Asira yakuniy qism (kamolov)
Otamning bu gapidan keyin hovlida turolmasdim. Qo‘shni qishloqdagi xolamnikida tong ottirib, ertalab shaharga qaytdim. Anjelika quchoq ochib kutib oldi. U meni eshigidan itarmaydigan yagona odam edi. Xo‘sh, ayt, qochib ketishimga nima hojat? Yaxshi yeb, yaxshi kiyib, o‘ynab-kulib yuribman. Mana, Oyxumor. Biz uni Olya deb ataymiz. O‘zi ham o‘rislarga o‘xshab ketadi. Bir bolasi bilan eri haydab yuborgan. Otasining uyiga borsa, yangasi sig‘dirmagan. O‘lar holatda Anjelikaning uyiga kelib qoldi. Ana boshpana bor, qorin g‘ami yo‘q. Bolasi "detdom”da, bugun xabar olib keldi. Xullas, baxtini, tinchini topdi. Yaqinlaridan ko‘rmagan oqibatni ko‘rdi.
-Hozir yoshsizlar. Lekin husn ham o‘tkinchi. Qariganlaringda ham Anjelika boshpana berarmikan?
-Ungacha uylik bo‘lamiz. Biz ham Anjelika darajasiga borib, yosh-yosh qizlarga boshpana beramiz.
-Zulya, Anjelikaning ham qulog‘i qiziyotgandir. Hozir kelib qolsa bormi?
-Xumor bilan Ayshani olib molga ketgan. 2-3 kunda qaytib kelmasa kerak. Do‘ndiqchaga pardoz-andoz qilish ortiqcha ekan. Husni yetarli.
-Ha, xudo qarashgan ekan.
Shu payt eshik taqilladi. Badr qizlarni dasturxonga taklif qildi. Ular chiqishdi. Baxtiyor menga ovqat keltirdi. Yon xonada bo‘layotgan shovqin menga sira yoqmasdi. Ovqatga ham qaramay, u yoq-buyoqqa yura boshladim. Zanjirning ovozi "sharaq-shuruq” qilib ularning hiring-hiringini bosib ketardi.
-O‘tirmaydigan bo‘lib qoldingmi? Zanjir ovozi badimga urdi-ku,-dedi Badr kelib bir lunjida go‘sht chaynagan holda.
-O‘ylayapman. Xalaqit berayapsizlar, -dedim.
-Ko‘pi ketib ozi qoldi. Sen ham "Zargar” bilan shiqinglashib o‘tirishingga.
-Ehtimol,-dedim men va yana yura boshladim.
-Oyog‘idagini yech, Baxtiyor. Hozir qo‘limga erk berib yuboraman.
-Kalit qizlarda, -dedi Baxtiyor.
Bir ozdan so‘ng Badr yana kelib kalitni betimga otib ketdi. Baxtiyor zanjirni yechdi. Qo‘shni xonada musiqa ovozi avjga chiqdi.
-Seni kishandan butkul ozod qilolsam qaniydi. Kel, ovqatni keyinroq yeysan. Senga chil berishni, orqadan hujum qilishni o‘rgataman.
Men rozi bo‘ldim. Bir soat chamasi ovoz chiqarmay ohista shug‘ullandik. Ishqilib foydasi tegsa yaxshi-da. Baxtiyor ovqatni qayta isitib keldi. Narigi xonadagi bazm uzoq davom etdi. Qizlarning taqdirini o‘ylab-o‘ylab ko‘zim ilinibdi. Tushimda dadajonim, Rasul do‘xtirni ko‘rdim. Ular militsiya kiyimida kelishibdi va oyog‘imga o‘rab tashlangan kishanni yechibdilar. Men hargiz olib ketinglar, ular yana zanjirlashadi, desam ham ortga qaramay tashlab ketishdi. Yig‘lab-yig‘lab qolaverdim.
-Hoy do‘ndiqcha, senga nima bo‘ldi, ko‘zingni och.
Oyxumorning turtkilashidan uyg‘onib ketdim.
-Buncha baqirding. Alahsirabsanda. "Meni tashlab ketmang, dadajon” -deding nuqul.
Yuzim jiqqa yosh. Men o‘ngimda ham yig‘labman.
