tungi.ru

Qalbinga quloq sol. 3-qism

Yodgor g'alati tush ko'ribdi. Kelesdagi hovlisida yurganmish. Hovlining o'rtasidan kattakon anhor oqib o'tayotganmish. "Qiziq, hovlimizda anhor yo'q edi-ku", deb o'ylarmish u hayron bo'lib. Tag'in anhor bo'yida bir tupmi, ikki tupmi yong'oq ham bor emish. Yodgor yalang'och bo'lib, suvga tushib olgancha yong'oq terib yurganmish. Birini tutaman desa, ikkinchisi oqib ketarmish...

Birdan daraxtning o'rnida Oqila buvi paydo bo'lib qolibdi, "Hoy, chiq, oqib ketasan", dermish u chirqillab. Yodgor suzaman desa, qo'llarini qimirlata olmasmish. Bir vaqt bunday qarasa, uni chaqirayotgan Oqila buvi emas, jigarrang paltoli chiroyli qiz emish. Yodgor shu alfozda suvdan chiqishga qizdan uyalarmish. Turaverib muzlab ketibdi.

U sovqatib uyg'ondi. Ko'zlarini chala ochib, atrofga razm soldi. Zoyirjon o'rnini tuzatib, ketib qolibdi, vaqt allamahal bo'lib ketgan shekilli, uy yop-yorug', ammo sovuq edi.

Yodgor shishib ketgan lunjini silab qo'ydi-da, g'ujanak bo'lib, adyolga burkanib oldi. "Haliyam qor yog'ayapti shekilli", deb o'yladi u tizzalarini qorniga tortib. Ko'zini yumib, harchand urinmasin endi uyqisi kelmadi.

Bir mahal eshik ohista taqilladi.

- Kerakmas, - dedi Yodgor ko'rpadan boshini chiqarmay.

Eshik qattiqroq taqilladi.

"Juda surbet-da", deb o'yladi u har kuni qatiq olib keladigan boladan achchiqlanib.

- Qatiq kerakmas, - dedi baqirib. Keyin devor tomonga o'girilib oldi.

Tag'in bir lahzadan keyin eshik g'iyqillab ochildi.

"Obbo, tinchlik yo'q ekan-da, bularning dastidan". U jahl bilan burilib, boshini ko'tardi. Ko'tardi-yu, tirsagiga tayangan ko'yi qotib qoldi. Ostonada Aziza turardi. U boshiga chiroyli sharf o'rab, shuba kiyib olgan, qo'lidagi sumkachasini likillatgancha eshikning bir tabaqasiga suyanib, noqulay jilmayib turar, uning tabassumi kulgidan ko'ra yig'ini eslatar edi.

- Keling, - dedi Yodgor ovozi titrab. Uning vajohatida "nega kelding", degan ma'no borligini Aziza tushundi shekilli, o'zini bosib, kinoyali kuldi.

- Keldim... - U ichkariga qadam tashlab, stolning bir chekkasini qo'lining uchi bilan jirkangandek artdida, sumkasini qo'ydi. Sharfini boshidan olib, stul suyanchig'iga ildi, istamaygina o'tirdi. Sochlari parishon to'zib ketgan. Nafis bo'yalgan kipriklarini pirpiratib, xonani ko'zdan kechirib chiqdi. Labini burib, jilmayib qo'ydi.

Yodgor uning bu qarashida: "O'l-a, shu kunga tushib qoldingmi?" - degan ma'noni uqib, g'ijindi.

- Kechirasiz, men kiyinib olishim kerak, - dedi u qovog'ini solib.

Aziza yana labini burib kuldi.

- Kiyinavering, qaramayman, kerakkinasiyam yo'q...

Yodgor yonlamasi turgancha shim kiyarkan, Azizaning bir lahza tashlagan g'amzalik nazarini ilib oldi-yu, yuragi gupillab ketdi. "Zoyirjon o'qishga ketgan, butun yotoqxonada hech kim bo'lmasa kerak..." U Azizaga ko'z qirini tashladi. Aziza endi unga qaramas, suvog'i ko'chib tushgan shiftni tomosha qilib o'tirardi.

