tungi.ru

KUYGAN SHAHAR(by Probel)

KUYGAN SHAHAR

Kampir yetmishlarga borgan, cho’pday ozg’in, iyagi ertaklardagi yalmog’iz kampirning iyagiday oldga turtib chiqqan, lablari hayotning sho’rish azoblarini tatib ko’raverganidan tirishib-burishib qolganday so’lg’in va quruq, burni so’ppaygan, kirtaygan ko’zlari chuqur botgan – ma’yus boqar, ammo jahli chiqqanida nafaqat ko’zlari xunukdan xunuk chaqchayar, balki butun yuzida qo’rqinchli ifoda paydo bo’lardi, qoqsuyak gavdasi esa xiyol egik, lekin juda serharakat, chaqqon, kiyimlari esa hamisha toza va ohorli edi.

U g’ira-shira qorong’ida achigan-chirigan hidlar anqigan meva-cheva bozoriga odatdagiday hammadan oldin keldi. Bir qo’lida qo’sh termos va boshqa qaqur-ququrlari ortilgan yap-yangi aravacha, ikkinchi qo’lida kattagina to’rvaxalta. Tez yurganidan harsillab nafas olardi. Kampir aravachani tortib kelarkan, qaddi yanada egilar, shuning uchun ham ko’ylagining old etagi uzunroqday ko’rinardi.

Kampir yetib kelganida oltmishlarga borgan, soch-soqoliga oq oralay boshlagan qorovul endigina katta jigarrang temir darvozani ochib, atrofni ko’zdan kechirayotgan edi. U tong yorishmasdan bozorda paydo bo’lgan kampirga ko’zi tushib, norozilik bilan g’o’ldirab qo’ydi:

– Saharlab balo bormikin bu qari qarg’aga.

Yaxshi hamki kampirning qulog’i sal og’irroq, aks holda bechora qorovulning soch-soqolidan asar ham qolmasmidi? Biroq kampir qorovul bilan so’rashmasdan o’tmaydi.

– Yaxshi yuribsanmi, Boltavoy? Bola-chaqang omonmi?

– Ha, omon, omon. Omon bo’lmay nima… – yoqtirmayroq javob berdi qorovul. – Faqat siz qachon mening ismim Boltavoy emasligiga ahamiyat berarkansiz?

– Mening uycham ham omonmi, Boltavoy?

– Omon, omon. Ana, qo’qqayib turibdi. Eshik-derazalari berkitilgan bo’lsa, kim ham teginardi?

– Ha, yaxshi…

Kampir bir oz yurgach, chapga burilib, g’ira-shirada oqarinqirab turgan uychaga yaqin keldi.

Qishda qalin paltosining, yoz bo’lsa ko’ylagining ustidan mudom kiyib yuradigan yengil kamzuli cho’ntagidan kalit chiqarib, eshikni ochdi, ichkariga kirdi.Zum o’tmay, xuddi kampir kelishini kutib turganday bozor birdan jonlandi. Darvozadan turli kishilar, sotuvchilar, oshxona egalari, bozor xodimlari kirib kela boshladi. Kechasi uyum-uyum qoplari ustida tunab qoladigan dehqon-sotuvchilar negadir har doim hammadan keyin, bozorda shovqin-suron qo’pganidan so’ng erinibgina uyg’onishadi.

Bu vaqtda kampir biriga choy, yana biriga achchiq qahva damlangan termoslari yonida kela-kelguncha shaqir-shuqur qilgan chashkalarini chayishga ulgurib, har doimgi mijozlarini kutib olishga shay turardi.

– Roziyaxon, mana qahvangiz, – kampir qaynoq hovur ko’tarilayotgan chashkani qirq besh-ellik yoshlardagi ayolga uzatdi. – Kecha bundan keyin sal quyuqroq damlang, degandingiz, mana, aytganingizday damladim.