-Bo‘ldi, Oyxumor opa, boshqa gapirmang. Tushim esimdan chiqib ketadi, dedim va bir boshidan eslashga, ta’birlashga urindim. Tushni ko‘rguncha qancha azoblangan bo‘lsam-da, uni xayrli ekanligini dildan his etib turardim. O‘rnimdan turib, muzdek suvga yuzimni yuvdim. Demak, inson dunyodan o‘tgandan keyin ham bola-chaqasini yo‘qlab turarkan. Ey xudo, tushim o‘ngidan kelsin. Bu odamkushlarning qo‘lidan eson-omon qutqar. Tokaygacha zo‘rlikning qo‘li baland keladi. Axir Olyalar, Zulyalar ko‘payib ketmayaptimi? Meni aya, meni ulardan qizg‘on. Iltijolarim ko‘p edi. Faqat beton devorlarni teshib o‘tib, Ollohga yetib borarmikan? Bechora akam or-nomusdan yetti bukilib, meni izlayotgandir. Rashiddek "singlim o‘lishi kerak” deb o‘ylayotganmikan? Toshkent ko‘chalarida rasmimni ko‘tarib zoru-sarson yurganmikan? Eh, o‘g‘il bola bo‘lib tug‘ilganimda edi. Nailoj. Bugun 4 dekabr. Qish fasli ham kirib keldi. Sinfdoshlarim yangi yil haqida she’r izlashayotgandir. Har yili men qorqiz bo‘lardim. Bu yil kim bo‘larkan? Ularga maza. Men kabi jar yoqasida turganlari yo‘q. Cho‘kayotgan odam xasga yopishadi, deganidek men ham ko‘rgan tushimga ishonayapman. Zora farishtalar "omin” desa. Ayam qorong‘uda yursang, "Bismillohir rahmonir rahim. Lohavlohu vala quvvata illo-billo ali- yil azim” degancha ikki yelkangdan oshirib "suf” de, deganlari yodimga tushdi. Garchi tong otib kelayotgan bo‘l- sa-da, men qorong‘ulik qa’rida edim. To‘g‘rimi, yo‘qmi shu oyatni bilganimcha pichirlab-pichirlab xonaga kirdim. Dilim ravshan bo‘ldi. O‘ylovdanmi, uyqusizlikdanmi ko‘zlari qizargan Baxtiyorga: "Men sizga ishonaman” dedim astagina. Qarovullarim ko‘payib ketibdi. Har qadamda bitta. Qizlar ham izma-iz yuribdi.
-«Pioner», tezroq choyingni ich, ish ko‘p -dedi Zulya.
Ana, yana bitta laqab orttirdim. «Pioner»mish.
-Xo‘sh, «komsomolka»lar, menda nima ishlaring bor? Agar o‘zlaringga o‘xshab ola-bujur qilib qo‘ymoqchi bo‘lsalaring, xomtama bo‘lmanglar. Zinhor bu niyatlaringga yetolmaysanlar. Mana bu upa-eliklaring ham o‘zlaringga siylov. Hali men yoshlik qilaman.
-Do‘ndiqcha, sen bizni ranjitma, biz seni... Axir xizmatdagi odamlarmiz. Ozgina bo‘lsayam qo‘limiz tekkani bilinishi kerak. Bizga katta pul berilgan. Keyin Danil bilan Mishaning kaltaklariga dosh berish qiyin. Bizgayam rahming kelsin.
