Alkimyoga (10-bet)
soʻzlarini buzib talqin qilishgan. Oqibatda oltin rivojlanish, taraqqiyot timsoli boʻlish oʻrniga, adovat, nizo belgisiga aylangan.
— Tevaragimizdagi olam koʻp tillarda gapiradi, — dedi boʻzbola. — Burun tuyaning oʻkirgani men uchun shunchaki oʻkirik edi, xolos. Keyin bu xatardan ogoh etuvchi tovushga aylandi. Va nihoyat — yana oʻkirik boʻlib tuyuldi, — dedi Santyago, biroq shu lahzada Alkimyogarga usiz ham hamma narsa ayon ekanini anglab qolib, jim boʻldi.
— Men chinakam alkimyogarlarni tanirdim, — davom etdi Alkimyogar. — Birlari oʻz laboratoriyalaridan chiqmay, xuddi oltin kabi rivoj topmoqchi boʻlishdi — Iksir shu tariqa kashf etildi. Zotan, ular qandaydir bir narsa rivojlanayotgan ekan, demak, uning tevaragidagi bor narsalar ham oʻzgarishini tushunishgan. Boshqa birlari tasodifan Hikmat Toshini topishdi. Ular qobiliyatdan benasib boʻlishmaga va ularning qalbi boshqa oddiy odamlarnikidan koʻra sezgir boʻlgan. Biroq bundaylar juda kamchil. Uchinchi toifa alkimyogarlar esa faqat oltin izlashgan. Ularga sirni ochish, baribir, nasib etmagan. Ular qoʻrgʻoshinning ham, misning ham, temirning ham oʻz Yoʻli borligini unutishgan. Zero, birovning Taqdiriga aralashgan kishi, albatta, oʻzining shaxsiy Yoʻlini yoʻqotadi.
Alkimyogarning ushbu soʻzlari xuddi la’natday eshitildi. Keyin u egildi va yerdan chigʻanoqni oldi.
— Bir zamonlar bu yerda dengiz boʻlgan, — dedi u.
— Ha, men sezgandim, — dedi javoban boʻzbola.
Alkimyogar unga chigʻanoqni qulogʻiga tutishni aytdi. Santyago bolaligida koʻp marta shunday qilgandi va hozir yana dengiz shovqinini eshitdi.
Dengiz hanuz shu chigʻanoq ichida, demak, u oʻz Taqdiri yoʻlida. Va u chigʻanoqni, toki sahroda tagʻin toʻlqinlar oqib oʻynamaguncha, tark etmaydi.
Ular otlariga minishdi va Misr ehromlari tomon yoʻl tortishdi.
Santyagoning yuragi xavfdan ogoh etib belgi bergan chogʻda quyosh magʻribga ogʻa boshlagan edi. Ular bu daqiqalarda ulkan qum barxanlari orasida borishardi. Santyago Alkimyogarga qaradi, biroq u aftidan hech nimani payqamagandi. Besh daqiqada keyin boʻzbola oldinda ikki nafar suvorining qorasini aniq-tiniq koʻrdi. U gapirmoqchi boʻlib ogʻiz juftlagan ham ediki, ikkita oʻntaga, oʻnta-yuztaga koʻpaydi va oxir-oqibat barxanlarni son-sanoqsiz lashkar qopladi.
Suvorilar havorang kiyimda edi. Ularning sallalari qora tasma bilan tangʻib boylangan, yuzlari esa koʻzlarigacha havorang mato bilan bekitilgan.
Hatto uzoqdan ham bu koʻzlar ruh qudratini namoyon qilib, yoʻlovchilarga oʻlimni daraklardi.
Santyago bilan Alkimyogarni lashkargohga olib kelishdi, chodirga itarib kiritib yuborishdi, boʻzbola hali bunaqasini koʻrmagan edi; ularni qabila boshligʻiga roʻpara qilishdi. Uning tevaragida harbiy sardorlari saf tortib turishardi.
— Bular aygʻoqchilar, — ma’lumot berdi asirlarni boshlab kelganlardan biri.
