tungi.ru

Muttahamning parvozi (I- qism)

Tadeush Dolenga-Mostovich

Muttahamning parvozi (I- qism)

agar o'quvchilarga maqul kelsa qolgan ikki qismi ham joylanadi.

Restoran xoʻjayini pianinochiga qarab qoʻl siltagan edi, tango sadolari darhol tindi. Tansa tushayotgan erkak bilan ayol boʻm-boʻsh zalning oʻrtasida toʻxtab qolishdi.

— Xoʻsh, qalay? — deya soʻradi ozgʻingiia malla soch juvon. Soʻngra sherigining quchogʻidan chiqdi-da, stollardan birining chetiga omonatgina oʻtirgan semiz xoʻjayinning oldiga keldi.

Xoʻjayin uning savoliga javoban yelka qisib qoʻya qoldi.

— Yaramaydimi? — beparvogina soʻradi juvon.

— Qayoqda deysiz! Oʻzini tutishni mutlaqo bilmaydi. Kelishgan boʻlganida ham goʻrga edi.

Haligi erkak ham ularning yoniga keldi.

Malla soch juvon unga diqqat bilan koʻz yugurtirib chiqdi. Egnidagi kostyumining ancha ohori toʻkilgzn erkakning ogʻzi kichkina, iyagi goʻshtdor boʻlib, toʻkila boshlagan mallatob sochlarining oʻrtasidan farqi ochib taralgan edi.

— Ilgari ham biror yerda tansa tushganmisiz?

— Yoʻq. Ha, aytganday, tushganman. Faqat oʻz oshnalarim orasida, albatta. Ular tansaga ancha yaxshi tushasan, deyishardi.

— Qayerda tansa tushgan edingiz? — loqaydgina surishtirgan boʻldi xoʻjayin.

Tansa boshqaruvchilikka nomzod boʻlib kelgan haligi kishi zalga ma’yus koʻz yugurtirdi.

— Oʻzimiz tomonda, Liskovda tushgan edim. Baqaloq kulib yubordi.

— Varshava sizga Liskov emas, azizim. Bilasizmi, bu yerda dabdaba va shukuh kerak boʻladi. Ochigʻini ayta qolay: bizga toʻgʻri keshmas ekansiz, Yaxshisi, oʻzingizga boshqa ish qidirib toping.

Shunday deya u orqasiga oʻgirilib, bufet tomon yoʻl oldi. Malla soch juvon garderobga qarab yugurdi. Pianinochi royalning qopqogʻini yopib qoʻydi.

Omadi chopmagan raqqos shoshilmay plashini qoʻliga tashladi-da, shlyapasini bostirib kiyib, eshik tomon yoʻl oldi. Shu payt uning dimogʻiga oshxonaning ishtahani qitiqlovchi hidi urildi: yonidan buterbrod toʻla patnis koʻtarganicha dastyor bola yugurib oʻtdi.

Koʻcha quyosh nurlariga gʻarq boʻlgandi. Peshin mahali yaqinlashmoqda edi. Oʻtkinchilar deyarli koʻrinmasdi. Dizma, ohista qadam tashlaganicha Lazenkiga joʻnadi. Penknaya muyulishiga yetgach, u toʻxtab, jiletining choʻntagidan nikel' tangani oldi.

«Oxirgisi», — deya xayolidan oʻtkazdi u.

Soʻng papiros sotiladigan kioska yoniga keldi.

— Ikkita «Gran-pri».

Dizma qaytimini sanab oldi-da, beixtiyor yoʻlida davom etdi va tramvay bekati oldiga borib toʻxtadi. Hassa tutgan allaqanday chol unga xira koʻzlarini tikib turardi. Qoʻlida bir talay tugun ushlagan bashang bir xonim tramvayni kutar ekan, yoʻldan koʻzini uzmasdi. Xonimdan sal narida qoʻltigʻiga kitob qistirgan bir bola chidamsizlik bilan pitirlab turardi. Uning qoʻltigʻidagi narsa aslida kitob boʻlmay, kul rang polotnodan tikilgan papka edi. Bola Dizmaga orqa oʻgirganida papkaning ogʻzida xatlar va korrespondensiya topshirilgach, egasidan qoʻl qoʻydirilib olinadigan bir dasta kvitansiyalar koʻrindi.

