KUYGAN SHAHAR(by Probel) (2-bet)
Qaynonang o’lmadi, sen qutulmading.
– Ovqat tayyor, suzaveraymi?
– Noila bilan Akbar qani? Farrux hali maktabdan kelmadimi?
– Ular oshxonada, sizni kutib o’tirishibdi.
– Menam hozir boraman.
Kampir hovliga chiqdi.
Naqshinkor panjarali, marmar zinalardan bir-bir bosib tusharkan, atrofga hayrat bilan boqdi.
Hovli juda hashamatli edi.
Ammo kampir hech qachon bu yerda o’zini o’z uyida yashayotganday his qilmasdi. Bu uydagi yarqiroq hayot uning ko’zlarini qamashtirar, go’yo kelajakka sayyohat qilganday,
ba’zida yoqimli tush ko’rayotganday bo’lardi xolos. “Qachon o’z boshimga uy bitadiyu, bu yerdan tezroq daf bo’larkinman?..” – deb qo’yardi u gohida siqilib ketganidan.
O’zining bunday hashamat ichida yashayotganining sababini gohida bozorkom Narimon boyvachchaning iltifoti sifatida qabul qilardi, gohida esa ijarada turibman, deb o’ylardi.
Atrofidagi narsalarga tikilib o’tirib kampir gohida birdan o’zini ko’lankalar vodiysida yurganday his qilar, g’alati kayfiyat chulg’ab olar, hayotining og’ir damlarini qayta va yana qayta yashayotganday allanimalar tanish tuyular, lekin mavjud olam bilan o’zi o’rtasida qandaydir o’tib bo’lmas to’siq borday, to’siq osha nazar tashlashga nimadir izn bermayotganday, allaqanday sharpalar ko’z oldidan birma-bir o’tishga shaylanib turganday bo’lar, yuragi sanchib ketar, o’zini chuqurga tushib ketganday his qilar, mudom g’uvillagan shamol esib turadigan chuqur… kampir chuqur devorlariga tirmashib, yuqoriga chiqishga urinar, ammo g’uvillagan shamol ovoziga qo’-shib, urinishlarini ham allaqayoqlarga olib ketar, kampir esa chuqurda tinim bilmay aylanaveradi, aylanaveradi, xuddi bozorni aylanganday, lekin ko’p o’tmay ertangi tirikchilik haqida o’ylab darrov o’zini alahsitar, ammo nima uchun bezovta bo’lganidan sira ham tashvishlanmas, qo’rquvga tushmas, qalbi dahshatli yong’indan keyin qurib-qaqshab yotgan qo’rg’onday yana huvillab qolardi. Kim bilsin, ehtimol u ozgina bo’lsa ham qo’rqqanida, sergak tortganida, hayotga qaytarmidi, lekin u qo’rqmasdi, taajjublanmasdi, hatto o’ylab ham ko’rmasdi, – xuddi yerga urug’ sochib qo’ygan-u, lekin keyin hammasini unutgan dehqonday, – aftidan shuning uchun ham tobora zulmat qo’yniga kirib borardi…
Yarim soatlardan keyin kampir namxush yuzini silagancha oshxonaga kirib keldi.
– Ura, buvim keldilar!
Sakkiz yoshlardagi bolakay yugurib kelib kampirni quchoqlab oldi.
– Buvi, deysanmi, Farrux? Qachon aqling kiradi sening? – kampir yengilgina tanbeh berdi bolakayga.
Keyin birin-ketin salom bergan qizcha bilan yigitchaga qarab:
– Noila, bugun yopgan noning tandirdan tushib qolmadimi? – deb so’radi.
– Yo’q, mana, ko’ring, bugun juda chiroyli non yopdim… o-oyijon… – qizcha ko’zlari javdiragancha bir juft nonni uzatdi.
– Ha, yaxshi, ancha qo’ling kep qopti. Endi bozorda shoshilmasdan, xotirjam yursam bo’larkan. Sen-chi, Akbar, Samadning do’konidan un olib keldingmi?
– Ha, olib keldim, – deb javob berdi Akbar chetga qaragancha.
