tungi.ru

Muttahamning parvozi (I- qism) (3-bet)

chiqaverasiz. Shartiga kelsak — tortinmang, oʻzingiz taklif qilavering.

— Hm, — deya mingirladi Dizma, — nima deyishimni ham bilmay qoldim.

— Masalan, bunday deylik: oʻzingiz erishgan foydaning oʻttiz protsentidan iborat tant'ema . Qelishdikmi?

— Kelishdik, — deya bosh irgʻadi Dizma, nimaga rozi boʻlayotganini oʻzi ham yaxshi tushunmay.

— Maoshingiz esa, aytaylik, oyiga ikki ming zlotiy boʻladi.

— Qancha? — ajablanib soʻradi Dizma.

— Hay mayli, ikki ming besh yuz boʻla qolsin. Bundan tashqari, yoʻl xarajatlari alohida toʻlanadi. Kelishdik-a? Qoʻlingizni tashlang!

Dizma beixtiyor cholning qoʻlini qisib qoʻydi. Yuziga qon yugurib, ogʻzining tanobi qochgan Kunitskiy esa bu orada katta avtoruchkasini chiqarib bir zum ham gapirishdan toʻxtamay, bir parcha qogʻozni mayda harflar bilan toʻldirdi-da, Dizmaga uzatdi. Pan Nikodim qogʻozga oʻzi bir vaqtlar ixtiro etgan jimjimador imzosini qoʻyar ekan, Kunitskiy semiz karmonidan shildiroq pullarni sanab chiqara boshladi.

— Mana, marhamat, besh ming avans. Endi esa... Shuiday deya u Nikodimning Koborovoga borish shartlarini muhokama qila ketdi.

Koridorda Dizmaning qadam tovushlari tingandan soʻng bir necha minut oʻtgach, Kunitskiy xonaning oʻrtasiga kelib toʻxtadi-da, qoʻllarini bir-biriga ishqaganicha shivirladi:

— Xoʻsh, qariya Kunitskiy, endiyam birov seni ishning koʻzini bilmaydi, deb koʻrsin-chi!

Chindan ham Leon Kunitskiy oʻzining uddaburonlngi bilan nom chiqargan edi: u kamdan-kam yanglishar va koʻngliga tugib qoʻygan ishini paysalga solib oʻtirmay, darhol amalga oshirardi.

Tong ota boshladi. Boʻzara boshlagan osmonning u yer-bu yerida soʻnib borayotgan yulduzlar xiragʻina miltirab turardi. Yoʻlning ikki chetida saf tortgan fonarlar zaifgina yogʻdu sochardi.

Nikodim shahar boʻylab borar ekan, qadam tovushi boʻm-boʻsh koʻchada boʻgʻiq aks sado berardi.

Taassurotlar uning miyasida xuddi kalyoydoskopdagi shisha iarchalari kabi ayqash-uyqash boʻlib ketgan edi. U sodir boʻlgan voqealarning oʻzi uchun gʻoyat katta ahamiyatga ega ekanligini tushunardi, biroq bu voqealarning mohiyatini anglab yetishga ojizlik qilardi. Nikodim kutilmaganda boshiga baxt qushi qoʻnganini his etardi, ammo uning qayerdan uchib kelgani, buning ma’nisi nima ekanligini tushunolmay boshi qotardi.

Dizma bu haqida oʻylagani sayin oʻsha voqealzr unga haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan gʻaroyib bir narsadek tuyulardi.

U oʻqtin-oʻqtin choʻchib toʻxtardi-da, qoʻlini asta choʻntagiga tiqib, haligi bir dasta pulni paypaslar va jilmayib qoʻyar edi. Birdan u oʻzining juda ham boyib ketganini anglab qoldi. U yoʻl chetidagi bir darvozaxonaga kirdi-da, pulini sanay boshladi. Yo parvardigor! Naqd, besh ming zlotiy-a!

