy xoʻtikvachcha-ey!»—deya tupurardi otam, lekin uning jahli chiqmay, faqat hazillashayotganini bilardim.
Men oʻz ishimni vijdonan bajarganimdan keyin, Avshar bobo egat oralab ikkita koʻm-koʻk, kursillama edi. «Darslaringni qildingmi?»— deb soʻradim. Keyin qizimga oʻgirilib: «Dasturxon tuzatvor-chi!»—dedim. «Bodring solingan likobchani stolga oborib qoʻy, lekin qoʻlingni tekkizma!»— bu endi kichkinamga tegishli edi.
«Bugun matematika oʻqituvchimiz doskaga chaqirdi, men hammasiga javob berdim»,— dedi oʻgʻlim. Aftidan, meni xursand qilmoqchiga oʻxshaydi. Yana uning koʻziga qarasammikin? Jilmaysammikin? Hech bir toʻxtamga kelolmasdim. Agar u faqat meni xursand qilish uchungina aldagan boʻlsa-chi? Uning koʻziga qarasam, u uyalsa-chi? Meni xursand qilmoqchi ekan, yigitchani fosh qilishning nima hojati bor?.. «Barakalla,— dedim-da, unga qaradim.— Yaxshi oʻqishga harakat qil, kam boʻlmaysan!..»
Bugun kechqurun avtobusda kelayotganimda yonimda oʻtirgan kishi gazetani xuddi choyshabdek yoyib olib oʻqiyotgandi. Aftidan, u qoʻlini chala yuvgan shekilli, shundoqqina barmogʻi tagida kattakon dogʻ qolgandi. Gazetada oʻqlogʻday-oʻqlogʻday harflar bilan: «Toʻrtta anarxist samolyotni Sofiyaga olib qochib ketishdi», deb yozilgandi. Teskari qarab, oynaga tikilib qoldim: negaligini bilmaymanu, lekin birdan yuragim siqilib ketdi. Oʻzimni alahsitish uchun oynadan tashqariga qaray boshladim. Lekin fikrlarim sarlavha atrofida charx urardi. Shu orada qoʻshnim yoʻlakda turgan qandaydir nusxa bilan gap sota boshladi. «Bu padar la’nati komonchilarning barini qirib tashlasang! deya aljiradi yoʻlakda turgan nusxa.—Ja quturib ketishdi! Na hukumatni-yu, na boshliqlarni tan olishadi! Sen menga ayt-chi, ogʻayni, boy bolalari orasida komonizm degan yaramas narsa urfga kirib qoldimi, nima balo?» Mening birdan sabrim tugab, beixtiyor boshimni oʻsha tomonga burdim. Xuddi birov uni mushtumida gʻijimlayotganday yuragim siqilib, isitmam chiqib ketdi: tomirlarimda qoʻrgʻoshinmisol qon yugurganday boʻldi. Yelkam terdan hoʻl boʻlib, qulogʻim shangʻillardi. Ha, demak, boylarning arzandalari orasida deng. Bechora onajonim atigi oʻttiz besh yoshda edi, u boʻlsa toʻqqizinchisini, yana oʻlik tugʻdi. Minglab guvoh chaqirganing bilan hech kim oʻshanda u oʻttiz besh yoshda ekanligiga ishonmaydi. Deyarli har kuni boshini durracha bilan chandib bogʻlab olib, oʻzini karavotga tashlagancha: «Voy jonim-ey, shoʻrim qursin! Yana la’nati kasal tinka-madorimni quritib yubordi! Boshim ogʻriqdan yorilib ketay deyapti!..»—deya oh-figʻon chekardi.
Oʻzim sezmagan holda yoʻlakda turgan ishchining koʻziga qarashga urinardim. Yuzi uzunchoq, oppoq boʻlib, xuddi mumdan qilinganga oʻxshardi. Birdan bu tirish basharaga qarash koʻnglimga urdi. Men. charchagancha oʻtirgʻich suyanchigʻiga suyandim. Shundoqqina toʻgʻrimga ma’nosiz tikildim. Oldinda oʻn sakkiz-oʻn toʻqqiz yoshlardagi yigitcha turardi. Aftidan, studentga oʻxshaydi.
Qop-qora sochlari kirlab ketgan boʻlib taroq bilan emas, dastpanjasi bilan taralgandi. Ya’ni, masalan, taralgan desayam boʻlaveradi, taralmagan desayam. Ensasini qoplagan patila-patila sochlari naq kurtkasining yoqalarigacha tushgan. Boz ustiga, chakka moʻylari deyarli quloqlarini ham yopib yuborgandi. Uning yonginasida sochlari boʻyalgan, malla qiz silkinib kelardi. Avtobus, ayniqsa, qattiq silkinganda u naq yigitning quchogʻiga kirib ketgudek boʻlardi. Xuddi oynaga qaramoqchiday dam-badam koʻz qiri bilan u tomonga qarab-qarab qoʻyardi. Yigit esa— u menga yonlamasi koʻrinardi — qizning oyogʻidan koʻz uzmas, tirsaklarini esa xuddi qanotdek kerib olgan boʻlib, uning koʻkragiga noxosdan tegib ketishga harakat qilardi. Qoshlarini chimirib, jiddiy turardi. Siyrak, mayin soqoli yuzini chiroyli qilib turardi. Yuzi hali dagʻallashmagan, boz ustiga, birortayam ajini ham yoʻq boʻlib, terisi sip-silliq edi. Koʻz ostida xaltachalari yoʻq, qovoqlari sargʻaymagan. Vaqtini topib, men uning koʻziga qarashga muvaffaq boʻldim: yo kulrang, yo qoʻykoʻz, yo zangori. Hanuz qoshlarini chimirgancha, atrofiga magʻrur qarardi. Nega endi uning sip-silliq, birortayam ajinsiz yuziga qarab turib oʻlim haqida eslab qoldim-a? Esladimu oʻyga toldim.
