Alkimyoga (8-bet)
va u Tuyakashga koʻnglini ochganidan afsuslandi.
Biroq oʻrtada oʻtirgan qariya kulimsiradi va Santyago darhol xotirjam boʻldi. Shu paytgacha u biror soʻz qotmagan, tortishuvga qoʻshilmay oʻtirgan edi. Biroq Umum Tilidan xabardor boʻzbola qoʻshinning yaqinlashib kelayotganidan chodir titrayotganini his etdi va bu yerga kelib toʻgʻri qilganini tushundi.
Chodirdagilar jim boʻlishdi va qariyaning gapini diqqat bilan eshitishdi. Qariya Santyagoga oʻgirilib qaradi va bu safar boʻzbola uning yuzida sovuq begonasirashni payqadi.
— Ikki ming yilcha burun bu yerdan uzoqda, koʻrgan tushlarga ishonadigan bir odamni quduqqa tashlashgan, keyin qul qilib sotib yuborishgan, — gap boshladi qariya. — Bizning savdogarlar uni Misrga olib kelishgan. Hammamizga ma’lum, tushlarga ishongan odam ularning ta’birini ham biladi.
«Garchi har doim ham ularni rostga oʻngara olmasa-da», — Oʻyladi Santyago loʻli kampirni eslab.
— Oʻsha odam Fir'avnga uning yetti ozgʻin va yetti semiz sigir haqidagi tushini toʻgʻri ta’birlab, Misrni ocharchilikdan saqlab qolgan. Uning ismi Yusuf edi. U ham senday bir musofir edi, yoshi ham sen tengi edi.
Qariya jim qoldi. Uning koʻzlari hanuz sovuq boqardi.
— Biz doim urf-odatni saqlaymiz. Urf-odat Misrni ocharchilikdan qutqardi, xalqini boshqa xalqlar orasida eng boy-badavlatga aylantirdi. Urf-odat sahroda yurish va qizlarimizni erga uzatishni oʻrgatadi. Unga koʻra, voha — hech kimga tegishli boʻlmagan yer, zotan, jang qilayotgan har ikki taraf bu yerga muhtoj, usiz halok boʻlishi tayin.
Hech kimdan sado chiqmadi.
— Ammo Urf-odat bizga sahro daraklariga ishonishni uqtiradi. Nimagaki aqlimiz yetsa, bularni bizga sahro oʻrgatgan.
Uning ishorasi bilan hamma arablar qoʻzgʻalishdi. Maslahat tugagan edi. Chilimning choʻgʻini oʻchirishdi, soqchilar saf tortishdi. Santyago tashqariga chiqmoqchi boʻlgandi, qariya tagʻin gap boshladi:
— Ertaga biz vohada hech kim qurol olib yurishga haqi yoʻq, degan qoidani bekor qilamiz. Kun boʻyi dushmanni kutamiz, quyosh botganda jangchilarim menga qurollarini topshirishadi. Oʻldirgan har oʻn nafar dushman uchun sen tilla olasan. Biroq qurol, modomiki, qoʻlga olingan ekan, u shunchaki qayta joyiga qoʻyilmaydi, qurol dushman qonini tatishi kerak. Zotan, qurol sahroday injiq narsa, keyingi safar otishdan, chopishdan boʻyin tovlashi mumkin. Agar ertaga bizning qurolimizga ish topilmasa, biz uni senga qarshi ishlatamiz.
Boʻzbola chodirdan uzoqlashganda vohani faqat toʻlin oy yoritib turganini koʻrdi. U yashab turgan chodirgacha yigirma minutli yoʻl bosib oʻtilardi, u chodiri tomon yurdi.
Boʻlib oʻtgan voqeadan u tashvishga tushdi. U Olam Qalbiga uygʻunlasha oldi va shuning evaziga, ehtimol, endi oʻz hayotini berib qutular. Bu juda qimmatga tushmaydimi? Biroq uning oʻzi tanladi buni, Oʻz Taqdiri yoʻlidan bormoqchi boʻlib qoʻylarini sotdi. Tuyakash aytganiday, bir boshga bir oʻlim... Baribir emasmi: ertaga oʻlding nima-yu, boshqa kuni oʻlding nima? Yashaydigan yoki qazoyingni topadigan har qanday kun ma’qul aslida. Hammasi «Maktub» soʻziga bogʻliq.