Kartoshka-piyoz qoplarining ustida o’tirgan Roziyaxon deganlari – uning ismi aslida Salimaxon, lekin kampir uni har doim Roziyaxon deb ataydi, u to’ladan kelgan, bilaklari lorsillagan, oytovoqday yuzida ko’zlari bir chiziqday bilinib-bilinmay turgan, shartakiroq ayol, – yoyilib iljaygancha kampirning qo’lidan chashkani olarkan:

– O’zimning aqlli opoqimdan aylanay! – dedi go’yo qarshisida yetmish yashar kampir emas, yetti yashar bola turganday erkalab. – Oh, oh, hidini qarang, hidini… Ertaga

yana shunaqasidan bo’lsin, xo’pmi?

– Xo’p.

Salima-Roziya choychaqa uzatdi.

– Endi boraqoling. Siz bilan valaqlashishga vaqtim yo’q.

Kampir xursand bo’lib pulni oldi, sanamasdan cho’ntagiga solib qo’ydi-da, aravachasini sud-rab yo’lida davom etdi.

Ikki-ikki yarim soat ichida mijozlarini choy va qahva bilan siylab chiqqan kampir choshgohgacha – yana choy tarqatish vaqti bo’lguncha bekor turmaslik uchun o’ziga ish

qidira boshladi. Ahvol deyarli har doim shunday: sotuvchilarni choy va qahva bilan siylab bo’lgach, u aravachasi bilan birovlarning yukini tashiydi, kartoshka-piyoz saralaydi, juda bo’lmasa som-sapazlarga yordamlashib, choychaqa ishlaydi. Yoki bir chekkaga o’tib ishtiyoq va diqqat bilan aravasini tozalab, u yer-bu yerini ko’zdan kechirgan bo’ladi. Ishqilib bekor turmaydi-da.

Faqat choshgohdagi “chaypite”dan keyingina kampir bir oz nafas rostlash va gurunglashish uchun tanish mijozlaridan birining oldiga kelib dardlashib o’tiradi.

– Uf, charchadim, Jamila, judayam charchadim… – deya zorlandi u odatdagiday horg’inlik bilan. – Bolalarim qachon katta bo’lisharkin-a?! Ishonasanmi, kechqurunlari oyoqlarim shunaqa qaqshaydiki! Ayniqsa boshim shunday og’riydiki, xuddi qizilishton tumshug’i bilan daraxtni to’qillatib urganday bir shovqin quloqlarimda g’uvillab ketadi…

Savdo tig’iz bo’lishiga qaramay, kampirni eshitish uchun hamisha vaqt topadigan, ko’ngli bo’sh, rahmdil olma sotuvchi ayol – darvoqe uning ismi Sojida, lekin kampir unga Jamila deb murojaat qiladi, – achinayotganini sezdirmasdan:

– Qizingizning bo’yi cho’zilib qopti, xudo xohlasa hademay yoningizga kiradi, – dedi xayrihohlik bilan. – Ko’pam o’zingizni urintiravermang, charchab qolasiz.

– Charchasam go’rga, – dedi kampir. – Charchasam nima bo’pti, bir yumalab uxlab olsam, hammasi o’tib ketadi. Mendan ko’ra, bolalarimga qiyin. Ular mensiz qiynalib ketishdi. Axir o’zingizdan qiyos-da, tong saharlab bozorga kelib, qosh qorayganda uyga borasiz. Bola bechoralar nima yeb, nima ichib o’tirishibdi… Bir yerlari og’rib qolsa, kimga aytishadi… Kim ularning jonlariga oro kiradi?.. Kecha kenjatoyim Farruxning qorni og’rib qopti. Bechora bolam tushgacha to’shakda buralib yotibdi… Men bundan bexabar…

– Noila qaramabdimi ukasiga? – so’radi Jamila-Sojida.

– Qaragan. Qizim boyoqish ukasiga mehribon. Dori beribdi, qornini jun ro’mol bilan bog’lab qo’yibdi. Lekin Farrux tinchlanavermagandan keyin ukasiga qo’shilib yig’labdi-da bechora…

– Ha, tirikchilik-da endi… Iloj qancha…

– Tirikchilik ham o’lsin. Ertadan kechgacha bozorda izg’ib yurganimga yarasha, durustroq topsam edi.