— Mana buni oʻlja desa boʻladi! — deb yubordi u. Koʻp yillik sarsongarchilikda orttirgan odati, tabiiy, uning dilida: yuvish kerak, degan fikrni uygʻotdi. Shundan soʻng na ovqat yegisi, na ichkilik ichgisi kelayotgan boʻlsa-da, Dizma Gribovskaya koʻchasiga burildi: bu mahalda Itsekning pivoxonasi ochiq boʻlishini u yaxshi bilardi. U ehtiyotkorlik yuzasidan yuz zlotiylikni olib, boshqa choʻntagiga soldi. Itsekning pivoxonasida katta pulni koʻrsatish xavfli edi.

Hali vaqt juda erta boʻlishiga qaramay pivoxona gavjum ekan. Izvoshchilar, taksi shoferlari, yopilgan restoranlarning kel'nerlari, oʻz «qayliqlarining» tungi ish haqiga ichayotgan tekinxoʻrlar, muvaffaqiyatli «yurishlardan» qaytgan daydilar uncha katta boʻlmagan ikki xonani toʻldirib yuborishgandi. Hamma yoqdan gʻovur-gʻuvur gaplar, idish-tovoqlarning chaqir-chuquri eshitilib turardi.

Nikodim ikki qadah aroq ichdi-da, ustidan choʻchqa goʻshtidan pishirilgan sovuq kotlet bilan tuzlangan bodring yedi. Shu payt u bugun yakshanba boʻlib, Valentning ishga bormasligini eslab qoldi.

«Mayli, juldurvoqilar ziyoli odamning qanaqa boʻlishini koʻrib qoʻyishsin», — deya xayolidan oʻtkazdi Dizma.

U bir shisha aroq bilan bir kilo kolbasa oldi-da, qaytimini hafsala bilan sanab, choʻntagiga solgach, tashqariga chiqdi. Lutskaya koʻchasiga yetay deb qolganida, u birdan Man'kani koʻrib qoldi. Qiz devorga suyanganicha bir nuqtaga tikilib turardi. Nikodim negadir bu uchrashuvdan xursand boʻlib ketdi.

— Salom, panna Manya! — deya qichqirdi u quvnoqlik bilan.

— Salom, — javob berdi qiz unga ajablanib qarar ekan. — Ha, nega tunda sanqib yuribsiz?

— Oʻzingiz nega uxlagani bormayapsiz?

— Hozir boraman, — gʻamginlik bilan javob qildi Man'ka.

Dizma diqqat bilan unga qarab qoʻydi. Shu tobda qiz unga odatdagidan koʻhlikroq koʻrinib ketdi. Toʻgʻri, ozgʻinroq, lekin ancha xushqomat. «Yoshi nechadaykin? — deya oʻyladi u. — Nari borsa oʻn yettida boʻlsa kerak».

— Ha, buncha ma’yussiz?

Qiz yelkasini qisib qoʻydi.

— Agar uch kundan beri kechalari itdek koʻcha izgʻib, bir tiyin ham ishlayolmasangiz, siz ham xureandchilikdan sakramagan boʻlardingiz.

Dizma oʻngʻaysiz ahvolga tushib qoddi. U qoʻlini choʻntagiga tiqib bir nechta oʻn zlotiylik chiqardn.

— Men sizga qarz berib turaman, panna Manya, Yigirma zlotiy yetadimi?

Qiz pulga ajablanib tikilib qoldi. U kecha Dizmaning sariq chaqasi ham qolmaganidan xabardor edi. Shuncha pulni endi qayoqdan oldiykin? Oʻgʻirlagan boʻlsa kerak-da. Ehtimol, kechqurun shuning uchun ham frak kiygandir. «Aytmoqchi, — deya xayolidan oʻtqazdi qiz, — bu bilan mening nima ishim bor?».

Nikodim unga yigirma zlotiy uzatdi.

— Mana, oling!

Man'ka bosh chayqadi.

— Olmayman. Keyin qaytarishga pulim yoʻq.

— Olavering, qaytarmasangiz ham mayli.

— Istamayman, — dedi qovogʻini solib qiz. — Sizdaqa bankirdan oʻlgurdimu!

Keyin chetga qarab, ohista dedi:

— Agar... Tekinga olmayman... Agar men bilan borsangiz — boshqa gap.

— E-e, — deya mingʻirladi Dizma va qizarib ketdi. Man'ka uning koʻzlariga qaradi...