Santyago jim yurib borayotir. U hech nimadan afsuslanmas, hech nimaga achinmasdi. Mabodo ertaga oʻlib qolsa, demak, Tangri uning kelajagini oʻzgartirishni xohlamagan boʻladi. Biroq u kuni bitguncha nimalargadir ulgurdi: boʻgʻozdan suzib oʻtdi, doʻkondagi ishlarni uddaladi, sahroni yengdi, uning sukunatini va Fotimaning koʻzlaridagi ma’noni uqdi. Uyini tark etganidan beri biror-bir kuni boʻsh, samarasiz ketgani yoʻq. Agar ertaga koʻzlari manguga yumilsa-da alam qilmaydi, zotan, u boshqa choʻponlardan koʻra koʻp narsalarni koʻrib qolishga erishdi. Santyago shundan taskin topardi.
U tuyqusdan gumburlagan tovushni eshitdi va quturib esgan sirli shamolning shiddati uni yerparchin qildi. Qum toʻzoni oyni bekitdi. Boʻzbola roʻparasida turgan haybatli oq otni koʻrdi — ot orqa oyoqlariga tayanib, tik choʻpchigancha qattiq kishnardi.
Qum toʻzoni biroz bosilganda Santyagoni haligacha oʻzi his etmagan qoʻrquv dahshati chulgʻab oldi. Oq otda sallali, qora libosda, chap kiftiga qirgʻiyni qoʻndirgan suvori oʻtirardi. Uning yuzi burkangan, faqat koʻzlari koʻrinadi. Novchaligini aytmaganda, u karvonni qarshilab, sahroda nimalar sodir boʻlayotganidan yoʻlovchilarni xabardor qilgan badaviylarning biriga oʻxshardi.
Oy shu'lasi egilgan tigʻda jilvalandi — chavandoz egarga qayish bilan tangʻib boylangan qilichni qoʻliga oldi. U El-Fayum vohasining besh ming xurmo daraxtini titratadigan guldurosli ovozda hayqirdi:
— Qirgʻiylar parvozining ma’nisini ilgʻamoqqa jur'at qilgan kim?
— Men, — javob qildi Santyago.
Ayni daqiqada, uning nazarida, suvori Mavrlar Gʻolibi, tuyoqlari bilan gʻayridinlarni toptayotgan oq otning belidagi avliyo Yoqubning tasviriga aynan oʻxshab ketdi. Hammasi sirtdan aynan oʻxshash, faqat bu yerdagi suvori boshqa.
— Men, — takror aytdi u va qilichning zarbini kutib boshini egdi. — Koʻp kishilarning joni omon qolardi, biroq siz Olam Qalbiga uygʻun keladigan qarorni qabul qilmadingiz.
Qilich dami boʻzbolaning manglayiga tekkuncha, sekin tushib keldi. Bir tomchi qon chiqdi.
Suvori qilt etmay turardi. Santyago ham damini ichiga yutdi. U hatto qochib qutulishga urinmadi. Vujudining tub-tubida gʻalati umid uchqunladi: u Oʻz Taqdiri yoʻlida halok boʻladi. Fotima uchun halok boʻladi. Demak, belgilar aldamagan. Mana, Dushman manglayida turibdi, shu bois ajal unga dahshat sololmaydi, zotan, Olam Qalbi mavjud va bir nafasdan soʻng u Olam Qalbining bir qismiga aylanadi. Ertaga uning qismati Dushmanning boshiga ham tushadi.
Suvori hanuz qilichini sermashga shoshilmas edi.
— Nega bunday qilding?
— Men qirgʻiylar parvozi daraklagan xabarni eshitdim va buning ma’nisini tushundim, xolos. Ular vohani qutqarmoqni istashdi. Vohaning himoyachilari sizlarni qirib tashlaydi, ular koʻpchilik.
