Alkimyoga (2-bet)
berilib kitob oʻqiyotganday koʻrsatib.
Aslida esa u muvutchining qizining koʻz oʻngida toʻrtta qoʻyning junini qanday qirqishini oʻylardi. Chunki qiz uning nimaga qodirligini koʻradi. Santyago bu manzarani tez-tez koʻz oldiga keltirar va har gal xayolida qiziqib qarab turgan qizga qoʻyni dumidan boshlab boshi tomonga qirqib borish kerakligini tushintirardi. U yana bir qancha gʻaroyib voqealarni ham xotirasida jamlab, qoʻylarni qirqayotib, ularni qizga aytib berishga chogʻlanardi. Bu voqea-larni kitoblardan oʻqib olgan edi, biroq bularni oʻz boshidan kechirganday qilib aytib bermoqchi edi. Qiz hech qachon buning tagiga yetolmaydi: chunki u oʻqishni bilmaydi-da.
Qariya juda qaysar chiqib qoldi. Chanqab ketganini aytib, bir qultum vino soʻradi. Santyago koʻzani uzatib, shu bilan undan qutilishga umidlandi.
Qayoqda — qariyaning jagʻi battar ochildi, gurunglashgisi keldi. Koʻzani uzatayotib, boʻzboladan qanday kitob oʻqiyotganini soʻradi. Santyagoning boshqa oʻrindiqqa oʻtib oʻtirgisi keldi, biroq otasi unga keksalarga doimo xushmuomalada boʻlishni nasihat qilgandi, shu bois u bir soʻz demay kitobni qariyaga uzatdi: ehtimol, kitobning nomini toʻgʻri oʻqishni u bilar. Agar chol savodsiz boʻlsa, oʻzi uni tinch qoʻyar, noqulay holga tushib qolmay deb.
— Him... — dedi qariya kitobni qoʻlida aylantirib koʻrarkan, goʻyo bunday gʻalati buyumga birinchi marta koʻzi tushganday. — Yaxshi kitob, zarur narsalar haqida, biroq nihoyatda zerikarli.
Santyago ajablandi: qariya, demak, nafaqat oʻqishni bilarkan, hatto ayni shu kitobni oʻqib chiqqan ekan. Nachora, agar chindan zerikarli boʻlsa, hali uni boshqasiga almashtirib olishga vaqt bor.
— Bu kitobda ham, deyarli boshqa barcha kitoblarda bor gaplar yozilgan, — davom etdi qariya. — Ya’ni odam oʻz taqdirini oʻzi tanlay olmasligi haqida. Bu kitobdagi bor gap odamlarni dunyodagi eng katta yolgʻonga ishontirishdan iborat.
— Qanaqa u bu dunyodagi eng katta yolgʻon? — ajablandi Santyago.
— Mana shunaqa: qandaydir lahzalarda hayotimiz tizgini qoʻlimizdan chiqib ketadi va uni beixtiyor taqdir boshqara boshlaydi. Uchiga chiqqan uydirma.
— Men uchun, nazarimda, buni tushunish qiyin, — dedi Santyago. — Meni, masalan, ruhoniy qilmoqchi boʻlishgandi, men esa choʻponlikka ketdim.
— Shunisi ma’qul-da, — boshini sermadi qariya. — Sen yurt kezib yurishni yaxshi koʻrasan-ku.
«Mening fikrlarimni oʻqiyotganga oʻxshab gapiradi», — Oʻyladi boʻzbola.
Bu orada qariya kitobni qaytib berishni xayoliga ham keltirmayotganday, bamaylixotir varaqladi. Faqat hozir Santyago qariyaning egnida arabcha yaktak borligini payqadi — aslida buning ajablanadigan joy yoʻq: Tarifni Afrika qirgʻogʻidan torgina boʻgʻoz ajratib turadi, uni bir necha soatda suzib oʻtish mumkin. Arablarni shaharchada tez-tez uchratasan — ular bir nimalar sotib olishadi, bir kunda bir necha bor oʻzlarining gʻalati ibodatlarini amalga oshirishadi.
