Oshkora qotillik qissasi (qissa) (3-bet)
ojizimcha, mayda-chuyda kiliqlaridan qat’i nazar, jiddiy shaxs edi, xushu xandon paytlarida ham ichidagi bir dard zarbi chehrasida aks etib turardi. Mening nazarimda, mahzunu dardkash bir inson edi. Oʻshanda u Anxela Vikario bilan unashtirilgandi.
Ularning qanday, qachon tanishib-topishganlari xususida hech kim menga biror aniq ma’lumot berolmadi. Bayyardo San Roman yashagan boʻydoqlar istiqomatgohi sohibasining aytishicha, u ayni qiyom paytida, oromxonadagi halinchakda tebranib, mudrab oʻtirganida, sentabr' oyining oxirlari ekan, qogʻoz gullar solingan savatni koʻtarib Anxela Vikario va uning onasi maydonni kesib oʻtishgan. Bayyardo San Roman koʻzlarini yarim ochib, boshdan-oyoq qora kiyingan ikki motamzadani koʻrgan, quyosh purlari jivirlab, sarobiy toʻlqinlar jilvalanayotgan maydondan oʻtayotgan ana shu ikki qora sharpa yigitning nazarida muhitdagi birdan-bir tirik jonzotday tuyulgan. U musofirxona sohibasidan qizning kimligini soʻraganida, xotin uning Anxela Vikarioligi, yonidagi onasi, u kenja qiz ekanini aytgan. Bayyardo San Roman ikkala oʻtkinchini maydon hadiga yetgunicha kuzatib turgan. Soʻngra:
— Ismi jismiga monand ekan , — degan u.
Keyin, boshini halinchak suyanchigʻiga tirab, yana koʻzlarini yumganda:
— Uygʻonganimda, — degan u, — esimga solasiz: men unga uylanishim kerak.
Anxela Vikarioning menga aytigaicha, boʻydoqlar istirohat uyi soxibasi bu gap xususida keyinroq, Bayyardo San Roman qizga chindanam oshigʻu shaydo boʻlib yurgan kezlarida ogʻiz ochgan. «Bu gapni eshitib, yuragim yorilayozdi», dedi menga Anxela Vikario. Oʻsha gapning ustida boʻlganlarning uchtasi yigitning soʻzlarini rost, deya tasdiqlagadi, ammo shohidlarning toʻrttasi shubha bildirishib, inkor etishdi. Shunga qaramasdan, barcha taxminlarga koʻra, Anxela Vikario bilan Bayyardo San Roman ilk bora oktabrda, millat bayrami kunida, xayriya bozoridagi lotoreya oʻynalayotgan joyda tanishishgan. Qizga lotoreya tarqatish topshirilgan ekan. Bayramga chikqan Bayyardo San Roman lotoreya qutisi oldida turgan rangpar, qop-qora kiyingan qizni koʻrganu toʻppa-toʻgʻri yoniga kelgan va butun bozor ahlini oʻziga qaratgan sadaflangan grammofonning qancha turishini soʻragan. Qiz unga bu buyum sotilmasligini, balki lotoreyaga oʻynalishini aytgan.
— Qaytaga yaxshi, — degan yigit, — arzongina va osongina qoʻlga kirarkan.
Anxela Vikarioning iqror boʻlishicha, u aytganiga erishgan, ammo qizning koʻnglida mehru muhabbatdan yiroq, sovuq bir taassurot qoldirgan. «Takabbur erkaklarni jinim suymaydi oʻzi, — dedi u menga oʻsha kunni eslarkan, — bunday maqtanchogʻini-ku, umrimda koʻrmagandim, xullas, men uni qip-qizil lax boʻlsa kerak deb oʻyladim». Grammofon yutugʻi bor lotoreyaning raqamini baqirib e’lon qilishganda va yutuq chindan ham Bayyardo San Romanga chiqqanini bilgach esa, qizning u mutakabbirga gʻarazi yanada ortgan. Qiz boyaqishni lol qoldirish niyatida uning hamma lotoreyani sotib olganini kim ham xayoliga keltiribdi deysiz.
