tungi.ru

Muttahamning parvozi (II- qism)

Tadeush Dolenga-Mostovich

Muttahamning parvozi (2- qism)

Barchaga sabr tilagan holda o'qishni maslahat beraman, bu qism anchagina qiziq ekan

Janjal Ninaning oldi ochiq kechki koʻylagini kiyib, oyna oldida sochini odatdagidan koʻproq taraganidan boshlandi.

Tabiatan ziyrak Kasya buni darhol payqadi.

— Ballarda kiyadigan koʻylagingni kiymabsan-da, — dedi u goʻyo begʻaraz gapirganday qilib.

— Kasya!

— Xoʻsh!

— Zaharxanda qilishing mutlaqo oʻrinsiz.

— Nimaga qaytadan kiyinding boʻlmasa?

— Shunchaki shu koʻylakni kiygim keldi. Uni anchadan beri kiymagan edim.

— Uni oʻzingga yarashishini juda yaxshi bilasan! — deya qichqirdi Kasya.

— Ha, bilaman, — dedi jilmayib Nina va Kasyaga suzilib qarab qoʻydi.

— Nina

Nina hamon jilmayardi.

— Nina! Bas qil! — Kasya hozirgina oʻqib oʻtirgan kitobini bir chetga qarab uloqtirdi-da, xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Soʻngra u Ninaning oldiga kelib toʻxtadi va jahl bilan dedi:

— Men nafratlanaman — tushunyapsanmi? — erkakka yoqish uchun oʻzini... — u kuchliroq ibora qidirib bir zum jimib qoldi, — oʻzini fohisha qilib koʻrsatadigan ayollardan nafratlanaman, — dedi u nihoyat ogʻziga kelganini qaytarmay.

Ninaning rangi oqarib ketdi.

— Kasya, sen meni haqorat qilyapsan!

— Erkakka yoqish uchun oʻzini turli koʻyga soladigan ayol menga — ochigʻini aytganim uchun kechirasanu — qanjiqqa oʻxshab koʻrinadi... Ha, ha, qanjiqqa oʻxshab koʻrinadi.

Ninaning koʻzlarida yosh miltiradi. U bir zum Kasyaga tikilib turdi-da, soʻng qoʻllari bilan boshini changallaganicha yigʻlab yubordi. Hoʻngrashdan uning boʻyni qizarib, ikki yelkasi silkinardi.

Kasya mushtini qisdi, biroq u gʻoyat gʻazabi qaynab ketganidan oʻzini tutolmay qolgandi.

— Balki, peshinda undan telegramma kelganidan beri kayfiyating oʻzgarib qolganini ham inkor etarsan? Balkim, Dizma uchun qayta kiyinmadim ham dersan? Uni maftun qilish uchun bir soatdan beri oʻzingni oynaga solayotganingni ham tan olmassan?

— Ey xudoyim, ey xudoyim! — deya hoʻngrardi Nina.

— Bu ishingdan jirkanaman, tushundingmi?

Nina sapchib oʻrnidan turdi. Uning jiqqa yoshga toʻla koʻzlari isyonkorlik bilan chaqnab ketdi.

— Mayli, mayli! — dedi u gʻazab bilan shivirlab. — Toʻgʻri! Rost aytding! Uni maftun qilmoqchiman! Unga yoqishni istayman!.. Sen bundan jirkanyapsan... Lekin bir oʻylab koʻr, balki, sen bilan ikkovimiz bundan ham jirkanchliroqdirmiz?

Kasya ikki qoʻlini biqiniga tirab, xaxolab kulib yubordi:

— Topgan odamingni qara-yu!

U istehzo bilan Ninani magʻlub qilmoqchi edi, biroq Kunitskaya xonim sira tap tortmay boshini koʻtardi-da:

— Ha, topdim! — dedi.

— Axir u betamiz maxluq-ku! — dedi gʻazab bilan Kasya. — Maymun!.. Gorilla!

— Ha, ha! Xoʻsh, nima qilibdi? — deya qizarib qichqira boshladi qizishib ketgan Nina. — U qoʻpolmi? Mayli. Zamonaviy erkakning timsoli u! Kuchli odam. Bildingmi? U hayotni zabt etuvchi gʻolib!.. Nega oʻzing doim menga haqiqiy ayol ekanligimni uqtirib kelding?.. Men senga ishondim, mana endi yoʻlimda haqiqiy erkakni uchratganimda...