— Siz qaerliksiz? — soʻradi u qariyadan.
— Hammaerlik.
— Bunday boʻlmaydi-ku, — e’tiroz bildirdi boʻzbola. — Hech kim hammaerlik boʻla olmaydi. Mana men, masalan, choʻponman, dashtu dalalarni kezib yuraman, biroq bir joyda tugʻilganman, shaharchada, eski qasr turgan togʻ yonidagi. Shu shaharchada men tugʻilganman.
— Xoʻp, unday boʻladigan boʻlsa, men Salimda tugʻilganman.
Santyago bilmasdi Salim qaerdaligini, biroq soʻrab oʻtirmadi, qizarib qolmay deb. U tashvishli qiyofadagi yoʻlovchilar tinimsiz oʻtib-ketib turgan maydonga tikilib qarab turdi.
— Xoʻsh, Salimda hayot qanday?
— Odatdagiday.
Bilib olishning hech iloji yoʻq edi. Faqat bunday shahar Andalusiyada yoʻqligi ayon edi, aks holda Santyago uni eshitgan yoki koʻrgan boʻlardi.
— U yerda siz nima ish bilan mashgʻulsiz?
— Nima ish bilan mashgʻulman? — Qariya «qah-qah» otib kulib yubordi. — Men uni boshqaraman. Men — Salim podshohiman.
«Odamlarga bir balo dorigan oʻzi, — Oʻyladi boʻzbola. — Haqiqatan, tilsiz qoʻylar bilan andarmon boʻlib yurganim ma’qul aslida, yemishi bilan suvi boʻlsa bas. Yoki kitob oʻqiganim tuzuk — Gʻaroyib voqealarni bilib olasan, qachon xohlasang ochib oʻqiyverasan. Biroq odamlar bilan qiyin: tomdan tarasha tushganday bir nimani aytadi, oʻtirasan keyin ustingga magʻzava toʻkilganday, nima deb javob berishni bilmay».
— Mening ismim Malkisidq, — mingʻirladi qariya. — Qoʻying nechta?
— Koʻp, — mujmal javob qildi Santyago.
— Toʻgʻrisi qancha? Demak, senga mening yordamim kerakmas, qoʻying yetarli, deb hisoblasang.
Boʻzbolaning chindan jahli chiqdi. Hech qanday yordam soʻrab oʻtirmadi. Gapni qariyaning oʻzi boshladi-da, avval vino soʻradi, keyin kitobni koʻray dedi, endi unga gurung berishing kerak.
— Kitobni bering, — dedi u. — Men yoʻlga chiqishim kerak.
— Menga otaringning oʻndan birini bersang — xazinaga qanday yetib borishni oʻrgataman.
Tuyqusdan boʻzbolaga hammasi ayon boʻldi-qoldi. Loʻli kampir undan sariq chaqa ham soʻramadi, demak, qariya — u, ehtimol kampirning eri, oʻzi ham loʻli boʻlsa kerak, bir dunyo yolgʻon-yashiq gaplarni toʻqib, koʻproq pul undirish uchun atay joʻnatilgan.
Biroq Santyago gapga ogʻiz juftlashga ulgirmay, qariya yerdan bir shoxchani olib, qumga nimalarnidir chizdi. U egilgan chogʻda koʻkragida nimadir shunaqa nur taratib yaraqladiki, boʻzbola bir lahza koʻr boʻlib qoldi. Biroq qariya qartaygan yoshiga mos boʻlmagan bir harakat bilan libosiga burkanib oldi, Santyagoning koʻzi koʻra boshlaganda, u oyoqlari ostida qariya chizgan shakllarni koʻrdi.
Kichkina shaharning bosh maydonini qoplagan qumda u ota-onasining ismlarini va oʻzining butun hayotini ayni daqiqalargacha — bolalikdagi oʻyinlari-yu diniy maktabdagi sovuq kechalarni — hamma-hammasini oʻqidi. U doʻkondor qizining ismini oʻqidi, buni endi bilishi edi. U hali hech kimga aytmagan narsalarni: bir safar ki-yik ovlash uchun otasining miltigʻini soʻramasdan olganini va hayotida dastlab, faqat bir marta ayol bilan tunaganini oʻqidi.
