tungi.ru

Qalbinga quloq sol. 5-qism

Qiz Yodgorga qaradi-yu, birdan ko'zlari katta ochilib ketdi. Yodgorning yuziga tikilib, xavotirlanganday entikib qo'ydi. Chamasi, uning yuzidagi "lampochka" izlari hamon ketmagan edi. Keyin qizning ko'zlari quvonchdan porlab ketdi.

Ildam kelib, Yodgorga qo'l uzatdi.

- Assalomu alaykum.

Yodgor esankiragancha qizning jajjigina, muzdek qo'lini qisarkan, uning ko'zlaridan: "Men sizni taniyman, men sizni bilaman", degan ma'noni uqib oldi.

- O'tiring, Charos, - dedi Dilshod yonidagi stulni surib.

Yodgor garangsib, joyiga o'tirib qoldi: "Eri ekan bu..."

Charos "eri" bilan Yodgorning o'rtasoga o'tirdi. Yodgor quvonchi uzoqqa bormaganidan talmovsiragancha, zimdan Dilshodga qarab qo'ydi. "Durust, silliqina yigit ekan", deb o'yladi g'ashi kelibroq.

- Qani, bo'ling, hoy! - dedi Avaz Tamilani chaqirib, - O'n minut qoldi.

...Tamila yig'layotgan o'g'ilchasini ko'tarib keldi.

Shampan tiqini paqillab ochildi, dasturxonga vishillab vino oqdi. Charos yosh boladay quvonib, qarsak chaldi. Baxtiyorlik bilan kulib, Yodgor qarab qo'ydi.

Yodgor ichidan o'tayotganini sezdirmaslik uchun jilmaydi. Nima qilishini bilmay, qizdan ko'zlarini olin qochdi.

Bong chalinganida ko'ngli chalkash tuyg'ularga to'lib, ichdi. Avaz akaning nima deganini, Zoyirjon qanday luqma tashlaganini uncha anglamadi. Faqat bir narsani esladi: u qiz bilan qadah cho'qishtirar ekan, ko'zlari pirpirab jilmaydi.

Keyin Dilshodga so'z berishdi. Yodgor darrov hushini to'plab oldi. Shu topda negadir uning gapini juda eshitgisi keldi.

- Muqaddas kitoblarda, - dedi Dilshod ingichka qoshini chimirgancha, - "onadan aziz inson yo'q" deyiladi. - U bir nafas jimib qoldi. Yodgorning nazarida Dilshod ataylab to'xtagandek. Odamlar gapini qanday eshitayotganini bilib qo'yish uchun atayin salmoqlayotgandek tuyulib ketdi. - Chindan ham har kimni faqat bitta ona dunyoga keltiradi. Shunday ekan, onalar sog' bo'lsin. Men ona deganda ayollarni nazarda tutaman. Binobarin, hamma ayollar omon bo'lsin, - u mayin jilmayib, Charosga qarab qo'ydi.

Tamila quvonib qarsak chaldi. Hamma o'rnidan turdi.

Dilshod eng avval Charos bilan urishtirdi.

- Yaxshi gap, - dedi Charos negadir Yodgorga qarab. - Bu gapni allaqaysi jurnalda o'qigandim.

Dilshod norozilanib qoshini chimirdi.

- Msye Dilshod rost aytadilar, - Zoyirjon qadahni baland ko'tardi. - Butun dunyo xotinlarining sog'lig'i uchun!

Televizorda diktor qiz raqsga taklif qildi. Dilshod Charosga qarab qo'ydi. Uning qo'lidan ohista tutdi. Ikkovlari chir aylana boshlashdi.

Charos sipolik bilan raqs tushar, Dilshod uni avaylab boshqarar, ko'zlarida mamnun tabassum bor edi.

"Bir-bjriga munosib ekan" - deb o'yladi Yodgor stul suyanchig'iga yelkasini tashlab o'tirgancha Dilshodning "qovun so'ysa bo'ladigan" qilib qirrasi chiqarin dazmollangan shimidan, chaqqon, yumshoq sirg'alib borayotgan tuflisidan ko'z uzmay. Harchand o'zini bosishga urinmasin, ko'nglidagi g'ashlikka o'xshash tuyg'u hamon tinchlik bermas edi. Uning nazarida kuy ham juda cho'zilib ketgandek bo'ldi.

Nihoyat, musiqa tugadi. Dilshod bilan Charos joyiga kelib o'tirishdi. Zoyirjon qadahlarni qayta to'layotgan edi, yangi ku yangradi.