– Siz yaxshi topasiz, opoqi. Hadeb o’zingizni qiynayvermang.

– Be, qayoqda… Kecha kun bo’yi pattachilar quvg’inida yurdim. U yoqqa o’tsam ham, bu yoqqa o’tsam ham ketimdan qolishmadi. Oxiri bozordan haydab chiqarishdi. Qanaqadir tekshiruvchi kelarmishmi-ey. Siz eshitmadingizmi?

– Yo’-o’q… Eshitmadim…

– Sizga yaxshi, har qalay bozorda o’z joyingiz bor. Shuning uchun ham sizga indashmaydi. Bizga o’xshaganlarni esa kun bo’yi ortimizdan quvishadi, yaramaslar.

– Sizziyam uychangiz bor-ku…

– Be… Bu uychani Narimon boyvachcha in’om qilgan. Savob uchun degandir-da. Lekin u yerda o’tirgim kelmaydi.

– Sizlar ham patta olsangiz yaxshi bo’lardi.

– Be, o’zi arzimagan choychaqa ishlasam, bu pulga patta olamanmi, ro’zg’orga ishlatamanmi?

– Ha, mayli… Hali hammasi yaxshi bo’ladi, kuyinmang.

Kampir bir lahza jim qoldi. So’ng mahzun ohangda dedi:

– Ha, yaxshi bo’lib ketar. Lekin ungacha yeta olarmikinmiz?.. – kampir chuqur xo’rsindi. Mung’ayib qoldi. Shunday kezlarda u allaqachon umrini yashab bo’lgan, qurib-qovjiragan bo’lsa-da, daraxt shoxida ilinib, amal-taqal jon saqlab turgan yaproqqa o’xshardi.

– Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo’ladi, – dedi Sojida-Jamila. Sojida-Jamila.

Kampir Jamila-Sojida bilan xayrlashdi.

Vaqt tushga yaqinlab qolgandi.

Bozorda kampirning choy va qahvasiga o’rganib qolgan sotuvchilar ancha-muncha edi. Ular kampirning o’zidan ko’ra, yoshini hurmat qilishar, allaqanday tushuniksiz, qachonlardir bo’lgan-bo’lmagani noma’lum voqealar haqidagi hikoyalarini sabr-toqat bilan eshitishar, eski-yangi pul aralash qaytim qaytarganida indamay olishar, Sojida-Jamilaga o’xshaganlar kampir yig’laganda qo’shilishib yig’lashar, boshqa odamga, ya’ni necha yillardan buyon kampirning xotirasidagina yashayotgan, hozirda bor-yo’qliklari ma’lum bo’lmagan odamlarga evrilganlaridan og’rinishmas, lekin hech qachon nasiyaga choy ham, qahva ham olishmasdi. Mobodo nasiyaga choy yoki qahva so’raguday bo’lishsa, ular qanchalik qadrdon bo’lib qolganlariga qaramasdan, kampir bunga aslo rozi bo’lmasligini juda yaxshi bilishardi.

– Xafa bo’lmang, singlim, mijozim bo’lsangiz ham nasiyaga berolmayman. Uyda uchta bolam ochdan och o’tirishibdi! Men ularni mana shu choychaqa bilan boqishimni bila turib, nasiyaga so’ragani uyalmaysizmi?! – deya bobillab berardi kampir nasiya so’rovchining ko’ziga tik qarab.

Ba’zida u birdan bozordan g’oyib bo’lib qolar, oradan uch-to’rt soatlar o’tgach, goh mahzun tortgan, gohida yig’lab, ko’zlari qizargan holda yana paydo bo’lardi.

– Xolidaning ahvolidan xabar olgani bordim, – derdi u doimiy hamsuhbati Sojida-Jamilaning oldiga kelib. – Bechora bir ahvolda yotibdi… Achinib ketdim…

O’lib qolsa, bolalarining ahvoli nima bo’ladi?..