— Nima, yoqmaymanmi?

— Nega endi...

— Satqai erkak keting-e! — dedi bexosdan zarda bilan qiz. — He, latta!

Man'ka teskari oʻgirilib, asta uyi tomon yoʻl oldi.

— Panna Manya! — qichqirdi uning ortidan Nikodim.

— Shoshmang. Boʻpti, boramiz.

Qiz uning yetib kelishini kutib turdi-da, soʻng dedi: — Nomer uchun yana besh zlotiy toʻlaysiz.

— Yaxshi.

Ular indamay tor koʻchalardan yurib ketishdi.

Egniga duxoba nimcha kiygan, uyqusirayotgan barzangi eshikni ochib, ularni tor va iflos nomerga boshlab kirdi-da, qoʻlini choʻzdi. Dizma unga besh zlotiy uzatdi.

Eskiligidan titilib ketgan kul rang darparda ortidan quyosh nurlari tushib turardi. Nomer dimiqib ketdi. Dimoqqa zax va irkit bir narsaning hidi urilardi.

— Derazani ochib yuborsakmikin? — deb taklif qildi Man'ka.

— Kech boʻlib qoldi. Uyga borish kerak. Soat ham oʻn boʻlgandir, — deb javob berdi Dizma.

Man'ka kichkina koʻzgu oldida tishi singan taroq bilan qalin qora sochlarini taramoqda edi.

— Ish topdingizmi? — soʻradi u loqaydlik bnlan. Shu payt Dizmaning birdan Man'kaga oʻzini koʻrsatgisi kelib qoldi. U choʻntagidan hamma pulini chiqardi-da, stol ustiga yoyib qoʻydi. Soʻng jilmayib:

— Bu yoqqa bir qara-chi, — dedi.

Man'ka oʻgirilib qaradi-yu, koʻzlari qinidan chiqib ketay dedi. U pulga yeb qoʻygudek boʻlib tikilib turardi.

— Shuncha pul-a... Shuncha pul-a... Tagʻin hammasi besh yuztalik... Yo parvardigor!

Nikodim qizga pullariing qanday ta’sir etganini koʻrib huzur qilmoqda edi. Man'ka unipg qoʻlidan ushladi.

— Menga qara! Sen «ov»da boʻldingmi? — uning tovushidan qoyil qolgani shundoq sezilib turardi.

Dizma kulib yubordi va hazillashgisi kelib:

— Ha, — deya javob qildi.

Man'ka barmoqlarining uchini ohista pulga tekkizdi.

— Qani ayt-chi... ayt-chi... — deya shivirladi u, — sen odam oʻldirdingmi?

Dizma bosh irgʻadi.

Man'ka indamadi. Biroq uning koʻzlaridan choʻchib ketgani va qoyil qolgani shundoq sezilib turardi. U doim jimgina yuradigai lapashang boʻlib koʻringan Dizmani shunaqa odam deb xayoliga ham keltirmagan edi...

— Pichoq bilanmi?

— Ha, pichoq bilan.

— Qiyin boʻldimi?

— Be... miq etishga ham ulgurmadi.

Qiz bosh chayqadi

— Rosa puldor ekan-da!.. Balki, juhuddir?

— Ha, juhud edi.

— Sirayam oʻylamagan edim...

— Nimani oʻylamagan eding? — soʻradi Dizma va pullarin yigʻishtirib ola boshladi.

— Sening shunaqaligingni-da...

— Qanaqa ekanman?

— Shunaqa-da...

Qiz birdan Dizmaning pinjiga tiqildi.

— Seni ushlab olishmaydimi?

— Qoʻrqma, vaqtida juftakni rostlab qolaman.

— Seni hech kim koʻrmadimi? Balki, biror iz-piz qoldirgandirsan? Fir’avnlar hatto barmoq izidan ham topib olishlari mumkin.

— Meni ushlasha olmaydi.

— Oʻziyam rosa dahshatli boʻlgandir-a?

Dizma kulib yubordi.

— Eslab oʻtirishga arzimaydi. Yur, uyga ketdik. Ma, manoviga koʻylak sotib ol.

