Muttahamning parvozi (II- qism) (2-bet)
Nina keldi. Uning aytishicha, Kasyaning tobi qochib qolganmish.
Nikodim Ninani kuzatar ekan, tungi voqeadan uning xabari yoʻqligiga ishonch hosil qildi.
Kechqurun Kunitskiy qaytib keldi va allamahalgacha Dizmaning boshini qotirib oʻtirdi.
Nikodim Kasyani faqat ertasiga ertalab, yemakxonaga ketayotganidagina uchratdi. Uning ta’zimiga javoban Kasya dimogʻdorlik bilan bosh irgʻab qoʻya qoldi. Nina allaqachon pastga tushib oʻtirgan ekan. Ikkovi ham indamasdi. Oʻrtadagi ogʻir jimlikni buzish uchun biror narsa deyish lozim edi. Dizma yaxshi havo haqida ogʻiz ochgan ham ediki, Kasya istehzo bilan dedi:
— Voy-boʻy, demak, siz, buni gʻayri tabiiy hodisa, deb oʻylagan ekansiz-da a?
Nikodim tarelkasiga ozgina choʻchqa goʻshtidan solish uchun qoʻlini choʻzganida yengi moyga tegib ketdi. Kasya ichqoralik bilan kulib yubordi:
— Shunday ajoyib kostyum bulgʻandi-ya! Afsus! Shunday chiroyli, shunday did bilan tikilgan kostyum-a! Siz kiyimni Londonda tiktirsangiz kerak-a?
— Yoʻq, men tayyorini sotib olaman, — deya soddalik bilan javob berdi Nikodim.
U kesatiqni tushunmay, kostyumining qizga yoqishi mumkinligidan ajablandi. Dizma Ninaning bu pichinglardan soʻng Kasyaga ta’na bilan qarab-qarab qoʻyishi sababini ham tushunmadi.
— Endi nima deysan, — deya gap qotdi Nina, — pan Nikodim ta’ziringni berdi-ku. Uddaburon boʻlgani uchun ham u oliftagarchilikni bilmaydi, deb aytuvdimu senga, — Kasya qoʻl sochiqni gʻijimlab tashladi-da, oʻrnidan turdi.
— Bu bilan mening nima ishim bor! Yaxshi qolinglar.
— Sen Krupovga ketyapsanmi?
— Ha.
— Tushgacha qaytasanmi?
— Bilmadim. Koʻraman.
Qiz chiqib ketgach, Dizma ehtiyotkorlik bilan soʻradi:
— Kasya nega achchigʻlanyapti?
Nina bosh irgʻadi:
— Rost aytdingiz. U achchigʻlanyapti... Ehtimol... Boʻsh vaqtingiz bormi?
— Bor, albatta.
— Qayiqda sayr qilmaymizmi?
— Boʻpti.
Nina roʻmoli bilan zontigini oldi, chunki quyosh ayovsiz olov purkamoqda edi.
Ular angʻiz oralab ketgan torgina soʻqmoqdan sokin koʻl tomon borishardi. Nina egniga yengilgina, deyarli shaffof oq koʻylak kiyib olgandi. Juvonning ortidan borar ekan, Nikodim uning kelishgan oyoqlari tarxini yaqqol koʻrib turardi. Qayiqlar yoniga borish uchun zovur ustidagi koʻprikchadan oʻtish lozim edi. Nina taraddudga tushib qoldi.
— Keling, yaxshisi aylanib oʻtamiz.
— Koʻprikdan qoʻrqyapsizmi?
— Ha, bir oz.
— Qoʻrqmang. U mustahkam,
— Mening boshim aylanib ketadi, muvozanatni yoʻqotib qoʻyaman.
— Hm... Aylanib oʻtish shartmi? Men sizni koʻtarib oʻtkazib qoʻya qolay.
— Qoʻying-e, noqulay boʻladi, — dedi Nina quvlik bilan jilmayib.
Dizma ham jilmayib qoʻydi. U engashib, juvonni dast koʻtarib oldi. Nina qarshilik koʻrsatmadi, Nikodim koʻprik ustiga chiqqach:
— Voy, ehtiyot boʻling... — deya uning boʻynidan quchoqlab, pinjiga tiqildi.