Qilichning dami hanuz uning manglayiga tegib turardi.
— Kimsan oʻzing, Ollohning ishiga aralashadigan?
— Olloh faqat qoʻshinnimas, qushlarni ham yaratgan. Ularning tilidan meni Olloh voqif qildi. Dunyodagi jamiki koru a’mollar bitta qoʻlda bitilgan, — javob qildi boʻzbola Tuyakashning soʻzlarini eslab.
Nihoyat suvori qilichini chetga oldi. Santyago nafasini rostladi.
— Bashorat qilishda ehtiyot boʻl, — dedi suvori. — Hech kim peshonasiga yozilganidan qochib qutulmaydi.
— Men faqat qoʻshinni koʻrdim, — dedi boʻzbola. — Jang oqibati menga ayon boʻlgani yoʻq.
Bunday javob suvoriga ma’qul keldi, biroq u qilichini qiniga joylashga oshiqmadi.
— Xoʻsh, bu yerda muhojir nima qilib yuribdi?
— Men oʻz Yoʻlimni izlayapman. Biroq sen buni tushunmaysan.
Suvori qilichini qiniga joyladi. Uning kiftidagi qirgʻiy chiyillab tovush berdi. Santyagoni chulgʻagan tang holat bir qadar boʻshashdi.
— Men sening chindan joʻmard ekaningni bilmoqchi edim. Umum Tilini qidirayotganlar uchun bundan muhim narsaning oʻzi boʻlmaydi.
Boʻzbola hayron qoldi. Suvori kamdan-kam odamlarning aqli yetadigan narsalar haqida mulohaza yuritardi.
— Bundan tashqari, hatto uzoq yoʻlning tanobini tortgan esang-da, bir nafasga ham boʻshashmaslik kerak, — davom etdi suvori. — Sahroni sevish ham mumkin, ammo unga toʻla-toʻkis ixtiyoringni topshirib boʻlmaydi. Zotan, sahro — odam uchun sinov: bir nafas xayolingni boʻlsang, bas, halokatga uchraysan.
Uning gaplari Santyagoga keksa Malkisidqni eslatdi.
— Jangchilar bu yerga kelishgan chogʻda, agar boshing omon boʻlib tursa, meni izla, — dedi suvori.
Boya qilich dastasini tutib turgan suvori qoʻlida qamchi koʻrindi. Ot tagʻin tuyoqlaridan toʻzon koʻtarib, yeldi.
— Sen qaerda yashaysan, — uning ortidan qichqirdi Santyago.
Suvori yelib borayotgan ot ustida qamchi bilan janubga ishora qildi.
Boʻzbola Alkimyogarni uchratgan edi.
Ertasi kuni tongda El-Fayum vohasi xurmozorlarida qurollangan ikki ming kishi saf tortdi. Ufqdan besh yuztacha jangchining qorasi koʻringan pallada quyosh hali uncha koʻtarilmagan edi. Otliqlar vohaga shimol tarafdan kirib kelishdi, ular oʻzlarini goʻyo tinchlik istab kelishayotganday qilib koʻrsatishar, qurollarini oq yaktaklari tagiga bekitib olishgandi. Qabila boshliqlarining kattakon chodiriga yetib kelishgan paytda ularning qoʻllarida qurollar va qayrilma qilichlar paydo boʻldi. Biroq chodir boʻm-boʻsh edi.
Voha ahli sahro suvorilarini qurshab olishdi, yarim soatdan soʻng qumda toʻrt yuz toʻqson otliqning jasadi qoldi. Bolalarni xurmozorga eltishdi, ular chodirlarda erlarining duo-yu jonini qilib oʻtirishgan ayollar qatori hech nimani koʻrishmadi. Halok boʻlganlarning chalqayib yotgan jasadlarini aytmaganda, vohada har doimgi holat hukm surardi.
