tungi.ru

Asira 4 (kamolov) (2-bet)

axlatdan terib yurishadi. Shu pastkashlar tufayli sirimiz ochilib qoldi. Organdan kelib homilador ayollar surishtirila ketdi. Qo‘shnilar "shu uyda ikkiqat qiz supur-sidir qilardi”, debdi. Qizning o‘ligi ham topildi. Xullas, Olya opa qamalib ketdi. Pichoqda uning barmoq izlari bor edi-da.

-Bu yaxshilik emas, vahshiylik-ku? Sizdan nafratlanaman. Siz inson emas, alvastisiz.

-Uningni o‘chir. Boya ko‘zini qo‘rqitdim, deb kerilma. Besh minutda seni ham asfalasofilinga jo‘nataman. Uning o‘zi nontepkilik qilib menga pichoq o‘qtaldi.

-Anzirat opa, bu birovga qilgan yaxshiligingiz bo‘lsa, yomonligingiz qanday bo‘ladi?

-Yomonligimni "Zargar”dan keyin ko‘rsataman.

-Mastura bekaning shogirdi Anzirat beka qanday qilib bir ojizaga qorovullik qilishni or bilmayapti. Kimsan "Zargar”ning qirolichasi?

-Ahmoq qiz. Men bu yerga topshiriq bilan kelganman. It egasiga vafo qiladimi, yo‘qmi bilishim kerak.

-Rashidmi? - "Zargar”dan oldin senga qo‘l tekkizsa ham boshi kundada. Tungi o‘ljadan ulushini bermasa ham ajalidan besh kun burun o‘lib ketadi.

-U men haqimda biladimi?

-Ha. Kelgan kuning mulladan eshitgan. Sen ham o‘lja hisoblanasan. Faqat tirik o‘lja bo‘lganing uchun ikkiga bo‘linmaysan.

-Nega meni bir haftadan buyon qamab qo‘yishgan. SHef chaqirtirmayaptimi?

-Birinchidan "Zargar” sen bahona Rashidning sodiqligini sinayapti. Agar u senga ko‘z olaytirsa, demak xoinlik qiladi. Ikkinchidan, seni bu isqirt holingda "Zargar” qabul qilmaydi. Rashid o‘lja bilan qaytsa, seni parvarishlaydi.

-Qanday qilib?

-Boshingga tushsa, ko‘raverasan.

-"Zargar” shu qadar oliftami?

-Yo‘q, didli, farosatli. To‘g‘ri kelgan narsani ta’bi tortavermaydi. Faqat toza narsalarni yeydi.

-Qorovul ko‘pmi?

-Ko‘p. Unga bas kelolmaysan. Sen meni vahshiy deding. Ichmaganimda balki Nargizaga do‘xtir chaqirtirardim. Lekin "Zargar” odam bolasini o‘ldirib, qiynab orom oladi. Ko‘ziga yomon ko‘ringanni sog‘ qo‘ymaydi.

-Uni organ odamlari bilmaydimi?

-U juda ayyor. Qorovullik qiladi, deb aytdim-ku. Ba’zan ko‘ngilli bo‘lib jinoyatlarning ochilishiga ham yordam beradi. Oddiy magazin qorovulidan kim ham shubhalanadi?

-YO tavba. Unda o‘g‘rilarga bosh bo‘lishga qachon vaqt topadi?

-Hech kimga aytmaganman. Sen ham birovga aytma, uning qiyofadoshi bor. Borganingda bu sirni bilishingni sezdirib qo‘yma. Hatto o‘g‘rilar ham bilmaydi. Hayron bo‘ldingmi? Pul bor joyda nimalar qilib bo‘lmaydi, qizaloq.

-Uning uyi qanday? O‘g‘rilar to‘planganda birov bilmaydimi?

