Asira yakuniy qism (kamolov) (2-bet)
ham, Rashidning makonini ham aniq bilgan odam aytgan. Baxtiyor bilan Ernest "Zargar” haqida ko‘p narsa bilmas edi. Faqat Anjelika va Rashid uning makoni, sir-asroridan voqif edi. O‘ylab o‘yimga yetolmadim. Manzilga yetib yana bir qiziq holatga duch keldim. Bu yerda ham militsiya xodimlari bor edi. Tergovchi meni ham uyga olib kirdi. Ayrim holatlarni videotasvirga olish kerak ekan. Yaratganning irodasini qarangki, meni zanjirband qilganlar, haqoratlaganlar qo‘llari orqaga qayrilgan holda kishanlangan, tizzalab bosh egib o‘tirishardi.
Hamkasblar ko‘rishishib, bir-birini voqeadan xabardor etishdi. Yarim-yorti eshitgan gaplarimga ko‘ra, meni "Zargar”nikiga olib ketishgandan so‘ng bozor-o‘char qilib qaytgan Baxtiyor qattiq g‘azablanibdi. U hech narsa so‘rab-netib o‘tirmay to‘g‘ri Badr dam olayotgan xonaga kiribdi. Qattiq mushtlashuvdan so‘ng Baxtiyor hushsizlangan Badrni zanjirlab qo‘ygan. Ernest kirib kelib Badrning tarafini olgandan keyin Baxtiyor uni ham urib, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab tashlagan. Mullani o‘z xonasida bog‘lab, ustidan qulflagan. Rashid va "Zargar”ning haydovchisi bilan olishuvi eng qiyini bo‘lgan ko‘rinadi. Balki Baxtiyorning menga nisbatan bo‘lgan muhabbati ulardan ustun kelishga yordam bergandir. Oyog‘idan pichoq yegan Baxtiyor hammasini bog‘lab, eshikni qulflab, uchastkovoyga borib axborot beribdi. Militsiya xodimlari "tez yordam” chaqirib, uni shifoxonaga jo‘natishgan va bu yerga yetib kelib "ashaddiy retsidivist”lar deb ataladigan bu guruhni qo‘lga olganlar.
Ular ham mening sog‘-salomatligimdan xursand bo‘lishdi. Rashiddan "Zargar”ning manzilini so‘rab, bilolmay turishgan ekan. Men shu yerda o‘g‘ri bo‘lsa ham Baxtiyorni sevib qolganligimni bildim. Qarang-a, xuddi kinolardagidek, shuncha jinoyatchi bilan yakka o‘zi jang qilibdi. Shuning uchun tezroq shifoxonaga borib, unga tirik ekanligimni bildirgim keldi. Xullas, bu yerdagi voqealarni ipidan-ignasigacha aytib, sizni zeriktirib qo‘ymayin. Organ xodimlari va tergovchi qonun doirasida barcha ishlarni amalga oshirib, yo‘lga hozirlanishdi.
Mashinaga minayotgan Rashid menga qarab:
-Do‘ndiqcha, burgutning changalidan omon qoldingmi? Baxting bor ekan, -dedi. Nazarimda u mening "Zargar”dan qutulganimga suyunayotgandek edi. Badr menga bir qaradi-da:
-Baribir Baxtiyoringni ham oyog‘idan tortaman. Uyam "gulboqqa” tushadigan ishlar qilgan, -dedi. Ernest va mulla bir og‘iz ham gapirmadilar. Bularning orasida eng vahshiysi Badr. Uni ko‘rgani ko‘zim yo‘q.
Sa’dullayevning toshkentlik militsiya xodimlariga qarata:
-Yana bir jinoyat uyasi bor. Bu sizlarning chekingizga tushadi, -degani diqqatimni tortdi. Yana qayerda jinoyat uyasi bor ekan. Izquvarlar balo. Ajelikaning nahs bosgan uyidan ham xabar topishibdi. Tergovchi va militsiya xodimlari ichki ishlar bo‘limiga borib, har-xil qog‘ozlarni to‘ldirishdi. Yana qandaydir operatsiyalar to‘g‘risida suhbatlashishdi.
