tungi.ru

Alkimyoga (5-bet)

til edi, ishni mehr-muhabbat va xohish-iroda bilan qiladigan, ishonchu xohishingga quvvat beradigan til edi. Tanjer endi unga begona joy emas, endi boʻzbolaning dunyoni, xuddi bu shaharni zabt etganiday, zabt eta olishga koʻzi yetib turardi.

«Agar biror-bir narsani chin dildan orzu qilsang, butun Olam uning amalga oshishiga koʻmaklashadi», — keksa Malkisidq shunday degan edi.

Biroq qariya faqat orzu qilib, amalda uni chin dildan istamaydigan talonchilar, behudud sahro-yu odamlar haqida churq etmadi. U boʻzbolaga ehrom deganlari shunchaki sangzor ekani, agar xohlasa har qanday odam chorbogʻida bunday toshlar uyumini tiklay olishi haqida ham gapirmadi. Biroq keksa podshoh unga, agar orttirib qoʻy sotib olishga pul yigʻa olsa, bu qoʻylarni u sotib olishi kerakligini aytib qoʻyishni unitgandi.

Santyago toʻrvasini olib, boshqa lash-lushlariga qoʻshib qoʻydi. Xoʻjayin xaridorlarga xizmat qilar, yana ikki nafar xaridor doʻkon ichida billur idishlarda choy ichishib, aylanib yurishardi. Bunday mahalda doʻkonda, odatda, xaridorlar koʻp boʻlmasdi. Shu damda Santyago xoʻjayinning sochlari Malkisidqning sochlarini eslatishini payqadi. Tanjerdagi birinchi tong mahali uning yodiga tushdi, oʻshanda na boradigan joyi va na biror yeguligi bor edi; qandolatchining tabassumi ham yodiga tushdi va bu tabassum ham keksa podshohni esiga soldi.

«Xuddi Malkisidq bu yerdan oʻtganday, hamma narsada oʻzining izini qoldirganday, — Oʻyladi boʻzbola. — Goʻyo bu odamlar oʻz hayotlarining qaysidir pallasida u bilan uchrashganday. Biroq u menga: kimki oʻz Taqdiri yoʻldan borayotgan boʻlsa, men unga koʻrinaman, degan edi».

U xayrlashmay chiqib ketdi — begonalar oldida yigʻlashni or bildi. Biroq u bu joyni, mana shu makonda oʻrganib, odatlanib qolgan narsalarni qoʻmsashini, sogʻinishini tushunardi. Bu joyda u oʻziga ishonch va dunyoni zabt etguday ishtiyoq paydo qildi.

«Axir, men qoʻy boqadigan tanish joylarga qaytayapman», — Oʻyladi u, biroq bunday xush xayol ham negadir uning koʻngliga chiroq yoqmadi. Orzuimni amalga oshiray deb bir yil ishladi, mana endi bu orzu ushalay deb turganda daqiqa sayin oʻzining jozibasini yoʻqota boshlayapti. Balki bu, umuman, orzu emasdir?

«Ehtimol, billur sotuvchiga oʻxshagan boʻlish kerakdir? U kabi bir umr Makkani orzu qilib, hech qachon safarga chiqmagan ma’qulmikan?» — Oʻyladi boʻzbola, biroq u qoʻlida ushlab turgan toshlar gʻoyibdan unga keksa podshohning quvvati va qat'iyatini berayotganday edi.

Gʻaroyib tasodif tufaylimi yoki bu ham bir belgidan darakmi, ishqilib, u hozir Tanjerga kelgan birinchi kunda bosh suqqan yemakxonaga kirdi. Albatta, oʻshanda unga duch kelgan tovlamachining qorasi koʻrinmasdi. Xoʻjayin choy keltirdi.

«Choʻponlikka xohlagan paytim qaytaveraman, — Oʻyladi Santyago. — Qoʻy boqishni, jun qirqishni eplayman va bu yumush bilan pul topa olaman. Biroq boshqa paytda ehromlarga borish uchun hozirgiday imkoniyat boʻlmasligi mumkin. Koʻkragiga oltin sipar taqqan qariya mening butun oʻtmishimni bilardi. Menga haqiqiy podshoh va boz ustiga, donishmand uchragan edi».