— Yoʻq. Biz yoʻlovchilarmiz, xolos.
— Uch kun burun sizlarni dushmanlarimiz qoʻnalgʻasida koʻrishgan. Sizlar qaysidir bir jangchi bilan gaplashgansiz.
— Men sahro yoʻllarini bilaman va yulduzlarga qarab yoʻl topaman, — javob qildi Alkimyogar. — Sizlarning dushmanlaring qancha koʻpligi va ular qay tomonga harakat qilayotgani menga qorongʻu. Men lashkargohingizgacha oʻzimning doʻstimni kuzatib keldim.
— Kim oʻzi bu? — soʻradi qabila boshligʻi.
— Alkimyogar, — javob qildi Alkimyogar. — U tabiatning jamiki kuch-qudratidan boxabar va senga oʻzining gʻaroyib iste’dodini koʻrsatishni istaydi.
Santyago miq etmay, qoʻrquv ichida tingladi.
— Musofir bizning oʻlkamizda nima qilib yuribdi, — soʻradi boshqa bir harbiy sardor.
— U sizning qabilaga pul olib keldi, — javob qildi Alkimyogar va boʻzbola ogʻzini juftlab ulgurmay boshliqqa uning hamyonini uzatdi.
Qabila boshligʻi indamay oltinni oldi — unga koʻp qurol sotib olsa boʻlardi.
— «Alkimyogar» degani nima? — soʻradi harbiy sardorlardan biri.
— Bu tabiat va olamning sirini biladigan odam. Agar xohlasa, u lashkargohingizni birgina shamolning kuchi bilan yoʻq qiladi.
Arablar kulib yuborishdi. Ular urushning vayron qiluvchi kuchiga koʻnikishgan edi, shamolning bunday qudratga egaligiga ishonishmasdi. Biroq ularning yuragiga qoʻrquv oraladi. Ularning bari sahroyi edi, shu boisdan ham sehrgarlardan choʻchishardi.
— Buni u qanchalik uddalay bilishini men koʻrishni istayman, — dedi eng katta boshliq.
— Bizga uch kun muhlat bering. Va mening hamrohim, sizga oʻz kuchini koʻrsatish uchun, shamolga aylanadi. Agar buni u uddalay bilmasa, biz hayotimizni sizga topshiramiz.
— Shunday ham menga tobe boʻlgan hayotni menga topshirishning hojati yoʻq, — qat'i javob qildi harbiy boshliq.
Biroq uch kun kutishga rozi boʻldi.
Santyago qoʻrquvdan tamom dovdirab qoldi. Alkimyogar uni qoʻlidan tortib chodirdan olib chiqdi.
— Qoʻrqayotganingni ularga sezdirma. Bular jasoratli odamlar, qoʻrqoqlarni yomon koʻrishadi.
Shunga qaramay, Santyagoning ancha vaqt tili kalimaga kelavermadi. Ular qoʻnalgʻada erkin aylanib yurishdi, arablar faqat otlarini olib qoʻyishdi. Va olam yana bir bor koʻptilli ekanini koʻrsatdi: burun chek-chegarasiz va ochiq-oydin boʻlgan sahro endi qamoqxonaga aylandiki, undan qochishning imkoni yoʻq.
— Sen ularga mening bor pulimni berding! — dedi u. — Hammasini, umrim boʻyi ishlab topgan boyligimni!
— Oʻlishga toʻgʻri kelsa, ularning senga nima keragi bor? Sening pullaring umringni uch kunga uzaytirdi. Odatda pul ajalni bir daqiqaga ham kechiktirolmaydi.
Biroq Santyago dono va’zlarni eshitishdan yiroq, u qattiq qoʻrqqan edi. U qanday qilib shamolga aylanishni bilmasdi — alkimyogar emasdi.
Alkimyogar esa jangchidan choy opkelishini soʻradi va boʻzbolaning bilagiga bir necha tomchi tomizib, allaqanday tushunarsiz soʻzlarni aytdi. Va darhol boʻzbola vujudini qoʻrquv-xavotir tark etganini his qildi.