Gap orasida Danil va Mishaning ismi aytib o‘tildi. Anjelika ham qolmadi. To‘g‘risi, ularning gapiga ko‘pam e’tibor bermadim. Chunki o‘n kundan beri gap poylayverib, asablarim taranglashgan ekan. Boz ustiga ular tezroq ishini tugatishsa-da, menga quvonch va qayg‘u tayyorlab turgan ona shahrim Qarshiga qanot bog‘lab uchsam. Men juda charchagan edim. Tushlik ham qilmaganimiz tufayli ko‘nglim behuzur bo‘layaptimi, bilmayman. Tergovchi va militsiya xodimlari Qarshidagi boshliqlariga operatsiya muvaffaqiyatli o‘tganini, faqat kapitan Rasulov jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilganini, ashaddiy retsidivist Rashid Turg‘unov boshchiligidagi jinoiy guruh qo‘lga olinib Toshkent shahridagi hibsxonaga jo‘natilgani haqida axborot berdi. Suhbat oxirida "eng asosiysi biz kechikmadik, qiz sog‘-salomat, -dedi va menga kulimsirab qarab qo‘ydi.
-Qorin, piyoz po‘sti bo‘lib ketdi. Bir tamaddi qilib olib, yo‘lga otlanaylik,-dedi o‘sha dadamga o‘xshab ketadigan mayor Ixtiyor Mirzayev. Chiroyli qurilgan restoranga kirib ovqatlandik. So‘ng mashinaga o‘tirdik. Men oldingi o‘rindiqqa, tergovchi va Mirzayev orqa o‘rindiqqa joylashdik. Haydovchining ismi Tursunboy ekan. U ham formada.
-Jiyan, mana bu furashkani ushlab ket, -dedi u mashinani boshqararkan. Menga juda katta topshiriq berilgandek furashkani ehtiyotkorona ushladim. Biram chiroyli, biram salobatli. Bu Baxtiyorga ham juda yarashardi. Biroq u o‘tmishiga dog‘ tushirgan. Bu dog‘ bir umr unga halaqit bersa kerak.
-Rasulovning o‘rni bo‘sh qoldi-da, -dedi Mirzayev xo‘rsinib.
-Bir-ikki kunda otdek bo‘lib ketadi,- dedi tergovchi.
Hamma horg‘in. Suhbat ham hech kimga yoqmaydi. Hamma mudrab borayapti. Ishqilib, haydovchi uxlab qolmasin. Uyga qaytayotganimdan xursand bo‘lsam-da, negadir yuragim uvishib borardi. Uydagilar qanday kutib olarkan? Rasul do‘xtirning xotini sochimni bittalab yulmasmikan? Akam nima deydi? Baribir yoshgina bu boshim xam bo‘ldi-da. Shuncha odam men uchun ovorai-sargardon. Yaxshiyam militsiya bor, izquvarlar bor. Bo‘lmasa, meni hozir "Zargar” xarob qilgan bo‘lardi. O‘zicha gala o‘g‘rini yig‘ib to‘y qilarmidi? Men undan qutulolmas edim. Itning o‘ziyoq qonsirab, egasining imosiga mahtal bo‘lib turgandi. Meni itga talatardi. Ismi Hasan ekan. Uning qiyofadoshi-ukasi ekan-da. Anjelika bu sirdan bexabarligi uchun aytmagandir. Egizak jinoyatchilar. Ularni poytaxt qamoqxonasiga jo‘natishdi. Hozir Anjelikaning uyida ham to‘s-to‘polondir. Misha va Danil ham qo‘lga olingan bo‘lsa, odamlar kattakon jinoiy guruhdan qutulardilar. Eng asosiysi, endi begunoh o‘lgan Rasul do‘xtirning qotillari fosh bo‘ladi.