Qizlar bilan "san-man”ga borib o‘tirishimning foydasi yo‘q edi. Ular olib kelgan qimmatbaho shampunni olib yuvinishga ketdim. Har qanday sharoitda ham men pok bo‘lishim kerak. Axir bu kunni men ham kutayapman. Baxtiyorga qo‘shib narkoman "Zargar” huzuriga yuborishsa, yo‘lda ikkovimiz u yog‘ini hal qilamiz. Baxtiyor paysalga solsa, yakka o‘zim kurashaman. Nasib bo‘lsa bu banditlardan qutulsam, Qarshiga chopaman. Hali bu shahardan bir kun uzoqlashmagan edim. Mana, 10 kun o‘tibdi. Men uchun 10 yildek tuyulayapti. Qishda ham quyoshi charaqlab turadigan Qarshini sog‘indim, onajonimni, sinfdoshlarimni. Lekin qaytish menga oson bo‘lmaydi. O‘sha yerda Rasul do‘xtirning oilasiga ko‘zim tushadi, beva qolgan onamning g‘amgin chehrasiga qarash oson emas. Uyimiz huvillab qolgandir. Darvoqe, ulardan qutulib qochsam, yo‘l pulini nima qilaman? Baxtiyorda ham pul bormi, yo‘qmi? Eh, kallavaram! Qutulsam, darhol militsiyaga habar beraman. Bu yerdagi hangomalar fosh bo‘lishi kerak. Qolaversa, o‘n kun daydib borgan qizni uydagilar, qo‘ni-qo‘shnilar nima deyishadi. Ko‘ngil shunchalik keng ekanki, birdaniga ham quvonch, ham xavotir, ham g‘ussa sig‘averarkan. Ko‘nglimning tub-tubida esa yana bir shayton bor ediki, u Xolida, o‘n kundan beri banditlarning tilidan tushmagan, necha gul qizlarni baxti qaro qilgan, jinoyatlari fosh bo‘lmay kelayotgan "Zargar” - ya’ni odam qiyofasidagi maxluq bilan uchrashgin. Kenagasbegim xonning qulog‘iga simob quyib o‘ldirganidek, sen ham o‘ch olsang "Zargar”dan ol. Osilsang baland dorga osil, derdi.
-Do‘ndiqcha, suvga tushib ketdingmi, bo‘la qol, -dedi Zulya.
Suv rohatijon, deganlaridek sira vannadan chiqqim kelmasdi. Xayollarim osmondagi oppoq bulutlardek tarqoq edi.
-Bu kiyimlaringni kiyma.
-Kiyimim bu yerda qolib ketishini istamayman.
-Voy bu, kiyilaverib yag‘iri chiqib ketgan-ku. Qo‘rqma, selofanga joylab olib boramiz, shu eski matohingni, -dedi Zulya.
Ular men uchun ko‘ylaklar xarid qilishgan ekan. Birini tanla, deb shart qo‘yishdi. Men qochish va harakatlanish uchun qulay bo‘lgan kofta, shim va jaketdan iborat "troyka”ni tanladim. Yarim soat ichida ular meni kiyintirib bo‘lishdi. Faqat upa-elik surtgani qo‘ymadim.
-Senga biz kecha ishq darsini o‘tishimiz kerak edi. Badr shilqim xalal berdi. Bilasanmi, erkak kishiga yoqish uchun ayol nimalarga e’tibor berishi kerak? Avvalo…
-O‘chir, birinchidan Zulya, menga nasihatlaring kerak emas. Ikkinchidan men "Zargar”ga yoqmoqchi ham emasman. Uyimni sog‘indim. Uyga ketishga taraddud ko‘rayapman.
-Xom xayol ekansan. Shunchalik go‘l, sodda odamlarning asirasiman, deb o‘ylaysanmi? Ixtiyoring. Xayolingda yuz marta uyinga bormaysanmi? Atrofingda yurganlar qilni qirq yoradiganlardan.Anoyi, deb o‘ylama. Yoki ko‘z yoshi qilsam rahmi keladi, degan o‘ydamisan? Aksincha, huzur qiladi.
Eshik ochilib, Rashid kirib keldi. U menga boshdan oyoq razm solib qoniqish hosil qildi, shekilli, ikki qo‘li bilan ikki qizning belidan quchib o‘pib qo‘ydi.
-Malades, bergan pulimni halollabsizlar, Zulya, vaziyat o‘zgardi. Tushdan keyin qizni olib boramiz. Tezlashtirmasak bizning makonimiz kuzatuvda, shekilli. Hozir Baxtiyorga topshiriq beraman. U do‘konga chiqib, ul-bul xarid qiladi. Bir piyola choy ichib keyin yo‘lga tushamiz.
-Saxiysiz-ku, aka.
-Endi qiz chiqarish quruq bo‘lmaydi-da. Baxti, baqqa ke. Bozorlik qilib kel. Tushlik qilib olaylik. Mana pul. Faqat sen qidiruvda emassan. Emin-erkin borib kelaver.
-Xo‘p, shef, -dedi Baxtiyor va menga bir zum tikilib qoldi.