Kunlarning birida esa…

– Xolida sho’rlik olamdan o’tibdi! – degan xabar bilan keldi yuragi yorilguday bo’lib. – E Xudoyim!.. Endi nima bo’ladi? – Keyin birdan qoni qaynab ketdi: – Hammasiga eri Shokir piyonista aybdor! Uni sud qilish kerak! Osish kerak uni!

Bozorda yangi paydo bo’lgan kishilar dastlabki kunlar choy sotib tirikchilik qiladigan kampirning bip-binoyiday usti-boshiyu xorijiy arava va termoslariga qarab turib hayron bo’lishadi, bu nomutanosiblikning tagiga yetganlaridan keyingina kampirga ham, uning almoyi-aljoyi gaplariga ham ortiqcha e’tibor bermay qo’yishadi.

Ammo bu yerdagilarning hammasi ham go’yo o’tmishdan tushib qolganday kechgacha bozorda tentirab yuradigan, hech kim mushugini pisht demasa-da, mudom pattachilardan o’zini olib qochishga urinadigan, bozor mutasaddilari u bilan xushmuomalada bo’lishsa ham negadir ulardan norozi bo’lib, bir nimalar deb qarg’anib yuradigan,

allaqanday tushuniksiz, qachonlardir bo’lgan-bo’lmagani noma’lum voqealar haqida gapiraverib charchamaydigan kampirni hurmat qiladi deb bo’lmasdi. Uni yoqtirmaydiganlar – ayniqsa ovozini uzoqdan eshitishi bilan asabi bu-zilib ketadiganlar, ko’zini shamg’alat qilib, ustidan kuladiganlar, ortidan tosh otadiganlar ham talaygina edi.

– Zarilga zaril, anavi shumkampirga nima zaril ekan, jonini buncha qiynab?! Uyida mazza qi-lib o’tirmaydimi?! Agar mening o’g’lim amaldor bo’lganidami!

Hali aytganimizday, kampir bunday ivir-shivirlarni hadeganda eshitavermaydi, ammo eshitib qolsa bormi, hech kimni ayab o’tirmaydi. Uning tili zahar edi:

– Ha, og’zingdan qoning kelgur! Men bilan nima ishing bor?! Nima, bozor sening mahringga tushganmi yoki uni Narimon boyvachchadan sotib olganmisan?!

Gap otgan odam vazminroq bo’lsa yaxshi, kampir ko’p shang’illamaydi, aytadiganini aytadi-da, aravachasini sudragancha yo’lida davom etaveradi. Lekin raqib asabiyroq, janjalni pulga sotib oladiganlar toifasidan bo’lsa bormi, bozorga o’t ketdi deyvering.

– Nimalar deb valdirayapsiz? Narimon boyvachcha deganlari kim o’zi? Bozorkom Sodiq boyvachcha-ku! Siz qaysi zamonda yashayotganingizni bilasizmi o’zi?!

Janjalkashning shu uch og’iz gapi yetarli, kampir birdan quturib ketadi:

– Hoy, manjalaqi, nima, meni esdan og’ib qolgan deyapsanmi?! Bozorning xo’jayini Narimon boyvachcha ekanligini bilmasang, yur, o’zim ko’rsatib qo’yaman!

Kampir aravachasini uloqtirib yuboradiyu, janjalkash tomon xezlanadi.Allakimlar hay-haylashib, ularni ajratib qo’yishsa olam guliston, bir zumda ko’zlari qonga to’lgan kampir hansiray-hansiray nari ketadi. Aks holda u yiqilib qolguncha, erkak-ayol demasdan yoqasiga chang solib, ayyuhannos ko’tarishi turgan gap. Allakimlar bozor ma’muriyatiga kampirning ustidan shikoyat ham qilishadi, lekin u yerdagilar negadir ming’irlashdan nariga o’tishmaydi. Kampirning tanobini tortib qo’yish eslariga ham kelmaydi. Qay bir yili esa… he yo’q, be yo’q, bozor ma’muriyati kampirga bemalol o’tirib savdo qilishi uchun barcha sharoitlari muhayyo bo’lgan uycha sovg’a qildi. Ammo kampir uychada bir soat ham o’tirib savdo qilmadi.

