tungi.ru

Raqqosa 2 (kamolov) copy (2-bet)

nafratini ko'z qarashlari orqali ifoda etib. — To'yga aytishsa, albatta boraman. Siz aytgan zamonlar o'tib ketgan! Qani, meni o'z uyimdan haydab ko'rsin-chi, birov!.. Melisaga, prokurorlarga yig'lab boraman! Nima bo'lsam bo'laman! Manavi xotinni amma deyishgayam or qilaman! Chiqib ketsin uyimdan! Chiqib ketsin!..

— Astag'firillo, — deya oh tortib yubordi oqsoqol. — Bu qiz g'irt shaytonning enasi ekan-ku! Boqib katta qilgan odamni haydayapti-ya! Astag'firillo!..

Oqsoqol ham, yonidagilar ham garchi Manzurani ko'rishga ko'z topa olishmayotgan bo'lsa-da, baribir tinchini o'ylay boshlashgandi. Militsiya, prokuror degan so'zlar oraga qo'shilgach, orqadagi qariyalar ikki qadamdan ortga tislanib ham olishdi. Manzura bu harakatlarni juda yaxshi ilg'ab turardi.

— Endi uyimni bo'shatib qo'ylaring! — Manzura shu tobda shartaki, yuzsiz qiyofaga kirishga majburligini aniq sezib turardi. Chunki bu odamlar bilan boshqachasiga gaplashib, ularga haqiqatni uqtirib bo'lmaydi. — Nega turib qoldilaring? Kim bo'lsangam, men uchun hech kimsan! Manavi ammam esa kecha tortib olgan pullarimni buyoqqa bersin! Boqqan bo'lsa, keragidanam oshirib xizmatini qip qo'yganman! Endi yo'qolsin menikidan uyam! Hech biringni ko'rishga ko'zim yo'q! Yo'qo-ollaring!!!

Hovlidagilar, oqsoqoldan tortib Bozorgulgacha Manzuraning gezargan rangi, vajohatini ko'rib rosmanasiga bezovtalanib qolishgandi. Oqsoqol va qariyalar birovning uyida o'zini xo'jayindek tutish mumkin emasligini idrok etgan bo'lsa, Bozorgul qo'rqa boshlagandi. U oqsoqol ketmasligini istardi. Lekin bu holat uzoqqa cho'zilmadi. Xursand oqsoqol harqalay sir boy bergisi kelmadimi, qalin qoshlarini uchira-uchira yo'liga bo'lsa-da, ko'kka boqib yuziga fotiha tortib oldi va qaytadan Manzuraga yuzlandi.

— Qizim, seni ranjitib qo'ydik shekilli. Qo'y, achchiq kelganda aql ketadi-da! Nima qilasan melisa-yu, prokurorlarni oraga qo'shib, behuda ovora qilib. Pulingni… Endi u masalani o'zaro kelishaverasizlar! Lokigin, ammangni haydama, jon qizim! Nima bo'lgandayam otangdan qolgan yodgor. Otang rahmatlining ruhi chirqillaydi-ya! Mayli, xo'p desang, qishloq yigitlarini aytaman, o'rtangizga devor qurib beradi. Yashayverasizlar alohida-alohida! Nima deysan?..

Manzura javob berib ulgurmay, hovliga hovliqqancha Murod kirib keldi. Ko'chadan turib baqir-chaqirlarni eshitganmi, jiddiy qiyofada Manzuraga yaqin keldi-da, qariyalarga istar-istamas bosh qimirlatgan ko'yi salom berdi. Xursand oqsoqol uni tanirdi. O'zini yanada noqulay seza boshladimi, yonidagilarga boshi bilan «ketdik» ishorasini qildi-yu, tashqariga zipilladi.

Qolganlar uning ketidan ergashdi.

* * *

Murod Bozorgulga yuzlanishdan oldin cho'ntagidan qo'l telefonini oldi-da, kimgadir qo'ng'iroq qildi.