Dizma bolaga qaradi-yu, bir vaqtlar notarius Vinderning huzurida xat tashuvchi boʻlib xizmat qilganida oʻzi ham shundan papka koʻtarib yurganini esladi. U paytlar hali urush boshlanmagan edi. Oʻshandan keyin bir oz vaqt oʻtgach, Dizma Liskovda pochta chinovnigi boʻlib ishga oʻtgandi. Faqat notariusning konvertlari havo rang boʻlib, bolaning papkasidagi konvertlar esa oq edi.

Bekatga toʻqqizinchi tramvay kelib toʻxtadi. Bola tramvayning toʻxtashini kutib oʻtirmay, orqa eshikdan sakrab chiqqan edi, papkasi tutqichga ilinib qolib, xatlar sochilib ketdi.

«Shumtakaning omadi bor ekan — bugun yer qup-quruq», — deya xayolidan oʻtkazdi raqqos, bola xatlarni qanday terib olayotganini kuzatar ekan.

Tramvay joyidan qoʻzgʻalgan edi, bitta xat zinadan yerga uchib tushdi. Dizma oq konvertni olib, uzoqlashib borayotgan tramvay ortidan qoʻl siltadi. Biroq xatlarni papkaga joylash bilan ovora boʻlib qolgan bola hech nimani sezmadi. Silliq qogʻozdan ishlangan konvertga qoʻl bilan chiroyli qilib:

Pan rais Artur Rakovetskiyga

Mahalliy Uyazdovskiy xiyoboni, 7.

deb yozib qoʻyilgan edi.

Ogʻzi yopilmagan konvertga ikki buklangan bejirimgina kartochka joylab qoʻyilgan ekan. Kartochkaniig bir tomoniga fransuz tilida allanimalar yozilgan boʻlib, ikkinchi tomonida, chamasi, xuddi oʻsha gapning oʻzi polyak tilida bayon etilgandi:

«Ministrlar Sovetining raisi zoʻr mamnuniyat bilan Siz pan rais zoti oliylarini Avstriya respublikasining kansleri janobi oliylari sharafiga beriladigan banketga tashrif buyurishlarini iltimos qiladilar. Banket shu yilning 15 iyul' kuni, kech soat sakkizda, Yevropa mehmonxonasining birinchi qavatidagi salonlarda beriladi».

Kartochka pastiga mayda harflar bilan: «Frak, ordenlar», deb yozib qoʻyilgan edi.

Dizma adresni yana bir marta oʻqib chiqdi: Uyazdovskiy xiyoboni, 7. Olib borib bersa qanday boʻlarkin? Zora bir zlotiy berishsa... Kel, undan nima ketdi, Yettinchi uy! Bu bir necha qadam narida-ku, axir.

Uyda turuvchilarning roʻyxatida «A. Rakoveskiy» familiyasining qarshisiga: «kv. № 3, bel'etaj» deb yozib qoʻyilgan edi.

Dizma zinadan yuqori koʻtarildi-da, bir necha marta qoʻngʻiroq tugmasini bosdi. Bir ozdan soʻng darbon paydo boʻlib, pan raisning chet elga ketganini aytdi.

— Omad chopmasa shunaqa boʻladi oʻzi!

Dizma yelkasini qisdi-da, qoʻlida xat bilai uyi tomon joʻnadi.

Oradan qirq minutcha oʻtgach, u Lutskaya koʻchasiga yetib bordi-da, har qadamda gʻichirlayditan taxta zinadan beshinchi qavatga chiqib, eshikni ochdi.

Ichkaridan Dizmaning dimogʻita gup etib qashshoq xonadonning isi urildi: bu yerda piyozdogʻning totli hidi bilan hoʻl yoʻrgakning achchiq hidi aralashib ketgandi. Burchakdan ayol kishining tovushi eshitildi:

— Eshikni yopsangiz-chi. Bolani shamollatib qoʻyasiz! Dizma allanima deb toʻngʻilladi-da, shlyapasini yechib, pal'tosini devordagi mixga ildi va deraza yoniga borib oʻtirdi.

