Agar oʻgʻil boʻlsa (hikoya) (2-bet)
oʻgʻlimga oʻshqirib, unga shippagimni ota qoldim? Mening qarayotganimni sezmasin, degandek, yer ostidan aybdorlarcha unga qarab qoʻydim. Oriq, niholday ingichka — uni erkalab, oʻpib qoʻysam boʻlarmidi!.. Men zoʻrgʻa oʻzimni bosib, stakanlarni olib oshxonadan uyga shitob bilan chiqib ketayotib, doim oyoq ostida oʻralashib yuradigan kichkintoyni yiqitib yuboray dedim. «Obbo xoʻtikcha-ey!—deya hayqirdim.— Nega oyoq ostida oʻralashyapsan! Qani jimgina oʻtirgin-chi!» Stakanlarni jaranglatib chap qoʻlimga oldimda, oʻng qoʻlim bilan bolani koʻtardim. Yonogʻidan oʻpdim. «Shundoqqina eshik oldida turibsanu miq etmaysan. Bunaqasi ketmaydi!» Bolakay qulogʻimni changallab olib, kuchining boricha choʻza boshladi. «Voy xoʻtikcha-ey! Yana mening qulogʻimni ham choʻzadigan boʻldingmi. Bilasanmi, men hozir seni qayoqqa yuboraman? Qani, oʻzing ayta qolchi!»
Oʻgʻilcham kulib yubordi: men nima demoqchiligimni biladi-da. «Onangning arvohiga!» «Xuddi shunday,— vahimala qaytardim.—Onangni arvohiga!» «Balli! Ofarin!—deya xotinim oshxonadan turib qichqirdi.— Bolaga nimani oʻrgatishni zap topibsiz-da!»
Xakki amakim bilan «besh okkani tortayotganimiz-da», odatda u meni ilmoqqa ilib qoʻyardi, men boʻlsam tushib ketaman, degan qoʻrquvda bor ovozim bilan chinqira boshlardim. Shunda otam: «Koʻp chinqiravermay, boplab soʻk! Xotiniyu onasi qolmay soʻkaver, qani — boʻsh kelma!» derdi. Amakim shu zahotiyoq meni qarshisiga qoʻyib, qoʻlimdan ushlagancha, tahdidla ustimga engashib: «Qani, aytib koʻrchi,— derdi.— Oʻgʻil bola boʻlsang, kampirimni soʻkib koʻrchi, kuningni koʻrasan, xoʻtikcha!.. Meni haqorat qiladigan odam hali bu dunyoga kelmagan. Kimda kim kampirimni soʻksa, bilasanmi, men uni nima qilaman?..» Men boshimni goh otamga, goh amakimga burgancha agar soʻkinsam shapaloq yeymanmi, yoʻqmi bilib olishga urinardim. Men amakimning koʻziga tikilgancha qoʻrqa-pisa: «Kampiringning arvohiga!» — derdim. «Yoʻq, bundaqa emas, oʻxshatolmading!»— deya baqirishar-di ikkovlari baravariga. Shundan keyin amakimning oldida xoʻrozday hurpayib olardim. Endi bari biram hech narsa bermasliklarini bilardim-da. «Kampiringni arvohiga peshkam. Mana shundaymi?» «Aha, yaramas!»— amakim shunday degancha, kaftlariga tuflab menga tashlanmoqchi boʻlayotganday qiyofaga kirardi. «Voy manavi mishiqini-ey,— derdi u,— men hozir seni dabdalangni chiqarmasammi! Voy eshakning bolasi-ey!»— «Barakalla! Yana bopla-chi!»—deya xaxolardi otam.