Hali telefonni qaytadan cho'ntakka urib ulgurmay, hovliga to'rt barzangi kirib keldi. Ularni ko'ribmi, qo'shni juvonlar bir-birlariga sirli ishoralar qilgancha ko'chaga zipillashdi. Bozorgul ham allaqachon shashtidan tushgan, baqirmas, aksincha eshitilar-eshitilmas hiqillashga o'tgandi.

Murod barzangilarga bir ko'z qisib olgach, Manzuraga yuzlandi.

— Ha, singlim, nima bo'ldi? O'zing ayt-chi?

— Meni qishloqdanam, uydanam haydamoqchi anavi xotin, — ammasini ko'rsatdi Manzura yig'lamsirab. — Kechasidan beri qonimni ichib tashladi.

— Shunaqami? Xo'sh, yanga, nega bunday qildingiz? O'tgan kuni gaplashgandik-ku sizminan!

Bozorgul miq etmadi. Javob qaytarish o'rniga krepdishin ko'ylagining bir yengiga go'yoki ko'z yoshlarini artib olish bilan kifoyalandi.

— Manzura, — — dedi Murod qat'iy ohangda. — Bu uyda sen yashamaydigan bo'lsang, boshqalar ham yashamaydi. Hozir narsalaringni olasan-u, biz bilan ketasan. Seni boshqa uyga joylashtiraman. Hovlini esa qulflab ketamiz. O'v, yanga, tez ashqol-dashqollaringizni oling-da, suring bettan! Shunday qotib turaversangiz, hozir mana bu yigitlarga aytaman, surobingizni to'g'rilab qo'yishadi. Aytgancha, Manzura, pullarni berganmiding kecha bu xotinga?

— Ha, — dedi Manzura ammasi tarafga zimdan nazar tashlab olib. — Tiyin-tiyinigacha tortvolgan.

— Qani, yanga, pullarni egasiga qaytaring! U pullarni siz ishlab topmagansiz. Bo'ling dedim!

Bozorgul Murodning qichqirig'idan bir seskanib oldi-yu, pildiragancha ichkariga kirib ketdi. Ikki marta kiprik qoqqanchalik vaqt o'tdi yo o'tmadi, qaytib chiqib bir dasta pulni Manzuraga tutqazdi.

U chit ro'molga allanimalarni tugib olibdi. Pulni bergach, tugunni imi-jimida qo'ltig'iga qisib ko'chaga yo'l oldi.

* * *

Murodning mashinasida ketib borarkan, qishloqqa alamli tikilardi. Har bir uy shu tobda ko'zlariga balodek sovuq ko'rinardi. Nafaqat uy, arzimagan jajji giyoh ham nafrat oloviga yog' sepgandek bo'lardi.

«Yetim, kambag'al, g'aribni xudoyam qo'llamas ekan, — o'ylardi mashina oynasidan tashqariga hissiz boqib Manzura. — Manaman degan zo'ravonlarni qo'llayverarkan. Boylikniyam beraverarkan, berishdan to'xtamaskan. Ularni yig'latmas ham ekan. Qachon qarasa, o'sha arzandalariga boqarkan. Mendaylar-chi? Ena, dada, nega meni dunyoga keltirgansizlar o'zi? Qiynalib adabini yesin debmi? Mana, adabimni yemoqdaman. Ko'rib shamlaring yonayotgandir? Yo hali ko'rib to'ymadingizmi? Unda ko'raveringlar! Qiynalib o'layotganimni ko'ringlar, ko'chalarda sarson kezsam, manavi qishloqdagilarga o'xshaganlar tahqirlaganda, miriqib tomosha qilinglar! Sizlarning shamingiz yonsa bo'ldi! Men… Qiynalib beraveraman. Faqat sizlar xursand bo'lsangiz bas…»

— Manzura, qalaysan? — oradagi jimlikni buzib so'radi Murod. — Yig'lamayapsanmi?

— Yo'q, — dedi yer chizib Manzura. — Yig'lashga ko'z yosh ham qolgani yo'q, aka.