Shuning uchun ham bozordagilarning ko’pchiligi kampirdan bezib qolishgan. Ayrimlarning uni ko’rgani ko’zi yo’q. Ba’zilar undan ochiqdan ochiq nafratlanishadi.

– Tur, yo’qol, esi past kampir! Kim seni chaqirdi bu yerga?! – deb haydashadi ular tap tortmasdan.

Ammo kampir ham indamay ketadiganlar xilidan emas.

– Og’zingdan qoning kelgur, nega meni haydab solyapsan?! Nima, senga xalaqit beryapmanmi? YO oldingdagi oshni olib qo’ydimmi?!

Shunday kezlarda qaerdan bo’lsa ham yetib kelgan Sojida-Jamila kampirning joniga oro kirar, uni bu yerdan uzoqroqqa olib ketardi.

Bir kuni bozordagilar – aftidan ular yangi sotuvchilar edi – kampirni rosa mayna qilishdi. Chunki u bir zamonlar zolim podshoh zulmidan qochib, g’orga berkingan hamda Tangrining amri bilan uyquga ketgan va uch yuz yildan keyin uyg’onib, bozorga chiqqan sadoqatli va dunyobexabar yigitlarga o’xshab, allaqachon muomaladan chiqqan eski pullar bilan savdo qilayotgandi-da.

– Daqqiyunusdan qolgan pullarni boshimizga uramizmi?! Bu kampirning tomi ketib qolgan. Uni allaqachon jinnixonaga topshirib yuborish kerak edi!

Kampirning g’azabi qaynab ketdi. Toji yulib olingan xo’rozday jahd bilan olishuvga shaylandi. Lekin “…jinnixona” degan so’zni eshitib beixtiyor qaltirab ketdi va shashtidan tushdi.

– Bu odamlar aqldan ozib qopti… – deya g’udrandi u yo’lda ketib borarkan.

Keyin ajablangancha Sojida-Jamilaning oldiga bordi.

Sojida-Jamilagina kampirning qalbiga yo’l topa oladi, u pul almashganini aytganidan keyin kampir bir nimalarni fahmlaganday bo’lib:

– E-ha, gap bu yoqda ekan-da, – deb qo’ydi. – Men dunyobexabar…

Kampir jimib qoldi.

Lekin zum o’tmay Sojida-Jamilani savolga tutdi:

– Pul qachon almashdi o’zi?

Bunday kezlarda nima deyishni yaxshi biladigan Sojida-Jamila shu zahoti javob berdi:

– Kuni kecha.

– Ha, shunaqa deng.

Kampir bir zum o’ylanib turdi, so’ng afsuslanib:

– Kecha televizor ko’rsam bo’larkan… – deb qo’ydi.

Sojida-Jamila indamadi.

Kampir yana bir zum o’ylanib turdi-da, so’ng:

– Hozirgi odamlarning shunchalik qahri qattiq-ki, bu ahvolda yigirma yildan keyin nima bo’larkin?.. Bilmadim… – dedi asta o’ziga o’zi gapirganday.

Sojida-Jamila iztirob ichida:

– Allaqachon yigirma yil o’tib bo’lgan-u… – deya shivirladi.

Kampir o’rtog’ining gapini anglamadi.

– Keling, bir pas dam olvoling, – Sojida-Jamila kampirning halidan buyon qarshisida tik turganiga ahamiyat bermaganidan xijolat tortib, unga joy beradi.

Shunda kampir birdan o’ziga kelib deydi:

– Voy, bezovta bo’lmang, o’rgulay. O’zingiz bemalol o’tiravering joyingizda. Men qarib boryapmanmi? Endi ellikning boshini tutgan odamga bu yurishlar nima!