«Hoy, kampir,— deb baqirardi amakim,— ustaram qayoqda? Men hozir manavi shaytonvachchaning qulogʻini kesib olaman!» Men najot qidirib otamga tashlanardim-da, qoʻltigʻining tagiga biqinib olardim. «Kesib olaman!—deya baqirardi amakim.— Mana koʻrasizlar, kesib olaman!» Lekin kesmasdi. Men esa, qoʻrquvdan esim chiqib ketardi. Bir marta esa amakim choʻntagidan ustarasini chiqarganda men shunaqangi baqirib yubordimki, otam meni mahkam ushlab olib bagʻriga bosdi. Shundan keyin men undan qoʻrqmaydigan boʻldim. «Agar kessangiz ham bari bir kampiringizning arvohiga peshkam!» «Toʻgʻri!—deya kulardi otam.— Boplading!» Mening gaplarim hammaga yoqishini koʻrib battar suyulib, qattiqroq baqira boshlardim: «Onangni ham arvohiga peshkam!» «Voy eshak bolasi-ey!—deya jahli chiqib, qovogʻini uyardi otam.— Endi bunisi hech narsaga yaramaydi. Uning onasi, yaramas, mening ham onam, sening esa buving boʻladi». «Boʻlsa boʻlar!»—deya javob qilardim, shunda hammalari kulib yuborishardi. Mening ikkita opam bilan akam boʻlgan, lekin ular kichkinaliklari-da oʻlib ketishgandi. Men, yagona men, tirik qolgandim.
«Nima boʻpti?—deb soʻradim xotinimdan.—Shungayam ota goʻri qozixonami! Bu mamlakatda yashar ekan, demak, soʻkishni ham bilishi kerak!» «Balli! Barakalla!»—deya oʻzini bosolmasdi xotinim. Men u bilan tortishib oʻtirmadim. Kayfiyatim yaxshi edi. Aroq bilan bodring haqidagi fikr benihoya shodlik hissini tugʻdirmoqda edi. Mana shu shodlikni iloji boricha choʻzishni xohlardim. Men ehtiyotlik bilan oʻgʻlimni divanga oʻtqazdim. Stakanlarni stolga qoʻyib, oʻzim ham oʻtirdim. Stakanga aroq quydim-da, yarmiga suv qoʻshdim. Arpabodiyonning hidini tuygan zahotim, shunaqangi ichgim kelib ketdiki, hatto nafasim tiqilib qolay dedi! Balki, mana shuning oʻzi — ya’ni barcha ikir-chikirlari bilan!—hayotdir. Yana mazkur ikir-chikirlardan lazzatlana olish ham kerak — jin ursin!
Xotinim qoshiq-vilkalarni va boshqa mayda-chuydalarni olib kelib stolga rasamadi bilan qoʻydi. Men zargʻaldoq rangli hoshiyali likobchani olsb, unga brinza kesib qoʻydim. Vilkada ikki boʻlak bodring olib, brinzaning yoniga qoʻydim. Yupqa, shaffof stakanga choʻzildim-da, labimni tekkizib jindakkina hoʻpladim. Keyin stakanga muz boʻlagini tashladim. «Oh-oh, qanday maza-ya! — dedim oʻzimga-oʻzim.— Men shu onda baxtliman, qolgan hammasiga tupurishni xohlardim!» Lekin shu vaqt negaligiga aqlim bovar qilmaydi, bu qishda yana bir jonga koʻpayishimiz esimga tushdi. Haligacha bir toʻhtamga kelolmayman: bu bizga kerakmi yoki yoʻqmi, lekin faqat bu haqda bosh qotirgim, hisob-kitob qilgim va chamalagim kelmasdi...
«Tez-tez!—deya buyruq qildim bolalarga.— Stolga oʻtiringlar!»
Yaqin-yaqindan negadir qovoqxonalarni jinim suy-may qoldi. Uyda stol atrofida, oila a’zolaring, bola-chaqalaring qurshovida oʻtirib qittay-qittay ichganingga nima yetsin — bu meni yanada baxtliroq qiladi. Balki uyda oʻzimni erkinroq va xotirjamroq his qilsam kerak-da? Chap tomonimda qizim, uning yonida kichkintoyimiz, oʻng qoʻl tarafimda katta oʻgʻlim, qarshim-da esa xotinim oʻtirishibdi. Xotinim tuxum qovurib, hammamizga tengdan boʻlib berdi. Ichayotganim uning achchigʻini keltirayotgan boʻlsa ham, lekin buni bildirmaslikka harakat qilayotganini sezib turibman. Lekin mana shu jajji shodlikni, mana shu mitti baxtni choʻchitib yubormaslik uchun ham indamay oʻtiribdi.
