tungi.ru

Muttahamning parvozi (I- qism) (11-bet)

— dedi. Dizma xaxolab kulib yubordi. Unga Kshepitskiyning xazili juda yoqib tushgan edi. U pani Pshelenskayaning yangi mehmonlarni kutib olish uchun chiqib ketganidan foydalanib:

— Shoshmang, men ham unga biror narsa aytaman, — dedi.

— Faqat juda qattiq gapirmang! — ogohlantirdi uni Kshepitskiy.

Nikodim professorga qarab dedi:

— Basharangni it yaladi, qari tasqara!

— Kechirasiz, nima, nima?

— It yaladi!

— Kechirasiz, eshitmadim. Nima dedingiz?

Dizma kulgidan, oʻzini tiyolmay qoldi. Chol ularning shumligini sezgandek boʻlib, shubhalana boshladi. Shu payt Kshepitskiy gapga aralashdi, u professorning qulogʻiga:

— U sizga yangi latifa aytib bermoqchi! — deya qichqirdi.

— Ha, eshitaman, eshitaman.

Bu orada mehmonxonaga yana bir necha odam kirib keldi. Ular yangi mehmonlar bilan koʻrishib ulgurishmasdanoq, eshikda polkovnik Vareda paydo boʻldi. Bu hol Dizmani latifa aytishdan qutqarib qoldi.

— Salom, Nikus'! Oʻzingmisan! — deya xitob qildi polkovnik.

— Salomatmisan Vatsus'?

— Xoʻsh, qalay? Yashunskiydagi ishingni bitkazdingmi?

— Rahmat, hammasi joyida.

Mehmonxona va qoʻshni boʻlmalar gavjum boʻlib ketdi. Asosan erkaklar kelishgan boʻlib, ularning orasida faqat besh-oltitagina yoshi oʻtib qolgan xonimlar koʻrinardi. Ba’zilar allaqachon bridj oʻynagani oʻtirishgandi.

Nikodim Vareda bilan hol-ahvol soʻrashib boʻlguncha Ulyanitskiy yetib keldi. Ministr ehtiyot choralarini koʻrib qoʻygan boʻlishiga qaramay, polkovnik Dizmaning loyihasidan xabardor ekan. Ulyanitskiy sira tortinmay loyiha toʻgʻrisida gapira boshladi. Uning aytishicha, ish juda yurishib ketganmish. Vareda Nikodimni tabrikladi va unga oʻzining ulkan loyihasini amalga oshirishda muvaffaqiyat tiladi.

Shu payt ularning yoniga pani Pshelenskaya kelib, bridj oʻynamaysizlarmi, deb soʻradi. Vareda bilan Ulyanitskiy bu taklifni bajonu dil qabul qilishdi.

Hamma partiyalardagi oʻrinlar band boʻlganidan Pshelenskaya, meni sherik qilinglar, deb taklif qildi. Dizma bridj oʻynashni bilmasdi, shuning uchun toʻrtinchi oʻringa qandaydir ozgʻin bir janobni chaqirishdi: Dizma keyinchalik bilsa, bu odam politsiyaning katta amaldorlaridan biri ekan.

Nikodim avval oʻyinni tomosha qilib turdi, soʻng joniga tekkach, oʻyinda ishtirok qilmayotgan erkaklar oldiga bordi. Ular orasida Kshepitskiy ham bor edi.

Dizma nari ketgan zahoti politsiyachi amaldor Pshelenskayadan soʻradi:

— Pan Dizma kim boʻladilar?

— Pan Dizma? — ajablandi Pshelenskaya xonim, — Nahotki uni tanimasangiz?

— Afsus, tanimas ekanman...

— Rosti bilan-a? — soʻradi Ulyanitskiy. — Terkovskiy mashmashasi esingizdami?

— Eh, shunaqa deng. Tushunarli.

— Pan Dizma, — deya gap qotdi pani Pshelenskaya, — juda obroʻli odam. U mening jiyanim Jorj Ponimirskiy bilan Oksford universitetida birga oʻqigan. Ular oʻshandan beri doʻst.

— Pomeshchikmi?

— Ha. Asli Kurlyandiyadan. Hozirgi kunda jiyanimning mulkida boshqaruvchi boʻlib ishlayapti.

