Oshkora qotillik qissasi (qissa) (2-bet)
Nasarni soʻyishga qasd etgan qosidlar uni xuddi oʻsha yerda poylashayotgan edi. Uni dastlab sut sotuvchi xotin Klotil'de Armenta koʻrgan, tonggi tiniq shu’lalarda yigitning oppoq kiyimi unga alyumindan tikilganday tuyulgan. «U koʻzimga oq-yaltiroq libos kiygan arvohday koʻrindi», dedi u menga. Qosidlar roʻznomaga oʻrogʻliq pichoqlarini mahkam quchoqlagancha peshtaxta tagida uxlab yotishardi. Klotil'de Armenta ularni uygʻotib yuborishdan choʻchib, nafasini yutib, damini chiqarmay lol turardi.
Qosidlar — egizak Pedro va Pablo Vikario — yigirma toʻrtga kirgan, bir-biriga ikki tomchi suvday oʻxshash yigitlar edi. Tergovchining hisobotida: «Koʻrinishi xunuk boʻlsa ham, fe’li, muomalasi yaxshi ekan», deb yozilgan. Men ham, ikkovini maktabda oʻqib yurgan paytlaridan biladigan odam sifatida, xuddi shu gapni aytgan boʻlardim. Ular kecha toʻyda kiyishgan, bizning Karib dengizi qirgʻoqlaridagi mazgillarda odamni birmuncha olifta va baqaloq koʻrsatadigan qora jun kostyumlarini yechib ulgurishmagandi; oʻyin-kulgi, ziyofatu ichkilikdan horigan yuzlari ezgʻin boʻlsa-da, soqollari odatdagiday qirtishlab olingan edi. Toʻy arafasidagi bazmdayoq mast boʻlib olgan egizaklar uch kecha-kunduzdirki betinim ichaverib, aqlu hushdan ayrilib, ikkoviyam bamisoli tunkezar oyparastga aylangan edi. Ular qurbonni Klotil'de Armentaning sut doʻkoni peshtaxtasi ostida uch soat mudrab kutgach, ilk tong nurlari osmonni yoritganda, nihoyat, jumadan beri birinchi marta koʻzlari ilindi. Kema dastlab ovoz bergandayoq sachrab uygʻonishdi. Sant'yago Nasar uydan chiqqanda esa, uni koʻrib, tamoman hushyor tortishdi. Ikkovi ham darhol qoʻllaridagi oʻrogʻlik pichoqni mahkam qisishib, taraddudlanishdi, Pedro Vikario hatto oʻrnidan tura boshladi.
— Tangriga shak keltirmanglar, — deya bidirlab-shivirladi Klotil'de Armenta. — Xudo xayrlaringni bersin, hech qursa, yepiskop hazrat ketgunicha shu ishni qilmay turinglar...
«Bu gapni ollo koʻnglimga solganini qarang-a», deya u keyin ham necha bor takrorlab, gʻururlanib yurdi. Darhaqiqat, bu fikr uning kallasiga bexosdan kelib qol-gan, u beixtiyor aytib yuborgan esa-da, harqalay egizaklar Klotil'de Armentaning soʻzidan keyin shashtlaridan tushdilar, Pedro esa yana qaytib oʻrniga oʻtirdi. Ikkovlon maydondan oʻtayotgan Sant'yago Nasarni kiprik qoqmay kuzatishdi. «Ular unga achinib qarashdi», deya izoh berdi Klotil'de Armenta. Shu asnoda maydonni cherkov maktabining bir guruh talaba qizlari betartib ravishda kesib oʻtishgan.
