Majruh
Majruh.
Gulga qo’nsa, qanotlari botmaydi,
Ojizlarim birovga tosh otmaydi.
Bir kun yashar, bir-birini sotmaydi!
Kapalaklar odamlardan mehribon…
***
- Singlim, hozircha tibbiyot bu sohada ojiz. Mana ko’ryapsizmi bu sog’lom odam oyog’ining rentgen tasviri. Farqlariga qarang: o’g’lingizning boldir suyagi tug’ma qiyshiq va mana bu yerdagi kichik bo’lak ham shakllanmay qolgan. Bu vaziyatda operatsiya ham yordam berolmaydi, afsus.
Qiyagina ochiq eshikdan doktorning bir narsalarni onasiga jon kuydirib tushuntirishini kuzatib o’tirgan ozg’ingina qora sochli bolakay yoshiga nisbatan zukkolik bilan hammsini tushini oldi: Demak, hali davo topisholmabdi.
Ona-bola bir-birlarining qo’llaridan tutgancha uyga qayta boshlashdi.
- O’g’lim, yana ozroq kutishing kerak ekan. Xudo xohlasa sen ham boshqa bolalardek bemalol yugirib ketasan, - ko’zlari yoshlardan qizargan ona o’glining boshini silagancha gapirdi.
- Albatta, onajon – o’ng oyog’ini sudrab oqsoqlangancha qadam tashlab ketayotgan bola onasiga tasalli bergan bo’ldi.
Bu bolaning ismi Sanjar edi, aniqroq qilib aytadigan bo’lsak Sanjar “Cho’loq”.
Onasi Halima aya bilan rahmatli otasidan qolgan eski hovliga kirib borishganda kun tushga yaqinlashib qolgan edi.
- Tezroq ovqatlanib ol, darsga kech qolmagin tag’in. Men Sarvi buvingnikiga ko’rpa qaviqqa chiqaman.
- Xo’p bo’ladi.
Butun ro’zg’or yuki o’z bo’ynida qolgan Halima opa qo’ni-qo’shnilarning turli xizmatlari: ko’rpa-yostiq tikish, kir-chir yuvish, to’ylarga turli pishiriqlar pishirish kabi yumushlarida qarashib kun kechirardi.
- Sanjar, tezroq bo’l darsga kech qolamiz. Birinchi soat algebra, bo’la qolsangchi, - darvozdan baqirgancha kirib keldi bir bola. Bu Sanjarning sinfdoshi va yagona o’rtog’i Adham edi.
- Hozir, - ichkaridan oq ko’ylagi tugmasini o’tkazgancha Sanjar chiqib keldi.
Mana maktab qo’ng’iroq ham chalinib tushdan keyingi ikkinchi smena darslari boshlandi.
7 – “B” sinf xonasiga ikkita muallima ketma-ket kirib kelishdi. Salom-alikdan so’ng yoshi kattaroq ustoz so’z boshladi:
- Bolajonlar, bugundan boshlab mening o’rnimga sizlarga darsni mana shu yangi ustozlaringiz – Lobarxon o’tadilar. Bu kishi ham o’z shogirdim, yaqinda o’qishni tamomlab bizning maktabga ishga kirganlar. Mening esa nafaqaga chiqadigan vaqtim bo’ldi...
Yangi ustozni tanishtirib buyog’iga uni ham xuddi o’zi kabi xurmat qilishlarini va darslarni yaxshi o’zlashtirib kelajakda katta muvaffqiyatlarga erishishlarini o’quvchilariga tilagan muallima bolalar bilan xayrlashgancha xonani tark etdi.
- Qani bolalar bir davomadni tekshirib shu bahonada tanishib ham olsak – Lobar opa sinf jurnalini ochgancha yo’qlama qila boshladi va shu bilan birga o’quvchilar bilan qisqagina suhbat qilib tanishib ham oldi.
- Mana tanishib ham oldik, endi kimning bilimi qay darajada ekanligini tekshirib olishim uchun sizlardan yozma ish olaman...
-----
Mana yana bugun sinfda algebra darsi.
- O’tgan darsda olingan yozma ish natijalari bilan tanishinglar bolalar, - Lobar opa qo’lidagi ro’yxatga qaragancha o’qiy boshladi: Abdullayev – 4, Botirov – 3,5, ... Turdiyeva – 2 (Hech qaysi misolni to’g’ri ishlay olmagansiz), Tursunov kim bo’ladilar?
- Men, - o’rnidan turdi Sanjar.
- 5 barakalla hamma misollar to’g’ri va aniq ishlangan. Xo’sh Yo’lchiyev – 4,5 (Bitta misoni oxiriga yetkaza olmagansiz)...
