Muttahamning parvozi (I- qism) (2-bet)
faqat bir narsani: ana shu baqaloqni deb ogʻzidagi nondan ajrab qolayotganini his etardi...
U ikki hatlab aybdorga yetib oldi-da, uning tirsagidan tutdi:
— Koʻzingizga qarab yursangiz boʻlmaydimi, jin ursin sizni! Qoʻlimdagi tarelkani urib tushirdingiz! — dedi u jahl bilan haligi odamga qarab.
Hayrat va hatto qoʻrquvdan baqaloqning koʻzi ola-kula boʻlib ketdi. U polga qaradi-da, xijolat chekib, kechirim soʻray boshladi.
Atrofdagi odamlar jimib qolishdi. Yugurib kelgan kel'ner tarelka siniqlarini terib olib, Dizmaga yangisini uzatdi. Dizma qanday tentaklik qilganini hali tushunib ham yetmay, tarelkaga yana salat sola boshladi. Keyin bir chetga oʻtib, bir oz oʻziga keldi-da, birdan uni hozirning oʻzidayoq oldilariga solib quvishlari mumkinligini tushunib qoldi. Shunda soʻng u koʻproq yeb olish uchun ovqatni chaynamay yuta boshladi.
Bu orada zal mehmonlarga toʻlib borardi. Dizma oʻziga hech kim e’tibor bermayotganini koʻrib, birmuncha yengil tortdi. Shundan soʻng u ancha ruhlanib, tarelkasini yana toʻldirib oldi. Keyin oldida kon'yak toʻla qadahlar terilgan patnisni koʻrib qoldi-da, ketma-ket ikki qadahni boʻshatdi va oʻzini ancha dadil his eta boshladi. Oradan bir oz vaqt oʻtgach, Nikodim uchinchi qadahni qoʻliga olgan edi, allakim u bilan qadah urishtirayotganini koʻrib ajablandi. Shu payt kimningdir:
— Siz bilan ichsam maylimi? — deya soʻragani eshitildi.
Dizmaning yonida polkovniq mundirini kiygan, baland boʻyli, qora soch bir odam ma’nodor jilmayib turardi.
Ular qadahlarini boʻshatishgach, polkovnik Dizmaga qoʻl uzatdi.
— Vareda.
— Dizma, — xuddi aks sadodek javob qildi Nikodim va uning qoʻlini qisdi.
— Tabriklayman sizni, — dedi Dizma tomon egilib polkovnik. — Anovi Terkovskiyni juda qoyillatdingiz-da. Hammasini koʻrib turuvdim.
Dizma qip-qizarib kyotdi.
«Hozir u meni quvib soladi, — deya xayolidan oʻtkazdi u. — Lekin tilyogʻlamalik qilishiga oʻlasanmi!»
— Oʻsha ahmoqni oʻylaganingizda hozir ham qoningiz qaynab ketyapti, — dedi polkovnik va xaxolab kulib yubordi. — Tabriklayman sizni, pan... Dizma. Anchadan beri hech kim Terkovskiyning bunday adabini bermagan edi. Sizning sogʻligingiz uchun!
— Ahamiyati yoʻq! Faqat... salat bilan tarelkaga achinaman!
Vareda yana qah-qah otdi.
— Hazillashyapsiz chogʻi! Bu deyman juda askiyachi ekansizu, pan Dizma! Sizning sogʻligingiz uchun! Bilasizmi, — dedi u qadahni patnisga qoʻyar ekan, — axir bu juda ajoyib hazil boʻldi: Terkovskiyning ahamiyati yoʻq, salatga achinaman, dedingiz-a!
Polkovnik zavqlanib, tinimsiz qahqaha otardi. Garchi polkovnikning nimadan bunchalik zavqlanayotganini tushunmasa-da, ogʻzidagi buterbrodini yutishga ulgurmagan Dizma ham unga qoʻshilishib kula boshladi.
Vareda Dizmaga papiros uzatdi. Shundan soʻng ikkovi deraza yoniga oʻtishdi. Vareda bilan Dizma endigina papiros tutatishgan ham ediki, oʻrta boʻyli malla sochlariga oq oralagan, shisha kabi xira yaltirab turgan koʻzlari sovuq bir odam tez-tez yurib, ularning oldiga keldi.