— Nar maxluqni uchratganimda deyavir, — ilondek vishilladi Kasya.

Nina nafasn ichiga tushib, labini tishladi.

— Nima deding?.. Yaxshi. Nar ham boʻla qolsin. Lekin oʻzim moda emasmanmi?

— Mahluqning modasisan.

— Bekor aytibsan! Pan Nikodim maxluq emas. Uning mehribon odam ekanligiga menda yetarli dalillar bor. Qoʻrslikni esa pan Nikodim ataylab qiladi. Uning oʻzini tutish uslubi shunaqa. Qaytangga men senga achinishim kerak ekan. Tabiat senga ayollik tuygʻusini ravo koʻrmabdi, sen bu ajoyib kuchning hayotbaxsh lazzatini, erkaklarga xos qudratiing dastlabki nishonasini butun vujuding bilan his etish qobiliyatidan mahrum ekansan... Ha, ha-, xuddi ibtidosini aytyapman...

— Bu deyman, sen sharm-hayoni ham unutib qoʻyganga oʻxshaysan.

— Yolgʻon, yolgʻon joʻrttaga yolgʻon gapiryapsan: sharm-hayoni yigʻishtirib qoʻyib, ochiqchasiga gaplashish kerak, deb oʻzing aytgan eding-ku, axir...

— Bunaqa tumtaroqli gapning nima keragi bor? — deya sovuq istehzo bilan uning soʻzini boʻldi Kasya. — Undan koʻra, qani endi tezroq qoʻynimga kira qolsa, birga yotishga yuragim toʻkilib turibdi, deb qoʻya qol.

U gapni davom etmoqchi edi, lekin Nina yuzini dastroʻmoli bilan yopganicha yana yigʻlab yuborganini koʻrib, jimib qoldi.

— Qanday berahm... qanday shafqatsiz ekansan! — dedi Nina hoʻng-hoʻng yigʻlar ekan.

Kasyaning koʻzlarida oʻt chaqnab ketdi.

— Men-a? Men berahmmanmi? Shu gapni menga aytyapsanmi, Nina? Nina!

— Endi faqat oʻzimni oʻzim oʻldirishim qoldi... yo tangrim, yo parvardigor, qanday yolgʻizman-a!..

Kasya stakanga suv quyib, Ninaga uzatdi:

— Manovini ich, Nina, oʻzingni bos, icha qol, jonginam!

— Yoʻq, ichmayman... Meni tinch qoʻy, tinch qoʻy meni...

— Icha qol, Nina.

— Ichmayman, ket bu yerdan, senda shafqat degan narsa yoʻq ekan...

Ninaning barmoqlari orasidan koʻz yoshlari oqib tushmoqda edi. Kasya uni quchoqlab shirin soʻzlar bilan yupata boshladi. Shu payt Iina birdan seskanib tushdi. Uzoqdan avtomobil' gudogi eshitilgan edi.

Oradan bir minut oʻtar-oʻtmas mashina chirogʻi gʻira-shira xonani yoritib yubordi.

— Boʻldi, Nina, koʻp yigʻlayverma, koʻzlaring qizarib ketdi.

— Baribir ovqatlangani tushmayman, — dedi Nina va yana oʻpkasi toʻlib yigʻlab yubordi.

Kasya uning yoshdan hoʻl boʻlib ketgan yuzi, koʻzlari, titrayotgan lablari va sochlaridan oʻpa boshladi.

— Boʻldi, boʻldi, yigʻlama, Ninochka. Oʻzing bilasan, qoʻpolman, fe’lim yomon, kechir meni, jonginam....

U goʻyo Ninaning titrab-qaqshashini bosmoqchi boʻlganday, uni qattiqroq quchoqladi.

— Ninochka, jonginam Ninochka!

Eshikda oqsoch xotin paydo boʻlib, ovqat tayyor ekanligini xabar qildi.

— Xoʻjayinga bekaning boshlari ogʻrib turganini ayt... Biz ovqatlangani tushmaymiz...