Uni Andalusiya dalalaridan atigi ikki soatli yoʻl ajratib turardi, biroq ehromgacha bepoyon sahro yastanib yotibdi. Bunga boshqacha qarasa ham boʻlishini u tushundi: hozir yoʻl olsa xazinagacha ketadigan vaqt ikki soatga qisqaradi, garchi u, bu orada, bir yilni yoʻqotgan esa-da.

«Nega qoʻylarimga qaytib borgim kelayotgani tushunarli: chunki ularni bilaman, yaxshi koʻraman, ularning tashvish ham aytarli koʻp emas. Biroq sahroga shunday mehr qoʻysa boʻlarmikan? Axir, men intilgan xazinamni aynan sahro oʻz bagʻriga bekitgan-ku. Agar uni topolmasam — uyga qaytaman. Boʻlganicha boʻldi, hozir pulim ham, vaqtim ham bor, nega bir urinib koʻrmasligim kerak?»

Shu daqiqada u juda sevinib ketdi. Choʻponlik doimo uning ilkida. Qolaversa, xohlagan paytda oʻzi ham billur savdosi bilan shugʻullana oladi. Albatta, dunyoda xazinalar ham koʻp, biroq boshqa birov emas, aynan uning oʻzi bir tushni ikki marta koʻrdi va unga keksa podshoh duch keldi.

U yemakxonadan dumogʻi chogʻ boʻlib chiqdi. Xoʻjayiniga billur yetkazib turadigan, sahroda karvon bilan yuradigan bir savdogar yodiga tushdi. Santyago kaftidagi Urim va Tumimni siqdi — shu toshlar sharofati tufayli u yana oʻz xazinasini qidirib yoʻlga tushishga qaror qildi.

«Men doimo oʻz Taqdiri yoʻlidan borayotganlar yonidaman», — u Malkisidq soʻzlarini esladi.

Bu juda oson: savdo omboriga borib, ehromlar bu yerdan uzoq deyishadi, shu rostmi, deb soʻrasa boʻlgani.

Angliyalik oʻtirgan joy koʻproq ogʻilni eslatardi, bu yerdan ter, chang va mol hidi anqirdi. «Mana shunday yovuqda yashash uchun oʻn yil oʻqish lozim boʻldi», — Oʻyladi u, kimyoga oid jurnalni parishonxotir varaqlarkan.

Biroq ortga chekingani imkon yoʻq. Belgilarga ergashish kerak edi. U butun umrini bani bashar gapiradigan oʻsha yagona tilni topishga bagʻishladi, shu uchun oʻqidi-izlandi. Dastlab u xalqaro sun'iy til — esperanto bilan mashgʻul boʻldi, keyin dunyodagi dinlar bilan qiziqdi va nihoyat alkimyoga berildi. Mana endi esperantoda bemalol gapiradi, turli diniy e’tiqodlar tarixini puxta biladi, faqat hali alkimyogar boʻla olgani yoʻq. Toʻgʻri, qandaydir sir-sinoatlarni kashf etdi, lekin ayni paytda bir nuqtada turib qoldi va oʻz tadqiqotlarida bir qadam ham oldga siljiy olmayotir. Qaysidir bir alkimyogardan koʻmak topishga behuda urindi — ularning bari ichimdagini top deydigan, gʻalati fe’l-atvorli odamlar chiqdi, ularning bari faqat oʻzini oʻylar, biror-bir koʻmak yo maslahat olish dargumon edi. Ehtimol, bunday dargumonlik ularning har narsani oltin qiladigan afsonaviy tosh — Iksirning siriga baribir yetisha olmaganliklari tufaylidir.