— Xoʻsh, qalay? — soʻradi ayol. — Ish topdingizmi?

— Hozircha yoʻq.

— Eh, pan Dizma! Bu yerlarda bekorga ovora boʻlib yuribsiz. Sizga necha marta aytdim axir! Qishloqda rizqi roʻzni topish osonroq boʻladi. Erkaklarning hammasi shunaqa oʻzi.

Dizma indamadi. Mana uch oy boʻlibdiki, Panskaya koʻchasidagi «Fil» mayxonasi yopilganidan beri u ishsiz yurardi. Mayxonada u harqalay mandolina chalib, kuniga besh zlotiy ishlardi. Bundan tashqari, u yerda kechki ovqati ham tekinga tushardi. Rost, mehnat birjasi uni temir yoʻl uzel qurilishiga ishga yubordi. Biroq Dizma u yerda injener bilan ham, master va ishchilar bilan ham chiqisha olmadi. Ikki haftadan soʻng uni ishdan boʻshatib yuborishdi. Liskovda esa...

Ayol ham, chamasi, shu haqda oʻylardi.

— Pan Dizma, shundan koʻra oʻz yurtingizga, qarindosh-urugʻlaringizning oldiga joʻnaganingiz ma’qul emasmi? U yerda sizga doim ish topiladi.

— Mening hech qanaqa qarindosh-urugʻim yoʻq, deb aytganman-ku, sizga, pani Valentova.

— Oʻlib ketishganmi?

— Ha, oʻlib ketishgan.

Valentova kartoshkasini artib boʻlib, qozonchasini olovga qoʻydi.

— Varshavaning odamlari yaramaydi, keyin ish topish ham juda qiyin, — deya gap boshladi u yana — Misol uchun erimni oling: haftada atigi uch kun ishlaydi, topgani oziq-ovqatga arang yetadi. Ularning direktori— oting oʻchgur anovi Purmanter, molimiz oʻtmayapti, shu boisdan fabrikani butunlay yopib qoʻyishsa kerak, deyotganmish. Agar Man'ka boʻlmaganida kvartira haqini ham toʻlay olmasdik. Qiz boyoqish qiynalib ketdi, lekin nachora? Agar bir hafta ichida ikkita jazman topmasa...

— Ehtiyot boʻlsin, — ayolning gapini boʻldi Dizma, — biletsiz ushlab olishsa... Chatoq qilishadi.

Valentova bolasini yoʻrgaklab boʻlib, hoʻl lattani plita ustiga osib qoʻydi.

— Ogʻzingizdan yel uchirsin! — dedi zarda bilan u. — Undan koʻra oʻzingizga qarang. Uch haftadan beri pul toʻlamay, bekorga joyni egallab yotibsiz. Sizdaqa ijaragirdan oʻlgurdimu!

— Qoʻrqmang, toʻlayman, — deya toʻngʻilladi Dizma.

— Tuyaning dumi yerga tekkandami. Oʻn besh zlotiy — deyarli suv tekin... Lekin shuniyam topolmayapsiz. Qayerga bormang, darrov kavushingizni...

— Buni sizga kim aytdi, pani Valentova?

— Buni nimasi sir ekan? Oʻzingiz Man'kaga aytib beribsiz-ku.

Oraga jimlik choʻkdi.