Oqsoch xotin chiqib ketgach, Nina Kasyadan uni yolgʻiz qoldirib, pastga tushib ketaverishini iltimos qildi. Biroq Kasya bu haqda eshitishni ham istamadi. Eshik yana taqillaganida, Nina hamon piqillab, dastroʻmoli bilan koʻzlarini artmoqda edi.

Xonaga Kunitskiy yugurib kirdi. Uning ogʻzi qulogʻida edi.

— Tezroq pastga tushinglar, — dedi u shushulab, — Dizma qaytib keldi. Uning qanday ishlar qilib kelgani tushingizga ham kirmagan! Tilla odam ekan! Men aytgan narsalarning hammasini bajo qilibdi! Tusha qolinglar! Men undan sizlar tushmaguningizcha indamay turishini iltimos qildim.

Kunitskiy xursand boʻlib ketganidan ayollarning adi-badi aytishib qolganini endigina fahmladi.

— Nima gap boʻldi oʻzi? Pastga tusha qolsalaring-chi! Qoʻyinglar oʻsha...

U yana nimadir demoqchi edi, biroq Kasya oʻrnidan sapchib turib, eshikni koʻrsatganicha qichqirdi:

— Joʻnang bu yerdan!..

— Axir...

— Hozir joʻnang, deyapman!

Kunitskiy dong qotib qoldi. Uning mitti koʻzlarida nafrat uchqunladi. Chol qoʻpol qilib soʻkindi-da, tashqariga chiqib, eshikni sharaqlatib yopdi. Uni vestibyulda kutib oʻtirgan Nikodim divanda bir sapchib tushdi.

— Nima boʻldi? — deya soʻradi u xizmatkordan.

Xizmatkor ma’nodor jilmayib, tushuntirdi:

— Chamasi, qizlari pan janobi oliylarini quvib chiqargan boʻlsa kerak.

Soʻnggi soʻzlarni xizmatkor shivirlab aytdi, chunki zinapoyada Kunitskiy koʻrinib qolgan edi. Uning chehrasi yorishib turardi.

— Attang, azizim pan Nikodim! Buni qarangki, xotinimning boshi qattiq ogʻrib qolibdi, shu boisdan u ovqatlangani tusholmas ekan. Kasya esa boyoqishni yolgʻiz qoldirgisi kelmayapti. Na chora, xe-xe-xe, xonimlarsiz ovqatlanamiz shekilli.

U Dizmaning qoʻltigʻidan olib, yemakxonaga boshladi. Xizmatkorlar u yerda xonimlarning keraksiz boʻlib qolgan idish-tovoqlarini allaqachon yigʻishtirib qoʻyishgan ekan.

Kunitskiy Dizmadan Varshava hamda Grodnoda qilgan ishlarinnng tafsilotlarini surishtira boshladi. Har bir javobdan soʻng u stuldan sapchib turardi-da, soniga urardi, labidan bol tomib, Nikodimni maqtardi.

— Bilasizmi, azizim pan Nikodim, — deya xitob qildi u nihoyat, — bu ishingiz natijasida Koborovoning daromadi yiliga yuz-yuz qirq ming zlotiyga koʻpayadi. Bu sizning tant'emangiz, kelishuvimizga binoan, yiliga qirq mingdan oshib ketdi, degani boʻladi. Qalay? Harakatlaringiz zoye ketmabdimi?

— Shunday boʻlsa kerak.

— «Boʻlsa koʻrak» deganingiz nimasi?

— Koʻp pul sarflashga toʻgʻri keldi. Men maoshimni oshirarsiz, deb umid qiluvdim.

— Xoʻp, yaxshi, — deya sovuqqina javob qildi Kunitskiy, — besh yuz zlotiy qoʻshaman. Shunda roppa-raso uch ming boʻladi.

Dizma rahmat demoqchi boʻldi-yu, biroq Kunitskiy unga bezovtalanib qarab turganini sezgach, stulda tebranib:

— Bu kam. Uch ming besh yuz zlotiy, — dedi.

— Koʻplik qilmasmikin?

