Qish harorati
Qanchalar qahrli va bemehr ko’rinmasin aynan shu qish o’z muzli qavati ostida bahor chechaklarini sovuqlar va ayozlardan himoya qiladi…
***
Qish kelganiga ham bir oycha bo’lib qoldiyu, lekin hali qor degan narsadan darak yo’q. Nuqul izg’irin sovuq. Bu yil ham yangi yilni qorbobo yasamasdan o’tkazamizmi deyman. Kechadan beri qovog’ini uygancha bulutga burkangan osmon axiri sivalabgina yomg’irni boshladi. Jin ursin soyabonni olib olsam bo’larkan. Qo’lga tutqazadigan odam esa uyda yo’q. Shu o’ylar hayoldan o’tdiyu o’sha odamning – Nozimaning oldiga borish kerakligi miyaga urdi. Shosha pisha ish stolidagi qog’ozlarni tartibga keltirib plashimni kiygancha kabinetdan chiqdim.
Bekatda avtobus kutarkanman ichimda “Hech kimning shifoxonaga ishi tushmasin, faqat barcha ayollarga xos “dard” bilangina o’sha dargohga qatnasin” deb qo’ydim. Mana bugun oltinchi kuni bizni Nozimaxonni yotqizganimizni. Sal shamollashi bor uydan qatnab davolansa qiynaladi, shu yerda hafta o’n kun yotib davolanib qo’ya qolsinlar degan Bosh shifokorning gapini oyim ham maqullagach o’sh joyga joylashtirib qo’ya qoldim.
Avtobusga chiqarkanman plashimni qo’ynidagi ertalab bekor qolsam o’qirman deb olgan gazetam e’tiborimni tortdi. Yaxshi bo’ldi yetib olgunimcha shu ermak. Har xil avtorlarning har xil saviyadagi maqolalari: Biri undoq biri, biri bundoq. Sahifa pastidan joy olgan oy haqidagi qiziqarli faktlarga ko’zim tushdi:
• Oyda butkul vakum holati, atmosfera yo’q demak tovush ham. “Oyda yashaganlarga maza ekan, sokingina”
• Oyda suv ham yo’q. “A yo’q suv bo’lmasa qanday yashash mumkin?! Demak bo’lmaskan”
• Oyga birinchi qadam qo’ygan ikki shaxs Neyl Armstrong va…
Eng oxirida yozilgan ikki qator esa diqqatimni o’ziga tortdi:
• Astranomlarning aytishicha yuzasini minglab kraterlar qoplagan, boshqa osmon jismlari bilan solishtirganda qum zarrasini eslatuvchi va hayotining yarmi yorug’likda yarmi qorong’ulikda o’tishga mahkum shu tosh bo’lagi koinotning eng go’zal hilqatlaridan biri ekan. “Qoyil, rostdan ham”
• Oyning o’zi nur tarata olmaydi, balki quyoshdan qaytgan nurni akslantirib yerga uzatadi va shu orqali porlaydi. “Mana bunisi ajoyib”
---
Karidordan ketib borarkanman dori hidi dimog’imga urildiyu achchiq narsa chaynagan odamdek yuzim burishdi – yoshligimdan yoqtirmayman shu isni.
- Bizni jonimizga to’zin bersin, kechalari bilan shu joydan chiqmasdan ishlaymiz. – Ortimdan jarangdor ovoz keldi.
- Hali ham esingdami – dori isiga hushim yo’qligi?! Assalom. – degancha yoshlikdan birga o’ynab katta bo’lgan qo’shni qiz – Xolisa bilan so’rashdim. U shu yerda davolovchi vrach bo’lib ishlaydi, mendan 3 yosh kata bo’lsa ham negadir sensirab gaplashaman – uning o’zi ham bunga e’tibor bermaydi: doimo samimiy, bolalikdagi kabi shaddod.
- Vaaleykum, nima balo birorta qizmizni yoqtirib qoldingmi buncha serqatnovsan? – kulgancha qoshini uchirdi, - Kelin shu yerda yotibdi ham demaysan.
- Seni eringga rahmim keladi! Qanday chidarkin sen shaytonga? Haykal qo’ysa arzirkan. – men ham kulgancha javob qytardim.
- Chidaydida, boshqa nima iloji bor. – balosan deganday ko’z qisib qo’ydi.
Palataga yaqinlasharkanman yana o’sha kamida ikkita ayol birlashsa vujudga keladigan holatning ustidan chiqdim – G’IYBAT!