Anxela Vikario oʻsha kechasi uyiga qaytgach, xonasida turgan sovgʻalar oʻraladigan nafis qogʻoz va gulqogʻozli bogʻlogʻich bilan bejab chirmalgan grammofonga koʻzi tushgan. Oʻsha ayyom tugʻilgan kunim ekanini qayoqdanam bila qoldiykin, hamon aqlim yetmaydi, dedi menga Anxela Vikario. Bayyardo San Romanning unga bunday dabdabali tuhfa yuborishiga arzigulik orada hech gap-soʻz boʻlmaganiga ota-onasini ishontiraman deya qizning esi ketdi. Uning akalari — Pablo bilan Pedro ohanjamali sovgʻani egasiga qaytarib berish uchun darhol boʻydoqlarning istirohat uyiga yetib borishdi va u yerda shunday shovqin-suron koʻtarishdiki, oqibatda bu oʻyinchoqni Anxela Vikarioga joʻnatilayotganida koʻrmaganlar ham uning qay tarzda egasiga qaytarilayotganidan voqif boʻlishdi. Biroq dalli-gʻulli birodarlar Bayyardo San Romanning yelimligi va tap tortmasligidan bexabar edi. Egizaklar ertasiga tong otganida, ichkilikbozlikdan es-hushlarini yoʻqotib, gandiraklab, oʻsha grammofonni qoʻltiqlagancha dovdirashib, uylariga kirib kelishdi, bu ham yetmaganday, ikkovining yonida ulfatchilikni shu hovlida davom ettirishni koʻzlagan Bayyardo San Roman ham bor edi.
Anxela Vikario qoʻl uchida kun koʻradigan oiladagi kenja qiz edi. Otasi, Ponsio Vikario, qashshoq zargarlardan biri, roʻzgʻorni tebratish ilinjida tinimsiz ishlay-ishlay, ajabtovur taqinchoqlar yasay-yasay pirovardida koʻzi xira tortgan bir gʻarib edi. Onasi, Purisima del' Karmen esa, qizligida maktabda murabbiyalik qilgan, turmush qurgandan keyin bekachlikdan oʻzga kasb-kor orttirmagan edi. U muloyim, kasalvandroq koʻrinsa-da, pishiq-puxta ayolligi shundogʻam sezilib turardi. Mersedes uni eslab: «Rohibalardan bir tukiyam kam emasdi», dedi menga. Purisima del' Karmen eri va bolalarining parvarishu tarbiyasi deb oʻzini oʻtdan-choʻqqa urar, atrofidagilar esa uning ham bir tirik jon ekanini unutib qoʻyishardi. Uning ikkita katta qizi juda kech turmush qurgandi. Egizaklar va Anxeladan tashqari yana bir oʻrtancha qizi ham bor edi, afsuski, uni bezgak qiyofasida kelgan ajal olib ketdi, mana, ikki yildir-ki, oiladagilar motam tutishardi, uyda sal mundoqroq yurishsa ham, koʻchaga chiqishganda motamzadalik rusumini juda joyiga qoʻyishardi. Er-xotin aka-ukalarni mard, mehnatkash qilib tarbiyalashdi. Qizlarni esa, turmushga berish niyatida qogʻozga oʻralgan qandday avaylab, parvarish etishdi. Zaifalar keragi bilan kashta tikib, gul solishni, chok mashinada ajoyib kiyimlar tikitpu toʻr toʻqishni, kir yuvishu dazmol bosigani, qogʻozgullar yasashni, shinniyu murabbolar tayyorlashni, hattoki nikoh toʻyiga