Angliyalik otasining merosidan bir qismini oʻzining samarasiz tajribalariga sovurib boʻldi. U dunyodagi eng boy kutubxonalarda izgʻidi, alkimyoga oid kamyob, oʻta nodir kitoblarni xarid qildi. Oʻsha kitoblardan bittasida u, koʻp yillar burun Yevropada boʻlgan bir mashhur arab alkimyogari haqida oʻqidi; uning ikki yuzdan oshgani-yu, Iksirni topgani va Obi-hayotni kashf etgani haqida keng dovruq taralgandi; bu ovozalar, albatta, angliyalikni ne qadar mutaassir etmasin, agar sahrodagi arxeologik ekspeditsiyadan qaytib kelgan oshnasi oʻzi koʻrgan karomatsohib bir arab haqida unga gapirib bermaganida, oddiy afsonaday tuyulardi. U El-Fayum vohasida istiqomat qilarkan. Gap-soʻzlarga qaraganda, yoshi ikki yuzda va u har qanday metalni oltinga aylantira olarmish.

Buni eshitgan zahoti angliyalik hamma ishini yigʻishtirdi, uchrashuvlarni bekor qildi va shaxsiy kutubxonasidan eng kerakli kitoblarni oldi-yu, yoʻlga tushdi — va mana, u shu yerda, ogʻilga oʻxshagan badboʻy omonat bostirmada, devor ortida esa Sahro orqali yoʻl solishga shaylanayotgan katta karvon turibdi va El-Fayum vohasi shu karvonning yoʻli ustida.

«Men bu la’nati alkimyogarni oʻz koʻzlarim bilan koʻrishim kerak», — Oʻyladi angliyalik va ayni damda tuyalarning sassigʻi ham unga juda badboʻy tuyulmadi.

Shu orada bir navqiron arab, kiftida yoʻl toʻrvasi bilan, uning oldiga keldi va salomlashdi.

— Yoʻl boʻlsin? — soʻradi u.

— Sahroga, — javob qildi angliyalik va yana kitob oʻqishga tutindi.

Uning vaqti ziq edi: oʻn yil oʻrganganlarini xotirasida tiklashi kerak; aytib boʻlmaydi, alkimyogar uning bilimini sinab koʻrishni xohlab qoladimi.

Boʻzbola bu orada oʻtirib, kiftiga osgan toʻrvasidan kitob olib ochdi. Angliyalik kitobning ispan tilida ekanini payqadi.

«Harqalay, yomonmas», — Oʻyladi u, chunki ispanchada arabchaga qaraganda yaxshiroq gapirardi.

Agar bu bola ham El-Fayumga yoʻl olsa, bekorchi vaqtda u bilan gurunglashsa boʻladi.

«Qiziq, — Oʻylardi Santyago, kitobning boshidagi dafn marosimi sahnasini yana qayta oʻqib chiqarkan. — Shu kitobni qoʻlga olganimga, mana, ikki yil boʻldi, hanuz birinchi betidan nariga oʻtganim yoʻgʻ-a.»

Bu safar yonida podshoh Malkisidq yoʻq xalal beradigan, biroq boʻzbola baribir diqqatini jamlay olmadi. Boz ustiga, oʻzi shu qarorga toʻgʻri keldimmi, degan fikr uni chalgʻitardi. Lekin Santyago eng muhim narsani tushunardi: har qanday ishda qarorga kelish— ishning boshlanishi, xolos. Qachonki odam biror narsaga, tanlab turib qaror qilsa, u goʻyo tezkor oqimga shoʻngʻiganday boʻladiki, oqim uni xayoliga keltirmagan joyga oqizib ketadi.

«Xazinani qidirib yoʻlga chiqqanimda billur sotuvchining doʻkonida ishlayman, deb oʻylamagandim. Shundayin, bu karvon ham, ehtimol, mening tanlovimdir, mening azmu qarorimdir, biroq mening yoʻlim oʻz-oʻzicha sirliligicha qoladi».