Yodgor hayoliga kelgan ahmoqona fikrdan o'zi ijirg'anib ketdi. "O'l, ahmoq!" U tezgina kiyindi-da, burchakdagi jo'mrakda yuvindi.

"Nega keldi bu, tag'in nima da'vosi bor ekan?" - deb o'yladi artina turib.

Keyin Azizaning qarshisidagi stulga kelib o'tirdida, uning ko'zlariga xotirjam tikildi. Aziza bir oz o'zini oldirgan, ammo hamon o'shanday chiroyli, ko'zlari kirtayib qolgan bo'lsa ham tetik boqar edi. Bir vaqtlar Yodgor mana shu ko'zlarni bir bor ko'rish uchun jonini fido qilishga tayyor edi. Mana shu yupqa lablardan bir o'pich olish erishib bo'lmaydigan baxtdek tuyulardi. Xuddi shu ko'zlardan g'azab sochilishi shu lablar zahardek qaqshatishi mumkinligini hayoliya ham keltirolmasdi. So'nggi voqealar ko'z o'ngida jonlandi-yu, Azizaning hozirgi qiyofasi ham sovuq ko'rinib ketdi.

- Muborak bo'lsin... - dedi Aziza uning shishib ketgan yuziga imo qilib.

Yodgor bu gapda mehribonlik emas, huzur ohangi borligini sezib, qo'l siltadi. "Kel, shuyam bir quvonsin!"

- Ha, kecha ko'proq ichib qo'ygan ekanman. Bolalar bilan mushtlashibmiz. Boplab po'stagimni qoqishdi.

Aziza qiyqirib kuldi. O'tirgan stuli g'ichirlab ketdi.

- Ko'proq iching! - dedi u "ajab bo'pti" degan ma'noda.

Yodgor uning rohatlanayotganini ko'rib, negadir o'zining ham ko'ngli taskin topdi. Yomonmi, Aziza o'zi ko'mgan go'rni o'zi tepkilasa...

- Kechirasiz, - dedi Yodgor bir ozdan keyin. - Quruq choy yo'q edi...

Bu uning: "Endi izzating bitdi, ketaver", degani edi.

Aziza tushundi.

- Ziyoni yo'q, men bir minutga... o'libmanmi, sizning choyingizni ichib.

Yodgor bu gapdan: "Gadoydan xayr so'raymanmi, senku shuncha mening tuzimni ichding, haliyam bo'lsa, otam sendaqalarning o'ntasini boqishga qodir", degan ma'noni uqti. Ko'ngli cho'kib, bir lahza yerga qarab qoldi.

- Men ham o'qiyapman. - dedi Aziza unga diqqat bilan tikilib. - Pedinstitutning sirtqi bo'limida.

- Eshitgandim, - Yodgor shunday dedi-yu, Azizaning ko'ngliga "haliyam meni qo'msar ekansan-ku", degan o'y kelmasligi uchun qo'shib qo'ydi: - Toshkent katta shahar, dargohi keng.

- Qancha stipendiya olasiz? - dedi Aziza nihoyatda jiddiylik bilan.

"Yana pul, - deb o'yladi Yodgor ijirg'anib. - Nima balo, bular o'lgandayam puldan kafan qiladi shekilli".

- O'zimga yetadi, - dedi sekin.

Aziza ko'rib turibman, deganday, yana xonani ko'zdan kechirdi. Qog'ozi ko'chgan devorlar, toza bo'lsa ham eskirib ketgan darparda, sarg'aygan choygumni ko'rib qanoat hosil qildi shekilli, yana ko'zlarida kulgi o'ynadi.

Endi ularning gapi tamom bo'lgan edi. Ammo ikkovi ham bir-biridan allanimani kutgandek o'tirishardi. Yodgorning nazarida uy yanayam sovib ketgandek ko'rindi. Aziza oltin uzukli barmoqlarini o'ynab o'tirarkan, ilkis boshini ko'tardi.

- O'ylab ko'rdingizmi?

"Ha, gap mana bu yoqda ekan, - deb o'yladi Yodgor. - Boyagi gaplarning hammasi daromad ekan-da".

- Nimani o'ylayman?..

Azizaning ko'zlaridagi bir lahzalik ma'yuslik yo'qolib, o'rnini asabiy xushchaqchaqlik egalladi.