Dizma deraza tomon oʻgirilib, qoʻshni fligelning suvogʻi koʻchgan devoriga tikilganicha xayolga botdi. Chindan ham uning omadi yurishmayotgandi. U biror yerda muqim ishlay olmasdi. Dizmani gimnaziyaning toʻrtinchi sinfidanoq quloqsiz va yalqovligi uchun haydab yuborishgandi. Notarius Vinder uni boshqalardan koʻproq tutib turgandi. Ehtimol, kichkina Nikodim nemischani oz-moz bilishi — harqalay, qayoqqa yuborishayotganini tushunishi uchun shunday boʻlgandir. Keyin pochta idorasi, arzimas maosh va boshliqning doimiy doʻq-poʻpisasi... Urush. Telegraf batal'onining obozida uch yil xizmat qilgan Dizmaning erishgan yagona mansabi yefreytorlik unvoni boʻldi, xolos. Soʻng yana Liskovdagi pochtada xizmat qildi. Pochtadan shtatlar qisqarish bahonasi bilan kavushini toʻgʻrilab qoʻyishgach, cherkov ksendzi uni kutubxonaga ishga kiritib qoʻydi. Biroq u yerda ham Dizma bor-yoʻgʻi bir qishgina ishladi: aprel' oyidayoq uning kitob javonlarini tartib bilan saqlay bilmasligi ayon boʻlib qoldi.

Harqalay kutubxonada xizmat qilish ancha qiziq edi.

Dizmaning xayolini nariroqda joylashgan fabrikalarning gudogi boʻlib yubordi. U Valentovaning tushki ovqatga dasturxon yozayotganini koʻrib, asta oʻrnidan turdi-da, tashqariga chiqib ketdi. Dizma oyogʻi sirqirab ogʻriyotganiga qaramay quyosh taftida qizib ketgai koʻchalarda anchagacha sanqib yurdi. Uyda oʻtirib, Valentning toʻngʻillashi va Man'kaning pichinglarini eshitishga — eng muhimi esa — ularning qanday ovqatlanishlarini tomosha qilishga uning ortiq toqati, qolmagandi. U ikki kundan beri tuz totmagan edi. Choʻntagidagi soʻnggi pullariga esa faqat papiros olib chekardi.

Kolbasa doʻkoni yonidan oʻtar ekan, Dizma nafasini ichiga yutdi — dudlangan goʻshtning hidi uning asabiga yomon ta’sir qila boshlagandi. U oziq-ovqat mahsulotlari chiroyli qilib terib qoʻyilgan vitrinalarga qaramaslikka urinardi, biroq ochlik, baribir, borgan sayin koʻproq azob berardi.

Dizma ish topishga umid yoʻqligini juda yaxshi tushunardi.

Bundan u choʻchirmidi? Yoʻq, sira ham choʻchimasdi. Dizma, baxtiga tasavvur qilish qobiliyatidan mahrum edi. Oʻz rejalarini u ikki-uch kungagina moʻljallab tuzardi. Agar oʻtgan hafta Dizma soatini sotib kun koʻrgan boʻlsa, kelasi haftada u fragi bilan loklangan botinkasini bozorda pullab hayot kechirishi mumkin edi.

Rost, bu kostyumga pul yigʻish uchun uning koʻpgina narsalardan voz kechishiga toʻgʻri kelgan edi; Dizma bu kostyumga katta umid bogʻlagandi: axir restoranga tansa boshqaruvchisi boʻlib oʻrnashib olganida yengilgina pul topishi mumkin edi-da. Biroq bir necha urinishi bekor ketganidan soʻng Dizma hech kim uni tansa boshqaruvchiligiga ishga olmasligini tushunib qoldi va sira ikkilanib oʻtirmay kishilik kostyumini sotib yuborishga qaror qildi.

Soat oltilarga yaqin u qat’iy bir qarorga keldi-da, uyga qarab yoʻl oldi.

Uyda faqat qilpillama, qora soch Man'kagina oʻtirgan ekan. Chamasi u kechki ovga joʻnamoqchi boʻlib turgan ekan shekilli, oyna oldida pardoz qilayotgandi. Qiz uning chamadoniga oʻrnashib olgani boisidan Dizma xalal bermaslik uchun burchakka borib oʻtirdi. Man'ka birinchi boʻlib gap ochdi:

— Endi teskari qarab turing: men koʻylagimni almashtirib olaman.

— Haliyam qarayotganim yoʻq, — deya toʻngʻilladi Dizma.

— Juda yaxshi. Boʻlmasam koʻzingiz toʻyib, keyin qaragingiz kelmay qoladi.