«Men — Salim podshohiman», — yodiga tushdi uning.
— Nega podshoh choʻpon bilan gaplashib oʻtiribdi? — xijolatomuz, yuvosh tortib soʻradi Santyago.
— Buning sabablari koʻp, biroq eng asosiysi shuki, sen oʻz Taqdiring yoʻlidan borishga qodirsan.
— Bu qanaqa Taqdir? — soʻradi boʻzbola.
— Barcha odamlar, hali navqiron paytlarida, oʻz Taqdirini bilishadi. Umrning bu pallasida hamma narsa tushunarli va oʻzlari xohlagan ishni amalga oshirishga intilishdan qoʻrqishmaydi. Biroq vaqt oʻtishi bilan bir sirli kuch ularni oʻz Taqdirini yuzaga chiqarishga erishishning iloji yoʻqligiga ishontirishga kirishadi.
Qariyaning gaplari Santyagoga unchalik ta’sir qilmadi, biroq «sirli kuch» uni qiziqtirib qoldi — doʻkondorning qizi buni eshitsa, ogʻzi ochilib qoladi.
— Bu kuch aftidan yomonlikka yoʻgʻrilgan. Biroq amalda u odamlarni oʻz Taqdirini qanday yuzaga chiqarishga yoʻnaltiradi. Bu kuch uning ruhi va irodasini shunga tayyorlab boradi. Bu sayyorada bir ulugʻ haqiqat mavjud: sening kimligingdan va nima qilayotganingdan qat'i nazar, qachonki sen bir nimani chin yurakdan istasang, bunga erishasan, chunki shunday istak Olam Qalbida ham yaraladi. Va bu sening Yerdagi nasibangdir.
— Hatto agar men faqat yurt kezib yurishni yoki doʻkondorning qiziga uylanishni xohlasam hammi?
— Yoki xazinani qidirsang-da. Olam Qalbi inson baxtidan oziqlanadi. Baxtidan, biroq ayni paytda gʻamidan, havasu hasadidan, rashkidan ham. Odamning yakka-yagona majburiyati: oʻz Taqdiri yoʻlidan oxirigacha borish. Hammasi — shunda mujassam. Yodingda tut, sen biror narsani istagan paytda butun Olam sening istaging amalga oshishiga yordam beradi.
Biroz muddat ular maydonga va oʻtib-ketib turgan odamlarga jim qarab oʻtirishdi. Jimlikni birinchi boʻlib qariya buzdi:
— Xoʻsh, shunday qilib nega endi sen qoʻy boqishga qaror qilding?
— Chunki, dunyo kezib yurishni yaxshi koʻraman.
Qariya maydon burchagiga qizil kajavasi bilan kelib toʻxtagan makkabodroq sotuvchiga ishora qildi:
— Bolaligida u ham dunyo kezishni orzu qilgan. Biroq keyin makkabodroq sotib, pul topishni afzal bildi. Qarigach, u Afrikada bir oyni oʻtkazdi. Oʻz orzusini amalga oshirishi uchun odamda hamma vaqt imkon boʻlishini tushunish unga nasib etmagan.
— Uning choʻponlik qilgani ma’qul edi, — dedi Santyago.
— Bu haqda u oʻyladi. Biroq soʻng yaxshisi savdo-sotiq bilan shugʻullanishga qaror qildi. Savdogarlarning boshida kapasi bor, choʻpon-choʻliqlar esa ochiq dalada tunaydi. Qizlarning ota-onalari ham kuyovlari choʻpon emas, savdogar boʻlishini xohlashadi.
Santyago movutchining qizini esladi va yuragiga igna sanchilganday boʻldi. Albatta, qiz yashayotgan oʻsha shaharda kimdir qizil kajava bilan izgʻib yurgandir.