Qosh qorayganda Samarqandga yetib keldik. Yo‘lga chiqqanimizdan oppoq qor yog‘a boshlagandi. Ancha qalinlashib qoldi. Yana o‘sha tojikcha-o‘zbekcha gaplar bilan bir to‘da qiz non ko‘tarib yo‘lda turishibdi. Yo‘lning ikki tomonida joylashgan do‘konlar chirog‘i yo‘lni yoritgan. Chiroyli qilib terilgan shirinliklar, teshik kulchalarga qarab, uyga nimadir olib borgim keldi. Biroq yonimda sariq chaqa yo‘q. Mashinamiz to‘xtadi. Tergovchi "Samarqandning nonidan olmasak bo‘lmaydi. Mozorbosdi”, -dedi. Ular o‘ttiztacha non olishdi. Menga ham 4 tasini berishdi. Kiyimlarim solingan selofanga joylab, rahmat aytdim. Qarshida qor emas, yomg‘ir yog‘ayotgan ekan. Qorong‘uda qadamlarim uzilgan shahrimga yana qorong‘uda kirib keldim. O‘sha tunda chopgan joylar, do‘xtir boboni tepishgan yer, ana, "Sanam” fabrikasi. Baridan o‘tdik. Tomog‘imga tosh tiqilgandek o‘kirib yig‘lab yubordim. Mana bizning "dom”mimiz. Uyimizning chirog‘i yoniq. Chiroq nuri zimis-ton ko‘nglimni yoritgandek bo‘ldi. Mashinadan tushdik. Yomg‘ir tomchilari ko‘z yoshimga qo‘shilib ketdi. Men uyga qarab chopib borishni qanchalik istamay, oyoqlarim bo‘ysunmasdi. Tergovchi holimni tushungandek qo‘limdan ushladi: "Yur, qizim, onang, akang diydoringga zor! Bu tun yaxshilab dam ol. Ertaga soat 10.00 da shahar prokuraturasiga onang bilan borasan. Xo‘pmi?”
-Men haqimda sizga kim axborot berdi? Baxtiyor emas ekan. Unda kim?
-Ertaga gaplashamiz. Hozir seni uyingdagilarga topshirib chiqay. Juda charchaganman. Ikki kundan beri men ham uyda yo‘qman.
Men haydovchi va mayorga rahmat aytib, xayrlashdim. Zinadan bir-bir bosib ko‘tarilardik. Qo‘shnilar chiqib qolishini sira istamasdim. Tergovchi eshikni taqillatdi. Ichkaridan chiqqan zaifgina ovoz yuragimni o‘rtab yubordi. "Ayajon, Ayajonim”, deb baqirib yig‘lay boshladim. Ayam bechoragina ham o‘n kun ichida o‘n yilga qaribdi. Azador kiyim momoga aylantirib qo‘ygandek.
Eshikni ochib, menga bir qaradi-da, dabdirab ketdi. Tergovchi ildam ekan. Darhol ushlab oldi. Ikkimiz so‘zsiz bir-birimizning pinjimizga tiqildik. Faqat ko‘z yoshlarimizgina bir-biri bilan so‘ylashayotgandek edi. Tergovchi chiqib ketdi. Dadajonimni yo‘qlab yarim soatlarcha yig‘ladik. Ayam o‘zini tutib oldi. Qo‘l-oyoqlarimni paypaslab ko‘ra boshladi. Salomatligimdan ko‘ngli to‘ldi. Biroq dilida bir savol bor edi - bo‘yi yetgan qizidan xavotir hissi. Ko‘zlarimga qaradi. Lekin nima deb so‘rashning epini qilolmas edi. Ayajonimni ortiq qiynashni istamadim.
-Qo‘rqmang, ayajon, menga hech kim qo‘l tekkizgani yo‘q.
-Bolam, nuridiydam, or-nomusim. Ayam meni bag‘riga qattiqroq tortdi.
-Xudoyim, boringga shukur. Men mushtiparning nolasini tinglabsan. Iloyo, tergovchi bolamning umri uzoq bo‘lsin. Militsiyaga pahmat. Baraka topishsin, - deb onam oshxonaga o‘tdilar.
-Bir piyola issiq choy ich, hozir olib kelaman.
-Men sizning beva bo‘lishingizga, bolalaringiz yetim qolishiga sababchi bo‘ldim. Lekin men bunday bo‘lishini istamagandim, -dedim.
