Muttahamning parvozi (III- qism) (11-bet)
eshikni ichidan qulflab olishdi.
— Nima qilishimniyam bilmay qoldim... — deya gap boshladi Dizma.
— Buning nimasini bilmas ekansiz, pan rais? Hammasi ravshan-ku. Shunday e’tibor! Shunday hokimiyat!
— Ha, albatta, biroq bu juda mas’ul ish. Davlatni boshqarish bankaga rahbarlik qilish degani emas.
— Xoʻsh, nima qilibdi?
— Uddalay olmasligim mumkin.
— Uddalaysiz pan rais.
Nikodim lablarini choʻlpillatdi.
— Hozir turli-tuman krizislar koʻpayib ketgan, kundan-kun rahbarlik qilish ogʻirlashib boryapti...
— Biror narsa oʻylab topasiz, pan rais, miyangizga biror yaxshi fikr kelib qoladi. Men bundan tashvish qilmayman. Chunki siz yangilik oʻylab topishga juda mohirsiz... Bir tasavvur qiling-a, pan rais: mana siz hokimiyatni qoʻlga oldiigiz, aholi xursand, jamiyatning kayfiyati koʻtarildi, siz bir nechta samarali tadbirlarni amalga oshirasiz. Agar buning ustiga umumiy kon’yuktura yaxshilansa bormi!..
— Yaxshilanmasa-chi?.. Faqat sharmanda boʻlgʻanim qoladi.
— Hech nima qilmaydi! Unda hamma aybni yomon kon’yuktura bilan xalqaro krizisga qoʻyish mumkin. Ozmuncha kabinetlar iste’foga chiqqanmi?
Shu payt eshik taqillab qoldi. Kabinetga Nina kirdi.
— Senga xalal bermaymanmi? — deya jur’atsizlik bilan soʻradi u ostonadan.
— Yoʻq, kiraver.
— Buni qarang-a, — dedi Niiaga qarab umidsizlik bilan Kshepitskiy, — pan rais hamon ikkilanib turibdilar.
— Bilasanmi, Ninochka, bu juda qiyii ish. Qolaversa, menga shu yer — Koborovo yaxshi.
Ninaning chehrasi yorishib ketdi.
— Azizim! Menga juda mehribonsan-da! Lekin, Nik, men Vatanimizga ziyon keltirib boʻlsa ham sepi Koborovoda tutib qoladigan xudbinlardan emasman. Oʻzing nimani dozim topsang, shuni qil, menimcha, sen mamlakatni qutqarib qolishga qodirsan.
— Sen shunday deb oʻylaysanmi?
— Burching nimani taqozo etsa, shunday yoʻl tutaver. Xudo haqqi, meni tantiq deb oʻylama, lekin men Varshavada bosh ministrning rafiqasi boʻlib yurishdan koʻra, sen bilan shu yerda yashashni afzal koʻraman. Ammo harqalay... Meni sevishing tufayli davlatga rahbarlik qilishdan voz kechayotganingni oʻylasam tashvishga tushyapman...
— Hm... — deya toʻngʻilladi Dizma.
Pan rais, — yana gap boshladi Kshepitskiy boshligʻining taklifini qabul qilishga moyil boʻlib borayotganini koʻrib, — menda bir fikr tugʻilib qoldi: siz hokimiyatni qoʻlga olganingizdan soʻng biz tezda Londonga boramiz.
— Nega? — norozi ohangda soʻradi Dizma.
— Nega deysizmi? Qarz olish uchun. Boshqa bironta odamga bermasliklari mumkin, ammo sizning oshna-ogʻaynilaringiz koʻp. Axir Oksforddagi kursdoshlaringizdan koʻpchiligi hozir Angliyada yuqori lavozimlarda ishlayottan yoki ijtimoiy hayotda muhim rol' oʻynayotgan ooʻlsa kerak. Balki qarz olishga muvaffaq boʻlarmiz?
Kshepitskiy bu soʻzlari bilan oʻz umidlarini chippakka chiqazganini xayoliga ham keltirmagan edi.
Nikodim qovogʻini solib, unga jim boʻling, deganday ishora qildi.
