tungi.ru

Qalbinga quloq sol. 2-qism

Vagon yana g'izillab ketdi. Yodgor yigitning yoqasini qo'yib yubordi.

- Shuyam ishmi? - dedi goh u, goh bu yigitga qaragancha ovozi titrab.

Aftidan, yigitlar bunday bo'lishini kutishmagan ekan shekilli, bir-birlariga tezgina qarab olishdi. Yodgor quloq-chakkasiga kelib tushgan musht zarbidan o'rindiq suyanchig'iga tayanib qoldi. Sharfli yigit unga yana bir musht tushirdi.

Yodgor internatda o'qib yurganida ko'p mushtlashgan edi. Ammo anchadan buyon birovni chertgan emasdi. Ko'z o'ngi qorong'ilashib ketdi-yu, tishini g'ijirlatib, ustiga yopirilib kelayotgan kurtkali yigitni tepdi. Yigit bukchaygancha qornini ushlab nari ketdi. Zum o'tmay, yana o'sha gurziday musht gardaniga tushdi. Yodgor o'rindiqqa cho'kib qoldi.

- Bezorilar, tush hammang! - haydovchi xotin kabinadan boshini chiqarib baqirdi. - Hozir militsiya chaqiraman. Ey, militsiya!

Yodgor hamon chakkasini changallab, bukchayib o'tirardi.

Haydovchining dag'dag'asi ta'sir qildimi, yigitlar oldinga o'tib ketishdi.

Sharfli yigit zinadan tushib borarkan, Yodgorga musht do'laytirdi.

- Ikkinchi yuvilmagan qoshiqday birovning ishiga suqilmaydigan bo'lasan!

Yodgor indamadi. Ro'molchasini olib, yuziga bosdi. Oyog'i ostida ezg'ilanib yotgan konspekt daftarini olib, qo'ltig'iga qistirdi.

Yana bir bekat yurib to'xtagach, haydovchi xotin uning tepasiga keldi.

- Yomon urdimi? O'ldirishdan ham toymaydi bu bezorilar.

Yodgor, hechqisi yo'q, deganday o'rnidan turdi. Uning qovog'i achishar, tishlari sirqillardi.

...Hamon qor yog'ar, ko'cha jimjit, kimsasiz edi. "Bu yog'i qiziq bo'ldi-ku", deb o'yladi u yo'lka chekkasidagi marmar favvorachaga yuzini tutib. Keyin qonga belangan ro'molchasini chaydi. "Qiziq, suv iliq-a... Auyganday, rassom qiz yetib olganmikin uyiga". U qizning so'nggi daqiqada o'ziga minnatdor tikilib tugan ko'zlarini esladi. Fotoapparat bir lahzada kishi tasvirini qanday ilib qolsa, uning tasavvuri ham qizning o'sha qiyofasini shunday eslab qolgan edi. O'shanda ham huddi shunday bo'lgandi. Musobaqada o'zlarining instituti yutqazgan bo'lsa-da, quvongan, ko'plar orasidan shu qiz ayniqsa, ajralib ko'rinib turganiga sevingan edi. "Chiroyli qiz bo'lsa, nima qilarkan yarim kechada ko'chaga chiqib, - deb o'yladi u kuyunib. - Keyin qizning qo'lidagi guldor ro'molga o'rog'liq tugunchani esladi. - Biron tashvishi bordir-da?"

U yotoqxonaga yetib kelganida allamahal bo'lgandi. Chiroqlari xira yonib turgan yo'lakdan o'tib, to'rtinchi qavatdagi o'z xonasining eshigini ochdi. Ichkariga qadam qo'yishi bilan oyoq ostida turgan choygumga qoqilib ketdi. Choygum taraq-turuq qilib, tun sukunatini buzib yubordi. O'z karavotida yotgan Zoyirjon g'ingshib qo'ydi.

"Obbo, endi shuyam bormidi?" Yodgor chiroqni yoqdi. Gaz plitaga qo'yilaverib sarg'ayib ketgan choygumni bir chekkaga olib qo'ydi. Plashining qorini qoqib, karavotga tashladi.

Zoyirjon non-choy qilib yotgan shekilli, kleyonka yopilgan stolda non burdalari, parraklab to'g'ralgan kolbasa, qand yotardi. Chiroq yonishi bilan stol ustidagi suvaraklar o'rmalab qochdi. Ular xonani harchand toza tutishga urinishmasin, suvaraklardan qutulisha olmasdi.

