tungi.ru

Oshkora qotillik qissasi (qissa) (4-bet)

tugaguncha kemani langargohga zanjir-lab qoʻyishdi. Generalni kuzatib allaqancha ma’muru mansabdorlar ham tashrif buyurishgan edi, ular azbaroyi koʻpligidan, olomon orasiga qoʻshilib, bilinmay ketdi. Toʻyonalar ham behad-behisob edi, shahardagi tashlandiq elektrostansiya binosini supurib-sidirib, sovgʻa-salomlarning eng koʻrimlilarini oʻsha joyga qoʻyishdi, qolganlarini Ksiusning sobiq goʻshasiga joʻnatishdi, u yerda kelin-kuyovni kutib olish uchun taraddud avjida edi. Kuyovga tepasi ochiladigan avtomobil' toʻsna qilishdi, mashinaning biqiniga boʻrtma harflar bilan Bayyardo San Roman nomi yozilgan edi. Kelinga mehmondorchilikda yigirma toʻrt kishiga yetadigan oltin qoshigʻu sanchqi sovgʻa etildi. Bazmga bir guruh raqqoslar va ikki guruh mashshoqlar chaqirilgandi, mashshoqlar mahalliy havaskorlar bilan soz chalib, talashib-tortishib, raqs tushishib rosa bazmni qizdirishdi, bu orada oliyshon toʻyning darang-durungini olisdan eshitgan daydi garmonchiyu nogʻorachilar ham yetib kelishib, shovqin-suronni yana bir parda koʻtarishdi.

Vikariolar uyi behasham, oddiygina edi: devori gʻishtdan urilgan, tomi xurmo shoxlari bilan yopilgan, tomida ikkita tuynuk boʻlib, yanvarda uchib kelgan qaldirgʻochlar in solardi. Oynavand ayvondagi gultuvaklarga qoʻyilgan gullar toʻrt fasl mobaynida bark urib, yashnab turar, nariroqda — choqqina ichkari hovlidagi mevali daraxtlar tagida esa tovuqlar qaqaqlab, nasibasini terib yurar edi. Tashqari hovliga aka-uka egizaklar choʻchqaxona qurgan, uning yonida choʻchqa boʻgʻizlanadigan «muqaddas tosh», goʻsht chopiladigan kundalar koʻzga tashlanadi — Ponsio Vikarioning koʻzi ojizlanib, dunyo mehnatidan qutulgach, qora qozonni qaynatadigan, oilaga daromad beradigan asosiy manba shu yer boʻlib qolgan. Butun ishni Pedro Vikario oʻz qoʻliga olgandi, u harbiy xizmatga ketgach, sallohlih va qassoblik anjomlari Pabloga qoldi.

Uylar tangu tor, yotib-turishgagina yarardi, kelinning opalari toʻyning bunchalik kattalashib ketganidan oʻzlarini yoʻqotib, qoʻshnilarning uyini soʻramoqchi ham boʻlishdi. «Opalarimning farosatsizligini qaraya-ya, — dedi menga Anxela Vikario ularni yozgʻirib, — la’nati Plasido Lineroning uyini soʻraymiz deb turishgandi, otam bu gapdan xabar topib, qizlarimnipg toʻyi mana shu katalakda oʻtadi, xohlashmasa, katta koʻcha, menga desa bir umr ersiz oʻtirishsin, deb soʻkib beribdi». Uy egasi boʻyogʻi ustidan yana sariqqa boʻyalgan, devoridagi yoriqlar suvab-tekislangan, xonalarping poli tuzatilib, yangitdan boʻyalgan, xullas, xonadon dabdabali toʻy-tomoshaga mos bir holatga keltirilgan edi. Egizaklar tashqari hovlidan hayvonlarni boshqa joyga koʻchirishdi, choʻchqaxonani ohaklab, supurib-sidirishdi, shunda ham bari bir joy tor edi. Oxiri Bayyardo San Romanning maslahatiga amal qilishib, atrofdagi taxta devorlarni oʻrnidan koʻchirib, hovli sahnini kengaytirishdi; qoʻshnilar bilan ham kelishildi: oʻyin ularning tashqi hovlisida oʻtadigan boʻldi, doimo yam-yashil ochilib turadigan tamarhindiy daraxtlari ostiga uzun yigʻma xontaxtalar va kursilar oʻrnatildi.