— Nikodimning boshi oltin! — deya xonimning gapini tasdiqladi Ulyanitskiy. — Yashunskiy, u hammamiz oʻylaganimizdan ham uzoqroq boradi, deyapti.

— Quling oʻlgursin yigit! — qoʻshimcha qildi Vareda.

— Juda yoqimtoy kishi! — deya ishontirdi uy bekasi.

— Chindan ham, — dedi ishonch bilan politsiya amaldori, — juda jiddiy odam koʻrinadi.

— Ikki chillik, — deya e’lon qildi Ulyanitskiy qalin qoshlarini yuqori koʻtarib.

— U holda biz uch chillik deymiz, — gap qotdi Ulyanitskiy bilan sherik boʻlib oʻynayotgan pani Pshelenskaya.

Dizma zerika boshladi. Manovi oʻyinga berilib ketgan kishilarni koʻrib u oʻzicha hayratlanardi. Nikodim bir talay buterbrod bilan pirojniy yeb, bir necha qadah kon'yak ichdi. Uyinda qatnashmayotgan mehmonlar xalqaro siyosat va ot poygasi haqida suhbatlashib oʻtirishardi. Dizma bu ikkala mavzuga mutlaqo befarq edi. U qanday qilib chiqib ketsam ekan, deb oʻylay boshladi. Bir payt uy bekasi bir zum stol yonidan turgan edi, Dizma fursatdan foydalanib, unga yetib oldi va:

— Kechirasiz, men ketishim kerak, — dedi.

— Afsus! Chindan ham ketishingiz shartmi?

— Ha, ertaga azonlab joʻnamoqchiman, uxlab olmasam boʻlmaydi.

— Men anovi ish haqida siz bilan batafsilroq gaplashib olmoqchi edim...

— Hechqisi yoʻq, gaplashamiz hali: men yaqinda yana Varshavaga kelaman.

Dizma aslida tezroq borib uxlashni xayoliga ham keltirmagan edi. U ertalab soat yettida Koborovoga joʻnashga shay boʻlib kelishni buyurib, shofyorga javob berib yubordi-da, oʻzi piyoda ketdi.

Tun allamahal boʻlib, koʻchalar huvillab qolgandi. Onda-sondagina kechikkan yoʻlovchilar uchrab qolardi. Faqat Yangi dunyo maydonigina gʻavjum edi. Bu yerda qiliqlaridan kasbi korlari shundoq koʻrinib turgan koʻplab ayollar sayr qilib yurishardi.

Dizma qarab-qarab, oxiri qorachadan kelgan, baland boʻyli bir juvonni tanladi. Ular tezda bir bitimga kelishdi.

Nikodim mehmonxonaga qaytganida endigina tong ota boshlagan edi. U Man'kani eslab, tunni u bilan oʻtkazmaganiga afsuslanib qoʻydi.

Osmon qora bulutlar bilan qoplangan edi. Soat yettiga yaqin yomgʻir yogʻa boshladi.

Dizma mehmonxona haqini toʻladi. Shu payt soyaboni koʻtarib qoʻyilgan avtomobil' yetib keldi-yu, Nikodim ob-havoni la’natlab, mashinaning bir burchagiga biqinib oʻtirib oldi.

U Grodno tomon yoʻl oldi. Nikodim Kunitskiyni hayratda qoldirish uchun Koborovoga tayyor natija bilan kirib bormoqchi edi. Aslida bunday muvaffaqiyatdap oʻzining ham boshi qotib qolgandi. Nikodim Kunitskiy bayon qilib bergan rejani ustalik bilan takrorlagani uchungina ministrning koʻmagiga erishganini juda yaxshi tushunardi. Agar bir oz bosh qotirib, mulohaza qilgudek boʻlsa, birovlarning fikrini oʻziniki qilib koʻrsatish gʻoyat foydali ekan degan xulosa kelib chiqardi.

Dizma bu uslubni kengroq qoʻllashga qaror qildi. Lekin ancha ehtiyot boʻlish kerak, albatta. U shu paytgacha oʻziga erishib boʻlmaydigandek tuyulgan kiborlar jamiyatiga aralashib yurish imkoniyatidan gʻoyat xursand edi. Endi u bu jamiyat bilan el boʻlib ketishiga ishona boshlagandi. Nikodim, Kunitskiy endi meni haydash u yoqda tursin, menday boshqaruvchiga tish-tirnogʻi bilan yopishib oladi, deb qat’iy ishonardi.