Zoyirjon ikkovlari ikki yildan buyon shu xonada turishardi. Shu ikki yil ichida bu xonaning qog'ozi ko'chgan devorlari ham, beso'naqay shkaf ustida yotadigan chizmalaru kitoblar ham, liqillab turgan stullaru yuvilaverib sizilib ketgan darpardalar ham Yodgorga qadrdon bo'lib qolgan edi. Qish kunlari xona yaxshi isitilmas, Zoyirjon komendantning ko'zini shamg'alat qilib, elektr isitgichni yoqib qo'yar, qo'lga tushib qolishgudek bo'lsa bir amallab iydirardi. Andijonlik mana shu qop-qora yigit Yodgorga qadrdon bo'lib qolgandi.

Yodgor sovib qolgan choydan ichdi. Kolbasa yemoqchi bo'lgan edi, tishi sirqilladi.

- Tushniyam haromini chiqardingiz-da! - dedi Zoyirjon ko'rpaga burkanarkan, to'ng'illab.

Yodgor undan ko'z uzmay o'tirarkan, negadir gaplashgisi keldi.

- Kimni ko'rayotgandingiz?

- Aytganimda topib berarmidingiz, tushimni?

Zoyirjon karavotni g'irchillagancha pishillab o'girildi. Boshini ko'rpadan chiqardi-da, angrayib qoldi.

- Ha?! - dedi anchadan keyin hushini to'plaganday. Sakrab turdi-da, maykachan yugurib, uning tepasiga keldi. - Kim? Qachon?

Yodgor iljaymoqchi bo'lgan edi, yuzi og'ridi.

- Qo'yavering! - dedi qo'l siltab.

- Qayerda bo'ldi? Kim o'zi? - Zoyirjon hozir borib mushtlashmoqchi bo'lganday rangi o'chib ketdi.

- Yo'lda... - Yodgor o'zining ahvoliga kulgisi qistadi. "Kap-katta odam yosh bolalardek mushtlashib yursa". - Ikkitasi bir qizga xiralik qilayotgan edi, shunga... - dedi kulimsirab.

Uning kulayotganini ko'rib Zoyirjonning ko'ngli joyiga tushdi shekilli, qarshisidagi stulga o'tirdi.

- Kim ekan qizning o'zi?!

- Qayoqdan bilay? - dedi u qo'l siltab. "Ilgari bir ko'rgandim", - degisi kelmadi. - Bari bir emasmi, u tanimaydi-ku meni".

- Yemagan somsaga pul to'lash deb, shuni aytadi. - Zoyirjon Yodgorning yuziga qarab turib, kulib yubordi. - Archa bayramiga lampochka yetishmay turuvdi, - dedi uning g'urrasini silab.

Yodgor ham beixtiyor kulib yubordi.

Chiroqni o'chirishganidan keyin ham ikkovlari anchagacha uxlay olishmadi. Zoyirjon o'zicha g'udranib, Yodgorni urganlarning go'riga g'isht qalar, yanib qo'yar, tashqarida esa shamol g'uvillar, derazaning allaqaysi tirqishidan soviq kirib turardi.

- Avaz aka yangi yilni biznikida kutamiz deyapti, boramizmi? - dedi Zoyirjon anchadan keyin. Yodgor uni yupatish uchun Zoyirjon gapni ataylab boshqa yoqqa burganini tushundi.

- Mayli, - dedi loqaydlik bilan.

- Qizlargayam hayronman. Yarim kechasi mayiz bor ekanmi ko'chada? - dedi Zoyirjon yana o'sha mavzuga qaytib.

- Bilmasam, - Yodgor ko'rpaga burkanib oldi. Qizning oppoq tiniq yuzi, minnatdor boqishi ko'z o'ngiga kelib jilmaydi.

- Yurmasin emas, yursin. Mana, bizga o'xshagan yigitlar bilan chiqsin ko'chaga. - Zoyirjon mamnun xo'rsindi. - Bugun Nargiza ikkovimiz ham allamahalgacha tentirab yurdik. O'zining ham oyog'i akashak bo'lib qoldi-yov.

Yodgor o'zlari bilan o'qiydigan Nargizani Zoyirjon yaxshi ko'rishini bilar edi. Yana boyagi rassom qizni o'yladi. Tiniq chehrasi ko'z o'ngiga keldi.

- Bormaysizmi?

- Nima? - dedi Yodgor Zoyirjonning gapiga daf'atan tushunolmay.

- Ertaga darsga bormaysizmi, deyapman.

- Qandoq boraman... - dedi Yodgor. - Kulmaydimi hamma.