-Do‘xtir buvang har oqshom tushimga kirib, seni so‘raydilar. Xolida keldimi, deydilar. Sen uchun o‘lib ketdilar. Sen ham o‘lsang, shunchaki o‘lib ketganga o‘xshardilar. Men sani o‘g‘irlanganingni bilguncha ko‘p qarg‘adim. Tergovchi tushuntirgandan keyin erim shu qiz uchun jonini beribdimi, tirik qolsin, deb duo qildim. Taqdir ekan-da. Do‘xtir buvangni orqalaridan shuncha bola qoldi. Iz qoldi. San hali juda yosh eding. Uni o‘ldirganlar jazosini olishsa, yuragim ozroq taskin topardi. Kallam qursin, uyga kiringlar.
Biz uyga kirdik. Ayam "Fotiha” surasini pichirlab o‘qidilar. Keyin ayol mendan o‘sha tungi voqeani so‘radi. Bir boshidan aytib berdim. Besh-o‘n daqiqa ichida 10 kunda bo‘lgan hodisani aytishga to‘g‘ri keldi. Jinoyatchilar qo‘lga olinganini aytganimdan so‘ng do‘xtirning ayoli hovuridan tushdi. Piyoladagi choyni bir ho‘pladim. Uyam tomog‘imga tiqildi. Do‘xtirning uyidan tezroq chiqib ketishni juda istardim. Ayamga qarab imo qildim. Ayam:
-Aytganday, Xolida hali tergovchiga uchrashishi kerak, bizga ruxsat bering, -dedilar.
-Yo‘qlab kelganlaring uchun rahmat. Kelib turinglar, -deb kuzatib qo‘ydilar.
-Bechora hokisor ayol. Haliyam "shantaj”ga uchramadik. Og‘ir-vazmin. O‘ylab gapiradi, -dedilar ayam ko‘chaga chiqqanimizdan keyin.
-Men goho shu ayolni ko‘rishdan qo‘rqib o‘lib ketishimga ham rozi bo‘lardim. Yuzma-yuz bo‘ldim. Yaxshi bo‘ldi, -dedim.
Ayam bilan uyga borsak, akam dasturxon yozib, nonushta tayyorlab qo‘ygan ekanlar. Hammamiz bir dasturxon boshida o‘tirdik. Akam ayamga "siz piyoda yurib charchadingiz, Xolida bilan men "boraman” dedilar. Biz shahar prokuraturasiga yetib borganimizda tergovchi xonasida yo‘q ekan.
-Kutib turinglar, -dedi navbatchi militsioner. O‘n daqiqalardan keyin Sa’dullayev kirib keldi.
-Yaxshi dam oldingmi? O‘z uying - o‘lan to‘shagingda, ranging kirib qolibdi. Hozir maktabingga borib, direktoring bilan gaplashib kelayapman. Taqdimnoma kiritdim. Sinfdoshlaring seni rosa sog‘inishibdi. Bugun chuvillashib uyingga kelib qolsa, ajabmas.
Men shu kuni yozma ravishda bo‘lib o‘tgan voqealarni batafsil yozdim. Shundan so‘ng tergovchi menga qarab:
-Seni xaloskoring kim, bilasanmi? -dedi.
-Baxtiyordan boshqa hech kim menga do‘stlik qilmasdi. Yana bilmadim.
-Anjelika.
Tergovchining bu gapiga hayron qoldim. Nahotki, Anjelika. Unga qancha yalinib-yolvorganlarim zoye ketgandi-ku. Tergovchi voqea tafsilotlarini aytib berdi. Anjelika "mol”ga ketgan kun Tojikistonga emas, Surxondaryoga borgan ekan. U yerdagi nashafurush ancha arzon "mol” berishga ko‘nibdi. Yigirma uchta sellofan xaltachadagi geroinni ikki qiz va Anjelika oshqozoniga yutib, qaytishibdi. Poyezd Qarshiga yetar-yetmas ularni sog‘ligi yomonlashibdi. Vokzalda uni va qizlarni tushirib shifoxonaga yotqizishibdi. Shunda Anjelika "Iltimos, hayotimni saqlab qolinglar. Ko‘p sir bilaman”, deb yalinibdi. Sa’dullayev degan tergovchi olib borayotgan ishga oydinlik kiritishi mumkinligini bildirib, uni tezrok, chaqirishlarini so‘rabdi. Tergovchi yetib borguncha do‘xtirlar yetti dona sellofan xaltasini uning oshqozonidan olishibdi. Yana besh dona bor, hayotimni saqlab qolinglar, -debdi Anjelika jovdirab, yig‘larkan. Yana ikki donasini bazur topishibdi. Qolgani oshqozonda yorilib ketgan ekan. O‘lim bilan olishayotgan ayol tergovchiga:
"Men bor yo‘g‘i 17 yil yashabman. Mansabdorning qizi edim. Dadamning dushmanlari mening hayotimni badnom qildi. Dadam nomusga chiday olmay o‘ldi.