— Vatsek! — deya qichqirdi u. — Papirosingdan choʻz. Oʻzimnikini unutib qoldiribman.
Polkovnik yana choʻntagidan kumush portsigarini chiqardi.
— Marhamat. Tanishtirishga ijozat ber: pan Dizma! Pan ministr Yashunskiy!
Dizmaning yuragi orqasiga tortib ketdi: u umri bino boʻlib, hali ministrni koʻrmagan edi. Liskovdagi pochta idorasida ministr toʻgʻrisida gaplashishgan kezlari bu soʻz u yerdagi kishilar tasavvurida qandaydir xayoliy, mavhum, juda yiroq va yetib boʻlmaydigan bir tushuncha sifatida namoyon boʻlardi... Nikodim zoʻr ehtirom bilan ministrning qoʻlini qisdi.
— Tasavvur qilgin-a, — dedi polkovnik, — pan Dizma hozir anovi ahmoq Terkovskiyni rosa bopladi-da.
— Ah! Oʻsha odam sizmisiz? Buni qarang-a! — jonlanib ketdi ministr. — Eshitdim, eshitdim. Xoʻsh-xoʻsh!
— Bunisiyam mayli-ya, — deya davom etdi polkovnik, — men pan Dizmani tabriklagan edim, u boʻlsa: «Terkovskiyning ahamiyati yoʻq, salatga achinaman!» deb javob qildi. Tasavvur qilgin-a: salatga!
Ikkovi qahqaha otib kulishdi. Dizma ham beixtiyor ularga qoʻshilib kula boshladi. Shunda ministr birdan jimib qoldi-da, ma’nodor qilib dedi:
— Oʻzbilarmon odamlarning ahvoli shunaqa boʻladi. Hech kimni pisand qilmay qoʻygan edi, hayvon. Endi boʻlsa...
— Salatga ham arzimas ekan! — deya gapni olib ketdi polkovnik Vareda.
Hammasi yana xaxolab kulib yubordi, ministr esa Dizmaning qoʻltigʻidan tutib, quvnoqlik bilan dedi:
— Harqalay, sizni chin yurakdan tabriklayman, pan Dizma. Chin yurakdan. Agar mamlakatimizda ahmoqlarning dodini beradigan siz kabi kishilar koʻproq boʻlganida, ahvolimiz butunlay boshqacha boʻlardi. Ha, bizga kuchli odamlar kerak.
Ularning yoniga yana bir necha erkak kelib, suhbat qizib ketdi.
Dizma oʻzini bosib olgandi. Toʻqlik va uch-toʻrt qadah kon'yak ta’sirida uning asablari ancha joyiga tushgan edi. Avvaliga u, meni bironta odamga oʻxshatishyapti, deb oʻyladi. Kim bilsin, ehtimol, Varshavada u bilan familiyasi bir xil boʻlgan biror qarindoshi bordir? Biroq keyin u, bular allaqanday Terkovskiyni koyib berganim uchun meni oʻzimizning odam hisoblashyapti, degan qarorga keldi. Kim ekan oʻsha Terkovskiy? U ham biror mansabdor boʻlsa kerak-da, albatta!
Shularni oʻylar ekan, Dizma tezroq juftakni rostlashga qaror qildi. Nikodimni, ayniqsa, nariroqda uni diqqat bilan kuzatib turgan keksa bir janob tashvishga solib qoʻygan edi. Oʻsha janob Dizmaning yuziga qarash uchun hatto bir-ikki marta uning atrofidan aylanib ham oʻtdi.
«Obbo la’nati! Bu aljigan cholga nima kerak oʻzi?»
Tezda bu savolga javob ham topildi. Keksa janob yonidan oʻtib ketayotgan kel'nerni toʻxtatdi-da, Dizma tomon bosh irgʻab, unga allanima dedi. Kel'ner unga ta’zim qilib, Dizmaning yoniga keldi.
— Sizdan bir minutga e’tibor berishingizni iltimos qilishyapti. .