— Koʻplik qilmasmikin? Siz shunday deb oʻylaysizmi? Boʻpti, agar sizga uch ming besh yuz koʻplik qilsa, u holda toʻrt ming.

Kunitskiy junjikib, gapni hazilga aylantirmoqchi boʻlgan edi, biroq Dizma:

— Toʻrt ming! — deya takrorladi.

Kunitskiy juda ilojini topolmagandan keyin Dizmaning har qanday qiyin ishni osongina bajarib kelganini pardalab maqtadi-da, nihoyat rozilik bildirishga majbur boʻldi.

— Ishimizning yurishib ketgani oqibati baxayr boʻlishidan dalolat beryapti, shuning uchun ham bajonu dil roziman.

— Bu nima deganingiz? — ajablandi Dizma. — Ish hali tugagani yoʻqmi?

— Yogʻoch olish ishi tugadi, albatta, Lekin, pan Nikodim, siz yuz-yuz ellik ming zlotiylik tant'emani rad etmassiz? A?

— Xoʻsh?

— Buning chorasi bor, toʻgʻrirogʻi, bunga siz chora topishingiz mumkin.

— Men-a?

— Ha, albatta, siz, azizim pan Nikodim. Rost, ancha yelib-yugurishga toʻgʻri keladi. Temir yoʻl ministrligida tanishlaringiz yoʻqmi mabodo?

— Temir yoʻl ministrligidami? Hm... Topilishi mumkin.

— Ana koʻrdingizmi, — dedi xursand boʻlib Kunitskiy. — U yerda temir yoʻl qurilishiga shpal yetkazib berishni pudratga ololmaysizmi? A? Buni ish desa boʻladi. Ancha pul ishlab olish mumkin!

— Shpal sotib, pul ishlab oldingiz shekilli, — dedi Dizma.

Kunitskiy xijolat tortdi.

— Siz anovi protsessni aytyapsizmi? Ont ichib aytaman, dushmanlarimni hiylasi edi bu. Ulardan qutulib boʻlmas ekan... Ha, ha, hiyla edi! Sud'yalar meni oqlashga majbur boʻlishdi. Qoʻlimda rad qilib boʻlmaydigan dalillar bor edi.

Kunitskiy suhbatdoshini diqqat bilan kuzatardi, lekin Dizma indamasdi. Chol bundan bezovta boʻla boshladi.

— Oʻsha protsess pudrat olishimizga xalal berishi mumkin, deb oʻylayapsizmi?

— Harqalay, yordam bermasa kerak.

— Lekin biror chora topishingiz mumkindir? A? Bilib qoʻying, qoʻlimda hujjatlarim bor; zarurat tugʻilsa, aybsizligimni ikkinchi marta isbotlashim mumkin.

Kunitskiy bu ishning tafsilotlari haqida yana uzoq gap sotib, suddagi nutqidan ba’zi joylarini aytib berdi.

U suhbatdoshining mudrab oʻtirganini sezganida vaqt yarim kecha boʻlib qolgan edi.

— Charchabsiz. Endi yotib uxlang. Sizdan iltimos qilaman, azizim pan Nikodim, oʻzingizni charchatmang. Xoʻjalikka nazar tashlab tursangiz, sizdan miniatdor boʻlaman, albatta. Axir ikki yorti bir butun deganlar, lekin hozircha, xudoga shukur, sogʻligʻim yaxshi, shu boisdan sizga koʻp ish yuklamoqchi emasman. Dam oling, oʻz uyingizdagidek yuravering.

— Rahmat, — dedi Dizma esnab.

— Ha, yana bir iltimosim bor. Agar vaqtingiz, istagingiz boʻlsa, mening xonimlarim bilan shugʻullansangiz. Kasya-ku otda sayr qilib, bir oz sport bilan shugʻullanadi-ya, lekin boyoqish xotinim uzzukun uyda siqilib oʻtiradi. Gaplashadigap odam yoʻq, bosh ogʻrigʻi ham, xafaqonlik ham ana shundan. Doim faqat Kasya bilan munosabatda boʻlish uning asablariga yomon ta’sir qilsa kerak. Shu boisdan bir oz vaqtingizni ayamay, ular bilan shugʻullansangiz, gʻoyat xursand boʻlardim.