- Endi sizlarning o’rinlaringizni o’zgartiraman: bilimlilar qolganlarga ko’maklashadi. Siz Yo’lchiyev o’rtog’ingiz Ismatov bilan o’tirasiz. Siz Abdullayev Botirovga yordam berasiz... – barcha o’quvchilarga sizlab muloyimlik bilan gapirardi Lobar opa. – Turdiyeva siz Tursunovning yoniga o’ting.
- Nega, ustoz? Men dugonam Nargiza bilan o’tirmoqchiman, biz har doim birga o’tiramiz! – norozi bo’ldi sinfdagi aniqrog’i maktabdagi eng olifta va takkabbur qiz Malohat: Otasi kattagina amaldor va puldor odam bo’lgani uchun maktabda aytgani aytgan degani degan edi.
- Yo’q Malohat, sizning o’zlashtirishingiz past – o’rtog’ingizdan ko’p narsalarni o’rganasiz.
- Ufff endi bir kamim shu “Mayib” bilan o’tirishim qoluvdi! – burni jiyirgancha ming’irlab joy almashtirdi Malohat. Uning bu gaplarini faqat Sanjar eshitdi.
Endi har algebra va geometriya darsida o’quvchilar doim shu tartibda o’tiradigan bo’lishdi. Hamma bundan mamnun faqat ikki dugona Malohat va Nargizadan tashqari. Bu holat ham ko’pga bormadi.
- Voy sumkamdan pul yo’qolibdi! Kim tegindi meni sumkamga?! – tanaffusdan qaytgan o’quvchilar orasida shovqin ko’tardi Malohat.
- O’zi qancha edi? Kim sinfda qolgan edi? – bolalar bir biridan surishtira boshlashdi.
Yetti yil birga o’qib oralarida hali bunaqa holat yuz bermagan edi. Odatda bolalarning bunaqa masalalariga aralashmaydigan sinf rahbari – biologiya o’qituvchisi Orif malim ham halloslagancha yetib keldi. Sababini tushunsa bo’ladi chunki Malohatning boy otasidan uncha buncha rag’batlantirishlar olib turar va buning evaziga tantiq qizaloqning o’qishi ancha muncha yengillashtirilar edi. Yana bir muhim vaj bor ediki bunisi har qanday narsadan ustun edi – Malohat va Orif malimning o’g’li Laziz yoshlikda unashtirib qo’yilgan edi ya’ni Malohat bo’lajak kelin.
- Kim sen bilan yonma yon o’tirardi? – tergovni boshladi Orif malim. – Qancha puling yo’qolibdi?
- Sanjar. Sumkamda 5000 so’m bor edi qaytib kelsam yo’q.
- Qani ol buyoqqa popkani, Sanjar. Birma-bir hammangizning sumkangizni tintib ko’raman. Hech kim tashqariga chiqmaydi.
Parta ustiga papkalardagi hamma narsa to’kildi, cho’ntaklar ham tintuv qilindi.
- Mana bu nima?! – Sanjarning kitoblari orasidan chiqqan bir dasta pulni changallagancha o’shqirdi Orif malim. – Ayt deyapman qayerdan keldi?
- Bilmayman, xudo haqqi.
- Endi o’g’irlikka o’tdingmi? – bolaning quloqlaridan tortgancha so’roq qila boshladi muallim.
- Aytyapmanku bilmayman qayerdan kelganini!
- Bilmaysanmi?! Unda hammaning oldida seni so’roq qilamiz. Hamma shu yerda tursin, men direktor va boshqa o’qituvchikarni yig’ib kelaman.
Bir pastda xonada xuddi katta majlis qilinayotgandek 7-“B”sinfga dars o’tadigan barcha ustozlar va maktab direktori jamul-jam bo’ldi.
Voqea tafsilotlari ayon: hamma dalillar aybor kimligini ko’rsatib turibdi – Sanjar o’g’ri.
- Xo’sh kim nima deydi: bunga qanday jazo qo’llaymiz? – ko’zoynagini qo’lida o’ynagancha gap boshladi direktor.
- Buni haydash kerak makatabdan! – qo’lini paxsa qilgancha vishshilladi Orif malim.
- Balki anglashilmovchilik bo’lgandir, ayb unda emasdir, - Sanjarning yonini olib gap boshladi Lobar opa. – Axir Sanjar sinfdagi eng bilimdon va tartibli o’quvchi ....
- Kechagina ishga kelib bugun hammaga aql o’rgatyapsizmi?! Bu isnodni yo’qotish kerak!