«Ha, — deya oʻyladi u, — men buni mutlaqo unutibman. Men bosh ministr sifatida turli elchilarni qabul qilishim kerak. Hatto Jenevaga borishga ham toʻgʻri kelar. Toʻgʻri, men tarjimon olishim mumkin, lekin u holda mening polyak tilidan boshqa hech qanday tilni bilmasligim oshkor boʻlib qoladi... Buning ustiga anovi la’nati Oksfordni aytmaysizmi!.. Nihoyat, bu mashmashaning menga nima keragi bor?..»
U oʻrnidan turdi, Nina bilan Kshepitskiy unga bezovtalanib qarab turishardi.
— Gap bunday, — dedi qat’iy ohangda Dizma, — men bosh miiistrlik lavozimini qabul qilmayman.
— Pan rais, axir...
— Hech qanday gap-soʻzga oʻrin yoʻq. Qabul qilmayman — vassalom!
Kshepitskiy majolsizlanib stulga oʻtirdi. Nina turgan joyida toshday qotib qoldi.
Nikodim sochlarini toʻgʻriladi va boshini baland koʻtarib, eshikni ochdi...
Vestibyul' darhol jimib qoldi, barcha oʻrnidan turdi.
Dizma eshikni yopmay, toʻgʻri direktor Litvinekning oldiga keldi-da, atrofdagilarga bir koʻz yugurtirib chiqqach, ohista dedi:
— Pan Litvinek, marhamat qilib, pan prezidentga aytib qoʻysangiz: menga bildirgan ishonchi uchun undan gʻoyat minnatdorman, ammo bosh ministrlik lavozimini qabul qilolmayman.
— Pan rais!.. — deya xitob qildi voyevoda Sheymont va darhol jimib qoldi.
— Nega endi?! Nega?! — deya qichqirdi asabiylashib Pshelenskaya.
Dizma qovogʻini soldi.
— Shunday deyishga asosim bor, — dedi u shavqsiz ovozda.
— Qaroringiz qat’iymi? — soʻradi doktor Litvinek.
— Mening har qanday qarorim ham qat’iy boʻladi.
— Marhamat qilib, davlat boshligʻiga tegishli javobni yozma ravishda bera olmaysizmi, pan rais?
— Yozib berishim ham mumkin.
Nikodim bosh irgʻab, kabinetiga qarab ketdi.
Uning ortidan eshik yopilgan zahoti hamma yoqdan har xil gaplar eshitila boshladi.
— Nega?! Nega endi?! Tushunolmadim!
— Axir bu dahshat-ku! Mamlakat juda nochor — ha, ha, nochor ahvolda! Bilmadim, undan boʻlak bu lavozimni kim egallay olarkin?
Vareda bosh irgʻadi.
— U xafa... Ogohlantirishiga qaramay, gʻalla bankasining boshiga suv quyishganidan qattiq xafa boʻlsa kerak.
Bir zum jimlik choʻkkan edi, kabinet eshigi ortidan Dizmaning zarda bilan gapirgani eshitildi:
— Yozing, jin ursin sizni, yozing dedimmi, yozing vassalom!
Soʻngra yozuv mashinkasi chiqillay boshladi.
— Menimcha, pan raisning bunday qarorga kelishiga sabab, uning jiyanimga boʻlgan muhabbati, his-toʻygʻusi boʻlsa kerak, — deya gap boshladi pani Pshelenskaya. — Ular yaqinginada nikohdan oʻtishdi axir. Bosh ministrlik vazifasi kishining vaqtini butunlay olib qoʻyadi. Pan Dizma esa, garchi buni oʻzi yashirib yursa-da, juda tuygʻun odam. Biz, ayollar bunaqa narsalarni juda yaxshi tushunamiz.
— Ha, albatta, — deya uning gainni tasdiqladi grafinya Charskaya.
Rel'f yelkasini qisib qoʻydi.
— Menimcha, xonimlar ham, polkovnik ham juda yanglishishyapti. Rais Dizmaning faoliyatini kuzatishimga qaraganda, u oʻz shaxsiyatini oʻylab ish tutadigan odamga sira oʻxshamaydi.
— Haqiqiy davlat arbobi! — dedi voyevoda Sheymont. — Agar u taklifni rad etgan boʻlsa, bunga siyosiy xarakterdagi biron sabab boʻlsa kerak.
— Ammo Vatanimiz halokat yoqasida, turibdi axir!