Ba’zida, dardlashadigan mijozlari bozorda ko’rinmay qolsa yoki tayinli bir ish topolmagan kunlari kampir zerikkanidan odamlarning asabiga tegib, kechgacha bozorda behudaga izg’ir, hech yerda to’xtamas, aravasini shaldiratib sudragancha go’yo bir narsani qidirayotganday rastalar orasida aylanib yuraveradi, yuraveradi; savdo tig’iz paytlari olomon uni u yoqdan-bu yoqqa surib tashlar, birovlar atay turtib o’tar, lekin kampir hech narsani sezmas, ko’zi ko’r, qulog’i kar, o’z maromida davom etayotgan hayotni his qilmas, qaerdadir uzoqda, hammadan, hamma narsadan uzilib qolganday, gangiragancha kezib yuraveradi; gohida esa duch kelgan odamning ishiga bur-nini tiqar, suhbatlariga aralashar, oralarida gap qochganidan keyin xuddi bu yerdagilar uni bozordan siqib chiqarishga urinayotganday tuyulib, qattiq jahli chiqib ketar, keyin xato ustiga xato qilib qo’yar, ongini qurshagan zulmat pardasiga tobora chuqurroq kirib borardi… oqibat shu darajaga yetadiki, hech kim kampirni eplay olmay qoladi; kampir o’tmishda hech qachon jur’at qila olmagan ishni qilar, isyon ko’tarar, nihoyat qidirib yurgan odamini topganday, o’zi itdan ham battar yomon ko’radigan birorta pattachining yuziga boplab tupurar, yillar davomida o’zini ezib tashlagan olamjahon be’mani so’zlar uyumini yuragidan itqitib tashlardi. Bunday kezlarda uning telbadan farqi qolmasdi.

Shunda kimdir kampirning uyiga xabar beradi shekilli, o’n daqiqa o’tar-o’tmas yetib kelgan “jip”dan ikkita barvasta yigit tushadiyu jazavasi qo’zib, ayyuhannos ko’tarayotgan kampirni avaylab ikki qo’ltig’idan olishib, bozordan chiqib ketishadi…

Yo’q, u telba emasdi. Uning xotirasi inqirozga uchragan, necha yillardan buyon ko’rlik dunyosidan ham battarroq bir zulmat ichida, olamdagi o’zgarishlardan bexabar, na kechaning, na bugunning farqiga bormasdan, yolg’iz, hattoki yolg’izdan yolg’iz, hududsiz zulmat ichida yashardi. Ong-shuurida hayotining faqat eng og’ir damlari – yigirma yil muqaddam, bozorda choy sotib tirikchilik o’tkazgan davri – xuddi halokatga uchragan vaqtning bir parchasiday qotib qolgan; yoshi bir yerga borgan, ro’zg’orning barcha tashvishlaridan qutilgan bo’lsa-da, hamon ilgariday, ya’ni oilaning butun tashvishlari o’z gardanida bo’lgan vaqtlardagiday kuyib-pishib yurar, holdan toyib yotib qolguncha bozordan beri kelmas, lekin hech qachon birovning moliga ko’z olaytirmas, o’zi o’qimagan va ongiga sig’dira olmagan sonmingta dunyoviy qonunlardan faqat bittasini – “Halol yasha”, deganini juda qattiq ushlab olgan, xuddi bitta to’g’ri chiziq bo’ylab tinimsiz borib-kelayotganday yashar, kelajak esa… nazarida juda uzoqda, hech yetib bo’lmaydiganday tuyulardi; jismi kundan kun qurib-qovjirab borar, go’yo tiriklayin murdaga aylangandi, ammo bir kun bozorga chiqmasa farzandlari och qoladiganday mudom qo’rqib yashardi, vaholanki o’zi qo’rqqan dahshatli narsa allaqachon yuz berganini, u bozorda yurganida uyi yonib ketganini, qizi bilan kichik o’g’li olov ichida qolib nobud bo’lganini, faqat bir o’g’li omon qolganini, dugonasi Xolida piyonista erining kaltagidan keyin o’nglana olmay, jinnixonada yotganini, qo’shnilari uning bolalarini yetimxonaga topshirib yuborishganini eslay olmasdi…

Xullas, kampirning xotirasida na o’tmish bor, na kelajak…. faqat bugunni – bir lahzalik umrni yashab qolish bilan cheklanardi.Gohida esa beixtiyor eski uyiga borib qoladi.