«Nafsilamrini olganda, xotinim ajoyib ayol,— degan fikr miyamda yilt etdi.— Qashshoqlikka ming la’natlar boʻlsin!» Men katta oʻgʻlimga qarab koʻz qisib qoʻydim.
«Hammaga bir boʻlakdan bodring!»—deya buyruq berdim-da, jilmaydim. Oʻgʻlim sevinib ketib, shu zahotiyoq bodringning bir boʻlagini oldi-da, tishlab likobchasining yoniga qoʻydi. Kichkinasiga esa ustiga bir oz tuz sepib bodring boʻlagini oʻzim uzatdim. «Qani, tishla!..» Keyin aroq quyilgan stakanni koʻtardim. «Bugun uning sharafiga»,— dedim xotinimga. U indamadi. Keyin sovuqqina: «Sogʻ boʻl!»— dedi. U mening yuzimga qaramaslikka harakat qilardi. Koʻnglimga qattiq botadigan gaplarni gapirib yubormaslikdan oʻzini zoʻrgʻa tiyib turibdi.
«U deganingiz kim?»—deb soʻradi katta oʻgʻlim. «Hech kim»,— dedim-da, aftimni bujmaytirgancha ichib yubordim. Bundan ortiq huzur-halovat bormikin! Olovdek suyuqlik tomoqni lovillatgancha tomir-tomirlaringga tarqalayotganini his qilishni yaxshi koʻraman.
Bezgakdan keyin endigina oʻrindan turgandim. Xinin ichaverib sap-sargʻayib ketgandim. «Kimga oʻxshab qolibsan?!—deya dahshatga keldi Xakki amakim.— Sariq ipakdek sargʻayib ketibsan-ku...»
Ular er-xotin biznikiga mehmon boʻlib kelishgandi. Hammamiz ovqatlangani oʻtirdik. Amakim oʻz odaticha mening jigʻimga tegishga harakat qilib koʻrdi. Meni oʻrnimdan qoʻzgʻatish uchun tegajaklik qilardi, lekin menda qimirlashga hol qayda, deysiz. Axir, darmonim yoʻq edida. Boʻynim qiltiriqday boʻlib qolgandi. Burchakda yetti bukilib bazoʻr oʻtirardim. Amakim ovqat tiqishtirib, manavindan, anavindan yeb koʻr, deya holi jonimga qoʻymasdi. Men boʻlsam, hech narsa yegim kelmas, ovqatni koʻrsam koʻnglim aynardi. «Voy la’nati-ey! — derdi jahl bilan otam.— Axir, ovqat yemasdan ham boʻlarkanmi!» Usha kuni onam mehmonlar sharofatiga shirguruch pishirgandi. Otam: «Qani, bu yoqqa kel-chi!»— deb meni chaqirib, tizzasiga shapatilab qoʻydi. Men istar-istamas unga yaqinlashdim. «Xotin,— dedi buyruqomuz ravishda otam,— shirguruchdan olib kel!» Xakki amakim ovqat solingan tovoqni olib otamga berdi. Otam meni tizzasiga oʻtkazib bir qoʻli bilan mahkam ushlab oldi-da, boshqasiga qoshiqni olib tovoqdan shirguruch oldi. Uning qoʻli titrardi.— Men oʻshanda ilk marta otamning qoʻli qaltiraganini payqagandim — u qoshiqni ogʻzimga tiqib: «Qani, tezroq yut, boʻla qol!»—derdi. Ovqatni koʻrishim bilanoq koʻnglim ayniganidan tishlarimni mahkam qisib olgandim. Otam qoshiqni ogʻzimga tiqqancha astar-avramni agʻdaribsoʻkardi. Qoshiq tishlarimga tegib taraklar, ovqat koʻksimga, tizzalarimga toʻkilardi. Otamning qoʻzlarijahldan dum-dumaloq boʻlyb ketgandi. «Tezroq ye, yaramas! Boʻlmasa xuddi kuningni koʻrsataman!» Qoʻrqqanimdan ogʻzimni ochdim, issiq shirguruch tilimni kuydirdi, ogʻriqdan sal boʻlmasa chinqirib yuboray dedim. Yutishga qancha harakat qilmay, yutolmasdim.