El-Fayumga bostirib kirgan otliqlardan yolgʻiz ularning sardori omon qoldi. Uni qabilalar boshliqlari oldiga keltirishdi va boshliqlar undan ne bois Urf-odatni buzishga botinding, deya soʻrashdi. U bir necha kunga choʻzilgan janglarda ochlik va suvsizlikdan jangchilarning madori qurigani, vohani egallashsa, oʻzlariga kelib, keyin yana urushni boshlamoqchi boʻlishganini aytdi.
Jangchilarga qanchalik achinmaylik, biroq Urf-odatni buzishga hech kimning haqqi yoʻq, dedi qabila oqsoqoli. Sahroda faqat shamolning ta’siridan qum barxanlarining shakli oʻzgaradi, qolgan barchasi aslicha qoladi.
Harbiy sardorni sharmandali oʻlimga hukm etishdi: oʻqni ham, qilich zarbini ham unga ravo koʻrishmadi, qurigan xurmo daraxtiga osishdi va sahrodan esgan shamol uning jasadini ancha vaqt tebratib turdi.
Qabila oqsoqoli muhojirni chaqirib, unga ellikta tilla tanga taqdim etdi. Keyin u yana Yusufning tarixidan soʻzlab berdi va boʻzboladan oʻziga Bosh Maslahatchi boʻlishini soʻradi.
Kun botib, osmonda yulduzlar endi xira yorisha boshlaganda (chunki oy toʻlishgan palla edi) Santyago janubga qarab yurdi. U yoqda faqat bitta chodir bor edi, yoʻlida duch kelganlar bu joy jinlarning qarorgohi ekanini aytdi. Biroq u chodirning oldiga oʻtirib olib, kuta boshladi.
Alkimyogar ha deganda qorasini koʻrsatmadi — oy esa allaqachon tepaga koʻtarilib ketgandi. Nihoyat Alkimyogar koʻrindi, uning yelkasida bir juft oʻlgan qirgʻiy osilib turardi.
— Men shu yerdaman, — dedi Santyago.
— Bekor kelibsan. Nahot Taqdiring seni mening oldimga yoʻllagan boʻlsa?
— Urush boʻlayapti. Men sahrodan oʻtolmayman.
Alkimyogar shoshildi, imo bilan Santyagoni ichkariga taklif etdi. Qabila boshliqlarining shinam bezalgan ertaknamo chodirini aytmaganda, Alkimyogarning makoni voha ahlining chodirlaridan farq qilmasdi. Santyago ichkariga koʻz yugurtirib metall eritadigan qozon va koʻrani, alkimyoviy shisha idishlarni qidirdi, biroq chodirda bir necha toʻzigan kitobdan boshqa narsa koʻzga chalinmadi. Yerga sirli naqshlar solib toʻqilgan gilam tashlangan edi.
— Oʻtir, men hozir choy damlayman, — dedi Alkimyogar. — Qirgʻiylarni pishirib ovqatlanamiz.
Boʻzbola bular oʻsha — u yaqindan uchib yurganini koʻrgan qushlar boʻlsa kerak, deb oʻyladi, biroq bu haqda gapirmadi. Alkimyogar oʻchoqni yoqdi va hayal oʻtmay chodirga parranda goʻshtining xushboʻy hidi taraldi. Bu tamaki hididan koʻra yoqimliroq edi.
— Qanday meni istab kelding?
— Hammasiga belgilar sabab, shamol menga sening kelishingni va senga mening yordamim zarurligini aytdi.
— Yoʻq, bu men emas, balki boshqa yoʻlovchi — angliyalik. Seni izlagan oʻsha.
— Meni topgunicha u koʻp kishilar bilan uchrashishi lozim. Biroq u toʻgʻri yoʻldan borayapti. U faqat kitoblarga qarayotgani yoʻq.
— Men-chi?
— Agar sen biror narsani istasang, butun Olam istaging roʻyobga chiqishiga xayrixohlik qiladi, — Alkimyogar keksa Malkisidqning soʻzlarini takror aytdi va boʻzbola Oʻz Taqdiri yoʻlidan borishga koʻmaklashadigan yana bir odamni uchratganini angladi.