— Yig'lama, atayin kulib yur. Shunda qishloqdoshlaringga o'xshaganlar, ammang kabilar o'zini o'zi yeb bitiradi alamdan. Bugun seni shahardagi o'zingga o'xshagan bir raqqosa qizning uyiga joylashtiraman, — Murod gap orasida orqada kelayotgan barzangilarning mashinasiga ham ko'zgucha orqali qarab olishni unutmadi. — Qishlog'ingdagilar sal o'zlarini bosvolgunlaricha o'sha yerda tura turasan. Rozimisan?

— Albatta roziman. Xudo xayringizni bersin! Uzoq umr ko'ring, aka! Siz meni qo'llasangiz, sizni xudo qo'llasin!

— Xafa bo'lma, hayot aslida sen o'ylagandanam og'ir va shafqatsizroq. Bizni qodir xudo bu dunyoga sinash uchun yuborgan. Xohlaysanmi, xohlamaysanmi, sinovlarni boshdan kechirishga majbursan. Xato qilasan, yutuqlarga erishasan. Gunoh qilasan, savobga ham ba'zan qo'l urib qo'yasan. Sodir etgan har bir yaxshi-yomon harakating uchun shu dunyoning o'zida qisman javob ham berasan. Nima bo'lmasin, odamzod boshini baland ko'tarib yurishi, shukronalikdan yuz burmasligi kerak. Ana shunda xudoyimning mukofotlariga sazovor bo'ladi…

Murodning faqat yengil-elpi, kundalik hayotda uchraydigan suhbatlarinigina tinglagandi. Hozirgi fikrlashini ko'rib Manzuraning og'zi lang ochildi. Shunchalar bilimli, tarbiyali ekaniga sira shubhasi qolmadi. Murodga shu tobda juda-juda havas qildi. Azbaroyi ta'sirlanganidanmi, qaytadan ko'zlari yoshga to'ldi. Eshitgandi, bilardi, Ollohni astoydil o'ylay boshlasa, unga qalban yaqinlasha borsa, odamning ko'ngli bo'shab ketarkan. Hozirgi yig'i kelishini Manzura xuddi o'sha holatga yo'ydi. Xayolan Yaratgan egamga avvalgidan-da sadoqatliroq, e'tiqodliroq bo'lishga ont ichdi.

* * *

Mashina shaharning ilon izi ko'chalarini keza-keza to'rt qavatli uy ro'parasiga kelib to'xtadi.

— Qani, tushaqol, singlim, — dedi Murod orqa o'rindiq eshigini ochib. — Yetib kelding manzilingga!

Manzura pastga tushdi. Ular oldinma-ketin pod'yezdga kirishdi. Murod birinchi qavatdayoq o'ngdagi kvartira qo'ng'irog'i tugmachasini bosdi. Shu zahoti eshik ochilib, past bo'yli, ko'z-u yuz, lablarigacha bo'yoq chaplab tashlangan, uzundan-uzun yasama kiprikli qiz ostonada paydo bo'ldi.

— Mana, biz keldik, Durdona, — dedi Murod Manzurani ko'rsatib. — Boshlamaysanmi ichkariga?

— Voy, Murod aka, sal… Xayol opketibdi, kechiring! Qani, ichkariga marhamat qilinglar!

Manzura Durdonani ko'rgandayoq yallachi ekanini bilib bo'lgandi. Ichkariga kirishgach, xonalarni zimdan kuzatdi.

Odmigina ekan.

Durdona oshxonadagi stol ustiga ul-bul qo'ydi.

— Durdona, bu kishi Manzuraxon, — dedi Murod jilmayib. — Yaqindagina boshladi raqqosalikni. Juda iste'dodli qiz. Yaxshilab tanishib olinglar. Bugundan boshlab har zamonda bo'lsayam, birga to'ylarga chiqasizlar. Xo'sh, gapim tushunarlimi?

— Albatta, tushundim, — dedi Durdona yasama kipriklarini atayin pirpiratib. — Manzuraxon bilan dugona bo'p qolamiz, xavotir olmang!