Shundan keyin shirguruchni naq otamning basharasiga tuflab yubordim. Oʻ meni polga uloqtirdi-da, bir shapaloq urdi. «Voy itdan tarqagan la’nati! Eshak»— deb soʻkingancha soqoli bilan yuzini sochiqqa artardi.
Men uyni boshimga koʻtarib yigʻlab yubordim. Xakki amakim meni qoʻliga koʻtarib oldi. «Voy, jinnivo-ey...— qoʻlida tebratgancha derdi u. — Axir, shunaqayam qiladimi odam, tagʻin otasining basharasiga tupuradimi-a? Qani, ogʻzingni och-chi, menga bir koʻrsatchi...» Men baqirib yigʻlagancha ogʻzimni ochdim. Amakim birdan bor ovozi bilan oh-voh qilib yubordi: «Hoy akajon, yigitchaning ogʻziga bir qaragin-a. La’nati kasal bechorani qay ahvolga solib qoʻyibdi! Bulgʻatibdi, haromlabdi. Tili boʻlsa qip-qizil, shishib ketibdi!.,» Amakimning xotini ham yugurib kelib, u ham oh-voh qila boshladi. «Bunday kasallikning birdan-bir davosi aroq!— dedi Xakki amakim.— Uning tili karach boʻlib ketibdi, uni aroq bilan halollash kerak...» Aroq degani nimaligi. haqida oʻsha vaqtda hali tasavvur ham qilolmasdim. Oʻsha yakshanbadayoq otam, amakim bilan oshna-ogʻaynilari ichkilik hamda gazakka mayda-chuydalar sotib olib, bogʻchaga gilam solib, gulxan yoqib ziyofat boshlashdi. Meni ham boqqa birga olib ketishdi. Ular yeb-ichib, ashula aytishayotganda men bir oʻzim daraxt tagida oʻynab oʻtirdim. Keyin ular goʻsht pishirib, yana ichishdi, ovqat yeb, ashula aytishdi. Meni ham ovqatga chaqirishdi. Lekin men ularning oldiga bormadim, hech narsa yegim kelmasdi. Shoʻnday qilib oradan ancha vaqt oʻtgach, chanqab suv ichgim keldi. Xuddi shu vaqt Sayfi amakim buloqdan koʻzaga suv toʻldirayotgan ekan. Men unga yaqinlashdim-da, chanqovimni bosish uchun suv soʻradim. Birdan Xakki amakim sakrab turdi-da, bizga yaqinlashdi va: «Shoshma, Sayfi, men unga hozir issiq suv beraman. Yura qol»,— dedi. U meni. mayda-chuydalar turgan joyga boshlab keldida, stakanni toʻldirib qoʻlimga tutqazdi. Men hech narsadan shubhalanmay hammasini ichib yubordim. Ichishim bilanoq nimadir tomogʻimni kuydirib, a’zoyi badanimni chidab boʻlmas darajada lovillatib yubordi. «Ah, Xakki amaki, onangni peshkam!»—deyishga ulgurdimu gurs etib yiqildim. Atrofimdagilar chapak chalib, qichqirib yuborishdi, men oʻlgan oʻlikday uyquga ketdim. Ertasiga ertalab kasaldan butunlay forigʻ boʻldim, tilim ham, tomogʻim ham top-toza boʻlib, ogʻriqlarim ham taqqa qoldi. Ushandan beri, aftimni bujmaytirgancha aroq ichayotganimda doim Xakki amakim koʻz oldimda turadi.
«Palov olib kelib beraymi?»— deb soʻradi xotinim. «Yoʻq, keyinroq,—deb javob qildim,—radioni qoʻyib yubor-chi, boʻlmasa soʻnggi axborotni eshitolmay qolamiz». «Axborot-paxborotlaring bilan jonga tegding. Ular nimaniyam e’lon qila qolishardi? Hammasi oldindan ma’lum-ku».
U radioni qoʻydi. Mayin muzika sadosi eshitildi.