– Durust…
Shundan keyingina kampir nabiralari, e, farzandlari bilan o’tirib ovqatlandi. Keyin bolalar televizor ko’rishdi. Televizorning ekrani juda katta, uydagi boshqa jihozlar kabi juda hashamatli va noyob edi.
Kampir yumshoq divanning chekkasida hashamatu boylik ichra bir siqimgina bo’lib o’tirarkan… yana o’zini begona uyga kirib qolganday va qorong’ida – bir vaqtlar orzu qilgan, lekin yetisha olmagan notanish buyumlar ichida turtinib-surtinib yurganday his qilgancha ertangi bozor va tirikchilik haqida o’ylardi: “Manzura endi qaynonasinikiga ketmaydigan bo’lsa, undan foydalansam nima bo’pti? U har kuni somsa yopib beraveradi, men choy va qahvaga qo’shib sotaveraman. Axir endi oilamiz ancha kattaydi, uniyam boqishim kerak-ku! Lekin uni bozorga yo’latmayman!”
Tong otmasdan kampir yana bozorga otlandi.
– Oyi, endi shu ishni bas qila qoling, iltimos.
Qirqlarga borgan, bashang, uyda ham galstuk taqib yurishni unutmaydigan, basavlat yigit engashib shoshilgancha termoslarini aravaga yuklayotgan kampirning oldiga keldi.
– Meni oyi dema, deb necha marta aytganman, Davron! Baribir o’g’lim bo’lolmaysan, – kampir ishidan bosh ko’tarmay javob berdi. – Yaxshisi uy top. Qachongacha onang jiyanim bechorani xo’rlaydi, azoblaydi!
– Yaxshisi siz dam oling, oyi! Agar xohlasangiz, shu bugunoq sanatoriyga yuboraman.
Kampir o’z mashg’ulotidan bir lahza ham chalg’imagan holda to’ng javob berdi:
– Men hali oyog’imni uzatib, dam oladigan kunlarga yetganim yo’q.
– Yetgansiz, oyi. Yetgansiz! – baqirib yubordi yigit iztirob ichida.
Kampir ilkis boshini ko’tardi. Nigohlari qattiq, lekin ma’nisiz edi.
– Menga baqirma! – dedi u keskin ohangda. – Men odamlarning kaltagini yeyish, haqoratlarini eshitish uchun tug’ilmaganman!
– Oyi!.. – Yigitning yuzi qorayib ketdi.
– Aql o’rgataverib toza jonimga tegib ketding. Yaxshisi xotiningni olib uyimdan chiqib ket! Qachongacha senlar uchun ham ijara puli to’layman?!
Kampir shunday dedi-da, aravasini sudragancha ko’cha eshik tomon yo’l oldi.
Yigit bir zum o’ylanib turdi, so’ng ikki hatlashda kampirni quvib yetdi va uni dast ko’targancha xonaga olib kirdi-da, eshikni qulfladi.
– Eshikni och! Och deyapman! – eshikni mushtlagancha baqirdi kampir. – Agar hoziroq ochmasang, Narimon boyvachchaga aytib, urug’ingni quritib yuboraman hammangning!
Och! Och, deyapman!
Kampir qo’liga ilingan narsani eshikka ura boshladi.
Yigit quloqlarini bekitgancha, eshikka suyanib turar, ko’zlari jiqqa yosh edi.
– Qo’ying, uni qiynamang, – dedi xotini yaqin kelib. – Oyim shu holicha yashasagina o’zini yaxshi his qiladilar.
– O’ylab gapiryapsanmi?
– Xotirasi o’ziga qaytsa, nima bo’ladi, bilasizmi?
– …
– Noila bilan Anvar qani, deb so’rasalar, nima deb javob berasiz? Ularni topib berolasizmi?
– O’chir!
Juvon jim bo’ldi.
– Jonimdan to’yib ketdim! – shivirladi yigit asabiy tarzda. – Bozordagilarning shikoyatidan jonim hiqildog’imga keldi! Qachongacha ularning oldida tilim qisiq, iltimoslariga yo’q deyolmay yashayman?!
– Nachora… Lekin…
– Bir hafta uy qamog’ida o’tirsalar, bozorni eslaridan chiqarib yuboradilar. Bor, sen ishingdan qolma.