Plasida Linero bilib aytgan ekan: yepiskop kemadan pastga tushmadi. Bandargohda shahar ma’murlari va oʻquvchi bolalardan tashqari son-sanoqsiz olomon toʻplangandi; har joy-har joyda savatu kajavalardan hazratga atalgan xoʻrozlar boshini chiqarib, moʻltirab turardi: xoʻroz tojining qaynatmasi yepiskopning xush koʻradigan taomi edi. Hadyayu tortiqlar tunchalik koʻp yigʻildiki, ularni langargohdan kemaga yuklansa, rosa ikki soat vaqt ketardi. Ammo kema toʻxtamadi. U daryoning qayrilishidan timsohday oʻkirib, suzib chiqishi bilanoq mashshoqlar yepiskopga bagʻishlangan tantanali qasida kuyni jaranglatib chalib yubordilar va shu zahoti xoʻrozlar ham tomoqlarini yirib-yirtib qichqirdilar, ularga shaharda qolganlari ham joʻr boʻlishdi.
Bu paytga kelib gʻildirakli, oʻtin yoqiladigan afsonaviy kemalar koʻrinmay qolgandi, ba’zi bir suzib yurganlarida esa pianola ham, asal oyini ayshu ishrat bilan oʻtkaziladigan xosxonalari ham yoʻq edi; aslida, bunday almisoqdan qolgan kemachalarning oqimiga qarshi suzishi nihoyatda ogʻir. Yepiskop hazratning kemasi yap-yangi edi, bir emas, ikkita temir moʻrisi choʻqqayib turardi, ularga bilakuzuk shaklida bayroq tasviri tushirilgan, ostidagi charxi va parragi tezyurar dengiz kemalariniki kabi mahobatli edi. Kemaning yuqori sahnida, shundoqqina kapitan hujrasi yonida, ispan mulozimlari davrasida oppoq kiyingan yepiskop siymosi koʻzga tashlanadi. «Ob-havo xuddi rojdestvo hayitidagiday edi», dedi singlim Margot. Uning aytishicha, kema langargoh yonidan oʻtib borarkan, ulkan maxlukday choʻzib boʻkirgan, keyin qirgʻoqda, birinchi qatorda turganlarga issiq hovur aralash suv sachratib, ust-boshini shalabbo qilgan. Odamlar yepiskopni xuddi tushda koʻrganday boʻlishgan: kema olomon qarshisidan oʻtib borarkan, hazrat havoga qoʻlini bigiz qilgancha choʻqinish rusumini bajo etib, beixtiyor, bee’timod, me’rovlarcha choʻqina-choʻqina kema uzoqlashgani barobarida koʻzdan yoʻqolgan, bandargoh choʻchigai xoʻrozlarning qaqaqlashiyu pala-partish qichqirigʻiga toʻlib ketgan.
Sant'yago Nasarga aldangani alam qildi: ruxoniy Karmen Amadornyng ommaviy tashviqiga uchib, uyam bir necha quchoq oʻtin, yepiskop yoqtiradigan tojdor xoʻrozning bir nechasini hazratga atagan edi, ammo u beparvo oʻtib ketdi. Lekin yigitning alami uzoqqa choʻzilmadi. Bandargohda yonma-yon turgan singlim Margot uning qoʻl siltab qoʻyganini, boshogʻriq dori kor qilmaganini, karaxtligi tarqamaganini sezgan va koʻzlarining birdan mamnun chaqnaganidan mayxoʻrlikni yana davom ettirajagini anglagan. «U hecham shamollaganga oʻxshamasdi, faqat kechagi dangʻillama toʻy qanchaga tushganini oʻylardi», dedi menga singlim. Shunda Kristo Bedoyya darhol sarfu xarajatlarni hisoblab, shunday raqamlarni aytdiki, ogʻzimiz ochilib qoldi. Sant'yago Nasar, Kristo Bedoyya va men uchalamiz soat sahargi toʻrtgacha aylanib yurdik, keyin uxlagani uyiga bormasdan, buvasinikiga kirib ketdi. U buvasi va buvisi bilan laqillashib oʻtirib, toʻy xususidagi ma’lumotini yanada toʻldirib oldi. Keyin Kristo Bedoyya toʻyda mehmonlarga atab qirqta kurka xoʻroz, oʻn bitta axta toʻngʻiz va yana toʻrtta gʻunajin soʻyilganini bizga hisoblab berdi — kuyov ularning hammasini shundoqqina maydonda qovurtirib, xaloyiqni siylagan. Kristo Bedoyya tagʻin ikki yuz beshta yashikdagi xorijdan xufya ravishda keltirilgan may, ikki miig shisha rom olomon ichida yurib tarqatilganini ham aytdi. Xullas, toʻy emas, bayram boʻlib ketgan, avvallari koʻz koʻrib, quloq eshitmagan bu toʻkin-sochin bazmda shaharchadagi odam zoti borki, bari rosa yeb-ichgan. Sant'yago Nasar toʻlqinlanib, havasini yashirolmadi:
— Menam xuddi shunaqa toʻy qilaman, — dedi u. — Odamlar oʻlguncha bir-birlariga gapirib yurishsin.