Yonib ketgan hovli qayta ta’mirlangan, lekin endi bu yerda begonadan begona kishilar yashaydi, ular kampirga yaxshi muomala qilishadi, go’yo muruvvat ko’rsatayotganday unga uy ichiga kirishga ruxsat ham berishadi. Kampir nega bu yerga kelganini, nima majbur qilganini sezmagan, anglamagan holda xonalarni bir-bir aylanadi, har bir xonaning har bir burchagi kampirning xotiralarini o’zida saqlaydi, zero xotiralar yonmaydi, ammo bu xonalar kampirning o’zi singari qizg’anchiq, xotiralarni unga bermaydi, biroq u ketayotganida ortidan mung’ayib qarab qolishadi…

Kampir yana xotiralarining siniq parchalari sochilib yotgan bozorga qaytadi.

– Yerning qoq qirrasida turganga o’xshayman, – deydi u o’ychanlik bilan shu kuni Sojida-Jamilaga. – Yerning qoq qirrasida. Pastga enkaysam tamom… hammasi tugaydigandek… Nega bunday, bilmayman.. O’lay agar bilmayman. Senda bunaqa bo’lmaydimi sira?

Sojida-Jamila mahzun bosh chayqaydi.

Kampir mushtini iyagiga tiragancha jim qoladi. Shu turishida u naq qari qarg’aning o’zginasi edi.

Allakim, bu sotuvchimi yoki xaridorlardan, noma’lum, – o’tib ketayotib tasodifan kampirni turtib yuboradi, keyin shosha-pisha uzr so’raydi, ammo allaqachon g’isht qolipdan ko’chgandi, kampirning chatnab turgan asablari o’t tushgan quruq giyohdek birdan pov etadi…

* * *

Tinchlantiruvchi ukoldan keyin kampir odatdagiday uch-to’rt soat dong qotib uxladi. So’ng hech narsa bo’lmaganday, tiniqib uyg’ondi. Uyg’ondiyu soatga qaradi, keyin shosha-pisha o’rnidan turdi.

– O’lsin… Uxlab qopman…

Kampir g’udrangancha dahlizga chiqdi.

Bu yerda unga o’ttiz yoshlardagi juvon peshvoz chiqdi.

– Yaxshi yotib turdingizmi, oyijon?

– Rosa uxlabman-da o’ziyam, – dedi kampir unga javoban. – Sal vaqtliroq uyg’otsang bo’lmasmidi?

– Yaxshilab dam olvoling dedim-da…

– Dam olmasam go’rga, darrov termosga choy damla.

– Oyi, kech bo’lib qoldi…

– Kechki bozorga chiqaman.

– Oyi… iltimos, buguncha chiqmay qo’ya qoling.

– Nega chiqmayman? Oyog’imni uzatib uyda yotsam, tirikchilik nima bo’ladi?

– Ertaga chiqa qolasiz. Hali Roziya opoqi aytdi, bugun bozor vaqtli tugabdi. Qandaydir tekshiruvchilar kelarmishmi…

Kampir birdan hushyor tortdi.

– Tekshiruvchilar?

– Ha.

Kampir o’ylanib qoldi.

– Roziya bejiz xabar bermagan. Yaxshisi chiqmay qo’ya qolay. Senam uyingga keta qol, Manzura. Qaynonangdan baloga qolma tag’in.

– Qaynonamning zug’umidan qochib kelib siznikida yashab yuribman-ku, qayoqqa boraman?

– Ha, aytgancha… xayolimdan ko’tarilibdi… Qaynonang o’lmadi, sen

Boshqa hikoyalar