Dizma Ninaning koʻnglini ochishga va’da qildi va toʻshakka choʻzilar ekan, xayolidan oʻtkazdi:

«Bu qari tullak oʻlguday sodda ekan. Xotini shundoq ham menga oshiqu beqaror boʻlib yuribdi-yu, u boʻlsa, koʻnglini ochgin, deydi-ya».

Dizma yostiqqa suyanib oʻtirdi-da, karmonidan pulini olib sanab chiqdi, soʻng bir varaq qogʻozda yillik daromadini hisoblay boshladi va tant'emasi qancha boʻlishini chamalab koʻrdi. Shu payt birdan qoʻshni xonada ohista qadam tovushi eshitildi. Kimdir stullarga turtilib-surtilganicha, qorongʻida paypaslanib kelmoqda edi. Soat birdan oshgandi. Qiziqib qolgan Nikodim qoʻshni xonaga qarash uchun oʻrnidan turmoqchi boʻlgan edi, tungi mehmon birdan uning xonasi oldida toʻxtadi. Tutqich sekin buralib, eshik ochila boshladi.

Ostonada Kasya paydo boʻldi.

Dizma koʻzlarini ishqab, hayratdan ogʻzi ochilib qoldi.

Qiz egniga qizil yoqa tutilgan qora shoyi pijama kiyib olgandi. U kipriklari ostidan toʻshakda oʻtirgan Nikodimga bir qarab qoʻydi-da, eshikni asta yopib, unga yaqinlashib keldi. Qizning yuzida xijolat degan narsadan asar ham koʻrmagan Dizma Kasyaga borgan sayin hayratlanib qarab turardi.

— Xalal bermadimmi? — soʻradi Kasya sira tap tortmay.

— Mengami?.. Yoʻgʻ-e, nimalar deyapsiz.

— Papirosim tugab qolipti, — dedi qiz beparvogina.

— Men oʻylabmanki...

— Nima deb oʻyladingiz?.. — deya hayosizlik bilan soʻradi Kasya.

Nikodim xijolat tortdi.

— Men... menda biror ishingiz bor ekanmi, deb oʻylabman.

Kasya papiros tutatib, bosh irgʻadi:

— Ha, ishim ham bor.

U stulni yaqiiroq surdi-da, oyogʻini chalishtirib oʻtirdi. Uning qizil atlas tuflisi bilan shimining pochasi orasidan oftobda qoraygan ingichka oyogʻi koʻrinib ketdi. Nikodim ilgari ayol kishining shim kiyganini sira koʻrmagan edi, shuning uchun ham Kasyaning bu koʻrinishi unga oʻtaketgan odobsizlik boʻlib tuyuldi. Oʻrtadagi sukutni Kasyaning past ovozi buzdi:

— Siz bilan ochiqchasiga gaplashmoqchiman. Ninaga nisbatan qanday niyatingiz bor?

— Menimi?

— Gapni aylantirishga urinmang. Savolimni erkakchasiga aniq javob berishingiz kerak. Uni oʻzingizga moyil qilishga harakat qilayotganingizni inkor etmassiz axir. Xoʻsh, nima maqsadda shunday qilyapsiz.

Dizma yelkasini qisdi.

— Sizni deb erini tashlashiga umid qilmayotgandirsiz, axir. Agar unga yoqib qolgan boʻlsangiz, bu hali hech nimadan dalolat bermaydi.

— Unga yoqib qolganimni qayoqdan bilasiz? — soʻradi qiziqib Nikodim.

— Buning ahamiyati yoʻq. Men sizning kimligingizni — jentl'menmisiz yoki vijdonli ayolning zaifligidan foydalanadigan odammisiz — shuni bilgani keldim. Agar Ninani oʻzingizga oʻynash qilib olsangiz, sizni ablah deyman.

Kasya qizishib ketganidan deyarli xirillab gapirmoqda edi. Uning koʻzlari gʻazab bilan yonib turardi.

— Nega menga yopishib oldingiz? — deya javob qildi Nikodim zardasi qaynab. — Nima, men sizning ishlaringizga tumshugʻimni tiqyapmanmi?