Oʻzga chora qolmagandi. Juftakni rostlash haqida oʻylamasa ham boʻlardi. Nikodim cholga xoʻmrayib qaradi-da, oldinga qarab yurdi. Biroq chol ogʻzining tanobi qochib, jilmayganicha bidirlay ketdi:
— Meni afv etasiz, agar yanglishmasam, siz bilan bultur Krakovda, sanoatchilar s’ezdida tanishish sharafiga muyassar boʻlgan edim. Yodingizdami? Aprel' oyi edi... Deon Kunitskiy...
Chol kichkina qaltiroq qoʻlini xiralik bilan Dizmaga uzatdi.
— Deon Kunitskiy!
— Nikodim Dizma! Siz yanglishyapsiz: Krakovda hech qachon boʻlgan emasman. Meni bironta odamga oʻxshatyapsiz shekilli.
Chol kechirim soʻrab shunday bidirlay boshladiki, Dizma uning gapini arang tushunib oldi.
— Ha, ha, albatta, chollarning koʻzi oʻtmas boʻladi.... Parishonxotirligim uchun kechirasiz, lekin baribir gʻoyat xursandman. Bu yerda tanishlarim deyarli yoʻq desam boʻladi. Ikki ogʻiz gaplashishga birorta odam topilmasa-ya! Bir ishni hal qilishim kerak edi, shu boisdan ham bir oshnamdan taklifnoma toinb berishni iltimos qildim, lekin yolgʻizlik qursin... Sizni koʻrib juda xursand boʻlib ketdim, — deya jagʻi jagʻiga tegmay bidirladi chol, — ha juda xursand boʻlib ketdim. Boz ustiga qishloq xoʻjaligi ministri bilan yaqin aloqada ekansiz. Shundan keyin: tanishim-ku... yaxshilik qilib, pan ministr Yashunskiyga meni tanitib qoʻyar, deb oʻyladim. Ammo yanglishibman, meni kechirasiz!
— Hechqisi yoʻq.
— O, yoʻq, pan ministr bilan suhbatingizni boʻlib qoʻydim. Bilasizmi, men provinsiyada yashaydigan oddiy bir odamman. Biz qishloqilar shunaqa sodda, betakalluf boʻlamiz.
«Obbo, bunchya vaysamasa», — deya xayolidan oʻtkazdi Dizma.
— Bir qoshiq qonimdan kechasizu, — Nikodimni oʻz holiga qoʻnmay davom etdi Kunitskiy, — keksa bir odamga bitta yaxshilik qilmaysizmi?
— Qanaqa yaxshilik? — ajablandi Dizma.
— Mayli, mayli, xiralik qilmaymanu, lekin siz, pan Dizma, aytaylik, meni pan ministrga tanishtirib qoʻyganingizda, u kishi meni oʻz doʻstining yaqin odami, deb hnsoblardi.
— Doʻstining deysizmi? — ochiqdan-ochiq ajablandi Dizma. — Xe-xe-xe!.. Yoʻq demang, muhtaram doʻstim: sizning pan ministr bilan suhbatingizni oʻz qulogʻim bilan eshitdim. Oʻzim keksayib, koʻzim xiralashib qolgan boʻlsa-da, qulogʻim juda yaxshi eshitadi. Meni tanishtirib qoʻysangiz bas, u yogʻini... Masalan, pan ministrga: «Azizim pan ministr, ruxsat bering, sizga yaxshi tanishim Leon Kunitskiyni tanishtirib qoʻyay...» — desangiz bormi, juda ajoyib ish boʻlardi-da!..
— Nimalar deyapsiz, pan Kunitskiy... — e’tiroz bildirdi Dizma.
— Xiralik qilmayman, xiralik qilmayman... xe-xe-xe!.. Lekin sizdan gʻoyat minnatdor boʻlardim. Siz uchun bu juda oson-ku, shunday emasmi?