Shunday deya u Man'kaning oldiga yuz zlotiy qoʻydi. Qiz uning boʻynidan quchoqlab, lablaridan oʻpa boshladi.

Ular indashmay uyga ketishdi. Dizma, qizning menga nisbatan munosabati bir zumda oʻzgarib qoldi-ya, deb mamnunlik bilan koʻnglidan kechirdi. U Man'kaning oʻsha bir dasta pulni koʻrib emas, balki, tungi hujum haqidagi hikoyani eshitib shunchalik qoyil qolayotganini darhol tushungan edi. Garchi bunday oʻzgarish juda xush yoqsa-da, Nikodim oʻzicha xijolatda edi — u qizning bunday hurmatiga loyiq emasligini yaxshi tushunardi. Biroq endi u bu gaplarning hammasini oʻylab chiqarganini sira ham tan olmagan boʻlardi, albatta.

— Ehtiyot boʻl, Man'ka, — dedi Dizma ular zinapoyadan yuqori koʻtarilishar ekan, — bu haqda uydagilarga ogʻiz ocha koʻrma! Tushunarlimi?

— Boʻlmasam-chi!

— Endi men... oʻzing tushunasan, birmuncha vaqtga biror yoqqa joʻnashim kerak. Xullas, qoʻlga tushmaslik uchun.

— Ha, tushunaman. Qaytib kelasanmi?

— Qaytib kelaman.

Dizmaning shunday bemahalda Man'ka bilan birga qaytganiga Bartiklar sira ham ajablanishmadi. Lekin aroq bilan kolbasaning hurmatini oʻrniga qoʻyishdi. Valentova shu zahoti stol ustiga koʻk kleyonka yozdi, hammasi ovqatlangani oʻtirdi. Gorchitsadan boʻshagan bankachaga aroq quyib qoʻlma-qoʻl uzata boshlashdi. Shishaning oʻziyam ancha kattagina edi... Koʻp oʻtmay Nikodim besh zlotiy chiqarib, Man'kani yana aroqqa yubordi. Shundan soʻng Dizma ijara haqini toʻladi-da, qiz qaytib kelgach, oʻtirganlarga murojaat qilib dedi:

— Xoʻsh, endi meni tabriklasangiz boʻladi. Yaxshi ish topdim.

— Qayerda? — deya soʻradi qiziqib Valent.

— Varshavada emas, provinsiyada.

— Provinsiyada pul topish oson, deb aytmovdimmi sizga, — dedi bosh chayqab Valentova. — U yerda hamma narsa moʻl boʻladi. Erkaklarning hammasi shunaqa oʻzi.

Yana Dizmaning salomatligi uchun ichishdi. Keyingi shisha ham boʻshagach, Nikodim yechinib, buklama karavotini yozdi-da, choʻntagiga pul solingʻan nimchani yostiq tagiga qoʻyib, bir zumda uxlab qoldi.

Valent bir oz jim oʻtirdi. Soʻng kayfi oshdi shekilli, ashula ayta boshlagan edi, Man'ka darhol oʻshqirib berdi:

— Jim, jin ursin sizni. Koʻrmayapsizmi, uxlayapti axir. Birpas dam olgani ham qoʻyishmaydi bu uyda.

Xonaga sukunat choʻkdi. Valent shaikasini bostirib kiydi-da, koʻchaga chiqib ketdi. Xotini esa ijarachilarining ish topib, ularni aroq bilan siylaganini aytib maqtanish uchun qoʻshnisinikiga yugurdi.

Man'ka shkafdan rohatibadan roʻmolchasini olib, Nikodimning yuziga yopib qoʻydi: xonada pashshalar gʻujgʻon oʻynamoqda edi.

3-bob

Nikodim peshinga qadar safarga hozirlik koʻrdi. Dizma oʻzini bir oz tuzatib olish maqsadida bir necha koʻylak, galstuklar, soqol olish uchun yangi pribor, sap-sariq botinka va oʻziga ancha yarashgan bir juft kostyum xarid qildi. Bulardan tashqari u bir talay mayda-chuyda narsalar bilan chiroyli charm chamadonlar ham sotib oldi.

