Qalbinga quloq sol. 4-qism
Qurilish tresti unga yotoqxonadan joy berdi. Xullas, yigit kishining boshiga baxt qushi qo'nmay iloji yo'q ekan. Uning ham hayoti bir nav yaxshi bo'lib qoldi. Ikki yilcha shu tarzda ishlab yurdi. Keyin birdan oromi buzildi. Hammasi shim olish bahonasidan boshlandi.
Birinchi may arafasi edi. Yodgor bayramga yangi moda bo'lgan lavsan shim olish niyatida tuman markazidagi univermagga bordi. Peshtaxta ortida turgan qosh-ko'zlari qop-qora, do'mboqqina qizni ko'rdiyu, yuragi jiz etdi. Shim tanlagan bo'lib uzoq ivirsib qoldi. Qiz, oxiri jahli chiqdi shekilli, koyib berdi:
- Olasizmi, yo'qmi? Olsangiz oling, bo'lmasa bo'shating yo'lni.
- Olaman, olaman! - dedi Yodgor hayajonlanib, pul chiqararkan.
Yotoqqa kelib kiyib ko'rsa, ikki mo'ljal kattasini olibdi. Hamxonalari kulishdi.
- Oborib ber, boshqasini ayirboshlab berishadi.
Yodgor katta shim olganiga, yana borishga bahona topilganiga hatto sevindi ham.
Bu safar qiz unga zarda qilmadi.
- O'zim ham dadangizga olyapsizmi, deb o'ylovdim, - dedi kulib.
Qizning kulgisi Yodgorga shunchalar quvonch bag'ishladiki! "Bundan chiqdi, meni eslab qolgan ekanda", deb o'yladi u sevinchi toshib.
Shu-shu har kuni sovunmi, tish cho'tkami, tugmachami bahona qilib univermagga keladigan bo'ldi. Bora-bora qiz ham uni tanib qoldi. Yodgor qizning bir marta kulib qarashini ko'rish orzusida sakkiz chaqirim naridan goh piyoda, goh o'rtog'ining velosipedida kelib ketardi.
Bir kuni u ikkita kino bileti ko'tarib keldi.
- Klubda hindcha kino ketayotgan ekan, - dedi qo'rqa-pisa. U qizning hoziroq oldiga solib haydab yuborishini kutib turardi. Yo'q, qiz haydamadi.
- Bugun vaqtim yo'q, ishdan kech chiqaman, - dedi u.
Shundan keyin uning eng shodon kunlari boshlandi. Yodgor Azizaning bilagidan ushlashga ham botinolmas, ammo bir kun ko'rmasa turolmasdi.
Ayni uzum pishig'ida Aziza Yodgorni ikkita o'rtog'i bilan mehmonga chaqirdi. Ularning kattakon bog'i bor ekan, yigitlar uzumxo'rlik qilishdi.
Azizaning selpo raisi bo'lib ishlaydigan otasi Yodgorning avlod-ajdodini surishtirdi. "Tamon, - deb o'yladi Yodgor eti uvushib. - Hammasi tamom bo'ldi!"
Yo'q, baxt ham, baxtsizlik ham juft bo'ladi, deyishgani rost ekan.
Bir oydan keyin xuddi o'sha katta bog'da dang'illama to'y bo'ldi. Yodgor jaranglagan uylar, qora daraxtdan qilgan garnituralar, qo'sha-qo'sha gilamlarni ko'rib, og'zi ochilib qoldi. Bu nima, tushimi, o'ngimi? O'ziga shuncha fidoyilik qilgan mana shu go'zal qizning - jondan ortiq Azizasining oldidagi qarzini qandoq uzsin. Boshiga ko'tarib yursa arzimaydimi?! Yaqindagina so'risini supurib, choy tashib yurgan Yodgor shumi? Birovdan turtki yeb, birovdan so'kish eshitib o'rgangan yugurdak bola shumi? O'zining ota-onasi qani, shu topda o'g'lini ko'rsa bo'lmaydimi? Yodgor harir ro'mol yopingan kelin yonida o'tirib, baxt-saodat tilab gapirayotgan kishilarning jarangdor so'zlarini, qarsbadabaning kuy sadolarini eshitarkan, bularning hammasi ertakdek tuyular, ishongisi kelmas edi.
Qiziq, ishonmaganicha bor ekan. Taqdirning o'yinini qarang. Bir kun ilgari quvonchdan boshi ko'kka yetgan Yodgor, to'yning ertasiga to'rvasini yo'qotgan gadoydek bo'shashib qoldi. Sevinchlari momaqaldiroqdek gumburlab, chaqmoqdek bir zum yaraqladiyu, o'chdi.