-Tezlashtir, bratishka.
-Ketayapman.
Baxtiyor chiqib ketishi bilan Rashidning buyrug‘i o‘zgardi. Bu haqiqatdan ham tulkidan ayyor ekan.
-Hozir shef telefon qildi. Mashina keldi. Sizlar bilan faqat men boraman. Baxtiyor bu qizga oshiq. Bir nimani o‘ylab yuribdi. Uni chalg‘itish uchun do‘konga jo‘natdim. Sen, qiz, yo‘lda qiliq chiqarma. Birdan bo‘g‘izlab tashlayman. Aqlligina bo‘l. "Zargar”ga ham yomon gapirma. Agar o‘lging kelayotgan bo‘lsa ixtiyoring.
Bu gapdan keyin bo‘shashib ketdim. Baxtiyor birga bormaydi. Bir o‘zim. Voy, tulkiyey. Barini bilib yurgan ekan-da. Endi nima qilaman? Fikrlarim chuvalashib ketdi. Shoshilganda "labbay” topilmaydi, deganidek, biror fikr miyamga kelmas edi. Men o‘z xayolim bilan band. Qizlar meni zinadan tushirishayapti. Badr orqamdan, Rashid oldimdan ketayapti. Badr ham qizlarning bo‘yog‘idan foydalanibdimi, sochi, kiprigi, mo‘ylabigacha oqqa bo‘yalgan. Qidiruvda bo‘lganligi uchunmi bu dahmaza. Yo‘lak oldida mashina, oynasi qora, inomarka. Yashin tezligida mashinaga o‘tirg‘izishdi. Skameykada 2-3 ta ayol pista chaqib o‘tiribdi. Odamlar buncha beparvo. Bular kim, qaysi xonadan tushishayapti deb qiziqishmaydiyam. Badr ortga qaytdi. Zulya bilan Olya ikki yonimdan o‘tirdi. Ikkalasining ham qo‘lida cho‘ntak pichog‘i. Haydovchi xuddi robotdek "qilt” etmay o‘tiribdi. Qora kostyum-shim, qora ko‘zoynak unga vahshiyona tus berayotgandek. Eh, Baxtiyor, shuncha kun meni aldading. Mana, endi ilojsizman. Vaziyatmish. Bular vaziyat tayyorlab berisharmidi? Ana endi ajdahoning komiga tortishayapti.
Dadajonim, tushlarimga nega kirdingiz? Axir bu tushga shunchalik ishonuvdim-ku. Men unsiz yig‘lardim. Buncha ojizman, buncha chorasizman? Nega dunyoga keltirdingiz, onajon? Shu iflos banditlar uchun oq yuvib, oq taradingizmi?
Yo‘llar keng, chiroyli. Mashinalar serqatnov. Ahyon-ahyon televizorda ko‘rgan joylarga ko‘zim tushadi. Yozuvlarga qarab Mirzo Ulug‘bek tumani hududida ketayotganimizni bildim. Nihoyat o‘sha Anjelika tasvirlagan do‘kon va yo‘llarning ikki tomonidagi biri sipo, biri hashamatli uylar ko‘rindi. Biz oq uy tarafga burildik. Yana o‘sha tezlik bilan mashinadan tushdik. Katta darvoza knopka bilan harakatlanarkan. Ichkariga kirdik. Qizlar meni ko‘tarib chopishayotgandek ikki qo‘limga yopishishgan. Oyog‘im yerga bir tegadi, bir tegmaydi. Katta aylana zal, o‘rtada zinapoya ikki tomonga yo‘l boshlagan. Biz ikkinchi qavatga ko‘tarildik. To‘g‘ridagi xonaga olib kirishdi. Juda katta, keng xona, gilamlarga oyoq bossangiz qalinligidan oyoq ko‘rinmay ketadi. Yumshoqqina. Ne ajabki, shunday bahaybat xonada bilinar-bilinmas bo‘lib yoshi qirqlarga borgan chuvakkina kishi o‘tiribdi. U juda oriq, yonoqlari ichiga kirib ketgan. Sap-sariq, sochlari qoshi ustigacha yetib kelgan. Anjelika haq. Uning nigohi o‘tkir, burgutqarash. Faqat ko‘zigina unga salobat bag‘ishlaydi. Demak, u "Zargar”. Mening kushandam. Yonida qop-qora it erkalanib turibdi. It ham bizga sinchkov tikiladi. Egasining bir imosiga mahtal.