Oldimda oʻtirgan oʻgʻlim shekilli? Yoki hasadu gʻayirlik aralash qarayotganim qaytmas boʻlib ketgan yoshligimmi?
Qarshimda xuddi bundan bir necha oʻn yil avvalgi kaminai-kamtarin — oʻzim turgandayman... Ha, boʻlmasam-chi? U — bu oʻzim ekanligini, faqat bir necha oʻn yoshga yoshroq ekanligimni tushungan zahotim, mana shu bir necha oʻn yilini yaqqol his qilganday boʻldim... Va bugun kechqurun avtobusda kelayotib bexosdan miyamda, men ham kunlardan bir kun — balki, xudo biladi, hatto ertaga-yoq! — oʻlib qolishim mumkin, degan fikr. charx urdi...
Bundan chiqdi, kishi hali yosh ekan, u oʻlimni chollarga qarab eslasa, oʻzi qarigach esa, oʻlim haqida unga yeshlik eslatib turarkan-da! Nega endi chollarga bu yoshlar yoqmaydi? Nega endi ular yoshlardan qoʻrqadilar, agar qoʻllaridan kelsa oʻldirishga ham tayyorlar?.. Buni men faqat bugun angladim. Chunki yoshlik keksalar uchun oʻlimning elchisi-da. Endi qoʻllaridan hech vaqo kelmasligini, bir oyoqlari toʻrda boʻlsa, bir oyoqlari goʻrda ekanligini esga solishdir.
Men qaysarlik bilan manavi yigitchaning koʻzi qanaqa rangda ekanligini koʻrmoqchi boʻlardim. Vaqt oʻtgan sayin inson koʻzlari ham oʻzgararmikin — uning rangi, jilvasi, ifodasi degandek? Hayot hammasini ostin-ustun qilib, aralash quralash qiladi, almashtiradi, ana shunda inson koʻzidaga jilva yoʻqoladi, ularning ifodasi xuddi bizlarning umidlarimiz va xohishlarimiz ustini kul bosgandek sezilmay ketadi.
Men mana shular haqida oʻylab, xuddi manavi yigitchaday qovoq uyub oʻzimga-oʻzim gapirardim — uyulgan qovoqlar, menimcha, erkakni odamshavanda qilib koʻrsatib, uning husniga husn qoʻshadi! Keyin shahd bidan oʻrnimdan sakrab turdim: tushadigan bekatimgacha tik tura qolaman. Gazeta sahifasiga koʻzim tushib qoldi: samolyotni oʻgʻirlagan yigitlardan bittasi ob’ektivdan panalamoqchi boʻlganday yuzini qoʻli bilan berkitib olibdi. Rasm telefoto orqali olingan edi. Boshqasida esa avtomat ushlagan yigitcha samolyotning dum tomonidagi trapda xuddi soqchiday turardi. Yozishlaricha, toʻrtalovi ham studentlar ekan.
«Oh shoʻrim qursin!—deya nolirdi onam.— Hadeb qizlarga koʻz suzgandan koʻra, yaxshisi, maktabda oʻqisang boʻlmaydimi! Odam boʻlarding. Mana mendan qiyos, bir burda non uchun yelkamning yagʻirini chiqarib ishlaganim-ishlagan. Hech boʻlmasa sen shu qismatdan qutularmiding. Bor, oʻgʻlim, shaharga ket, mulla boʻlib kelasan!» Universitetni bitirayotgan kunim Xakki amakimdan telegramma keldi: «Tez yetib kel, onang ogʻir kasal». Telegramma yuborishayotganda u allaqachon bandalikni bajo keltirib boʻlgan ekan, menga buni kelganimdan keyin gapirib berishdi...
«Oʻqi, harakat qil, shundagina odam boʻlasan!»—dedim oʻgʻlimga sovuqqon ovozda, ha, xuddi shunday, sovuq-qonlik bilan...
Xotinim, men bari biram bugun ichishga ahd qilganimni koʻrib ishlarini tamomlab, menga dasturxon tuzashga yordamlashish uchun oshxonaga tashrif buyurdi. Xotinimni koʻrib, men yana xursand boʻlib ketdim: demak, bu qishda biz yana bitta jonga koʻpayarkanmiz-da! Mehr bilan uning koʻziga qarab, jilmaydim.Lekin butun uyni tutib ketgan bodring hidi xayolimni parokanda qilib yubordi, mazkur hid soʻlagimni oqizib, koʻnglimni ozdirib yuboray derdi! Katta oʻgʻlim yonimda oʻralashib yurardi, biror-bir buyrugʻimni ogʻzimdan chiqmasdanoq bajarish ishtiyoqida koʻzimdan koʻzini olmasdi,— u menga xushomad qilish payida edi. Uyam balo, dasturxon tuzalyaptimi, demak, men ozgina otib olaman, odatda ichganimdan keyin xushchaqchaq va muloyim boʻlib qolaman. Qizim oshxonadan uyga tanda qoʻyardi. Dasturxon tuzalib, dadalari ichishga tayyorlanayotgan oqshom — bolalar uchun naq bayram boʻlib ketardi — oʻzimning boshimdan oʻtgan, otamni eslayman. Mana, nihoyat oʻgʻlim aroq shishasi bilan boshqa bir shishaga suv solib stolga olib kelib qoʻydi. Qizim muz olib keldi. Xotinim brinzani suv solingan tovoqqa qoʻydi. Nima jin urib ertalabdan oʻgʻlimga oʻshqirib,