Nonni tuxumning sarigʻiga botirgancha, ishtaha bilan yedim. Yana bir qultum aroq ichdim. Chekdim. Stulga suyanib, kerishdim. Eshikni taqillatishdi. Oʻgʻlim oʻrnidan sakrab turdida, hushtak chalgancha eshik ochgani yoʻnaldi.
«Hushtak chalma!—deb qichqirdim uning ortidan,— Kechasi hushtak chalishmaydi». Hushtak ovozi tindi.
«Nega, dada?»— deb soʻradi qizim. Esimda, onam menga: «Kechasi hushtak chalmagin. Gunoh boʻladi! Boshimizga gʻam-kulfat chaqirgan boʻlasan, ajinayu jinlar-ni...»— derdi.
«Ijarachi kelipti,— dedi oʻgʻlim.— Bugun nechanchi chislo va otang ijara haqini qachon toʻlamoqchi. deb soʻrayapti.»
Ijara haqi? Men stulda qaddimni rostladim. Xotinim oʻrnidan turib, eshik tomon yoʻnaldi. U nima dedi, eshitmadim, odatda esa eshik tagida gapiriladigan gaplar bu yerga juda yaxshi eshitilib turardi. Balki, faqat umidsizlik insonni mayda-chuydalardan ham lazzatlanishga majbur qiladimi? Axir, hamma odamlar ham mayda-chuydalarning ulugʻvor ahamiyatini tushunisharmikin? Yoki ularning ahamiyati butunicha odamlarning orzu-umidlari, ularning boyliklari hamda davlatmandliklariga bogʻliqmikin?..
Xotinim qaytib kelib, oʻz joyiga oʻtirdi-da, indamay ovqatini yeya boshladi.
«Namuncha shoshishmasa!— deya gap boshladi asabiy holda.— Boshliqligingdan oʻrgildimu — ijarachimishlar! Koʻzga tushgan choʻpga oʻxshamay oʻl!..»
Radioda yangiliklarni eshittirishayotgandi. Demak, soat yetti boʻlibdi. Ayol yurakka gʻulgʻula soladigan ovozda har bir soʻzni aniq talaffuz etgancha gapirardi: «Toʻrt qurolli anarxist jandarm qoʻmondoni, armiya generali Komoliddin Eken shtabga borish uchun oʻz rezidensiyasidan chiqib kelayotganda hujum qilganlar. Otishuv natijasida bir anarxist oʻldirilgan, yana bittasi esa yarador holda ushlangan.»
Daf’atan burnimga aroqning hidiyu bodringning xushboʻy isi urildi. Demak, birdan tushunib qoldim, butun shu vaqt ichida men ularni payqamagan ekanman-da. YO dimogʻimga oʻtirib qolgan, yo fikrim chalgʻiganmikin? Beixtiyor yana bir hoʻpladim. Endi aroq achchiq tuyulib, koʻnglimni behuzur qilib yubordi. Oʻsha zahoti-yoq koʻnglimdagi avvalgi sarxushlikdan nishon ham qolmadi, qadam tovushlari eshitgan zahoti pirillab ketadigan kaptarlar misol uchib ketdi. Ularga qasdma-qasdlikka yana bir hoʻplam ichdim. Bir oz brinza hamda bir tishlam bodring bilan gazakbosti qildim. Tilim karach boʻlib qolganmi, nima balo? Yegan narsalarimning maza-matrasini his qilgan boʻlsam, oʻlay agar!
«Qani dars tayyorlashga joʻnanglar-chi—dedim katta oʻgʻlimga. «Menga bugun dars berishmadi.» «Bunaqasi boʻlmaydi»,— jahl bilan dedi xotinim.