Qoʻshni zal eshigi ochilgan edi, mehmonlarning bari oʻsha yoqqa yura boshlashdi. Dizmaning yonidan oʻtar ekan, ministr Yashunskiy jilmayib qoʻydi va hamrohlariga qarab dedi:
— Bugungi kechaning qahramoni. :
Shu payt Kunitskiy Dizmani xiyol itarib oldinga oʻtkazdi-da, oʻzi ta’zim qilganicha qotib qoldi. Nikodim beixtiyor:
— Sizga doʻstim pan Kunitskiyni tanishtirishga ijozat etgaysiz, — deb yubordi.
Yashunskiyningʻ ajablanganligi yuzidan shundoq sezilib turardi. Ministr ogʻiz ochishga ham ulgurmay Kunitskiy uning qoʻlidan tutib, bidirlay ketdi: u shunday ajoyib davlat arbobi bilai tanishishdan juda baxtiyor emish. Vatan, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi va jumladan, oʻrmonchilik oldida pan ministrning xizmatlari gʻoyat katta ekan; Kunitskiy oʻla-oʻlguncha shu baxtiyor damni unutmasmish, chunki ziroatchi va yogʻoch tilish korxonalarining egasi sifatida bu xizmatlarning qadrini bilarmish, biroq afsuski, pan ministrning qoʻl ostidagi hamma odamlar ham uning buyuk rahbar gʻoyalarini toʻgʻri tushunishavermas emish, lekin shunga qaramay bunga erishsa boʻlar ekan; shu boisdan ham u, ya’ni Kunitskiy uni pan ministrga tanitib qoʻygani uchun muhtaram pan Dizmadan gʻoyat minnatdor emish.
Chol shu qadar tinimsiz bidirlar ediki, gʻoyat ajablangan ministr faqat:
— Juda xursandman, — deyishga ulgurdi.
Biroq shilqim chol Yerodno viloyatidagi davlat oʻrmonlari va allaqanday yogʻoch zavodlari haqida ogʻiz ochgan edi, ministr darhol uning gapini boʻldi:
— Hech boʻlmasa banketda meni shu ishlardan tinch qoʻying. Boʻlmasam ministrlikda qiladigan ishim qolmaydi.
U Dizma bilan qoʻl berib xayrlashdi-da, Kunitskiyga bosh irgʻab, zalga kirib ketdi.
— Juda metin ekanu bu ministringiz, — deya gap qotdi Kunitskiy. — Uni shunday odam deb sira oʻylamagan edim. Oʻzi doim shunaqami?
— Doim shunaqa, — har ehtimolga qarshi javob qildi Dizma.
Rasmiy tantanalar tugab, mehmonlarni restoranga taklif qilishdi.
Chol Dizmaga yopishib oldi. Ziyofatda ham u Nikodimning yonida tinmay gapirib oʻtirdi. Dizmaning boshi aylanib ketdi. Toʻgʻri, bunga kon'yak bilan ikki-uch qadah vino ichgani sabab boʻlsa kerak. Gʻoyat charchaganidan uning uyqusi kela boshladi. Garchp qorni toʻq boʻlsa-da, oʻqtin-oʻqtin yana ovqat yeyishga va ichkilik ichishga toʻgʻri kelar, bundan esa u qattiq azoblanar edi. Dizma Lutskayadagi uyiga qaytib, deraza oldidagi buklama koykasida qanday huzur qilib uxlashi toʻgʻrisida oʻylay boshladi. Ertaga yakshanba — harqalay soat oʻnlargacha uygʻotishmasa kerak. Biroq Kunitskiy uning qoʻltigʻidan tutdi.
— Menga qarang, azizim, soat endi oʻn bir boʻlibdi. Keling, bir qadah-bir qadah ajoyib venger vinosidan ichaylik. Men shu yerda, Yevropa mehmonxonasining ikkinchi qavatidan nomer olganman. Iltimos qilaman. Xoʻsh, azizim pay Dizma, yoʻq demaysiz-a! Qitdek-qitdek vino ichib, tinchgina xonada oʻtiramiz... A? Xoʻp deng, koʻp emas, yarim soat, chorak soat...
Shunday deya chol Dizmani deyarli surgab oʻz xonasiga boshladi. Ular vestibyulga chiqishib, tezda kenggina nomerga kirishdi. Kunitskiy telefon qilib, venger vinosidan keltirishni buyurdi.