— Koʻpam afsus chekaverma, — favqulodda erkalagan ovozda dedi Alkimyogar. — Gap shundaki, hali sen yuraging bilan gaplashib olishga ulgurmagansan.
— Axir, men shamolga aylana olmayman-ku!
— Kimki Oʻz Taqdiri yoʻlidan borayotgan ekan, u hamma narsani biladi va uddalay oladi. Faqat bir narsa orzuning roʻyobga chiqishiga monelik qiladi— bu omadsizlikdan choʻchish.
— Men omadsizlikdan choʻchimayman. Faqat bilmayman, qanday qilib shamolga aylanishni.
— Oʻrganishga toʻgʻri keladi. Sening hayoting shunga bogʻliq.
— Agar qoʻlimdan kelmasa-chi?
— U holda oʻlasan. Biroq Oʻz Taqdiring yoʻlida oʻlmoq, hatto Yoʻlning mavjudligini xayoliga ham keltirmagan minglab odamlar qatori qazo qilishdan koʻra yuz bor afzal. Xullas, tashvishlanma. Odatda oʻlim xavfi hayotiy kuchlarni va sezgilarni kuchaytiradi.
Birinchi kun oʻtdi. Sahroda katta jang boʻldi, yaradorlarni qoʻnalgʻaga keltirishdi. «Oʻlim hech narsani oʻzgartirmaydi», — Oʻyladi Santyago. Safdan chiqqanlarning oʻrnini boshqalar egallashadi va hayot oʻz maromida davom etaveradi.
— Sen keyinroq oʻlishing ham mumkin edi, doʻstim, — dedi jangchilardan biri oʻzining halok boʻlgan birodariga. — Hozir boʻlmasa, urushdan keyin. Qanday boʻlmasin, baribir, ajalga chap berishning iloji yoʻq.
Shomga yaqin boʻzbola Alkimyogarni izlab ketdi.
— Men shamolga aylana olmayman, — dedi u Alkimyogarga.
— Esla, men senga nima degandim: olam bu Tangrining zohiriy qismi. Alkimyo esa ruhiy komillikni moddiylashtiradi.
— Sen nima qilayapsan, — soʻradi Santyago.
— Qirgʻiyimni ovqatlantirayapman.
— Shartmi? Agar men shamolga aylana olmasam ikkimizni ham oʻldirishadi-ku.
— Ikkalamiznimas, seni, — javob qildi Alkimyogar. — Men esa shamolga aylana olaman.
Ikkinchi kuni boʻzbola qoʻnalgʻa chetidagi qoyaning ustiga chiqdi. Qorovullar uni qarshiliksiz oʻtkazib yuborishdi: ular shamolga aylana oladigan sehrgar paydo boʻlganini eshitishgan va undan chetroq yurishga urinishardi. Qolaversa, sahro harqalay zindondan tuzukroq.
Santyago oqshomgacha — kun boʻyi sahroni kuzatdi. Yuragiga quloq tutdi. Sahro esa uning qoʻrquvini uqdi.
Ular bir tilda gaplashishdi. Uchinchi kuni qabila boshligʻi oʻzining harbiy sardorlarini yigʻdi.
— Koʻraylik-chi, bu boʻzbola qanday qilib shamolga aylanarkan, — dedi u.
— Koʻramiz — javob qildi Alkimyogar.
Santyago ularni oʻzi kecha kun boʻyi oʻtirgan joyga olib bordi. Keyin oʻtirishlarini soʻradi.
— Biroz kutishga toʻgʻri keladi, — dedi u.
— Shoshayotgan joyimiz yoʻq, — dedi qabila boshligʻi. — Bizlar sahro odamlarimiz.