– Eslaridan chiqarmaydilar, kasal bo’lib qoladilar!
– Nima bo’lsa bo’lar!
Xotin nari ketdi.
Yigit ichkariga quloq tutdi. Kampir birdan jimib qolganidan xavotirlandi.
– Oyi…
Ichkaridan javob bo’lmadi.
Yigit bir zum ikkilanib turdi, so’ng asta eshikni ochdi. Devorga qapishib turgan kampir shu zahoti o’zini eshikka urdi.
Kampirning bunday shumliklariga o’rganib qolgan yigit ham bo’sh kelmadi, eshikni yopib, qulflashga ulgurdi.
– Meni qo’yib yubor! Qo’yib yubor! – jazava ichida qichqirdi kampir o’g’liga yopishib. – Agar hoziroq qo’yib yubormasang, bolalarimning uvoliga qolasan!
– …
– Agar eshikni ochmasang, o’zimni derazadan tashlayman, – kampir deraza tomon yurdi.
– Bilganingizni qiling.
Yigit paytdan foydalanib o’zini tashqariga oldi.
Yana eshik qulflandi.
Zum o’tmay kampir shunday ayyuhannos ko’tardiki, ancha-muncha odamning asablari dosh berishi qiyin edi. Ammo yigit chidadi, stol qirrasini mahkam ushlagancha, bir
nuqtaga tikilib turaverdi.
– Akbar! Meni qutqar, bolajonim! Ular meni o’ldirib qo’yishadi! – qichqirdi kampir eshikni mushtlab. – Meni qutqar, Akbar! Noila, qaerdasan, Noila?!. Ular meni o’ldirib qo’yishadi… Tiriklay ko’mib yuborishadi… Onangdan ayrilding, bolam…
Bir chekkada turgan juvon chiday olmay eshikka yaqin keldi.
– Agar eshikni ochsang… – yigitning ko’zlari tahdidli boqdi.
– Qanaqa odamsiz… Axir bunaqada…
Yigit jahl bilan xotinining ustiga bostirib keldi. Juvon qo’rqqanidan g’ujanak bo’lib oldi. Lekin zum o’tmay qaddini tiklab, eriga lablarini qimtigancha qahr bilan qattiq tikildi.
Yigit unga qo’l ko’tarmadi. Ammo…
– Menimcha oyimni haddan ortiq erkalatib yubordim. Ko’ngillariga qarayverganim uchun ham o’g’lim bor ekan, nimaiki qilmayin odamlar ko’taraveradi, degan fikrga kelib qolganlar. Yetar, shuncha vaqt odamlarga masxara bo’lganlari!
Juvon erini birinchi marta ko’rib turganday hayrat bilan boqdi.
Keyin: – Shu gaplarni siz gapiryapsizmi, – deya e’tiroz bildirdi. – Qanaqasiga… oyim sizni o’g’lim deydi? Axir u kishi sizni tanimaydilar-ku!
– Yo’q, – keskin bosh chayqadi yigit. – Odam aqldan ozgan taqdirdayam bunchalikka bormasligi kerak. Axir onamni qancha davolatdim. Vaqt va tibbiyot harakatga keltira olmaydigan xotira bo’lmasligi kerak!
– Bo’lishi mumkin…
– Menimcha oyim atay qiladilar… O’z kasaliga bog’lanib qolganlar.
– YO tangrim, – deb yubordi juvon beixtiyor.
– Axir qachongacha, ona o’z o’g’lini tanimaydi? – dedi yigit kutilmaganda yig’lamsirab. – Axir qachongacha… Qachongacha… o’tmish bizni ta’qib qiladi?!. Axir hayot bir odamga shunchalik ham azob beradimi?! Kecha yo’q… Erta yo’q… Faqat bugun bilan odam qanday yashaydi? Bugun ko’rib turganlariga qarab qanday xulosa chiqaradi? Axir qachongacha xuddi aktyorlarday o’z uyimizda rol o’ynaymiz?! Men Akbarman, lekin Davron degan yigitning rolida chiqishim kerak har kuni, har soniyada sahnaga! Bu azob-ku, azob! Bu ahvolda qanday yashaydi odam?! – yigit devorni mushtladi. Uning yuzi qorday oqarib ketgandi.