Uydan qochib chiqib ketib, bugun shu operatsiya stolida to‘xtabman. Jinoyat, g‘arlik, ifloslik orasida umrim o‘tdi. Hatto qotillikka ham qo‘l urdim. Shunga yarasha bu kun jazoimni olyapman. Ertaga siz izlayotgan Xolidani "Zargar”ning huzuriga olib borishadi. Uni tezroq qutqarmasalaring yana bitta Anjelika ko‘payadi, -debdi. Shundan so‘ng u o‘zini, Rashidni va "Zargarning uyini tasvirlab beribdi. Danil va Mishaning kirdikorlari ham ko‘pligini aytibdi. Anjelikaning ovozini tergovchi magnit lentasiga yozib olgan ekan. Ertalabga yaqin Anjelika jon beribdi. Qizlarning ham oshqozonini tozalashibdi. Ularning ahvoli yaxshiroqmish. Anjelikaning murdasini olib ketishga ham hech kim kelmabdi. Bu yangilikni "hazm” qilishim ancha qiyin bo‘ldi. Qiziq, shuncha odamning boshiga yetgan, gul qizlarning xazon bo‘lishini tomosha qilib huzurlangan yovuz ayol nega menga yordam berdi? O‘lim yoqasida qolganlar ko‘pincha rost so‘zlashadi, hayotini tahlil qilib, savobu gunohni o‘zicha o‘lchab ko‘radi, deganlari rost ekan-da. Demak, Anjelika - mening xaloskorim. Rostdan ham agar u "Zargar”ning qarorgohi qayerdaligini aytmasa, hech kim topolmas edi. Anjelika o‘lgan bo‘lsa, anchagina qizlar boshpanasiz qolibdi-da. Narko qiroli ham, qirolichasi ham tanazzulga yuz tutibdi.
Tergovchining oldidan qaytar ekanman, tuni bilan yoqqan yomg‘irdan shahar havosi musaffolashganini his qildim. Akam bilan beton yo‘lakdan xazonlarni bosib uyga qaytdik. Xullas, mening o‘n kunlik sarguzashtim yakun topdi. Men ko‘ngilsiz holat do‘xtirning xotini bilan to‘qnashish, deb xato o‘ylagan ekanman. Hammasi maktabga borishim bilan boshlandi.
Maktab xotin-qizlar qo‘mitasining raisiga duch keldim.
-Mening xonamga kir, -dedi u.
Xonasiga kirib bir chekkadagi stulga o‘tirdim.
-Har safar majlis qilganimda sanlarga, sayoq yurmalaring, kechasi uydan chiqmalaring, deb umrim o‘tardi. Ana endi butun shaharga ovoza bo‘ldik. Nimaymish, falonchining qizi qochib ketipdiymish. Nimaymish, falonchi maktabning o‘quvchisi jinoyatchilar bilan hamtovoqmish. Odam o‘ldirganmish, degan gaplardan bosh ko‘tarolmay qoldik. O‘sha kuni yigitlar bilan uchrashuvga chiqqan ekansan. Nomusga chidolmay otang o‘ldi, noinsof.
-Zulfiya Sobirovna, sizga noto‘g‘ri ma’lumot yetkazishibdi. Tergovchi kelib, direktorga voqeani tushuntirib bergan. Mening gunohim yo‘q.
-Sayil o‘tgandan keyin bu bahonalar tosh bosmaydi. G‘isht qolipdan ko‘chgan. Qizlar majlisida sani muhokama qilgandik. Endigisiga o‘zing ham ishtirok etasan. Mushtday boshing bilan buzuq yo‘lga kirishga uyalmadingmi? O‘n kun xudodan qaytganlar bilan birga yashaysan-u, sen halol, pokizamisan? Cho‘pchagingni boshqaga ayt. Endi sani ko‘ngling o‘rtansa kuymaydi. Yana sinfdosh qizlarni fikrini chalg‘itma.