Anchadan keyin Zoyirjon pishillab, tekis nafas ola boshladi. Uy sovib ketdi.

Yodgorning uyqisi kelmas, boshi lo'qillar, hamon o'sha tiniq chehra ko'z o'ngidan ketmas edi. "Qiziq, nima qilib yuribdi yarim kechada? Boyagi bolalar unga hech kim emas, - deb o'ylardi u achishayotgan g'urrasini paypaslab. - Bular uning tirnog'iga ham arzimaydi. - U mushtlashuvning butun tafsilotini eslab, jilmayib qo'ydi. - Qiziq bo'ldi-ku!"

Yodgor bo'lib o'tgan noxushlikka ranjimas, uzoq vaqtlar hayolini band etib yurgan qizni bir lahza bo'lsin, ko'rganidan quvonar edi.

* * *

Charoslarning uyi shaharga endi qo'shilgan chekkadagi qishloqda edi. U oxirgi avtobusga qandoq ilinganini, qishloqqa qandoq yetib kelganini o'zi ham bilmadi. Tiyg'ana-tiyg'ana o'zlarining tor ko'chasiga yetganidan keyingina nafasini rostlash uchun to'xtadi. Tez yugurganidan bo'lsa kerak, yuragi gupillab urar, yuzlari lovillab yonar edi. Sochlari jiqqa suv bo'lib ketgan, bo'yniga qo'ngan qor erib, yoqasidan oqib tushar, g'ashini keltirardi.

Ko'cha cbetidagi kallaklangan tollar sharpaday qorayib ko'rinar, eng ichkarida - ularning uyi peshtog'ida chiroq yonib turardi. Qor kechib darvozaga yaqin borgandagina u qattiq toliqqanini, oyoqlari qaltirab ketayotganini payqadi. Qo'lidagi tugunni ostonaga qo'yib, ro'molini qayta o'ramoqchi bo'ldi-yu, bo'shashib turib qoldi. "O'lsin tushib qopti". U endi esi joyiga kelgandek boya o'zini himoya qilgan baland bo'yli, ingichka mo'ylovi o'ziga yarashgan, ozg'ingina, jingalak soch yigitni esladi. "Anavilar indamaganmikin unga... Turqingni yel yegurlar, indamay qo'yarmidi?" Yuragida og'ir bir g'ashlik bilan eshikni itardi: ochiq ekan. "Opam uxlamay o'tirgandirlar", deb o'yladi u qori supurilgan sement yo'lkadan tez o'tib borarkan. U etakdagi oshxonaning qor bosgan tomini, ko'milmay qolgan tokning oppoq tasmaday osilib yotgan so'rilarini, muzlab qolmasligi uchun jo'mragi ochib qo'yilgan vodoprovodni ko'rib, zudlik bilan ayvon oldiga bordi.

Onasi eshitsin, deb etikchalarining qorini ataylab qattiq-qattiq qoqdi-da, oynaband zinadan ko'tarildi. Eshikni ochishi bilan gup etib issiq havo yuziga urildi. Shu payt ichkari uyning ham eshigi ochilib, ostonada onasi ko'rindi. Vasila Nazarovna bosh yalang, oq oralagan sochlari silliq taralagan, ko'k jemper kiyib olgan, bir qo'lida kosa ko'tarib, ikkinchi qo'li bilan eshik dastasini ushlab turardi.

Charosni ko'rdi-yu, xuddi qizinikiga o'xshash yirik, qop-qora ko'zlarida qo'rquv paydo bo'ldi. Hali ayollik ko'rkini yo'qotmagan yuzi jiddiylashdi.

- Ha? - dedi kosalarni ayvon o'rtasidagi stolga qo'yib. - Nima bo'ldi, qayoqdayding?

"Ovqatlanmay kutib o'tirgan ekanlar", deb o'yladi Charos. Boyagi voqealarni eslab, xo'rligi keldi-yu, yerga qaradi.

- Darsdan keyin tog'amnikiga boruvdim, - dedi o'pkasi to'lib: - Chaqaloq kasal bo'lib qolibdi. Tog'am hadeganda kelavermaganidan keyin, kennoyimni kasalxonaga obordim... Mana, kiyimlari. - Charos tugunni bir chekkaga qo'ydi.

Vasila Nazarovna to'la gavdasiga yarashmagan ildamlik bilan kelib qizining paltosini yechishga ko'maklashdi.

- Voy, ro'moling qani? Nega yig'lading?