Toʻydan oldin kuyov kichkinagina bir tomosha koʻrsatdi — toʻy kuni ertalib kelishilgan vaqtdan rosa ikki soat kech keldi, shuncha Anxela Vikario nikoh liboslarini kiymayman, deb rosa xarxasha qildi. Koʻngillarni hayajon va hadik buluti qopladi. «Kelmasa kelmay oʻlsin, ochiq mozorga borsin edi! — dedi menga Anxela Vikario oʻsha kunni eslab. — Koʻzimga mutlaqo koʻrinmay, izi qirilib ketsayam xursand boʻlardim, ammo kelinlik roʻmoli boshimda, kuyovsiz yolgʻiz oʻtirishga chidayolmasdim, alam oʻtgandi». Uning ranju xavotiri oʻrinli edi; axir ayol zoti uchun kelinlik kiyimiga yetishgan kuni kuyovi tashlab ketib, ikki qoʻlini burniga tiqib, chapagini chalib qolaverishdan beshbattar sharmandalik yoʻq-da. Oʻshanda Anxela Vikarioning iffatsizligi, takdir qahridan qoʻrqmay boshiga gulchambar kiyib, oq roʻmol oʻraganidan, odamlar gʻazablanishdi, bu qizlik sha’nini, poklikni oyoqosti qilishdir, deyishdi. Faqat mening onamgina Anxela Vikarioning oʻz niyatini amalga oshirishda qat’iy, sobit turganini toʻgʻri izohlab: «Oʻsha paytda uning shunday yoʻl tutishi xudogayam xush kelgan», dedi. Biroq Bayyardo San Romanning asl maqsadi xam, qismati ham hech kimga ma’lum emasdi. U frak va silindr kiyib toʻyda paydo boʻlgan ondan boshlab, bazmu oʻyinning oxirigacha ommaga saodatmand kuyov qiyofasida koʻrinib, oʻynab-kulib yurgan.

Sant'yago Nasarning hayotiga bularning nechogʻli aloqadorligiyu uning umr shomi bu mash’um toʻy oqshomi bilan naqadar bogʻliqligi ham barchaga qorongʻi edi. Men, Sant'yago Nasar, Kristo Bedoyya va ukam Luis Enrike toʻrtovlon cherkovda, toʻyu tomoshada birga boʻlardik, oʻsha kuniyam ajralmagandik, ammo, voajab, Sant'yago Nasarning yuz-koʻzida biror oʻzgarish yo xadik alomatini sszmadik. Bolalikdan birga oʻsdik, maktabda oʻqidik, ta’tillarni ham toʻrtovlon birga oʻtkazganimiz tufayli oramizdan qil oʻtmas edi, ammo yigitchilikda boʻladigan ishlar: kim-kim bilan qanday aloqa oʻrnatganiyu ishrat qilganini bilganimiz holda Sant'yago Nasarning ana shu siridan bexabarligimiz barchani birday taajjubga solardi. Shu haqda, mendan soʻraganlarga oʻzimcha javob ham berdim.

