Muttahamning parvozi (II- qism) (3-bet)
tikilib qoldi.
— Xoʻsh, Pshelenskaya xolam bilan anovi Kshepitskiy sizni qanday kutib olishdi? Oldilariga solib quvishmadim-i?
Dizma grafning yoniga oʻtirmoqchi edi, biroq Ponimirskiy uni imo bilan toʻxtatdi:
— Sizdaqa kishilarning huzurimda oʻtirishlarini yoqtirmayman. Qani, loʻnda-loʻnda gapiring, lekin yolgʻon ishlatmang.
Nikodim telba odam bilan gaplashayotganini bilsa-da, lekin negadir yuragi poʻkillardi. U ministrdan ham, generallardan ham, Varshavadagi boʻlak nufuzli amaldorlardan ham bunchalik choʻchimagan edi.
Dizma, Pshelenskaya uni yaxshi qabul qilgani, lekin xonim bilan Kshepitskiy hozir hech nima qilib boʻlmasligi sababli bu ishni bir necha yil qoʻyib turish lozimligini aytishgani haqida hikoya qila boshladi.
U gapini tugatgach, Ponimirskiy pishillab soʻradi:
— Jin ursin! Yolgʻon gapirmayapsizmi?
— Yoʻq.
— Bilasizmi, umrim bino boʻlib, shunday siyqa, ahmoqona hikoyani eshitmagandim. Biror maktabni tugatganmisiz oʻzi?
Dizma indamay turaverdi.
— Ish masalasiga kelsak, undan voz kechadigan ahmoq emasman. Tez kunda yana xat yozaman, siz uni Varshavaga olib borasiz. Xayr. Ketaverishingiz mumkin! Brut, bu yoqqa!
— Pani Nina-chi? — hayiqib eslatdi Dizma.
— Nina deysizmi?.. Ha, aytganday. Uni unutibman. U holda yuring, birga boramiz. Ninani olib ketasiz. U mening asabimga tegadi.
Nina ularni xiyobon muyulishida kutib oldi.
— Xoʻsh, yoshligingizni esladingizmi? — soʻradi u jilmayib.
— Albatta, — javob qildi Dizma.
— Azizim, — dedi ensasi qotibgina Ponimirskiy monoklini toʻgʻrilar ekan, — yosh va badavlat boʻlgan paytimizdan qolgan oʻsha xotiralar doim qalbimizni xushnud etadi. Shunday emasmi, qadrli kasbdosh?
Graf soʻnggi soʻzlarni ta’kidlab ayti-da, xaxolab kulib yubordi.
— Ha, albatta, kasbdosh, — deya tasdiqladi taraddudlanib Dizma. Buni eshitib, Ponimirskiyning yanada vaqti chogʻ boʻlib ketdi.
— Biz faqat Oksford va London haqida gaplashdik, — dedi u kulishda davom etib. — U yerda rosa shoʻxlik qilardik-da, oʻziyam. Oradan shuncha yil oʻtgach, sof ingliz nutqini eshitish menga qanchalik lazzat bagʻishlaganini tasavvur ham qilolmaysan, jonginam...
U barmoqlarining uchini Nikodimning yelkasiga tekkizib soʻradi:
— Isn’t it? Old boy?
Dizmaning chakka tomirlari oʻynab ketdi. U oʻylana-oʻylana, — xudoga ming qatla shukur! — nihoyat ba’zan notarius Vinderning oʻgʻli Liskov kiborlari orasida ishlatadigan yagona inglizcha soʻzni esladi:
— Yes!
Bu javobdan Ponimirskiyning boshi osmonga yetdi. Shu payt Nina Nikodimning sarosimaga tushganini sezib, qaytish vaqti boʻlganini aytdi. Unga Nikodim doʻstining ahvolini koʻrib ezilib ketgandek tuyuldi. Uning baxtiga, akasi Dizmani ortiq tutib turmadi va boshqa tentaklik qilmay xayrlasha qoldi.
— Boyoqish Jorj! U juda oʻzgarib ketibdimi? — deya soʻradi Nina ular xiyobondan ketishar ekan.