— Bo'pti, unda men ketdim. Ikkovingizam qulog'ingizga quyvoling. Ertaga «tomsuvoq». Soat kechki to'rtlarda tayyor bo'lib turinglar! Ikkalangiz bir bo'lib to'yni qizitasiz. Unutmang, bu sunnat to'yi. Bazm. To'yga kalondimog'lar, yerni tepsa qum o'rniga pulning changini chiqaradiganlar keladi. Uqdilaringmi?

Ikki qiz baravar bosh irg'ab Murodning savoliga javob qaytarishdi.

* * *

Nihoyat ikki raqqosa yolg'iz qolishdi. Manzuraning ham g'amlari, g'uborlari arigandek yengil torta boshlagandi. Lekin yangi muammo paydo bo'ldi. Durdona Murod ketgach, besh daqiqa o'tar-o'tmas, tusini o'zgartirdi. Manzuraga xuddi yovga qaragandek qaray boshladi. Chamasi o'n daqiqacha miq etmay, yer ostidan Manzuraning turish-turmushini nazardan o'tkazdi. Ora-sirada lab burib olishni ham unutmadi.

Manzura ham bu qizning holatini allaqachon payqagandi. O'ziga bildirmay, boshidan oyog'igacha nazar tashlardi. Durdonaning qarshisida sira past ketishni xohlamasdi.

«Bo'yanishniyam uddalay olmaskan, — o'ylardi u atayin sumkachasidan ko'zgu olib uyoq-buyog'ini tartibga keltirgan bo'lib. — Yopishtirib olgan kiprigini qaranglar! Qing'ir-qiyshiq. Shunaqayam farosatsiz bo'ladimi qiz degan? Shu turishiga osmondan kelishi-chi?!. O'zicha xalq artisti-da bular! O'rtaga chiqsa, qo'lini eplab qimirlatishniyam qoyillatishmaydi. E, xudo olsin senlarni, yallachilar!. Bunikida uzoq qolib ketishimga sira ko'zim yetmayapti. Ishqilib, tezroq ketay-da! Shu tasqaraminan bir hafta birga yashasam, jinni bo'p qolsam kerak…»

— Shunday qilib yallachilikni o'rganyapman deng? — so'radi nihoyat Durdona ensasini qotirib. — Ustozingiz kim?

— Murod aka, — dedi ataylabdan Manzura suhbatdoshining jig'iga tekkisi kelib. — Nimaydi?

— Murod aka baletmeystrmas-ku!

— Buning nima ahamiyati bor. Murod aka juda iste'dolli odam. Hamma ish qo'lidan keladi.

— Nechta to'yga borgansiz sir bo'lmasa?

— Bitta.

— Nima?.. — Durdona kutilmaganda kulib yubordi. — Bitta? Yo'g'-e!

— Ha, endi bitta to'yga bordim. Ammo niyatim to'yma-to'y yallachilik qilib yurishmas. Konservatoriyaga kirvolsam, bas, tashlayman bu ishlarni.

— Xo'p, bittagina to'yga borgan bo'lsangiz, biror nimani qoyillata oldingizmi ishqilib? Murod akaning sizga boshqacha tikilishiga qaraganda, qoyillatganingiz aniqqa o'xshab qoldi.

— Nimani nazarda tutyapsiz? — yanada jiddiylashdi Manzura. — Bilsak bo'ladimi?

— Murod akani xursand qilishga ulgurdingizmi-yo'qmi, shuni bilmoqchiydim.

— Ha, ancha pul ishlab berdim. Xursand bo'ldilar.

— O'zingizni go'llikka solmang, — dedi Durdona. — Men-chi, o'n yildan beri to'yma-to'y yuraman. Murodga o'xshaganlarning yuztasini ko'rvorganman. Ularning birinchi niyati pulmas, yallachining quchog'i. Men shuni so'radim.

— Ha-a, shunaqami? — sovuq kulimsiradi Manzura. — Yotish-turishni nazarda tutdim deng? Yo'q, men hali qiz bolaman e'tiboringiz uchun. Keyin ba'zi yallachilarga o'xshab duch kelganning qo'yniga kirib ketaveradigan odatim ham yo'q.