Shunda singlim Margotning ichidan qirindi oʻtib ketdi: u shundogʻam baxtu omadi boshidan oshib-toshib yotgan Flora Migelning saodat yulduzi yanada porlashini, rojdestvo hayitida Sant'yago Nasar unga nasib etishini oʻylab, hasaddan yuragi yorilayozdi. «Yigit oʻlgur bir chiroyli, esli-hushli, yigirma bir yoshda-yu, oʻz mol-mulki bor». Margot uni tez-tez mehmonga chaqirib turar, ayniqsa, onam goʻshtli, koʻkatli qozonsomsa qilganda, jon-jon deb biznikiga kelar va birga ovqatlanar edik. Oʻsha kuni ham onam nonushtaga somsa yopgandi. Sant'yago Nasar biznikiga kirishini aytdi.
— Men uydan kiyimimni almashtirib chiqay, sizlarga yetib olaman, — dedi, soʻng birdan soati javonchada qolganini eslab: — Soat necha boʻldi? — deya soʻradi.
Oltidan yigirma besh daqiqa oʻtgandi. Sant'yago Nasar Kristo Bedoyyaning tirsagidan tutib, maydonga yurdi.
— Oʻn besh daqiqadan keyin sizlarnikiga boraman, — dedi u singlimga.
Singlim nonushta tayyorligini aytib, hammamizni birgalikda uyga kirishimizni talab qilib turib oldi. «Uning yuzida qandaydir bir qat’iyat ifodasi bor edi, — dedi menga keyinchalik Kristo Bedoyya. — Ba’zan-ba’zan oʻzimcha, Margot uning oʻldirilishidan darak topgandirki, yigitning sizlarnikiga taklif etib, jonini asramoqchi boʻlgandir, deya oʻylayman». Illo Sant'yago Nasar singlimni kutib turmay uyga joʻnayverishga koʻndirdi, ungacha oʻzi kiyimini almashtirib, otini minib chiqajagini, tezroq qoʻrgʻonga yetib borishi kerakligini, novvoslarni bichmoqchi ekanini aytdi-da, Margot bilan xayr-xoʻshlashib, Kristo Bedoyyani qoʻltiqlagancha maydon tomonga yurdi. Singlim uni soʻnggi daf’a koʻrib turardi.