Darvoqe, nima jin urib, ichyapman oʻzi? Nafsilamrini olganda, bu bema’ni mashgʻulot, oʻz-oʻzini zoʻrlashning oʻzginasi. Bil’aks, har qanday zoʻravonlik ham yovuzlik boʻlavermaydi, ba’zida uning natijasida oqillik ham kelib chiqishi mumkin. Shunday qilib, menimcha, oʻz-oʻzini majburlash tamoman tabiiy ravishda insonga hech boʻlmasa baxt zarrasini berolsa kerak. Axir, men oʻrganib qolganim yoki alkogolik boʻlganim uchun ichmayman-ku. Men oʻzimni majburlab ichaman, chunki shu taxlit, haligi aytganim baxtning bir boʻlagi-ni qoʻlga kiritishni umid qilaman-da. Men yana chekdim. Necha yildan beri yoki toʻgʻrirogʻi, oʻn yillardan beri oʻzimga-oʻzim: «Inson uchun eng qimmatlisi — bu hayot,— deb uqtiraman.— U atigi bir marta beriladi. Uni shunday yashash kerakki, oʻtmishingdan uyalmay, uni behuda oʻtkazdim, deb afsuslanmay, oʻlayotganingda: men hamma kuch-quvvatimni asosiy maqsadga, ya’ni insoniyatning ozodligi uchun kurashga qaratgan edim, deya ol...» Nahot-ki, hayot — bu faqat zoʻrlashdan iborat boʻlsa?..
Men cheka boshlashim bilanoq xotinim oʻrnidan turib derazani ochib qoʻydi.
«Nima boʻldi?»—deb soʻradim, oʻzimcha jilmayib. «Nahotki mana shu yaramasni tashlash mumkin boʻlmasa? Ichganing yetmaganday, hech boʻlmasa otamdan oʻrnak olsang boʻlardi, kuniga pachkalab chekib tashlardi, oʻlimga roʻbaroʻ boʻluvdiyamki — tashladi. Nahotki, chekishni tashlash uchun albatta infarkt boʻlish kerak boʻlsa?» «Sening otang kelajakdan umidvor!»
«Kunlardan bir kuni tulkivoy quyonvoyga shunday debdi.»— deya soʻzlarni choʻzgancha diktor ayol ertak oʻqiy boshladi. «Demak, sakkiz boʻlibdi-da»,— deb oʻyladim. Xotinim kichkina oʻgʻlimning ogʻzini artib, uni qoʻliga koʻtardi-da, joyiga yotqizgani olib ketdi. Uning ortidan katta oʻgʻlim bilan qizim ham chiqishdi. Men stakandagi aroqni ichib yubordim. Keyin shishada qolgan aroqning hammasini stakanga quyib, boʻsh shishani stol tagiga dumalatdim. Keyin stakanga suv quydim. Ichishni boshladimmi, oxirigacha ichib qoʻya qolaman-da. Bunda hech qanday ma’noning oʻzi yoʻq. Boz ustiga, faqat shishani boʻshatish uchungina ichishdan rasvosi yoʻq. Xotinim qaytib kirdi-da, stol ustini yigʻishtira boshladi.
«Xotinimga otasi bilan kaminaning oʻrtasidagi farqni yana bir bor tushuntirsammikin-a,— degan qarorga keldim oʻzimcha.— Meni u bilan qanday qilib tenglashtirish mumkin?!— deb aytish kerak.— Butun turmush faqat ikir-chikirlardangina iboratligiga shak keltirmaydigan yoki xudo yarlaqaganda soxta quvonchu xayoliy baxt boʻlaklaridan toʻplangan qurama kolleksiya namoyandasi boʻlmish odamni, xuddi xudoga ishongandek, baxt bu eng muhim insoniy talablarni qondirishdan iborat, deb biladigan odam bilan yonma-yon qoʻyish hech qanday risolaga toʻgʻri kelmaydi.— Oʻz-oʻzimga savol berish odat tusiga kirib qolgandi.— Menga toʻqqiz puldek qilib, ziyoli boʻlishning asosiy sharti — bu demak, savol bera bilishlikdadir, deb tushuntirishgandi. Boshim mana shunday qurilgan boʻlsa nima ham qila olardim. Sening otang esa...»