Uning yonida yevropalik oʻtiribdi va u ham kitob oʻqiyotir. Santyagoga u yoqimsiz odamday koʻrindi: boʻzbola bostirmaga kirganda u yovqarash qildi. Bu, lekin, hech gapmas — ular baribir tanishib olishardi, agar u gapni uzib qoʻymaganida.

Boʻzbola kitobini yopdi — uning bu muhojirga oʻxshashga hecham xohishi yoʻq edi, keyin choʻntagidan toshchalarni oldi va ular bilan oʻynay boshladi.

— Urim va Tummim! — hayratlandi yevropalik.

Santyago shoshilib ularni yashirdi.

— Sotilmaydi, — dedi u.

— Bilaman, ular qimmat turmaydi, — javob qildi yevropalik, — oddiy shaffof toshlar, hech qanday xislati yoʻq. Dunyoda bunday toshlar millionlab topiladi, biroq sinchkov odamgina Urim va Tummimni darrov payqaydi. Ammo men ularning bu oʻlkalarda ham uchrashiga shubhalanmagandim.

— Menga ularni podshoh sovgʻa qildi, — javob berdi boʻzbola.

Muhojir, goʻyo tildan qolganday, boʻshashgan qoʻli bilan choʻntagidan, xuddi Santyagonikiday, ikkita tosh oldi.

— Sen podshoh bilan gaplashdingmi? — deb yubordi u.

— Ha-da, podshohlarning choʻponlar bilan gaplashishini sen tasavvur qilishing qiyin, — dedi Santyago. Endi uning gurungni davom ettirish xohishi yoʻqolgandi.

— Yoʻq, nega endi. Axir, birinchi boʻlib Podshohni choʻponlar tan olishgan, bu payt Uni hali dunyoda hech kim bilmasdi. Ayni podshohlarning choʻponlar bilan muloqotining oʻzida hech bir ajablanarli hol yoʻq, — dedi angliyalik va boʻzbola tushunmadi shekilli degan xavotirda qoʻshib qoʻydi: — Bu haqda Injilda oʻqisa boʻladi, oʻsha, men Urim va Tummim haqida oʻqib bilgan kitobda. Tangri faqat mana shu toshlar bilan fol ochishga izn bergan. Kohinlar ularni oltin koʻkrak siparida olib yurishgan.

Endi Santyago omborga kelganiga afsuslanmayotgan edi.

— Ehtimol, bu belgidir, — angliyalik ovoz chiqarib fikrlayotganday gapirdi.

— Kim senga belgilar haqida aytdi? — Santyagoning qiziqishi daqiqa sayin ortib borardi.

— Dunyodagi borki narsalar — belgilar, — dedi angliyalik, jurnalini chetga qoʻyib. — Qadim-qadimda odamlar bir tilda gaplashishgan, keyin esa bu tilni unutishgan. Mana shu Umum Tilini men izlayapman. Shu bois bu yerdaman. Men shu Umum Tilini biladigan odamni topishim kerak. Alkimyogarni.

Toʻladan kelgan arab — ombor egasining paydo boʻlishi bilan ularning suhbati boʻlinib qoldi.

— Omadlaring bor ekan, — dedi arab. — Bugun tushdan soʻng karvon El-Fayumga yoʻl oladi.

— Biroq men Misrga borishim kerak! — tashvishlanib xitob qildi Santyago.

— El-Fayum Misrda-da. Sen oʻzing qaerliksan?

Santyago Ispaniyadanman, deb javob qildi. Angliyalik xursand boʻldi: arabcha kiyingan boʻlsa-da, oʻzi yevropalik ekan.

— U belgilarni omad, deb ataydi, — dedi u, xoʻjayin chiqib ketgach. — Agar men «omad» va «tasodif» soʻzlari haqida kitob yozishga kirishsam, qalingina qomus yuzaga kelardi. Umum Tili aynan shu soʻzlardan tashkil topgan.

Shunday deb, u oʻzining Santyago bilan uchrashgani, aytgancha, undayam Urim va Tummim bor ekan, bu shunchaki oddiy tasodif emasligini qoʻshib qoʻydi. Keyin boʻzboladan mabodo Alkimyogarni qidirayotganing yoʻqmi, deb surishtirdi.