«Ana shunda bir narsalik boʻlib qolish mumkin. Qani, maoshimni oshirmay koʻrsin-chi, ablah».

Nikodim kaftini ishqab qoʻydi. U oʻz hayotida yangi sahifa ochilganini his etardi. Bu sahifa kim tomonidan va nima sababdan yozilganligi esa uni qiziqtirmasdi. Yashunskiy bilan qilgan suhbatidan u gʻalla loyihasini amalga oshirishda oʻzi, ya’ni Dizma chetda qolmasligini bilardi. U ministr nimani nazarda tutganligini tasavvur qilolmas va shu boisdan, menga mukofot berishsa kerak, deb oʻylardi. Liskovdagi pochta kontorasining boshligʻi pan Bochek bir kuni okrug pochta direksiyasining chinovniklaridan biri xatlarga shtampel' qoʻyishning yangi usulini kashf etgani uchun ming zlotiy mukofot olganini aytib bergan edi. Unga esa koʻproq berishsa kerak, chunki gʻalla xat emas-da, sizga!

Nikodim pan Bochek bilan Liskovni eslar ekan, jilmayib qoʻydi.

«Agar ular hozir mening qanday maosh olib, qanaqa odamlar bilan ulfatchilik qilib yurganimni bilishsa, nima deyisharkin? Hammasining esi ogʻib qolsa kerak! Juldurvoqilar!»

Ministrlar, graflar... Kimsan, pani Pshelenskayadek xonim uni ziyofatga taklif qildi-ya...

Darvoqe, bu narsadan Nikodim unchalik hursand emasdi. Unga, Ponimirskiyning ishiga aralashib bekor qildim, degan fikr azob berardi. Bu ishdan baribir hech nima chiqmaydi. Lekin falokat bosib bu haqda Kunitskiy bilsa bormi, boshi baloga qolishi mumkin. Muttaham! U shu qadar badavlatki, Dizmadan albatta oʻch olishi mumkin.

Ponimirskiyga xolasi hech nimani eshitishni istamaganligi, qarzini esa allaqachon kechib yuborganligini aytib undan qutulish kerak. Yagona yoʻli shu.

Dizma Grodnoga yetguncha yoʻlda ana shularni oʻylab bordi.

Shaharni yaxshi biladigan shofyor mashinani toʻgʻri oʻrmon direksiyasi joylashgan kazarmaga oʻxshash gʻishtin uy oldida toʻxtatdi.

Soat besh boʻlib qolgandi. Shu boisdan Dizma idorada navbatchidan boʻlak hech kimni topolmadi.

— Men pan Ol'shevskiy oldiga keldim. U shu yerdami?

— Yoʻq. Qabul paytida keling, — deya quruqqina javob qildi navbatchi.

Dizma oʻshqirib berdi.

— Qabul payti siz uchun oʻylab chiqarilgan, yigitcha, men uchun emas. Keyin, umuman, xushmuomalaroq boʻling, kim bilan gaplashayotganingizni bilmaysiz hali.

— Nahot qoʻpollik qilgan boʻlsam? — deya oʻzini himoya qila boshladi navbatchi. — Kim bilan gaplashayotganimni qayoqdan bilay? Hatto ismingizni ham aytganingiz yoʻq-ku, axir.

— Boʻldi, boʻldi, koʻp takallufsizlik qilavermang. Qani, zingʻillab, oʻsha pan Ol'shevskiyingizning oldiga boring-da, ministrning topshirigʻi bilan pan Dizma kelganini ayting. Darhol yetib kelsin, mening vaqtim yoʻq.

Qoʻrquvdan kapalagi uchib ketgan navbatchi ta’zim qila-qila, bu yerdan ketishga haqi yoʻqligini, lekin direktorning uyiga qoʻngʻiroq qilishi mumkinligini aytdi.

U Nikodimni boshligʻining kabinetiga kuzatib qoʻydi va bu dimogʻdor odamning direktor kreslosiga yalpayib oʻtirib olganidan sira ajablanmadi.