Bir vaqtlar notarius Vinderning oʻgʻli — L'vovda oʻqiydigan student butun Liskovni oʻzining orastaligi bilan qoyil qoldirgan edi. Nikodim har gal uning xonasiga kirganida studentning kiyim-kechagi va pardoz anjomlariii koʻrib ogʻzi ochilib qolardi. Endi u yosh Vinderdan ibrat olishga harakat qilardi. Bu xarajatlar Dizmaning hamyonini anchagina oʻpirib ketgan boʻlsa-da, u oʻz ishidan mamnun edi.

Soat oltiga borib yoʻlga chiqish uchun hamma narsa shay boʻldi. Poyezd yetti yarimda joʻnardi. Avvaliga uni vokzalgacha kuzatib chiqmoqchi boʻlgan Man'ka Nikodimdagi bu oʻzgarishlarni koʻrib, shu qadar esankirab qoldiki, unga hamroh boʻlishga jur’at etolmadi.

U faqat Dizmaning ortidan zinapoyaga yugurib chiqdi-da, uning yuz-koʻzidan oʻpib, chamadonlarini pastga olib tushishga yordamlashdi. Izvosh joyidan qoʻzgʻaldi. Shu payt qiz:

— Qaytib kelasanmi? — deb soʻradi qoldi.

— Qaytib kelaman, — javob qildi Dizma va boshidan shlyapasini olib silkitib qoʻydi.

Ikkinchi klass vagoni uchinchi klassnikiga qaraganda ancha qulay boʻlar ekan. Bu yerda qattiq kursilar oʻrniga prujinali divanlar qoʻyilgan boʻlib, passajirlar ancha xushmuomala, provodniklar ham juda muloyim koʻrinishardi.

Dizma bu ajoyib sayohatning gashtini surib borardi. U umrida birinchi marta oʻzini toʻralardek his eta boshladi. Hozir unga oʻzining Liskovdagi pochta idorasining boshligʻidan sira kam joyi yoʻqdek, hatto ota-bola Vinderlar bilan ham bemalol bellasha oladigandek tuyulardi.

Dizma bilan birga yoʻlga chiqqan bir nechta passajir tez orada tushib ketdi, vagonda u yolgʻiz oʻzi qoldi. Biroq sira uyqusi kelmadi. Hozirgi vaziyatni har tomonlama oʻylab koʻrmoq lozim edi.

Turgan gap, bu keksa dogʻuli Kunitskiy uni ministr Yashunskiy bilan yaqin aloqada boʻlgan nufuzli odam deb oʻyladi. Aks holda, unga boshqaruvchilikni sira ham taklif qilmagan boʻlardi. Rostini aytib, cholning koʻzini ochish esa shunday katta maoshdan voz kechish bilan barobar edi, albatta. Demak, Kunitskiyni. Iloji boricha uzoqroq laqillatish kerak. Turar joy bilan ovqat uchun u bir tiyin ham sarf qilmaydi. Shu boisdan ham u oyiga ellik-oltmish, boringki, yuz zlotiydan ortiq chiqimdor boʻlmaydi. Qarabsizki — ikki ming toʻrt yuz zlotiy sof foyda boʻlib turibdi-da.

«Hech boʻlmasa uch oy tura olsam edi. Balki, bir ilojini qilib, yarim yilga choʻzarman?»

Dizma shularni oʻylar ekan, jilmayib quydi. Keyinchalik odamlarga foydasiga pul qarz berib, qoʻlini sovuq suvga urmay, mazza qilib yashashi mumkin. Faqat cholni uzoqroq laqillatish va qoʻlga tushib qolmaslik uchun juda ehtiyot boʻlib yurish kerak. Kamroq gapirish, oʻzi haqida mutlaqo ogʻnz ochmaslik lozim. Chol ham axir anoyi emas, biror narsann sezib qolsa, darhol kavushini toʻgʻrilab qoʻyadi.

Provodnik kirib, navbatdagi stansiya Koborovo ekanligini aytganida tong ota boshlagan edi.