— Bundan kelib chiqadiki, odamlarning choʻponlar va makkabodroq sotuvchilar haqidagi fikrlari Taqdir yoʻli haqidagi fikrdan muhim ekan-da.
Qariya yana kitobni varaqladi va aftidan, oʻqiy boshladi. Santyago uzoq kutdi, keyin bari bir qariyani chalgʻitishga qaror qildi, chunki oldin chol ham uni kitob-dan chalgʻitgandi:
— Nima uchun siz men bilan bu haqda gaplashayapsiz?
— Chunki sen oʻzingning Taqdiring yoʻlidan borishga urinding. Biroq hozir undan chekinishga tayyorsan.
— Siz har doim shunday daqiqalarda paydo boʻlasizmi?
— Har doim. Boz ustiga boshqa shaklu shamoyilda ham koʻrinishim mumkin. Gohida toʻgʻri qaror tarzida, gohida ma’qul fikr tarzida. Gohida esa, hal etuvchi daqiqada, men boshi berk koʻchadan chiqish yoʻlini aytaman. Barini eslab qololmaysan. Biroq odatda odamlar mening paydo boʻlganimni payqashmaydi.
Qariya oʻtgan hafta bir tilla qazuvchi qoshida tosh shaklida paydo boʻlgani haqida hikoya qildi. Bir paytlar bu odam hammasini tashlab, zumrad qazib topish uchun yoʻl olgan. Daryo qirgʻogʻida besh yil rosa ter toʻkkan va bir dona boʻlsa-da, zumrad toparman, deb 999 999 toshni maydalagan. Va shunda hafsalasi pir boʻlib, orzusidan voz kechishga ahd etgan, bu payt uning poyida faqat bittagina tosh qolgandi — va u shu toshning ichidan oʻzining zumradini topardi. Shunda qariya aralashishga va oʻz Yoʻlidan mardona ketayotgan tilla izlovchiga yordam berishga qaror qildi. U toshga aylandi, uning oyogʻi ostiga yumalab keldi, biroq tilla izlovchi, besh yildan beri besamar ter toʻkayotganidan gʻazabga minib, oyogʻi bilan toshni tepib yubordi. Biroq shunday kuch bilan tepdiki, tosh boshqa bir toshga urilgancha yorilib, dunyoda tengsiz goʻzal zumrad quyosh nurida yaraqlab ketdi.
— Odamlarga oʻz hayotlarining mohiyati juda erta ayon boʻlib qolganday tuyuladi, — dedi qariya va Santyago uning koʻzlaridagi gʻamni ilgʻadi. — Ehtimol, shuning uchun ham ular bundan juda erta voz kechishar. Nachora, dunyo shunday qurilgan.
Shu payt boʻzbola gurung xazina haqidagi gapdan boshlanganini esladi.
— Ma’danni soy va daryolar yuzaga olib chiqadi, ayni soy va daryolar ularni yer qa’riga bekitadi, — dedi qariya. — Agar oʻzingning xazinang haqida batafsil bilging kelsa — suruvingdagi qoʻylarning har oʻntasidan birini menga ber.
— Balki topsam, oʻsha xazinaning oʻndan birini berganim tuzukdir?
— Qoʻlingda yoʻq narsani va’da qilish, uni qoʻlga kiritishga jahd etish demak, — dedi qariya ginali ohangda.
Shunda Santyago suruvining oʻndan birini loʻli kampirga allaqachon va’da qilganini aytdi.
— Loʻlilar haqini undirishni biladi, — xoʻrsindi qariya. — Nima boʻlganda ham bilib qoʻyganing tuzuk, dunyoda har bir narsaning oʻz bahosi bor. Nur Askarlari ayni shunga oʻrgatishga intilishadi. — U Santyagoga kitobni uzatdi. — Ertaga shu vaqtda sen suruvingning oʻndan birini qoshimga haydab kelasan. Shunda men xazinani qanday topishni aytaman.
Va shunday deb, u muyulishda koʻzdan gʻoyib boʻldi.