— Bizga shunday tuyulyapti, — deya jilmaydi voyevoda, — ha, bizga shunday tuyulyapti. Lekin, aslida, ishlar biz oʻylaganchalik yomon emas, ekonomikani siz bilan bizdan yaxshiroq tushunadigan pan rais xavf-xatar uncha katta boʻlmagani uchun ham shaxsan yordamga oshiqishga hali erta deb oʻylaganiga aminman.
— Lekin u bir marta mamlakatni qutqarib qolgan edi! Qanday zoʻr ish qilgan edi-ya oʻshanda!
— Ha, u haqiqiy Sinsinnat , — dedi nasihatomuz ohangda voyevoda. — U juda katta xavf tugʻilgandagina omochini qoʻyib, yordamga oshiqadi.
— Ha, ha! — dedi xonimlardan biri. — U hali albatta hokimiyatni qoʻlga olib, Vatanimizni halokatdan qutqaradi.
— Ajoyib odam! — dedi ma’nodor qilib voyevoda. Kutilmaganda burchakdan qargʻaning choʻzib qagʻillashiga oʻxshash boʻgʻiq kulgi eshitildi.
Shu tobgacha hech kim jimib qolgan Jorj Ponimirskiyga e’tibor bermagan va shuning uchun ham uning ensasi qotib oʻtirganini sezmagan edi. Jorj anchagacha quloq solib oʻtirgach, oxiri chidab turolmadi. U stulda chayqalganicha qotib-qotib kulardi.
— Nimadan kulyapsiz.? — ranjiganday boʻlib soʻradi voyevoda.
Jorj kulishdan toʻxtab sapchib oʻrnidan turdi. U bir necha marta monoklini taqmoqchi boʻldi-yu, biroq qoʻllari qaltirab, sira taqa olmadi. Uning gʻazabi gʻoyat qaynab ketgan edi.
— Nimadan, deysizmi? Nimadan emas, kimdan, deb soʻrang! Sizlardan kulyapman, bildingizmi, sizlardan! Jamiyat ustidan, muhtaram vatandoshlarim ustidan kulyapman!
— Pan Ponimirskiy!
— Jim! — deya oʻshqirdi Ponimirskiy. Uning kasalmand bolanikiga oʻxshash za’faron yuzi gʻazabdan qip-qizarib ketdi. — Oʻchiring ovozingizni! Sapristi! Sizlardan kulyapman! Sizlardan! Jamiyat ustunlari! Xa-xa-xa... bilib qoʻying, boʻlmasam: oʻsha davlat arbobingiz, oʻsha Sinsinnat, oʻsha buyuk odamingiz, oʻsha Nikodim Dizma— sizlarni aldab yurgan haqiqiy muttaham boʻladi! U ablah, sulloh, shu bilan birga gʻirt ahmoq odam! Ekonomika u yoqda tursin, orfografiyadan ham baloni bilmaydigan esi past u. Mutlaqo tarbiya koʻrmagan razil bir odam. Uning basharasi, oʻzini tubanlarcha tutishiga bir qarang: ahmoq, nul'! Vijdonim haqi, u Oksfordda oʻqish u yoqda tursin, hatto bironta chet tilini ham bilmaydi. Kisavurga oʻxshagan qoʻpol, shubhali bir shaxs! Nahot shuni koʻrmasangiz? Boya sizlarni aldab yuribdi, deb notoʻgʻri aytgan ekanman: yoʻq, sizlarning oʻzlaringiz bu maxluqni taxtga chiqarib qoʻygansiz! Ha, sizlar! Hammangiz miyangizni yeb qoʻyibsizlar! Sizlardan kulyapman, ahmoqlar! Toʻnkalar!..
Nihoyat, u monoklini taqib oldi. U nafrat bilan barchaga birma-bir koʻz yugurtirib chiqdi-da, soʻng eshikni sharaqlatib yopib chiqib ketdi.
Qapalagi uchib ketgan doktor Litvinek odamlarga hayron boʻlib qaradi: barcha xijolat chekib, achinganicha jilmayib turardi.
— Bu nima degan gap?! — deya soʻradi nihoyat doktor Litvinek. — Bu janob kim oʻzi?