Bandargohga chiqqanlarning juda koʻpchiligi birodar Vikariolar Sant'yago Nasarni oʻldirmoqchi ekanidan voqif edi. Iste’fodagi polkovnik, oliy harbiy dorulilmni tugatgan, oʻn bir yildan beri shahar hokimi vazifasini bajarayotgan don Lasaro Aponte ham uning boshida ajal shamshiri yalangʻochlanganini bila turib, xarbiychasiga qoʻlini siqib, indamasdan soʻrashib qoʻya qolgan. «Men xavf-xatar oʻtib ketdi, endi hech narsa boʻlmas, deb oʻylabman», dedi u menga. Qavmning otasi padar Karmen Amador ham pinagini buzmagan: «Uni sogʻ-salomat koʻrib, eshitganlarim shunchaki mish-mish ekan-da, degan xayolga bordim», dedi u oʻzining loqaydligini oqlab. Eng yomoni, Sant'yago Nasar suiqasddan ogox etilganmi-yoʻqmi — bu haqda biror inson zoti bosh qotirmagan, yigitning hech narsani bilmasligiga, gʻaflat bosganiga esa hech kim ishonmagan. Darhaqiqat, ba’zi kishilar, jumladan mening singlim Margot ham egizak qassoblar unga qasd qilganini eshitmagan. U tergovchiga shunday izoh bergan: «Agar nomiga sezib qolganimdayam, uni boʻyniga arqon solib boʻlsa-da uyimizga sudrab olib kirardim». Boʻlajak xunrezona jinoyatdan singlimning bexabarligi menga juda gʻalati tuyuldi; bir necha yildan beri hatto cherkovga qatnamay koʻygan, xamisha uyda oʻtiradigan va mish-mishu duv-duv gaplarni eldan burun eshitadigan onamning qulogʻiga butun xaloyiqqa ma’lum shumxabarning yetib kelmagani esa meni battar hayratga soldi. Chunki onamning quvvayi hofizasi va koʻngil koʻzi judayam tiniqligini, koʻp hodisalarni oldindan seza olishini bolaligimdan yaxshi bilardim. Oʻsha paytlarda maktabga vaqtida yetib borish uchun tong qorongʻisida uygʻoniboq onamning rangpar, sirli-sukutli yuziga koʻzim tushardi; u sahargi gʻira-shiralikda uyni supurib-sidirib, keyin qahva qaynatarkan, yorugʻ dunyoda nimalar roʻy berayotganidan gapirar, biz uning purma’no va turli-tuman ma’lumotga boy soʻzlarini issiqqina koʻrpada eshitib yotardik. Nazarimda, onam bilan shahrimiz kishilarini, ayniqsa, uning quroldoshlarini koʻrinmas, sirli, darakchi rishtalar bogʻlab turardi; gohida u xuddi folbin xotinlarday yuz berajak hodisani oldindan aytardiki, voqea roʻy bergach, ogʻzimiz ochilib qolardi. Ammo onam oʻsha kuni soat uchda paydo boʻlib, koʻchama-koʻcha kezib yurgan falokat sharpasining tobora yaqinlashayotganini sezmagan. Yepiskopni kutishga chiqib ketayotgan singlim Margot — uning hovli sahnini supurib-sidirib, somsaga qiyma chopayotganini koʻrgan. Onam oʻsha kunni eslab: «Xoʻrozlar rosa tomoq yirtib qichqirishgandi-da», dedi. Onam bandargoxdan eshitilayotgan ovozlar yepiskopning tashrifi bilan bogʻliqligini tushunmagan, balki toʻydagilarning oxirgi baqiriq-chaqiriqlari, deb oʻylagan.
Uyimiz katta maydondan ancha narida, daryo qirgʻogʻida, xushboʻy anbahzorlar orasida joylashgan edi. Singlim Margot bandargohgacha sohil boʻylab piyoda borgan, aytishicha, fikri-zikri xazratning tashrifi ila band boʻlgan xaloyiq mayda-chuyda mish-mishlarga e’tibor bermagan. Qaysiki xonadonda kasallar boʻlsa, hammasi eshiklar oldiga olib chiqilgandi, ular, hazratning poyqadami bilan zora-mora falak dardimizga darmon yuborar, degan umidda ostonalari yonida choʻzilib yotishar, choʻchqa yetaklagan, kurka qoʻltiqlagan yoki allambalo yeguliklarni, nazru niyozlarni boʻxchalarga tugib olgan xotinlar hovlilaridan hovliqib chiqib, bandargohga oshiqar, daryoning u yogʻida esa, gulchambarlar bilan bezatilgan eshkakli qayiqlar — kanoelar ohista suzib borar edi. Kirgʻoqqa oyogʻining gardi ham tegmagan yepiskopning qorasi oʻchgach, yana bir yangi xabar tarqaldiki, olomon orasida tagʻin shovqin-suron, shov-shuv gaplar avjiga mindi. Singlim ana shunda bor gapni birdaniga eshitgan va janjalning tagiga yetgan: kechagi shohona toʻydan soʻng kelinposhsha Anxela Vikarioni onasining uyiga qaytarib keltirib qoʻyishibdi, inchunun, kuyovning shahodaticha, u juvon chiqibdi. «Xuddi jonim xalqumimga kelib qolganday behol boʻldim, — dedi singlim Margot. — Odamlar qanchalik ogʻiz toʻldirib gʻiybat qilishmasin, hech bir kimsa bechora Sant'yago Nasarning bu ishlarga qanday aralashib qolganini izohlab berolmasdi». Binobarin,Anxela Vikarioning akalari uni oʻldirmoqqa qasdlangani hammaga ma’lum edi.