Santyago yana kitobni qoʻliga oldi, biroq mutolaga kirisholmadi — diqqatini bir joyga yigʻishga qurbi yetmasdi. Qariya bilan muloqotdan hayajonlagandi, chunki uning koʻngli sezdi: qariya haqiqatni gapirdi-da. Boʻzbola chakana savdo qutisi yoniga bordi va bir qogʻoz xaltacha makkabodroq sotib oldi, sotuvchiga qariyaning u haqdagi gapini aytsammikan, deb oʻyladi, keyin shart emas, degan qarorga keldi.
«Ba’zida hammasini oʻz holicha qoldirgani ma’qul» — deb oʻyladi u. Aytsang, sotuvchi, gʻildirakli qizil qutisiga oʻrganib qolganiga qaramay, uch kunlab oʻylanib yuradi, bu ishning bahridan oʻtsammikan, deb. «Uni bunday azobdan xolos etganim boʻlsin».
Shunday oʻy bilan Santyago koʻcha boʻylab, boshi oqqan tomonga qarab ketdi, oxiri bandargohga kelib qoldi, chogʻroqqina uychaning yonidan chiqdi. Uychada Afrikaga boradigan kemalarga patta sotishardi. Darvoqe, Misr aynan Afrikada.
— Sizga nima kerak? — soʻradi pattafurush.
— Ehtimol, ertaga sizdan patta xarid qilarman, — javob qildi Santyago va nari yurdi.
Bittagina qoʻyni sotsang bas, qarabsanki, Afrikadasan. Bu fikr uning koʻngliga gʻulgʻula soldi. Pattafurush esa yoramchisiga gap qotdi:
— Yana bitta xayolparast. Sayohat qilgilari kelibdi, kissasida hemiri yoʻq.
Santyago pattaxona tokchasi oldida turarkan, qoʻylari yodiga tushdi va tuyqusdan ularning yoniga tezroq borgisi kelib qoldi. Ikki yilda choʻpolik san'atini egalladi va chorvani miridan-sirigacha — qoʻy qirqishni-yu qoʻzilatishni, suruvni boʻrilardan asrashni bilib oldi. Andalusiyaning yaylovlari endi unga besh barmogʻiday tanish, otaridagi xohlagan qoʻyining narxini aniq baholay biladi.
U oʻzini kutayotgan suruv qamalgan qoʻtonga eng uzoq yoʻldan joʻnadi. Bu shaharning ham oʻz qal'asi bor edi, boʻzbola qiyalikdan koʻtarilib, qal'a devoriga chiqib oʻtirishga qaror qildi. U joydan Afrika koʻrinardi. Bir paytlar kimdir unga qadim zamonda Afrikadan mavrlar suzib kelishib, sal boʻlmasa Ispaniyani butunlay mahv etashganini uqtirgandi. Santyago mavrlarga toqat qilolmasdi: bu yerga loʻlarni shular olib kelgan boʻlishi kerak.
Devordan butun shahar, haligina u qariya bilan gurunglashib turgan bozor maydoni kaftdagiday koʻrinib turardi.
«Qaysi goʻrdanam uni uchratdim», — Oʻyladi boʻzbola.
Hamma balo loʻli kampirning tushni ta’birlaganidan boshlandi-da. Na loʻli, na qariya uning choʻpon ekaniga ahmiyat berdi. Ha, hamma narsadan koʻngli sovugan bu yolgʻiz odamlar choʻpon degan zot qoʻy bilan tirik ekanini qaydan bilsin. Santyago suruvdagi har qaysi qoʻyning bir qarashdayoq ichi-sirtini aytib bera oladi: unisi — qisr, narigisi ikki oydan soʻng qoʻzilaydi, hov, chetdagilari — suruvning eng sudralganlari, yalqov. U qoʻylarni qirqishni, boʻgʻizlashni uddalaydi. Agar biror yoqqa ketguday boʻlsa, qoʻylari uni qumsaydi, egasiz boʻlib qoladi.