Unga Pshelenskaya javob qildi:
— Kechirasiz, pan direktor, u yigit mening jiyanim — pan raisning qaynagʻasi boʻladi. Oʻzi beozor. Odatda u jimgina yurardi... Esi sal kirarli-chiqarliroq.
— U telba, — deya tushuntirdi voyevoda.
— Bechora bola, — dedi xoʻrsinib grafinya Charskaya.
— Ha-a, — deya jilmaydi Litvinek, — ha, albatta, telbaligi shundoq koʻrinib turibdi.
Soʻngi soʻz:
Dunyo adabiyoti tarixida burjua jamiyatida yosh yigitning martaba yoʻli toʻgʻrisida hikoya qiluvchi asarlar anchagina topiladi. Bu mansabparastlar galereyasida jamiyatda munosib oʻrin egallashga loyiq boʻlgan kuchli iroda sohibi boʻlmish kishilar ham bor. Stendalning «Qizil va qora» romanidagi Jyul'en Sorel' shular jumlasidandir. Ammo ular orasida Mopassanning «Aziz0 doʻstim» romanidagi Jorj Dyurua kabi igʻvo yoʻli bilan maqsadga erishuvchi kishilar ham uchraydi.
Mana endi kitobxonga qisqa davr ichida katta martabaga erishgan yana bir odam haqidagi asar — polyak yozuvchisi Tadeum Dolenga-Mostovichning (1898—1939) «Muttahamping parvozi» romani taqdim qilinmoqda.
Hozirgi zamoi kitobxoniga Nikodim Dizmaning bunday katta mansabga erishishn aql bovar qilmaydigan narsa boʻlib koʻripadi. Yalqov, toʻpori va qashshoq bir odam tasodif tufayli yirik davlat arbobiga aylanadi, uni vatan xaloskori, deya koʻklarga koʻtarib maqtashadi, bosh ministr boʻlishshga iltimos qilishadi. Hammasi tasodif tufayli sodir boʻlayotgandek tuyuladi, biroq Dizmaning bunday yuqori mansabga erishishini oʻz mohiyatiga koʻra tasodif deb boʻlmaydi.
Dolenga-Mostovichning qahramoni bunday muvaffaqiyat uchun oʻsha davr Pol'sha hukmron doiralaridan minnatdor boʻlmogʻi lozim. Uni yuqoriga qalqitib olib chiqqan va «mamlakat xaloskori» deb atagan kishilar oʻshalar boʻladi.
Pol'shada 20—30-yillartshg boshida iqtisodiy va siyosiy krizis keskinlashgan sari mamlakatni qutqarishi mumkin boʻlgan «kuchli odam» haqida koʻproq ayyuhannos sola boshlashdi. «Bizga kuchli odamlar kerak», Nikodim Dizma Yevropa mehmonxonasida Avstriya kansleri sharafiga yozilgan ziyofatga borgan zahoti ana shu gapni eshitadi. Romanning oxirida telba zodagon Jorj Ponimirskiy «Jamiyat ustunlarnga» qarata: «Sizlariing oʻzlaringiz bu maxluqni taxtga chiqarib qoʻygansiz! Ha, sizlar! Hammangiz miyangizni yeb: qoʻyibsizlar!» — deya xitob qiladi.
Dizma avvaliga shon-shuhrat va hokimiyatga sira ham intilmagan edi. Unga ish boʻlmasa-yu, osh boʻlsa — shuning oʻzi kifoya edi. Dizma muvaffaqiyatga intilish u yoqda tursin, oqim oʻzini qayoqqa olib ketayotganini ham tushunmasdi. «Chamasi» peshanamga moʻ’tabar odam boʻlib oʻlish yozilgan koʻrinadi», — deya mulohaza qilardi oʻzicha u.
Dizma qoloq Liskovdan Varshavaga kelganida bu shaharni zabt etish, katta martabaga erishishni xayoliga ham keltirmagan edi. U oʻziga restoranda tans-boshqaruvchisi kabi oddiygina ish qidirardi. Biroq uni hamma yerdan qobiliyatsizligi va jizzakiligi uchun quvib solishadi. Oʻziga juda hush yoqadigan «Fil» qovoqxonasidagi mandalinachilik ishidan mahrum boʻlgach, Dizma boshini suqarga joy topolmay qoladi. Agar «Fil» qovoqxonasi yopilib, Nikodim ishsiz qolmaganida ehtimol, u butun umrini mandolina chalib oʻtkazardi.