— E, shunaqa deng! Bu gapingiz bilan, razillik qilish niyatim bor, demoqchimisiz? Qani, endi basharangizga qamchin bilan tushirib bir huzur qilsam!

— Nima? — oʻshqirdi Dizma. — Kimni? Meni-ya?

— Ha, Sizni! Sizni! — deya nafrat bilan pishilladi Kasya kichik mushtchalarini qisib.

Dizmaning jahli chiqib ketdi. Bu mishiqi qizcha nima deb oʻylayapti oʻzi! Tunda kelib yana...

Kasya birdan sapchib turdi-da, uning qoʻlidan ushladi.

— Unga tegmang! Eshityapsizmi! Unga tega koʻrmang.

Kasyaning lablari titrab turardi. Nikodim qoʻlini tortib oldi.

— Nima istasam, shuni qilaman! Bildingizmi? Gapingizga quloq solishni ham istamayman!

Kasya labini tishlab, deraza oldiga bordi.

— Uni qarangu... — dedi qizning ortidan Dizma. Nikodim vaziyatni tushunolmay qolgandi. Toʻgʻri, Nina uni yoqtirib qolganligi, haqidagi xabar unga moyday yoqdi, biroq u nega bu narsadan Kasyaning shu qadar gʻazablanayotgani, qiz nega oʻz shubhasini otasiga borib aytish oʻrniga, tunda uning oldiga kirib kelganini tushunolmay garang edi. U Kasyaning Kunitskiyni yomon koʻrishini bilardi, lekin u holda qiz nega oʻgay onasining eriga sadoqatli boʻlishi uchun oʻlib-tirilyapti? Bu boyonlarning hammasi telva-teskari boʻladi...

Bu orada Kasya yana unga oʻgirilgan edi, Nikodim battar ajablanib qoldi. Qiz unga nozu karashma bilan jilmayib qarab turardi.

— Siz mendan xafamisiz? — deya soʻradi ochiqdan-ochiq tegishib Kasya. — Juda xafamisiz?

— Juda xafaman, albatta.

— Lekin meni bu yerdan quvib chiqarmassiz axir? Oʻtirsam maylimi?

— Uxlash kerak, — deya toʻngʻilladya Nikodim.

Qiz shoʻxlik bilan kuldi-da, toʻshakning chetiga oʻtirdi.

— Nima, siz tunlarni doim shunaqa tizzangizni qoʻltiqlab yotib oʻtkazasizmi? Bir oʻzingiz-a?

Nikodim unga taajjublanib qaradi. Mana, qiz asta unga engashdi. Uning toʻq qizil lablari ochilib, sadafdek tishlari koʻrinib ketdi. Qizning oftobda qoraygan yuzlariga qon yugurib, burun parragi titrardi. Nikodim Kasyaning bunday jozibali ekanligini birinchi bor koʻrishi edi. Faqat uning koʻzlaridagi ifoda oʻzgarmagandi. U Nikodimga payvasta qoshlari ostidan sinchkovlik bilan sovuq tikilib turardi.

— Siz, ehtimol, Varshavann sogʻinayotgandirsiz, axir u yerda erkaklar bu yerdagiday, Koborovodagiday tunlarni yolgʻiz oʻtkazishmaydi-da. O, sizni tushunaman...

— Nimani tushunasiz? — ikkilanib soʻradi Nikodim.

— Nega Ninaning boshini aylantirmoqchi ekanligingizni-da.

— Men sirayam uning boshini aylantirmoqchi emasman. — dedi rostiga koʻchib Nikodim.

Kasya kulib yubordi va birdan boshini egib yuzini uning lablariga surtdi.

«Gap, bu yoqda ekan-da, — deya xayolidan oʻtkazdi Nikodim. — Rashk qilibdi. Bunisi ham meni yaxshi koʻrib qolibdi-yu!».

— Pan Nikodim, — deya noz bilan gap boshladi Kasya, — tushunaman, siz bu yerda ham ayolsiz turolmaysiz, lekin nega bu ayol xuddi Nina boʻlishi kerak? Nahot men sizga sira yoqmasam?

Koʻrpa juda yupqa boʻlib, Nikodim qizning haroratini aniq sezib turardi.