Dizma ataylab qadamini sekinlatdi va ayolni koʻprikdan ancha nariga eltib yerga qoʻydi. U garchi charchamagan boʻlsa-da, hansiray boshladi. Shunda Nina:
— Ogʻir ekanmanmi? Meni uzoq koʻtarib borolarmidingiz? — deya soʻradi.
— Uch... besh milyaga bemalol koʻtarib borardim...
Ayol tez-tez yurib ketdi, ular to suv boʻyiga yetib borguncha ham soʻzlashmadi.
— Gapimni yomonlikka yoʻymangu, — dedi Nina, ular qirgʻoqdan ancha nari suzib ketishgach, — lekin menimcha, ayol kishi uni qoʻlida koʻtarib yuradigan odami boʻlmasa, oʻzini baxtliman deyolmaydi. Ma’joziy ma’noda emas, yoʻq, meni chinakamiga qoʻlda koʻtarib yurishni aytyaman.
Dizma eshkakni qoʻyib yubordi. U kichkina va semiz Bochek bilan uning xotinini esladi. Bochekning xotini, oʻldim deganda, yuz kilo kelardi. Bochek uni qoʻlida koʻtarib yurolmasdi, albatta, lekin ular baxtli edilar. Shuni eslar ekan, Dizma jilmayib qoʻydi.
— Hamma ayollar ham shunaqa emas, — deya e’tiroz bildirdi u.
— Toʻgʻri, ammo shunaqa boʻlmagan ayollar oʻz mohiyatlarining ma’lum bir qismini yoʻqotib, ayollik latofatidan mahrum boʻlganlar va erkaklarga oʻxshab qolganlar. Masalan... Kasya.
Uning tovushida bir oz adovat ohanglari sezilmoqda edi.
— Nima, Kasya bilan janjallashib qoldinglarmi?
— Yoʻq, — deya javob qildi Nina, — u shunchaki mendan achchigʻlanib yuribdi.
— Nega endi?
Nina ikkilanib qoldi.
— Nega deysizmi? Aytish qiyin... Ehtimol, sizni yoqtirib qolganim uchundir.
— Kasya meni yomon koʻradimi?
— Gap unda emas.
— Yoʻq, yomon koʻradi. Bugun nonushta mahali rosa piching qildi-yu menga...
— Lekin bu sizga ta’sir qilmas ekan. Qoyillatib adabini berdingiz-da, oʻziniyam. Siz ikki-uch soʻz bilan kishining tanobini tortib qoʻya olar ekansiz.
Dizma kulib yubordi. Shu payt u Varedaning Ulyanitskiy qilgan hazil haqidagi hikoyasini esladi.
— Ba’zan soʻzsiz ham shunday qilish mumkin. Shu yili may oyida Krinitsada yashaganimda men bilan pansionda bir mahmadona yashagan edi. Vaysaqi oliftalar boʻladi-ku, shunaqalardan. Ovqat payti u mening qarshimda oʻtirib olib, obdon suxandonlik qilardi. Nimalar haqida gapirmasdi deysiz! Tagʻin chet tillarda gapirganiga oʻlasizmi! Barcha uning ogʻziga tikilib oʻtirardi. Ayollar-ku, unga oshiqu beqaror boʻlib qolishgandi. U boʻlsa hammani oʻziga shaydo qilishga urinardi.
— Men bunaqa koʻngil ochuvchilarni yaxshi bilaman, — deya gap qotdi Nina. — Ularni koʻrgani koʻzim yoʻq.
— Mening ham. Shunday qilib, bir kuni chidab turolmadim. Oʻsha olifta yarim soatcha tinimsiz gapirganidan soʻng engashdim-da: «U-u-u-u!..» — dsb bir oʻshqirib berdim.
Nina xaxolab kulib yubordi.
— Shunda u nima qildi? — deya soʻradi.
— Darhol nafasi ichiga tushib ketdi. Oʻsha-oʻsha qorasini koʻrsatmay qoʻydi. Joʻnab qolgan boʻlsa kerak.