Nega meni aldadingiz? - dedi ovozi qaltirab. Keyin mushtini tishlagancha ingrab yubordi. - Nega aldadingiz, nega?!
Aziza to'shakda xomush yotar, ko'zini bir nuqtadan uzmas, aftidan, kimnidir eslar edi.
- Kim o'sha?! - dedi Yodgor g'azab bilan o'rnidan sapchib turib.
- Sekin, - dedi Aziza unga qaramay. - Dadam eshitsa janjal bo'ladi.
Yodgor janjal bo'lmasligini bilar edi. Dadasining hamma narsadan xabari bor. Bo'lmasa qizining tag-zotining tayini yo'q bu yigitga bermasdi.
"Gap bu yoqda ekan, - o'yladi u o'kinch bilan. - Demak, ular meni odam sanashmagan".
U o'zining qadri pastligidan afsuslandi, g'ururi poymol bo'lganligini o'ylab, alamdan to'lg'ana boshladi.
Anchadan keyin Aziza yig'ladi. Uni jonidan ortiq sevishini pichirlab aytdi.
Xotin kishining ko'z yoshi shirin bo'ladi. Yodgorning rahmi keldi. Xotinini ovutdi.
Ammo shafqat bilan muhabbatning orasi bir chaqirim-u, shafqat bilan nafratning orasi bir qarich bo'lishini Yodgor bilmas ekan. Ko'p o'tmay tushundi. U bu uyga birov bo'yniga arqon solganday istar-istamas kirib kelar, kelganda ham ko'p o'tirolmas edi. Bu uy unga begona tuyular, har safar adashib kirib qolganday bo'laverardi.
Yarim yilcha turmush qurishgan bo'lsa, bir oy ham er-xotin bo'lib yashashgani yo'q. Ikkovlari xo'roz qichqirguncha uxlamay yotishar, ikkovi ham bir-birining uxlamayoganini bilar, ammo churq etishmasdi.
Aziza gapning uchini chiqargan bo'lsa kerak, qaynonasi Yodgorni noshudlikda ayblab, koyiydigan bo'lib qoldi.
Bir kuni qaynotasi Yodgorga maslahat soldi:
- Qachongacha qishlik-qirovlik kunlardayam loy changallab yurasiz. Savdoga kiring. Savdoda gap ko'p. Men sizga ovloqroq bir do'koncha olib beraman.
Yodgor qaynotasining ko'ziga birinchi marta tik qaradi.
- Men sadoga kirmayman. O'zingizni urintirmang.
Qaynotasi moshrang baxmal do'ppisoni kaftiga qoqib, o'rnidan turib ketdi. Nariroqqa borib to'ng'illadi:
- Hemirining tayini yo'g'u, dimog'idan eshaqqurt yog'iladi...
Yodgor o'rtalarida darz paydo bo'lganini bildi. O'sha kuni ichib keldi.
Bora-bora Aziza ham uni jerkadigan, har gapida piching qiladigan bo'lib qoldi.
Yodgor butun alamini mehnatdan olar, kechki smenalarga qolib ishlar, bu esa Azizaning battar g'ashiga tegar edi.
Xuddi hozirgidaqa qish kunlaridan birida Bolgariyadan quruvchilar delegatsiyasi keldi. Trestdagilar ilg'or binokorlar qatori Yodgorni ham tantanali kechaga taklif qilishdi. Kecha oxirida trest boshlig'i - keksa, jikkak kishi: "Hech mehmoningiz bo'lmadik-da", deb hazillashdi.
Yodgor mehmonlarni uyiga boshlab keldi. Darvoza qulf ekan, uzoq taqillatdi. Mehmonlar sovqotganidan yer tepkilab turishar, Yodgor xijolat chekar edi.
Anchadan keyin yo'lakda qadam tovushlari eshitildi.
- Oching, mehmonlar kelishdi, - dedi Yodgor betoqat bo'lib.
- Mehmonlaringiz boshingizda qolsin! - dedi Aziza darvozaning naryog'ida turib.
Yer yorilmadi-yu, Yodgor kirib keta qolmadi.
- Esingni yedingmi, och! - dedi u zarda bilan.
- Bitta o'zingni boqqanimiz yetadi. Yo'qot piyonista o'rtog'laringni!
Yodgorning boshi aylanib, kesagiga suyanib qoldi. U turmushi omonat ekanini, qachondir oilasi buzilishini ko'dan ko'ngli sezib yurar, ammo bunchalik sharmanda bo'lishini o'ylamagan edi. Xotinining haydaganidan ko'ra sensiragani yurak-yuragidan o'tib ketdi.
- Shunaqami, - dedi Yodgor xirillab. - Qo'ydim!