— Nega endi, siz ham menga yoqasiz...

— Men Ninadan yoshroqman... Keyin undan sira qolishmayman. Mana qarang!

U sakrab turib, vyuklyuchatel' oldiga yugurib bordi. Chiroq yonib, xona ichi yorishib ketdi.

— Mana, bir qarang-a, bir qarang-a...

Qiz ikki-uch harakat bilan pijamasining tugmalarini yechib tashladi. Qora shoyi xushbichim qomatdan sirgʻalib asta yerga tushdi.

Nikodim butunlay dovdirab qoldi. U hayosizlik bilan qip-yalangʻoch boʻlib olgan bu gʻalati qizga baqrayib qarab turardi. Qiz shu qadar yaqin turardiki, Nikodim qoʻlini choʻzib, bemalol uning qoramagʻiz badanidan ushlashi mumkin edi.

— Xoʻsh, qalay? Sizga yoqamanmi?

Kasya asta kulib qoʻydi.

Nikodim toʻshakda angrayib oʻtiraverdi.

— Men juda chiroyliman.. — Kasya noz bilan boshini yuqori koʻtardi. — Ehtimol, sizni badanimning silliqligi-yu, tarangligi qiziqtirayotgandir? Marhamat, tortinmang!..

Kasya kulganicha toʻshak chetiga yaqinlashdi.

— Qani!

Uning kulgusida qandaydir kishini choʻchitadigan bir narsa bor edi. Nikodim qimir etmay oʻtiraverdi.

— Balki, meni buzuq deb oʻylayotgandirsiz?.. A? Yoʻq, goʻzal pan Nikodim, men iffatimni saqlab qolganman. Agar Ninadan meni afzal koʻrsangiz, bunga hoziroq ishonch hosil qilishingiz mumkin... Qani!.. Buncha tortinasiz!..

U toʻshakka choʻkkaladi-da, Nikodimning boshini koʻkragiga bosdi. Dizma yuziga uning nokdek dirkillab turgan siynasi tekkanini his etdi, dimogʻiga yosh badanniig kishini mast qiluvchi oʻtkir hidi urildi.

— Qani!..

— He, jin ursin! — tishlarini qisib dedi Dizma, Kasyani mahkam quchoqlar ekan.

Kasya yuziga uning haroratli nafasi urilganini his etdi. Chetlarida qattiq tuk oʻsgan lablar qizning labini izlay boshladi. Kasyaning qoʻli terlagan jundor gavdaga tegib ketdi. Azbaroyi jirkanganidan uning tomogʻi boʻgʻila boshladi.

— Qoʻyvor, qoʻyvor, qoʻyvor meni... Jirkanyapman! Yoʻqol!

Nozik gavda qoʻpol qoʻllardan silkinib chiqishga harakat qildi. Biroq qutulolmadi.

Kasya Ninaga boʻlgan muhabbatiga ortiqcha baho berib yuborgani, manovi qurbonlik unga ogʻirlik qilishi, bu quchoqlarga kirishdan koʻra oʻlgani yaxshiligini endi tushundi.

Ammo u kechikkan edi.

Qiz qoʻllari titrab pijamasiiing tugmasini qadar ekan, Nikodim kulib dedi:

— Oʻzing ham zoʻr qiz ekansan-da.

Kasya unga nafrat bilan qarab qoʻydi, biroq Dizma buni tushunmay qoʻshimcha qildi:

— Yaxshi boʻldi-a?

— Toʻngʻiz! — dedi tishlarini qisib Kasya va xonadan yugurib chiqib ketdi.

Dizma bu qizga aslida nima kerakligini yana tushunolmay qoldi. Oʻzi keldi, oʻzi shuni istadi, keyin boʻlsa...

U anchagacha uxlayolmay yotdi. U bu voqeani oʻylab, Kasya chindan ham mendan nafratlanar ekan, endi u bilan oshiq-ma’shuqlik qilib boʻlmaydi, degan xulosaga keldi.

«Ularning hammasi aqldan ozgan ekan» — degan xulosaga keldi Nikodim Ponimirskiyni eslab.

Ertasiga nonushta qilgani faqat Nina keldi. Uning

O‘xshash hikoyalar