Oradan chorak soat ham oʻtmay Ol'shevskiy yetib keldi. Koʻrinishidan u hozirgiia uyqudan turgan edi. Direktorning hayajonlanayotgani yaqqol sezilib turardi: toʻrtburchak yuzining bir tomoni lipillab uchar, ingichka malla moʻylovi ikki yoqqa choʻzilib, lablari ehtirom bilan tabassum qilardi. Ol'shevskiy mehmon uning kreslosini egallab olganidan dovdirab qolgan boʻlsa-da, sir boy bermaslikka harakat qildi.

— Ol'shevskiy! Gʻoyat xursandman...

— Xursandmisiz, yoʻqmi, buni bilmayman, — deya javob qildi Nikodim oʻrnidan xiyol koʻtarilib, qoʻlini uzatar ekan. — Dizma!

— Nega endi, xursandman, albatta... Xuddi shu bugun ertalab ministrlikdan telefonogramma oldim.

— Ishdan boʻshatilganingiz haqida buyruq olmaganingiz uchun xudoga shukur qiling.

— Lekin, pan Dizma, — deya hayajonlanib e’tiroz bildira ketdi Ol'shevskiy, — menda ayb yoʻq. Men doim barcha ustav va buyruqlarga soʻzsiz rioya qilib kelganman. Ularning biror harfini ham buzgan emasman...

— Xoʻsh, nima qilibdi? — istehzo bilan soʻradi Dizma. — Ba’zan oʻz mamlakatimiz firmalariga chiqindi yogʻoch berib, qolganini arzon-garovga chet elga pullayotganingizda ham oʻsha harfga rioya qilganmisiz?

Ol'shevskiy behisob sana va paragraflarni roʻkach qilib, oʻzini oqlay boshladi. Shundan soʻng Dizma Kunitskiyning koʻrsatmalari bilan toʻlib ketgan yon daftarini oldi-da, hujumga oʻtdi. U Ol'shevskiyni rasmiyatchilikda aybladi. Direktor ba’zan biror qaror qabul qilish qanday qiyinligini aytib, kechirim soʻray boshlagan edi, Nikodim sira tutilmay Yashunskiyning aforizmini takrorladi:

— Boshqarish san’ati tez qaror qabul qila bilishdan iborat, azizim!

U choʻntagidan Yashunskiyning tashrifnomasini olib, amaldorning qoʻliga tutqazdi. Ol'shevskiy qoʻllari qaltirab, pensnesini uzoq qidirdi va nihoyat uni topib, tashrifnomadagi xatni oʻqib chiqqach, yanada muloyimroq boʻlib qoldi.

U doim qonunga rioya qilganligi, xotini va toʻrt bolasi borligi, idorasidagi xizmatchilarning hech ishga yaramasliklari, koʻrsatmalarning esa koʻpginasi bir-biriga zid kelishi va shu boisdan ham ularni turlicha ijro etishga majbur boʻlayotganligini aytib, Dizmani oʻz tajribakorligiga ishontira boshladi. Mazkur ish boʻyicha esa hammasini pan Kunitskiyning oʻzi chalkashtirib yuborganmish, biroq, u ya’ni Ol'shevskiy, hozir buning uchun hech qanday toʻsqinlik koʻrmay, unga bemalol yogʻoch beraverishi mumkin emish.

Nihoyat, maxsus mashinistka chaqirilib, ular Kunitskiy koʻrsatmalarining «harfiga» rioya qilgan holda hujjatlarni rasmiylashtira boshlashdi.

Ishni tugatishganida qorongʻi tushgan edi. Ol'shevskiy Dizmani kechki ovqatga taklif qildi. Biroq Nikodim ministrning doʻsti degan shuhratdan mahrum boʻlmaslik uchun minnatdorchilik bildirib, ovqatlanishdan bosh tortdi. Dizma amaldor bilan xayrlashar ekan, uning yelkasiga qoqib dedi:

— Xoʻsh, hamma ish joyida boʻldi. Bundan buyon men bilan tortishib oʻtirmaslikni maslahat beraman, azizim. Chunki siz uchun oqibati baxayr boʻlmaydi.

O‘xshash hikoyalar