Bu orada pastdagi oynaband aylanma eshik har aylanishida silindr kiygan erkaklar va bashang xonimlarni purkab chiqarmoqda edi. Trotuar chetida turgan shveysar:
— Pan Yashunskiyning mashinalari — deya qichqirdi.
Yaltiroq limuzin eshik oldiga kelib toʻxtadi.
— Menga qara, Vatsek, Terkovskiyni boplagan anovi oshnangning familiyasi nima edi? — soʻradi ministr polkovnik Vareda bilan xayrlashar ekan.
— Quling oʻrgilsin yigit! — dedi qat’yy ohangda oyogʻida arang turgan polkovnik. — Familiyasi Dizma. Juda qoyillatdi-da oʻziyam.
— Kunitskiy bilan doʻstligidan pomeshchik yoki sanoatchi boʻlsa kerak. Oʻsha Qunitskiy shpal yetkazib berish munosabati bilan bir sudlashgan edi.
— Aytyapman-ku senga: shovvoz yigit! Uncha-muncha odamga gap bermaydi.
— Ha, rost aytasan, kuchli xarakter. Frenologiyaga ishonaman. Peshanasi va pastki jagʻi turtib chiqqan. Frenologiyada gap koʻp. Xoʻp, salomat boʻl.
Motor gurillab, eshiklar sharaqlab yopildi. Polkovnik trotuarda yolgʻiz qoldi.
— Nima balo, jin urgurning kayfi oshib qolganmi, — derdi oʻziga-oʻzi Vareda. — Xarakterning xronologiyaga nima aloqasi bor?
2-bob
Yashil abajurli stol lamlasi baxmal dasturxondagi sigara solingan quti, mogʻor bosgan shisha va qahrabo rangli suyuqlik toʻla ikkita qadah qoʻyilgan kichik bir doirani yoritib turardi. Gʻira-shira qorongʻilikda xonadagi anjomlarning tarxi koʻzga arang chalinardi.
Dizma oʻzini yumshoq kresloga tashlab, koʻzini xiyol yumdi. Boya yegan ovqatlari endi uni lohas qilmoqda edi. Agar stolning narigi yogʻida nimjon suhbatdoshining oppoq yoqasi va bir dona ham qora tolasi qolmagan sochlari lipillab turmaganida, Nikodim cholning xuddi marjoklarni ipga terayotgandek bir maromda soʻzlashidan uxlab qolishi turgan gap edi.
Kunitskiy nim qorongʻida kichkina va oʻtkir koʻzlarpni Dizmaningʻ koʻzidan uzmay tinimsiz gapirmoqda edi.
— Ana shunaqa, provinsiyadagi mayda chinovniklar dastidan oʻlar boʻlsak oʻlib boʻldik. Qachon qarasang tirgʻilishgani tirgʻilishgan. Nuqul sirkulyar va ustavlarni pesh qilishadi. Hammasi meni xonavayron qilib, ishchilarimni bir burda nondan mahrum qilish payida. Pan Dizma, oʻlay agar, meni faqat siz qutqarishingiz mumkin.
— Men-a? — ajablandi Dizma.
— Ha, siz, — ishonch bilan takrorladi Kunitskiy. — Ishonasizmi, shu ish bilan Varshavaga toʻrtinchi bor kelishim. Shuning uchun: agar bu gal ham oʻsha befarosat, oʻsha loʻttivoz Ol'shevskiyni yenga olmasam, agar ministrlikda davlat oʻrmonlaridan durustroq shart bilan yogʻoch olishga erisholmasam, hamma ishga chek qoʻyaman, degan qarorga keldim! Hammasining bahridan oʻtaman! Yahudiylarga taxta tiladigan, mebel', qogʻoz va sellyuloza ishlab chiqaradigan barcha fabrikalarimyai sotib yuboraman. Mayli, aytganlariga ola qolishsin. Keyin ahvolim nima kechadi bilmayman. Ehtimol, oʻzimni oʻzim otib tashlasam kerak! Sizning sogʻligʻingiz uchun, pan Dizma, — deya gapini tugatdi Kunitskiy va qadahdagi vinoni bir simirishda ichib yubordi.