— Eh, qanday ajoyib-a! Qiligʻingiz shundoq sezilib turibdi. Agar bu ishni kim qilganini aytmagan taqdiringizda ham, men baribir, bu siz ekanligingizni topgan boʻlardim. Ajoyib!
Dizma ayolni qoyil qoldirganidan gʻoyat xursand edi.
— Bilasizmi, — deya davom etdn Nina. — Men sizdaka erkakni ilgari sira uchratmagan edim. Menimcha, siz bilan biz goʻyo juda koʻpdan beri tanishdekmiz. Goʻyo men u yoki bu holda siz oʻzingizni qanday tutishingiz, nima deyishingizni oldindan biladigandekman. Lekin eng ajablanarlisi shuki, men har gal sizning biron-bir boshqa fazilatingizni payqab qolaman. Ammo baribir siz tosh-metinsiz.
— Nima?
— Tosh-metin. Ish tutishlaringiz rejali, hisob-kitobli. Masalan, ayollar bilan gaplashishingizni olaylik! Siz ularni soddaligingiz bilan maftun etasiz. Toʻgʻri, siz bir oz dagʻalsiz, hatto qoʻpolsiz ham deyishim mumkin. Ammo bunda fikrning teranligi seziladi. Faqat uddaburon odam, haqiqiy intellektualgina oʻzini shunday tutishi mumkin. Bunday odam hissiyotga bsrilib, vertercha yigʻloqilik qilmaydi, oʻziga zeb bermaydi. O, siz magazinchiga oʻxshaydigan odamlar sirasiga kirmaysiz. Chunki ular butun fazilatlarini vitrinaga tsrib qoʻyadilar. Bu metafora uchun meni kechiring. Siz metaforani yoqtirmasangiz kerak-a?
Nikodim bu soʻzning ma’nosini tushunmasdi, lekin u har ehtimolga qarshi dedi: — Nega endi... aksincha.
— Nazokat yuzasidan shunday deyapsiz. Lekin bu sizning ruhingizga toʻgʻri kelmas ekan. Barokko sizga mutlaqo begona. Men toʻgʻri topdimmi?
Dizmaning zardasi qaynay boshladi. «Ona tilingda aytilayotgan gapni eshitsangu, bironta soʻzni tushunolmasang!» — deya xunob boʻlardi dilida Nikodim.
— Toʻgʻri topdingiz, albatta, — toʻngʻilladi u javoban.
— E, siz oʻzingiz haqida gapirishni yomon koʻrar ekansiz!
— Ha. Innaykeyin oʻzim haqimda nimaniyam gapirardim.
U bir oz sukut qilib oʻtirdi-da, soʻng boshqacha ohangda:
— Balki, huv anavi oʻrmonga suzib borarmiz? — deb soʻradi va qaragʻaylar koʻrinib turgan qirgʻoqqa ishora qildi.
— Yaxshi. Lekin endi eshkakni men eshaman, siz esa rulga oʻtirasiz.
— Charchab qolmaysizmi?
— Yoʻq. Bir oz gimnastika qilsam yomon boʻlmaydi.
Qayiq juda tor ekan: ular joy almashishayotganida muvozanatini yoʻqotmaslik uchun bir-birlarini ushlab oʻtishlariga toʻgʻri keldi.
— Siz suzishni bilasizmi? — soʻradi Nina.
— Toʻnkaning oʻzginasiman, — deya javob qildi Dizma va kulib yubordi.
— Men ham suzishni bilmayman. Shuning uchun ehtiyot boʻlishimiz kerak.
Ular oʻrmonga yaqinlashib borishdi. Oftobda qizigan qaragʻaylarning hidi havoni tutib ketgandi.
— Chiqamizmi? — soʻradi juvon.
— Mayli. Birpas soyada oʻtiramiz.
Qayiqning tumshugʻi qumloq sohilga sirgʻalib chiqdi. Nariroqda, daraxtlar boshlangan joyda yer qalin va yumshoq yoʻsin bilan qoplangan edi.
— Bu yer chiroyli-ya, toʻgʻrimi? — deya soʻradi Nina.
— Ha, yomon emas.
Ular yoʻsin ustiga oʻtirishgach, Nikodim papiros tutatdi.
— Xatimni olganingizda juda ajablangandirsiz-a?