Santyago ufqqa qaradi. Oldda togʻlar, qum barxanlari, qoya-toshlar bor; giyoh koʻkarishi aqlga sigʻmaydigan qumloqda ajabtovur yer bagʻirlab oʻt-oʻlanlar oʻsib yotibdi. Uning roʻparasida sahro yastanib yotibdi — bir necha oy uni kezdi, biroq baribir sahro siru sinoatining arzimasgina qismidan xabardor boʻldi. Yoʻlida angliyalikni, karvonlarni uchratdi, qabilalar oʻrtasidagi janglarga guvoh boʻldi, ellik ming tub xurmo koʻkarib turgan va uch yuzta quduqli vohani, Fotimani koʻrdi.
— Xoʻsh, — soʻradi undan sahro, — senga yana nima kerak? Kuni kecha bir-birimizga termilib toʻymaganmidik?
— Oʻsha tarafda, sening qum barxanlaring orasida mening sevgan yorim yashaydi, — javob qildi Santyago. — Senga termilganimda men uni ham koʻraman. Uning yoniga qaytgim keladi, buning uchun sening koʻmaging kerak. Men shamolga aylanishim darkor.
— «Sevgi» deganlari nima oʻzi? — soʻradi sahro.
— Sevgi — bu qum barxanlar ustidagi qirgʻiy parvozi. Uning uchun sen yam-yashil oʻtloqsan. U sening qoya toshlaringni, sening barxanlaringni, togʻlaringni biladi. Sening esa unga bagʻring doimo ochiq.
— Qirgʻiyning tumshugʻi menga azob beradi, — javob qildi sahro. — Mening yillar boʻyi yetishtirganim unga oʻlja boʻladi, vaholanki, men uni kamchil suvim bilan sugʻoraman, qornini qaerda toʻydirishini koʻrsataman. Keyin esa osmondan shoʻngʻib keladi — endi men qumlarimda hayot borligidan quvonaman degan pallada u yetiltirganimni ilib olib ketadi.
— Biroq sen uning uchun yetiltirgansan-ku. Qirgʻiyni boqish uchun. Qirgʻiy esa odamni boqadi. Bir payt kelib odam sening qumlaringni toʻyintiradi va shunda yana hayot jonlanadi, qirgʻiyga oʻlja paydo boʻladi. Olam shunday yaralgan.
— Sevgi deganlari shumi?
— Sevgi deganlari shu. Sevgi oʻljani qirgʻiyga aylantiradi, qirgʻiyni — odamga, odamni esa sahroga. Qoʻrgʻoshinni oltinga aylantiradigan, oltinni yer ostiga bekitadigan sir shu.
— Men bu gaplarning ma’nisiga tushunmayman, — javob qildi sahro.
— U holda bir narsani tushun: sening qum barxanlaring orasida meni bir ayol kutayotir. Va shuning uchun men shamolga aylanishim kerak.
Sahro bir muddat jim qoldi.
— Men senga qumlarimni beraman, shamol ularni quyunga aylantirishi uchun. Biroq bu kam. Yolgʻiz oʻzim hech nima qilolmayman. Shamoldan yordam soʻra.
Yengilgina shamol qoʻzgʻaldi. Harbiy sardorlar uzoqdan turib boʻzbolaning oʻzlariga tushunarsiz tilda kim bilandir gaplashayotganini kuzatishardi.
Alkimyogar kulimsiradi.
Shamol Santyagoga yaqinlashdi, uning yuziga urildi. Shamol uning sahro bilan gaplashganini eshitdi, chunki shamollar hamma narsadan xabardor. Ular dunyo kezib yelib-yugurishadi, ularning tugʻilgan makoni ham, oʻlim topgan joyi ham yoʻq.
— Menga yordam ber, — dedi unga boʻzbola. — Bir safar menga sen sevgilimning ovozini olib kelgan eding.
— Sahroning va shamolning tilida gaplashishni senga kim oʻrgatdi?
— Mening yuragim, — javob qildi Santyago.