taklifnoma yozishni ham bilishardi. Eski urf-odatlarga, ayniqsa, oʻlimu dafnga bogʻliq rasm-rusumga yengiltaklarcha qaraydigan ba’zi dugonalaridan farqli oʻlaroq, Vikarioning qizlari oʻsallarga qarash, janoza oʻqish, azadorlarga ta’ziya bildirish kabi azaliy udumlarga qattiq rioya qilishar edi. Mening onamga ularning oʻringa yotishdan oldin soch tarash odatlarigina ma’qul emasdi. Onam ularni: «Kechasi soch taramanglar, jon qizlarim, dengizchi yigitlar karamay ketib qolishadi», deb koyir edi. Shunga qaramay, onam ularga qattiq mehr qoʻygan, dunyoda bulardanam yaxshiroq qiz yoʻq, der edi. «Biram esli, moʻmin-qobilki bu qurmagurlar, — derdi onam, — qaysi erkakning qoʻliga tushmasin, uni baxtga botirib yuboradi: axir bular jahonda xotinlik dardini tortishga, mehnatga yaratilgan-da». Biroq oʻsha toʻrt qizdan ikkitasi tushgan erkaklardan birortasiyam, onam aytganday, iqbolga oyogʻidan botib qolmadi, balki ularning boshiga bandalikning balolari yogʻildi: xotinchalari ularning etagidan mahkam tutib, qayerga boʻlmasin ergashib borishar, oʻzlaricha ayollar bazmi uyushtirishar, unda dugonalari raqs tushishar, oʻzlari esa, erlarining koʻnglidan kechguvchi zinoga oid har qanaqa pinhoniy fikrni anglab olish maqsadida hushyor kuzatib oʻtirishar edi.
Anxela Vikario toʻrt opa-singil ichida eng goʻzali edi. Onamning aytishicha, u ham, nomi barcha tarixlarda doston etilgan malikalar misol onasining qornidan baxtli boʻlib tugʻilgan emish. Ammo u zohiran beoromu besaranjom, botinan gʻaribayu haqirday koʻrinar, zotan, kelajakda hayotining oʻzgarib, yaxshilanib ketishiga asosli bir umid ham yoʻq edi. Men har yili rojdestvo hayitiga uyga kelganimda uni bir xil holatda uchratardim: har gal daricha yonida turli quroq qogʻozlardan gul yasayotgan yoki qoʻshnilari bilan qariqizlar aytadigan qadimiy qoʻshiqlarni xirgoyi qilayotgan boʻlardi va bu hol uni koʻzimga yanada qoqsuyak, notavon qilib koʻrsatardi. «Anavi suyaklari shaqillab, qoʻriqchiga aylanib qolgan nozanin urugʻing bir tirgovichga judayam zorda», degan edi bir kuni menga Sant'yago Nasar. Bir safar, opasining qazosidan sal avvalrok, men uni koʻchada ilk bor odmigina koʻylak kiygan, sochlari oʻrilgan ahvolda uchratgandim va bu oʻsha notavonmi, deya koʻzlarimga inonmagan edim. Darhaqiqat, bu qiz favqulodda bir ochilib koʻchaga chiqqandi, chunonchi, yoshi ulgʻaygan sayin uning odamoviligi va tortinchoqligi ortgan edi. Shuning uchunmi, Bayyardo San Romanning unga uylanmoqchiligini eshitib, koʻplar ajablandi, bu yot odam bir baloni boshlamoqchi-yov, degan gʻarazli fikrni bildirishdi.
