Raqqosa 2 (kamolov) copy (3-bet)
o'ylab topgandi. Chiqishini shu bilan boshlasa, barchaning e'tiborini tortishiga ishongandi. Adashmabdi. Shirakayf erkaklar hali raqs boshlamasidanoq qichqirib uni olqishlay ketishdi. Nuroniy onaxonlar esa Manzuraning bu qadar chiroyli salomini ko'rib astoydil duo qilishdi.
* * *
Manzura bu qadimiy qo'shiqning har bir ohangiga yo'l-yo'lakay alohida qochirimlar o'ylab topardi. Bilardi, Durdona aytganidek erkaklarning qo'lidagi pullarni beo'xshov muqom emas, ana shunday qochirimlar yordamida ham tortib olsa bo'ladi.
Ashula yarmiga yetmay, hofizga buyurtma beradiganlar ko'payib qoldi. Barchalari o'zlari suygan qo'shiqqa Manzura raqs tushishini xohlashardi. Durdona ham bu manzarani otarchilar so'risida o'tirgan ko'yi hissiz kuzatardi. Yo'q, buni hissiz ham deb bo'lmaydi. Negaki, u raqibasining har bir harakatidan so'ng beixtiyor qimirlab ketar, lablari burilib-burilib qo'yardi.
Shu tobda o'rtaga o'tgan safardagidek bir erkak chiqib keldi. Bu shahardagidan farqli o'laroq kalbosh emasdi. Qiyofasida ham urishqoqlik, zo'ravonlik, kalondimog'lik belgilari sezilmasdi. Aksincha tabassumga moyil, xushchaqchaq odam ekani ko'rinib turardi.
Erkak kulimsiragancha kelib Murodga yuzlandi.
— Uka, — dedi u ovozini hiyla pasaytirib. — Bir iltimos chiqib qoldi. Nima deysiz?
— Biz xizmatda, aka, — dedi Murod ham suhbatdoshiga javoban jilmayib. — Nima qilishimiz kerak?
— Mana shu o'rtada raqs tushayotgan qizingiz bizga juda ma'qul kep qoldi-da! Agar malol kelmasa, bazm tugagandan keyin bizgayam alohida raqs qilib bersalar! Xarajatiga gap yo'q!
— Xo'p bo'ladi, — dedi Murod sezdirmaygina Durdona tomon ko'z tashlab olarkan. — Bir og'iz gapingiz-da, aka! Ammo…
— Tushundim, — Murodning so'zini kesdi erkak. — Ishoning, biz intellegensiya vakillarimiz. Ortiqcha harakatlar, gap-so'zlarga yo'l qo'yilmaydi. San'atidan bahra olsak bas.
— Tushundim, — dedi Murod. — Bazm tugashi bilan qayga yurishni shipshitsangiz bas, qizimiz kiradi hofiz bilan birga.
— Yo'q, hofiz shart emas. Magnitofonga biz suyib eshitadigan qo'shiqlar yozib qo'yilgan. O'sha qo'shiqlarga raqqosa qiz o'ynab bersalar bo'ldi.
— Ikkala raqqosayam kirishsinmi, yo…
— Faqat o'rtadagisi.
— Bo'pti…
Oradan taxminan bir soatcha vaqt o'tgach, bazm yakun topdi. Bu gal ham Murodning ko'ngli to'ldi. Manzura hovuch-hovuch pul ishlab berdi. Pullar doyra g'ilofidan tortib, tor g'ilofigacha to'lib, sig'maganini alohida qora sumkaga ham joylashdi Qolaversa, Manzura erkak aytgan xonaga kirib chiqsa, yana pul tushadi…
Manzurani Husan usilitelchi erkak aytgan uygacha kuzatib qo'yadigan bo'ldi. Qolganlar kutib turishiga kelishishdi.
Xona esa besh-oltita uy narida ekan. U yerga katta ko'cha bo'ylab boriladi. Husan Manzurani tayin etilgan darvoza tomon boshladi. Atrof zim-ziyo, bu ko'chada mashinalar qatnovi ham haminqadar edi. Bazm bo'lib o'tgan uy atrofiga qo'yilgan mashinalargina ahyon-ahyonda qimirlab qolardi.
Shu payt old tarafdan bir mashina o'qdek uchib kelib, Manzura va Husanning to'g'risida to'xtadi. Orqa va old eshiklar ochildi-da, kimdir Husanni tepib yubordi. Boshqa birov Manzuraga yopishdi. Ko'z ochib yumguncha Husan hushini yo'qotib asfaltga dumaladi. Manzurani bo'lsa, o'sha mashinaning orqa o'rindig'iga kuch bilan o'tqazishdi.
Mashina go'yo kinolardagi kabi o'rnidan qo'zg'alib, oldinga talpinganda ballonlari chiyillab-chiyillab ketdi.
Manzura baqira olmasdi. Og'zini skotchlab tashlashgandi. Shunda ham bu mashinada necha kishi borligini taxminlay oldi. Haydovchini qo'shmasa, mashina salonida uch barvasta erkak o'tirgan edi.
Davomi bor...