— Ja katta ketavermang, aylanay. Hali endi bitta to'yga boribsiz. Oldinda qancha ko'rgiliklar kutib turibdi ekan. Qo'yniga kirmay qaergayam borardingiz. «Qism»dagi ulushingizni kamaytirib, keyin shart qo'ysa, shunaqa ilonday sirg'alib qo'yniga kirasizki, o'zingizam bilmay qolasiz.

— O'chir chakagingni, — Manzura bu haqoratga toqat qila olmadi. Daf'atan o'rnidan turib ketdi. — Meni kim deb o'ylayapsan? O'zingga o'xshatyapsanmi? Eplab kiprik yopishtirolmas ekansan-u, o'rgatishingga o'laymi?!.

Durdona ham battar ensasi qotib shoshilmasdan o'rnidan turdi.

— Sen menikida qolmaysan, — dedi u lab tishlab. — To'rt tomoning qibla. Sendaqa oliftachalarni ko'rishga ko'zim yo'q. Keyin aytib qo'yay, ertaga bazmda xonadagi «fayz»ni olishga men kiraman. Tag'in burningni tiqib yurmagin! Xafa qilaman!

— Kirib o'lgin, bildingmi? — shivirladi Manzura. — «Fayz» tugul, o'sha qorni qappayganlarning boshqa narsasiniyam olib o'l!..

Manzura qo'liga buyumlar solingan xaltani oldi-da, tashqariga yo'l oldi. Ko'chaga chiqqandan keyin ketishga shoshilmadi. Qo'liga telefonini olib Murodga qo'ng'iroq qila boshladi. Go'shakni olgach, ko'p gapirib o'tirmadi.

— Men Durdonangiznikidan ketdim, — dedi u. — Agar rostdanam to'yga olib ketishni xohlasangiz, o'zimning uyimga borarsiz. Men o'z uyimda bo'laman!..

* * *

Xalqda raqqosalar haqida gap ketdimi, yoshu-qari darhol tusini o'zgartirib, ularga past nazar bilan qarashini oshkor qilib qo'yadi. Qiz-juvonlarning birinchi ishi esa qarg'ashdan iborat bo'ladi. Ular yallachilarni hech qachon oqlab gapirishmaydi. «Bu o'ziga to'g'ri, juda odobli, nafs domiga tushmagan, xudoga shirk keltirmaydi, xudo yo'lida yuradi», deyilgan taqdirda ham baribir ishonishmaydi. Raqqosami, yallachimi, tamom, demak, u ko'zlari o'ynab, olmami-anormi terib turadigan, erkakning qo'lida dasta pul ko'rsa, ko'z suzishdan bo'shamay qoladigan bir kimsa deb tushunishadi. Ular haq. Shaharda kunu-tun burchak-burchakda turib olgancha to'yga olib ketadigan otarchilarni kutuvchi o'sha yallachilar aslida raqqosalikning yaqiniga ham borib ko'rishmagan, ustoz qo'lida tarbiya topishmagan, onadan raqqosa bo'lib ham tug'ilishmagan. Ularni pul qiziqtiradi. Agar talab qilsa, puli bor erkakning oyog'ini o'pishadi, kerak bo'lsa, o'zlarini har ko'yga solishadi. O'sha ko'zni qamashtirayotgan, yurakdan halovatni qizg'onayotgan pullar changaliga tushsa bas.

Afsuski, Manzura shularni bila turib raqqosalik ko'chasini tanladi. Bu ko'chaning botqoqliklari borligi, har qadamda yuz-u ko'ziga loy chaplana borishini xayoliga ham keltirib ko'rmadi. Mana, o'sha ko'cha boshidayoq tahqirning ilk balosiga to'qnash keldi. Bu balo ko'ksini kemirib, mushtdek yuragini tilka-tilka qilmoqchi. Qo'yib berishsa, baloga chap berishni, shu ko'chadan chiqishni, uzoq-uzoqlarga bosh olib ketishni ixtiyor etmoqda. Nadomatlar bo'lsinki, bu ko'chadan chiqish juda og'ir. Chiqib ketishning sira imkoni yo'q. Har tarafi to'siqlardan iborat. Chiqqan taqdirda ham yuz-ko'zlariga chaplanib ulgurgan botqoq loyini hech bir suv bilan yuvib tozalay olmaydi. Umri ham yetmaydi tozalashga…