Men bu gaplarni eshitib, o‘rnimdan turolmay qoldim. O‘zimni oqlashga ham tuzukroq gap topolmasdim.
-Buzuqlik ko‘chasiga bir marta kirgan odam yana qaytmay qo‘ymaydi.
-Siz inson emas ekansiz. Anjelikadan ham battarsiz. Siz "Zargar”dan ham dahshatlisiz. Shu so‘zlarni qaltirab-qaltirab aytdim-u, yonimdagi stulni ko‘tarib, unga otdim.
-Boshingdan qolsin maktabing, -dedim unga va aylanib o‘tib yuziga ikki shapaloq tushirdim. Bizning shovqinimizni eshitib, sinf rahbarimiz Isoqov domla kirib kelib qoldilar.
-Xolida, jon qizim, eson-omonmisan? To‘rt muchang sog‘mi? Nima shovqin, Zulfiya Sobirovna?
-Bu qizni maktabdan haydash kerak. Xulqi buzilib ketgan. O‘qituvchiga ham qo‘l ko‘taradimi? Men buni endi kechirmayman.
-O‘zingizni bosing. Bu haqda keyin gaplashamiz. Men sinf rahbari sifatida Xolidani himoya qila olaman. Bor, qizim. Ancha darsdan qolib ketding. Eson-omon ko‘zim ko‘zingga tushdi. Xudoga shukur. Yana o‘quvchilarimiz 31 ta bo‘ldi. Boraqol.
Dars jadvaliga qarab, sinfimiz o‘quvchilarini topdim. Sinfdoshlarim meni sovuq kutib olishdi. Eng yaqin dugonam ham, shu paytgacha sevgi izhor qilib kelayotgan sinfdoshim ham istehzo bilan qaradi. Faqat hech kimga qo‘shilmaydigan (bir paytlar uni ustidan kulardim) qiz Luiza o‘rnidan turdi va "Xolida bormisan, o‘rning rosa bilindi, kel, birga o‘tiramiz”, dedi. Shu payt indamas qiz ko‘zimga olovdek ko‘rindi. Indamay yoniga kelib o‘tirdim. Nimalar bo‘lyapti? Endi bir kamim maktabni o‘zgartirishmidi? Sinfdagi sho‘x bolalar meni savolga tutishdi: Banditlar qanaqa ekan? Kuchlimi? Pullari ko‘pmi? Hech kimdan qo‘rqmaydimi? Men javob bermadim. Hozir sumkamni ola solib, uyga ketvorgim kelardi. Kecha katta opam kelganda, bolalik paytdan beri Xolidani kelin qilaman, deb og‘zidan bol tomadigan qo‘shnimiz teskari qaraydigan odat chiqardi, deganda ham bunchalik ta’sirlanmagan edim. Hamma ko‘rguligim o‘tdi, deb o‘ylab, yanglishibman.
Nima qilishim kerak? O‘n kunda yotsirab qolgan sinfdoshlarimga, Zulfiya opaga achchiq qilib o‘zimga o‘t qo‘yaymi? Yo‘q! Shuncha azoblarga dosh berdim. Qirqiga chidab, qirq biriga chidolmaslik bo‘ladi. Men o‘zimni ojizlar safiga qo‘ya olmayman. Sinfdoshlarimni unutaman. Faqat o‘qiyman. Bo‘sh vaqtimda sport bilan shug‘ullanaman, -deb ahd qildim. Zulfiya opa bir haftadan so‘ng xotin-qizlar qo‘mitasi raisligidan olib tashlanadi.
-Xolida, sen qorqiz bo‘lasan, -dedi yetakchimiz Yangi yil arafasida.
-Yuragimga qil sig‘maydi, -dedim. Keyin sinfdoshlarimga bir alam qilsin, deb rozi bo‘ldim. Bilasizmi, Yangi yil bayramini o‘tkazayotganimizda kim keldi? Baxtiyor. U xuddi shahzodalarga o‘xshardi. Dugonalarimga ko‘z-ko‘z qilib, u bilan suhbatlashdim. Uning o‘g‘ri ekanligini ular qaydan ham bilsin.