Charos onasining ko'ziga qarashga botinolmay, etikchasini yecha boshladi.

- Tushib qolibdi, - dedi bosh ko'tarmay. - Yig'laganim yo'q, chopdim... Qo'rqdim.

Onasining yuziga qon yugurdi.

- Qilgan ishing tushmasin. O'tir, ovqatingni ich.

Charos ishtahasizlik bilan sho'rva icharkan, onasining o'ziga diqqat bilan qarab qo'yayotganini sezar, shuning uchun bosh ko'tarmas edi. U onasining qattiqqo'lligidan cho'chir edi.

- Hali Dilshod ham keluvdi, - dedi Vasila Nazarovna jimlikni buzib.

Charos "Kelib nima qilarkan", degandek onasiga ko'z qirini tashladi. Qoshiqni stol chekkasiga qo'ydi.

Vasila Nazarovna uning ko'nglidan o'tganlarni sezdi.

- Ovqatingni ich.

- Bo'ldim, opa, - dedi Charos choy quyayotib.

Yana birpasdan keyin u o'z xonasiga kirib ketdi. Horg'inlik bilan o'rniga cho'zildi. Karavoti tepasida, shundoq shift ostida turgan ramkadagi rasmga o'ychan tikilib, uzoq yotdi. Rasmda shalag'i chiqsayam ham aylanib turgan charxpalak tasvirlangan edi. Uning tarnovlariga yashil suv o'tlari yopishgan, ko'p paqirchalari tushib ketgan. Ammo tarnovda hamon suv to'lib oqyapti. Ariq sohilidagi jiyda soyasida esa misqoli yaktak kiygan oppoq soqolli chol ketmon dastasiga suyanib, bukchayib turibdi. U o'siq qoshlari ostidagi qisiqroq ko'zlari bilan charxpalakka o'ychan tikilib qolgan.

Bu - bultur birinchi kursni bitirib, ta'tilda Chimyondagi buvisinikiga borganida Charos o'zi chizgan rasm edi. U chol bilan charxpalakni qiyoslamoqchi bo'lgandi. Charxpalak suvni yuqoriga - tashna dalalarga chiqarib beradi. Oqar suv aslo ortiga qaytmaydi. Charxpalak esa o'z o'rnida turib, yana yangidan-yangi dalalarni sug'oraverardi. Chol ham shunday. Ko'plarga yaxshilik qilgan. Hayot ortga qaytmaydi. Cholni birov eslaydi, birov eslamaydi... Charosning "Mirob" deb atalgan bu asari institutda ko'pchilikka ma'qul bo'lgan edi.

Narigi xonada gugurt chizildi. Charos hamon yonboshlab yotgancha, eshik g'irasidan onasini ko'rdi. Vasila Nazarovna sigaret tutatgancha, stol lampasi yorug'ida o'tirib ishlar, aftidan, o'quvchilarning yozma ishini tekshirardi.

Charos ko'zlarini yumib oldi. Tashqaridagi shamol kuchaygan bo'lsa kerak, deraza ortidagi tollarning shoxi qisirlab ketdi. Qor uchqunlari oynaga chirsillab urildi. Hovlida it g'ingshidi.

Charos isib ketdi. Ko'rpani ochib tashlagancha, "hovuz" qilib ishlangan faner shiftga tikildi. Boyadan beri ko'nglini g'ash qilayotgan narsani endi topib olgandek og'ir xo'rsindi. "Opam ham qiziqlar, Dilshodni nima qiladilar gapirib. Turqi qursin... - Keyin boyagi tramvaydagi yigitni esladi. - Nega qochib ketdim, - deb pichirladi lablarini tishlab, - Anavi surbetlar sog' qo'ymaydi uni. Qayoqdanam o'sha tramvayga o'tira qoldim?!"

U o'ylay-o'ylay yana bir narsani topdi. Bo'yi yetgan har bir qiz qatori uning ham hayolini allaqanday bir yigit timsoli hamisha tark etmasdi. Qiziq, bugun huddi o'sha tasavvuridagi odam uchradi. Baland bo'yli, jingalak soch... Xuddi o'zi... Qismatning o'yinini qarang. Uchradi-yu, bir lahzada yo'qoldi.

Aytganday, plash kiygan edi shekilli... Kulrang plash. Charos u yog'ini eslay olmadi. Anchagacha shu alfozda yotdi. Tashqarida bo'lsa hamon shamol izillar, tol shoxlari qirsillar, it g'ingshirdi.

(davomi bor)

O‘xshash hikoyalar