Trest boshlig'i hayhaylab unga yopishdi:
- Yoshlik qilmang, o'g'lim, shaytonga hayf bering.
Ichkarida qaynonasining javragani, Azizaning bidirlagani eshitildi.
Yodgor ko'z o'ngi qorong'ilashdiyu, boshini quyi solgancha, tusmollab yurib ketdi.
O'shanda trest boshlig'ining yupatganlari, nasihat qilgani, ammo u o'qishga ketaman, deb turib olgani hozir Yodgorning ko'z o'ngidan birma-bir o'tdi.
"Endi mening ruxsatim kerak bo'lib qolibdimi?" - deb o'yladi choygumga suv to'latarkan. Boya xotinining zarda qilib eshikni qarsillatib chiqib ketganini eslab, kulib qo'ydi. - Sinash uchun kelgan. Tegsa tegavermaydimi?"
U oshxonaga kirib, choygumni gazga qo'ydi. Qaynashini kutib, deraza oldiga keldi.
Havo ochilib ketdi. Narigi yotoqxona tomida, ikki bino o'rtasidagi gulzorda qor yaraqlaydi. To'rtta-beshta so'qmoq iz tushibdi. O'yinqaroq bolalar katta yo'ldan g'izillab o'tayotgan mashinalarga yopishib, sirpanchiq uchyapti. Bekatda odam siyrak. Bir xotin archa ko'tarib turibdi.
Choygum qaynab, toshdi. Yodgor derazadan ko'z uzib, gazni o'chirdi.
* * *
Har faslning o'z quvonchi bor. Qish ham kattadan-kichik hammaga bir olam shodlik baxsh etdi. Ikki kundan buyon muzdekkina qish farishtasi shahar ustida kezib, elagini silkitar, quloq-burni qizargan odamlar "Yangi yilbop qor bo'lyapti-da", deb kulishar, havoda musaffo chilla isi kelar edi. Kinoteatrlar, madaniyat saroylarida ta'tilga chiqqan bolalarning kulgisi yangraydi. Katta maydonlarda archalar bezatildi.
Yilning so'ngi oqshomida Toshkent yashnab ketdi. Katta binolar peshtog'ida son-sanoqsiz lampochkalar marjoni porladi, archalar murga belandi. Oziq-ovqat magazinlar tirband bo'lib ketdi. Sumka, to'rxalta ko'targan odamlar uy-uyiga shoshilishar, tanish-bilishlarini ko'rib, bayram bilan qutlashar edi.
Yodgor bilan Zoyirjon gastronomdan mayda-chuyda xarid qilishdi-da, Avaz akanikiga yo'l olishdi. Birinchi kursda paxtaga borishganida bu aspirant yigit ularga rahbar bo'lib chiqqan, shu bahona do'stlashib ketishgandi. Uning bog'chada tarbiyachi bo'lib ishlaydigan ozg'ingina xotini Tamila ham yigitlarning o'z opasiday bo'lib qolgan. Avaz markazdagi to'qqiz qavatli uyda yashar, Yodgor bilan Zoyirjon bu uyga ko'p kelishgandi.
Markaziy univermag oldidan o'tib ketishayotganida Yodgor bir hafta ilgari ro'y bergan hodisani esladi, o'sha qizning ko'zlari, minnatdor boqishi tag'in tasavvurida jonlandi-yu, yuragi orziqib ketdi. Endi u qizni uchrata olmasligini bilsa ham, negadir keyingi paytlarda uni har kuni eslar edi. Bir-ikki marta Teatr va rassomlik institutiga borishga ham qaror qildi-yu, aynidi. "Tramvayda ikkita ahmoq shilqimlik qilganida yordam bergandim, shunga keldim", deydimi?
Ko'ylakchan bo'lib, shimining ustidan sochiq bog'lab olgan Avaz ostonada ularni quvonib qarshi oldi.
- Bularga qara, Tamila, shuncha ichkilik olib kelishibdi - deb qichqirdi u sarg'ish qoshlarini uchirib.
Piyoz to'g'ragan bo'lsa kerak, ko'zi yoshlanib turgan Tamila oshxonadan chiqdi. U kiyib olgan guldor xalatining yelkalari osilib turar, qo'lida pichoq bor edi.
- Qoching, Yodgor! - dedi Zoyirjon kulib. - Tamila opamning qo'lida pichog'i bor ekan.
- Shisha ko'targanlarning jazosi shu! - Tamila pichog'ini o'ynatib, tahdid qildi. - Qani, kiringlar, bolalar!
- Hayronman, araq qimmatlashganidan buyon magazinlarda navbat yanayam ko'payib qoldi. - Zoyirjon goh Avazga, goh Yodgorga qarab, ko'z qisib qo'ydi.