Anxelaning uyidagilar uni Bayyardo San Romanga berishga jon-jon deb rozi boʻlishdi, faqat Pura Vikario ishni buzib, yigit avval oʻzining kimligini, nasl-nasabini bildirsin, keyin unashamiz, deya ikkala oyogʻini bir etikka tirab oldi. Haqiqatan ham, shu mahalgacha uning kimligidan, shajarasidan hamma bexabar edi. Yallachiday kiyinib kemadan tushgan oʻsha oqshomdan keyingi turish-turmushi haloyiqqa ma’lum, lekin ungacha qanday yashagan, kim boʻlgan — bu barchaga qorongʻi edi, oʻziyam oʻtmishini yashirardi, shu boisdanmi, bu xususdagi har qanaqa uzunquloq gap haqiqatga aylanib ketishi hech gap emasdi. El ichida ogʻzi bilan yuradiganlarning aytishicha, goʻyo u sobiq zobit emish, butun-butun qishloqlarni yakson etishda, Kasanaredagi qirgʻinda qoʻli bor emish; yana u goʻyo Kayenadan, surgundan juftakni rostlagan qochqin emish; ba’zilar esa uning Pernambukoda bir juft ayiqni oʻynatib yurganini koʻrishgan ekan; kimlarningdir ta’kidlashicha, u — Shamollar kanalidan ispanlarning qachondir dengizga choʻkkan, oltinlar yuklangan kemasini tortib olgan omadli qaroqchilardan biri emish. Bayyardo San Roman yolgʻon-yashiq gaplarga birvarakayiga barham berdi: shaharchaga oilasidagilarni boshlab keldi.
Ular toʻrt kishi: Bayyardoning otasi, onasi, ikkita ofatijon singlisi «ford-T» mashinasida antiqa bibiblovchi signalini chaldirib, ertalab soat 11 larda shaharga kirib kelishganida, koʻchalarni qiy-chuv bosib ketdi. Onasi — asli kurasaolik toʻlagina mulat xotin, Al'berta Simonds yoshligida Antil' orollaridagi ikki yuz goʻzaldan biri hisoblangan, ayni chokda u ispanchani «papiam'ento» chasiga sheva bilan qalashtirib gapirar edi.
Qizlar ayni yetilgan yoshda, xuddi minilmagan biyaday diltortar va yoqimli edi. Ular orasida eng sharafli zot Bayyardoning otasi — general Petronio San Roman edi. U oʻtgan asrdagi grajdanlar urushining qahramoni, konservatorlar hokimiyati davrida dong taratgan, mavqe qozongan harbiylardan boʻlib, Tukurinko yonidagi jangda polkovnik Aureliano Buendiani yer bilan yakson qilgan ham xuddi mana shu odam edi. El uni faxru gʻurur bilan qarshiladi, faqat mening onamgina uning kimligini aniq bilgach, soʻrashishga bormadi. «Unashishgani yaxshi boʻpti, — dedi u menga sovuqqina qilib. — Toʻy oʻz yoʻliga. Ammo Xerinel'do Markesni otishga buyruq bergan zobitni koʻrgani koʻzim yoʻq». Chol avtomobil' oynasidan boshini chiqarib, shlyapasini silkitarkan, necha yillardan beri portretini koʻraverib koʻzi koʻnikkan olomon darhol generalni tanib, gurillab olqishladi. Petronio egniga bugʻdoyrang surp kostyum, oyogʻiga echki terisidan tikilgan, iplari chapparastasiga bogʻlangan tufli kiygan, qanshariga zanjiri kamzuliga qadalgan oltin pensne qoʻndirib olgan edi. Kostyumi yoqasida jasurligi uchun berilgan nishon yaraqlar, olma shoxidan yasalgan, tutqichiga milliy tugʻro naqshlangan hassani qoʻlida tutgan edi. U mashinadan birinchi boʻlib tushdi: u boshdan-oyoq shahrimizdagi rasvoyi jahon yoʻllarning changu gʻuboriga qoplangan edi. Xaloyiq generalning savlatini koʻrgan zahoti Bayyardo San Roman kimni xohlasa oʻshanga uylana olishiga shubhalanmay qoʻydi.