Shamolning nomi koʻp edi. Bu yerda uni «sirokko» deyishadi, arablar uni sersuv va qoratanli odamlar yashaydigan oʻlkalardan yeladi, deb oʻylashadi. Santyagoning yurtida esa uni «levantinlik» deyishadi, chunki bu shamol sahro qumlarini va mavrlarning jangovar hayqiriqlarini olib keladi, deb oʻylashgan. Ehtimol, qoʻylar uchun yaylov yoʻq uzoq mamlakatlarda odamlar bu shamol Andalusiyada tugʻiladi, deb hisoblashgan. Biroq shamol hech qaerda tugʻilmaydi va hech qaerda oʻlmaydi, shu boisdan ham u sahrodan qudratliroq. Chunki sahroda nimadir koʻkartirishga odamlar qodir; ular sahroda qoʻylarni ham koʻpaytira olishadi, biroq shamolni oʻz izmlariga sola olishga ularning qurbi yetmaydi.
— Sen shamolga aylana olmaysan, — dedi shamol. — Sen bilan bizning aslimiz boshqa-boshqa.
— Notoʻgʻri, — javob qildi Santyago. — Men sen bilan birga dunyo kezganimizda, menga alkimyo sirlari ayon boʻldi. Endi menda shamol ham, sahro ham, okean ham, yulduzlar ham, Olamda bino boʻlgan hamma narsa jam boʻlgan. Bizni — senu meni bir qoʻl bino etgan va bizning qalbimiz ham bitta. Men senday boʻlishni xohlayman, har qanday kavakka kirishni, dengizlar ustida yelishni, xazinamni bekitib yotgan qum barxanlarini toʻzitishni, sevgilimning ovozini olib kelishni istayman.
— Bir safar men sening Alkimyogar bilan gaplashganingni eshitdim, — dedi shamol. — U har kimning oʻz Yoʻli bor, dedi. Odam shamolga aylanmasligi kerak.
— Bir necha lahzaga boʻlsa-da senga aylanishni oʻrgat. Oʻshanda odamning va shamolning cheksiz imkoniyatlarini muhokama qilamiz.
Shamol qiziquvchan edi — bunaqasini hali uchratmagandi. Uning ana shu masalada tortishgisi keldi, biroq u chindan ham odamni shamolga aylantirishni bilmasdi. Aslida esa juda koʻp narsaga qodir! Sahroni paydo qila olardi, kemalarni choʻktirardi, asrlik daraxtlarni va hatto butun bir oʻrmonni qulatardi, musiqa yangrab turgan, tushunarsiz tovushlar taralib turgan shaharlar uzra yelib oʻtardi. Olamda hamma narsaga qurbim yetadi, deb hisoblagan shamolga endi bu bolakay oʻz xohishini roʻkach qilib, buni ham amalga oshirishga qobilsan, deb qistayotir.
— Bu «sevgi» deyiladi, — dedi Santyago, shamol oʻzining iltimosini bajarishiga ishonib. — Agar sevsang, xohlagan narsaga aylana olasan. Agar sevsang, nimalar boʻlayotganini tushunishga mutlaqo hojat yoʻq, zero, hamma narsa bizning botinimizda kechadi, demak, odam shamolga bemalol aylana oladi. Albatta, shamol unga yordam bersa.
Shamol magʻrur edi, shu bois Santyagoning gaplari uni ranjitdi. U kuchli esa boshladi, sahro qumlarini toʻzitdi. Biroq oxir-oqibat, garchi butun dunyoni kezgan esa-da, odamni shamolga aylantira olmasligini tan olishga majbur boʻldi. Sevgini ham bilmasligiga iqror boʻldi.
— Men odamlarning sevgi haqida gapira turib, osmonga tikilishlariga koʻp bor guvoh boʻlganman, — dedi shamol, oʻz ojizligini tan olganidan jazavasi qoʻzib. — Ehtimol, sen ham osmonga murojaat qilarsan, a?
— Bu ham bir fikr, — ma’qulladi Santyago. — Faqat sen menga yordamlash: chang-toʻzon koʻtargin, men quyoshga qaray olay va koʻzlarim qamashmasin.
Shamol yanada kuchli esdi, osmon qum toʻzoni bilan qoplandi va quyosh oltin barkashga aylandi.