— Yoʻq, unchalik emas. Ehtimol, hali tuzalib ketar...
— Qoshkiydi... uning kasali sizga qanday yomon ta’sir qilganini sezdim. Sizni uni oldiga boshlab borib bekor qildim shekilli.
— Nega endi?
— Bilasizmi, pan Nikodim, yaxshisi, uning oldiga boshqa bormang... balki, bu narsa unga zarar qilar. Vrachlar, odamlar bilan uchrashsa; asabiylashadi, shu boisdan hayajonlanmagani ma’qul, deyishgan edi.
— Siz nimani istasangiz, shu-da.
— Men hech pnmani istamayman, — deya Nikodimning yelkasiga suykaldi Nina. — Sizga aytdim-qoʻydim. Siz esa, imonim komilki, qanday yoʻl ma’qul boʻlsa, shunday yoʻl tutasiz.
Soʻngra u oʻz qalbida gul ochgan bahor haqida, hozirgi voqeadan koʻz yumib, uni tezda unutiladigan qisqa tush deb hisoblash lozimligi toʻgʻrisida gap ochdi. Shundan keyin Dizmadan oʻz fikriga qoʻshilishni talab qildi. Nikodim ham oʻylab oʻtirmay uning gapiga qoʻshilib qoʻya qoldi.
9-bob
Kunlar ketidan kunlar bir zaylda oʻtib borardi, Koborovoda oʻrnashib olgan Dizma xuddi oʻz uyidagidek yallo qilib yurardi. Toʻgʻri, u Ninaning eridan ajralmaguncha unga sodiq qolajagini aytib sarkashlik qilishidan bir oz xafa edi. Biroq Nikodim bundan aziyat chekmasdi. Dizma bir narsaga jon-jahdi bilan yopishish u yoqda tursin, hatto hafsalasiz bir odam edi.
Dizmaning ishtahasi yaxshi boʻlib, har kuni toʻyib uxlardi. U kunlarini bekorchilikda oʻtkazar va bundan dimogʻi chogʻ boʻlib, ancha toʻlishgan, tez-tez tevarak-atrofda sayr qilib yurganidan oftobda qoraygan edi. Avvaliga u ot minib yurdi, ammo otda silkinib yurish joniga tekkach, piyoda sayr qila boshladi. U yana bir bor taxta tilish zavodi, qogʻoz fabrikasi va tegirmonga borib, xoʻjalikni koʻzdan kechirib chiqdi. U oʻzi qiziqqan barcha narsalarni xizmatchilardan bilib olardi; ular Dizmaning kichkina odam emasligini yaxshi bilganlaridai uni koʻrishgan zahoti boshdaridan shapkalarini olib ta’zim qilishardi. Dizmani hamma izzat-hurmat qilardi, siylardi.
Uiing tinchligini faqat Kasyagina buzib turardi.
Toʻgʻri, Nikodimdan ham koʻproq Ninaning jigʻiga tegish uchun janjal chiqarardi. Bir kuni nonushta mahali u Dizmaning har bir soʻzini masxara qilaverib haddidan oshgan edi, Nikodim chidab turolmay toʻngʻilladp:
— Siz knm bilan gaplashayotganingizni unutib qoʻyayapsiz!
— Menga barnbir, — deya yelkasini qisdi Kasya. — Axir siz Eron shohi emassiz-ku. yoki mania grandiosa ga mubtalo boʻlganmisiz?
Dizma qiziing gapini tushunmadi-yu, biroq Niianing yuzi oʻzgarib ketganligidan, buning haqorat ekanini payqadi. U qip-qizarib, bor kuchi bilan stolga musht tushirdi.
— Oʻchir ovozingni, mishiqi! — deya oʻshqirdi u.
Stol ustidagi idish-tozoqlar jaranglab, ikkala xonim taxta boʻlib qoldi.
Bir zumdan soʻng dokaday oqarib ketgan Kasya chapchib oʻrnidan turdi-da, xonadan yugurib chiqib ketdi. Nina bir ogʻiz ham gapirmadi, lekin uning yuzidan ham qoʻrqqani, ham ma’qullagani sezilib turardi.