Dizma soʻkinib qoʻydi. Qiz sekin kuldi-da, koʻylagini yechdi. Nikodim chindan ham unga mutlaqo befarq qarardi. Biroq qiz doim uning gʻashiga tegib yurardi. Qani endi iloji boʻlsa-yu, Dizma uning ogʻzini yopib, kvartiradan chiqarib tashlasa! Man'ka unga negadir oʻchakishganday hayosizlik bilan shilqimlik qilardi. Biroq bu hol uning erkaklik izzat-nafsiga, insonlik qadr-qimmatiga unchalik tegmasdi ham, chunki bunday izzat-nafsning paydo boʻlishi uchun sharoitning oʻzi. yoʻq edi. Qadr-qimmat haqida esa Dizma mutlaqo oʻylamasdi. Boz ustiga Nikodim, ijtimoiy nuqtai nazardan qaraganda, oʻzi ya’ni «ishsiz ziyoli» boʻlmish bir odam bilan manovi qiz oʻrtasida uncha katta farq sezmasdi. Hamma gap shundaki qiz pichinglari bilan uning hayotini zaharlayotgan edi.

Bu orada Man'ka boshqa koʻylagini kiyib, yelkasiga roʻmolini tashladi-da, Dizmaning oldiga kelib, yirik-yirik tishlarini koʻrsatib iljaydi.

— Qalay, jonon zoʻr boʻlibdimi?

— Yoʻqol, alvasti! — deya qichqirdi Nikodim gʻazab bilan.

Qiz ikki barmogʻi bilan uning iyagidan tutgan edi, Dizma uning qoʻliga qarab bir urdi.

— Voy, gazanda-ey! — pishilladi bir oz orqaga chekinib qiz. — Muttaham, yalqov! Qoʻlini koʻtaradi-ya?! Manovi juldurvoqini qarang-a!

Man'ka shu yoʻsinda uni anchagacha qargʻadi, biroq Dizma unga quloq solmasdi. U chamadonini ochib, frakni qanchaga sotishi mumkinligini chamalamoqchi edi... Harqalay ellik zlotiy berishsa kerak. Oʻzi uni Kerselyakda yetmish zlotiyga olgan edi. Loklangan botinkasidan ham sakkiz-oʻn zlotiy zarar koʻrsa kerak.

Belanchakda yotgan chaqaloq yigʻlay boshlagan edi, qoʻshnilarnikiga chiqib ketgan Valentova yugurib keldi. Man'ka shundan keyingina chakagi tinib, eshikni taraqlatib yopganicha tashqariga chiqib ketdi.

Dizma chamadondan frakni oldi.

— Uhoʻ, — deya iljaydi Valentova. — Balga bormoqchimisiz yoki toʻygami?

Dizma javob qilmadi. U frak, shimi va nimchasini hafsala bilan taxlab, gazetaga oʻradi-da, Valentovadan kanop soʻradi.

Shu payt Valent kelib qoldi. Xotini unga olib qoʻygan kartoshkani isita boshlagan edi, xonani yana piyozdogʻ hidi tutib ketdi.

— Pan Dizma, — soʻradi Valent, — Kerselyakka bormoqchimisiz?

— Ha, Kerselyakka. .

— Ammo bugun shanba-ku, Juhudlar yoʻq, oʻzimiznikilar esa juda kam xarid qilishadi. Mabodo olishsa ham, juda arzon-garovga olishadi.

Qozondagi yogʻ chirsillab turardi. Nikodim tupugini yutdi.

— Qanchaga olishsa ham mayli, aytganlariga sotaman.

Birdan u choʻntaklarini qarab koʻrmaganini esladi-yu, darhol tugunni yechdi. Chindan ham shimining choʻntagida shisha tamakidon bilan frakida dastroʻmoli qolgan ekan.

Nikodim ularni olib, pidjagining choʻntagnga solgan edi, qoʻli allaqanday noma’lum iarsaga tegib ketdi. Karton shekilli...

Hay! Tramvay bekatida topib olgan taklifnoma-ku.

Nikodim yana kartochkani konvertdan olib, oʻqib chiqdi. Kutilmaganda uni taklifnomaning tagidagi ilova hayratga soldi. «Frak, ordenlar».