Qoʻnalgʻadan turib kuzatayotganlar hech narsani ajrata olishmadi. Sahro odamlari shamolning bu qiligʻini bilishar va uni «samum», deb atashardi. Ular uchun bu dengiz boʻronidan-da dahshatli edi, vaholanki, ular umr boʻyi dengizda boʻlishmagandi. Otlar kishnab yubordi, qum zarralari qurol-yarogʻga urilib gʻichirladi.
Harbiy sardorlardan biri qabila boshligʻi tomon burilib dedi:
— Yetarli boʻldi, chamamda?
Ular Santyagoni koʻrmasdi. Yuzlari oq roʻmol bilan koʻzlarigacha burkangan, koʻzlarida qoʻrquv qotib qolgan.
— Buni toʻxtatish kerak, — dedi boshqa bir harbiy sardor.
— Mayli, Olloh oʻzining jamiki qudratini namoyon etsin, — javob qildi qabila boshligʻi. — Men odam qanday qilib shamolga aylanishini koʻrishni istayman.
Biroq qoʻrqqanini sezdirganlarning ismini u eslab qoldi. Va shamol tingach, ikkalasini ham mansabidan olib tashlashga qaror qildi, zero, sahroda qoʻrqish yaramaydi.
— Shamol menga seni sevgini biladi deb aytdi, — Quyoshga murojaat qildi Santyago. — Shunday boʻlsa, Olam Qalbini ham bilishing kerak — axir, Olam Qalbi sevgidan bino boʻlgan.
— Bu joydan menga Olam Qalbi koʻrinib turadi, — javob qildi Quyosh. — U mening qalbimga murojaat etadi va biz birgalikda oʻt-oʻlanni oʻsishga, qoʻylarni esa soya joylarni qidirib topishga majbur etamiz. Bu joyda turib — bu joy sizlarning dunyongizdan juda olisda — men sevishga oʻrgandim. Bilaman, agar Yerga ozgina yaqinlashsam, jamiki jonzot halok boʻladi va Olam Qalbi barham topadi. Va biz uzoqdan bir-birimizga termilamiz, uzoqdan turib bir-birimizni sevamiz. Men Yerga hayot va issiqlik bagʻishlayman, Yer esa — mavjudligimning mohiyatini ta’minlaydi.
— Sen sevgini bilasanmi? — takror soʻradi Santyago.
— Olam Qalbini ham bilaman, chunki koinotni tinimsiz kezib, biz u bilan koʻp gaplashamiz. U menga oʻzining asosiy muammosini gapirib berdi: hozirgacha faqat toshlar va giyohlar olamdagi hamma narsalarning yagonaligini tushunadi. Shu bois temirning misga oʻxshashi, misning esa oltindan farq qilmasligi talab etilmaydi. Bu yagona olamda har narsaning oʻzining aniq vazifasi bor va agar bularni bitgan Qoʻl Ijodning beshinchi kunida toʻxtaganida, barisi bir yagona Simfoniyaga uygʻunlashardi. Biroq oltinchi kun ham bor edi.
— Sen donosan, — javob qildi boʻzbola, — chunki hammasini uzoqdan koʻrib turasan. Biroq sen sevgi nimaligini bilmaysan. Agar odam paydo boʻlmaganida Ijodning oltinchi kuni ham boʻlmasdi. Mis misligicha qolaverardi, qoʻrgʻoshin — qoʻrgʻoshinligicha. Ha, har narsaning oʻz Yoʻli bor, biroq bu yoʻl payti kelib bosib oʻtiladi. Shuning uchun nimagadir aylanmoq kerak, yangi Yoʻlni boshlash lozim. Va olam Qalbi chindan yaxlitlik kasb etguncha yoʻlni davom etish zarur.
Quyosh bir zum oʻylanib qoldi va yorqin nur socha boshladi. Bu suhbatdan huzur tuygan shamol ham, Santyagoning koʻzini qamashtiradigan nurlardan asrab, kuchli esa boshladi.