-Men sen bilan bahorda uchrashmoqchiydim. Chunki bahor ishq fasli. Sabrim chadamadi. Ertani ham kutolmadim. Qishda ham issiq xonada g‘uncha ochilaveradi. Shoshganim behuda emas, do‘ndiqcha. Seni shunday atasharkan. Bu laqab menga yoqdi. Sen bu zerikarli binoga fayz kiritasan. Agar o‘jarlik qilmasang, seni Anjelikaning do‘zaxiga tashlamayman. Senga nikoh o‘qitib uylanaman. Hozirgacha qancha ayollar bu baxtga erishishni orzu qilgan.
U ko‘zining pasti bilan Rashidga sinovchan tikildi.
-Rashid mullaga odam yubor. Sen bizni shod qilding. Diding baland ekan. Eshigim sen uchun hamisha ochiq. Birov mushugingni "pisht” desa murojaat qilaver. Qizlar, sizlar ham boraveringlar. Anjelika safardan qaytsa, undan minnatdor ekanligimni aytinglar.
Hamma ketdi. Qulay fursat. Biroq it mendan ko‘z uzmay turibdi. "Zargar” knopkani bosdi. Eshikdan 35 yoshlardagi to‘laroq, qosh-ko‘ziga surma tortilgan, qoramag‘iz ayol kirib keldi.
-Farida opa, onamning bir armoni bor edi. O‘g‘lim, orqa-olding chimildiq ko‘rmadi. Sayoq yurding. Nikohingga birorta qizni olmading, deb koyirdilar. Chimildiq tayyorlang. Hozir mulla keladi. Men bu qizga uylanaman.
-Xo‘p bo‘ladi, to‘y bo‘larkan-da, -dedi ayol va menga bir qarab chiqib ketdi.
-Yaqinroq kel! Divanga o‘tir. Sen endi shu uyni bekasisan. Boylik ham, atrofingdagi yalang‘och ayollar ham, aroq, nasha ham ba’zan bezitarkan. Oddiygina odam bo‘lib yashagim kelib qoldi. Ismsiz laqab bilan yashash ham jonga tegdi. Hamma narsamni sotib, seni oldimga olaman-da, dunyoning eng go‘zal makoniga borib yashayman. Shvetsariya yoki Parij, Rim. Albatta, mening sadoqatli do‘stim "Bars” ham biz bilan ketadi. Garchi egni-boshim toza, uyim ozoda bo‘lsa-da, men isqirt olamda yashayapman. Bu olam oldida shunchalik beg‘uborsanki, qo‘l tekkizishdan cho‘chiyapman. Bu his-tuyg‘ular meni birinchi marta bezovta qilayapti. Namuncha xo‘mrayasan? Men seni gala itning oldidan tortib oldim-ku? Mullaga shipshimasam, sen bir kechada xarob bo‘larding.
-Meni uyga jo‘natib yuboring. Yana bir yaxshilik qiling, iltimos.
-Ey qiz, dunyoda menchalik xudbin inson bo‘lmasa kerak. Men faqat o‘zimni o‘ylayman. O‘zimga taalluqli narsadan voz kecholmayman. O‘zgaga taalluqli chiroyliroq narsa yoqib qolsa, tortib olaman. Sen menikisan. Sen allaqachon og‘ushimda bo‘larding. Bir bor xudoning ra’yiga qarab, nikoh o‘qitay-chi. Bars, uni yonimga keltir. Uyalayapti, -dedi u meni ko‘rsatib. It xuddi tushungandek "Zargar”ni aylanib o‘tib, orqa tomonimdan xezlandi. Qo‘rqib, uy to‘riga yugurdim. Mana, "Zargar” bilan oramiz ikki qadam. U menga termulgani-termulgan.
-Mulla kechikdimi? Keyin ham nikoh o‘qitaveramiz, -dedi u va o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Shu payt, aytsam ishonmaysiz, eshikni kimdir tepib ochdi. 4-5 ta militsiya xodimlari kirib keldi. YO Xudo, karomatingdan o‘rgilay. Sen borsan. Meni bir lahza ham unutmading. Men ham sendan najot kutdim.