Oʻzining frakiga qaradi. Banket. Ovqat, mazza qilib toʻyib olishi mumkin. Yana hammasi tekin.

«Aqldan ozdim shekilli» — deya oʻyladi u. Soʻng yana oʻqiy boshladi: «Shu yilning 15 iyul' kuni, kech soat sakkizda».

Haligi fikr miyasini chulgʻab olib, sira nari ketmasdi.

— Pan Valent, bugun oʻn beshinchimi?

— Ha, oʻn beshinchi.

— Hozir soat necha boʻldi?

— Hali oʻn ham boʻladi, hozircha yetti boʻlib turibdi. Dizma bir minutcha xayolga choʻmib, serrayib qoldi. «Xoʻsh, meni pishirib yeyisharmidi? — deya xayolidan oʻtkazdi u. — Nari borsa quvib chiqarishadi-da. Lekin u yerda odam koʻp boʻladi...» Shundan soʻng soqolini olishga tutindi.

Dizma uyezd kutubxonasida ishlab yurgan kezlari iyeshinga yaqin zalda deyarli hech kim boʻlmasdi. Shunda u zerikkanidan kitob oʻqiy boshlardi. Ba’zan turli graf va ministrlarning uylaridagi ballar va ziyofatlar tasvirlangan kitoblar ham uchrab qolardi. Ularda yozilishiga koʻra, bunday katta yigʻinlarda bir-biriga notanish boʻlgan koʻplab odamlar kelishardi. Demak, uning ham omadi yurishishi mumkin edi. Muhimi — koʻzga tashlanmaslik kerak.

Uy egalari stol yonida kartoshka yeb, choy ichib oʻtirishardi.

«Ovqat, juda koʻp ovqat, — deya oʻylardi Dizma, — Goʻsht, non, baliq...»

U yuzini yuvib, qattiq sochlarini taradi-da, kraxmallangan koʻylagini kiydi.

— U toʻyga ketyapti deb aytmadimmi senga? — dedi Valentova. Valent Dizmaga koʻz qirini tashladi va xotiniga qarab:

— Ishing boʻlmasin! — deya toʻngʻillab qoʻydi. Dizma tor yoqasining tugmasini bir amallab qadadi-da, galstugini taqib, egniga frak kiydi. — Ovqat, juda koʻp ovqat, — shivirladi u.

— Nima dedingiz?

— Hech nima. Xayr, yaxshi qolinglar.

U yoʻl-yoʻlakay gabardin plashining tugmasini taqib, zinadan pastga tushdi. Soʻng nariroqdagi fonar' tagiga borib, ism yozilmaganiga ishonch hosil qilish uchun taklifnomani yana bir bor oʻqib chiqdi-da, biletni choʻntagiga soldi va konvertni yirtib, ariqqa tashladi.

Dizma hali Varshava koʻchalarini yaxshi bilmas edi. Shu boisdan u qaysi yoʻldan borishni oʻylab, bir zum ikkilanib turdi va nihoyat, oʻziga, tanish koʻchalardan yurishga qaror qildi. U Jelyaznaya koʻchasiga burildi-da, Xlodnayadagi muyulishdan kostel tomon yoʻl oldi. U yerdan Elektoral'naya koʻchasi bilan Banka maydoni yaqqol koʻrinib turardi.

Ishchilar kvartalida kechki hayot oʻz maromi bilan oqmoqda edi. Qovoqxonalardan garmonikaning boʻgʻiq sadolari eshitilar, iflos trotuarlarda pidjaklarini yoqavayron qilib oʻsmirlar va yosh ishchilar toʻda-toʻda boʻlib yurishardi. Qizlar uch-toʻrttadan boʻlishib, bir birlarini qoʻltiqlaridan ushlashganicha sayr qilishar va nuqul hiringlashib, allanimalarni pichirlashardi.

Keksaroq ayollar qoʻllarida bolalari bilan darvozalar oldida turishar yoki uylaridan olib chiqqan taburetkalarda oʻtirishardi.

«Shanba kuni hordiq chiqarishyapti», — xayolidan oʻtkazdi Dizma.