– Oyim yashayaptilar-ku…
– Men yashay olmayapman! Men! Men! – yigit boshiga mushtlay boshladi.
Juvon yugurib borib stakanda suyuqlik olib keldi.
– Ichib oling. Tinchlanasiz…
Yigit stakanni bir ko’tarishda bo’shatdi. Zum o’tmay u sal o’ziga keldi.
Biroq…
Kampir endi dod solishga o’tdi.
– Hoy odamlar, yordam beringlar! Sizlarda insof bormi o’zi?! Bir bechora ayolni xo’rlayotgan zolimdan shunchalik ham qo’rqasizlarmi?! – kampir ko’cha tomondagi derazaga tirmashar, uni ochmoqchi bo’lar, alhol ochardi ham, lekin… endi temir panjaraga urilgan barmoqlari zirillab ketardi, biroq kampir bunga parvo qilmas, u joni og’riyotganini sezmasdi. – Bir bechoraga yordam beradigan mard bormi bu dunyoda?! Zolimlarning dastidan kuyib ado bo’ldim-ku…
Eshik baribir ochilmadi. Kampir ezilib yig’lay boshladi…
* * *
Kampir kasal bo’lib qoldi. Uy qamog’i uning asablariga yomon ta’sir qilardi. U o’zini eshik-derazalarga ura-ura, nihoyatda holdan toygan, aft-angoriga qarab bo’lmasdi. Qo’llari shilingan, yuzi, peshonasi momataloq bo’lgan…
Endi u o’zini u yoq-bu yoqqa urmasdi, faqat deraza oldiga borib qo’llarini ikki yoniga kergancha daraxtga aylanardi.
– Qarg’a… Qarg’a… Kel, shoxlarimga qo’nsang-chi, – kampir o’zini ulkan daraxtday his qilardi. – Kela qol. Nega jim turib qolding? Kel, kela qol… Lekin bilib qo’y, boshimga qo’nmaysan!
Kampir xiyol egildi, go’yo shoxlarini pasaytirdi. Ammo kutilmaganda… qarg’a uning shoxlariga emas, miyasiga kirib oldi.
– Ha, yaramas! Yana eski joyingni topib oldingmi? Kisht! Kisht… Obbo, yana qag’illashni boshladi! Mana bu yerimda qarg’a qag’illayapti, – ko’rsatkich barmog’ini chekkasida aylantirib, g’udrangancha uy ichida yura boshladi kampir. – Qarg’a… Qarg’a… Yo’q, men qarg’aman… Men qarg’a… Xuddi ertayu kech daraxtda qimir etmay o’tiradigan qarg’a… O’zicha hammaga kerakman, deb o’ylaydi. Aslida hammaning joniga tegib ketgan! He, noshud… Namuncha qag’illaysan?! Bunaqada miyamni teshib qo’yasan-ku!
Kampir o’rnidan turolmay, yotib qolganidan keyin eshik ochildi. Juvon unga g’amxo’rlik qila boshladi.
Ammo kampir hadeganda o’ziga kelavermagach, do’xtir chaqirishdi.
Uni ko’rdiyu kampir yana shaytonlay boshladi:
– Voy-dod! Anavi alvasti sochimni olgani keldi. Kiyimlarimni yechib, kalta xalat-ishton kiydiradi. Meni yashirib qo’yinglar! U meni opketib qoladi! Tezroq yashir meni, bekit. Ko’zga ko’rinmaydigan yerga bekit! Qariganda sharmanda bo’lmayin… – kampir yostiq bilan boshini bekitdi.
– Oyi… – yigit onasiga yaqin keldi.
Kampir kutilmaganda irg’ib o’rnidan turdiyu xona ichida chir aylanib qocha boshladi, hech kim – na doktor, na… yig’lamoqdan beri turgan o’g’il uni tutishga jazm etishdi.