Shamol turdi. Bu shamol unga tanish edi — odamlar buni «lavanta shamoli» deyishardi, chunki Oʻrtaer dengizining sharqiy qismidan, Lavantadan kelgan mavrlarning yelkanlarini koʻtargan shu shamol edi. Boʻzbola, hali Tarifda boʻlmagan esa-da, Afrika qirgʻoqlari juda yaqin ekaniga shubhalanmasdi. Bunday qoʻshnilik xatarli — mavrlar yana bostirib kelishi mumkin. Shamol kuchaydi. «Baribir qoʻylarim va xazina bilan oramizni buzib yuborolmas», — Oʻyladi Santyago. Endi ikkisidan birini — yo oʻzi odatlangan mashgʻulotni yoki koʻngli tusab turgan narsani deyishi kerak. Aytgancha, oʻrtada doʻkondorning qizi ham bor, biroq qoʻylar muhimroq, chunki ular Santyagoga muhtoj. Qizaloqqa — baribir. Darvoqe, uni eslarmikan? Boʻzbola adashmas-ov: ikki kundan keyin uning oldida paydo boʻlsa, qizaloq tanimaydi, chunki qizaloq uchun kunlar bir xilda oʻtadi, kunlari ikki tomchi suvday yakrang odamlar har tong quyosh charaqlab chiqib, turmushiga roʻshnolik bagʻishlayotganini payqashmaydi.
«Men otamni, onamni ham, tugʻilgan qishlogʻimdagi qal'ani ham tashlab keldim, — Oʻyladi u. — Ular ayriliqda yashashga koʻnikishdi, men ham shunga odatlandim. Demak, bunga qoʻylar ham koʻnikadi mening yoʻgʻimda».
U yana maydonga tepadan turib qaradi. Makkabodroq savdosi qizigandan qizirdi: ana, qariya bilan haligina gurunglashgan soʻrida endi bir juft oshiq qaymoqlashib oʻtirishibdi.
«Savdogar...» — Oʻyladi Santyago, biroq fikrini yakunlashga ulgurmadi — kuchaygan «lavanta shamoli» shiddat bilan toʻgʻri yuziga urildi.
Shamol faqat bosqinchi mavrlar yelkanlarini koʻtarib qolmagan, balki oʻzi bilan xavotirli sahro garmselini, chodralarga oʻrangan ayollar boʻyini, bir zamonlar nimalarnidir qidirib, oltinu sarguzasht ishtiyoqida izgʻiganlarning ter va umid-orzulari hidini ham olib kelgan. Shamol ehromlar nafasini ham olib kelgan. Boʻzbolaning erkin, daydi shamolga havasi keldi va oʻzi ham uningday boʻla olishini his etdi. Oʻzidan boshqa hech kim yoʻlini toʻsa olmaydi. Qoʻylar, movutchining qizi-yu Andalusiyaning yaylovlari — bular bari oʻz Yoʻlini topguncha bosib oʻtiladigan soʻqmoqlar, xolos.
Ertasi kuni choshgohda u bozor maydonida paydo boʻldi va oʻzi bilan oltita qoʻyni haydab keldi.
— Gʻalati ish boʻldi, — dedi u qariyaga. — Doʻstim hech qanday gap-soʻzsiz mendan butun bir otarni sotib oldi va umr boʻyi choʻpon boʻlishni orzu qilgandim, dedi. Yaxshilik alomati bu.
— Hamisha shunday boʻladi, — javob qildi qariya. — Buni Xayrli Ibtido deyishadi. Agarda sen, misol uchun, hayotingda birinchi marta qarta oʻynashga oʻtirsang, aftidan, yutgan boʻlarding. Boshlovchilarning omadi keladi.
— Nega bunday boʻladi?
— Chunki hayot sening oʻz Taqdiring yoʻlidan borishingni xohlaydi va omadlarni yor etib, ishtahangni ochadi.
Shundan soʻng qariya qoʻylarni kuzata boshladi va bittasi oqsoqlanayotganini aytdi. Boʻzbola buning ahamiyati yoʻqligini, suruvdagi eng aqlli, boz ustiga, eng koʻp jun beradigan shu qoʻy, deya tushuntirdi.