Sant'yago Nasar bayramni, toʻy-tomoshani jonidan ortiq koʻrardi, oʻsha kuniyam toʻyga ketgan sarfu xarajatni hisoblarkan, oʻlimi oldidan bemisl bir lazzatni tuygan edi. Uning hisobiga koʻra, cherkovni bezatish uchun sotib olingan gullarning puliga oʻn toʻrtta dafn marosimini oliy darajada oʻtkazsa boʻlarkan. Uning bu gapini uzoq yillar yodimdan chiqarmadim. Sant'yago Nasar, xonadagi gul isi menga oʻlimni eslatadi, deb koʻp marta ta’kidlagandi, bu gal ham, cherkovga kiraverishda, ayni shu sovuq soʻzni tilga oldi. «Men oʻlsam, tobutimga gul qoʻymanglar», degandi soʻngra; albatta, oʻshanda ertasiga uning bu vasiyatini bajarish uchun nechogʻli yelib-yugurishim lozimligini oʻylab ham koʻrmagan. Cherkovdan Vikariolar uyiga qaytishda u koʻchalarni yasatishga ketgan gulchambaru qogʻozgullar narxini, mashshoqlaru raqqoslarga, petarda-metardaga oʻxshash portlagichu mushaklarga, hattoki koʻcha-koʻyda toʻyga kelganlar boshidan siqimlab sochilgan guruchga sarf etilgan pulni ham tiyinma-tiyin hisoblab, jamlab bordi. Choshgohda, havo ayni dim boʻlgan bir pallada, rusumga koʻra, kelin-kuyov yetaklashib hovlini aylanib chiqishdi, u-budan totinishdi. Bayyardo San Roman allakachon bizga elakishib ketgan, qurdoshlarim tili bilan aytganda, hamshishamizga aylangan, ayni chokda yonimizga kelib oʻtirib, oʻzini juda xushkayf, xushsuhbat tutar edi. Anxela Vikario gulchambari bilan oq roʻmolini yechib qoʻygan, terlaganidan atlas koʻylagi badaniga yopishib turar, oʻzi ham birdan juvon qiyofasiga kirib qolganday koʻrinardi. Sapt'yago Nasar hamon hisob-kitob bilan mashgʻul boʻlganidan Bayyardo San Romanga qarab, hozirgacha toʻyga toʻqqiz ming pesoga yaqin pul sarflanganini bildirdi. Anxela Vikarioga bu betamizlik boʻlib tuyuldi. «Onam menga, begonalar oldida pul va sarfu xarajat xususida gapirish aybdir, deb tarbiya bergan», dedi u keyinchalik menga oʻsha holatni izohlarkan. Alalhol Bayyardo San Roman Sant'yago Nasarning bu gapini eshitib, ma’qulladi va xatto bundan magʻrurlandi.

— Endi toʻqqiz ming ketibdimi? — dedi u parvosizgina. — Toʻy endi boshlanyapti. Bazm oʻtgach bu hisob ikki baravar ortadi.

Shunda Sant'yago Nasar, sarfni toʻy oxirigacha, eng soʻnggi sentavosigacha hisoblayman, keyin tekshirib koʻringlar, dedi va bevafo umrining soʻnggi muddatidagi vafosi bois bu va’dasini bajardi. Ertasiga, falokatdan rosa qirq besh daqiqa avval, biz yana bandargohda uchrashganimizda, Kristo Bedoyya unga hisob-kitobda yetmay turgan soʻnggi raqamlarni aytganda, u Bayyardo San Romanning taxmini toʻgʻri ekaniga amin boʻldi.

Bu toʻy toʻgʻrisida ilgarilari elas-elas eslardim, keyinchalik, odamlar xotirasidagi shu tarixga oid asl tafsilotlarni singan koʻzgu parchalaridek bir-bir terib, yigʻib, tasavvurimda tiklagach, koʻp narsalar ravshanlashdi. Otamning ana shu toʻyda gʻijjak chalganini, rohiba singlimning zohidalar kiyimida merenge ga raqs tushganini, onamning oʻgay akasi, doktor Dionisio Iguaranning yepiskopni yoqtirmasligi bois oʻsha kuni poshsholik kemasida safarga joʻnab ketganini — barchasini bizning uydagilar uzoq yillar mobaynida xotirlab-gapirib yurishdi.