Charos Yodgorga ko'z qirini tashlab qo'ydi. Yodgor ikkilanib, o'rnidan turdi.

- Kechirasiz, - dedi Dilshodga iymanib qaragancha.

Charos uning qo'llaridan yengilgina tutib, qushdek uchdi. Avaz aka o'g'liga shishadan sut emizar, Zoyorjon Tamila bilan gir aylanar, Dilshod stolga tirsagini tiragancha o'tirardi. Yodgor yelkasida qizning kaftidan o'tayotgan haroratni his qilar, uning nozik barmoqlarini avaylab ushlagancha aylanar, dimog'ida allanechuk nafis bo'y tuyar, yuragi hayajondan gupillab urar edi. Qizning ixcham gavdasi kuy qanotida uchar, Yodgor uning tiniq yuzini, bo'yniga tushgan soch tolalarini ko'rob turar, raqsdan emas, hayajondan boshi aylanardi.

- Yuzingizga nima qildi? - dedi Charos kuy qanotida ucharkan. Egik kipriklari kapalak qanotiday pipirab jilmaydi.

- Mushuk tirnab oldi, - Yodgor kuldi.

- Mushuklar bilan urishmang-da, - Charos o'sha kungi xunuk hodisa uchun o'zi aybdordek qizarib, jilmaydi.

- Ular ham qushchalarga tegmasin-da, - dedi Yodgor asta...

Yana qadah ko'tarishdi.

- Yodgor aka gapirsinlar! - Charos qo'lidagi bokal orqasidan unga mo'ralab qaradi.

Yodgor Dilshodning unga zarda bilan qarab qo'yganini ko'rib, boyagi xudbinligi uchun o'zini koyidi. "Obbo, Qorabotir bo'lib qolding shekilli. Birovning oilasiga raxna solishing qoluvdi".

U taraddudlanib, o'rnidan turdi.

- Biz Yangi yil kirganidan quvonamiz, - dedi billur qadahdan ko'z uzmay. - Ammo eski yil o'tib ketganini o'ylamaymiz. Umirimizga umr qo'shildi, deb suyunamiz, ammo umrimizning bir yili o'tib ketganiga achinmaymiz...

- Nima balo, chollarning gapini gapirib qoldingiz, - dedi Zoyirjon kulib. - Aytadiganingizni tezroq ayting, tomoq taqillab ketdi.

Yodgor ezmalik qilib yuborganini sezib, qizardi.

- Xullas, mazmunli hayot uchun!

- Xudbinlar, - dedi Tamila. - Nega faqat sizlar gapirasizlar? So'z - Charosga.

Charos bokal ushlagancha entikib qo'ydi.

- Sof muhabbat uchun!

Qarsak bo'lib ketdi.

Yodgor Dilshodning unga yana zarda aralash qarab qo'yganini ilg'adi. Tag'in o'zini aybdor sanab, yuragi siqildi. Sigaret ezg'ilab, balkonga chiqdi.

Muzdek havodan nafasi qaytib, bir zum turib qoldi. Hamon qor yog'ar, balkondagi qog'oz qutilar, eski paqir qor ostida qolgan edi. Ichganidanmi, hayajonlanganidanmi, uning boshi aylanar, yuzlari lovillab yonardi. Ichkarida hamon kuy yangrar, Zoyirjonning hazil gaplari, quvnoq qahqaha tinmasdi.

Uning ko'z o'ngiga yana Charosning pirpirab turgan kipriklari, Dilshodning norizo boqishlari keldi... "Tramvaydan tushishingga yordamlashib yubordim, deb hali sevgiyam uzgor qilarsan", deb o'yladi Yodgor o'ziga-o'zi xunuk ko'rinib. Shuncha kundan buyon shu qiz hayoli bilan yurganini eslab, yuragi battar siqildi.

Bir ozdan keyin balkon eshigi g'iyqillab ochilib, yopildi. U Tamila opami, Zoyirjonmi bo'lsa kerak, degan hayolda qayrilib qaramadi.

- Hozir kiraman! - dedi sigaretini tutatib. - Chekib bo'lay...

- Shamollab qolmaysizmi?

Yodgor ovoz egasini tanidi-yu, hovliqib burilib qaradi. Charos balkon eshigiga suyanib turardi. Uning mehribon ohangda gapirishidan Yodgorning ko'ngli muloyim hislarga limmo-lim to'lib ketdi.