— Alkimyoning mavjudligi shundanki, — davom etdi Santyago, — har kim oʻz xazinasini qidirsin va topsin, shundan soʻng burungisidan koʻra yaxshi boʻlishni xohlasin. Qoʻrgʻoshin oʻz vazifasini dunyoga kerak boʻlgunigacha ado etadi, shundan soʻng u oltinga aylanishi lozim. Alkimyogarlar shunday deyishadi. Va ular shuni dalillab berishadiki, biz oldingidan koʻra yaxshi boʻlishga intilgan vaqtda tevarak-atrofimiz ham yaxshi boʻlib boradi.
— Mening sevgini bilmasligimni qayoqdan olib aytayapsan? — soʻradi Quyosh.
— Chunki sevganingda bir joyda, sahroga oʻxshab, turib boʻlmaydi, dunyo boʻylab, shamolga oʻxshab izgʻimaydi, senga oʻxshab hamma narsaga uzoqdan qaramaydi. Sevgi — bu kuch, u Olam Qalbini yangilaydi va yaxshilaydi. Men ilk bor unga uygʻunlashganimda, u menga mukammal boʻlib koʻrindi. Keyin men koʻrdimki, u — bizning barimizning aksimiz ekan, unda oʻz ehtiroslarimiz joʻsh urarkan, oʻz urushlarimiz kecharkan. Uni biz oziqlantiramiz va biz yashayotgan yerning yaxshilikka yoki yomonlikka yuz burishi bizning yaxshi yoki yomon boʻlishimizga bogʻliq. Ayni mana shu joyda sevgi kuchi ish beradi, zero, sevsang yaxshi boʻlishga intilasan.
— Xoʻsh, mendan nima istaysan?
— Shamolga aylanishimga yordam ber.
— Tabiatga ayonki, olamda mendan-da dono hech kim yoʻq, — javob qildi Quyosh, — biroq men ham sening qanday qilib shamolga aylanishingni bilmayman.
— Endi men kimga murojaat qilay?
Quyosh bir zum oʻylanib qoldi: suhbatni eshitgan shamol darhol butun dunyoga olam chirogʻining donoligi chegarasiz emas ekan, deya xabar tarqatadi. Qolaversa, Olam Tilida gapirib turgan bu boʻzboladan ham qochish aqldan emas.
— Yordamni Hammasini Bitgan Qoʻldan soʻrab koʻr, — dedi Quyosh.
Shamol shodon qiyqirdi va behad kuch bilan esa boshladi. Bir necha chodirlar qulab tushdi, qoziqqa bogʻlangan otlar yuganini uzdi, qoyadagi odamlar uchib tushib ketmaslik uchun bir-birlariga qapishib olishdi.
Santyago Hammasini Bitgan Qoʻlga oʻgirildi va shu damdayoq Olam sukutga choʻmdi. U jimlikni buzishga jur'at etolmadi.
Keyin Sevgi kuchi uning yuragidan toshdi va boʻzbola ibodatga kirishdi. U ibodatida hech narsa tilanmadi, biror-bir soʻz demadi, qoʻylari yaylovli boʻlgani uchun shukrona aytmadi ham, billur doʻkoniga koʻproq xaridor kelishini-yu, oʻzi sahroda uchratgan qiz uni kutishini ham oʻtinib soʻramadi. Atrofga choʻkkan jimlikda u Qoʻl tomonidan kiritilgan belgilarni sahro, shamol va quyosh ham qidirayotganini tushundi. Boʻzbola bu belgilar butun Yer yuzi va koinotga tarqalib ketganini tushundi va sirtdan qaraganda ularning hech qanday ahamiyatli jihati yoʻqligini angladi. Na sahro, na shamollar va na odamlar ularning nima maqsadda yaratilganini bilishmaydi. Faqat Hammasini Yaratgan Qoʻlning bunga aloqasi bor va faqat U moʻ'jiza yaratishga: okeanlarni sahrolarga, odamni — shamolga aylantirishga qodir. Zero, Uning yolgʻiz oʻzi Olam olti kunlik Ijod jarayonida Buyuk Ijod mahsuliga