Bu keskin chora vaqtincha oʻz kuchini koʻrsatdi. Shu kundan boshlab Kasya Nikodimga piching qilmay qoʻydi, biroq uning koʻzlarida doim nafrat uchqunlanib turardi. Bu uchqun kundan-kun kuchayib bir kun emas, bir kun alangaga aylanishi muqarrar edi.
Yakshanba kunlaridan birida, ertalab ularning ikkovi ham kutmagan bir paytda shu alanga gurilladi.
Kunitskiy oʻz kabinetida lshlab oʻtirardi. Nina kostelga ibodat qilgani ketgan edi. Nikodim uning buduari da oʻrnashib olib, fotosuratlar yopishtirilgan al'bomni tomosha qila boshladi.
Shu payt buduarga Kasya kirib qoldi. U bir qarashdayoq Nikodim uning ataylab Nina uchun olgan rasmlari qoʻyilgan al'bomni ushlab oʻtirganini nayqadi.
— Bering bu yoqqa, bu mening suratlarim! — deya qichqirdi u va al'bomni tortib olmoqchi boʻldi.
— Sekinroq gapirishning iloji yoʻqmi?! — dedi jerkib Dizma.
Chiqib ketmoqchi boʻlib turgan Kasya Nikodimning gapini eshitib, taqqa toʻxtadi. U Dizma tomon oʻgirildi-da, bir zum indamay turdi. Qizning vajohatini koʻrib Nikodim, hozir ura boshlasa kerak, deb oʻyladi va hatto qoʻllari bilan yuzini yashirmoqchi ham boʻldi. Shu bilan birga u bu qaltirab turgan qizni mahkam quchoqlab, uning yonib turgan koʻzlaridan, titrayotgan lablaridan oʻpmoqchi ham boʻldi. Biroq shu payt bu lablardan uzib, oʻyib oluvchi zaharli soʻzlar otilib chiqa boshladi:
— Bu razillik! Razillik! Siz ablah ekansiz! Uning nomusini bulgʻabsiz! Siz otamning oilasiga suv ilondek kirib, keyin xotinini yoʻldan urdingiz. Agar darhol bu yerdan joʻnamasangiz, men sizni qamchi bilan itdek savalayman. Sizning jamiyatdagi mavqeingiz, aloqalaringizga tupurdim! Tushundingizmi? Ehtimol, bu narsalar otamga yoqar, lekin menga emas! Yaxshilikcha, tezroq joʻnang bu yerdan!
Kasya borgan sayin qattiqroq baqirardi. Uydagi barcha xonalarning eshigi ochiq boʻlib, chamasi, uning tovushi Kunitskiyning ham qulogʻiga yetib borgan edi. Gʻazabdan oʻzini yoʻqotib qoʻygan Kasya uning tez-tez tashlangan mayda qadamlarini eshitmay qoldi. Koʻrinishidan juda xotirjam boʻlgan bu qizning bunday joʻsh-xurujga kelishidan dovdirab qolgan Nikodim ham cholning qanday yetib kelganini payqamadi.
— Kasya, marhamat qilib, bu yerdan chiqib ket, — dedi u sekingina.
Qosya joyidan qoʻzgʻalmay turaverdi.
— Chkqib ket deyapman senga, — deya takrorladi chol yanada pastroq tovush bilan, — kabinetimga borgin-da, meni kutib tur.
Qunitskiy xotirjamlik bilan gapirar, biroq uningʻ soʻzlarida qandaydir e’tiroz bildirib boʻlmaydigan kuch sezilardi. Kasya yelkasini qisdi-yu, lekin buyruqii bajarishga majbur boʻldi.
— Nima gap oʻzi? — soʻradi Kunitskiy Dizmadan.
— Nima gap oʻzi? — xuddi aks sadoday takrorladi Dizma. — Qizingiz menga uyingizdan joʻnab qolishni buyurdi, eng yomon soʻzlar bilan hakorat qildi. U mendan nima istayapti, buni bir xudoning oʻzi biladi, lekin meni haydasanglar, men ketaman, ammo qaytib kelmayman. Anovi... yogʻoch, shpallaringiz esa... Ulardan umidingizni uzishingiz mumkin, chunki men...