— Nega endi? Uni olganimda juda xursand boʻldim, — dedi javoban Dizma, choʻntagidan ensiz konvertni olar ekan, — koʻz qorachigʻiday asrab yuribman.
Nina xatni yoqib yuborishni iltimos qila boshladi: axir u birovning qoʻliga tushib qolishi mumkin.
— Erim borligini unutmang. Iltimos qilaman.
— Yoʻq, uni sirayam yoqmayman, — deya e’tiroz bildirdi Dizma.
— Meni qoʻrqoq deb oʻylamang. Shunchaki koʻngilsizlik boʻlmasin deyapman.
Nina qoʻlini choʻzdi, biroq Nikodim xatni tepasiga koʻtargan edi, ayolning boʻyi yetmay qoldi.
— Iltimos qilaman, bera qoling.
— Bermayman, — deya javob qildi Nikodim va kulib yubordi.
Dizmaning hazillashayotganini koʻrib, Nina ham jilmaydi. U fursat poylab turdi-da, xatni yulib olmoqchi boʻlib, Nikodimning yelkasiga tayandi. Shunda Dizma uni quchoqlab, oʻpa boshladi. Ayol avvaliga qarshilik koʻrsatmoqchi boʻldi, biroq uning bu harakati uzoqqa choʻzilmadi.
Yiroqdan, narigi sohildan Kunitskiyga qarashli taxta zavodining taqa-tuqi elas-elas eshitilib turardi.
Dizma qoʻllarini boshi ostiga qoʻyib, yoʻsin ustiga choʻzildi. Nina uning yonida gʻujanak boʻlib oʻtirardi. U Nikodim tomon egilib, shivirlay boshladi:
— Nega, nega shunday qilding? Endi men seni sirayam unutolmayman... Endi ilgarigiga qaraganda yuz karra baxtsizroq boʻlaman... Yo parvardigor, yo tangrim! Bu mudhish hayotda qanday yashayman endi... Sensiz yashayolmayman...
— Mensiz yashamaysan haliyam!
— Yoʻq, yoʻq, unday dema! Qari erini aldab yashaydigan xotinlar xilidan emasman. Axir bu razillik-ku.
— Lekin uni yaxshi koʻrmaysan-ku...
— Undan nafratlanaman!
— Xoʻsh, gap nimadaa boʻlmasa? .
— Oʻzingni tushunmaganga solasan-a. Men riyokorlik bilan yashayolmayman. Bunga qurbim yetmaydi. Bu narsa sen bilan oʻtkazgan har bir daqiqamni zaharlab turadi... Ey, xudoyim! Qani endi bu kishandan qutula olsam!..
— Buning nimasi qiyin ekan? — Dizma yelkasini qisdi. — Eru xotinlar har qadamda ajralishyapti-ku.
Nina lablarini tishladi.
— Men tentak, razil ayolman. Meni qoralab toʻgʻri qilasan, lekin men zeb-ziynatsiz, boyliksiz yashayolmayman. Bundan oʻzim ham uyalaman... Sen badavlat boʻlganingda edi!
— Hali boyib ham ketarman! Kim biladi, deysan!
— Jonginam! — Nina, goʻyo ibodat qilayotgan odamdek, qoʻllarini koʻksiga qoʻydi. — Jonginam! Axir sen juda baquvvat, juda aqlli odamsan. Agar istasang, har narsaga erishishing mumkin! Shunday emasmi?
— Ha, shunday, — deb javob qildi Nikodim taraddudlanib.
— Ana, koʻrdingmi? Meni bu yerdan olib ket! Qutqar meni!
Shunday deya Nina yigʻlab yubordi. Dizma uni quchoqlab, bagʻriga bosdi. U juvonni qanday yupatishni bilmas va shu boisdan indamas edi.
— Qanday yaxshi, qanday mehribon odamsan-a! Seni qanday sevishimni bilsang edi... Sendan yashirishni istamayman, yashirolmayman... Mendan nafratlanishing mumkin, lekin senga hammasini aytaman. Kechiraman, deb va’da ber! Eshityapsanmi, va’da ber! Qanday baxtsiz, qanday zaifligimni oʻzing koʻrib turibsan. Ochigʻini aytsam, unga qarshilik koʻrsata olmadim. U gʻayri tabiiy bir holda kishini oʻziga qaratib olish qobiliyatiga ega.