— Lekin sizga qanday yordam berishim mumkin?
— Xe-xe-xe! Hazillashyapsiz, azizim. Xiyol ezgulik qilsangiz bas, xiyolgina... O, kechirasiz, buning uchun qimmatbaho vaqtingiz sarflanishini juda yaxshi tushunaman, keyin... turli xarajatlar degandek… Ammo, sizning aloqalaringiz bilan... e-he!
U stulini Nikodimga yaqinroq surib oʻtirdi-da, butunlay boshqacha ohangda davom etdi:
— Ochigʻini aytay — agar oldimda bexosdan bir sehrgar paydo boʻlib: «Kunitskiy! Hamma ishingni toʻgʻrilayman, anovi ahmoq Ol'shevskinni ketiga tepib, haydayman-da, oʻrniga gapga koʻnadigan odamni tayinlayman, keyin senga istaganingcha yogʻoch undiraman... Buning evaziga sen nima berasan?» — desa, men sira ham oʻylab oʻtirmay: «O sehrgar! Oʻttiz ming, boring oʻttiz besh mingni naqd sanab beraman! Xudo haqqi! Oʻn mingini shu yerdayoq, qolganini ish bitgandan keyin», — degan boʻlardim.
Kunitskiy Dizmaning javobini kuta boshladi. Biroq Nikodim indamay oʻtirardi. U Kunitskiy oʻziga pora taklif qilayotganini tushunib qoldi. Holbuki, u ya’ni Nikodim Dizma hatto oyogʻi qolib, boshi bilan yurgan taqdirda ham cholning iltimosini bajo keltirolmagan boʻlardi. Dizma orzu qilish u yoqda tursin, hatto tasavvur ham qilolmaydigan bunday katta pul ushbu bitimning xom xayolligidan dalolat berib turardi. Agar Kunitskiy unga toʻrt yuz-besh yuz zlotiy taklif qilganida edi, butun ish oʻzining tabiiyligini yoʻqotib, Dizmaga cholni chuv tushirib ketish uchun qulay imkoniyat boʻlib koʻringan boʻlardi. Nikodim hatto borib hammasini politsiyaga aytaman, deb cholni qoʻrqitsammikii, degan xayolga ham bordi. Zora qutulib ketish uchun ellik-oltmish zlotiy bersa. Liskovda mayda ishlarni koʻruvchi sudning kotibi Yurchak shu yoʻsinda yuz zlotiy ishlab olgan edi. Ammo kotibning yoʻrigʻi boshqa: u oʻz idorasida oʻtiradi, mansabdor odam...
Dizmaning bunday sukut saqlashi Kunitskiyni dovdiratib qoʻydi: u nima deb oʻylashini ham bilmay qolgan edi. Ishqilib, haddidan oshirib yubormadimikan? Dizma buni haqorat deb tushunsa-ya? Axir bu halokat degan gap. Kunitskiy shu ishni deb anchagina odamlarni oʻrtaga solib koʻrgan, koʻp vaqtini sarflab, pulni ham ayamagan edi. Endi boʻlsa dard ustiga chipqon deganlaridek… Chol shu zahoti xatosini tuzatib, suhbatdoshining koʻnglini olishga qaror qildi.
— Ha, albatta, hozirgi zamonda sehrgarlar qayda deysiz, xe-xe-xe... Keyin senga xayrixoh boʻlgan eng yaqin doʻstingdan ham oʻz koʻzi bilan koʻrmagan ishlarni toʻgʻrilab berish haqida iltimos qilish mumkin emas. Shunday emasmi axir?
— Albatta.
— Menga qarang! Miyamga bir fikr kelib qoldi! Pan Dizma, azizim, mendan iltifotingizni ayamay, bir necha haftaga Koborovoga borsangiz. Qishloqda dam olib, bir oz koʻngil ochasiz... Ajoyib havo, ot minib sayr qilasiz, koʻlda motorli qayigʻim bor... Ayni paytda mening xoʻjaligim bilan tanishasiz, taxta tilish zavodini koʻrasiz... Xoʻsh, otaxon, kelishdikmi?