Men bu asarni yozishdan oldin oʻsha voqeaning shohidlarini topib, soʻrab-surishtirib, suiqasd va qotillikka rasman oidu nooid juda koʻp tafsillarni toʻpladim; masalan, Bayyardo San Romanning ofatijon singillari barchaning yodida qolgan ekan: oʻshanda barqut koʻylaklarining yoqasiga tilla kapalak shaklidagi toʻgʻnogʻichni qanotidan qadab olgan ikkovini koʻrgan bani odam aqlidan ayrilib termilardi, binobarin, generalning boshidagi qoʻsh qarqarasi va koʻksidagi yaltillagan nishonlaridan koʻra hamma uning malohatli qizlariga koʻproq qarardi. Toʻy, oʻyin-kulgi rosa avjiga minganda, oʻylab-netib oʻtirmay, endigina boshlangʻich maktabni tugatgan Mersedesga, menga tekkin, degandim — shuniyam odamlar esimga solishdi; oʻn toʻrt yil oʻtgach, unga uylanganimda, ayni shu soʻzlarni Mersedesning oʻziyam bir necha bor gapirgan. Oʻsha mash’umu balokash yakshanba ayyomida, xovlining oʻrtasida, kursida oʻtirgan bechora chol Ponsio Vikarioning qiyofasi bir umr yodimdan chiqmas. Aftidan, shu yer eng obroʻli joy, deb oʻylab, yaqinlari uni hovlining oʻrtasiga oʻtirgʻizib qoʻyishgandi, ammo oʻtgan-ketgan mehmonlar unga urilib, qoqilishar, tanimaganlar qandaydir kimsasiz, badbaxt koʻr, deb oʻylashar, qarindosh-urugʻlari esa, chol odamlarga xalaqit bermayaptimikan, deya xavotirlanishar edi. Moʻysafid oppoq sochli boshini salomlashganday saraklatib qoʻyar, yaqindagina koʻzi ojiz tortgan bechora soʻqir bandaning yuzida besaranjomlik, hayajon qotib qolgan edi; u goho savollarga javob qaytarsa, goho birovlarga berilgan salomga alik olar, bundan oʻzida yoʻq xursand edi; uning ohorlanga koʻylagi qalin qogʻozdan tikilganday doʻppayib turar, qoʻlida toʻyona qilingan, guayyakan ogʻochidan yasalgan hassani oʻynatib turar edi.

Kechki soat oltida oliynasab, faxrli mehmonlar xayr-xoʻshlashib joʻnashdi, toʻyning tantanali qismi shu bilan poyoniga yetdi. Kema qoʻzgʻolib, anvoyi rang shu’lalar taratib bandargohdan uzoqlasharkan, pianolada chalingan musiqa sadolari ham goʻyo uning ortidan suzib bordi; biz xuddi jar yoqasida osilib qolganday xushimizdan ayrilib, bir fursat qotib qoldik-da, soʻng bir-birimizga qarab, oʻzimizga kelib, yana oʻyin-kulgi, bazmu maishat girdobiga shoʻngʻidik, Bir oz fursatdan keyin olomon oʻrtasidan arang yoʻl topib, usti ochiq avtomobilda kelin-kuyov kirib kelishdi. Bayyardo San Roman portlagich mushaklarni otdi, kimlardir shakarqamish mayidan uzatgan edi, u mayni shisha-pishasi bilan koʻtarib, ogʻziga quyib, qultillatib ichdi-da, soʻng Anxela Vikarioni qoʻltiqlab mashinadan tushdi va kumbiya ga raqs tushayotganlar davrasiga qoʻshilib, to holdan toyguncha oʻynadi.

Oxiri u odamlarga: puli toʻlangan, mashshoqlar hech yoqqa jilmaydi, yiqilib qolguncha oʻynab-kulinglar, deb buyurdi-da, oʻlarday qoʻrqib, joni xalqumiga kelgan xotinini yetaklab, qachonlardir beva Ksius baxtu osudalik nashidasini surgan, keyinchalik mahbubasiga matlub boʻlgan uyga kirib ketdi.