— Kimni aytyapsan?
— Kasyani-da. Lekin ont ichaman, bu narsa ikkinchi qaytarilmaydi, Ont ichaman! Menga ishonasanmi?
Nikodim uning nima haqida gapirayotganini sira tushuna olmasa-da, ishonaman, degandek bosh irgʻadi. Nina uning qoʻlidan tutib oʻpa boshladi.
— Qanday mehribonsan-a! Qanday mehriboisan-a! Darvoqe, Kasya Shveysariyaga joʻnab ketyapti.
— Qachon.
— Kelasi haftada. Bir yilga ketyapti.
— Bir yilga, deysanmi? Uning bu safari eringga rosa qimmatga tushsa kerak?
— Erim bir tiyin ham bermaydi. Kasya undan sariq chaqa ham olmasa kerak.
— Boʻlmasam u yerda Kasya nima bilan tirikchilik qiladi?
— Bankada uning onasidan qolgan puli bor.
— Shunaqami? Bilmagan ekanmap. Pan Kunitskiy bu toʻgʻrida menga hech nima aytmagan edi.
— Eh, nega uni eslaysan! Kel, oʻzimiz haqimizda gaplashaylik.
Nina koʻngli buzilib, hayajonlanib ketgan edi.
Ular uyga indamay qaytishdi.
Nikodim bilan Nina ayvonda Qunitskiyga duch kelib qolishdi. Chol odati boʻyicha iljayib, mitti qoʻllarini bir-biriga ishqardi. Chol ularning kayfiyatlarini, qanday sayr qilishganini soʻrab-surishtirar ekan, goʻyo oʻz xushchaqchaqligini ataylab namoyish qilayotgandek tuyulardi. Gap uning ogʻzidan shalola kabi oqib chiqar va ular javob berishni istagan taqdirlarida ham cholning gapi orasiga bir ogʻiz ham soʻz qistira olmagan boʻlardilar.
— Xoʻsh, yuqori doiralarda qanday yangiliklar bor?
— Ya’ni Varshavada demoqchimisiz? Hech gap yoʻq. Biz Yashunskiy va Ulyanitskiy bilan mening gʻalla sotib olish borasidagi loyiham haqida gaplashdik.
— Shunaqa deng! Xoʻsh, xoʻsh? Qaiday xulosaga keldinglar? Ish yurishyaptimi?
— Yurishyapti shekilli, lekin aytib qoʻyay; bu gaplar mutlaqo sir saqlanishi kerak.
Kunitskiy barmogʻini labiga qoʻyib, shivirladi:
— Tushunaman! Jimm... Ana, xotinim kelyapti, balki tushki ovqatdan keyin gapirib berarsiz, Tezroq aytmasangiz, yorilib ketaman.
— Hoziroq gapirib berishim mumkin, — deya javob qildi Nikodim, — axir pani Nina bu gapni hech kimga aytmaydilar-ku. U kishining oldilarida aytaversa boʻladi.
— Nimani gapiryapsizlar? — deya soʻradi Nina ularga qaramasdan.
— Nina, bilib qoʻy, — ogahlantirdi Kunitskiy, — bu davlat siri. Pan Dizma hukumat bilan hamkorlikda mamlakatni iqtisodiy krizisdan xalos etish planini tayyorlayapti. Bu loyiha uchun ular pan Dizmaning boshidan zar toʻkishlari kerak! Xoʻsh, u yogʻi nima boʻldi, azizim pan Nikodim?
Dizma gʻalla obligatsiyalari haqidagi bor gapni qisqacha soʻzlab berdi. Qunitskiy mitti qoʻllarini bir-biriga ishqaganicha nuqul:
— Ofarin, genial ish! — deya takrorlardi.
Nina esa loyihaning genial muallifiga hayratdan koʻzlarini katta ochib, tikilib turardi.
— Faqat bitta qiyinchilik bor, — dedi gapining oxirida Dizma. — Sotib olinadigan gʻallani saqlash uchun joy topilmayapti. Yangi omborlar qurish uchun esa pul yoʻq.