Biroq Anxela Vikario unga turmushga chiqqani unamadi. «Men chumoliday nozik, u esa hirsday bir yigit edi, qanaqasiga rozi boʻlay», dedi menga Anxela. Bundan tashqari, Bayyardo San Roman keyinchalik qizning koʻnglini ovlashga zarrachayam urinmadi, 6u uning nafsoniyatiga tegdi, albatta: binobarin, yigit Vikariolarning barini oʻziga ogʻdirib, qoʻyniga kirib olganiga ishongan boʻlsa, ajabmas. Anxela Vikario ota-onasi, opalari va pochchalari mehmonxonaga yigʻilishib, hali tuzukroq koʻrib-bilishga ulgurmagani bir erkakka tegasan, deya zoʻrlashgan oʻsha iztirobli oqshomni hech unutolmasdi. Egizak akalari bu davrada yoʻq edi. «Bu xotinlarning ishi, biz bunaqa ishlarga aralashmaymiz», dedi menga Pablo Vikario. Qizning ota-onasi oʻzlarining kambagʻalligiyu kuda boʻlguvchilarning badavlatliklarini roʻkach qilib, taqdirning bunday ehsonidan yuz burish yarashmaydi, deya tanbeh berigadi. Anxela Vikario turmuga qurish yoʻlida oʻtib boʻlmas gʻov turganligini, ya’ni oʻrtada mehr-muhabbat yoʻqligini aytib, tisarilmoqqa uringanida, onasi shartta soʻzini boʻlib:
— Ering boʻlgach, sevishniyam oʻrgatib qoʻyadi-da! — dedi.
Bu quda-andachilik oʻsha paytda bir muncha ogʻir kechadigan, boʻlgʻuvsi kelin-kuyov nihoyatda gʻarazu sergaklik bilan kuzatiladigan unashuvlardan farqli oʻlaroq, Bayyardo San Romanning qistovu harakati tufaylimi, atigi toʻrt oyga choʻzildi. Pura Vikario, oilamizda motamzadalik muddati tugamaguncha toʻy qilmaymiz, degani bilan fursatni yanada qisqartirishning chorasi topilmadi. Ammo vaqt hash-pash deguncha oʻtib ketdi, hech kim ortiqcha aziyat ham chekmadi — hamma ishlarni Bayyardo San Romanning oʻzi oppa-osongina bajardi. «Bir oqshom u mendan shahrimizdagi qaysi uy menga koʻproq yoqishini soʻradi, — dedi menga Anxela Vikario. — Gap nimadaligini anglamay, eng yaxshi uy — hech kimi yoʻq Ksiusniki, deb javob berdim». Agar u mendan soʻraganida, men ham xuddi shunday degan boʻlardim. Ksiusning xonadoni tepalikning qir uchida, eng bahavo joyda oʻrnashgan, peshayvoni derazalaridan vohadagi binafshalar qiygʻos gullagan hududsiz oʻtlogʻu chamanzorlar koʻzga yaqqol tashlanib turardi; havo ochiq kelgan yoz kunlarida esa, ufqqa tutash Karib dengizi sohillarini, sayyohlarni tashiydigan, Kartaxen de las Indias dan yoʻlga chiqqan bahri muhit kemalarini koʻrish mumkin edi. Oʻsha oqshom Bayyardo San Roman Kiborlar klubiga borib, tomdan tarasha tushganday, toʻppa-toʻgʻri beva Ksiusning roʻparasiga oʻtirdi-da, u bilan domino oʻynay boshladi.
— Eshitishimcha, hech kiming yoʻq ekan, oqsoqol, — dedi u. — Men uyingni sotib olmoqchiman.
— Uy sotilmaydi, — javob berdi Ksius.
— Bor ashqol-dashqollaringniyam qoʻshib sotib olaman, — dedi yigit takabburona.
Bechora Ksius dunyo koʻrgan eskilarga xos nazokatu odob bilan uyidagi hamma narsani rahmatli xotini ikkovi uzoq yillar davomida yashab-yigʻib yurishganini, 6u ashyolar ham, uy ham bir yodgorlikday oʻziga qadrdon ekanini tushuntirdi. «U xuddi dilini kaftiga qoʻyganday ichidagini ochiq-oydin aytdi, — deya esladi oʻsha kuni ular bilan birga domino oʻynagan doktor Dionisio Iguaran. — Menimcha, uyni sotib, oʻttiz yillik umrini rohat-farogʻatda kechirgan aziz makondan ayrilishdan koʻra, Ksius oʻlimni avlo bilardi». Bayyardo San Roman bevaning ahvolini tushundi chogʻi:
— Yaxshi, — dedi. — U holda quruq uyning oʻzini sotasan!