Ishqilib, Kunitskiy shu poyezdda kelishimni unutib qoʻymaganmikin, deya bezovta boʻla boshladi Dizma. Lekin bekorga tashvishga tushgan ekan. Nikodim poyezddan tushishi bilan uning oldiga livreya kiygan xizmatkor keldi.

— Kechirasiz, pan Kunitskiynikiga kelayotgan janob siz emasmisiz?

— Ha, menman.

— Mashina stansiya binosi oldida kutib turibdi, pan boshqaruvchi, — dedi xizmatkor va chamadonlarni koʻtarib oldi.

Nikodim ajoyib avtomobilga oʻtirar ekan: «Koborovo mulkining boshqaruvchisi... Tashrifnoma buyurtirib qoʻyishim kerak ekan», — deya hayolidan oʻtkazdi.

Avvaliga mashina temir yoʻl yoqalab ketgan tep-tekis shossedan olib bordi-da, soʻng yarim vayrona suv tegirmoni oldidagi xushmanzara joyda oʻngga burilib, koʻprikdai oʻtdi va tor izli temir yoʻlning ikki chetiga zich qilib qurilgan fabrika imoratlarining yonidan gʻizillab ketdi.

Bir ozdan soʻng zarang daraxtlaridan iborat xiyobon boshlanadi. Kunitskiy uyi xiyobonning oxirida joylashgan ekan. Tomi uchiga nayza oʻrnatilgan gumbazlar bilan bezatilgan bu imorat klassitsizmga da’vo qiluvchi gʻalati bir uslubda qurilgan boʻlsa-da, ancha chiroyli edi. Avtomobil' maysazorni aylanib oʻtib, katta eshik oldida toʻxtadi. Ichkaridan oqsoch ayol chiqib, xizmatkor bilan birga chamadonlarni olib kirib ketdi. Dizma pal'tosini yechib ulgurmasdanoq, vestibyulga- harir shlafrok kiygan va sochlari toʻzgʻib ketgan Kunitskiy yugurib chiqdi. Nikodim avvaliga uni tanimay, hatto ayol kishi deb ham oʻyladi.

Ogʻzining tanobi qochgan, tinib-tinchimas Kunitskiy quchogʻini ochib, mehmonga peshvoz chiqdi-da, shu zahoti uni suxandonlik pulemyotidan oʻqqa tuta ketdi. Garchi odatdagiga qaraganda tezroq gapirayotgan boʻlishiga qaramay, uning nutqi oʻsha-oʻsha bir maromda bidirlashdan iborat edi. U faqat: «Muhtaram pan qayerda turishni istaydilar — uydami yoki pavil'ondami?» — deya savol bergandan keyingina chakagi tinib, Dizmaning javobini kuta boshladi.

Muhtaram pan, menga baribir, deb javob bergach, unga oʻyning birinchi qavatidan ikkita ajoyib xonani ajratib berishdi. Shu zahoti Nikodimga vestibyulga qaragan odatdagi eshikdan tashqari u parkka ayvon orqali chiqishi ham mumkinligi, vannaxona shundoq yonginasida joylashgani, istasa hoziroq choʻmilib olishi mumkinligi — buning uchun u yerda hamma narsa hozirlab qoʻyilgani tushuntirildi. Soʻngra pan Dizma ular bilan nonushta qilgani chiqsa, u, ya’ni Kunitskiy bilan xonimlarning boshi osmonga yetajagi bayon etildi.

Nihoyat, yolgʻiz oʻzi qolgan Nikodim tezda chamadonlarini ochib, iarsalarini shkafga taxlab qoʻydi-da, vannaxonaga ravona boʻldi. Dizma umri bino boʻlib vannaxonada choʻmilmagan edi. Lekin u tirband hammomga qaraganda vannaning oʻlsa oʻligi ortiqligini darhol payqadi. Soʻnggi paytdarda u kamxarjligi boisidan hammomga ham borolmay qolgandi. Vannadagi suvning bir zumda qoramtir tusga kirgani bundan dalolat berib turardi. Dizma ancha ovora boʻlib vannaning tubidagi tiqin zanjirini topdi-da, uni tortib sirini oshkor qiladigan iflos suvni tushirib yubordi. Soʻng vannani yuvib tashlab, sochlarini taradi va yotoqxonaga qaytdi. U choʻmilayotganida xizmatkorlar kostyumi bilan botinkasini tozalab qoʻyishibdi.