- Sanjarning aybi yo’q, tanaffusda birga edik. Hech narsaga tegingani yo’q, - do’stini oqlashga tushdi Adham.
- Unda sen ham sherik bo’lsang kerak? Qani doskaga chiq, - o’quvchilar orasidan Adhamni ham sudrab chiqdi Orif malim. – Ayt endi ikkalang qildilaringmi?
- Yo’q deyapmanku, birga gaplashib o’tirdik hech kimning narsasiga teginganimiz yo’q. – Adham tabiatan ancha baquvvat va gavdali edi shu sabab hezlangancha hezlangancha jaxl bilan javob qaytardi.
- Xoy jo’jaxo’roz hali o’qituvchilarga bo’yin cho’zadigan bo’lib qoldingmi? Tan ol mana shu “cho’loq” bilan qilgansanlar. O’zi sendaylarga o’qish ham xayf. – Orif malim baqira ketdi.
- Bas! – oraga tushdi direktor, - Orif aka, oshirib yuboryapsiz. Qani Sanjar, sen nima deysan: tan olasanmi?
- Meni aybim yo’q, – ko’zlaridagi yosh o’rnini o’z ustozining xaqorati sabab g’azab olovi egallagan Sanjar pichirlagancha gapira boshladi, - Agar bizga o’qish xayf bo’lsa o’zlaringga buyirsin o’qishlaring. Xudoga soldim senlarni.
Oqsoqlangancha sinf eshigini qarsillatib yopib chiqib ketgan Sanjarning ketidan Adham yugurdi:
- Jo’rajon, to’xta. Ular adashishdi, hali ko’rasan yanglishishgan...
Uyiga kelgach xonasiga qamalib olib uzoq yig’ladi: Agar otam bo’lganda bunday tuhmat qilishmasdi, agar oyog’im sog’ bo’lganda bunchalar haqorat qilishmasdi...
Bir hafta o’qishga bormadi, bu orada hamma sinfdoshlari va ustozlari kelib rosa uzr aytishdi – yana o’qishga qaytishini so’rashdi. Lekin yuragida qolgan alam o’ti so’nay demasdi. Oxiri eng mehriboni ustozi Lobar muallima kelgach rozi bo’ldi:
- Sanjarjon, sen hali o’qib yaxshi inson bo’lishing kerak. O’zing aqilli bolasanku arzimagan narsalarni deb kelajagingni barbod qilma...
O’qishga ham chiqdi, ammo endi avvalgi joyida emas eng orqadagi partada do’sti Adham bilan o’tira boshladi. Darslarda qanchalik to’g’ri javob bergani bilan uchdan baland baho qo’yilmayotganidan bu narsalarda kimlarningdir qo’li borligini fahmlagach bariga qo’l siltadi. Endi faqat algebra va geometriyani o’qir qolgan fanlardan daftar ham tutmasdi. Doskaga chiqib qadrdon uch bahosini olgach joyida o’tirgach dars tugashini kutadigan bo’ldi. Darsdan chiqishi bilan do’sti Adham bilan Adhamning otasi usta Roziq amakiga yordamlashgani bora boshladi. Shu tariqa asta sekinlik bilan duradgorlik sirlarini puxta o’rgana bordi.
***
Oradan 4 yil o’tdi. 11 yil davomida qadrdon uyga aylangan maktabni tamomlab katta hayotga qadam qo’yayotgan yoshlarning bugun rasman so’ngi o’quvchilik bazmi – bitiruv kechasi. Barcha shodon barcha quvnoq, ketma ket bir biridan chiroyli qadah so’lari aytiladi, tilaklar bildiriladi…
Bir chekkada bularning barchasini maroq bilan kuzatib o’tirgan doimiy jismoniy mehnat natijasida toblangan qomati kelishgan Sanjarning oldiga Malohat tezgina yurib keldi.
- Sanjar, senda gapim bor edi.
Sanjar ayt nima deysan degandek qizga qoshlarini chimirgancha boqdi.
- O’sha kuni… 7-sinfdaligimizdagi voqea tasodif edi. Men shunchaki yanglishib pulni seni kitobing orasiga qo’ygan edim. – yolg’on gaplaridan ovozi titragancha so’z boshladi Malohat. – Meni kechira olasanmi?
Asli voea tafsilotlari quyidagicha edi: Nargiza bilan doim birga o’tirishni xohlagan Malohat sinfxonada hech kim yo’q paytida Sanjarning kitoblari orasiga pulni yashirib qo’yadi va keyingi ko’rsatgan tomoshasi orqali niyatiga erishadi.