To‘laroqdan kelgan militsioner "Zargar”ning "Bars, bos” deb bergan buyrug‘ini eshitiboq, itni otib tashladi. Eshikdan kirib kelgan ikki barzangi bilan ham olishuv bo‘ldi. Ularni kishanlashgach:
-Sen qo‘lga tushding, Hasan Suyarov. Ukang Husan ham qo‘lga olingan, -dedi.
-Xoin kim, qani meni qo‘riqchilarim? "Zargar” yonidagi knopkani bosmoqchi bo‘ldi.
-Uy qurshovda. Sen yolg‘izsan. Qarshilik ko‘rsatib o‘tirma. Yana o‘sha militsioner o‘q uzdi. Qo‘lidan jarohatlangan "Zargar” meni ildamlik bilan o‘ziga tortdi. Bo‘ynimdan mahkam ushlab oldi.
-Qimirlasalaring qizni o‘ldiraman.
U qo‘liga qayerdandir pichoq olibdi. Meni orqaga sudrardi. Birdan Anjelikaning "yer osti yo‘li narigi uyga olib boradi, bu yo‘lning eshigi o‘z xonasida” degani yodimga tushdi. Agar biz yo‘lga tushsak, yana militsionerlar izni yo‘qotishadi. Organ xodimlari noiloj qolishadi. Ular meni ayab turishgani bilinib turardi. Baxtiyor aytgan vaziyat shu emasmi? "Zargar” gilam ustini oyog‘i bilan paypaslayotganda men uning pichoq ushlagan qo‘lidan tishlab oldim va Baxtiyor o‘rgatgan "chil” usulini qo‘lladim. Mening qarshiligimni kutmagan, g‘aflatda qolgan "Zargar” oyog‘im ostiga yiqilib tushdi. Men uni tepishdan o‘zimni to‘xtatolmasdim. Yigitlar ildam kelib uning qo‘liga kishan solishdi. Rangi oqarib ketgan "Zargar” menga qahr bilan qaradi va so‘kindi. U xodimlardan faqat xoinning ismini aytishlarini talab qilardi. Olib ketishayotganda eshik oldida yotgan itiga qaradi. Og‘ir xo‘rsindi. Shu lahza Farida opa chimildiq ko‘tarib keldi va hayronu lol qarab qoldi. "Zargar” uning qo‘lidagi atlas matoga ayanchli tikildi va "Onamning armoni ushalmadi. Kelin bexosiyat keldi”, -dedi. Men ozod edim. Men kalxat changalidan oson qutuldim. Bari ko‘z ochib yumguncha sodir bo‘ldi. Aynan endi qutulib ketish haqida o‘ylamay qo‘ygan paytimda-ya. O‘kirib yig‘lab yubordim. To‘g‘risi, o‘sha militsiya xodimi dadajonimga juda o‘xshardi. Yoshi ham to‘g‘ri kelardi. U sochlarimdan silab "kechikmadikmi, bolajonim” dedi. Ko‘zlarida hayajon bor edi.
I-Kechikmadingiz, biroq men sizlarni o‘n yildan beri kutayotgandekman, -dedim.
-U senga qo‘l tekkizgani yo‘qmi, ona qizim?
-Yo‘q, xavotirlanmang. Negadir mulla kechikdi. Bu ham mening baxtim.
-Mana bu kishi tergovchi Sa’dullayev. Suhbatlashib tur. Biz uyni tintuv qilishimiz kerak.
-"Zargar”ning yer osti yo‘li bor. Yo‘lning narigi yog‘idagi uy ham shuniki.
-Bilamiz. Bizda uyning sxemasi bor.
-Sizlarga Baxtiyor aytdimi?
-Yo‘q. Bizga o‘zing qamalgan uyni ko‘rsatasan. Keyin suhbatlashamiz.
Tergovchi ohorlik kiyingan. Hamma formada bo‘lsa, u kishi kostyum-shimda. Galstuk taqib olgan. Qorachadan kelgan kishi ekan. U telefon orqali yana bir guruh operativ xodimlar berilishini so‘radi.