(Ikki latifa yodimga kelib qoldi:
1. Ikki ayolni 10 yilga bitta kameraga qamashibdi. Nihoyat muddat tugab ozodlikka chiqishgach yaqinlari olib ketishayotganda:
- To’xtab turinglar, kameradosh dugonamdan bir narsani so’rash esdan chiqibdi. - degancha bir birlariga yugurgancha yqinlashib kelib:
- O’zi nimaga qamalgandiz? Shuncha suhbatlashib shunga ulgurmabmiza qarang, - deyishganmush.
2. Skameykada ikki ayol bir og’iz ham g’iybat qilmasdan jimgina o’tirishibdi..)
- Salom, qizlar. Ishlar qalay? - degancha ichkariga bostirib kirdim.
- O qani kuyovjon kela qoling. Bugun nima bilan mehmon qilasiz? – degancha jilmayib kutub oldi Nozimamning palatadoshi Dilnoza opa.
- Buncha nafsiz yomon, pochcham o’tgan safar aytgandilar: menga figurniy ayollar yoqadi deb. Shu ketishda aniq ersiz qolasiz. – Palatani xandon kulgu tutdi.
Kirganimdan beri menga qiziqsinib qarab turgan nigohni endi payqabman. “Deraza oldidagi kravat kecha bo’sh edi, demak bugun kelibdida.” degan hayollarni ichimdan o’tkazdim. Odmigina kiyimi o’ziga yarashgan, yoshi 30ga yaqinlashib qolgan suluvgina juvon.
- Assalom aleykum, yaxshi joylashib oldingizmi? – u bilan ham so’rashdim.
- Yaxshi, rahmat. Nozimaxonni turmush o’rtoqlarisiz shekilli. Hozirgina tashqariga chiqqandilar. – o’ziga yarashgan jilmayish bilan javob qaytardiyu yuzini derazaga burgancha tashqariga o’ychan tikildi:
- Qizlar!!! Birinchi qor boshlabdi! – yosh boladek suyungancha qarsak chalib yubordi.
Shu mahal xonaga ikki kishi orqama ketin salom bergancha kirib keldi: biri bizning “xo’jayin”, ikkinchisi esa menimcha “yangi”ning oldiga kelgan.
- Bugun kelmasangiz ham bo’lardi, nima qilardingiz ovora bo’lib. – mehr bilan ko’zlarimga boqqancha gap boshladi Nozima.
- Uyda ham nima qilaman bir o’zim? Keldim aylanib. Ahvoling qalay?
- Yaxshi bo’lib qoldim.
U yoq bu yoqdan gaplashgancha burchakdagi ikkinchi juftlikni kuzatdim: pichirlashgancha bir birlariga bilan allanimalarnidir aytishar, ayoling qo’llarini bir qo’lida tutgancha ikkinchisida mayinlik bilan yuzlarini siypalayotgan yigitning ham yoshi 30 lar atrofida, uning ham kiyinishi o’ziga yarashgan – ancha tartibli odamligi ko’rinib turardi. Xuddi bir juft musichalarga o’xshashardi shu turishda: mas’um va beg’ubor.
Tashqarida esa qor avjida, bir pasda hamma narsani oq choyshabga o’radi.
- Men endi bora qolay. – o’rnimdan qo’zg’aldim.
- Yaxshi yetib oling. – ortimdan kuzatish uchun ergashdi Nozima.
- O’zingni ehtiyot qilgin.
- Siz ham. Zontik olib yursangiz bo’lmaydimi? – norozilik bilan biqinimdan turtib qo’ydi.
- Uygacha taksida g’irra yetaman, xavotirlanma. – shu mehribonchiligiga bormanda ichimdan suyungancha tashqariga chiqdim.
Yo’l chekkasida taksi kutub tursam, yonginamda bir mashina to’xtab yon oynasini tushurdi.
- Eltib qo’yaman o’tiring.- ichkaridan ovoz keldi.
Qarasam haligi yangi kelgan ayolning turmush o’rtog’i.
- Yo’limiz birmikin, tag’in ovora bo’lib yurmang.
- Ovorasi bor ekanmi? Chiqing, turasizmi qorda. Bu havoda taksi to’xtashi ham qiyin.
- Mayli. – deya o’tirarkanman yana bir bor so’rashib manzilimni aytdim.
- Yo’limning ustida ekansiz. Men sizdan keyin yana 8 kilometr yurishim kerak. Bizni taksini bitta sharti bor: yo’l haqi olinmaydi!– degancha u ham manzilini aytdi.
- Obbo avval boshdan aytganingizda chiqmasdim. Ancha olisda yasharkansiz, qatnash noqulayku.