May oyining 25-kunida sud bo‘lib o‘tdi. O‘ziyam bir hafta cho‘zildi. Men sudda ham guvoh, ham jabrlanuvchi sifatida ishtirok etdim. Yonimda akam bo‘ldilar. Har bir jinoyatchi haqida gap ketganda akam bechora bir sapchib tushardilar. Bu to‘daning qilmishlari juda ko‘p ekan. Eshitib garangsib qoldim. Rashid, Badr oliy jazoga hukm kilindi. Ernest va mulla 20 yil ozodlikdan mahrum bo‘ldi. Baxtiyor to‘g‘risida juda katta tortishuv boshlandi. Advokat ayol qonunni suvdek ichib olgan ekan, prokuror ham unga katta ayb qo‘ymadi.
Qonuniy terminlarni uncha yaxshi eslab qololmadim. Har qalay, Baxtiyor jinoyatning ochilishida faol yordam bergani uchun uning qilmishi ijtimoiy xavfliligini yo‘qotdi, deb e’tirof etildi. Baxtiyorning chin ko‘ngildan pushaymonligini, o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olib arz qilgani tufayli sud uni jazodan ozod qildi. Advokat opa va tergovchi Sa’dullayevning maslahati bilan Baxtiyor merosxo‘rlik huquqini talab qilib, sudga ariza berdi.
Men bitiruv imtihonlarining oxirgisini topshirayotganimda Baxtiyor maktabimizga bir qiz bilan yetaklashib keldi. Qizlarning oldida yer yorilmadi, yerga kirmadim. Shunda uni astoydil sevib qolganimga amin bo‘ldim. Rashkim kelganidan sinfxonamizga yugurib kirib ketdim. O‘g‘ri bo‘lsa ham tegaman, deb ortimdan yugurib yurganlar qancha, degandek tuyulaverdi. Nomard. Darrov topib olibdi-ya. Alam bilan partani mushtlayotganimda ular kirib keldi.
-Xolida, seni singlim bilan tanishtirmoqchiman. Bu gapdan keyin o‘zimga keldim. Yaxshilab qarasam, u Baxtiyorga juda-juda o‘xshar ekan.
-Sendan o‘la-o‘lgunimcha qarzdorman. Agar senga yo‘liqmaganimda bir kuni Rashiddan o‘tadigan jinoyatchi bo‘lib ketardim. Ota-onamdan qolgan yolg‘iz yodgorim - singlim ham arosatda qolib ketardi. Endi bizning o‘z uyimiz, kichkinagina oilamiz bor. Sud ammamdan uyimizni olib berdi. Hozir bizni borligimiz yodiga tushgan tog‘a-xolalarimiz ham zir qatnab qolgan. Sen ham bizning oilamiz a’zosi bo‘lishingni orzu qilaman. Biroq, bu orzuim yulduzlar kabi uzoq. Ularga qo‘lim yetmaganidek, senga ham yetolmayman, deb qo‘rqaman, dedi xomush.
-Nega? -deb yuboribman. Shu payt qiz bo‘l- may bu kuningdan o‘l, sal tilingni tiyib tursang-chi, deydigan odam yo‘q. Men ham, Baxtiyor ham boshi berk ko‘chadan eson-omon chiqdik. Endi baxtli yashashga haqqi- miz bor. Baxtiyorning bu «otashin» nutqidan keyin nima deyishimni bilmay qoldim. O‘ylab-o‘ylab:
-Dadajonim yo‘q bo‘lsa-da, akam bor, ayajonim bor. Ular mening taqdirimni hal qilishadi, -dedim. O‘zimning javobimga o‘zim qoyil qoldim. Asiralik paytimda ont ichgandim. Agar ana shu do‘zaxdan eson-omon chiqsam, jismoniy tarbiya fakultetiga kirib o‘qiyman. Qizlarni sportga qiziqtiraman, hech bo‘lmasa o‘zini o‘zi himoya qilishga o‘rgataman, degandim.
-Baxtiyor aka, men universitetga hujjat topshirmoqchiman,