Dizma biror ishga layoqatsizgina emas, hatto hech nimaga intilmaydi ham! U faqat bir oz pul yigʻib, hech qanday ishga qoʻl urmay, sudxoʻrlik qilib yashashni orzu qiladi.
Nikodim martaba pogʻonasidan yuqori koʻtarilgani sari koʻproq ma’naviy inqirozga uchraydi. U Yevropa mehmonxonasining ostonasidan hatlab oʻtganida hali jinoyatchi emasdi. Biroq u asta-sekin insonlik qiyofasini yoʻqota boshlaydi. «Bu juldurvoqilarning tanobini tortib qoʻyish kerak! — deya qichqiradi u. — Yalangoyoqlarning bir qismi qirilib ketsa hech nima qilmaydi!».
Jamiyatda katta martabaga erishgach, Dizma qotil va oʻgʻriga aylanadi. Bochekning oʻldirilishi Dizmaning biografiyasida yolgʻiz qotillik boʻlib qolmasligini kitobxon yaxshi tushunadi. Romanning oxirida koʻz oʻngimizda hokimiyatni qoʻlga olgach, ancha qon toʻkadigan jinoyatchi namoyon boʻladi. Dizmaning hokimiyatni qoʻlga olishi esa aniq. Hozircha u «qoʻlga tushib qolishdan» choʻchib, bosh ministrlik lavozimiii rad etadi. Lekin bir oz vaqt oʻtgach, romandagi kiborlarning tili bilan aytganda «u hali albatta hokimiyatni qoʻlga olib, vatanni halokatdan qutqaradi».
Dolenga-Mostovich oʻz romanida gʻoyat xarakterli voqeani tasvirlaganidan polyak tanqidchiligida nomunosib, iste’dodsiz va kaltabin odamning davlat arbobiga aylanishini ifodalovchi «dizmizm» degan termin paydo boʻldi.
Dizmaning martaba yoʻli, shu qadar tuban odamning hokimiyat tepasiga chiqishiga imkoniyat yaratilishining oʻzi dahshatdir. «Dolenga-Mostovichning qahramonlari boshidan kechirgan sarguzashtlar mudhish ertakni eslatadi», — deya yozgan edi 1956 yili «Jiche literatske» gazetasida Stefan Otvinovskiy.
Roman gʻoyat katta muvaffaqiyat qozondi. Deyarli barcha qahramonlar hayotda oʻz prototiplariga ega edilar. Oʻttizinchi yillarning kitobxonlari roman qahramonlari timsolida oʻsha davr Pol'sha davlat arboblarini osongina tanib olgandilar. Dizmaning tarixi Dolenga-Mostovichning zamondoshlarigʻa tasodifiy kishilarning yuksalishi misolidan yaxshi tanish edi.
«Qasdma-qasdlikka eng ahmoq odamni bosh ministr qilib tayinlayman. Oʻtaketgan kaltabin ham prem'er boʻlishi mumkinligini koʻrsatib qoʻyaman ularga», — degan edi bir kuni Pol'shaning oʻsha pgytdagi hukmdori marshal Pilsudskiy. Bu gapini isbotlash uchun u bir yili arxeologiya professori Deon Kozlovskiyni qishloq xoʻjaligi ministri qilib tayinlagan edi.
«Muttahamning parvozi»dan soʻng Dolenga-Mostovich yana oʻn beshta roman yozdi. Bu asarlar ham kitobxonlar orasida katta muvaffaqiyat qozondi. Buning sababi avtorning sotsial va maishiy konfliktlarni yaxshi his etib, ularni mahorat bilan tasvirlay olishida, albatta.
«Muttahamning parvozi» 30-yillardagi Pol'sha burjua jamiyatidagi ziddiyatlarni aks ettiruvchi muhim hujjatdir. 1939 yili fashist qoʻshinlari Pol'shaga bostirib kirganida Dolenga-Mostovich kapitan unvonida armiyaga safarbar etiladi va koʻp oʻtmay halok boʻladi.
«Muttahamning parvozi» romani hozirgi kunga qadar oʻz ahamiyatini yoʻqotmay, Pol'shada qayta-qayta nashr qilinmoqda. 1956 yili bu roman asosida fil'm yaratildi.