Yarim kechada olomon tarqaldi, maydonda yana Klotil'de Armentaning sut doʻkonigina soʻppayib qoldi. Sant'yago Nasar, men, ukam Luis Enrike va Kristo Bedoyya birgalashib Mariya Alexandrina Servantes xonimning lazzatijon uyiga joʻnadik. U yerda oʻtirganlar ichida egizak Vikariolar ham bor edi, ular bizga qoʻshilishib may ichishdi, Sant'yago Nasar bilan — uni oʻldirishlaridan besh soat avval — rosa qoʻshiq aytishdi. Toʻydan qaytayotgan kishilarning mast-alastlarcha baqiriq-chaqiriqlari, soʻkinishlari qayoqlardandir, hamon eshitilib turardi, ularning tovushi qandaydir mahzun, alamli tuyulardi; nihoyat, yepiskop tushgan kema kelmasidan sal burun, bu ovozlar tindi.

Pura Vikarioning onamga aytishicha, u kechki soat oʻn birlarda, toʻyning toʻs-toʻpoloni tinchigach, qizlari bilan uyni sal-pal tartibga keltirib, uxlagani yotgan. Undan oldinroq, soat oʻnlarda, katta ayvonda hamon bir guruh mayparastlar aysh surib oʻtirishgan, Anxela Vikario yotogʻida turgan, ayrim narsalari solingan sakvoyajiga kishi yoʻllagan: onasi unga ba’zi kiyimlari, choyshablar taxlangan jomadonni ham berib yubormoqchi boʻlganu, biroq kishi azbaroyi oshiqayotganidan jomadonni olmagan.

Eshik taqillaganda, Pura Vikario dong qotib uxlab yotgandi. «Eshik sekin-sekin uch marta taqilladi, — degan u onamga. — Eshitdimu koʻnglim bir falokat yuz berganini sezdi». U chiroqni yoqmasdan va hech kimni uygʻotmasdan, ohista eshikni ochgan, koʻchadagi chiroq yorugʻida Bayyardo San Romanni koʻrgan: uning tugmalari qadalmagan oq koʻylagi ustidan rangin shimiga yelkalari osha taqilgan shim-tasmasi osilib turardi. Pura Vikario onamga: «U bamisoli alaq-chalaq tushda koʻrinadigan ajinaday yam-yashil edi», degan. Anxela Vikario qorongʻida berkinib turgan, soʻng Bayyardo San Roman uning qoʻlidan tutib yoruqqa sudrab chiqqan. Badanining u yer-bu yeridan atlas koʻylagining yirtiq-sirtiqlarigina osilib qolgan Anxela dumbasiga sochiq oʻrab olgan edi. Pura Vikarioning koʻziga ular, goʻyo jarga avtomobildan uchib tushib oʻlganlaru ayni asnoda ruxlari bu yerga kelganday tuyuldi.

— Vohayrato, ey qodir egam! — deya xitob qilgan u koʻrquvdan dagʻ-dagʻ titrab. — Agar tirik boʻlsalaring, javob beringlar: nima gap oʻzi?

Bayyardo San Roman ostonani xatlamagan, bir soʻzam demasdan bir kechalik xotinini ohista itarib eshikdan ichkari kiritgan. Soʻngra Pura Vikarioning yuzidan oʻpib, chuqur alam va kiborlarcha nazokat bilan:

— Onajon, rahmat sizga. Siz judayam oliyjanob ayolsiz, — degan.

Keyingi oʻtgan ikki soat mobaynida neki roʻy bergan — bari faqat Pura Vikariogagina ayon edi, afsuski, u bilganlarini oʻzi bilan birga goʻriga olib ketdi. «Birgina narsa esimda qolgan, — deya iqror boʻldi menga Anxela Vikario, — onam bir qoʻli bilan sochimdan oʻrab-ushlab olib, bir qoʻli bilan jazavasi tutganicha shunday savaladiki, bu urishida oʻldirib qoʻyadi, deb rosa qoʻrkdim». Ammo volidayi notavon sharmanda qizini shunchalar ehtiyotkorona kaltaklaganki, narigi xonada uxlayotgan eri va katta qizlari biror tovushu sharpani sezishmagan, qon toʻkilib, falokat koʻpgunicha koʻz ochishmagan.