Singlim yigʻlab yubormaslik uchun lablarini tishlaganicha uyga diltang kirib keldi. Onam oshxonada kuymalanar, mabodo yepiskop siymosini koʻrish nasib etsa, dogʻda qolmay deya bozor kuni kiyadigan koʻk gulli koʻylagini ustiga ilib olgan edi; u oʻzicha ishqu jazmanlik xususidagi portugal xalq qoʻshigʻini xirgoyi qilardi. Singlim dasturxonga bir kishilik ortiqcha nasiba qoʻyilganini aytgandi, onam:
— Bu Sant'yago Nasarniki, — dedim. — Qizim, axir uni oʻzing nonushtaga taklif etgansan-ku.
— Olib qoʻying, — dedi Margot qat’iy.
U onamga koʻchada eshitganlarini bir-bir aytib berdi. «Onam hamma gapni biladi, deb oʻylagandim, — dedi singlim menga. — Chunki unga bir narsani ayta boshlasang, yarmiga bormay turib, oxiri nima bilan tugashini fahmlab olardi». Ammo bu mash’um xabar onamga ham birmuncha chigal tuyulib, hattoki u ham nochor ahvolda qoldi. Nasarning avlodiga tugʻilganida onamning ismi bilan Sant'yago deb atashgandi, chunki onam uni choʻqintirgan volida edi. Sharmandai sharmisor kelinning onasi Pura Vikarioga ham onamning qarindoshchiligi bor edi. Onam singlimning bidirlashini oxirigacha eshitmay, azalarga kiyadigan qora ridosini, poshnador poyabzalini kiydi. Otam hali oʻrnidan turmagandi, oradagi gap-soʻzni eshitib, kutilmaganda, tungi xalatida u ham oshxonaga kirib keldi va xavotirlanib, onamdan qayoqqa otlanganini soʻradi.
— Boyaqish jigarim Plasidadan xabar olay, — dsdi u. — Barcha xaloyiqqa egizak qassoblar uning oʻgʻlini oʻldirmoqchi ekani ayonu u bechoraning uyi kuyib, xech narsadan bexabar oʻtiribdimish. He, dunyoning tashvishiyam qurib ketsin-a!
— Narsalar ham, Vikariolar ham biz uchun qora koʻzday yaqin va aziz, oʻylab ish tutgin, onasi, — dedi otam.
— Har doim boshiga falokat tushganlarga qayishgan yaxshidir, — dedi onam.
Narigi xonadan ukalarim chiqib kelishdi. Kichkinalari yomon bir ish boʻlganini sezib, yigʻlab yuborishdi.
Onam, umrida birinchi marta boʻlsa kerak, na hiqillayotgan dilbandlariga, na otamga e’tibor qildi. Otam uning nihoyatda qaygʻurayotganini anglab:
— Toʻxtab tur, menam kiyinib olay, — dedi.
Onam bu paytda koʻchaga chiqib ulgurgandi. Ukam Xayme ham kiyinib, maktabga joʻnashga taraddudlanardi. Otam unga:
— Onang bilan birga bor, — deb buyurdi.