- Shu yerni rosa maqtashdi, shifokorlarining qo’li yengil emish. Chiqmagan jondan umid…. – degancha jim bo’lib qoldi.
- Bularga yetadigani yo’q! Viloyatning eng zo’rlari. – gap nimadaligini faxmlagandek bo’lib kayfiyatni ko’tarish uchun kulib quvnoq ohangda javob berdim.
- Aha, shuncha gaplashib hali tanishmabmiz ham: meni ismim Muxtor. – u ham jilmayib qo’lini uzatdi.
- Meniki Farrux. – qo’lini siqib qo’ydim. – Yoshingiz nechida? Menimcha mendan kattasiz, men 24 daman.
- 30 ni urib qo’ydik. Lekin hali ham… - yana tushkun qiyofaga kirdi.
- Nimasiga siqilasiz. Xudo xohlasa hammasi bo’ladi.
- Aytganingiz kelsin. Sizda birinchisimi?– yana chehrasi yorishdi.
- Ha, ikki oylik.
Qayerda o’qiganimiz, ish joylarimiz haqida gaplashib ancha yaqin bo’lib ketdik.
- Kelinga juda mehribon ekansiz. Sevishib turmush qurganmisiz?
- Ha, birga o’qiganmiz. Ikki yil rosa bir birmizni sinaganmiz. Keyin uydagilarga obersanglar ham shu obermasanglar ham shu deb ming azobda ko’ndirganmiz ota onamizni. Mana hozir uchta bo’lishga tayyorlanayapmiz. Siz ham qolishmaysiz: yangani yeru ko’kka ishonmaskansiz.
- Biz ham shu: birga 11 yil bir sinfda, 4 yil institutda. To’yimiz bo’lganda ayni sizni yoshingizda edik. Olti yildan beri nima ko’rgan bo’lsak bariga chidab kelyapti yangangiz. – degancha yana sukutgacho’mdi.
Bu odamning nimalarni hayol qilayotgani menga tashqariga qo’ngan tundanda qorong’uroq edi.
- Chin muhabbat sinovlarda toblanadi. Demak rostdan ham sizni dildan sevarkanlar. – dalda berdim.
- Ha, sevadi. Ammo shu sof tuyg’ulariga menga o’xshagan odam arzimaydi.
- Nega unday deysiz? Axir….
- To’ydan uch oy o’tib,- gapimni bo’ldi Muxtor aka, - bizda ham birinchisi bo’ldi. Bir birimizga bo’lgan mehr shu qadar ortdiki bizdanda baxtli oila yo’q edi olamda. O’sha 16 – mart tongini hech esdan chiqarmayman. Oddiy yakshanba tongi. Dam olish kuni bo’lganiga o’rnimdan turgim kelmasdi… – degancha o’z tarixini bayon qila boshladi hamroxim. Uning qanday tuyg’ular bilan o’ralashib o’tirganini sezgandek bo’ldim va halal bermasdan jimgina tinglay boshladim.
“Yangangiz Hilolaning sho’r narsalarga ko’ngli ketgan: nordon olma, qurt, tuzlama… Tashib erinmayman. Lekin o’sha kuni nima ham bo’ldiyu g’aflat ustunlik qildi:
- Limon yegim kelyapti ,Muxtor akoooo. – degan iltimosi qulog’imga kirmadi.
- Ana yo’lni narigi tarafida do’kon bor, o’shandan topiladi. O’zingiz borib kela qoling. Buguncha men ham dam olay. – dedim yotgan joyimdan.
- Mayli. – ruxsat tekkanining o’ziga yosh boladay xursand bo’lib ko’chaga otlandi.
Oradan o’n daqiqa o’tar o’tmas Hilolaning chinqirig’idan sapchib o’rnimdan turdim. Yugurib tashqariga chiqdim. Yangangiz darvozani ichkaridan tortgancha qaltirab rangi bir ahvolda turardi. Oyoqlari tagida uch to’rtta limon dumalab yotibdi.
- Tash-qa-ri… Ka-ta iiittt. – duduqlana duduqlana tashqarini ko’rsatdi.
- Sizga nima qildi?....
Ahvoli og’irlashib qoldi, doktorlar qattiq hayajon - qo’rquvdan homilasi tushgan deyishdi. Keyin bilsam do’kondan qaytayotgan mahal ko’chada daydib yurgan qandaydir it tarmashibdi. Bir amallab qochib eshikni yopishga ulguribdi.