Yigit Ksiusni oʻyin tugaguncha uyni sotishga qistadi, beva koʻnmadi. Uch kundan soʻng kechqurun Bayyardo San Roman uning roʻparasida yana paydo boʻldi, bu safar oʻz niyatini amalga oshirishga qat’iy bel bogʻlagani shundoq qiyofasidan sezilib turardi. Ular domino oʻynay boshlashdi.
— Ksius, oʻzing yolgʻiz yashaysan axir, — deya maqsadga koʻchdi u, — shunday xonadonning senga nima keragi bor? Bas, narxini ayt.
— Uyning bahosi yoʻq.
— Ogʻzingga siqqanini soʻra.
— Afsus, afsus, — dedi Ksius. — Bayyardo, siz yoshlar koʻngil ishlarini unchalik tushunavermaysizlarda.
Bayyardo cholning gapiga e’tibor bermadi, oʻylamay-netmay:
— Xoʻp, mayli, besh ming peso beraman, yetadimi? — dedi.
— Insofingni yutma, yigit, — dedi uning isrofgarchilik qilayotganidan xafa boʻlgan Ksius. — Uy buncha pulga arzimaydi.
— Oʻn ming beray, xoʻp de, — xitob qildi Bayyardo San Roman. — Hozirning oʻzidayoq qurtday sanab olasan, mana, banknotim yonimda.
Beva unga koʻzlaridan yosh toshib qaradi. «U gʻazabdan, alamdan yigʻlardi, — dedi menga doktor Dionisio Iguaran. U nafaqat doktor, balki yozuvchi ham edi. — Axir, oʻzing oʻylab koʻr, qariganingda, qoʻlingni shundoqqina choʻzsang yetadigan ming-minglab pul yotsayu koʻngilning gapiga kirib, kerak emas, deyish har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi». Ksiusning dami ichiga tushib ketdi, soʻng alamu iztirob ichra boshini saraklatib, boʻlmaydi, dedi.
— Shundaymi? Ha, mayli, — dedi Bayyardo San Roman. — Endi mendan oxirgi muruvvatingni ayamay, besh daqiqa shu yerda kutib oʻtir.
Chindan ham besh daqiqa oʻtar-oʻtmas, u kumush uqali charm xaltasini koʻtarib, kiborlar majlisgohiga qaytib keldi, xaltadan oʻn bogʻlam pul oldi-da, stolga qoʻydi: har bir bogʻlami ming pesodan boʻlgan pullarga Davlat bankining muhri bosilgan, qogʻozi shildiroq belbogʻchalar bilan oʻralgan edi. Ana shu voqeadan soʻng ikki oy oʻtib, bechora Ksius qazo qildi. «Uyi uning boshini sdi, — dedi menga doktor Dionisio Iguaran. — Ksius oramizdagi eng sogʻlom odam edi, ammo men uning koʻksiga quloq tutib, yuragida koʻzyoshlar qulqullayotganini, paymonasi alamu iztirob yigʻisiga toʻlganini sezdim».
Ksius oʻtgan-ketganni odamlar esga solmasin deb, uyini bor-budi bilan sotdi, pullarni asrash uchun birorta sandiqcha ham olib qolmadi. Bayyardo San Romandan pullarni asta-sekin toʻlab borishni oʻtindi, xolos.