Kunitskiy uning qoʻlidan ushladi.
— Pan Nikodim, qizim uchun meni kechiring. Hammasini unuting. Shu bugunoq Kasya chet elga joʻnaydi. Shu yetarlimi sizga?
— Yetarlimi... Bekordan bekorga haqorat qilgani-chi?
— Sizga soʻz beraman, azizim pan Nikodim, shu bugunoq uni uydan quvib chiqaraman.
Chol ichida zardasi qaynagani sari, sirtida xotirjamroq koʻrinardi. Qunitskiy Dizmaga qoʻlini uzatib, soʻradi:
— Demak, yarashdik-a?
Nikodim ham uning qoʻlini qisib qoʻydi.
Kasya oʻsha kuni kechqurunoq joʻnab ketdi. Otasi kabinet eshigini yopib, u bilan nima haqda gaplashganini hech kim bilmadi. Kunitskiy ham, qizi ham bu haqda hech kimga ogʻiz ochishmadi. Kasya hatto Nina bilan ham xayrlashmay joʻnadi. U Koborovodan joʻnashdan avval gaplashgan yagona odam xonimlarning garderobiga qarab yuradigan yoshgina oqsoch qiz Irenka boʻldi. Biroq u ham, Kasya juda dargʻazab edi, u seni Shveysariyaga chaqirtirib olaman deya va’da qildi, boʻlak hech nimadan xabarim yoʻq dedi.
Oʻsha sermashmasha yakshanbadan soʻng Nikodim Dizmaning osoyishtaligini hech nima buzmadi. Kunitskiy oʻlib-tirilib uning koʻnglini olishga harakat qilardi. Nina Kasyani sira eslamasdi. U ham endi oʻzini ancha yengil va xotirjam seza boshlagan edi.
Ular Nikodim bilan birga avtomobilda sayr qilishar, qayiqda suzishardi. Biroq Nina sira boʻsh kelmasdi, ularning oshiq-ma’shuqligi quruq suhbat, toʻgʻrirogʻi, juvonning monologi-yu, bir lahzalik boʻsalardan nborat boʻlib qolardi. Nikodimning barcha urinishlari zoye ketardi.
U bunday oʻjarlikning sababini sira tushunolmasdi. Xizmatkorlardan Ninaning toʻy kunidan boshlaboq har kuni eshigini qulflab yotishini eshitgach, u battar ajablandi. Buni unga xabar qilgan xizmatkor hatto, xoʻjayin, chamasi, qiziga sovgʻa qilish uchungina grafinyaga oʻylangan boʻlsalar kerak, deya Kunitskiyni mazah qilishga ham borib yetdi. Bu gaplarning bari Dizmaga juda sirli boʻlib tuyulardi. U bir kun emas, bkr kun, oʻrni kelganida Ninani qisti-bastiga olib, undan bor haqiqatni surishtirib bilishga ahd qilib qoʻydi. Hozircha esa u asta-sekin juvondan turli ma’lumotlarni oʻsmoqchilab soʻrab yurdi. Erining ishlari xaqida gap ochilganida, Nina ulardan mutlaqo behabarligini sezdirib qoʻyardi.
— Darvoqe, bu bilan mening ishim yoʻq, — derdi u nuqul, — bu erkaklarning ishi.
U faqat bir narsani — bu yerda oʻzining hech narsasi yoʻqligini bilardi, bundan buyon ularning kelajagi faqat Dizmaga bogʻliq boʻlib qolganini takrorlardi. Bu gapdan Nikodim ancha tashvishga tushib qoldi, chunki u Ninaning ehtiyojlarini qondira olish darajasida boylik orttirishga sira ham umid qilmasdi.