Bu yangi taklifdan Dizmaning ogʻzi ochilib qoldi.
Kunitskiy esa qistashdan toʻxtamasdi, nuqul qishloqda, qaragʻayzorda dam olishning afzalliklari haqida ogʻiz koʻpirtirardi. Boz ustiga uiing xonimlari ham poytaxtdan kelgan mehmon uchun undan gʻoyat minnatdor boʻlisharmish.
— Lekin, pan Kunitskiy, — deya uning gapini boʻldi Dizma, — men dam olish goʻgʻrisida oʻylamasam ham boʻladi! Busiz ham juda koʻp dam olyapman.
— O, dam olish hech qachon ortiqchalik qilmaydy!
— Men ishsizman, — alam bilan iljaydi Dizma.
U cholning endi hafsalasi pir boʻlsa kerak, deb oʻylagan edi. Biroq Kunitskiy ajablanish oʻrniga xaxolab kulib yubordi.
— Xe-xe-xe! Juda hazilkash ekansizu! Ishsiz emish-a! Ha, .albatta, savdo va sanoat sohasida hozir yaxshi joy topish qiyin. Davlat xizmatining esa izzati koʻpu, puli kam. Hatto baland martabali chinovniklarning ham maoshini yaxshi deb boʻlmaydi.
— Bundan mening ham qisman xabarim bor, — deya uning gapini tasdiqladi Dizma, — oʻzim ham uch yil davlat xizmatida boʻlganman.
Toʻsatdan Kunitskiyning miyasiga bir fikr kelib qoldi.
«Juda usta ekansanu, birodar, — deya xayolidan oʻtkazdi u. — Agar tekinga olishni istamasang yanayam yaxshi».
— Azizim, pan Dizma! Siz bilai tanishgan zahotim, negadir bu odamni menga xudo yetkazdi, deb oʻylagan edim. Zora shu fikrim rost chiqsa! Pan Dizma, qadrdonim pan Nikodim, ikkovimizning ham ishimiz oʻngidan kelyapti! Siz durustroq ish qidirayotgan ekansiz, men esa shunday yoshga yetdimki, kundan-kun madorim qurib boryapti. Hurmatli doʻstim! Beodobligim uchun jahlingiz chiqmasin... Lekin aytaylik... mening yer-mulkim va fabrikalarimni boshqarishni oʻz zimmangizga olishni taklif qilsam, nima deysiz! Siz buni oson ish deb oʻylamang. Xoʻjaligim juda katta, oxirini koʻz ilgʻatmaydi!
— Bilmadim, eplay olarmikinman. Axir bu sohada hech nimani tushunmayman, — deya ochiqdan-ochiq iqror boʻldi Dizma.
— O, siz tezda oʻrganib ketasiz, — e’tiroz bildirdi Kunitskiy. — Aytmoqchi, fabrikalarni oʻzim bir amallab eplayman. Lekin doim u yoq-bu yoqqa borib, turli idoralarda ish bitirish, qandaydir Ol'shevskiyning iltifotiga sazovor boʻlish uchun oʻlib-tirilish, ministrliklardagi odamlar bilan kelishish uchun qartayib qoldim. Bunaqa ishlar uchun kattalar bilan aloqasi yaxshi boʻlgan, uni koʻrganda turli Ol'shevskiylar pisib qoladigan gʻayratliroq odam kerak. Keyin u mendan yoshroq boʻlishi lozim. Siz hali qirqqa ham kirmagai boʻlsangiz kerak?
— Oʻttiz oltiga toʻldim.
— Ayni ishlaydigan paytingiz ekan! Azizim, yoʻq demang: qulay xonalarda turasiz — istasangiz bizning uyimizda, istasangiz alohida fligelda yashayverasiz. Otlar, mashina sizning ixtiyoringizda boʻladi. Oshpazlarimiz ham juda yaxshi. Keyin shaharga juda yaqin. Varshavadagi doʻstlaringizni koʻrgingiz kelib qolsa — marhamat, gʻizillab tushib chiqaverasiz. Shartiga