- Sizmidingiz, kechirasiz... - dedi ovozi titrab.

- O'sha kuni yaxshi yetib oldingizmi? - dedi Charos anchadan keyin. - Men sizdan xavotir oldim.

Yodgor yana hayajondan entikdi. "Men ham, - deb o'yladi ko'zlarida quvonch porlab. - Men ham har kuni seni o'ylayman".

- Men sizni boshqa ko'rmasam kerak, deb o'ylovdim, - dedi Yodgor o'zini bosib.

- Men ham... Mana, ko'rishdik...

- Uyga kiring, sovuq... - Yodgor ko'ngliga kelgan gapni qiynalib aytdi... - Keyin, keyin Dilshod ham xafa bo'ladilar, kiring, - u harchand urinmasin, ovozida rashkka o'xshagan ohang borligini payqab uyaldi. Charosga qaramaslikka harakat qilib, qog'oz qutiga qo'ngan qorni oyog'i bilan sidirib tushirdi. U qizning ketishini kutardi. Ammo Charos ketmadi.

- Menga nima?! - dedi u achchiqlangan ohangda. - U mening hech kimim emas!

"Nima? - Yodgor yarq etib qizga qaradi. - Nima deding? Yana bitta qaytar! Yana bir marta aytgin..." Uning qalbi nurga to'lib, Charosga termilib qoldi. "Nahotki, nahotki, shunaqa bo'lsa! Bugun qanaqa kun o'zi! Qanaqa baxtli kun!"

Yodgor hamon o'zini bosib ololmas, qizga termilgan ko'zlarida olam-olam shodlik bor edi. Bir ozdan keyin Charos ichkariga kirib ketdi. Yodgor sigaretni uloqtirib yubordi-da, balkon panjarasiga suyanib qoldi. U qizib ketgan peshanasiga qo'nayotgan qor uchqinlarini ham, mana shu muzdek panjarani ham quchib olgisi kelardi shu topda.

Yo'lakdan g'o'ng'ir-g'o'ng'ir tovush keldi.

- ...Bu nima qiliq? "Sof muhabbat", "Jurnalda o'qiganman", raqs tushishlar. Nega mendan kulasiz? Nima, yosh bolamanmi?..

Yodgor Dilshodning ovozini tanidi. Uning boyadan beri tumtayin o'tirgani ko'z oldiga keldi. Ammo bu gaplar endi uning g'ashini keltirmasdi.

Zum o'tmay Charosning ovozi keldi:

- Menga ho'jayinmisiz, nima ishingiz bor?

- Gap shu, ketasizmi, yo'qmi?

- Yo'q!

- Bo'lmasa men ketdim.

- Xayr!

Yodgor bu janjalning aybdori o'zi ekanligini his qilgani uchun eshitgisi kelmay, ataylab xayolini chalg'itdi. Qor uchqunlarini kaftiga ilib ola boshladi. Ammo beixtiyor o'sha yoqdagi gaplar yana qulog'iga chalindi.

- Shu paytda qayoqqa borasiz, Dilshod? - Bu Avazning tovushi edi.

Birpasdan keyin eshik qulfi shiqirladi-da, jimlik cho'kdi.

Yodgor xonaga qaytib kirdi. Zoyirjon divanga yonboshlab mudrar, o'qtin-o'qtin hiqichoq tortib qo'yardi. Tamila bolasini quchoqlab o'tirar, Avaz aka stul suyanchig'iga kaftini qo'yib jilmayib turar, Charos esa dasturxonni yangilar edi.

- Keldingizmi? - dedi u Yodgor kirishi bilan. Yodgor uning ko'zlaridan tashvish ifodasini izladi-yu, xotirjam qiyofasini ko'rib, ko'ngli joyiga tushdi.

Charos choy olib kirdi. Yana quvnoq kayfiyat tiklandi. Zoyirjon uyg'onib tag'in ichdi.

- Tog'a, men ketaman, - dedi Charos anchadan keyin.

- Qo'ysangchi, - Avaz ranjib, keskin qiyofada qo'l siltadi. - Soat uch bo'lyapti, tentak.

- Nimadan qo'rqaman? - Charos kulib, Yodgorga qarab qo'ydi. Keyin iltimos qilganday Avaz akaga qaradi. - Opam xavotir oladilar. Qaytaman, degandim.

- Nega bo'lmasa hali ketmading? Allamahal bo'lib qoldi-ku!

Charos yelkasini qisib, shirin jilmaydi.