— Ha, chindan ham jiddiy masala! — deya xitob qildi Kunitskiy. — Shoshmang-chi... Pan Nikodim, mana bunday qilinsa nima deysiz: aytaylik, davlat gʻallani sotib oladi-yu, lekin uni sotgan odam gʻallani oʻzida saqlaydi, deb shart qoʻyadi. Koʻpchilikning gʻalla saqlaydigan joyi yoʻq albatta, ammo pomeshchik uchun sotilmagan gʻallasini chiritib, xonavayron boʻlishdan koʻra, yangi ombor qurib, sotilgan gʻallani saqlash foydaliroq, menimcha, shunday qilsa boʻladi. Siz nima deysiz?
Dizma hang-mang boʻlib qoldi.
«Bu qari tullakning xoʻp kallasi bor-da!» — deya dilidan oʻtkazdi u ajablanib va yolgʻondan yoʻtala boshladi.
— Biz bu haqdayam gaplashgan edik, — dedi u soʻngra har ehtimolga qarshi. — Ehtimol shunday qilarmiz ham.
Kunitskiy oʻz fikrini kengaytirib, davom eta boshlagan edi, Nikodim bironta ham soʻzni unutmaslikka harakat qilib, diqqat bilan quloq soldi. Shu payt xizmatkor paydo boʻldi.
— Pan janobi oliylarini telefonga chaqirishyapti. Yangi taxta tilish zavodingizda uzatma qayish chiqib ketib, qandaydir falokat sodir boʻlipti.
— Nima? Nima deding? Tezroq avtomobilni chaqir! Kechirasiz!
Shunday deya Kunitskiy xonadan yugurib chiqib ketdi. Ular ikkovlari oʻtirib ovqatlanishdi.
— Siz koʻzga koʻrnngan ekonomist ekansiz, — dedi Nina koʻzini dasturxondan uzmay. — Chet elda oʻqiganmisiz?
— Ha, Odsfordda, — deb darrov javob berdp Nikodim.
Ninaning yuziga qon yugurdi.
— Oksfordda deysizmi? — Siz... Siz... u yerda Ponimirskiyni tanimasmidingiz?..
Nikodim qovun tushirib qoʻyganini faqat endi tushundi: axir Nina istagan paytida akasidan soʻrab, uning misini chiqarishi mumkir edi-da. Lekin yolgʻon gapirishdan boʻlak chora qolmagandi.
— Tanirdim, albatta. U mening yaxshi oshnam edi.
Nina jim boʻlib qoldi.
— Uning boshiga qanday baxtsizlik tushganidan xabaringiz yoʻqmi? — deya soʻradi u bir oz sukut qilib turgach.
— Yoʻq.
— U qandaydir ogʻir asabiy kasallikka chalingan. U juda rasvo ishlar qildi: koʻp ichardi, tinmay toʻpolon qilardi. Oxiri aqldan ozdi. Bechora Jorj!.. Ikki yil jinnixonada yotdi. Uni bir oz davolashdi. Endi tutqanogʻi tutmaydi, lekin, afsus, butunlay tuzalib ketmadi. Bechora Jorj. Uni deb qanchalar iztirob chekkanimni bilsangiz edi... Buning ustiga kasali zoʻriqqanidan soʻng u meni yoqtirmaydigan boʻlib qoldi. Ilgari biz bir-birimizni juda yaxshi koʻrardik. Bilasizmi, Jorj shu yerda, Koborovoda...
— Rostdan-a?
— Ha, u parkdagi pavil'onda yashaydi. Yonida doim sanitar yuradi. Siz uni uchratmaganligingizning boisi bor. Vrachlar uiga odamlar bilan muomalada boʻlishii taqiqlab qoʻyishgan: bu narsa unga yomon ta’sir qilar ekan. Lekin kim bilsin, balki, eski doʻsti bilan uchrashsa zarar qilmas. U bilan munosabatingiz yaxshi edimi?
— Boʻlmasam-chi.