Aka-uka qassoblar tungi uchlarda uyga qaytishgan — shu zahoti ikkovini onasi chaqirgan. Ular Anxela Vikarioni oshxonadagi divanda yuztuban yotgan, beti koʻkarib, kontalashgan, yigʻidan tiyilgan bir ahvolda koʻrishgan. Harqalay oʻshanda qoʻrquvni unutib, oʻzimni tutib olgandim, — dedi menga Anxela Vikario. — Allapaytlardan beri yuragimni tuzday achishtirayotgan vasvasadan, talvasali tushdan foriq boʻlib, dilim taskin topgandi, endi faqat bir narsani — gap-soʻz tugashini, tinchgina oʻringa choʻzilib uxlashni istardim». Pedro Vikario sal jangariroq edi, u Anxelaning belidan dast koʻtarib, stol ustiga oʻtqazib qoʻydi-da:

— Qani, ichingdagini yashirmay ayt, — dedi gʻazabdan titrab-qaqshab. — Kim buzgan seni?

U bir ismni aytish uchun qancha fursat zarur boʻlsa, shuncha vaqt indamay, tili kalimaga kelmay turdi. U qorongʻilikka tikilganicha goʻyo oʻsha nomni axtarardi, niqoyat har ikki dunyoga mansub insonlar ismi orasidan izlaganini topdi va xuddi begunox kapalakni tutib olib, qanotidan devorga nschogʻli vahshiyatla mixlab qoʻyilsa, shundayin shafqatsizlik bilan:

— Sant'yago Nasar! — dediki, shu asnoda azaldan ma’lum hukm oʻqildi va ajal elchilari yoʻlga tushdi.

Oqlovchi, qotillik inson sha’nini himoya qilish zaruriyati tufayli roʻy bergan, buni sud hay’ati inobatga oladi, dedi; javobgar aka-ukalar soʻnggi soʻzlarida agarda nomuslari toptalib, yana ming bor shunday vaziyat tugʻilsa, yana ming bor shu ishlarini takrorlayajaklarini aytishdi. Ular jinoyat qilib qoʻygach, bir necha muddat sarosimalanib turishganda, keyin cherkovga borib, qoʻlimizni qonga botirdik, deya tan olishgan — xuddi ana shu paytda, biz uni nomusimizni bulgʻagani uchun oʻldirdik, deb oʻzlarini oqlashlari mumkinligini oʻylashgan va shu bahonaga mahkam yopishib olishgan. Oʻshanda Sant'yago Nasarning soʻyilganini eshitgan arablar ham qonsirashib, darhol sallohlar izidan tushishgan, aka-ukalar ta’qibdan qochib halloslaganlaricha toʻppa-toʻgʻri dorilqavmga kirishgan va padar Amadorning oldiga qoni artilgan pichoqlarini qoʻyishgan. Eng ogʻir mehnatlardan biri — oʻldirish mehnatidan ikkovining ham sillasi qurib, adoyi tamom boʻlgan kiyimlari, qoʻllari ter hamda hali qotib ulgurmagan inson qoni bilan qoplangan edi. Kashish qotillarning oʻz oyoqlari bilan dorilqavmga kirib kelganlarini ma’qullab, imonlari salomat ekanidan minnatdorligini bildirdi.

— Biz uni qasddan oʻldirdik, — dedi Pedro Vika-rio, — biroq aybimiz yoʻq.

— Vallohi a’lam, balki tangri oldida begunohdirsiz, boʻtalarim, — dedi padar Amador.

— Xudoniyam, bandaniyam oldida begunohmiz, — qat’iy dedi Pablo Vikario. — Nomusimiz pok boʻlsi deb shu halol ishni qildik.