Shundan keyin mana olti yil kutdik. Bormagan joyimiz qolmadi: ko’rinmagan doktorlaru ziyorat qilib bola tilamagan aziz joylar. Hamma doktorlarda bitta gap – sabr qiling, ikkingiz ham sog’lomsiz! Shu orada agar birinchi homila tushsa ayol tug’mas bo’lib qolarkan degan gapni qayerdandir eshitgan uydagilar boshqaga uylan bu bilan tirnoqqa zor bo’lib o’tasan deb rosa g’avg’o ko’tarishdi. Oxiri ikki yil oldin hovli joyni boshqa qilib ko’chib chiqdik. Lekin bolali uy – bozor, bolasiz uy – mozor deb bekorga aytishmagan ekan. Uy yutaman deydi. Siqilmasin deb ishga joylab qo’ydim. U yerda ham tinchlik berishmadi: Bir kuni uyga qaytsam yig’lab o’tiribdi.
- Nima bo’ldi? – deb so’radim.
- Hech narsa. – meni ko’rgach ko’z yoshlarini artishga tushdi.
- Rostini ayting! Nima bo’ldi?
Yig’idan tovushi bo’g’ilgancha hammasini aytib berdi: boshlig’I farzandsiz ekanligimizni bilib balki ayb eringdadir, boshqa bilan sinab ko’rmadingmi. Agar xizmat kerak bo’lsa man biz tayyor debti. Iflos xotinchalishni ko’chada ushlab olib rosa tepaladim, hamma xodimlaring oldida obro’si bir pul bo’ldi.
Hilolani boshqa ishga ko’chirdim. Hammasi joy joyiga tushdi.
Mana yana qayta umid bilan sizlarga hamxona bo’ldik” jilmaygancha maxzun hikoyasini yakunladi.
- Agar o’sha kuni, qo’y o’zim deganimda hozir maktabga boradigan yoshga yetib qolarmidi…
- Aka, peshonada bori bo’ladi. Mana meni ammam o’n yil kutgan! – yolg’on gapirganim sezilib tursa ham tushkunlikdan qutqarmoqchi bo’ldim.
Shu payt yo’l chekkasiga bir kattaroq yoshdagi ayol yugurib chiqib qo’lini o’tgan ketgan mashinalarga silkiy boshladi.
- Tinchlikmikin? – ikkimiz ham birdaniga gapirdik. – Biror yordam kerakka o’xshaydi!
Muxtor aka mashinasini ayolning oldida to’xtatdi.
- Ukajonlar, mushkulimni oson qilinglar. Yordam beringlar,- hansiragancha gapira ketdi onaxon.
- Nima bo’ldi?
- O’g’lim uyda emas, kelinimni dard tutib qoldi. Ko’chamizda mashina yo’q. Yordam beringlar, iltimos ukajonlar.
- Albatta, uyingiz qayerda? – dedi Muxtor aka jiddiy ohangda.
- Mana shu muyulishning oxirida.
- Qorda qiynalmadingizmi? Qalinligini qarang.
- Ko’zimga qor ko’rinadimi?! Bu yerda ikki kishining joni qil ustida bo’lsa. Tez yordamga telefon qilganimizga bir soat bo’lyapti. Ana boramiz Mana boramiz… Shu darvoza. – ko’k eshikni ko’rsatdi ayol.
Bir ikki signal chalingach 10-12 yoshlardagi tugun ko’targan bir qizcha bilan oqsoqlangancha bir ayol chiqib keldi ichkaridan.
- O’tiringlar! – buyuruq ohangida gapirdi hamroxim. Menga qarab jilmaygancha davom etdi: - Yana ortga qaytadiganga o’xshaymiz.
Yana o’sha qanchdan qancha insonlarga quvoch ulashuvchi dargohga qaytdik. Kelinini ichkariga kuzatib qo’ygan onaxon besh minutlar o’tib qaytib chiqdi:
- Ichkaria meni qo’yishmaskan. Sal qolibdida Yo’lchivoy bo’lishiga. – degancha kulib gapira ketdi: - bolalarim sizlarni ham ovora qildim. Qancha berishim kerak, aylanay?
- Siz bizni kim deb o’ylayabsiz?! Nima pul uchun shularni qildigan odamga o’xshaymanmi? - qizishib ketdi Muxtor aka.
- Voy, bolam nimalar deyapsiz? Unday bo’lsa nima qilay sizlar uchun?
- Bir duo qiling – hammamizga shunday baxt nasib qilsin, - bir nuqtaga tikiligancha javob berdi sherigim.