-Do‘kon orqasida uning ikki qavatli uyi bor. Bilmaganlarga bir qavat bo‘lib ko‘rinadi. Chunki yarim metrcha yer yuzida poydevor bor. Tepasida 5 xonali uy, uzun ayvon. Poydevor tagi ancha kovlanib, yer ostidan uyning birinchi qavati qurilgan. Borsang, ko‘rasan. Naq jannatning o‘zi. Birinchi qavatga yashirin eshik orqali kiriladi. Knopkani bosasan. Yer ostidan ellik qadamcha yo‘lak qilingan. Bu yo‘lakdan ko‘chaning narigi betidagi ikki qavatli binoga kirib boriladi. Ayshu ishrat o‘sha yerda. Uyni Rustam ismli xizmatkorning nomiga hujjat qilgan. U kombinatda hisobchi bo‘lib ishlaydi. Undan hech kim gumonsiramaydi. Hindlarning kinosida ko‘rgandirsan, uyning o‘rtasida ikki tomonga olib boradigan zina. Beixtiyor uyning chiroyligini ko‘rib, behudaga laqabi "Zargar” emasligini tushunasan. Tillo taqinchoqlarga juda o‘ch, u maraz. Otamdan qolgan taqinchoqlarimga ham ega chiqqan. Lekin unga bas kelolmayman. U mendan boy, mendan zo‘r. Ko‘z ochib ko‘radiganing haqida ham batafsil so‘rab olding. Ertaga Tojikistonga ketaman. Mol olib kelishim kerak. Undan Surxondaryoga, keyin Toshkentga. Safarim og‘ir, bugun dam olishim kerak edi. Lekin Rashid kelib o‘ljasini yashiradimi, deb o‘ylayapman. Katta pul bilan ketishim kerak. Uyquni qochirish uchun «chifr» damlab ichamiz.

-U nima?

-Choy. Qora choyni mo‘l qilib solasan. Keyin sho‘rtakkina qurt bilan asta-asta ho‘plab maza qilasan. Bu «zek»lar ichadigan choy. Ichasanmi? O‘larday charchasang ham tetik qiladi. Biz u yoqda qizlar bilan shunday choyxo‘rlik qilardik.

-Yo‘q, men dam olmoqchiman. Uyqum kelyapti. Ernest qayerda?

-Buni senga qizig‘i yo‘q. Tergovchidan ham o‘tib tushding-ku, asira. Undan ko‘ra xushomad qil. Fohishaxonada seni birinchi qilib qo‘yishim uchun.

- Men hech qachon u yerga bormayman. "Zargar”ga ham yemish bo‘lmayman.

- Buncha katta ketding.

-Undan ko‘ra jonimdan kechib qo‘ya qolaman.

-Ixtiyoring, joying jannatdan bo‘lsin. Biroq seni o‘lgani qo‘yishmaydi. Ha, mayli, uxla. Ernestdan xabar olay-chi. Seni savob uchun tamaddi qildirdim. Non tepkilik qilma, qochishga urinma.

-Anzirat opa, meni qo‘yib yuboring. Shuncha qizning boshiga yetganingiz kammi? O‘zingiz azobini tortgansiz.

-Men Anjelikaman. Anjelika berahm, beshafqat, behayo, qotil.

Uning oyog‘iga yopishib yalindim. Boyagina muloyimlashgan chehra qahrli tus oldi. Qornimga bir tepib eshikka yo‘naldi. Men og‘riqdan gapirolmay qoldim.

-Yana bir marta Anzirat desang, tilingni kesib olaman,- deb u eshikni orqasidan qulflab ketdi. Og‘riq o‘tib ketdi. Men ayol haqida o‘ylay boshlagandim. Anzirat, deb chaqirilishi nega unga yoqmaydi? Anjelika desa nega vahshiylashadi? O‘ylab-o‘ylab ayolning asl ismi armonlarini eslatib bezovta qilsa kerak, Anjelika deganda esa o‘zining o‘tmishini unutadi, u shaddod, behayo ayolga aylanadi, degan fikrga keldim. Bir ayolda ikki ism. Bir ayolda ikki qalb. Nazarimda xuddi mening ertangi kunim haqida fol ochib bergandek tuyulardi. Nahot, men Anjelika bosib o‘tgan so‘qmoqlardan yursam? Yo‘q, undan ko‘ra o‘lim afzal.