* * *

Manzura yo'lovchi mashinada mahalla ko'cha boshisigacha yetib, shoshilmasdan, ezgin qiyofada uyi tomon ketib borardi-yu, shularni xayolidan qayta-qayta o'tkazar, o'tkazaverardi. Yallachilik ko'chasidan eson-omon chiqib olishni xohlardi. Jon deb birovlarning mollari tagini tozalash, idish-tovoqlarini, hatto it yalog'ini yuvib artishi muqarrarligini qalban his etardi. Ammo qalbi qaysarligini qo'ymasdi. Hadeganda hali chimildiq neligini bilmagan, shu yoshida bir olam issiq-sovuqni ko'rib ulgurgan qizni koyib tashlar, uni bo'shanglikda, qo'rqoqlikda, irodasizlikda ayblardi.

«Sen hali yo'l boshidasan, — derdi qalbi unsiz ingranib. — Oldinda seni yana qancha-qancha Durdonalar kutib turganini xudo biladi. Agar bugungi gap-so'zlarni tahqirga yo'ysang, haqiqiy tahqirni ko'tara olmas ekansan-da! Bozorgul seni ne ko'ylarga solmagan. Tomorqadan u aytgan semiz o'tmas, ajriq terib kelganingda xivchin olib savalaganlari esingdami? Sen bir yili kuz bo'yi yuz kilolab paxta terib ishlab topgan pullaringni qo'liga tutqazganingda bozorga yo'rg'alab sog'in sigir sotib olgandi. Separator ham olgandi. Sen mung'aygancha, bo'zraygancha o'tirgansan. U kosa-kosa qaymoqlarni separatordan chiqarib rosa ko'zingni kuydirgan. Sen tamshanib-tamshanib olishdan nariga o'ta olmagansan. Bir tomchisini ham bermagan. O'sha kunlarga chidading, sabr qilding. Arzimagan aybing uchun yo'g'ondan-yo'g'on xodalar bilan kaltaklardi. Birovga churq etmading, arz qilishni xayolingga ham keltirmading. Tag'in uni yaxshi ko'rding, hurmatlayverding, aytgan yo'rig'iga tushaverding. Bugun esa arzimagan gap uchun ich-etingni yemoqdasan. Nega? Buning o'rniga ertaga o'sha to'yga borib Durdonaga raqs tushish qanaqa bo'lishini ko'rsatib qo'ysang bo'lmaydimi? Nahotki, shunchalar qo'rqoq bo'lsang? Iroda kuching qaerga g'oyib bo'ldi?..»

— Ha, sen haqsan, — dedi ovoz chiqarib Manzura hovlisi darvozasini ochib ichkariga odimlarkan. — Men endi ilgarigi Manzura emasman. U Manzura o'lgan. Hozirgisi esa sen tayinlagandek yo'l tutadi. Hech kimga bo'yin egmaydi. Hech kimdan kam bo'lmaydi. Men ortga chekinmayman! Kimda kim menga yomonlik qilsa, adolatsizlikka yo'l qo'ysa, ayovsiz o'ch olaman. Raqqosa bo'laman dedimmi, tamom, shu ko'chaning loylari, botqoqlariga botib ketsam-da, faqat oldinga yuraman. Kurashaman, kurashaveraman!..

* * *

«Telbaning ishini xudo o'nglabdi» deb bekorga aytishmagan ekan. Ertasi kuni Murod Manzurani o'z uyidan o'sha bazmga olib ketdi. Mashinada Durdona ham o'tirgan ekan. Manzura hech narsa bo'lmagandek u bilan samimiy so'rashdi, hol-ahvol so'radi. Lekin Durdona g'azabnok edi. Har soniyada Manzurani kamsitishga urinar, qandaydir achchiq-achchiq gaplar gapirib chaqib olishga intilardi. Manzura esa parvoyiga keltirmasdi. Murodga turli qiziqarli savollar berar, javobi kulgili chiqsa qotib-qotib, miriqib kulardi.