Nima gapligidan, qayoqqa borishayotganidan bexabar, Xayme onamning izidan chopa ketdi va unga yetib, qoʻlidan mahkam ushlab oldi. «U oʻz-oʻzi bilan soʻzlashib borardi, — dedi menga Xayme. — Onam, bu salloh oʻlgurlar hayvondanam battar, turgan-bitgani falokat, — dedi past ovozda». U ukamni yetaklab borayotganini ham sezmagan. «Odamlar ahvolimni koʻrib, bu xotin aqlidan ozibdi, deyishgandir, — deya zorlandi onam menga keyin. — Olisdagi shovqin-suronni eshitganim esimda, nazarimda toʻy qaytadan boshlanganu olomon yana maydon tarafga chopib borayotganday tuyuldi». U oʻzida yoʻq shoshib borarkan, butun olagʻovurning boisi qil ustida turgan inson hayoti ekanligini fahmlab, jon-jahdi bilan maydonga talpingan, biroq yoʻlda oʻtib ketayotgan allakim unga, azbaroyi rahmi kelganidan:
— Luisa Sant'yago, shoshmay qoʻya qoling! — deya qichqirgan. — Uni oʻldirib boʻlishdi.
Bayyardo San Roman, qiz chiqmagan xotinini onasinikiga eltib tashlagan kuyov, bu makonda oʻtgan yilning avgustida, toʻyidan rosa olti oy oldin paydo boʻlgan edi. U shaharchamizdagi bandargohda haftasiga bir marta toʻxtab oʻtadigan kemada kelgandi: oʻshanda uning oshlangan teridan tikilgan ikkita kumushbandli toʻrvasiyu kumush toʻqali tasmasi, etigi va qup-quruq boʻyi bor edi, xolos. Aftidan yoshi oʻttizlarda edi, ammo toreroday alp qomatligi uni navqiron qilib koʻrsatardi, koʻzlari tilladay tiniq, chaqnoq, rang-roʻyi ham olovda toblanganday toza, yoqimli edi. Egnidagi ixcham kostyumi, torgina shimi asl novvos terisidan, echki terisidan tikilgan qoʻlqoplari esa kostyumiga hamrang edi. Kemada birga kelgan Magdalena Oliver butun yoʻl davomida undan koʻz uzolmagan. «Qiz boladay yigit ekan, — dedi u menga. — Esiz-esiz! Shunaqayam yoqimliki, bir piyola suvga qoʻshib yutib yuborsam, deysan odam!» Avvaliga shoʻrlik Magdalena ham, koʻpchilik kaltabin kimsalar ham Bayyardo San Romanning uncha-muncha xotin zotiniig tishi oʻtmaydigan toshyongʻoq ekanini fahmlashmagan.
Onam menga, maktabimga avgustning oxirlarida yuborgan xatida: «Bu yerga ajoyib bir yigit keldi», deya shunchaki eslab oʻtgandi. Keyingi maktubida esa: «Uning ismi Bayyardo San Roman ekan, aytishlaricha, koʻp jozibali yigit emish, biroq men hali oʻziii koʻrmadim», deb yozdi. Uning nima sababdan bizning joylarga qadam ranjida qilganini hech kim bilmagan. Toʻy arafasida kimdir, uni sinash uchunmi, shu xususda soʻraganida, u: «Men kimga uylanay ekan, deb shaharma-shahar kezib yurgandim, chamamda, takdir nasibamni shu yerga qoʻshgan ekan», deya qoʻya qolgan. Bu gap rost boʻlishiyam mumkin, ammo u ichidagini sirtiga chiqarmaslik uchun har qanaqa yolgʻonniyam yamlamay yutib, mardumni ishontirib, laqillatib ketaveradigan yigitlar xilidan edi.