— Men xazinani izlayapman, — javob qildi u va xato qilganini payqab, tilini tishladi.

Biroq angliyalik uning gapiga, aftidan, ahamiyat bermadi shekilli, faqat:

— Qaysidir ma’noda — men ham, — dedi.

— Men alkimyoning nimaligini, ochigʻi, yaxshi bilmayman, — dedi Santyago, biroq shu payt ombor egasining ularni chaqirgan ovozi eshitildi.

— Karvonga men sarbonlik qilaman, — dedi ularga hovlida soqoli koʻksiga tushgan, koʻzlari qop-qora kishi. — Men bilan yoʻlga chiqadiganlarning hayot-mamoti mening qoʻlimda boʻladi, chunki sahro — telbatabiat kimsaday gap, odamlarni tez-tez aqlidan ozdirib turadi.

Ikki yuz choqli odam yoʻl tadorikini koʻrishgan, ulovdan — tuyalar, otlar, eshaklar bundan sal kam ikki baravar koʻp. Angliyalikning kitob tiqib joylangan bir necha jomadoni bor ekan. Hovlida ayollar, bolalar va belidagi kamarlariga qilich osgan, kiftlarida uzun qurollari bor erkaklar toʻpirlashib turishardi. Shovqin-suronning kuchliligidan Sarbon gapini bir necha marta takrorlashiga toʻgʻri keldi.

— Bu yerga turli xil odamlar yigʻilishgan va ular har turli tangrilarga sigʻinishadi. Oʻzim yolgʻiz Ollohga sajda qilaman va Uning nomi bilan qasam ichaman: sahroni boz zabt etish uchun ilkimdagi borki imkonimni ishga solaman. Endi har qaysingiz oʻz tangringizga sajda qilib, har qanday vaziyatda ham menga boʻysunishga soʻz beringiz. Sahroda sarkashlik qilish — halokatdir.

Past ohangdagi tovushlarning gʻala-gʻovuri koʻtarildi — bu oʻz tangrilariga iltijo etayotganlarning tovushi edi. Santyago Iso Masih nomiga qasamyod qildi. Angliyalik sukut saqladi. Bu jarayon qasam ichishga ketadigan vaqtdan biroz choʻzildi — odamlar samodan himoya va xayrixohlik tilashardi.

Shundan soʻng burgʻuning choʻziq tovushi eshitildi va odamlar egarga minishdi. Santyago bilan angliyalik ham oʻzlari sotib olishgan tuyalarga bir amallab minib olishdi. Boʻzbola yonidagi yoʻldoshi tuyasiga kitob joylangan ogʻir jomadonlarni rosa yuklaganini koʻrib, jonivorga ichi achidi.

— Ammo, aslida, hech qanaqa tasodifning oʻzi yoʻq, — goʻyo allaqachongi gurungni davom ettirgan boʻlib dedi angliyalik. — Mening bu yerga kelishimning sababi, bir oshnam shunday arab haqida eshitgan ekan, u arab...

Biroq uning soʻzlarini harakatga kelgan karvon shovqini yutib yubordi. Shunday esa-da Santyago angliyalikning muddaosini juda yaxshi bilardi: voqealarni bir-biriga bogʻlab turadigan sirli zanjir boʻladi. Ayni shu vosita uni qoʻychivonlikka boshladi, bir tushni ikki marta koʻrgani, Afrika qirgʻoqlariga yaqin joyga borgani-yu bu shaharchada podshohni uchratgani, tovlamachiga duchor boʻlgani, billur sotadigan doʻkonga yollangani... hammasi shundan.

«Oʻz Yoʻlingdan qancha uzoq ketsang, u hayotingni shu qadar izchil belgilaydi», — Oʻyladi boʻzbola.