Bularning barchasi uyushtirilgan tuhmat ekanligini allaqachon bilib bo’lgan Sanjar javobni qisqagina qildi:
- Iltimos bugungi kayfiyatimni ham rasvo qilma…
***
To’rt yil davomida usta Roziq amakidan duradgorlikni o’rgangan Sanjarga usta oq fotiha berib alohida Usta qilib chiqardi. Mehmatdan qochmaydigan yigit o’z kasbini san’at darajasiga yetkazdi. U qurgan va bezak bergan inshoatlar butun viloyatga dong’i ketdi. Topish tutishi ham yomon emas: otasidan qolgan uyni tamirlab yoniga ikki qavatli dang’illama uy soldi, mashina oldi. Endi uni ilgarigidek Sanjar “oqsoq” emas Usta Sanjar deya atay boshlashdi. Ko’chada bekorchilikni kasb qilgan dangasalarga o’rnak qilib ko’rsatishadigan bo’lishdi. Faqat… faqat bir narsasi kam edi. Ko’chadagi bekrchilarda o’z tengini topib topib. Onasi bilan qo’shni xola qaysi uyga sovchilikka borishmasin yo’q degan javob bilan qaytishar edi. Rozilik berganlar ham bo’ldi, ammo qizlar bilan uchrashgan Sanjar ularning ko’zida o’zi izlagan mehrni emas balki achinish va shafqatni tuydi. Shu sabab ularga ham unamadi.
***
Sanjar va usta sheriklari mana yana yangi bir uyni qurib tugatishyapti. Faqat peshtoq va shiftni bezash ishlari qolgan. Buyurtmachining og’zi qulog’ida – bunaqa tez va samarali buning ustiga sifatli ish qiladigan ustalarni birinchi ko’rishi edi.
Uy peshtoqidagi ishni yakunlayotgan Sanjarning ko’zi qo’shni hovlida supada kitob varaqlab o’trigan suluv qizga tushdi. Qiziq qo’lidagi qanday kitob ekan, xuddi ichiga kirib ketgandek o’rnidan qo’zg’almasdan bir soatdan beri o’qib o’tiribdi. Shu mahal qizga yaqin kelib allanarsalarni suhbatlashgan yigit (chamasi akasi bo’lsa kerak) harakatlaridangina sabab nimadaligini fahmladi: singlisini qo’llarida dast ko’targan yigit uni uyga olib kirib ketdi. Demak qizning oyoqlari shol…
Sanjarning esa halovati yo’qoldi. Har soat qo’shni hovliga mo’ralaydigan odat chiqardi. Gohida qizning mahzun ammo shirali ovozda qo’shiq aytganini eshitib qolardi. Oxir bir kun yigit qo’lga tushdi. Yana qizni poylab devordan boqqan edi hamki shunoq devor ostidan ovoz keldi:
- Assalomu aleykum, kimni qidiryapsiz? - shaddod qizlarga xos muloyim bu ovoz yigitni gangitib qo’ydi.
- Vaa..ley-kum. Hech kimni, shunchaki devor tekshiryapman: tekismi yo’qmi! – g’o’ldiragan ovozda o’zi bilmagan holda bir narsalar deb qo’ygan yigitni aravachada o’tirgan qizning sho’x kulgusi o’ziga qaytardi.
- Devor tekisku. Sizni bilaman – siz duradgor usta Sanjarsiz. Bir oydan beri shu yerda ishlayabsiz.
- Ha shunday. – tavba demak meni avvaldan kuzatib yurgan yigitning ichidan shu o’ylar o’tdi.
- Menga yordam berolmaysizmi? – o’ziga yarashgan erkalanish va mayin ovozda iltimos qildi qiz.
- Bemalol, agar yordamim tegsa xursand bo’laman.
- Kitob o’qiydigan lavhim yaxshi ochilmayapti, shuni sozlab bering.
- Mayli. Bu yoqqa uzatingchi. – devor tepasidan engashgancha qo’lini uzatdi Sanjar. Pastdan turib qiz tutib turgan lavhni olgach gap arzimagan sabab ekanligini – atiga bir ikki daqiqada sozlash mumkinligini sezgan Sanjarning qiz bilan yana suhbatlashgisi, qayta qayta ohu ko’zlariga boqqisi keldi.
- Ertaga ertalabgacha sozlab beraman. Kechirasiz aytarli tanishmadik ham: ismingiz nima? – uyalganidan qizargancha so’radi yigit.