Anxela Vikarioning qiz emasligini birorta inson gapirish tugul hayoligayam keltirmagandi. Uning biror yigitni saylab, pinhoni soʻzlashib yurganini ham hech kimsa koʻrmagan, zotan, u onasining chizgan chizigʻidan chiqmay oʻsgan — buni hamma bilardi. Toʻydan ikki oy oldin, kelin-kuyov boʻlajak istiqomatgohlarini koʻrishga ketayotganlarida, Pura Vikario qizini Bayyardo San Romanga qoʻshib yolgʻiz yuborishdan qoʻrqib, toʻgʻrirogʻi, Anxelaning ismatini saqlash niyatida, koʻr eri bilan ularni kuzatib borgan edi. «Men tangriga yo jonimni ol, yo oʻzimni oʻldirmoqqa yetadigan iroda ato et, deb rosa yolvordim, — dedi menga Anxela Vikario. — Ammo u soʻzimga quloq solmadi». Anxela rostdanam rosa qiynalgan, ich-etini yeyayotgan dardni onasiga ochib, nopoklik iztirobidan kutulmoqni istagan, biroq bu xususda anavi — daricha yonida qogʻozgul yasab oʻtiradigan sirdosh dugonalariga aytganda, oʻsha shaytonning urgʻochilari bechora sitamkashni toʻgʻri yoʻldan qaytarishgan. «Men ularning ra’yiga qarshi borolmadim, — dedi Anxela Vikario menga. — Ikkoviyam bildirlab-bidirlab es-hushimni oldi, bunday holda erkak zotini aldab-ishontirish usullarini oʻz tajribalaridan gapirib, axiri soʻzlariga kiritdilar. Ular Anxelani avrab, qizlarning barchasi bolaligidayoq, tasodifan, oʻziyam sezmagan holda ismatidan ayrilib qoladi, deya ishontirishdi. Yana: har qanaqa oʻjar erkak ham, agar kelinning juvon chiqqanini boshqa biror kimsa bilmasa, nochorlikdan murosaga keladi, yopigʻliq qozon yopigʻligicha qolaveradi, deyishdi. Nihoyat, koʻpchilik yigitlar birinchi kecha hayajondan oʻzini yoʻqotib qoʻyadi va kelin bilan qoʻshilgach, nima ish qilib qoʻyganini bilmaydi, oqibatni idrok etadigan ahvolda ham boʻlmaydi, deb sodda Anxelaning aqlini oʻgʻirlashdi. «Choyshabda dogʻ bormi, bas, ularga shuning oʻzi kifoya», deya miyasiga quyishdi. Xullas, ikki iblissheva dugonasi dunyodagi ma’lum barcha makru gʻarazdan Anxelani voqif etishdi, oxir-oqibat kelin ilk kechani risoladagiday oʻtkazadigan, jimo fursatida oʻzini qizday tutadigan, nahorda turib, bokiralik ramzi — dogʻli choyshabni oftobga yoyadigan boʻldi.
Ana shunday umidu gʻarazli xayol bilan u turmushga chikdi. Bayyardo San Roman esa, baxtimni topdim, men uni oʻz boyligim va mavqeim ta’sirida qoʻlga kiritdim; bir dangʻillama toʻy qilayki, butun el ogʻzini lang ochib qolsin, deya oʻylar, miyasida toʻyni dabdabayu as’asa bilan oʻtkazish xususidagi tentakona xayollar gʻujgʻon oʻynar edi. Yepiskop keladigan kunni eshitgach, toʻyni oʻsha ulugʻ ayyomga qoldirib, hazratning oʻziga nikoh oʻqittirmoqchi boʻldi, lekin Anxela Vikario bunga koʻnmadi. Anxela Vikario buning asl sababini menga ayon etib: «Rostini aytganda, faqat xoʻrozning tojidan shoʻrva qaynatib ichadigan, soʻngra parrandaning qolgan qismini butunicha kiroʻraga tashlab yuboradigan kimsaning fatvosini olishdan irim qildim», dedi. Yepiskopning oq fotihasisiz ham toʻy joʻnashib, biram shohona tus olib ketdiki, oxir-oqibat bazmu tantana toʻs-toʻpolonga aylandi, Bayyardo San Roman ham bosh-uchini yoʻqotib qoʻydi, xullas, butun shahar ahli oyoqqa turgan qiyomat bir ayyom boʻldi.
Bu safar general Petronio San Roman uy ichi bilan birga Milliy majlis vakillariga qarashli bayram kemasida keldi; toʻy tugaguncha kemani