Karvon sharqqa yoʻl tortdi. Sahar palla yoʻlga chiqilar, quyosh chosh tepaga kelganda dam olish uchun toʻxtalar, jazirama issiq biroz tushgach, yana yoʻlda davom etilardi. Santyago angliyalik bilan kam gaplashdi — muhojir boshini kitobdan deyarli uzmasdi.

Boʻzbola churq etmay koʻp sonli yoʻldoshlarini kuzatib borardi. Endi ular safar arafasidagi safardoshlariga oʻxshamasdi. Oʻshanda yugur-yugur avjiga mingan: baqiriq-chaqiriq, bola yigʻisi va otlarning kishnashi, savdogaru tuyakashlarning hovliqqan, hayajonli ovozlariga qorishib ketgandi. Bu yerda, sahroda esa jimjitlikni doimiy shamolning hushtagi-yu ulovlar tuyogʻi ostidagi qumning gʻijirlashigina buzardi. Hatto tuyakashlar ham sukut saqlashardi.

— Men bu qumliklardan koʻp oʻtganman, — dedi bir oqshom tuyakashlardan kimdir boshqasiga. — Biroq sahro shunaqangi ulugʻ va shunaqangi tilsimki, bexosdan oʻzingni qum zarrasiday gʻarib his eta boshlaysan. Qumning zarrasi esa gungu kar.

Santyago, sahroda birinchi marta boʻlayotgan esa-da, tuyakashning nima haqda gapirayotganini tushundi. Uning oʻzi ham, dengizga yoki olovga, soatlab bir soʻz aytmasdan, hech nimani oʻylamasdan, xayolan bu unsurlarning mislsiz qudratiga tamom asir boʻlganday, termilib oʻtira olardi.

«Men qoʻydan saboq oldim, billurdan saboq oldim, — Oʻyladi u. — Endi meni sahro oʻqitadi. Sahro, meningcha, eng koʻhnasi, sahro — men oldin koʻrganlarim orasida eng donishmandi».

Shamol esa bu yerda bir nafas ham tin olmas va Santyago Tarifdagi minorada turib uning kuchini qanday his etganini esladi. Andalusiya yaylovlarida oʻt va suv izlab izgʻigan qoʻylarining junini yengil hilpiratib toʻzdiradigan mana shu shamol boʻlishi kerak.

«Endi ular meniki emas, — Oʻyladi u ortiq gʻam chekmay. — Meni unutishgan hamdir, ehtimol, yangi choʻponga oʻrganib qolishgandir. Boʻlganicha boʻlar. Qoʻylar, xuddi u yerdan bu yerga koʻchib-kezib yuradigan odamlarday, ayriliq ham bir zarurat ekanini bilishadi.»

Shu payt uning yodiga movutchining qizi tushdi — harqalay, u er qilib ketgan boʻlsa kerak. Kimga chiqqan ekan? Makkabodroq sotuvchiga tekkanmikan? Yoki kitob oʻqishni biladigan va gʻaroyib sarguzashtlar aytib beradigan choʻponga tegdimikan — Santyagodan boshqa ham bor bundaylar. Shunday boʻlganiga negadir ishonchi komilligi boʻzbolaga kuchli ta’sir oʻtkazdi: ehtimol, u Umum Tilini egallagan va endi dunyodagi barchaning buguni va oʻtmishini bilar? «Koʻngil sezishi» — bu qobiliyatni uning onasi shunday atagan edi. Endi u tushunardi, bu — jamiki odamlarning taqdirlari oʻzaro bogʻlangan bani bashar tiriklik oqimiga shiddat bilan ruhan choʻmish. Zero, bizga hammasini bilmoq imkoni inoyat etilgan, shu bois ham hammasi allaqachon yozib qoʻyilgan

— Maktub, — deb yubordi boʻzbola, billur sotuvchini eslab.