Ochigʻini aytganda, u uylanishga ham uncha harakat qilmasdi. Toʻgʻri, Nina unga juda yoqardi. Axir u haqiqiy xonim boʻlib, kimsan, grafinya Ponimirskaya edi-da... Biroq Nikodim ishlarining kelajakda ham shunday muvaffaqiyatli ketaverishiga ishonmagani kabi, unga uylanishiga ham koʻzi yetmasdi.
Lekin u Ninaning sevgisiga sira shubhalanmasdi. Juvon har bir harakati, har bir nigohi va har bir soʻzida unga boʻlgan sevgisini izhor etardi.
Kunitskiy esa, Dizmaning fahmlashicha, ishga juda berilgani va xotini bilan kam gaplashgani sababli buni sezmasdi. Darvoqe, ularga birgalashib sayr qilishni uning oʻzi maslahat bergandi.
Bir kuni ana shunday sayrdan soʻng vestibyulda Nikodimga telegramma uzatishdi. Dizma bu Yashunskiydan ekanligiga imoni komil edi..Biroq qisqagina tekst ostidagi «Terkovskiy» imzosini koʻrib, u qattiq hayratga tushdi.
Nikodim telegrammani oʻqir ekan, Nina uning yelkasidan qogʻozga koʻz yugurtirardi.
Telegrammada qoʻyidagilar yozilgan ekan.
«Ministrlar Sovetining raisi ertaga, juma kuni, kech soat yettida, oʻzingizga ma’lum ish boʻyicha, Ministrlar Sovetining iqtisodiy komiteti majlisiga yetib kelishingizni iltimos qiladi.
Terkovskiy».
Shu payt Kunitskiy kelib qolgan edi. Dizma unga telegrammani uzatdi. Chol uni bir zumda oʻqib chiqdi-da, juda hayratlanib, xitob qildi.
— Qoyil! Gʻalla haqida boʻlsa kerak?
— Ha, — deya tasdiqladi Nikodim.
— Demak, ish yurishib ketibdi-da?
— Koʻrib turibsiz-ku.
— Yo qudratingdan, — dedi qoʻllarini yozib Kunitskiy, — yo qudratingdan! Bu aloqalaringiz bilan odamlarga qanchadan-qancha yaxshiliklar qilishingiz mumkin, azizim pan Nikodim!
— Ha, — deya jilmaydi Nina, — agar bu yaxshilik jamiyat manfaatlariga qaratilgan boʻlsa, agar oʻsha jamiyat ehtiyojlari toʻgʻri hisobga olinsa, albatta, foydasi katta.
— Meni kechiru jonginam, — e’tiroz bildirdi Kunitskiy, — faqat jamiyatgagina emas... Ayrim kishilarga yordam berish mumkin emasmi axir? He-he... Iqtisodiy komitetga temir yoʻl ministri ham a’zo boʻlsa kerak, albatta. Oʻrni kelib qolsa, u bilan shpallar haqida gaplashishingiz mumkin. A, labbay?
Nikodim qoʻllarini choʻntagiga tiqib, qovogʻini soldi.
— Men boshqa safar gaplashsak degan edim: noqulay axir.
— Nimayam derdim!.. Qistamayman. Oʻzingiz bilasiz. Shunchaki eslatdim-qoʻydim-da, chunki shpal yetkazib berish hazilakam ish emas, uni unutib boʻlmaydi, xe-xe!
Tushki ovqatni yeb boʻlishgani zahoti Kunitskiy Nikodimni oʻz kabinetiga surgab kirdi-da, boʻlajak ishning tafsilotlari haqida uzundan-uzoq leksiya boshlab yubordi. Nikodim unga yana sud protsessi haqida eslatgan edi, chol oʻrnidan sapchib turib, choʻntagidan kalitlarini oldi.
— Hozir hujjatlarni koʻrsataman. Oʻylashimcha, mening aybsizligimni isbotlash uchun shuning oʻzi ham kifoya qilsa kerak.