U birinchi kuniyoq, kechasi kino koʻrib oʻtirishganda, odamlarga bu yerda tezda temir yoʻl qurish kerakligini, ana oʻshanda butun shahar ahli daryoning qosh-qovogʻiga qarab oʻtirmasdan, istagan paytda xohlagan tomoniga ketaverishi mumkinligini aytib, oʻzining temir yoʻl qurilishi boʻyicha muhandis ekanligini pisanda qilgan. Ertasiga telegramma yubormoq niyatida telegrafxonaga kirgan, uskunani oʻz qoʻli bilan ishlatib, kerakli gaplarni oʻzi xabar qilgan, keyin telegrafchi qizga kuchsizlangan batareyalarni qanday quvvatlantirish lozimligini tushuntirgan. Qoʻshinga askar toʻplash maqsadida bizning shaharchaga kelgan harbiy vrach bilan esa, chegara deparasida uchrab turadigan turli xastaliklarni qanday davolash haqida dadil suhbatlashgan. Unga tongotargacha choʻziladigan shavqli-shovqinli bazmlar yoqarkan, oʻzi ham mayxoʻrlikni qiyib qoʻyarkan, janjallashib qolganlarni ustamonlarcha yarashtirar, qimorda gʻirromlik qilguvchilar bilan chiqisholmas ekan. Bir kuni, yakshanbalik ibodatdan soʻng, suzongʻich yigitlardan ikkitasini chaqirtirganda, suzongʻichlar bizning joylarda koʻp boʻladi, daryoning u yogʻidan-bu yogʻiga kim oʻzarga suzishgan va hariflaridan zoʻrini yigirma sarjin orqada qoldirib, gʻolib chiqkan. Onam menga bir nomasida shu xususda yozarkan, oʻz odaticha hovliqib: «U oltinu tillalar ichida ham shunday suzsa kerak», deya mahobat kilgandi. Inchunun, u odamlar orasidagi shov-shuvga — Bayyardo San Roman behad moliyaviy imkoniyatlarga ega, beli baquvvat, qoʻli uzun, istagan ishini qila oladi, degan gaplarga ham ishongan.
Onam menga oktabrda yozgan xatida uni rosa maqtagan va: «Odamlar uni judayam yaxshi koʻrishadi, chunki halol, koʻngli toza yigit; oʻtgan yakshanbadagi ibodatda u choʻk tushib olib munojot qildi, lotincha xamd oʻqishdayam oʻzini koʻrsatdi, baraka topgur», degan edi. Oʻsha paytlari cherkov ishlari lotin tilida yuritilardi, obidalarning tik turib ibodat kilishi ta’qiqlangani hammaga besh qoʻlday ayon edi, biroq agar bir narsaning tagiga yetmoqni istasa yo biror narsa yoqib qolsa, onamning ana shunday keraksiz tafsilotlarga urgʻu beradigan odati bor edi. Bu yigit behad ulugʻlangan ana shu xatdan keyin onam menga yana ikkita maktub yoʻlladi, biroq ular-da, garchand bu davrga kelib Bayyardo San Romanning Anxela Vikarioga uylanayotganini butun elu yurt eshitgan boʻlsa-da, bu haqda biror ogʻiz soʻz demagan edi. Mash’um toʻydan keyin, ancha vakt oʻtgach, oʻsha kunlari Bayyardo bilan yaqindan tanishganini, taassufki, u aksincha taassurot qoldirganini va oʻsha — oktabrda yozgan xatida xato qilganiga, muloqot asnosida yigitning oltinga oʻxshash sariq, yiltiroq koʻzlarini koʻrib, qoʻrquvdan titrab ketganiga iqror boʻldi.
— Koʻzimga ajinaga oʻxshab koʻrindi, oʻlsin, — dedi onam menga. — Axir oʻzing aytganding-ku, bunday narsalarni oq qogʻozga yozib oʻtirmang, deb, shuning uchun indamay qoʻya qolgandim.
Men Bayyardo San Roman bilan onamdan sal keyinroq, rojdestvo hayiti munosabati bilan ta’tilga kelgan kunlarimda tanishgandim, u menga vahima qilganlariday gʻalati, favqulodda inson kabi tuyulmagandi. Chindanam yoqimtoy, xushraftor edi, ammo Magdalena Oliver ogʻiz koʻpirtirganiday valiyu vallomat emasdi. Fikri ojizimcha, mayda-chuyda