— Sen menga ta’lim berasanmi? — soʻradi u.
— Yoʻq. Sen zarur narsalarni bilasan. Men faqat seni xazinang tomon yoʻllayman, xolos.
— Biroq sahroda jang ketayapti, — takrorladi Santyago.
— Sahro menga tanish.
— Men xazinamni topganman. Menda tuya va pul bor, ularni billur savdosi bilan shugʻullanib, ishlab topganman, yana elliktacha tilla tangam bor. Endi yurtimda men boy hisoblanaman.
— Biroq bular seni ehromlarga bir odim ham yaqinlashtira olmaydi, — eslatdi Alkimyogar.
— Mening Fotimam bor. Bu xazina qolgan hamma boylikdan ustun.
— Undan ehromgacha boʻlgan yoʻl ham uzoq.
Ular jim qolishdi va ovqat yeyishga kirishishdi. Alkimyogar shisha idishning tiqinini ochib, Santyagoning stakaniga allaqanday qizil suyuqlik quydi. Bu vino ekan, boʻzbola umrida hali bunaqasini tatib koʻrmagandi. Biroq Qonun vino ichishni ta’qiqlaydi.
— Odamning ogʻzidan kirgani emas, balki ogʻzidan chiqqani yomon, — dedi Alkimyogar.
Vino ichib Santyago yayradi. Biroq Alkimyogar hanuz uni sergaklantiradigan gaplarni aytardi. Ular chodirning eshigi oldida yonma-yon oʻtirishib, toʻlin oy yogʻdusida yulduzlarning xira tortib borayotganini kuzatishardi.
— Ich yana — bu seni chalgʻitadi, — dedi Alkimyogar, vinoning boʻzbolaga ta’sir qilganini payqab. — Kuchingni yigʻ, jang oldidagi jangchiday. Biroq unutma, sening yuraging u yoqda, xazina yotgan joyda. Uni topish kerak, bu yoʻlda nimaniki tushunib yetsang, his etsang, barchasi mazmun-mohiyat kasb etadi. Ertaga tuyangni pulla va ot sotib ol. Tuyalarning fe’li bemaza: charchoq nimaligini bilmay loʻkillagani-loʻkillagan. Keyin tuyqusdan tappa yotib oʻlib qoladi. Ot esa sekin-asta toliqadi. Yoʻrgʻalashiga qarab yana qancha yurishini va qachon yiqilishini bilsa boʻladi.
Oradan bir kun oʻtib, kech kirganda Santyago, otni yuganidan yetaklab, Alkimyogarning chodiriga keldi. Shu orada Alkimyogar ham chiqib keldi, otiga mindi, qirgʻiy esa uning chap kiftidan joyini egalladi.
— Menga sahroda tiriklik alomatini koʻrsat, — dedi u. — Bu yerda tiriklik alomatini topa olgan kishigina xazinani qoʻlga kiritadi.
Ular oydinda qum tepalar oralab yoʻlga tushishdi. «Buni uddalashim qiyin, — Oʻyladi Santyago. — Men sahroni bilmasam, undagi tiriklik alomatini topolmayman».
U Alkimyogarga qarab bu haqda gapirmoqchi boʻldi, biroq choʻchidi. Ular boʻzbola qirgʻiylar parvozini kuzatgan toshlar yoniga kelishdi.
— Uddalay olmayman deb qoʻrqaman, — dedi Santyago baribir ichidagini yashirib oʻtirmay. — Sahroda tiriklik alomati borligiga ishonchim komil, biroq uni men topa olmayman.
— Tiriklik yashashga chorlaydi, — dedi unga javoban Alkimyogar.
Boʻzbola uni tushundi, yuganni boʻshatdi va ot qum, tosh oralab oʻziga yoʻl topib yura boshladi. Alkimyogar otning izidan yurib kelardi. Shu zayl yarim soat oʻtdi. Xurmozorlar ortda qoldi, ulkan qoya toshlardan boshqa hammasi barkashday oy yorugʻida koʻzdan gʻoyib boʻldi. Nihoyat, Santyagoning oti toʻxtadi — bu yerga boʻzbola burun kelmagan edi.