U ogʻir duxoba pardani bir chetga surgan edi, Dizmaning koʻzi katta poʻlat sandiqqa tushdi. Kunitskiy sandiq eshikchasini shosha-pisha ochdi-da, u yerdan yashil papka chiqarib, dasta-dasta kvitansiyalar, blankalar va mashinkada yozilgan qogʻozlarni olib koʻrsatdi. Chol ba’zi narsalarni oʻzi oʻqib berar, ba’zi qogʻozlarni esa Dizmaga uzatardi. Shunda Nikodim goʻyo hujjatlarni diqqat bilan oʻqiyotgandek, ularga koʻz yugurtira boshlardi.
U Kunitskiyniig oldidan faqat kechqurun qutulib chiqdi. Nina uni ayvonda kutib turgan ekan. Ular sayr qilgani joʻnashdi. Nina gʻamgin va ma’yus edi. Nikodimning kutilmaganda joʻnab ketishi ularning tinch va osoyishta hayotiii buzib yuborib, ayol qalbiga cheksiz qaygʻu solgan edi. Daraxtlar soyasiga kirishgach, Nina uning pinjiga kirib shivirladi:
— Jonim, Varshavaga anchaga ketyapsanmi? Nina sensiz juda zerikib qoladi. Nima qilay — senga juda oʻrganib qolibman, bu yerda seni har kuni koʻrishim, sen bilan gaplashishim, koʻzlaringga tikilishim mumkin...
Nikodim tezda qaytishini, u yerda bir-ikki kundan ortiq turmasligini aytib, uni yupata boshladi.
Kechki ovqat paytida Nina juda ochilib oʻtirdi: Kunitskiy unga qadrli pan Nikodimni stansiyagacha birga kuzatib qoʻyishni taklif qilgandi. Bu gal Dizma poyezdda ketadigan boʻldi, chunki mashina remontga muhtoj edi.
Nina hayajondan titrab turardi. Toʻgʻri, u Nikodim bilan oʻzi istagancha xayrlasha olmasdi, biroq uning koʻzlari eng ehtirosli boʻsalardan ham koʻproq narsalarni aytib turardi.
Birinchi klass kupesida Dizma yolgʻiz oʻzi ketdi. Kunitskiy provodnikka choychaqa berib, juda katta odam, ministrlarning shaxsiy doʻsti pan Dizmani bezovta qilishning hojati yoʻq, deya bu kupega boshqa hech kimni kiritmaslikni buyurgan edi.
Ular molday ichishdi. Nikodimni mehmonxonaga gʻirt mast holda olib kelib, nomerga koʻtarib kirishdi.
Bunday ichishlarining sababi bor edi, albatta. Hatto endi, rosa uxlab, kayfi tarqalganidan keyin ham u kecha miyasiga oʻrnashib qolgan gʻaroyib voqealar taassurotidan oʻziga kelmagan edi.
Masalan, katta zaldagi majlisni olaylik. Dizma u yerda bosh ministr va ministrlar bilan yonma-yon oʻtirdi.
Qandaydir raqamlar keltirib, qandaydir hisobotlarni oʻqishdi. Keyin esa he-he, qoʻyaverasiz! Barcha uning qoʻlini qisib, gʻalla sotib olish haqidagi Kunitskiyning gaplarini takrorlagani uchun minnatdorchilik bildira boshladi... Ular buni nima deb atashdi-ya? E-ha, lombard! Qiziq. Shu paytgacha Nikodim lombard deganda — soati yoki kostyumini garovga qoʻyishni tushunardi... Keyin esa bosh ministr shunday deb savol berdi:
— Muhtaram pan Dizma davlatimizda gʻalla siyosatiga rahbarlik qilishni oʻz zimmangizga ololmaysizmi?
Avvaliga u, bu ishni uddalay ololmasam kerak, deya bosh ministrning taklifini rad qildi. Biroq boshqa ministrlar uni koʻndirishga urinavergach, Nikodim noiloj rozi boʻldi.
U xaxolab kulib yubordi.
— Obbo shayton-ey! Odam oʻsaversa shunaqa boʻlar ekan-da! Davlat gʻalla bankasining raisi! Kimsan, rais-a!
Soʻngra u oʻzini savollarga koʻmib tashlagan jurnalistlar va fotoapparatlarning tinimsiz chiq-chiqini esladi. E-ha, bir oʻqib koʻrish kerak, qani, nimalar yozishganiykin?