— Xoʻsh, endi, xazinani qaerdan izlash kerak? — soʻradi u.
— Misrdan, ehromning yonidan.
Santyago esankiradi. Loʻli kampir ham xuddi shu gapni aytgandi, faqat buning uchun undan hech nima olmadi.
— Tangri har bir odamning bu dunyodagi yoʻlini belgilab qoʻyadi, sen u yoqqa ana shu belgilar orqali yoʻl topasan. Faqat sen belgilarni — nimalar yozib qoʻyilganini oʻqiy bilsang bas.
Santyago javob qilib ulgurmadi, u bilan qariya oʻrtasida bir kapalak pirillab aylanaverdi. U bolaligida bobosidan goʻyo kapalak omad keltirishi haqida eshitganini esladi. Xuddi qora chigirtka, kaltakesak va yoʻngʻichqaning bargchalariday.
— Aynan shunday, — mingʻirladi qariya uning xayolidan oʻtgan fikrni uqib. — Hammasi xuddi bobong senga aytganiday. Bu oʻsha belgilar, ularga amal qilsang, yoʻlingni yoʻqotmaysan.
Shu soʻzlarni ayta turib, u toʻshini yalang ochdi va hayratga tushgan Santyago kecha koʻzini qamashtirgan yarqiroq jilvani esladi. Qariya oltindan quyulgan, qimatbaho toshlar bilan bezalgan sipar taqib yurardi. Aslida ham u podshoh edi, yupinroq kiyinib yurishining sababi esa, aftidan, talonchilar tashlanib qolmasligi uchun boʻlsa kerak.
— Mana, ol, — dedi qariya va sipardan ikkita, oq va qora toshni koʻchirib, ularni Santyagoga uzatdi. — Bular Urim va Tummim deyiladi. Oqi «ha»ni, qorasi esa «yoʻq»ni anglatadi. Belgilarning ma’nosini uqolmay qolganingda ular senga asqotadi. Soʻrasang — javob beradi. Biroq yaxshisi, — davom etdi u, — har qanday holatda oʻzing bir qarorga kelganing ma’qul. Oʻzing bilasan, xazina — ehrom yonida, oltita qoʻyni men senga bir qarorga kelishingga koʻmaklashganim uchun olaman.
Boʻzbola toshlarni toʻrvasiga bekitdi. Endi, bundan keyin biror qaror qabul qilguday boʻlsa faqat oʻziga tayanadi, xolos.
— Unutma, dunyodagi hamma narsa bir butun, yaxlit. Alomatlar tilini yodingdan chiqarma. Va, eng muhimi, shuni yodingdan chiqarmaginki,sen oxirigacha oʻz Taqdiring yoʻlidan ketishing kerak. Endi men senga muxtasar bir rivoyatni aytib beraman.
Bir savdogar oʻgʻlini baxt nima, uning qanday sir-asrorlari bor, bilsin deb eng mash-hur donishmand huzuriga yuboribdi. Oʻgʻlon qirq kecha-kunduz sahro kezib, nihoyat togʻ tepasidagi ajoyib bir qal'ani koʻribdi. Bu qal'ada u izlab yurgan Donishmand yasharkan.
Kutilganidek, qal'a donishmandning uzlatga chekingan kimsasiz kulbasiga sira ham oʻxshamas, aksincha, odam bilan toʻla edi: savdogarlar lash-lushlarini koʻrsatib u yoq bu yoqqa chopqilashar, ba’zilari burchak-burchaklarda gaplashib turishar, moʻ'jazgina sozandalar guruhi mayin kuy ijro etar, zalning oʻrtasida, bu oʻlkada topsa boʻladigan jamiki noz-ne’matlarga toʻla toʻkin dasturxon tortilgan.
Donishmand bamaylixotir mehmonlar bilan bir-bir koʻrishib-soʻrashib chiqadi va yigitchaning navbati yetguncha rosa ikki soat kutishiga toʻgʻri keladi.
Nihoyat Donishmand uning tashrifidan koʻzlagan maqsadini