- Balki yalinib keldi dersiz, - u shodon kuldi.

Ayol kishi o'zini baxtiyor ko'rsatishga urinyaptimi, bilingki, yiragida dardi bor. Yodgor buni tushundi. Azizaning ahvoliga negadir achindi. Ma'yus qiyofada boshini ko'tarib, unga tikildi.

- Kerakkinasiyam yo'q. - dedi Aziza yana asabiy kulib.

U Yodgorning qoq yuragiga xanjar urishni mo'ljallagandek bir zum to'xtab qoldi-da, ko'ziga tik qarab gapirdi:

- Men erga tegyapman.

Har kimda bo'ladigan xudbinlik Yodgorda ham bor edi. Bu gap rostmi, yolg'onmi, bari bir yuragining bir chekkasida og'riq paydo bo'ldi. Qachonlardir o'ziniki bo'lgan xotin birovning bo'yniga osilishi unga alam qildi.

Yodgor Azizaning o'zidan ko'z uzmay o'tirganini, yuragidagilarni bilishga urinayotganini payqab turardi. U anchadan keyin o'zini bosib oldi. "Kimsan o'zing, - deb o'yladi nafratlanib. - Xo'sh, erga tegmaganida qaytib borib yarasharmiding". Shu tobda o'sha eski adovatlar, bir-biridan jirkanganlari ko'z o'ngiga keldi-yu, allanechuk yengillik sezdi.

- Tabriklayman! - dedi u boshini ko'tarib.

Bu gap Azizaga shunchalik ta'sir qilishini bilmagan ekan. To'satdan Azizaning rangi bo'zarib ketdi. Titroq qo'llari bilan sumkasini yulib oldi-da, siltanib eshik oldiga bordi. G'azab bilan burilib qaradi.

- Erkak emish! Bu kuningdan o'lganing yaxshi!

U eshikni shu qadar qarsillatib yopdiki, derazalar zirillab ketdi.

Yodgorning quloqlari anchagacha shang'illab turdi. U chakkasini barmoqlari bilan qisib olgancha, stolga tirsagini tirab, munkayib o'tirar, Azizaning oqarib ketgan yuzi, titrayotgan lablari ko'z o'ngidan ketmas edi: "Bu kuningdan o'lganing yaxshi!"

Dunyo qiziq ekan. Qachon qarasangiz, yetim deganda qoqilasiz. Yo qismat hammaga baxt ulashayotganida unga yetmay qolganmi? Esinj tanibdiki, odam bo'lsam, nimadir yaxshi ish qilsam, deydi. Uzoqda nurli bir nuqtaday porlab turgan tolega intiladi. Amallab yaqin borganida baxt degan nur yana bir olam nariga ketib qoladi. U yuguraveradi, tole undan qochaveradi.

Choyxonachi Mirzo buvaga ko'maklashib, suv tashib yurganiyam baharnav ekan. Endi to'rtinchi sinfga o'tganda ota o'rnida ota bo'lib qolgan Mirzo buva to'satdan o'lib qoldi. Anchadam buyon tuvakka tushib yotgan Oqila buvi ham cholning qirqi chiqmasidan ko'z yumdi, Chol-kampirning Turkistonga kelin bo'lib tushgan yolg'iz qizi ota-onasining katta ma'rakasini o'tkazib, hovli-joyni sotib ketdi.

Yodgorni, Kelesning o'zidagi internatga joylashtirishdi. O'lib-tirilib o'qidi. G'isht teruvchilik hunarini o'rgandi.

Birinchi maoshini olgan kuni chol-kampirning mozoriga bordi. Mozorni qirtishlab tozaladi. Go'riston qorovuliga pul berib, Qur'on tilovat qildirdi. O'zining ota-onasi nega yo'qligini o'ylab, yig'ladi.

Qurilish tresti unga yotoqxonadan joy berdi. Xullas, yigit kishining boshiga baxt qushi qo'nmay iloji yo'q ekan. Uning ham hayoti bir nav yaxshi bo'lib qoldi. Ikki yilcha shu tarzda ishlab yurdi. Keyin birdan oromi buzildi. Hammasi shim olish bahonasidan boshlandi.

O‘xshash hikoyalar