- Dilorom. – ismi jismiga mos har qanday odam yuziga boqsa dili orom oladigan – ko’ngli taskin topadigan qiz javob berdi…
Sanjar qizni hayratda qoldirish uchun ertalabgacha tinmay mehnat qildi: bezaklarsiz oddiy bir taxta bo’lagini eslatuvchi oddiy lavhni eng nozik va bejirim naqshlar bilan bezadi.
Yigitning bu tuhfasidan boshi osmon qadar yetgan qizning ko’nglida ham qandaydir samimiy va go’zal tuyg’ular kurtak oa boshladi. Ammo hammaga ma’lum bir sabab bu kurtaklarga ayoz misol rahna solardi – shu holatida shunday kelishgan (to’g’ri uning ham oyog’ida nuqsoni bor, lekin o’zi qadam tashlab yura oladi) yigitga munosibmi?!
Kundan kunga yoshlar qalbida muhabbat atalmish bir dard avj oldi. Bu yigitni qanchalar ruhlantirsa, qizni shunchalar shubha gumonlarga tashlardi: qilayotgan ishi to’g’rimi – balki yigitni ham o’zini ham aldayotgandur.
Lekin ishini tugatib uyiga qaytib ketayotgan yigitning pok tug’ulardan iborat dil izhori qizni ham ahdida mahkam turishga undadi:
- Dilorom, ertaga onam bilan kelamiz…
Bu safar sovchilar rizolik olib qaytishdi. Muhimi ikki yosh ham o’zlari izlagan narsani – mehrni topishdi.
***
Shahar shifoxonasiga chet eldan juda kuchli mashhur shifokor kelibdi. Yurish bilan bog’liq nuqsoni bor bemorlarni davolar emish degan xabar Sanjar va Diloromning ko’ngillaridagi umid uchqunini yana olovlatdi. Ehtimol shu inson yordam bera olar.
Ikkisi ham shu o’y bilan shifoxona sari yo’l olishdi. Doktor ular topshirgan analizlar asosida aniq tashxis hamda davo usulini ishlab chiqdi. Sanjar uchun unchalik murakkab bo’lmagan operatsiya va bir necha oy kifoya ekan. Diloromning davolanishi bir necha bosqichdan iborat bo’lib operatsiyadan keyingi muolajalar shifo istovchilardan ancha kuchli irodani talab etardi. Ikkisini ham Olloh qo’lladi, huncha yillardan beri qilgan duolari ijobat bo’ldi. Operatsiyadan muvaffiqqiyatl o’tib olishgach barcha muolajalarni ixlos bilan o’tashdi va bu o’z samarasini berdi. Oradan olti oy o’tgach Sanjar oqsoqlanmasdan bemalol, Dilorom esa hassaga tayansada o’z oyoqlari bilan yura boshlashdi.
Shifoxona doktorlaridan ko’pdan ko’p minatdor holda sevinchlari ichiga sizg’ay shodon holda chiqib kelayotgan Sanjar va Diloromning e’tiborini eshik oldida nogironlik aravachasida yig’lab o’tirgan qizaloq bo’ldi.
- Senga nima bo’ldi, jonginam. Nega yig’layapsan? – mehr bilan qizning yoshlarini artdi Dilorom.
- Men o’zim yura olmas ekanman. Doktor amaki davolab bo’lmaydi dedilar… - biyron tilida g’amgin ovozda javob berdi qizcha.
Shu payt doktorning bemorlarni ko’rikdan o’tkazish xonasidan ayol kishining shang’illagan ammo Sanjar uchun tanish ovozi keldi.
- Qancha bo’lsa to’laymiz! Qizimni yurg’izib bering.
- Kechirasiz hozircha tibbiyot qizingiz dardi oldi ojiz. Yaqin besh yillik ichida bu dardga ham davo topiladi. – doktor ayolni qizishmaslikka chaqirgandek bosiq ohangda gapirdi.
- Hammaga yordam beryapsizu lekin nega bizni hatto tekshirmasdan ham qaytaryapsiz?! Sizni ustingizdan arz qilaman… - degancha ichkari eshikni ko’zlari ilgarigidek kibirli porlab turgan Malohat ochdi.
Sanjarning nigohi Malohatda bo’lsa ham aravachadagi masuma qizaloqning yuzlarini silagancha tasalli berdi:
- Sen farishta ekansan, farishtalar yig’lamaydi. Hali nsib qilsa sen ham shifo topasan jonim.
***
Majruh tanlarni davolash mumkindir, lekin majruh qalblarni…
***
P. S. Hikoyamni erinmasdan qimmatli vaqtingizni sarflab o'qib chiqqaninggizdan xursandman.
Xato ca kamchiliklar uchun mazur tutasiz.