Elektoral'nayada ham odam koʻp edi: shanbani bayram qilib yurgan yahudiylar trotuar u yoqda tursin, katta koʻchaga ham tushib ketishgandi.

Dizma Teatr maydoniga yetib borganida ratusha minorasidagi soat sakkizdan besh minut oʻtganini koʻrsatib turardi. U qadamini tezlatdi-da, birpasda Yevropa mehmonxonasiga yetib bordi.

Yaltiroq limuzinlar keti uzilmay kelib turardi, ulardan bashang kiyingan erkaklar tushishardi. Xonimlar kun issiqligiga qaramay, yoqalariga moʻyna tutib olishgandi.

Dizma bir zum dovdirab qoldi.

Ishqilib oʻzini sezdirib qoʻymasmikin?

Biroq ochlik ustun keldi. Nima boʻlgandayam qorinni toʻydirish kerak! Keyin oldilariga solib quvishsa ham mayli — bunaqa tashvish kimning boshiga tushmabdi deysiz?

Dizma tishini tishiga qoʻyib, ichkari kirdi. U koʻzini ochib-yumguncha lakeylar pal'tosi bilan shlyapasini yechib olishdi, allaqanday bir janob esa odob bilan uni zalgacha kuzatib qoʻydi va hatto eshikni ochib ham berdi.

Oppoq keng zal, tim qora fraklar, xonimlarning rang-barang kiyimlari Dizmaning koʻz oʻngida pir-pir aylana boshladi. Atir-upaning hidi va gangir-gungir tovushlar Dizmani esankiratib qoʻygan edi.

U eshik oldida toʻxtagan edi, birdan oldida bir janobning ta’zim qilganicha qoʻl uzatib turganini koʻrib qoldi. Dizma unga beixtiyor qoʻlini choʻzdi.

— Oʻzimni tanishtirishga ijozat etgaysiz, — dedi haligi janob, — Antonevskiy, bosh ministrningʻ shaxsiy sekretari boʻlaman. Pan bosh ministr nomidan sizga, kelganingiz uchun minnatdorchilik izhor etishga ruxsat etgaysiz. Marhamat, mana zakuskalar...

Shunday dedi-yu, gapini oxirigacha ham yetkazmay, eshikdan kirib kelgan ikki ozgʻin chol tomon yoʻrgʻalab ketdi. Dizma peshanasidagi terni artdi.

— Xudoga shukur! Endi faqat qoʻrqmaslik kerak!..

U endi oʻzini bosib, zalga ancha oʻrganib qolgan edi. Ba’zi odamlar qoʻllarida tarelka tutishganicha uzun stol yonida tamaddi qilishardi, ba’zilar esa kichik-kichik stolchalar yonida oʻtirishardi. Dizma ochlikni yengib, mehmonlar oʻzlarini qanday tutishayotganini bir oz kuzatishga qaror qildi. Soʻng oʻzi umri bino boʻlib koʻrmagan ajoyib taomlar terib qoʻyilgan stolga koʻz yugurtirdi. Shu tobda u mazkur taomlardan birontasini shartta olib, biror burchakda paqqos tushirgisi keldi. Biroq u oʻzini bosib, kuzatishda davom etdi.

Nihoyat, Dizma yurak yutib, tarelka qidira boshladi, Tarelka topgach, unga vilka bilan bir talay salat va pashtet boʻlagini solib oldi. U ogʻzi soʻlakka toʻlib, koʻzini tarelkadan uzolmay qolgan edi. Dizma biror panaroq joy topish uchun orqasiga oʻgirilgan edi, kutilmaganda kimdir tirsagini qattiq turtib yubordi. Qoʻlidagi tarelka yerga tushib, chil-chil boʻldi.

Nikodimniig gʻazabi qaynab ketdi. Uning oldidan hech nimaga e’tibor bermay allaqanday baqaloq odam oʻtib bormoqda edi. U hatto epsizligi uchun oʻgirilib kechirim soʻrashni ham lozim topmadi. Agar Dizma oʻzini tuta olganida, ehtimol, bunday haddidan oshmagan boʻlardi. Biroq shu damda u faqat bir narsani: ana shu

O‘xshash hikoyalar