«Jin ursin! Bu yerda qoʻlingni sovuq suvga ham urdirishmaydiganga oʻxshaydi-ku!» — deya xayolidan oʻtkazdi qoyil qolgan Dizma.

U galstugini taqib ham ulgurmagan ediki, eshik taqillab, odatdagi kiyimlarini kiyib olgan, biroq oʻsha-oʻsha ezmaligini qoʻymagan xira Kunitskiy paydo boʻldi.

U Dizmani boshlab borgan yemakxona koʻproq zalga oʻxshab ketardi. Qoramtir taxta panellar bilan bezatilgan bu xona kishida gʻamgin bir taassurot qoldirardi. Devorlar yoniga baland bufetlar qoʻyilgan boʻlib, ularning oyna qoplangan eshikchalari ichidan kumush va billur idishlar yarqirab koʻrinardi. Toʻrt kishiga moʻljallab dasturxon yasatilgan oʻrtamiyona oq stol ustidagi anjomlarni Liskovdagi pochta idorasining butun xodimlariga bemalol yetib ortadigan ajoyib idish-tovoqlar koʻrgazmasi desa boʻladi.

— Xonimlarim pardoz qilishyapti, hozir kelib qolishadi. Muhtaram pan Nikodim, balki ular kelishguniga qadar birinchi qavatdagi xonalarni koʻrib chiqarsiz. Ikkinchi qavatga chiqish esa xe-xe-xe, biz erkaklarga man etilgan: oʻzingizda qolar gap yoʻq — xonimlar! Xoʻsh, qalay, mening makonim sizga yoqyaptimi? Barchasining proyektini oʻzim tuzib, arxitektorga oʻzim koʻrsatma berib turganman. Soʻnggi ikir-chikirigacha oʻzim tepasida turganman.

Kunitskny dam Dizmaning qoʻltigʻidan olar, dam uning atrofida girdikapalak boʻlib, koʻzlariga tikilardi.

Chol Koborovodagi barcha narsalar kabi bu imorat bilan ham faxrlanardi. Uning gapiga qaraganda, bir necha yil ilgari bu yerlar tashlandiq joy boʻlib, hozirgi imoratning oʻrnida yarim vayrona qoʻrgʻon boʻlgan ekan, yerlarga deyarli ekin ekilmasakan. Bugun esa uning muttasil mehnat qilishi natijasida hamma ish tartibga solinibdi. Qarab kishining koʻzi toʻymaydigan xoʻjalik barpo etilibdi.

Ular momiq gilamlardan yurib, Dizmaning yetti uxlab tushiga kirmagan hashamatli, bezatilgan xonalardan oʻtib borishardi.

Oltin suvi yugurtirilgan birinj, ogʻir romlarga solingan kartinalar, yaltiroq mebel', ulkan oynalar, marmar va malaxit kaminlar, ajoyib matolar, zarhal naqsh urilgan charm — bularning bari boylikdan dalolat berib turardi. «Birdan qattiq yer qimirlab qolgudek boʻlsa, bu uy butun anjomlari bilan oltin soqqachalarga aylanib sochilib ketsa kerak», — deya xayolidan oʻtkazdi Dizma.

— Hoʻsh, qalay? — ular yana yemakxonaga qaytishgach, soʻradi Kunitskiy. Nikodim javob berish uchun endi ogʻiz juftlagan ham ediki, xonaga xonimlar kirib kelishdi.

— Marhamat, tanishinglar — pan Dizma! — dedi Kunitskiy mehmonni ularning oldiga boshlab borar ekan.

Yoshi kattaroq malla soch xonim jilmayganicha Nikodimga qoʻl uzatdi.

— Gʻoyat xursandman. Siz haqingizda koʻp eshitgan edim.

Yoshi kichkinaroq qoʻngʻir sochli xonim nimasi bilandir oʻgʻil bolaga oʻxshab ketardi. U mehmonning

O‘xshash hikoyalar