Ammo kampir baribir xonani gir aylanib yuguraverdi, yuguraverdi. To holdan toyib qolguncha… va uzun ko’ylagining etaklariga o’ralib yiqilib tushmaguncha…
– Iltimos, meni kasalxonaga opketmang, – deya yalina boshladi u yerda cho’zilib yotgancha do’xtirga qarab, ko’zlari qopqonga tushishdan xavfsirayotgan jonivorning
ko’zlariday taka-puka edi. – Men jinni emasman. Aqlim joyida. Lekin Xolidaning ahvoli og’ir. Siz o’shani oldiga boring. Uni davolash kerak…
– Mayli, Xolidaning ahvolidan xabar olaman, – dedi do’xtir necha marta aytgan so’zlarini yana takrorlarkan. – Yo’l-yo’lakay Qodir aravakashniyam ko’rib o’taman.
– Baraka toping, iloyim…
– Lekin avval sizga…
– Yo’q! Yo’q! – doktorning qo’lidagi shpritsga ko’zi tushgan kampir tipirchilay boshladi.
– Oyi! – yigit kampirning bilaklaridan mahkam tutdi.
Kampirning yuzi ayanchli burishib ketganini ko’rgan juvon uni quchoqlab oldi. Keyin eriga yovqarash qilib dedi:
– Joni og’rib ketdi axir!
Yigit ichida qattiq o’kindi, qo’lini sal bo’shatdi, lekin gap ohangini o’zgartirmadi:
– Agar hoziroq ukol olishga rozi bo’lmasangiz, o’zim kasalxonaga oborib tashlayman! Tushundingizmi, oyi?! – yigitning iztirob to’la nigohlari onasining ma’nosiz nigohlariga qadaldi.
Bir lahza… atigi bir lahza kampir ko’lankalar vodiysidan qaytganday bo’ldi, hozirgi ahvolidan uyalganday o’g’liga xijolatli nazar tashladi. So’ng…
– Ukol olsam, obormaysanmi? – dedi boyagiday yalinchoq ohangda.
– Yo’q.
– Aldayapsan! – kampir qattiq siltanib qo’lini tortib olishga urindi.
– Oyi! – yigitning nafaqat ko’zlaridan, balki badanidagi har bir mo’yidan uchqun sachrab ketganday bo’ldi. – Oyi, hammamizni qiynab yubordingiz-ku! Bo’ldi-da endi! Sizning dastingizdan qachongacha yuzim shuvit bo’ladi?!
Kampir birdan g’alati bo’lib ketdi. Hatto tok urganday seskanib tushdi.
– Qiynab yubordim?.. – takrorladi u yigitga qarab. – Nega?… Sizlarni qiynab yubordimmi?.. Axir men ertayu kech… bozorda yursam… ishlab… pul topib… O’ylovdimki… hech kimga og’irligim tushmaydi… YO o’zim sezmagan holda yuzingizni shuvit qilib qo’ydimmi?.. Lekin nega…
– Bas qiling, oyi! Bas qiling. Siz topgan pullarning keragi yo’q! Eshityapsizmi, keragi yo’q! Mog’or bosgan pullaringiz ana, hamyoningizda turibdi allaqachonlardan beri…
– Nega?.. – kampir ajablandi. – Yana pul almashdimi?
– Oyi! Agar hoziroq bas qilmasangiz… o’zimni bir balo qilib qo’yaman!
Kampir qo’rqib ketdi. Qarshisidagi yigitga qo’rqinch ichida bir necha soniya tikilib turdi. Nimadir o’z maromidan chetga oqqanidan yigitning qattiq jahli chiqayotganini ilg’aganday bo’ldi, ammo nima? Kampir zo’r berib o’ylamoqchi bo’ldi, lekin hech narsani anglay olmayotganidan qiynalib, yuragi siqilib ketdi.
Keyin hiqqillab yig’lagancha:
– Akbar… Noila… Farrux… – deya bolalarini yo’qlay boshladi.
– Oyi! Ular sizning nabiralaringiz! Nega tushunmaysiz?
– Nabiralarim?! – kampirning ko’zlari chaqchaydi. – Nabiralarim… – deya takrorladi keyin. – Mening bolalarim qani unda? Akbar… Noila…
– Oyi!
Yigit butunlay o’zini yo’qotib qo’ydi, u nima qilayotganini bilmas, o’zini butunlay jahlning ixtiyoriga topshirgan, hadeb kampirni siltalar, bir nimalar deb baqirardi.