-Hali sen bilan uzoq gaplashamiz, Xolida. Hozircha dam olib tur, -dedi muloyimgina.
Men bu uyda bir minut ham turgim yo‘qligini aytdim.
-Hozir. Guruh yetib kelsa, o‘sha uyga boramiz.
-Qarshiga ketishni istayman. Menga ozroq pul berib turing. Chaqirganingizda qarzimni uzaman, -dedim.
-Mayli. Biroq kemaga tushganning joni bir. Shoshilma, -dedi tergovchi. Divanga o‘tirib o‘yga toldim. Anjelika qo‘rqib gapirib bergan, Rashid bir gapiga ilhaq bo‘lgan "narko qiroli” osonlikcha taslim bo‘ldi-ku. Har qalay u g‘aflatda qoldi. Uni kim sotdiykan? Bu savol meni ham qiziqtirardi.
Kim meni qutqardi? Kim "Zargar”ni sotdi? Voqealarni kutilmaganda, juda tez sodir bo‘lgani meni shoshirib qo‘ydi. Bundan o‘n kun oldin ham xuddi shunday aqlim shoshgan edi. Bir necha daqiqalar ichida Rasul do‘xtir o‘lgan va men asiraga aylangan edim. Men endi bir daqiqa ham inson umrini alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborishi, yoinki halovat ato etishi mumkinligiga ishonardim. Agar Baxtiyor bo‘lmasa, ertangi kunga umidlantirmasa, o‘shalarga qarshi olishishga undamasa, men ham ba’zi xotin-qizlarga o‘xshab o‘z jonimga qasd qilishni yagona yo‘l, deb bilgan bo‘larmidim. O‘n kun shu do‘zax olovida kuyib kul bo‘lmaslikdan meni Baxtiyor asradi. Ko‘ngil qursin. Mening xaloskorim Baxtiyor bo‘lishini buncha istamasa. Ehtimol, u ham do‘konlarda sang‘ib yurgandir. Men tergovchining "Neksiya”sida o‘tirib, tezkor guruh vakillarining ishini kuzatdim. Militsiyada ishlash ham oson emas ekan. Ular to "Zargar”ning xonasiga kirguncha ham necha mushtumzo‘rlar bilan olishgan. O‘ntacha odamning qo‘liga kishan solingan holda maxbuslar mashinasiga mindirilganligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Uyni tintuv qilishga ham ikki soatlar vaqt ketdi-yov. Uydan nasha topilgani haqida ham tergovchiga ma’lum qilishdi. Narkoqiroliman, deb kekirdagini cho‘zib yurgan bu naynovning holiga maymunlar yig‘ladi. To‘y qilarmish, chimildiq ko‘rarmish. Qiziq, nega mulla kechikdi? Rashid jo‘natmadimikan? "Zargar”ning haydovchisi ham negadir qaytmadi. Har qalay tushim o‘ngidan keldi. Dadajonimning ruhi meni qo‘lladi. Biroq huvullagan o‘sha uyda dadamsiz qanday yasharkanman? Men ikki insonning o‘limiga aybsiz aybdor bo‘lib qoldim-ku. Hali qancha ta’na-dashnomni ham ko‘tarishim kerak. O‘n kun uyidan chiqib ketgan, banditlarning qo‘lida bo‘lgan, degan malomatlar toshi ham boshimni yorishga shay. Skameykada o‘tirib, kuni bo‘yi g‘iybat so‘zlar bilan hovurini bosadigan ayollar ham ancha kun saqich qilib chaynaydigan mavzu bo‘ldi. Har qalay, xudoning oldida pokman-ku.
Tergovchi va ikki militsiya mashinaga o‘tirdi. Qolganlari toshkentliklar ekan. Demak, Toshkentga "Neksiya”da kelgandim, "Neksiya”da qaytarkanman. Qaytish nasib etganiga ming shukur. Jonim chiqsa ham kindik qonim tomgan joyda chiqsin.
Qoraqamishga yo‘l oldik. Ular mendan yo‘lni so‘rasa, qanday qilaman, o‘n kun turgan joyingni bilmaysanmi, deyishadi, deb cho‘chib turgandim. Biroq, ular hech adashmay uyni topib kelishdi. Demak, "Zargar”ning koshonasini ham, Rashidning