- Tuproq olsangiz oltin bo’lsin, aziz boshingiz…. Sizlarga ham qo’sha qo’sha farzandlar bersin, omin Ollohu akbar, - deb uzoq duo o’qigan onaxonga qo’shilib yuzimizga fotiha tortdik.
- Agar yana xizmat bo’lsa bemalol aytavering.
- Baraka topinglar, bolalarim. Ko’p yashanglar… - deb yana alaqagancha oq yo’l tiladi onaxon.
Sherigimning mardligiga tan berdim: Hozir kimni kim bilan ishi bor! Ko’chadagi g’irt begonaning mushkuli uchun shuncha yelib yugurdi, Qoyil.
Yana u yoq bu yoqdan gaplashib manzilimga ham yetdim.
- Rahmat akajon. Uyda bir o’zingiz ekansiz. Yo’lda yurasizmi, biznikida bir mehmon bo’lasiz endi.
- Qanday bo’larkin? – hijolat tortgancha boshini qashladi.
- Bir piyola choy ustida chaq chaqlashib o’tiramizda, men ham bir o’zimman. Oyim opamnikiga ketgan – o’sha yer qulay shifoxonaga qatnash uchun.
- Mayli sazangiz o’lmasin.
- Hozir garajni ochaman. – deb mashinadan tushdim. O’zmning “aravam”ni remontga berganimdan beri bo’sh yotgan garajni eshigini kalit solib ochdim: - Haydang…
Xotinlar shifoxonadan chiqquncha bir birimiznikida bir necha marta mehmon bo’ldik Muxtor aka bilan. Rosa odam shinavanda ekanlar.
Nozima bilan Hilola yanga ham ancha chiqishib xuddi opa singildek bo’lib ketishibdi. “Xo’jayin”ni olib chiqadigan kunim peshanasidan o’pib anchagina quchoqlashib xayrlashishdi.
- Nozimaxon, o’zingizni doim ehtiyot qiling…
---
Shunga ham bir yildan oshibdi. O’g’illi bo’ldik. Ancha bordi keldi qilib turdik ikki oila. Lekin ishim yuzasidan shaharning boshqa tarafiga ko’chishimizga to’g’ri keldi. Orada bir muncha muddat aloqamiz uzilib qoldi. Bugun bir syurpriz bo’lsin deb Muxtor akamning ishxonasiga bordim.
Yana laylak qor tashlayabdi. Endi eshikka yetgandim kimdir shiddat bilan uni ochib meni turtgancha tashqariga chiqdi.
- Uzr, ko’rmay qolibman. – hijolatli lekin tanish ovoz yangradi. Bu o’zimizning Muxtor aka edi. – Ukajon, bormisiz.
Quchoqlashib ko’rishib ketdik. Xol ahvol so’rashib bo’lgach:
- Qayerga buncha shoshayotgan edingiz? – deb so’radim.
- Sumalakka solinadigan undirilgan bug’doyni qayerdan topsa bo’larkin bilmaysizmi? Shirasi kerak edi. Ayollarning yuzidagi dog’larni ketkizar emish.
- Yangamning yuzlari tiniq ediku?! Yoki..
- Hada – quvonchli hayqiriq yangradi.
- Tabriklayman, nechi oylik?
- To’rtinchi oyga o’tdi. Nasib qilsa yozda…
O’sha bir zamonlar gazeta o’qigan “fakt”lar esimga tushdi faqat sal o’zgargan formada:
• Ayol kishining yuzlari dog’ga to’lsa ham dunyoning eng chiroyli hilqati hisoblanadi, hayot mashaqqatlari oldida zarraday tanasida g’oyat ulkan sabrni jamlab hayotning qora kunlariga bardosh beradi, yorug’ kunlarga ishonib yashaydi;
• Ayollar o’z yaqinlaridan ko’rgan mehr orqali doimo porlab turadilar – Xurmatli erkaklar aziz ayollarimizdan o’z muhabbatimizni ayamaylik…
Hamon osmondan par misol qor parchalar to’kilar, allaqachon yer oqqa ko’milgandi.
P.S. Erinmasdan vaqtingizni ketqazib o’qib chiqqaningiz uchun rahmat. Imloviy va juziy kamchiliklar ushun uzr.
To’rt faslga bag’ishlangan hikoyalarim to’plami nihoyasiga yetdi. Qaysi biri yaxshi chiqqanini shu hikoya kommentida yozib qoldiring.
P.S.S. Hikoyada aytib o’tilgan “ayol” va “erkak” degan so’zlar faqat o’z nomlariga munosiblar uchun qo’llanilgan.