- Qaniydi shu o'lgurni yanayam qimmat qilib qo'ysa, - dedi Tamila to'rxaltalarni bir chekkaga olayotib.
- Unda xotinlar och qoladi-da!
Kulishdi.
Zoyirjon darrov oshxonaga kirib, sabzi tog'rashga tushib ketdi.
- Siz enagalik qilasiz, - dedi Tamila olti oylik o'g'ilchasini Yodgorga tutqazib, - Qarang-chi, kimga o'xshabdi bu?
- Bilmasam, - dedi Yodgor paxmoq qalpoqcha kiygizilgan bolani olarkan. - Sariq mashakligi dadasiga o'xshab ketadi.
- Shamollab qolib bizlarni qandoq qo'rqitdiki bu! - Tamila unga so'rg'ich kiygizilgan sutli shishani uzatdi. - Yig'lasa mana buni berasiz.
Narigi xonadan Avazning ovozi keldi:
- Uylanadigan bo'lsangiz, Yodgorjon, sersutroq qizni tanlang. Hayronman, onasining suti yo'qligiga men aybdormanmi, har kuni saharlab sut olib kelaman.
- Aljiramang! - dedi Tamila jilmayib.
O'zi farzand ko'rmagan odamga qiziq tuyularkan: Yodgor divanning bir chekkasida Alisherni beo'xshov ko'tarib o'tirar, qimirlashga qo'rqar edi.
Bir ozdan keyin u shikoyatomuz qichqirdi:
- Buningizni qarang, Tamila opa, hammayog'imni ho'l qilib qo'ydiku!
Tamila yugurib kelib, kulgancha bolani uning qo'lidan oldi. Yodgor tizzalari ho'l bo'lgan yangi shimiga qarab qo'ydi. Bola esa tishsiz og'zini katta ochib, "qoyil qildimmi", deganday qiyqirib kuldi.
- E, darvesh, - dedi Yodgor ham beixtiyor kulib.
Ular stolga o'tirishganida Yangi yil kirishiga bir soatcha qolgan edi. Endi ovqatga qo'l urishgandi, qo'ng'iroq jiringladi. Er-xotin yo'lakka yugurishdi. Zum o'tmay Avazning allakim bilan quyuq so'rashgani, Tamilaning "Voy!" deb quvnoq qiyqirgani, kimnidir cholp etib o'pgani eshitildi.
Avaz qora kostyum kiyib, galstuk taqqan, sochi xo'llab silliq taralgan yigitni boshlab kirdi. Sovuqdan bo'lsa kerak, uning yuzi qizarib ketgan, ingichka qoshimi, ko'zlarimi, nimasidir, qizlarni eslatar edi.
- Tanishinglar! - dedi Avaz yigitni ko'rsatib. - Dilshod, mening o'rtog'im, maktabda birga o'qiganmiz. Hozir fransuz tilidan dars beradi... Bular mening do'stlarim. Studentlar...
Yodgor bilan Zoyirjon baravar o'rnidan turishdi. Dilshod kinodagi ofiserlardek boshini keskin silkib, so'zsiz salomlashdi. Bu qilig'i Yodgorga yoqmadi. "Mana, fransuzcha salomlashishniyam o'rganib oldik", deb o'yladi u Dilshoddan yuz o'girib.
Yo'lakda Tamillaning allaqanday ayol bilan gaplashgani eshitildi. Keyin... keyin Yodgor eshik tomonga qaradiyu, yuragi shuv etib ketdi. Nazarida uy yanayam yorishib ketganday, hali ichmay turib mast bo'lib qolganday, ichida quyosh porlab chiqqanday bo'ldi. Ostonada o'sha qiz - shuncha kundan buyon hayolidan nari ketmay qolgan qizning o'zginasi turardi. U nafis pushtirang jemper kiyib olgan, sochi chiroyli turmaklangan, chiroqdan ko'zi qamashganday, kipriklarini pirpiratib jilmayar edi.
Yodgor yiqilib ketayotganday stul suyanchig'ini ushlab oldi. Uning tomog'i qaqrab ketgan, hozir gapiradigan bo'lsa ovozi chiqmasligini bilar edi.
- Bu mening jiyanim. Charos, - dedi Avaz qizning yelkasiga qoqib. - Bular - Zoyirjon, Yodgor.
Qiz Yodgorga qaradi-yu, birdan ko'zlari katta ochilib ketdi. Yodgorning yuziga tikilib, xavotirlanganday entikib qo'ydi. Chamasi, uning yuzidagi "lampochka" izlari hamon ketmagan edi. Keyin qizning ko'zlari quvonchdan porlab ketdi.
Davomi bo