Aka-ukalar keyinroq, jinoyatni aniqlash asnosida bundanam beshbattarroq bezbetlik qilishdi, zarracha aybimiz yoʻq, oppoqmiz, deb turib olishdi, natijada Plasida Lineroning koʻcha eshigi poshsholik hisobiga tuzatib berildi — sallohlar Sant'yagoni oʻldirishdan sal avval eshikka pichoq ura-ura payrahasini chiqarib, buzib tashlagagan edi. Ular Rioachadagi turmada uch yillik muvaqqat qamoq muddatini oʻtashdi, pullari yoʻqligidan ozodlikda yurish uchun zarur toʻlovni toʻlay olishmadi; hibsdagilar xam ikkala birodarni ochiqligi va samimiyligi bois yoqtirib qolishdi, biroq hech kim ularning pushaymon chekkani yo tavba qilganini sezmadi. Darhaqiqat, dastlab ularning koʻnglida Sant'yago Nasarni darhol, isini chiqarmay oʻldirish niyati boʻlmagan, aksincha, kimningdir xalaqit berishini istashgan, buning uchun qoʻllaridan kelgan barcha xarakatni qilishgan, ammo baxtga qarshi biror kimsa lom-mim demagach, noiloj, beixtiyor odamkushlikka qoʻl urishgan — bu fikrni koʻpchilik toʻgʻri deb tasdiqladi.

Oradan yillar oʻtgandan keyin menga odamlarning aytishicha, aka-ukalar uni izlab avvalo Mariya Alexandrina Servantesnikiga borishgan, chunki ikki soat burun gau yerda u bilan birga may ichishgandi. Bu dalil boshqa dalolatlar kabi sudning soʻroq javob hujjatlariga kiritilmagan. Vikariolarning ta’kidlashicha, ular Sant'yago Nasarni mayxonadan topisholmagan, rostdan ham biz u paytda ayshxonadan chiqib, koʻchada qoʻshiq aytib yurgandik, lekin sallohlarning chindanam uni qidirib mayxonaga borishgani dargumon. «Agar ular menga yoʻliqqanlaridamidi, bu yerdan chiqarib boʻpman edi», dedi menga Mariya Alexandrina Servantes. Xotin toʻgʻri gapni aytdi, zotan ikkala yigit uning lazzatxonasiga qadam qoʻygach, hirslariga qul boʻlib, u yerdan oyoq uzib ketolmay qolishardi. Ajablanarlisi shundaki, Vikariolar Sant'yago Nasarning oʻlsayam u joyga kelmasligini bila turib Klotil'de Armentaning sut doʻkoniga borishgan. «Birdan-bir ochiq doʻkon shu edi-da», degan ular tergovchiga. Menga esa, turmadan chiqishgach: «Ertami-kechmi bari bir shu yerdan oʻtardi», deyishdi. Plasida Lineroning koʻcha eshigi doimo, hattoki kunduziyam ichkaridan berk boʻlishini, Sant'yago Nasar choʻntagiga orqa eshik kalitini solib yurishini hamma bilardi. Agarda u oʻshanda uyiga qaytganidayam, shubhasiz, orqa eshikdan kirardi — qosidlar uni butunlay teskari tomonda bir soatcha kutishgan, u yepiskopga peshvoz chiqish maqsadida maydon tarafga toʻppa-toʻgʻri koʻcha eshik orqali oʻtgan, iima uchun bunday qilganiga tergovchining ham aqli yetmadi.

Butun xaloyiqqa oldindan ma’lum etilib, soʻngra amalga oshirilgan bundayin oshkora qotillikni koʻz koʻrib, quloq eshitmagan. Singillari zinokorning otini aytgach, birodarlar choʻchqa boʻgʻizlanadigan bostirma sari yoʻnalishgan, qassoblik asboblari ichidan eng yaxshi ikkita pichoqni tanlashgan. Birining uzunligi oʻn, eni ikki yarim pul'tada boʻlib, unda, goʻsht nimtalashardi, ikkinchisining uzunligi yettiyu eni bir yarim pul'tada edi — u bilan hayvon terisi shilinardi. Pichoqlarni lattaga oʻrab, charxlatgani bozorga, qassoblar rastasiga yetib borishganda, doʻkonlar endigina ochila boshlangan ekan. Tong saharlab, hakkaning tumshugʻi quruqligida bozorga kelganlar unchalik koʻp emasdi, ammo

Boshqa hikoyalar