Yodgor qizning ko'nglidagini haliyoq payqab olgan, hayajonlanib o'tirardi.

- Men kuzatib qo'ya qolay, - dedi o'rnidan turib.

Charos jilmayib, unga qaradi.

Uyimiz uzoq, qishloqda turamiz. Studentlar shaharchasidan narida.

- Yaxshi, yo'limiz bir ekan, - dedi Yodgor Avazga qarab.

Avaz maslahat so'ragandek, xotiniga qaradi.

- Masalan, men qolaman, - dedi Zoyirjon mudroq ko'zlarini yarim ochib.

...Ko'chalar charog'on edi. Yeru ko'k kumush nurga to'lgan, uchqunlar unsiz parvoz qilib, Charosning ro'moliga, jigarrang paltosiga qo'nar, Yodgor uning nozik yelkalari, jajji gavdasidan ko'z uzmay borar, sekinroq yurgisi, shu baxtiyor damlarni uzoqroq cho'zgisi kelar edi. Ular qorda chuqur-chuqur iz qoldirib, jimgina kelishardi.

Teatr yonidagi archa oldida bir zum to'xtab qolishdi.

Yodgor kulib yubordi.

- Qarang, shumtakalarning ishini!

Charos ham qah-qah urib kuldi. Sho'x bolakaylar qorboboning hassasiga paqir ilib ketishibdi.

Allaqayerdan kurant sadolari keldi.

- Ehtimol, boshqa bir sayyorada ham Yangi yil kirgandir, - Yodgor Charos bilan yonma-yon borarkan, muzdek havoni huzur qilib simirdi. - Bunday qaraganda, yer kurrasi koinotda qum zarrasidek bir gap. Biz odamlar shu zarraning bir zarrachasimiz. Shu holimizga tashvishlarimiz dunyoni tutadi.

- Sertashvish odamlar bo'lmasa dunyo ham bo'lmasdi, - dedi Charos burilib qarab. Keyin etikchasi bilan qor tepmilab kuldi. - Italiyada Yangi yil kechasi ortiqcha narsalarni derazadan uloqtirisharkan-a?

Yodgor indamay bosh silkidi.

- Bizda shunaqa odat bo'lsa, eng avval Dilshod akani tashlab yuborardim.

- Nega uni yomon ko'rasiz? - dedi Yodgor.

- Yomon ko'raman emas, yaxshi ko'rmayman. Opam bo'lsalar hadeb maqtaydilar. Bugun ham yuzlaridan o'tolmasdan birga kelgandim.

Yodgor indamadi.

- Bir narsa so'rasam, ko'nglingizga kelmaydimi? - dedi Charos anchadan keyin. - Otingiz nega Yodgor?

- Nimayam qila olardik, otni chaqaloq o'ziga-o'zi tanlay olmaydi. - Yodgor o'ychan tabassum bilan Charosga qarab qo'ydi. - Bu mening ikkinchi otim bo'lsa kerak. Birinchisi nimaligini bilmayman. Chamasi, ikki yasharligimda meni choyxonadan topob olishgan ekan. Bilmadim, adashib qolganmanmi yo onam biron yerda ochlikdan uzilib qolganmi... O'shanda urushning oxirgi yillari, qahatchilik ekan. Choyxonachining yoshi oltmishga yaqinlashganda ko'rgan o'g'li o'lib qolgan ekan. Ota-onamni so'roqlab topolmaganidan keyin o'shaning o'rniga Xudo yetkazdi, deb uyiga olib kegibdi. Otimni Yodgor qo'yibdi.

Charos o'zi bilmay uning yarasiga tegib ketganini sezdi, xijolat chekib qarab qo'ydi.

- Keyin-chi? - dedi ataylab xushchaqchaq ohangda.

- Keyin maktabda o'qidim... Maktabgayam ikki yil kechikib borgan ekanman.

- Keyin-chi?

- Keyin chol-kampirlar vafot etdi.

- Keyin-chi?

Yodgor qizning ataylab so'roqlayotganini, ko'nglini ko'tarmoqchi ekanini tushunib, yengil tortdi.

- Keyin internatda o'qidim, ishladim.

- Keyin-chi?

- Keyin... - Yodgorning yuragi shuv etib ketdi. "Keyin uylandim", demoqchi bo'ldiyu, tili bormadi. Aqalli shu bugun tashvishlarni eslagisi kelmadi. - Keyin... o'qiyapman, dedi sekin, - arxitektor bo'lmoqchiman.