Nina buni eshitib, xursand boʻlib ketdi. Juvon ularni bir-biri bilan uchrashtirish fikriga yopishib oldi va bu gaplarni Kunitskiydan sir tutishni iltimos qilib, tushlikdan soʻng pavil'onga borajaklarini aytdi. Nikodim avvaliga chap berishta urinib koʻrdi, biroq keyin shubha tugʻdirishdan choʻchib, rozi boʻldi.
Parkda, daraxtlar orasida Nina uning boʻynidan quchib, pinjiga tiqildi. Nikodim istar-istamas uni ikki marta oʻpdi. U yosh graf bilan uchrashganida chuvi chiqishidan xavfsirayotgan edi.
Nina Nikodimning qoʻltigʻidan oldi.
— Siz yonimda boʻlganingizda oʻzimni juda yaxshi his etaman, — deya gap boshladi u. — Gʻoyat osoyishta sezaman oʻzimni... Ayol kishi pechakka oʻxshaydi... U yer bagʻirlab oʻsaveradi, lekin yoʻlida biron daraxt tanasini uchratan zahoti unga chirmashib, quyosh sari boʻy choʻzadi...
Dizma, bu juda oʻtkir oʻxshatish ekan, uni eslab qolish lozim, deya dilidan oʻtkazdi.
Pavil'on Uygʻonish davri uslubida qurilgan kichkina villa ekan. Uning atrofida yovvoyi uzum oʻsgan boʻlib, novdalar orasidan ora-chora oppoq devor koʻrinib turardi. Villa oldidagi maysazar oʻrtasiga buklama kreslo qoʻyilgan boʻlib, unda graf mudrab oʻtirardi.
Ularni xuddi odamning yoʻtalishiga oʻxshash gʻalati kovillagan laycha kutib oldi.
Ponimirskiy erinchoqlik bilan boshini oʻgirdi-da, oftobdan koʻzini qisganicha birpas yaqinlashib kelayotgan Nikodim bilai Ninaga tikilib turdi. Soʻng oʻrnidan sapchib turib, kostyumini toʻgʻriladi va monoklini koʻziga qistirdi.
— Salom, Jorj, — deya unga qoʻlini choʻzdi Nina, — Oldinga Oksfordda birga oʻqigan oshnangni boshlab keldim. Taniyapsanmi?
Ponimirskiy ularga ishonqiramay qarab qoʻydi-da, soʻng shoshilmaygina singlisining qoʻlini oʻpdi. Uning basharasidan kirdikori ochilib qolishidan choʻchiyotganligi sezilib turardi. Keyin u xoʻmrayganicha Dizmaga qoʻl uzatdi.
— Taniyapman, albatta. Meni koʻrgani kelganingizdan xursandman, kasbdosh.
Soʻngra u shartta singlisi tomon oʻgirildi.
— Kechirasanu, lekin bizni yolgʻiz qoldirolmaysanmi? Uzoq ayriliqdan soʻng gaplashadigan gapimiz koʻp. Balki, sen shu yerda oʻtirib tursang, biz aylanib kelarmiz?
Nina e’tiroz bildirmadi. U Nikodimga ma’nodor qarab qoʻydi-da, pavil'on ichiga kirib ketdi.
Ponimirskiy atrofga alanglab, Dizmani nariroqdagi xiyobonga boshladi.
— Bu nimasi? — deya jahl bilan soʻradi u bashorat barmogʻini Nikodimnnng koʻksiga niqtab, — Ablah, sen meni Ninaga sotibsan-da? Ehtimol, bor gapni muttaham Kunikka ham aytib bergandirsan?
— Xudo saqlasin, hech kimga hech nima aytganim yoʻq.
— Seni Pshelenskaya xolamga, Oksford universitetida birga oʻqigan oshnam, deb tanishtirganimni singlim qayoqdan bildi boʻlmasam?
— Buni u bilmaydi. Oksford masalasiga kelsak, oʻsha yerda oʻqiganman, deb oʻzim aytdim. Gap kelib qolgan edi, ogʻzimdan chiqib ketdi.
— Sen muttahamgina emas, ahmoq ham ekansan: axir inglizchadan baloniyam bilmaysan-ku?
— Ha, bilmayman.
Ponimirskiy kursiga oʻtirib kulib yubordi. Laychasi uning kulgisini eshitib, egasining yuziga diqqat bilan tikilib qoldi.
—