Nikodim qoʻngʻiroq qilib, koridor navbatchisiga barcha gazetalardan sotib olib kelishni buyurdi. Keyin turib kiyindi. Gazetalarni keltirishgach, u birinchisini ochgan zahoti yuziga qon yugurdi.
Birinchi sahifada uning surati manaman deb turardi.
Nikodim suratda qoʻllarini choʻntagiga tiqqanicha xayolga choʻmib turardi. Suratda u juda salobatli koʻrinardi. Suratning tagiga: «Yangi agrar siyosatning tashabbuskori d-r Nikodim Dizma hukumatdan Davlat gʻalla bankasini tashkil etish haqida topshiriq oldi; u shu bankaning pravleniyasiga rais qilib tayinlandi», — deb yozib qoʻyilgandi.
Suratning yonida, vahimali sarlavha tagida katta maqola bosilgan boʻlib, maqolada hukumatning rasmiy bayonoti, Dizmaning tarjimai holi va interv'yu berilgan edi.
Bayonotda Ministrlar Soveti Yashunskiyning taklifiga binoan gʻalla bozorida keskin choralar koʻrish yoʻli bilan iqtisodiy krizisga qarshi kurash boshlashni qaror qilgani toʻgʻrisida gapirilgan edi. Soʻngrda loyiha mufassal bayon etilib, kerakli koʻrsatmalar toʻgʻrisida axborot berilgandi. Qonun seym tomonidan qabul qilingach, kerakli koʻrsatmalar kuchga kirishi xabar qilingandi.
Dizma oʻzining tarjiman holini oʻqib ogʻzi ochilib qoldi. Gazetaning yozishicha, u ota-onasining Kurlyandiyadagi mulkida tugʻilgan boʻlib, gimnaziyani Rigada, iqtisod fanlarining oliy kursini Oksfordda tugatgan ekan; soʻngra u kavaleriya ofitseri sifatida bol'sheviklarga qarshi mardona jang qilibdi, yarador boʻlibdi va «Virtuti Militari» ordeni hamda Jasorat Kresti bilan mukofotlanibdi. Soʻnggi paytlarda u siyosat maydonidan ketib, Belostotskiy voyevodligida qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullangan ekan.
Tarjimai hol «ajoyib», «mashhur», «ijodiy» kabi epitetlarga toʻlib ketgan edi... Oxirida rais Nikodim Dizmaning qattiq qoʻl, kuchli iroda sohibi ekanligi va tashkilotchilik qobiliyati bilan mashhurligi qayd etilgandi.
Lekin Nikodimni hammasidan ham interv'yu hayratga soldi. U interv'yuni oʻqirdi-yu, oʻz koʻzlariga ishonmasdi. Toʻgʻri, u kecha kechqurun gʻirt mast edi, ammo muxbirlar bilan suhbatlashganida hali ichmagan edi-ku. Nikodim, interv'yuda yozilgan gaplardan birontasini ham aytmagan edi. Unda Dizma oʻlsayam tushunmaydigan iboralar, u zarracha ham tasavvur qilolmaydigan masalalar yuzasidan fikrlar bayon etilgandi.
Nikodim shunchaki soʻkinib qoʻydi. Balki u xursand boʻlishi kerakdir: axir bu interv'yuni oʻqigan kishi, banka pravleniyasining raisi pan Dizmani gʻoyat aqlli odam ekan, deb oʻylasa kerak.
Deyarli barcha gazetalar taxminan bir xil gaplarni yozib, uning turli vaziyatlarda tushgan rasmlarini bosishgan edi. Hammasidan ham Nikodimga bosh ministr bilan ministr Yashunskiy oʻrtasida oʻtirib tushgan surati yoqdi. Unga yoqqan yana bir suratda Nikodim boshiga shlyapasini qoʻndirib zinapoyadan tushib kelayotgani tasvirlangan edi. Suratda uning ortidan shlyapasini qoʻlida toʻtganicha oppoq moʻylovli keksa bir janob ham tushib kelardi. Suratning