Bir hafta tikan ustida yotgandek mashaqqat bilan o‘tdi. Mehribonim-dadajonimning ham yettisi o‘tgandir. U kishi hayot bo‘lganlarida meni bu ahvolga sira tashlab qo‘ymasdilar. Onam g‘am bilan, ta’ziya bilan andarmon bo‘lib meni unutganmikan? Militsiya nega meni topolmayapti? Jinoyatchi sifatida izlab topishsa ham mayliydi. Ey xudo, men ojiza qizchani shu nobakorlarga, dadajonimning, do‘xtirning qotillariga yem qilma. Shuncha kun asrading. Yana asra. Toki meni topib olishguncha mendan ko‘z uzma, xudojon. Yig‘lab-yig‘lab, ollohimga iltijolar qila-qila ko‘zim ilinibdi. G‘ovur-g‘uvurdan uyg‘onib ketdim. Eshik ortiga borib shovqinga quloq tutdim. Yana bir oila bu kasofatlar tufayli fojiaga yuz tutdi, halovatini yo‘qotdi, shekilli. Ishqilib, ulardan birortasini o‘ldirishmadimikan? Boylik topiladigan narsa. Tashqaridan Rashidning baland, mamnun ovozi yangradi:

-Baxtiyor, do‘ndiqchaga hushyor bo‘linglar. Anjelikaning aytishicha, "Zargar” bizning sodiqligimizni sinab ko‘ryapti. Ehtimol, boshqa manzilga ko‘charmiz. Sen bugun ishonchimni oqlading. Ernestning o‘rnini bildirmading. Qorovulligingni qilaver. Badr Qarshiga borib keladi. Nima gap, nima so‘z aniqlash kerak. Sen hushyor bo‘l. O, Anjelika, jonginam, qorovullik yaxshi o‘tdimi? Qizchani qiynab qo‘ymadingmi?

-Yo‘q, lekin menga tillo tish qo‘yib beradigan bo‘lding.

- Nima?

- Qizchang tepag‘on ekan-ku. Agar bu hunarini "Zargar”ga ham ko‘rsatsa, oyog‘idan osadi.

-Qizchani senga bersam, tarbiyalab, pardozlab tursang. Ikki kundan keyin uni egasiga topshirib qutulaman. Jonga tegdi.

-Qizchani egasiga topshirmasdan ilojing yo‘q. "Ov” qanday bo‘ldi? -dedi Anjelika.

-"Ov”mi? Zo‘r. Bunaqasi sira bo‘lmagan. O‘ziyam uymisan uy ekan-da. Ana boylik, ana, dahmaza. Xotiniyam naq farishta ekan. Bolalari bilan hozir kaput bo‘lgandir. Sen biz bilan jo‘natgan qiz firibgarlikda ustozidan o‘tibdi.

- U mening tarbiyamni olgan.

- Uni bizga ber. Bugun tunda ham bekor o‘tirmoqchi emasman.

-Mayli. Xizmati evaziga meni siylasang, bo‘lgani.

-Seni alohida ulushing bor. "Zargar”ni rozi qilib olay, keyin seni zarga ko‘maman.

Ularning ovozi eshitilmay qoldi. Shivir-shivir boshlandi. Har qancha qulog‘imni "ding” qilmay, hech narsani eshitolmadim. Ahyon-ahyon Anjelikaning soxta kulgusi eshitilardi. Uyqum o‘chgan edi. Bu yog‘i tong otib kelyapti. Eng yomoni, hech narsani eshitmayapman. Eshikni taqillata boshladim. Xuddi ikkovlon mening taqdirimga hukm o‘qiyotgandek, men bexabar qoladigandek yuragim behud bo‘lib ketayotgandi. Eshikni Anjelika ochdi.

-U yoqqa bormoqchiman…

-Boshqa qayoqqayam borarding. Yigitlar charchagan, boshqa bezovta qilma.

-Ular o‘lja bilan qaytishibdimi?

-Ishing bo‘lmasin. Eng qimmat o‘lja o‘zingsan. Mening firmamga o‘tganingdan keyin sen tufayli jaraq-juruq pul sanayman. Sen mening yoshligimga o‘xshaysan.

-Unda men Anzirat, siz Mastura beka bo‘larkansiz-da. Ajalingiz mening qo‘limdami?

-Seni bo‘g‘ib o‘ldirardimu, biroq "Zargar” meni kechirmaydi.

-Kechadan buyon "Zargar”, "Zargar” deb gapirasiz, kim bo‘pti u? Bitta o‘g‘ri-da. Odamlarning ko‘z yoshi evaziga kelgan harom pullardan yeb quturgan bir itdir. Shunga shunchami? Osmon qo‘lida bo‘lsa, tashlab yuborsin. Men uning ham popugini pasaytirib qo‘ya oladiganlar borligiga ishonaman.

Davomi bor........

O‘xshash hikoyalar