— Bu yerda tiriklik alomati bor, — dedi u Alkimyogarga. — Menga sahroning tili tushunarsiz, biroq otim tiriklik tilini tushunadi.
Ular shoshilishdi. Alkimyogar sukut saqlardi. Toshlarga nazar tashlab, u vazmin qadam tashlardi. Keyin birdan toʻxtadi va ehtiyot boʻlib egildi. Toshlar orasida yer yorigʻi qorayib koʻrinardi. Yoriqqa u barmogʻini tiqdi, keyin esa qoʻlini yelkasigacha yoriqqa joyladi. Ichkarida nimadir shitirladi, Santyago Alkimyogarning koʻzlarida (uning faqat koʻzlarini koʻrib turardi) jiddiy e’tiborni uqdi: goʻyo u birov bilan olishayotganday serdiqqat edi. Keyin u qoʻlini yoriqdan ilkis tortib oldi, kutilmagan bu harakatdan Santyago bir seskandi va Alkimyogar irgʻib oʻrnidan turdi. U ilonni dumidan ushlab koʻtarib turardi.
Santyago ham chaqqon turib, ortga tislandi. Ilon tipirchilab sahroning oʻlik sukunatini buzib, Alkimyogarning barmoqlariga oʻzini urardi. Bu bir chaqishdayoq oʻldiradigan kobra iloni edi.
«Qoʻrqmas ekan-a?» — boʻzbolaning xayolidan shu fikr oʻtdi. Alkimyogar ilonning iniga qoʻlini tiqib, hayotini xavf ostiga qoʻydi, biroq uning yuzi xotirjam edi. «U ikki yuz yoshda», — Santyago angliyalikning gapini esladi. Demak, sahroda ilonlar bilan muomala qilishni bilar ekan.
Mana, u otining oldiga keldi va egarga tangʻigan qayirma qilichini qinidan chiqardi. Qumga doira shaklini chizib, oʻrtasiga tinchib qolgan kobrani qoʻydi.
— Qoʻrqma, — dedi Santyagoga. — Bu yerdan chiqib ketolmaydi. Sen esa sahroda hayot mavjudligiga dalilni koʻrding. Menga shu kerak edi.
— Bu shunchalik muhimmidi?
— Juda muhim. Ehromlar sahrolar bilan oʻralgan.
Santyago yana ehromlar haqida gaplashishni istamayotgan — kechadan beri koʻngliga qil sigʻmayotgan edi. Xazinalarga borish Fotimadan ajralish bilan teng edi.
— Men oʻzim senga yoʻl boshlovchi boʻlaman, — dedi Alkimyogar.
— Vohada qolganim ma’qul edi, — javob qildi Santyago. — Fotimani uchratgan boʻlsam, axir, u menga dunyodagi barcha xazinalardan koʻra aziz.
— Fotima — sahro qizi. Unga erkaklarning bir kuni uylariga qaytib kelishi uchun safarga joʻnab ketishlari oyday ravshan. U ham oʻzining xazinasini qoʻlga kiritdi — bu sen. Endi esa sening oʻzing qidirayotgan narsangni topishingga umid qilayotir.
— Vohada qolishga qaror qilsam-chi?
— Unda Oqsoqolga Maslahatchi boʻlasan. Tillang koʻp boʻladi, son-sanoqsiz qoʻy, tuya sotib olasan. Fotimaga uylanasan, bir yilcha u bilan baxtli yashaysan. Sahroga mehr qoʻyasan, besh ming toʻp xurmo daraxtining har birini taniydigan boʻlasan, boʻyini boʻyingga oʻlchab, ularning qanday oʻsishini, dunyo muntazam oʻzgarib turishini tushunasan. Kun osha belgi-alomatlarni teranroq farqlay borasan, zotan, sahrodan-da yaxshi muallim yoʻq. Biroq oradan yil oʻtib, sen xazina haqida oʻylaysan. Belgilar uni tez-tez yodingga solaveradi, biroq sen bunga e’tibor qilmaslikka urinasan. Bor bilimingni voha, uning ahli farovonligi uchun sarflaysan. Qabilalar boshliqlari sendan mamnun boʻlishadi, tuyalar senga koʻp boylik keltiradi va hokimiyatingni mustahkamlaydi.