Gohida sahro qumi kutilmaganda tosh-metinga aylanardi. Mabodo karvon xarsangtosh oldidan chiqib qolsa, uni aylanib oʻtar, agar toshloq joyga duch kelsa, chetlab yurardi. Qumi juda yumshoq va mayda boʻlgan, tuyalarning tovoni botib qoladigan joyda boshqa yoʻl izlashga toʻgʻri kelardi. Ba’zan shoʻrxok yerda oyoq bosish lozim boʻlar — demak, bu joyda bir zamonla koʻl boʻlgan — shunday paytda yuk ortilgan jonivorlar ozorlanib oʻkirar, kishnardi. Tuyakashlar yerga tushib, ularni silab-siypab tinchlantirar, keyin yukni oʻz yelkalariga tashlab olar va yoʻlning bu gʻirrom qismidan oʻtib olishgach, yuklarni tagʻin tuya va otlarga ortishardi. Mabodo tuyakashlardan kimdir ogʻrib yoki oʻlib-netib qolsa, birodarlari qur'a tashlab uning tuyalarini kim tortishini aniqlashardi.

Bularning hammasiga bitta sabab bor edi: karvon qancha yoʻl bosmasin, yoʻlini necha martalab oʻzgartirmasin, baribir manzil sari intilar edi. Toʻsiqlarni yengib oʻtib, vohaning qaerdaligini koʻrsatib turgan yoʻlchi yulduzga qarab yoʻl olardi. Azon mahali osmonda yarqiragan yulduzga qarab, odamlar oʻzlarini bu yulduz salqin joylarga, suvga, xurmozor va hordiq oladigan manzil sari eltayotganini bilishardi. Faqat yolgʻiz angliyalik kitobdan bosh koʻtarmas, goʻyo hech nimani payqamayotganday edi.

Santyago ham safarning dastlabki kunlarida kitob oʻqishga urinib koʻrdi. Biroq keyin tevarak-atrofga qarab, shamolning nagʻmasiga quloq tutib ketish bu mashgʻulotdan koʻra qiziqroq ekanini payqadi. U tuyasining fe’lini oʻrgandi. Unga bogʻlanib qoldi, keyin umuman kitobdan voz kechdi, ortiqcha yuk, deb hisobladi. Shunday esa-da, qachon kitob ochib koʻz yugurtirsa unda, albatta, biror-bir qiziqarli gap topilishiga ishonardi.

U yonida kelayotgan tuyakash bilan ora-sira gaplashib, oshno boʻlib oldi. Kechqurunlar, dam olish uchun qoʻnishib, gulxan tevaragida oʻtirishganda, Santyago oʻzining qoʻychivonlik hayotidan turli voqealarni soʻzlab berardi.

Bir safar tuyakash oʻzi haqida gap boshladi:

— Men El-Qayrum yaqinidagi qishloqchada yashardim. Uyim, bogʻim, bolalarim bor edi va umrimning oxirigacha bekami-koʻst yashasam boʻlardi. Bir yili, oʻshanda hosil juda moʻl boʻldi, yaxshi daromad qildik va butun oila a’zolarimiz bilan hatto Makkaga bordik— nasib etib musulmonlik farzini ado etdim va endi koʻngilni xotirjam qilib, qazoyimni kutsam boʻlardi. Yaratganga shukronalar aytardim.

Biroq kunlarning birida yer qalqidi va Nil qirgʻoqlaridan toshdi. Beziyonday tuyulgan bu ofat menga ham ziyon yetkazdi. Qoʻshnilar zaytunzorlarini toshqin yuvib ketishidan tashvishga tushib qolishdi, xotinim bolalardan xavotirlandi. Boru budimizdan ayrilib qolayotganimizni koʻrib turib dahshatga tushdim.

Shundan soʻng yer hosil bermay qoʻydi— tirikchilikning boshqa yoʻlini qidirishimga toʻgʻri keldi. Shu bois men tuyakashlikni kasb qildim. Oʻshanda menga Ollohning: noayonlikdan choʻchimangiz, zotan, har kim oʻz xohish-istagiga yarashasini olgay, nimagaki muhtoj esa unga yetishgay, degan kalomining ma’nosi ayon boʻldi.

Hammamiz ham bor narsalarimizni— bu ekin-tikin boʻladimi yoki

Boshqa hikoyalar