Murod ham hayron edi. Manzuraning bu qadar «ochilishi», quvnoq qizga aylanib qolishini ko'rib hayratga tushardi. Ammo qalbining bir chetida rahmi kelardi, achinardi, shunday iste'dod egasi xo'rliklar changalidan qutula olmayotgani unga ham alam qilardi…

Nihoyat to'y, otarchilar ta'biri bilan aytganda, bazm ham boshlandi. Stol tuzalishi, to'ydagi mehmonlar, baqir-chaqir xuddi o'tgan safargisini eslatardi. Faqat bu to'ydagi mehmon erkaklar ilgarigidagiga nisbatan ancha sipodek, xotirjamdek tuyildi.

Manzura otarchilar uchun ajratilgan so'rining bir chetiga cho'kib Murod yetaklab kelgan Xursandbek hofizni zimdan kuzatdi. Bu yigit deyarli o'zi tengiga o'xshardi. Juda orasta kiyingan, doimo tabassum qilishdan, jilmayishdan tiyila olmas ekan.

Durdona o'zini ko'rsatgisi keldimi, kela solib Xursandbek hofizning yonidan joy oldi. Yuzlarga fotiha tortilgani hamono nimalarnidir gapirib hofizni kulishga majbur eta boshladi. Xursandbek ham tortinib o'tirmasdi. Durdonaning har bir gapiga kulgi bilan javob qaytarishga urinardi. Yallachi ora-sirada tizzasiga shapatilasa yoki yuzidan asta chimdib qo'ysa, battar «xoxo»lardi. Durdona esa har bir harakatidan so'ng Manzura tarafga ko'z tashlab olishni kanda qilmasdi. Har qaraganda, «Ko'rdingmi, ovsar, haqiqiy raqqosa xuddi men kabi abjir, kirishimli, gapga chechan, beti ochiq bo'lishi kerak» demoqchidek bilinar-bilinmas lab burib qo'yardi…

* * *

Manzura Xursandbekning yana bir xislatiga qoyil qoldi.

U torni juda yaxshi chalarkan.

Hatto, ilk qo'shig'ini boshlagandayoq og'zi lang ochildi. Tor uning qo'lida xuddi bulbuldek sayrardi. Qochirimlarni, nolalarni ikki tarafga o'rnatilgan katakon kolonkalar orqali yuraklarning tub-tubigacha yetkaza olayotgandi. Bunga hofizning mahzun, baritonga yaqin yoqimli ovozi jo'r bo'lgach, yanada fayz kirdi. Manzura Xursandbek hofiz to qo'shiqni tugatguncha hayratlanishdan tiyila olmadi.

Biroq oldinda o'zini nimalar kutayotganini tasavvur ham etmasdi. Durdonaning o'ziga yarashmagan qiliqlar ko'rsatib o'rtaga chiqishi ilk alamini qo'zg'adi. Ha, u o'zi sezmagan holda yallachi hamrohiga hasad qila boshlagandi. Negadir uning tutriqsiz raqslari jahlini qo'zg'ay boshlagandi. Raqs san'atiga butkul yot bo'lgan harakatlari jig'iga tegib, hayrati ham so'ndi, bir necha marta beixtiyor o'rnidan turib ham ketdi.

Bu holatini Murod allaqachon payqagan, shu bazmda kutilmagan raqobat paydo bo'lishini, bu esa o'rtaga kutilganidan-da mo'mayroq pul yog'ilishi uchun sabab bo'lishi muqarrarligini his etib turardi. Ba'zan goh Durdonaga, goh Manzuraga yer ostidan boqib kulib qo'yardi.

Va o'sha kutilgan lahzalar yaqinlashdi. O'rtakash Manzura raqs ijro etishini e'lon qildi. Xursandbek «Lazgi»ni boshlab qoldi. Manzura o'rtaga chiqdi-da, xuddi yangi kelinlar kabi mehmonlarga obdon salom qildi. Bu usulni tunda o'ylab topgandi.

O‘xshash hikoyalar