Yana bir yil oʻtadi. Belgilar xazina va Yoʻlni muntazam uqtirib turadi. Uzoq tunlarda azongacha vohada sanqiysan,
Fotima esa iztirob chekadi, chunki oʻzi tufayli sening izlanishlaring barbod boʻlganini tushunib yetadi. Biroq sen Fotimani hanuz sevasan, u ham seni yaxshi koʻradi. Biror marta ham u seni qolishga undamaganini bot-bot eslaysan, chunki sahro ayollari erlari qaytib kelguncha kuta olishadi. Va sen Fotimadan biror-bir ayb topa olmaysan, biroq koʻp oqshomlarni birvarakayiga sahro va xurmozorlarni kezib oʻtkazasan, Fotimaga boʻlgan muhabbatimga chin dildan ishonmaganimda bu yerdan joʻnab ketardim, deb oʻylaysan. Aslida seni vohada qoʻrquv ushlab turibdi — bu makonga boshqa qaytib kelolmayman, deb qoʻrqasan. Ana shunda belgilar xazinadan umrbod mahrum boʻlganingni senga aytadi.
Toʻrtinchi yilga kelib belgilar yoʻqoladi, chunki sen ularni ilgʻashni xohlamaysan. Buni payqagan oqsoqol sening xizmatingdan voz kechadi, biroq bungacha sen boy-badavlat savdogarga aylanasan, koʻp doʻkonlaring va suruv-suruv toylaring boʻladi. Va umringning oxirigacha, Oʻz Yoʻlingdan yurmaganingni bila turib, xurmozorlaru sahroni kezasan, oxir-oqibat endi kech boʻlganini tushunib yetasan.
Shunday qilib, sevgi insonning Oʻz Taqdiri yoʻlidan borishga hech qachon xalal bermasligini sen hech qachon anglab yetmaysan. Agar shunday boʻlsa, demak, bunday sevgi chin emas, haqiqiy emas, deyiladi Umum Tilida, — deya soʻzini yakunladi Alkimyogar.
U qumga chizgan doirani buzdi va kobra sudralib, toshlar orasida koʻzdan gʻoyib boʻldi. Santyago bir umr Makkaga ziyoratni orzu qilgan billur sotuvchi savdogarni, Alkimyogarni qidirgan angliyalikni esladi. Bir kun kelib sahro oʻzi suyishni istagan yigitni yetkazishiga ishongan ayolni ham esladi.
Ular otlarga minishdi. Bu safar Alkimyogar oldga tushdi. Shamol vohadagi odamlarning ovozini olib keldi va boʻzbola bu tovushlar orasida Fotimaning ovozini tanishga urindi. Jang bois u keyingi kunlar quduq oldida qizni uchratmagan edi.
Biroq bugun oqshom u qumga chizilgan doiradan chiqib ketolmagan kobrani kuzatdi, kiftida qirgʻiy bilan yurgan sirli suvorining gaplarini tingladi, suvori unga sevgi va xazinalar haqida, sahro ayollari va Oʻz Taqdiri haqida gapirdi.
— Men sen bilan birga ketaman, — dedi Santyago va shu lahzada ruhi xotirjam boʻlganini his etdi.
— Biz ertaga yoʻlga chiqamiz, bundan-da qorongʻuroq pallada, — qisqa javob qildi Alkimyogar.
Tun boʻyi u koʻzlarini yummadi. Quyosh chiqishiga ikki soatlar qolganda oʻzi bilan bir chodirda yotgan bolalardan bittasini uygʻotdi va Fotima qaerda yashayotganini soʻradi. Ular