Uning otasi gʻisht teruvchi usta edi. Biz qurilishda tanishgan edik. Kunlardan bir kuni — tanishganimizga ham xiylagina vaqt boʻlgandi— u mendan: «Quloq soling, bey. Mening ojiz fikrimcha siz ijtimoiy adolat tarafdorisiz, unda nega shu vaqtgacha partiyaga kirmagansiz?» Toʻgʻrisini aytganda, shu kungacha miyamga partiyaga kirish haqidagi fikr biror martayam kelmagandi. «Bu haqda hech qachon oʻylab koʻrmagandim»,— deb javob qildim. Oʻylamasmidim yoki oʻylashga qoʻrqarmidim? Qoʻrqardim, deb aytishga, albatta — jur’at qilmadim. Partiyaga, deyapsizmi?—deya qayta soʻradim.— Balki bu soxta oʻyindir, a, usta?» «Men bir vaqtlar bir ittixodchini bilardim, unda tramvaychilarning birinchi stachkasida qatnashgandim. Ushandan beri bu bosh nimalarni koʻrmadi deysan. Toʻgʻri, bizning orqamizda koʻpgina muttahamliklar ham boʻlib turardi. Lekin ertami-kech haqiqat yuzaga chiqmay qoʻymaydi. Kimki, soxta oʻyin olib borsa, suvdan quruq chihib ketolmaydi, sen koʻp tashvishlanmay qoʻya qol. Kerakli tadbirlarni qabul qilish oson, bey. Asosiysi — partiya boʻlsa, bas. Mana, quloq sol. Qirq oltinchi yili, harbiy holat e’lon qilingandan keyin partiyani berkitishdi. Kunlardan bir kun tong saharda politsiya meni uydan olib ketdi. Birinchi boʻlimga olib kelishdi. Partiya ishi yuzasidan tergov olib bori-sharmish. Soʻroqqa chaqirishguncha necha kun oʻtgani esimda ham yoʻq. Meni stol oldiga oʻtkazishdi. Qarshimda shtatcha kiyingan politsiya komissari oʻtirib, savollar berardi. Birdan kimni koʻrib qoldim degin? Yonboshimizda — mashinkada bir politsiyachi protokol yozib oʻtirardi. Tasavvur qila olasanmi: bu guberniya komitetimizning a’zosi Kozim edi!.. Hayratdan hatto esim ogʻib qolay dedi. Xoʻsh, shundan keyin nima boʻldi, deb oʻylaysan? Hech nima. Mana, menga jin ham urmadi, u esa allaqachon koʻkarib chiqqan». «Hozir ayni payti shekilli—dedim. U kulib yubordi: «Qoʻrqmang, bey, sizga oʻxshagan-oʻqimishlilar bilan ular pachakilashib oʻtirishmaydi. Birinchi navbatda ishchilarning boshida tayoq sinadi.
«Palov olib kelib beraymi?»—deb soʻradi yana qaytadan xotinim.
«Yoʻq,—dedim xotinimga.—Yegim kelmayapti!..» Men gazeta oʻqishga berilib ketdim. Bu qancha vaqt davom etdi bilmayman. Xotinim bolalarni uxlatib, idish-tovoqlarni yuvib boʻlib, qarshimga kelib oʻtiribd.
«Namuncha bagʻritosh boʻlmasang!» «Nega endi bunday deyapsan?»— dedim javoban va gazetani stolning bir chekkasiga qoʻydim-da, ayyorona jilmaydim: dardni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi.
«Endi nima qilamiz?» «Nima qilishimiz kerak ekan?—dedim qoshimni chimirib, ovozimni bir bahya koʻtarib.— Bir kishiga koʻpayamiz, tamom-vassalom».
Oʻzim shunday deyapmanu, lekin bir qarorga kelolmay ichimni it tirnardi.
«Aytishga oson,— dedi xotinim,— shundogʻam oʻlmasning kuni degandek, kun kechiryapmiz. Toʻrtinchi ogʻizni toʻydirishga ham don, ham suv kerak, Sizda esa na doimiy daromad bor va na maosh». «Xudo mehribon!»— deya mingʻirladim. «Aha, endi xudojoʻy boʻlib qoldingizmi. Oʻzingiz oʻylab koʻring: axir, biz uni bitimizga boqamizmi? Siz erkaklarga, albatta, bari bir. Menga esa hadeb bolalar bilan oʻralashish jonimga tegdi, bildingizmi? Egnigayam, oyogʻigayam kiyishga hech vaqo yoʻq...»
«Bas qil!»—deb baqirib berdimu, lekin