Juvon chidab turolmadi, erini itarib yubordiyu jon holatda kampirga yopishib oldi.
Do’xti shosha-pisha yana bitta shpritsni doriga to’ldirdi.
– Oyi, oyijon, bizni kechiring, – dedi juvon kampirni quchoqlab. – Bizni kechiring… Bizdan xafa bo’lmang…
– U xafa bo’lmaydi, – dedi yigit xirqiroq ovozda. – Xafa bo’lishni bilmaydiyu…
Juvon shahd bilan eriga tik qaradi:
– Oyim idrok qila olmasligi mumkin, lekin xafa qilishganda ko’ngillari og’riydi. Axir u kishida ham yurak bor!
– E, yurak hech qachon aql berolmas ekan! Mana, isboti… – dedi yigit to’ng’illab, u yana asabiylasha boshladi.
Shu chog’ do’xtir gapga aralashdi:
– To’g’ri, yurak aql bera olmaydi, ammo miya ham yurak bo’lolmaydi.
Yigit indamadi. U deraza oldiga borib orqa o’girdi.
Doktor kampirga yuzlandi.
– Tayyormisiz, onaxon?
O’zini hayotga bog’lab turgan narsa chil-chil bo’lgandek, parishon tortib qolgan kampir avval hammaga bir-bir qarab chiqdi, besaranjom, bezovta nigohlari bir muddat o’g’liga tikilib qoldi, keyin indamay bilagini tutdi.
Nihoyat u tinchlandi, lekin darrov uxlab qolmadi. Bir muddat qo’llarini ko’ksida chalishtirgancha, shiftga tikilib yotdi, so’ng qorachiqlari sekin yonga enib, yana yigitga qadaldi va asta-sekin kipriklari jipslasha boshladi, lekin ko’zlari butunlay yumilmadi, xuddi ko’z qiri bilan o’g’liga qarab turganday qotib qoldi…
Ammo yigit onasi tomonga qayrilib qaramadi.
– Akbar Turdievich, – dedi keksa doktor dorilarini sumkasiga joylarkan yigitga zimdan qarab. – Nima qilasiz, o’zingizni ham, kampirni ham qiynab? Yaxshisi kampirni kasalxonaga yotqizish kerak.
– Yo’q!
– Tushunmayman, nega… Nima uchun… har doim…
– Onamni bir marta kasalxonaga yotqizishgan, – javob berdi yigit. – O’shanda sochini olmoqchi bo’lishgan… va yana… Men u vaqtlarda yosh bola edim… Shundan beri onam kasalxonadan qo’rqadi.
– Endi… unday bo’lmaydi. Va’da beraman…
– Yo’q!
– Bilasizmi…
– Doktor, – so’zni kesdi yigit. – Nega bunday, a? Nega?.. Nahotki xotirani qaytarib bo’lmasa?
– Bu savolingizga tibbiyot nuqtai nazaridan juda ko’p marta javob berganman, – dedi doktor. – Ammo aytilmagan bir gap qoldi.
– Xo’sh?
– Hayot haddan tashqari chidab bo’lmaydigan darajaga yetganida, Tangrining o’zi bandalariga muruvvat ko’rsatadi…
– Muruvvat?! Hali bu… muruvvatmi?! – yigitning yuziga zaharxanda va istehzoga to’la tabbassum yugurdi.
– Telbalik ham insonni ko’p azoblardan qutqaradi.
Yigitning yuzida azobli va istehzoli tabassum yanada bo’rtdi:
– Avval xarob qilib, keyin…
Do’xtir ketdi.
Yigit karavotga yaqin kelib, pishillab uxlayotgan kampirning qo’lini qo’liga oldi.
– Oyi… Oyijonim-a…
Tongga yaqin ko’zi ilingan yigit bexosdan uyg’onib karavotga qaradi. Kampir u yerda yo’q edi.
Yigit alam bilan peshonasiga mushtladi.
Kampir shu kuni ham, ertasiga ham uyiga qaytmadi.
U g’oyib bo’lgandi…
Qidiruvlar natija bermadi.
Kampir yo’qolgan xotirasi singari izsiz yo’qolgandi…