Muttahamning parvozi (II- qism) (11-bet)
sizni! Kulgidan ichagim uzilay dedi! Iboracha deb mana buni aytadilar!
— Ehtimol, juda odobdan boʻlmasa ham, — soʻzlarni choʻzib tasdiqladi xotini, — lekin erkakcha gap boʻlibdi.
— Rost aytasan. Mamlakatimizda lalaygan odamlar koʻpayib ketdi. Hamma gapga shakarcha sepib, chuchmal qilishni yaxshi koʻramiz. Biror oʻtkir soʻz bizga muzdakkina suv sepganday ta’sir qiladi.
Nikodim kulib yubordi va oʻshanda gʻoyat gʻazabi qaynab ketganini tushuntira boshladi.
Ovqatdan soʻng ish haqida gaplasha boshlashdi.
Nikodim ishning shunday silliq koʻchishini kutmagan edi. Rost, Pil'xen oʻz ministrligidagi kerakli departament bilan kelishib olmaguncha biror qarorga kela olmasligini aytdi. Biroq aslida u qadrli raisjon uchun hamma ishga tayyor emish. Har nima boʻlganda ham shpallar ortiqchalik qilmasmish.
— Sizga soʻz berishim mumkin, bu ishni tezda bir yoqli qilamiz. Qanday boʻlmasin, eng muhimi, ishni paysalga solmaslik kerak. Odatim oʻzi shunaqa.
Dizma ensasini qashidi.
— Ochigʻina aytganda, men bu ishni bir oz orqaga surishni iltimos qilmoqchiman.
— Orqaga surishni deysizmi, birodar? — deya ajablanib soʻradi ministr.
— Hozir u menga zarur emas.
Pil'xen kulib yubordi va, unday boʻlsa sizni juda gʻalati mijoz, deb aytsam ham boʻladi, dedi.
Nikodim ertaga ministrlikka borish uchun ijozat soʻradi-da, xayrlasha boshladi.
— Asl odam-da, — dedi ministr Dizmaning ortidan eshik yopilgach. — Menga ishonaver, doʻndiqcham, unga qilingan har bir yaxshilik kelajakda yaxshi foyda keltiradi.
— E, men qayoqdan bilay, — dedi javoban pani Pil'xen, — bu siyosiy kombinatsiyalaringizni tushunmayman. Menga faqat bir narsa ayon, Dizma juda yaxshi odam koʻrinadi. Inglizcha tarbiya deb shuni aytishadi-da!
Nikodim uyga qaytdi-da, darhol Kshepitskiyga qoʻngʻiroq qilib, ish koʻngildagiday ketayotganini xabar qildi.
Soʻngra Ninaning xatlarini ochib oʻqiy boshladi. U juvonning sevgisiga yana bir bor ishonch hosil qilmoqchi edi.
Xatlarda yozilgan gaplardan hech qanday shubhaga oʻrin qolmasdi. Ularning turgan-bitgani muhabbat toʻgʻrisida mulohazalar, birga oʻtkazgan damlarni qoʻmsash, hijron azobi va kelajakdagi ikkovlon oʻtkazadigan baxtli kunlarni orziqib kutish haqidagi gaplardan iborat edi.
Xatlardan birida Nina oʻzi tugʻilib oʻsgan va unga bolaligini eslatadigan Koborovodan ayrilish naqadar ogʻir ekanligi haqida gapirgandi.
Dizma iljayib, stol tortmasini ochdi-da, qogʻozlar orasidan Nina Kunitskaya nomi bilan ish olib borish uchun berilgan vakolatnomani oldi. Bu vakolatnomani Nikodim Koborovoga borganidai soʻng bir oz vaqt oʻtgach, Leon Kunitskiy bergan edi. Dizma vaqolatnomani hafsala bilan buklab karmoniga solib qoʻydi.
Soʻng quvnoq hushtak chalgancha oʻzini toʻshakka tashladi. Hozir uning butun fikri yodi oʻzi boshlagan katta ishda edi.
Nikodim tungi stolchada turgan lampani oʻchirib, xonani zim-ziyo qorongʻilik bosganida birdan uning butun vujudini dahshat bosdi.
«Bochekni oʻldirishdi!»
Dizma dovdirab qoldi.
«Mening buyrugʻim bilan oʻldirishdi... Mening pulimga... Bochekni men oʻldirdim... E, jin ursin!»
Bu xira fikr uning miyasini chulgʻab olgandi. Narigi dunyo chindan ham boʻlsa-chi? Arvohlar haqidagi gap rost boʻlsa-ya?..
Qorongʻida qarshidagi devor oldida nimadir qimirlab, kimningdir sharpasi koʻringanday boʻldi.
Sochlari tikka boʻlib ketgan Nikodim qaltiroq qoʻlini vklyuchatel' tomon choʻzgan edi, pijamasining yengi abajurga tegdi-yu, lampa sharaqlab, polga tushdi.
Nikodim tirrakdek qotib qoldi. Sharpa esa yaqinlashib kelmoqda edi. Nafasi tomogʻiga tiqila boshlagan Dizma dodlab yubordi.
Har daqiqa bir soatday tuyulardi.
Birdan uning qulogʻiga shippakning shapillagani eshitildi. Eshik tirqishidan xonaga shu’la tushib, ostonada qoʻlida toʻpponcha bilan Ignatiy paydo boʻldi.
— Nima gap?
— Chiroqni yoq tezroq.
Ignatiyning devorni paypaslagani eshitildi. Nihoyat, vklyuchatel' chiqillab, xona ichi koʻzni qamashtiruvchi, ajoyib, najotbaxsh yogʻduga koʻmildi.
— Nima gap oʻzi, pan rais? Dizma oʻrnidan turib oʻtirdi.
— Hech gap yuq. Tushimda... anovi... oʻgʻrini koʻribman...
— Xudoga shukur-e. Odamni qoʻrqitib yubordingiz-ku.
— Asabimning mazasi qochibdi. Bilasanmi, Ignatiy, koʻrpangni olib kelgin-da, manovi divanda yot.
— Ta’bingiz, pan rais.
— Ha! Keyin bufetga borib menga aroq olib kel. Ozgina ichsam, asabim joyiga tushadi.
Qadahdagi aroqni simirib, ustidan bir tishlam somsa yegach, Nikodim yengil tortganday boʻldi. Ignatiy divanga choʻzildi.
«Tufe! Oʻzim ham xotindan battar ekanman!» — dedi oʻziga oʻzi Dizma va devor tomon oʻgirilib, qattiq uyquga ketdi.