- Salkam hamkasb ekanmiz, - dedi Charos quvonib. - Men rassom bo'lmoqchiman.

- Bilaman, - Yodgor jilmaydi. - Teatr va rassomlik institutida o'qiysiz.

Charos to'xtab qoldi. Yodgor ham o'girilib qaradiyu, uning ko'zlaro pirpirab ketganini ko'rdi.

- Qayoqdan bilasiz? - dedi Charos tovushi tovlanib.

Yodgor uning ovozida yashirin quvonch borligini sezib, o'zi ham suyunib ketdi.

- Bilaman-da, - dedi ataylab sirli qilib, - Kuzda temuriylar davri san'atiga bag'ishlanganbsimpozium oldidan o'tkazilgan KVN musobaqasi esingizdadir? Behzod... Uning shogirdlari Qosim Ali... Yana kim edi, ko'proq dehqonlar hayotini tasvirlagan?

- Mir Said Ali, - dedi Charos Yodgorga sho'x burilib qarab. - KVNda ellikka yaqin talaba qatnashgan ediku, hammani eslab qolgan bo'lsangiz, xotirangiz yaxshi ekan.

- Institutlaringiz yutib chiqqan bo'lsayam, sizning xotirangiz zo'r emas ekan, - Yodgor kuldi. - KVNda men ham bor edim. Nimagadir sizni ayniqsa eslab qolgandim.

- Shunaqami? - Charos astoydil ajablandi. - Men o'shanda judayam hayajonlangandim. Shuning uchun bo'lsa kerak... - U yumshoq qorni unsiz bosib borarkan, o'ychan tarzda qo'shob qo'ydi. - Keyin ham simpozium materillarini ko'rib chiqdim. Hamma mutaxassislar Behzod bilan uning shogirdlari iste'dodli rassom bo'lganini aytishibdi. U davrda boshqa rassomlar o'z asarlariga diniy mavzuni asos qilib olishgan bo'lsa, Behzodning miniatyuralarida hayotiy voqealar - ov, podshohlar safari, tabiat manzaralari tasvirlanadi. Xullas, u real hayotga yaqin turadi.

- Bu asarlarning ko'pi saqlanib qolmaganda-a?

Charos Yodgorga qarab qo'ydi.

- Afsuski, saqlanib qolmagan, o'n oltinchi asr inqirozidan keyin bor madaniy yodgorliklar ham yo'qolib ketgan. Payti kelib topilsa, ajabmas.

Charos tor ko'cha boshidagi simyog'och tagida to'xtab, samimiy jilmaydi.

- Uyga ham yetdik.

Yodgor hushi endi o'ziga kelgandek, atrofga alangladi. Tor ko'chaning ikki chetidagi kallaklangan tollar boshida oq qalpoqdek qor to'planib qolgan, derazalarda chiroq o'chgan edi.

- Gap bilan bo'lib payqamay ham qolibman... Uyingiz rostan ham chekka joyda ekan, o'qishga qandoq qatnaysiz? - dedi u Charosdan ko'z uzmay.

- Aytdim-ku, qishloqda turamiz, deb. Bu yerlar endi shaharga qo'shildi. O'zi shaharga o'xshasa ham hozircha qishloq. Odamlari ham shunaqa... - Charos kulib qo'ydi. - Hadeb kelaversangiz, sizning ham ta'ziringizni berib qo'yishadi.

"Maylidi, - deb o'yladi Yodgor xayolan jilmayib. - Endi qachon ko'rishamiz? - Shu fikr lip etib keldiyu, o'zini so'kdi:- Nima haqqing bor?!"

U qizning qor qo'ngan ro'moliga, paltosiga uzoq qarab qoldi. Ro'moli tagida chiqib turgan sochlardagi qorni silab tushirgisi kelib ketdi. Ammo qizning jajji qo'lini qisib, sovuqqina xayrlashdi:

- Xayr.

Charos tor ko'chaga chopqillab kirib ketarkan, Yodgor yuragi uzilganday, tolga suyanib ancha turib qoldi. Zum o'tmay eng ichkaridagi hovli eshigi ochildi. U oyog'i muzlab ketguncha shu alfozda turdi-da, keyin sekin-sekin yurib ketdi. Osmon bo'zarib qolgan, Yangi yilning to'ng'ich tongi tug'ilmoqda, qor siyraklashgan edi.

Davomi bo

O‘xshash hikoyalar